OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fozil Jabborov. Miqnotis (hikoya)

Tog‘ay ikkinchi xotini bilan yashay boshlaganiga shu kuzakda besh yil to‘ladi. Boshida ko‘nika olmadi, lekin lorsillagan ayoli bir shirin qizaloq, bir polvon o‘g‘ilni tug‘ib bergach, o‘laman sattor, ajrashmayman, degan odam birinchi xotinini unutdi-qo‘ydi. Ey, bo‘lmasa, suyib olgan Zarifasi qanday ayol edi-ya: oyday jamoli, kunday fe’li bor edi xokisorning. Tog‘ayga o‘zini poypatak qilardi.
Ular turmush qurishganida Tog‘ay tibbiyot institutining ikkinchi kursini endi tamomlagandi. Avvallari qishlog‘iga yilda bir zo‘rg‘a qorasini ko‘rsatgan Tog‘ay uylandi-yu, ikki oyda Bo‘yrabopga qatnaydigan odat chiqardi.
Zarifani suyishdan umrbod charchamayman, qariganimda ham badimga urmaydi, deb o‘ylardi Tog‘ay. Lekin tirnoqqa zor yuravergach, institutni tamomlab, tuman shifoxonasida ish boshlagan kezlari yaqinlarning gap-so‘zidan, odamlarning g‘iybatidan Tog‘ayning boshi egildi, egachilarining ota-enamiz seni bizga omonat qoldirib ketgan, xotining o‘zi yaxshi, lekin bu dunyodan nom-nishonsiz o‘tib ketaverasanmi, degan qistoviga bardoshi yetmay, bor-ey, dedi-da, ayoliga yo‘qol, deb yuborganini o‘zi ham bilmay qoldi. Shunday xotinini haydashga qanday ko‘zi qiydi, buni Zarifaning lash-lushlarini moshinaga ortishayotganda bildi. O‘shanda hammomga kirib, o‘kirib-o‘kirib yig‘laganlarini bo‘yrabopliklar haligacha gapirib yurishadi. Bechora ayolning-ku, Tog‘aydan ko‘ngil uzishi oson bo‘madi. Ayol-da, ilojsiz dardini ichiga yutdi. Xullas, hammaning havasi keladigan gulday oila to‘zidi-ketdi.
Zarifa ketgach, Tog‘ay ikki hafta mijja qoqmadi, ikki hafta tuz totmadi, ikki hafta ishga bormadi. Qancha-qancha kasallarning joniga oro kirgan Tog‘ayning endi o‘zi bir ahvolda edi...
Uchinchi hafta to‘g‘ri Boymoqliga – qaynotasining oldiga bordi-da, ich yordi. Qaynota ham kuyovning dardini tushundi, taloq qilmagan bo‘lsang, mayli, qizim bilan yasha, lekin yolg‘iz qizimni uyingga jo‘natib, opalaringga yem qildirib qo‘ymayman, dedi. Tog‘ay qaynotasining nimaga sha’ma qilganini tushundi-yu, lekin ichkuyov bo‘lishga yuragi betlamadi. Uchinchi haftani ham bir amallab o‘tkazdi-da, hech kimga aytmasdan, nima bo‘lsa bo‘ldi, deb kiyimlarini yig‘ishtirdi-da, Zarifasining oldiga chopdi. Ikkalasi bir-birini ko‘zyoshlar bilan qarshiladi, bir-birini ko‘zyoshlar bilan kechirdi, bir-birini ko‘zyoshlar bilan erkaladi...
Bu xabarni Tog‘ayning opalari eshitgach, quda bo‘lmishning uyiga nog‘ora chalib kelishdi. Ukamizni issiq-sovuq qilgansan, bo‘lmasa, kelib-kelib qo‘ltig‘ingni boshpana qilarmidi, deya Zarifaga kun berishmadi. Bundan bezori chiqqan Tog‘ay peshonamga zarrabin bilan ichkuyov deb yozdirsalaring ham uyga qaytmayman, o‘lsam, o‘ligim shu yerdan chiqadi, bolam bo‘lmasa, birorta mard chiqar meni ko‘mgani, degach, avlodimizdan hali bunday isnoti chiqmagan, deya opalar ukasini qarg‘ay-qarg‘ay, uylariga tarqashdi.
