OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Farid Usmon. G’ildirakli uy (hikoya)

Bir zamonlar tog‘ va vodiy tutashgan joydagi ko‘rkam qishloqda bir dehqon yasharkan. U pastdakkina, ko‘rimsiz guvalakdan qilingan ayvoni yo‘q uychasida xotini-yu bolalari bilan umr kechirarkan. Dehqon bo‘sh qolgan paytlarida ko‘chaga chiqib supachada o‘tirishni, o‘tkan-ketgan bilan laqillashni qish kunlarini shunday o‘tkazishni xush ko‘rarkan.
Vodiy yonboshidagi ko‘rkam qishloqqa bahor kelibdi. Hammayoq ko‘m-ko‘k bo‘libdi. Bog‘larda gullar ochilibdi. Gullarga shaydo qushlar sayray boshlashibdi. Ishlar qizigandan qizib ketibdi. Dehqon erta tongdan to qorong‘i tushguncha terlab-pishib ishlay boshlabdi. Yerdan mo‘l-ko‘l hosil olish uchun qo‘li-qo‘liga tegmay mehnat qilishga kirishibdi.
Ana shunday tig‘iz kunlarning birida xotini unga:
- Bu qanday hayot bo‘ldi,- debdi.
- Qachongacha biz bu past, guvalak uyda yashaymiz. Axir biz ham chiroyli, qurchoqdakkina uyda istiqomat qilsak bo‘lmaydimi?! Yeb-icharimiz bo‘lsa. Pulimiz bo‘lsa. Qani yangi uy quraylik. Ustalarni chaqirib keling! Qish kelguncha yangi uyga ko‘chib chiqishimiz kerak. Hammaning havasi kelsin.
Dehqon mo‘min-qobil, yuvosh odam edi.
- Xo‘p,- dedi u. Boshini solintirgancha ustalarni izlab ketdi. Izlab-izlab uy qiladigan ustalarni topibdi va maqsadini aytibdi.
Ustalarga ham o‘sha fursatlarda hozirgidek ish yo‘q ekan. Ular ham ish topilganidan xursand bo‘lishibdi:
- Yaxshi,- deyishibdi.- Ertaga erta tongdan ish boshlaymiz. Uy quriladigan joyni ko‘rsatsangiz bas. Yerni kavlaymiz-da, betonini quyamiz. So‘ng devori uriladi, tomi yopiladi. Ko‘ribsizki, hash-pash deguncha yangi uyning kaliti qo‘lingizda bo‘ladi.
- Daryo bo‘yini ko‘zlab qo‘yganman. So‘lim, shinam joy.
- Juda soz. Ishni boshlaganimiz bo‘lsin.
Ustalar ertalabdan asbob-uskunalari bilan kelishibdi-da, yeng shimarib ishga kirishib ketishibdi. Astoydil mehnat qilishib tush bo‘lguncha poydevorga beton quyish uchun chuqurlarni tayyorlay deb qo‘yishibdi. Tushga yaqin quyosh charaqlab turgan bir paytda dehqonning qop orqalagan yon qo‘shnisi ustalar ishlayotgan joyga yaqin so‘qmoqdan o‘tib qolibdi.
- He, xormanglar ustalar debdi. – Xo‘sh nima quryapsizlar?
- Bor bo‘ling! Uy quryapmiz.
- Topgan joylaringni qaranglar. E, attang. Uyni shunaqa joyga quradimi? Bir tomoni dala, bir tomoni daryo bo‘lsa. Axir, zah urib devorlar tezda nuraydiku. Qolaversa, uy ichi qishin-yozin sovuq bo‘lib sog‘liqqa ta’sir qiladi. Uyni hov anavi, ko‘rinib turibdiku, o‘sha qirga, daraxtning yoniga qurish kerak.
U qo‘li bilan bir tup tut daraxti o‘sib turgan balandlikni ko‘rsatibdi.
- Rahmat sizga,- debdi dehqon.- Yaxshi maslahat berdingiz. O’ylab ko‘rsam haqiqatdan ham nomaqbul joyni tanlabman. Ilgari fikr qilmabman-da. Bir tomoni daryo bo‘lsa, bir tomoni dala...
