OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Farid Usmon. Iblisning qaytishi (hikoya)

O’sha voqeaga ham mana yuz yildan o‘tibdi. Aytishga oson. Koinot uchun bir daqiqaday kechgan bo‘lsada, insoniyat ko‘p-azob uqubatlarni boshidan o‘tkazgan davr...
Iblis bundan yuz yil avval Maksim Gorkiyning “Hayotning xo‘jayinlari” nomli hikoyasida kelgan edi. Unda “yur men bilan” deb odamga murojaat qilgan va unga “haqiqat manbaalari”ni ko‘rsatmoqchi bo‘lgan. Ikkovlari Odam va Iblis qabriston tomon sekin-asta suhbatlashib qadam bosishgan edi. Shunda Iblis Odamga qabrlar oralab borisharkan qo‘rqinchli zulmat bir kechada “Oyoqlaring ostida seni o‘z izmida saqlayotgan qonunlarining ijodkorlari yotibdi” deb qonun yaratuvchilar albatta bir kun bir uyum tuproq ostiga borishiga ishora qilgan edi. Aslida shunday. Bu haqiqat. Qonun yaratuvchilar ham, qonunga bo‘yin eguvchi- bajaruvchi undan jabrlanuvchilar ham bir kunmas bir kun bir uyum tuproq ostiga borishligi bor gap.
Gap bunda emas. Gap boshqa tarafda. Gap ana shu oraliq masofada bo‘lib o‘tgan voqealar haqida. Iblis shu oraliq masofadagi voqealar to‘g‘risida fikr etib ko‘rganmi yo‘qmi, bizga noma’lum. Lekin bitta narsa aniq: u ham bo‘lsa Iblisning endi qabristonga emas, qorong‘u tunda emas, ko‘rkam bir shaharga quyosh charaqlab turgan yop-yorug‘ kunda kelishi edi.
Gap shu yerda to‘xtab tursinda, biz endi Maksim Gorkiy o‘z hikoyasida olg‘a surgan ezgu g‘oya insoniyat uchun porloq bo‘lgan kelajak orzusi bilan emas, 20 asrning 17 yilida amalga oshgan buyuk inqilob va uning salbiy ham ijobiy tomonlari va halokati haqida imkon darajasida qisqa, nihoyatda qisqa to‘xtalib o‘tishga urinib ko‘raylik. Sababi, har qanday kattami, kichikmi har bir asarda albatta biror bir g‘oya ilgari suriladi. Biz shu g‘oyani anglab olishga o‘qituvchimizga ko‘maklashmoqchimiz xolos. 20 asrning 17 yilida yalang oyoqlar hukumati qaror topdi, boshqarish go‘yo bitta shaxs qo‘liga emas, ko‘pchilik hukmida bo‘ldi. Ammo bari bir bu boshqarish boshida bitta odam turdi. Yalang oyoqlar ya’ni kambag‘allar uchun “kommunizm” farovon hayot qurish xarakati boshlandi. Bu orada boyligi qo‘ldan ketgan boylarning bolalari o‘sha boshqaruv tizimiga asta-sekin kirib borishdi. Kommunizmdan esa hamon darak bo‘lmadi. Go‘yo kommunizm sovet uchun dushman bo‘lgan davlatlar bag‘rida yalt-yult qilib yetilib bormoqda edi. U aslida ichida bari bir jirkanch manzara bo‘lsada sovetchilar ko‘zini qamashtira boshlagandi. Shundan foydalanib haligi boylarning bolalari ham mulk umumniki emas, xususiy bo‘lgani yaxshi bo‘larkan, xususiylik yaxshi ekan degan “visi-visi” gaplarni chiqara boshladilar. Ichki g‘oyaviy inqirozlar, kurashlar qon to‘kilmasdan olib borilgan “janglar” o‘z samarasini berdi. Inqilob-qizil inqilob mevasi bo‘lgan yalang oyoqlar - kambag‘allar davlatidagi boshqaruv tizimi yuz yilga ham yetib yetmay halokatga yuz tutdi. “Inson nomi mag‘rur jaranglar” degan shiorni yuqori ko‘targan tuzum bori yo‘g‘i 80 yil atrofida umr ko‘rdi. Nihoyat o‘ldi. O’rniga yana “inson xor-zor - inson aziz” aqidasiga mute bo‘lgan jamiyat juda ko‘p yillar, to‘g‘rirog‘i asrlar hukmronlik qilgan bu tuzum, kambag‘allar tuzumini bir