Tog‘ay bilan Zarifa yana olti oy bir-birlarini yeru ko‘kka ishonmay, ardoqlab yashashdi. Muhabbat qarshisida hatto Tog‘ayning ichkuyovligiyam bilinmay ketdi. Havas qilgulik shunday kunlarning birida hech kimning xayoliga kelmagan ishlar bo‘ldi.
...Tog‘ay odatdagiday ish kunini tugatib, xotiniga ertalab va’da qilgan qizil boshmoqni olish uchun bozorga ketayotgandi, guzarda uch-to‘rt oshnasini uchratdi. Ular Tog‘ayni amallab davraga qo‘shishdi, qo‘yarda-qo‘ymay anovi zormandadan besh-olti qo‘l quyib berishdi. Gap orasida oshnalardan biri qachongacha tug‘mas xotinning qo‘ynida yashaysan, sen tengilarning bolalari maktabga boradigan bo‘ldi, bu turishda o‘liging ko‘chada qoladi, degan gapi unga og‘ir botdi. Qolganlar ham bu gapga qo‘shilishdi. Va’da qilingan qizil boshmoq-ku, esdan chiqdi-ketdi, lekin qaynotasining uyini qiynalmay topib kelgan Tog‘ayning yuragiga oshnalarining gapi nashtar bo‘lib sanchildi. Uni bu ahvolda ko‘rmagan, shu bois ajabsinib qolgan Zarifaning tug‘mas xotinligini Tog‘ay yuziga soldi. Ichkuyovligi esidan chiqib, kamiga uch taloq qildi. Tog‘ay ertasiga kayfi tarqagach, nima qilib qo‘yganini o‘ylab, ich-etini yedi. Lekin endi kech edi. Zarifaning piq-piqlashiga qaramay, qaynona-qaynotasiga indamasdan kostyumini yelkasiga tashladi-da, ko‘chaga chiqdi. Endi Tog‘ay uchun bu xonadonning biri kichik, biri katta zulfini bor qizg‘ish darvozasi yopildi.
Tog‘ay ilojsiz ota uyiga qaytdi. Oradan bir oy o‘tar-o‘tmas, bitmas yarasiga tuz sepib, uni uylantirish taraddudiga tushgan girdikapalak opalarini darvozadan quvib soldi. Eshikdan haydasang, teshikdan kirib kelaveradigan opalar baribir ustun kelishdi. Nima qilsalaring ham o‘zlaring bilasizlar, degan Tog‘ay ikkinchi xotinini to‘ydan avval ko‘rmadiyam. Ko‘nglim yo‘q deganday, biror hafta kelinga yaqin yo‘lamay, boshqa xonada yotib yurdi. Lekin yana opalarining qistovi bilan ikkinchi bora chimildiq hatladi, ikkinchi bora ayol nafasini tuydi, ikkinchi bora go‘shangada sevildi. Lekin suya olmadi. Ko‘ngil Zarifada qoldi. Oh, Zarifa, bunchalar ohanrabo bo‘lmasang!..
Turmush deganlari so‘nggi hujayralarigacha muhabbatdan lov-lov yonayotgan oshiqni ham sovitib qo‘yarkan. Borim-borlig‘im, deb suygan Zarifasini unutish uchun Tog‘ayga bir yil yetarli bo‘ldi. Qizalog‘i tug‘ilgach, eski xotiralar hurmati haqqi unga Zarifa deb ism qo‘ydi. Bora-bora u boshqa Zarifa bilan ovunadigan bo‘ldi. Endi unga rostdan uzoq o‘tmish bo‘lib tuyuladigan davrlarni qo‘msamay qo‘ydi. Ko‘zyoshlariga cho‘milib erkalaydigani – katta Zarifa haqidagi xotiralari kichik Zarifa qarshisida erib borayotganini Tog‘ayning o‘zi ham sezmasdi.