Xotinimga ham sal yoqmay turgan edi. Hoy, azamat ustajonlar! Qani ishni bir zum bas qilinglar. Asboblarni yig‘ishtirib hov anavi daraxt yoniga ko‘chamiz. Uyni o‘sha joyga quramiz.
Ustalar yangi tanlangan joyga yo‘l olishibdi.
- Albatta, qaerni kavlatish, qaerga uy qurish bu sizning ixtiyoringizda. Siz bizga xo‘jayin.
Ish yana qizib ketibdi. Ustalar daraxt tagidagi salqinda tushlik qilib olishgach,astoydil ishga kirishib ketibdilar. Kurak, ketmonlar shunday tez ishlatyaptilarki, kech bo‘lar bo‘lmay chuqurlar, chuqurlar yonida o‘rkach-o‘rkach tuproq uyumlari paydo bo‘libdi. Xuddi shu payt ustalar qarshisida cho‘qqi soqol, past bo‘yli, boshida kirlangan do‘ppisi bor to‘rt, beshta qo‘yni oldiga solib olgan qo‘lida bir yarim, ikki gaz keladigan tayog‘i bor kishi paydo bo‘libdi. Salom-alikdan so‘ng:
- E, attang, attang,- debdi u soqolini o‘ychan silab.- Uy uchun tanlagan joylaringiz nobop. Nimaga deysizlarmi?! Axir bu yer naq shamolning koniku. Yap-yalanglik bo‘lsa. Shamol bir zum ham ko‘z ochirmaydi bu joyda. Ha, hali meni aytdi dersizlar...
Bu so‘zlarni eshitib turgan dehqon:
- Haqiqatni aytyapsiz, oqsoqol! Bu yerning shamoli hammaga ma’lum. Ayniqsa izg‘irinli kunlarda,- debdi dehqon. – Xo‘sh, qanday maslahat beradilar.
U qo‘ylarini qirning bu tomoniga qaytararkan baland, jarangdor ovozda maslahat beribdi:
- Uyni o‘rmon ortiga qurish kerak. Daraxtlar shamolni to‘sadi. Shamol to‘silgan joy issiq bo‘ladi. Hov yashil joyni ko‘ryapsizlarmi?! O’sha joy rosa uy bopda.
- Rahmat sizga. Vaqtida maslahat berganingiz uchun. Beton quyishni boshlaganimizda ortiqcha ish bo‘lardi.
Dehqon ustalarga ishni to‘xtattirib, ularni o‘rmon orqasiga ko‘chiribdi.
Haqiqatdan ham o‘rmon orti osoyishta, quloqlar ostida g‘uvullab turadigan shamol yo‘q ko‘m-ko‘k so‘lim bir go‘sha edi. Daraxtzorlarda chag‘-chag‘lashayotgan qushlarning xonishlari esa biram yoqimli, biram yoqimli ediki...
Qumrilar, bulbullar va boshqa talay qushlar “Bahor” valsini allaqachon ijro etayotgan ansamblning xuddi o‘zginasi edi.
O’sha yerda ham sal o‘tmay bir yo‘lovchi paydo bo‘ldi.
- He, xormanglar! Nima urindichilik-a. Ha, uy qurmoqchimisizlar deyman. Esinglar joyidami o‘zi?! Axir bu yer daraxtzor bo‘lsa. Quyosh nuri umuman yil o‘n ikki oy bu yerlarga tushmasa. Qolaversa, bu yerlarda yer osti sizot suvlari yer sathiga juda yaqin bo‘ladi... uyni vodiyga qurgan ma’qul...
Bu xil dam o‘ngga, dam chapga, u yoqqa bu yoqqa deb ko‘rsatishlar hech narsani hal qilmapti. Hech kim uyni qaerga qurish kerakligii aniq ko‘rsata olmabdi. Chunki odamlar orasida bu xil maslahatgo‘ylar ko‘p va ular o‘z bilgicha maslahatlar berar ekan.