asrcha ham yashatmasdan ketiga bir tepdi. “Biz” dedi, u. “Biz hukmronlik qilamiz”. Fursat yetib keldi. “Inson xor-zor - inson aziz bo‘lib yashaydi”, dedi u. Ana shu aqidalar amalga osha boshlagan, odamlar boyga, kambag‘alga ajralayotgan bir jarayonda Maksim Gorkiyning Iblisi ham yuz yildan keyin siz biz yashab turgan bu zamonlarga qaytib keldi. U qorong‘u qo‘rqinchli skletlar qabrlar ustiga sharaqlab chiqqan shamol uvillayotgan zulmat bag‘ridagi qabristonga emas, kuppa-kunduzi, yop-yorug‘ kunda, quyosh charog‘on nur sochayotgan bir damlarda ko‘rkam bir go‘zal shaharga qaytdi. Balki uning kelishi tasodif emas, zaruratdir, balki tasodifdir. Kim biladi deysiz. Nima bo‘lsa ham u qaytib keldi. Butun bir imperiya yemirilib, xalqlarni qattiq iskanja ichida ushlab turgan butun yer yuzini sovetlashtiramiz deb niyat qilgan, lekin bu niyatini “Xudo hohlasa” kalomi bilan boshlamagan tizim Allohning irodasi bilan birdan chil-chil bo‘lib ketganda, hamma mustaqil davlatlarning o‘z xonu beklari davlat degan toychoqni, amaldorlari beliga egar urib urmay minib olishgan bir paytda qaytib keldi. U qaytib kelganda bu yangi davlatlarning yangi xonu beklari “adolat biz tarafda, biz adolatmiz” deya ayuhannos solayotgan bir fursat edi. G’alati daqiqalar edi. Siyosiy, iqtisodiy jarayonlar ajib bir kechmishlar sodir bo‘layotgandi. Yer yuzidagi bani insoniyat yangi asrning yana bir yangi shiddatli va sirli alg‘ov-dalg‘ov holatlarini boshidan kechirayotgan edi. Fitnayu, fujurlar, siyosiy iqtisodiy nayranglar makr-xiylalar hamma hammasi na faqat oddiy fuqarolar balki ulkan davlat arboblari orasida ham avj olgan damlar kun va tunga esh edi. Quyosh kunduz ustidan nur sochardi. Oy o‘z fursatlarida tun bag‘rini porloq aylab turardi.
U g‘alati bir qiyofada qaytib keldi. Alloh yaratgandan buyon ming yillardan beri u yashab kelayotgan bo‘lsada hali tetik, shu bilan birga ko‘rinishida keksayish alomatlari zohir bo‘la boshlagandi. Pahmoq, to‘mtoq soqollarida oq ko‘rinmasdi. Lekin jodugarning supurgisidek dag‘al. Vajohatida esa o‘sha eski xotirjamlik. Chaqnab turgan ko‘zlari sirli donishmandlikni ifodalaganday belgilarga ega esada yonib turardi. Beso‘naqay gavdasi qadam tashlaganda goh u yon, goh buyon chayqalib ketardi. Botiq ko‘zlari o‘rnashgan ham nuroniy ham ajal sharpasi sezilib turgan yuzlaridan hech qanday ma’noni uqib bo‘lmasdi uning. U shunday qiyofada edi.
Yana shuni aytish kerakki, u qaytib kelgan bu fursatlar taraqqiyot cho‘qqisiga chiqa borganligidanmi insoniyatga rostgo‘ylik qaerda deysiz, yolg‘on allaqachon esh bo‘lib bo‘lgan edi. Insoniyat yaralgandan beri ezgulikka intilganiga qaramay allaqachon razolatga botayotgan uning ma’naviy qiyofasida tubanlashish avjga chiqa borgandi. Yer yuziga odam bilan yonma-yon bo‘lib olgan barcha qusurlar to‘lib toshmoqda edi. Bir-birini aldash deysizmi, poraxo‘rlik, ta’ma, o‘z o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, kibr, ichi qoralik kabi qo‘yingki barcha illatlar unga yanada qadrdon bo‘lib ulgurgan edi. Buni Iblis bilardi. Ba’zilarini bilmasdi ham. Chunki odam Iblisga dars berishga yetay-etay deb qolgan davrlar edi. Insoniyat ana shuni boshidan kechirayotgan edi.
