OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Farrux Jabborov. Shaharning pashshalari (hajviya)

Cho‘lda pashsha bo‘lgich edi, paxtazor dalada pashsha bo‘lgich edi. Toshkoningda ham pashsha ko‘p ekan. Men qishloqning bolasi bo‘lsam, keng dala-yaylovda yelib yugurib yurgan bo‘lsam, shaharingning betoniga qanday sig‘ay, derazalarni yoppasiga ochib qo‘yaman-da. Kitoblarda o‘qiganim bor, “Ochiq jamiyat” deb. Pashshalar ham ochiq derazalardan (“tomojni”siz) kirib kela boshlaydi. O’zimning vatanimda, o‘z uyimda o‘zimga “ming‘-ming‘” deb keladi – bu yog‘imdan chaqadi. “Ming‘-ming‘” deb keladi, bu yog‘imdan chaqadi. “Hey, akalar, – deyman. – Uch yuz so‘m pulim bor. “Ustudentchilik” bo‘sa buyog‘i”. Hecham ko‘nmaydi-da, shaharning pashshalari. Yana “ming‘-ming‘” deb keladi. “Ikki yuz so‘m qo‘shishim mumkin. Tushingizlar-da, “istipendiya”ga hali ko‘p bo‘lsa. Hech bo‘lmaganda, non-pon yeb turishim kerak-ku!” Tag‘in “ming‘-ming‘” deb keladi shaharning pashshalari. Xudoyga shukur, o‘zbek so‘mining eng yirigi mingtalik. Yo‘qsa, bu shaharning pashshalari “o‘n ming‘” deb kelaberarmidi? Inglizchani o‘rganib olib “dollar” demasa bo‘ldi. O’zi, dollar oshganidan beri “ming‘-ming‘-ming‘-ming‘”, deb boshladi.
Otam aytgich edi, enam aytgich edi: “Sening iligingda bo‘sa, qayga boradi”, deb. “Mening iligimda bo‘masa, O’zbekistonning buyuk kelajagini kim quradi, akalar? Insof sari baraka-da!”
“Uch yuz so‘m beraman”, desam-da, yana “ming‘-ming‘” deb keladi shaharning pashshalari. Ko‘rpani yuzimga tortsam, oyog‘imdan chaqadi. Oyog‘imni bekitsam, yuzimdan chaqadi shaharning pashshalari.
Ko‘zim ilingan ekanmi, tushimda-yam shaharning pashshalari, ko‘k pashshalari, yashil pashshalari. Yoz oylarida oq pashshalari.
Mendan boshpurt so‘raydi, “ustidentski” o‘tmaskan. “Boshpurtim yotoqxonada”, desam “ming‘-ming‘” deydi. Besh yuz so‘mga ham ko‘nmaydi, faqat “ming‘-ming‘” deydi. Bunday qarasam, o‘zimizning qishloqning pashshalari. Toshkonga “propiska”ga kirganmi deyman. “Zemlyak”ka ham “ligota” yo‘qmi, “ming‘-ming‘” deb keladi shaharning qishloqi pashshalari. Iya, endi bildim, kechagida meni turtib surtib “h...” degan shaharning “mesni” pashshalari ekan-da! Ko‘nmasingga qaramas ekan, savdolashmas ekan shaharning zo‘rovon pashshalari. Bular huquqni ham bilmaydi shaharning qishloqi pashshalariga o‘xshab. Ayb o‘zimizda, so‘ramaymiz. Agar so‘rasangiz, bu shaharning qishloqi pashshalari olgan ikki ming so‘miga chek ham beradi.
Boyagi ko‘k, yashil shaharning pashshalariga ko‘rsatayin deb, tura solib boshpurtimni izlayotib o‘zimga keldim. Xudoga shukur-ey... Tuf-tuf, tushligi rost bo‘lsin.
O’ngimda ham shaharning pashshalari. Hamon “ming‘-ming‘” deb turibdi. Dodimni kimga aytaman, shaharning qurbaqalarigami? Ular pashshalarni bir-bir terib yesinmi? O’ylay-o‘ylay gazetga yozay dedim. Shikoyatim gazetga chiqsa-da, bir o‘zgarish bo‘lishiga ko‘zim yetmasov. Faqat olgan qalam haqimga boyagi besh yuz so‘mni qo‘shib shaharning pashshalariga bermoq umididaman (Agar gazetchilar ham “Vaqtida “INN” olib kelmading”, deb yoki boshqa bahonai vajlar bilan qalam haqi yozmay qo‘ymasa).

* * *

Ushbu maqola garchand ehtirosga berilib, aniq faktlarga asoslanib yozilmagan bo‘lsa-da, (ne qilay tushda ko‘rdim yo tush ham fakt bo‘laveradimi?) Gazetga chiqarishingizni iltimos qilib imzo chekdim.

JIZZAKIY,
ustudent
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.