Tun borliqqa hukmron bo‘libdi. Qishloq ahli uyquga ketibdi. Shular qatori dehqon ham dam olgani yotibdi. Erta tongda, hali endi g‘ira-shira olam yorishayotgan bir paytda dehqonning eshigi taqillab qolibdi. Eshikni taqillatayotganlar kechagi ustalar ekan.
- Xo‘jayin endi qaerni kavlaylik?- deyayotgan emish asbob-uskunalarni ko‘tarib olishgan ustalar.
Dehqon eshik oldida turib debdi:
- Hurmatli ustalar. Rostini aytsam, tuni bilan uxlamay o‘ylab chiqdim. O’ylab-o‘ylab shunday qarorga keldim. Agar iloji bo‘lsa uyni arava ustiga qurdirmoqchiman. Mana shu eshak arava ustiga qurib berasizlar.
U devori yonida turgan eski eshak aravasini ko‘rsatibdi.
- Yagona yo‘li shu. Ana o‘shanda odamlar qaerga desalar o‘sha yerga aravani olib borib yashayveraman.
Ustalarga ham bu gap ma’qul tushibdi.
- Yaxshi,- debdi ular.- Bizga ish bo‘lsa bo‘ldi. Pul bo‘ladi.
Ular ishga tushibdilar. Yog‘ochlarni tashishibdi. Aralashibdi. Randalashibdi. Tesha, boltalarni ishga solishibdi. Xullasi kalom arava ustida chiroyli yog‘och uy bitibdi. Uy dehqonning xotini, bolalariga ham yoqibdi. Ular qo‘shnilarining havasini keltirib aravaga qurilgan yangi uyda mazza qilib yashay boshlashibdilar.
Agar birov dehqonga:
- Yashayotgan joyingizni mazasi yo‘q desa u aravasini sudrab yo‘lga tushib qolar ekan va g‘ildirakli uychasini xohlagan yeriga qo‘yib o‘sha yerda yashar ekan. Kunlar dehqon uchun shu yo‘sinda o‘taveribdi.
Kunlardan bir kun dehqon xotini va uning bolalari hali uyqudan uyg‘onmagan bir daqiqada erta tong g‘ira-shirasida shamol shunday ko‘tarilibdiki, simyog‘ochlar xushtak chalibdi. Daraxtlar egilib-egilib g‘uvillabdi. Shamolmisan shamol bo‘libdi. U aravaning g‘ildiraklariga urila-urila chunonam uvillabdiki, xuddi bo‘ri uvlagandek bo‘libdi. Ana shunda uycha qiyalikdan pastga qarab yurib ketibdi. Shamol esa g‘ildirakli uychaning yurganini ko‘rib zavqi kelgandan tezlagandan tezlabdi. Shunchalik tezlabdiki, bir zumda dalalarni, jarlik, tepaliklarni, daraxtzor, yalangliklarni, shahar, qishloqlarni, ko‘chalar tomliklari hamma hammasini ortda qoldirib uchib boraveribdi-boraveribdi. G’ildirakli uy ham shamolda g‘ildirab-g‘ildirab borib-borib daryoga tushib ketibdi. U daryoda suvni oqimiga qarab suzib ketaveribdi. Shunaqa tez suzibdiki, hali tong endi yorishayotganda suzib dengizga yetibdi.
Quyosh o‘zining zarrin nurlari bilan dengiz suvlarini jilvalantira boshlagan bir paytda dehqon uyqudan uyg‘onib g‘ildirakli uycha derazasidan mundoq bir qarasa hammayoq tip-tiniq suv emish. Tip-tiniq suvlar jilvasida uning ko‘zlari qamashibdi:
- Xotin! Xotin! Tur, qara! Ajoyib,- debdi u hayajonlanib.
Xotini uyg‘onibdi, bolalari o‘rnidan turishibdi. Hammalari hayron qolishibdi. Uychalari dengizda suzib ketayotganligi ularga shodu-hurramlik bahsh etibdi.
Tinch-osoyishta hayot kechira boshlashibdi. Avval mazza qilib cho‘milishibdi. Baliqlar ovlashibdi. Bekor qolgan paytlarida esa hayolga berilishib suvga tikilishibdi-da, beg‘ubor osmonni tomosha qilishibdi. Eng muhimi bu joyda “unday qil, bunday qil” deydigan maslahatgo‘ylar yo‘q ekan.

