OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Faxriddin Sodiq. Bola (hikoya)

Ona kenjasini – endigina to‘rt yoshdan oshgan bolani yana tog‘asinikiga jo‘natib yubordi. Tog‘asining uyi uzoq emas – bir chaqirim ham chiqmaydi. Qishloq joy emasmi, bola kichik bo‘lsa-da, yaqin atrofni besh qo‘ldek biladi, tog‘asining uyi ham shunday tanish. Bolaning bu yerda turgisi yo‘q, lekin bunaqa paytlarda uyiga qaytib ketib ham bo‘lmaydi. Hozir uyiga bormay turgani tuzuk. Biroz vaqt o‘tishi kerak, keyin akalaridan birovi kelib olib ketadi, agar kelishmasa, shu yerda yotib qolishga to‘g‘ri keladi. O’ziga qolsa-ku bu yerda yotib qolgisi yo‘q, lekin, nailoj...
Kechki ovqat mahali tog‘asining xotini iddao bilan erini turtdi.
– Mushtday bola, tag‘in o‘zicha noz qilib qo‘yadi, qarang, turishini qarang!
Tog‘asi og‘ir-bosiq odam edi, xotinining bu taxlit gaplariga javoban shu paytgacha e’tirozli nazar bilan qarab-qarab qo‘ygandi, endi bo‘lmadi.
– Bir gapirding, ikki gapirding, bo‘lar endi. Qo‘y, ishing bo‘lmasin, bola-da, bir narsaga tushunib, bir narsaga tushunmay turipti o‘zi.
Keyin bolaga qarab, ovozini yumshatdi.
– Ol, olaver, ovqatingga qara, jiyan!
Bola sekin kosadagi ovqatga qarab, qoshiqni tutganicha undagi yovg‘on sho‘rvani aralashtirdi – sovutmoqchi bo‘ldi. Tog‘asi ovqatni tezda yedi-da, xo‘jalikda kechki majlis borligini aytib qo‘zg‘aldi. Bola yana yolg‘izlikni his qildi. Bunday yolg‘izlik unga tanish edi, tanishki, uncha-muncha emas.
– Turishiyam otasiga o‘xshaydi, opa, qarang, qarab turishini, qoshiqni ushlashini...
Xolalaridan biri unga qarab olib, onasiga shunday deganidan keyin tog‘asining xotini kechiktirmay bolaga navbatdagi tanbehga o‘tdi:
– Ovqat yeyayotgan mahali boshqaning kosasiga bunday termulib qolmaydi. Aytdim-ku, mushtdaygina bo‘lsayam, buni tushunmaydi odam – katta kishilarga o‘xshaydi. Ammanggayam hayron qolaman, eri uyiga ichib keldi, deguncha shunisini biznikiga qarab g‘izillatib yuboradi. Bir jo‘nat-ikki jo‘nat, bo‘ldi-da.
– Nega shunday qiladi, o‘zi opa, a, ammam? – deb so‘radi xolasi onasidan.
– Nega bo‘lardi, shu kichkinam hech bo‘lmasa, otasining ichib kep janjal qilganini ko‘rmasin, deydi ekan-da. Otangga bir kuni shunday deb turganining ustidan chiqib qoluvdim. Janjalni ko‘rsa qo‘rqib, qo‘rqoq bo‘p qolarmishmi-ey.
– Aaa, – deb qo‘ydi xolasi bir narsani tushunganday bo‘lib.
– Bunday qilmasligi kerak, – tog‘asining xotini gapida davom etdi, – ko‘rishi kerak, otasining asli qandayligini ko‘rishi kerak. Tag‘in o‘qimishli emish u kishi. Hayf, u kishiga shuyam. Ovqatingga qara, dedim, ovqatingni yut!
– Bo‘ldi endi opa, bolaning nima aybi bor. Bo‘ldi endi, ol, jiyan ovqating sovib qoldi.
Bola tog‘asining o‘g‘liga najot ko‘zi bilan qaradi.
– Sen nimani bilarding, – tog‘asining xotini kosasini qo‘lga olib ovqatini yeyarkan, yana gapira ketdi, – to‘g‘ri aytdim, ko‘rishi kerak, bilishi kerak bola, qara turishini, yana shumshayib qarab qo‘yadi.
U kishi boshqalarning norozi qarashlariga e’tibor ham bermadi.
– Go‘r bo‘ladimi, kattarsa, bu ham bir piyanista bo‘ladi-da, otasiga o‘xshab. Opasining ehtiyotlashiga o‘lasanmi yana, bir opke-ikki opke...
Bola juda ochqagan edi, lekin birdan to‘qqa o‘xshab qoldi. Ovqatining yarmi kosada qolib ketdi. Dasturxon yig‘ishtirildi – odatdagidek, hamma televizorga andarmon bo‘lib qoldi. Bola besaranjom edi, o‘tirolmadi, hamma ko‘z qoqmay ko‘rayotgan kinoning uning uchun qizig‘i bo‘lmadi. Sekin o‘rnidan turib eshikka qarab yurdi, derazaning ko‘zlariga qaradi – qop-qorong‘i.
– Ha, jiyan qayoqqa?
– Tashqariga chiqib kelay, – dedi bola shundoq eshikning oldiga yetib.
– Qo‘rqmaysanmi?
– Qo‘rqib bo‘ri yermidi? Sal chetroqqa bor! Yeydigan bo‘riyam yo‘q bo‘lsa...
Bu gaplarni oxirigacha eshitib-eshitmay bola tashqariga chiqib ketdi. U atrofga qararkan, tunning zulmatidan seskandi. Shu seskanish aralash o‘ziga-o‘zi pichirladi: “baribir qo‘rqmayman”.
...Birozdan keyin bolaning uyidagilari kimdir chaqirganini eshitib qolishdi. Biri tezda hovliga chiqib keldi – tog‘asi ekan.
– Amma, pochcham uxladimi, ishqilib. Tag‘in janjal qildimi?
– Ha, uxladi, qattiqroq gapiraver, endi uyg‘onmaydi, pishillab yotipti narigi xonada.
– Tashqariga chiqaman, degandi, kep qolar, deb qaraymiz-qaraymiz, yo‘q, jiyan kep qo‘yipti-da uyingizga, qo‘rqmaganini qarang, a, amma!
– O’zim ham shoshib qoldim, bir narsa hovlining burchida qorayib keladi, kuchuk vovillab oldiga bordi-da, sekin g‘ingshib qoldi, tanidi kim bo‘lsayam deb turuvdim, qarasam... jiyaning! Yo‘q, qo‘rqmadim, deydi. Akam yaxshimi, checham, o‘zlaring yaxshi yuribsizlarmi, kel, o‘t manavi yoqdan, o‘t... yaxshiyam senlar borsanlar, jigarlarim...
Bola esa bu paytda uxlab yotardi. Tushida uyidagilar bilan shahardagi parkka borganmish, otasi hammani chiroyli bezatilgan stol atrofiga o‘tirg‘izib, kabob olib beripti, bola to‘yib-to‘yib ovqat yeyayotgandi.
...Birozdan keyin onasi terlab yotgan bolaning ho‘l bo‘lib ketgan sochini silab-silab artib, uni sekin o‘z joyiga yotqizdi. Bolaning alahsirab, nimalarnidir gapirganiga yoki gapirmoqchi bo‘lganiga e’tibor bermadi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.