Kuppa-kunduzi charog‘on kunda ko‘rkam shaharga tashrif buyurarkan o‘yladi. “Mana shunday qiyofada qadam ranjida qilyapman qanday bo‘larkin-a? Ko‘rinishim ayanchli, yo‘q to‘g‘rirog‘i, qo‘rqinchli bo‘lsa. Kuppa-kunduzida meni shu holda ko‘rishsa, nima degan bo‘laman, axir? Yo‘q, odamlarga bunday ko‘rinib bo‘lmaydi. Nima qilsam ekan? Ha, topdim. A.N qiyofasiga kiraymikin. Yoki qorindor Sh.N. bo‘laymikin. A.N. bo‘lsam ko‘zlarim ko‘kish bo‘lishi kerak. Yaxshisi Q.O bo‘lganim yaxshi. Uncha e’tibor tortmayman.
Iblis shaharda parroz urib yurgan taniqli kishilar qiyofasiga kirib olishni va o‘sha odamlar bo‘lib olib odamlar orasiga qo‘shilib ketishni xayollardi. Shunday qilsa u odamlar ichiga kirib oladi. O’shanda qabristonda Odamni yetaklab yurib ko‘rsatgan odamlari hayotda nima qilayotganliklarini yana bir ko‘rib oladi. Ular orasida yaxshilari borligini u yaxshi biladi. Lekin ming afsuski ular ozchilik.
U shularni xayollar ekan yana o‘ylanib qoldi. Odamlar qiyofasiga kirsa ikkita bo‘lib qoladiku. Masalan: Sh.I. qiyofasiga kirsa Sh.I. ikkita. Aytaylik majlisda ikkita Sh.I. ko‘zga tashlansa bormi. Ko‘ring tomoshani. Hamma qo‘lini bigiz qilib uvvos solishib yuboradiku. Ana masxarabozligu mana masxarabozlik. Bu bilan u o‘zini fosh qilib qo‘ygan bo‘ladi. Yaxshisi... Yaxshisi boshqa yo‘lini topgani ma’qul.
Yana o‘ylay ketdi. Nima qilish kerak? Iblis vaziyatdan chiqish kerakligi uchun yana miyasini tuzukroq ishlata boshladi. “Ey Alloh” dedi u pichirlab. “O’zing madad ber”. O’zing qudratli, o‘zing qodirsan. Bandalaring oldi-da sharmanda qilmagin meni. Axir men ham sening bir mo‘‘jizangman... O’zing yaratgansan. O’zing shu yo‘llarga boshlayapsan. Endi yana o‘zing yo‘l ko‘rsat...
U shunday deb fikrga toldiyu, miyasiga kelgan bir o‘ydan quvonib ketdi. Ha,- dedi u. Shunday qilinsa yaxshi bo‘ladi. Shu yo‘li yaxshi. Ingliz yozuvchisi Gerbert Uelssning “Ko‘rinmas odam” asaridagi qahramon qiyofasiga kirgani ma’qul. Ko‘rinmaydi, odamlar ichiga kirib yuraveradi. Uni hech kim ko‘ra olmaydi. Faqat sharpa bo‘lib qoladi xolos. Sharpa hohlagan joyida, hohlagan yerida izg‘ishi mumkin. Hech kim ko‘rmaydi. Faqat ship-shipiyu, vis-visi sezilishi mumkin. Buni faqat hushyor kimsalar bilib oladi. O’shanda ham diqqat bilan e’tibor qilsalar. Ammo bir jonivor bor. Bu it. Har qanday sharpani odamdan avval biladi. Masalaning mana shu tomoni chigalroq. Itning sharpani tez bilishi esa uning bor xatti-xarakatiga kushanda bo‘lishi turgan gap.
Iblis shularni o‘ylarkan ko‘z oldida qop-qora tusli bo‘liq bir ko‘ppak gavdalanadi. U Iblisga qarab go‘yo jon jahdi bilan akillardi. Iblis ko‘rinmasdiyu it uning sharpasini sezib sharpasiga tikilgancha yerni orqa oyoqlari bilan tatalagan holda babalab xurardi. 