***

“Unday qil, bunday qil” degan maslahatlardan qutilgan dehqon uychasida deraza yonida o‘tirib dengizda suzib borarkan atrofga nazar soldi. Suv shishaday tiniq edi. Shamol tingan. Atrof jim-jit. Faqat ora-sira tiniq dengiz suvi quchog‘ida suzayotgan baliqlar va baliqchalarning “cho‘lp-cho‘lp” etgan tovushlari quloqqa chalinardi. U sirli, mo‘‘jizaviy bu tovushlar og‘ushida orom topganday o‘tirib atrofga nazar soldi. Suvlarni jimirlatib bepoyon dengiz etagidan quyosh ko‘tarilardi. Uning o‘tkir nurlari, tiniq suvda charhlana-charhlana dehqonning ko‘zlariga bota boshladi. Quyosh bu yerda yashil dala, qo‘ng‘ir kengliklardagiga qaraganda ancha beozor - boshni aylantirib, ko‘zini tindiradigan darajada ekan. U quyoshning bu-sitami-ga bardosh berolmay qora ko‘zoynagini ko‘ziga ilib oldi. Chiroyli to‘rt gulli do‘ppisini boshidan olib qo‘yib, o‘tgan yili shaharga tushganida olgan ancha eskirib qolgan shlyapasini boshiga qo‘ndirdi. “Ana endi, haqiqiy dengizchilarga o‘xshading” xayollandi u. Shu payt nimadir soya tashlab o‘tgan bo‘ldi. Endi alanglab qaragan edi tovush quloqlariga chalindi. Bir vaqtning o‘zida sodir bo‘lgan bu holatni u anglab yetishga xarakat qildi. Soya tashlab o‘tgan narsa dengiz qaldirg‘ochlari ekan. Ular nozik, ingichka ko‘rinishda bo‘lib dala qaldirg‘ochlaridan tubdan farq qilardi. Ovoz chiqargan narsa baliq edi. Baliqlar o‘yin qilyaptimi yo odatlari o‘zi shunaqami, irg‘ib sho‘ng‘ishar edi. Ular yarim doira hosil qilib dengiz sathida sakraganlarida havoda ko‘rinmas chiziqlar paydo bo‘lar, xuddi birov oppoq qog‘oz yuziga qora qalamda chizib tashlayotganga o‘xshardi. Edi u qora ko‘zoynakda ojiz hamda mungli ovozlarga quloq solga holda turarkan, ko‘zlariga og‘ir botolmay qolgan quyoshga tik qaragancha o‘zicha kulumatiradi. Xayolida Xemingueyning “Chol va dengiz” hikoyasidagi baquvvat keksa Santyago chol gavdalandi. U o‘zi tanho ro‘parpasida dehqonning dengiz sathida qalqib turgan g‘ildirakli uychasidan 30 qadamlar narida qayig‘ida boshini mag‘rur tutgan holda turardi. Shu daqiqalarda uning atrofida qayiqlarini kuchanishib suvga itarib tushurgan baliqchilar ham yo‘q edi. Suvga shaloplab urilgan eshkaklarning ovozlari eshitilmaydi. Dengizning chuqur joylariga qarmoq tashlab ovi baroridan kelmagan qariya bonito va albakore baliqlari to‘da-to‘da suzib yurgan joylarda o‘z baxtini sinab ko‘rishga ahd qilayotganday.
- Bechora Santyago- dedi dehqon bexosdan ovoz chiqarib.- Bu dengiz senga ne-ne ozorlarni bermagandi-ya.
U ovozim uxlayotgan xotinim, o‘g‘ilchalarimga ozor berib qo‘ymadimikan deb o‘yladi-da xayollandi.
Zahmatkash bu chol necha kun tunlab bu dengizning beayov shafqatsiz oqimlari bilan olishib risq-ro‘z uchun kurash olib borgan edi. Hammasini yengib o‘tsada o‘zi hech narsaga ega bo‘lmay qolavergandi...
- Men,- dedi u xayolida Santyagoga javob qilayotganday, tasodifan kelib qoldim. Shamol g‘ildirakli uyimni surib kelib daryoga tushirdi. Daryo oqizib-oqizib kelib mana dengizdaman. Endi uning sinovlariga dosh beraman shekilli sening singari...
U qora ko‘zoynagidan suvga qaradi. Xayoldagi chayir yuzli muskuldor, baquvvat Santyago ko‘zdan yo‘qoldi. Dehqon endi suvga yaxshilab qaradi. Bu tuproq emas suv edi. Suvli maydon edi. Tep-tekis ketgan ulka oyna sathiga o‘xshash sirli bir manzil edi. Bu suvlar ham xuddi yer kabi o‘zida dunyodagi barcha kimyoviy elementlarni jamul-jam etgan albatta. Unda azot deysizmi, kislorod, karbonat angidrid, inert gazlar va shuningdek kam miqdorda bo‘lsa-da organik moddalar ham mavjud. Shu bilan birga erigan moddalarning sal kam yuz foiziga yaqini tuzlardan iborat. Bu suvning dunyodagi suvlardan o‘ziga xosligi sho‘rligi va xlorligidir. Bu ham bo‘lsa uning buyuk Qudrat egasi tomonidan aql bovar qilmas ilohiy dastur asosida yaratilganidir.
Uning ilohiy dastur asosida yaratilganligi yana sirli oqimlarida namoyon bo‘lardi. Dengizning turli qismlarida bosimlarning turlicha bo‘lishi natijasidagi harakatlari evaziga hosil bo‘luvchi bu oqimlar evaziga qirg‘oqlar yuvilishi cho‘kindilarda yangi quruqliklar hosil bo‘lishi va qolaversa sovuq oqim tufayli hosil bo‘lgan muzlarning uzoq-uzoqlarga oqib ketishi dehqonga oydek ravshan edi. Bu oqimlar naqadar beqarorligini ham bilardi u. Ha, ular o‘zgaruvchan. Doimiy yoki davriy. Dengiz yuzasida yoki chuqurliklarida yoki eng tubida... He, he. Bu dengiz haqida soatlab o‘ylash mumkin, butun tunu kun so‘z yuritsa bo‘ladi. Shunda ham u haqda gapirib tugatib bo‘lmaydi. Muhimi u hozir turgan joydagi suv ichidagi ichki oqimlar soat strelkasi yo‘nalishi bo‘yicha xarakatda bo‘lishini bir paytlar maktabda o‘qib yurganda o‘qituvchisi tushuntirib qo‘ygandi. U buni bilardi.
Ikki soatlar chamasi o‘tdi. Quyosh ancha ko‘tarildi. Havo ilib qolgan. Borliq ko‘zga yoqimli ko‘rinadi. Bir payt tepaga bir qush ko‘tarilganday bo‘ldi. Oynadan boqib osmon kengligida uning qanotlarini tashlab yuborgancha chir aylanayotganiga ko‘zi tushdi. Qarab turdi. Qush birdan suvga sho‘ng‘idi. Dehqon baliqning suvdan otilib chiqqanini ko‘rib qoldi. Qush esa xuddi shu payt qanotlarini suv sirtiga urib jahd bilan suvni shopiratib uchib borardi.
- Hayot uchun kurash-dedi dehqon. Dengizda ham yashash uchun kurash qonuniyatlari xuddi quruqlikdagi kabi ma’lum tartibda kechishini o‘yladi. Kurash uning bag‘rida yanada shiddatliroq o‘tadi. Zarradan to ulkan dengiz mahluqlarigacha bari yashab qolish uchun harakat qiladi. Harakatning mazmun mohiyati hayot va mamot. Bu tiriklikning azaliy qonuniyati.
Uning bu fikrlarida bexabar arava uycha ichiga qilingan so‘richada xotini pishillab uxlar, uning yonida o‘g‘ilchalari orom olardi. Xotini uyg‘ondi. Deraza oldida turgan eri yoniga keldi.
- Voy-vuy,- deb yubordi u birdan.- Voy o‘lmasam. Bu nimasi. Hammayoq suvku!