Bu manzara Iblisga boshqa bir voqeani eslatdi. O’shanda Alloh Taolo Odamni farishtalar va Iblis guvohligida yaratgandi. Shunda Iblis farishtalardan so‘ragandi: “Xudo Taolo mana Odamni yaratib qo‘ydi. Endi uni bizdan ulug‘ qilsa nima qilasizlar? Shunda farishtalar “Xudo Taolo nimani buyursa shuni qilamiz” deyishgandi.
Farishtalarning bu gapi unga ma’qul kelmagan. U g‘ashlangan. U Odamning ko‘rinishiga qarab turib “men kelib kelib shunga bo‘yin egamanmi? Uni o‘ldiraman” deganda “chirt” etkizib yerda cho‘zilib yotgan Odamga qarab tupurarkan. Tupurgisi Odamning qorniga tushgandi. Buni ko‘rib turgan Alloh Taolo Jabroil alayhissalomni chaqirib. “La’inning tupurgisini olib tashla”, deb amr qilgan. Jabroil alayhissalom tupurgini olib tashlagan. Uning qo‘li tekkan yer Insonga kindik bo‘lib qolgan. La’in tupugi tushgan tuproqdan esa Parvardigor Egam itni yaratgandilar”.
U shularni o‘ylarkan xayolida unga qarab akkillayotgan ko‘ppakni masxaralaganday kulimsirab qo‘ydi. Hali shunday hodisa sodir bo‘lishi mumkin deya fikrlandi. Nima bo‘lsa ham ko‘rinmaslik yo‘lini tutgani yaxshi. Insoniyat orasida ortiqcha shov-shuv bo‘lmaydi. Ming yillardan beri koinot ichra sudralib yurgan uning beso‘naqay gavdasi odamlarda qo‘rquv deyishadimi, vahima deyishadimi uyg‘otmaydi. Bari pinhona, xamirdan qil sug‘urgandek silliq sodir bo‘ladi qoladi.
Shularni fikrlab borar ekan atrofga nazar soldi. Hamma yoq saranjom-sarishta edi. Chinnidek yarqirab ko‘zga tashlanayotgan shaharda osoyishtalik hukm surmoqda go‘yo. Odamlar o‘zi bilan o‘zi ovora. Harakat bir maromda davom etayotganday. Taraqqiyot belgisi bo‘lgan jami texnik vositalar inson xizmatida. Lekin yer yuzidagi insoniyat hayoti hamma joyda tep-tekis emasligi sezilib turardi. Alloh insonga barcha ne’matlarni yaratib qo‘yib “mana sizlarga hamma narsani berdim, eng avvalo aqlni berdim, shu aql bilan teng totuvlikda yashanglar” degan bo‘lsa ham inson o‘zidan kelib chiqib notekis hayot tarzini kechirayotganligi inson ko‘rinishdan xotirjam umrguzaronlik qilayotgan bo‘lsada aslida uning hayotida ichki bir buzilish borligi Iblisning dilini xira qilardi. Uni iztirobga solayotgan narsa keyingi ma’lumotlarga qaraganda butun dunyoda o‘ta qashshoqlar soni hanuz milliarddan oshiq bo‘lsa oshiqligiyu kamaymayotganligi edi. O’rtacha qashshoqlar soni esa hamon ikki yarim milliardning tepasida. Bu degani Odam hamon aqlli, ilmli bo‘lgani bilan nayrangu firiblar ummonida shodu xurramlik bilan yayrab yashnab suzib yurganligidir. Odamzod bundan qutilishi mumkin, lekin hohlamaydi. Odil hakam bo‘lgan Xudo Taoloning barcha to‘g‘ri yo‘llaridan bilib turgan holda chetga chiqadi. Yana qilg‘iliqlarni qilib qo‘yib menga to‘nkaydilar...
U mulohazalar girdobiga g‘arq bo‘ldi. Miyig‘ida kulimsiradi. Uning bu kulimsirashi “Shayton yo‘ldan ozdirdi”, “Shaytonning gapiga kiribman”, “Shaytonga o‘xshaydiya”, “Shaytonlik qilma”, degan gaplarni har kuni har daqiqa insonning og‘zidan chiqayotgaligiga guvohligi edi. U bu gaplarni deyarli to‘xtovsiz eshitardi. Uning qulog‘i ostida bu kalimalar beayov yangrab turardi. Inson qilg‘ilikni qilaverardi, qilaverardi. Gunohi azimlarni qila-qila yana “Alloh o‘zi kechiradi” deyishganlarichi. To‘g‘ri, Alloh o‘zi kechiruvchan zot. U kechiradi. Lekin odam o‘z gunohlarini uning kechirishiga havola qilishning o‘rniga shu gunohlarni qilmay qo‘ysa bo‘lmasmikan...