- A-a- dedi -, endi uyqudan ko‘zi ochilgan o‘g‘ilchalari.
- Suv, mazza cho‘milamiz.
- Qaerdamiz? Hoy er. Bu yer qaer?
- Dengizdamiz.- dedi dehqon xomush holda.- Kechasi shamol turib arava-uyimizni g‘ildiratib daryoga tushurib yuboribdi. Daryoda oqib-oqib mana, ko‘rib turganing dengizdamiz.
- Ura!- dedi o‘g‘ilchalari chapak chalishib.- Cho‘milamiz! Baliq ovlaymiz! Delfinlarni minamiz! Mazza!
- Dada, men baliqchi bo‘laman,- deb qichqirdi katta o‘g‘ilchasi.
- Baliqchi bo‘lolmaysan,- dehqon o‘ychan gapirdi.- Santyago bo‘lish qiyin. Dengiz hayoti og‘ir. Sen dehqon bo‘lasan. O’zim singari dehqon. Suv hayotiga qaraganda yer hayoti osonroq.
Ular to‘rtovlon uycha oynasidan dengizga tikilib turishar, ham hayron, ham hayajon ularni chuqur o‘yga toldirgandi.
Derazadan qayiqlar ko‘rindi. Uch-to‘rt qayiqda baliqchilar bo‘lsa kerak o‘zlaricha bir-biriga nimalarnidir gapirishib ular tomon suzib kelishardi. Ana eshkaklarning suvga urilgan ovozlari quloqqa baralla chalinib qoldi. Odamlarning ovozlari ham eshitilardi.
-Xo‘y, kim bor uyda.
Dehqon derazani ochdi.
- Biz bormiz.
- Sen kimsan.
- Dehqonman.
- Nima, dengizga bug‘doy sepmoqchimisan?
- Har holda, baliq ovlamasam ham, bug‘doy sepib ko‘rsammi deyapman.
Baliqchi ularga yaqinlashar ekan qayiqda qaddini tikladi. Uning yo‘g‘on dengiz quyoshida qoraygan gavdasi kinolarda tasvirlangan Arnold Shvarts Negerning o‘zginasi edi. Uni ko‘rgan o‘g‘ilchasi.
- Voy-vuy,- dedi.- Dada, Santyago shumi? Yo‘q. Santyago Xemingueyning “Chol va dengiz”da. Bu shu dengizdagi baliqchilardan.
Dehqon bor tafsilotni unga tushuntirdi.
- Nima qilmoqchisiz endi? Yordam-pordam kerak bo‘lsa ayting.
U suv sathida lapanglayotgan qayig‘ida tik turgan holda gapirdi. Hali bilib bilmay bu notanish kimsani sansiragandi. Endi sizlay boshladi. Sheriklari o‘z qayiqlarida tik turishar, uning so‘zlariga quloq tutishgancha jim qolishgandi.
- Yordam kerak,- dedi dehqon.
- Biz quriqlikka chiqishimiz zarur. Qirg‘oqqa borib olsak u yog‘iga bu uychamizni biror eshak topib sudratib olib ketamiz.
- Yaxshi. Demak, delfinlardan yordamga chaqirishimizga to‘g‘ri kelarkan. Biz bu uychani qirg‘oqqa sura olmaymiz. Kuchimiz yetmaydi. Qayiqqa bog‘lagan bilan tortish qiyin.
U kaftlarini karnayga o‘xshatib olib dengiz ichkarisiga qarab baqira boshladi.
- Qaldirg‘och! Ha, qaldirg‘och! U qaldirg‘och ismli delfinni chaqirardi. Kitlar turkumining delfinlar oilasiga mansub sut emizuvchilarning bu eng kenja vakili uzunligi uch metrli. Qaldirg‘och sheriklari bilan dengizning ich-ichkarisida, uzoqlardagi chuqurliklarda baliqlar va besh oyoqli molyuskalar ovlab ovqatlanish bilan band edi. Bu chaqiriq uning nozik eshitish a’zolariga yashin tezligida yetib bordi. Uning rivojlangan miyasi chaqiriqni qabul qilib olarkan, sheriklari ham bu tovushdan hushyor tortganini darhol sezdi. Inson ko‘rsatmalarni darhol tushunish qobiliyatiga ega bo‘lgan tumshug‘i cho‘ziq, og‘zidagi tishlari yetmishdan ortiq bu jonivor “baliq ovlash xizmatiga chorlayapti” deb o‘yladi chog‘i harakatga tushib qoldi. Sheriklari ham unga ergashdi. Bir zum o‘tmay ular kema desa kema emas, qayiq desa qayiqqa o‘xshamaydigan antiqa bir narsa (ular uchun) oldida, baliqchilar yonida paydo bo‘lishdi. Cho‘ziq tumshuqli boshii suvdan chiqarib”nima gap” degan ma’noda tovush chiqarar ekan ayniqsa Qaldirg‘och o‘zicha lapanglar va tezroq ishga kirishishni so‘raganday bo‘lardi.
Baliqchi ko‘rsatmalariga intiq bo‘lib turgan delfinlarni ko‘rgan dehqon bolalari birdan quvonib ketishdi. O’zlaricha chapaklar chalishib quvonch bilan qiyqirib yuborishdi. Sirkda emas, shundoqqina dengizda ko‘z oldilarida delfinlarni ko‘rib turganidan ular shodu-xurram edilar. Hatto oyilari ham sevinganidan ular bilan birga kulimsirab delfinlarga boqib turardi. Go‘yo dengizda tsirk o‘yini bo‘layotganday edi. 
Baliqchi:
- Uychani qirg‘oqqa olib chiqishimiz kerak,- deya yana qattiq gapirdi. Xuddi u sheriklariga so‘zlaganday so‘zlardi. Aslida u sheriklariga, shuningdek Qaldirg‘och va boshqa delfinlarga amr etardi. Qaldirg‘och lapanglab aravaning shotisi tarafga o‘tib shoti orasiga kirdi.
- Boylanglar dedi baliqchi yana shiddatli ovozda. Baliqchilar qayiqlaridan bog‘lam arqolarni olishib shotini Qaldirg‘ochning tanasiga bog‘lashdi. Qaldirg‘och aravaga qo‘shilgan (eshak desak bo‘lmaydi) gijinglagan toyga o‘xshab qoldi.
- Ana endi,- dedi baliqchi,
- Biz ortidan surib boramiz.
Uycha harakatga kelib osuda dengiz sathida suzib ketdi. Suvlarning ikki tomonga yorilishidan hosil bo‘lgan oqim oqish tusda ko‘piklanib eshila-eshila ortda qoladi. Yana suv yuzasidan bir oniy yoriqlar yopiriladida sokin dengiz bo‘zrayib turadi.
Delfinlar, baliqchilar, Qaldirg‘och uychani qirg‘oqqa olib kelishdi. Ko‘zga loyqa toshloqlar uzuni bir metr, bir metrdan uzun eni bir santimetrcha keladigan yashil dengiz o‘tlari ko‘rindi. Uycha endi rostmona qirg‘oqqa chiqib qolgan edi.
- Yashanglar,- dedi baliqchi yana baland ovozda.- Ana endi bo‘ldi.
Qaldirg‘ochni arava shotisidan bo‘shatishdi. Delfinlar bir zum qirg‘oqqa bag‘rini berib turgan dengiz bo‘yida raqsga tushdilar. Bu ularning o‘z ishlarini uddalay olganliklaridan mamnun bo‘lganliklari belgisi edi. Baliqchilar ham xursand bo‘lishdi. Hammalari dehqon va uning oila a’zolari bilan xayr xo‘shlashib dengiz bag‘riga qaytishdi. Dehqon ham dengiz qirg‘og‘idagi qishloqqa borib bir eshak topib keldi. U g‘ildirakli uyning eshakka qo‘shib ko‘z oxirini ilg‘amas uzun yo‘lda o‘z qadrdon qishlog‘iga qarab ravona bo‘libdi. U hozir ham shu yo‘lda ketib boryapti emish. Hademay g‘ildirakli uychasi eski qurilgan joyiga yetib olsa kerak.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.