Yana Xudo Taolo buyuk bebaho dasturi bilan yaratib qo‘ygan yer, suv, havoga va barcha inson uchun yaratilgan narsalarga xo‘jayinlik qilishi-chi? Bunisiga nima deyish mumkin. Bu ku mayli. Alloh “Men sizlarni bitta Odam Ato, Momo Havodan bitta irqdan yaratdim o‘zboshimchalik qilib o‘zlaringiz bo‘linib oldilaringiz”, deganlarini insoniyat yaralgandan beri anglay olmay kelayaptiku. Bunisiga nima deyish joiz...
Bular haqida gapiriladigan bo‘linsa so‘z ojizlik qiladi. Ha, so‘z yetmay qoladi. Rost Alloh Taolo o‘zi rahmdil o‘zi mehribon. Shu bilan birga qahri ham qattiq. Bu qiyomat kunining borligidan. Bu uning o‘ziga ayon.
Iblis atrofining osudaligiga nazar solib borar ekan odamzodning keyingi yuz yilliklardagi barcha firiblaridan biri yana bitta firibi o‘ta hayratomuzligidan g‘ashlandi. Bu firib o‘tgan asrning oxirlarida huv anavi olisdan unga xira sariq rangda ko‘rinib turgan Amerika deb atalgan joyda ilmiy dalillangan Vich-SPID nayranggi edi. Inson maymundan yaralgan degan gapni qanday bema’ni tarqatishgan bo‘lsalar, ular buni ham qaysidir joydagi qandaydir maymundan yuqqan deya xuddi shunday huda-behuda ayuhannos solib kelishmoqda. Vaholangki insonning immuitet tanqisligi deb atalgan virusning hali o‘zi yo‘q. Uning kashfiyotchilari frantsiyalik, amerikalik deb aytilgani bilan bu to‘qilgan o‘ylab topilgan virusga qarshi vaktsina yaratilmayapti. Bo‘lmasa bu sohada allaqachon Nobel mukofotini oladiganlar chiqib qolgan bo‘larmidi?!! 
U kelmoqda edi. Kuppa kunduzi kelayotgan edi. Quyosh charog‘on nurlarini keng olamga yoyib tashlagan bo‘lsa ham moviy bepoyon osmon bag‘rida onda-sonda ulkan ulkan oppoq bulutlar yengil yelayotgan shamol og‘ushida mazza qilib suzib yurishibdi. Ilohiy dasturning hukmi bilan bo‘layotgan bu harakatlarda ajib bir go‘zallik yashiringan. Bu Yaratganning o‘zi sevgan go‘zallik edi. Shunga qarama-qarshi o‘laroq hikoyada aytilganidek razolat va kazzoblikning urug‘lari yerda allaqachon barakali hosil berib ulgurgan edi. 
Ko‘rkam shahardagi ulkan va go‘zal binolar ana shu xirmonning ko‘zga tashlanib turgan eng so‘nggi hosilalaridan biri edi.
O’shanda kech kuz edi. Hozirgidek bahor emasdi. Hozirgidek yashnagan shahar emasdi. Yutoqqan tamshaib turgan yangi-yangi ovqatlarga ochiqqan o‘lik yaproqlarni yutayotgan qalblarga qo‘rquv soluvchi qop-qorong‘i qabriston zamini edi. Yonida odam bor edi... Endi esa o‘zi tanho tashrif buyurmoqda ko‘hna va hamisha navqiron zamin sahniga. O’z-o‘zini o‘z izmida saqlovchi qonunlarni yaratuvchilar bu yerda qaro yer bag‘rida emas edi. Ustida shodu xurram o‘ynab yurishibdi. Boyish, boylik orttirish mulk egasi bo‘lish uchun fitna fasotlarni o‘ylab topishmoqda, haybatli imoratlar qurishayotgan bo‘lsada kechayu kunduz aysh-ishratda (albatta o‘z qavmdoshlari hisobiga) hayot o‘tkazishadi hamda nimadir yetishmayotganday beorom va besaranjon ko‘zga tashlanadilar...
Bundan tashqari qirg‘in-barotchilik hodisalari-chi!! Bular haqida soatlab o‘ylash, soatlab gapirish mumkin. Ho‘-ho‘! Dahshat. Ha, dahshat...
U chuqur entikdi. Og‘ir xo‘rsinganidan ko‘kragi past-baland bo‘lib ketdi. Xuddi yer qattiq qimirlab silkinganida dov-daraxtlar shitirlab shovullashga o‘xshash g‘alati vahimali tovush chiqib ketganday bir shovullash uning ko‘ksidan otilib chiqdi. Uning bu entikishidan sezish mumkin ediki, kayfiyati buzilgan edi. U shu lahzada Gerbert Uelssning “Ko‘rinmas odam” asaridagi ko‘rimas odam qiyofasiga kirib olish fikridan ham qaytgan edi.
“Ashaddiy kazzoblikning botqog‘iga botganlar”, dedi Iblis pichirlab quyoshni qutlashni unutib qo‘ygan, faqat non istash ilinjiga duchor bo‘lib qolgan bir talay sharpasimonlarga nazar tashlarkan. Shu payt ko‘zi bo‘yni cho‘ziq, ingichka gavdali qachonlardir xudosiz bo‘lgan bani bandalarni xudosizlikka da’vat etgan endilikda esa Alloh oldida sodir etgan gunohlarini yuvish uchun tirish, g‘ijimlab tashlangan yuzlarini allaqachon boshqasiga almashtirib olgan professorga ko‘zi tushib qoldi. “Hoy professor” degisi keldi-yu, to‘xta dedi o‘ziga o‘zi. Sigaret tutatib, goh goh aroq ichib, gap sotib yurgan bu badbo‘y odam qiyofasidagi mahluqdan nima nido chiqardi o‘yladi u. Keyin bundan yuz yil avval kelganda odamga aytib bergan gaplari esiga tushdi. Shunda u – Ko‘rdingmi,- deb gap boshlagandi. Hamma ahmaqona to‘palanglar sodda kazzoblik va ilashuvchi razolatning bepand, zaharli, yopishqoq zamini ustiga hayot qonunlarining tor va qorong‘u binosi o‘liklar sizlarning hammalaringizni qo‘ydek qamagan qafas qurilgan... Yalqovlik va o‘ylashdan qo‘rqish sizlarning qamoqxonangizni mahkam siqib chirmab turadi. Hayotingizning asl xo‘jayinlari doimo o‘liklar, garchand seni tirik odamlar boshqarsalar ham ularga o‘liklar ilhom beradi. Dunyoviy hikmatlarning manbaalari qabrlardir...
Iblis o‘shanda odamga yashil ko‘zlarini qadab turib ko‘p gaplarni aytgan edi. Anavi professor albatta bu hikmatlarning mohiyatini anglab yetib bo‘libdi. U zamondoshlariga o‘xshab yengil-elpi, mayda-chuyda mulohazalardan nariga o‘tolmaydi. Shuning uchun ham dam xudosiz, dam xudojo‘y bo‘lib yuribdi.
Professordan nigohini uzib olib sal teparoqdan osmono‘par kvadrat shakldagi imoratlarga qaradi. Quriqlik bag‘rida o‘zlaricha qurib olganlari bu koshonalarda xuddi midir-midir qilib chumolilarga o‘xshash mayda-mayda yurgan odamlarni ko‘rganday bo‘ldi. “Razolat yer yuzida ulg‘aymoqda” deb o‘ylanib qoldi. “Insoniyat qachonlardir umri qisqa bo‘lsa ham sog‘lom edi. Endi esa umri uzayib borgan sari majruhlanib bormoqda. Xastalik belgilari avj olmoqda. Ayniqsa, ma’naviy qiyofasida. Milliy zulmlarning kuchayishi shundan, jabr jafolarning avj olib ketishiga keng yo‘l ochilib ketdi endi...
Og‘ir bu fikrlardan boshini yengillatmoqchi bo‘ldimi sarak-sarak qildi. Kallasi ikki tomonga borib kelganda havoda g‘uvillagan tovush paydo bo‘ldi. Go‘yo bo‘shliq keng koinot og‘ushida shamol uvillar edi. Quyosh charaqlab turgan kuppa-kunduzida sodir bo‘lgan bu hodisa g‘ayri tabiiy edi.
G’uvillagan tovush tingandan keyin Iblis chuqur xo‘rsindi. Unda bundan yuz yil avval zamin sari tashrif buyurga bo‘lsada bu safargi kelishidan bari-bir norozi bir kayfiyat paydo bo‘lgan edi. Sababi, unga o‘sha paytdagi zulmat tun bilan hozirgi charog‘on kunduz o‘rtasida uncha farq yo‘qday, o‘sha hayotning xo‘jayinlari jam bo‘lgan qabriston bilan mana shu yashnab turgan ko‘rkam shahar orasidagi tafovut ko‘p ham bilinmayotgaday edi. Shuning uchun hozir ortiga qaytib ketishni o‘ylardi. U shularni o‘ylarkan kech kirib qolganini ham sezmay qolganidan afsuslandi. Hali zamon qorong‘i tushib qoladigan bo‘lsa shahar chiroqlari bir zumda parpirab yonib ketishi mumkin. Lekin bu chiroqlar ortida uzala tushib yotgan zulmat deb nomlangan tun unga yana o‘sha tashrif buyurgani Odam bilan bir lahza suhbat qurgan qabristonni eslatishi turgan gap edi.
U borliqqa tikilib turdi. U hozir ko‘rinishdan tashqarida turganday bo‘lsada aslida Allohning irodasi bilan insonning qonida makon topganidan mamnun edi. Shuning uchun yana bir yaratganga shukronalar keltiradi. Shuning uchun sekin va beixtiyor “Omonno va Soddoqio” (inondik va sen haqsan) deya pichirladi. Bir oz o‘tar o‘tmas ushbu muqaddas oyati kalimani takrorladi. “Subhonallazziy xalaqal azvaja kullano mimmo tinbitul arzu va min anfusihim va mimmo lo ya’lamun”. (Yosin surasi 36-sura, 36 oyat). Ha, dedi o‘ziga o‘zi. Alloh pok zotdir. Alloh har qanday aybu nuqsonlardan pok zotdir. Keyin shunday kunlar keladiki deya fikrladi u. Allohning barcha buyurilgan hukmlari bani bashariyatni boshi berk ko‘chalardan yorug‘ nurli gulshanlarga olib chiqajakdir. Olam omon ekan shunday bo‘lajakdir.
Lekin deya yana fikrlay ketdi u. Inson fitnalarga boshi bilan g‘arq bo‘lganiga nima deyish mumkin. Mana, yaqin o‘tgan yil mavsumlarida o‘sha yuz yil avval kelganida fitnachilar qator fitnachilar barpo qilishib odamlar boshiga ne-ne kulfatlarni keltirmadilar. Ularning o‘ylab topgan fitnalari u bundan ming yil avvallari odamlar odillikka intilgan zamonda ham murdatlar tomonidan qo‘llanilgan ediku. Podshohlar oldida hurmat va e’tibor topib keyinroq payg‘ambarlikka da’vo qilganlari qancha edi. Ular yer tagidan yo‘l qazdirib hufiya holda otashxona yasaganlar. Alloh Azza va Jalladan olovga farmon beryapti deb podshohlarni laqillatganlar, mol-mulk va xotinlar ham hammaniki, umumniki bo‘lishi kerak degan siyosatni yurgizishga harakat qilganlar. Aql va tadbir bilan bu balolardan mamlakatni, xalqni saqlab qolganlar ham bo‘lganlar. Zaminda sodir bo‘lgan bu voqealar keyinchalik yer yuzining boshqa nuqtalarida takrorlanganiga u hali hech tushunolmayapti. Tushunolmasa ham kerak...
Iblisning boshi og‘irlashdi. Bu o‘ylar uni toliqtirgan edi. U xayolan yuz yillikka qaytgan bo‘lsada odamning qonida qafasda edi. Yo‘q zulm beruvchi qafas emas, huzur-halovat maskani uning uchun jannat makon bo‘lgan vujud ichra edi...
U g‘arbga qarab uchmadi. Chunki uning temir qanotlari yo‘q edi. U xayollandi: o‘z e’tiqodlariga o‘z orzulariga ongli ravishda xiyonat qilib ashaddiy kazzoblikning botqog‘iga botayotganlarga nima ham deyish mumkin... Keyin, keyin o‘sha hikoyada aytgani gapni yana bir bor takrorladi:
- Men ham ishtiyoqlarimning yo‘lidan ajoyib imkoniyatlarning iqboliga boray...

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.