Dard ustiga chipqon deganlariday, bir-ikki yil avval Zarifaning ota-onasi izma-iz qaytish qilibdi-yu, katta hovlida yolg‘iz qopti. Uzun quloq gaplarga qaraganda boshqa turmush qilmaptiyam.
Bu orada Tog‘ay shifoxonaga bosh vrach bo‘lib tayinlandi, ikkinchi farzandi dunyoga keldi. Ammaga aylanishgan, tegirmon toshiday tinim bilmas opalar Tog‘aydan ham ko‘proq quvonishdi, o‘zidan merosxo‘r qoldirayotgan ukalaridan ko‘ngillari tinchib, nihoyat uni tinch qo‘yib, o‘z ro‘zg‘orlari bilan ovora bo‘lib ketishdi.
Tog‘ay endi butunlay baxtli edi. Odamlar ham uning burungi muhabbat sarguzashtlarini esdan chiqarishdi. Baxt degani shuncha bo‘ladi-da, Tog‘ay doim uyga shoshardi. Bugun ham qizalog‘ining: «Dada, menga nima op keydingiz?» degan savolini, polvontoyining «g‘ig‘», deb kulishini qo‘msab, ishdan ertaroq chiqdi. Oylik olgan emasmi, bozorga kirib xotini ro‘yxat qilib bergan chaqaloq uchun kerakli narsalarni va qizalog‘ining savoliga javob bo‘lgulik sovg‘ani oldi. Moshinasiga o‘tirib, endi joyidan jilmoqchi edi, bozor darvozasida oshnalarini uchratib qoldi. Ular Tog‘ayning xotini bir qiz, bir o‘g‘il tug‘ib berganini orqavoratdan eshitishganini unga bildirishdi-yu, ginaxonlik qilishdi. Ikki farzandli bo‘lganini bir qilib yuvib berishini so‘rashdi, Tog‘ay ilojsiz rozi bo‘ldi. Ular eski guzarga borishdi, o‘tirishdi, uzoq suhbatlashib, anovi zormandadan uch-to‘rt shishani bo‘shatib qo‘yishdi.
Tog‘ay moshinani haydashga ko‘zi yetib, yo‘lda GAI uchramasin-da, deb rulga o‘tirdi. Xudoga shukr, shahardan bexavotir chiqib oldi. Oshnalarini qishloq-qishlog‘iga tashlab, moshinada yakka qoldi, ulovni yo‘l chetida to‘xtatib, biroz mizg‘ib olgisi keldi. Qancha vaqt ko‘zi ilinganini bilmadi-yu, biroq bir nimadan qo‘rqqanday sapchib uyg‘onib ketdi. Birinchi xotini Zarifa tushiga kiribdi, ikkalasi oppoq bulutlar oralab qaergadir yugurib ketayotganmish, Zarifa xuddi qoyadan-qoyaga sakrayotgan ohuday bulutdan-bulutga sakrarmish, Tog‘ay uning yiqilib ketishidan qo‘rqarmish, shunda Zarifaga yetaman-etaman deganda oyog‘i toyib ketibdi...
Tushga nimalar kirmaydi, deya o‘zini ovutdi. Bir zum Zarifani, u bilan kechgan shirin damlarni yodga oldi... Ammo bu uzoq o‘tmish ekanini sezgach, birdan sergak tortdi, idishdan suv ho‘pladi, shunda moshinada ekanini bildi. Lekin nima uchun bu yerdaligidan ajablandi. Narigi o‘rindiqda yotgan buyumga ajabsinib qaradi. Birozdan so‘ng uni qizi Zarifa uchun olganini, buni ko‘rib u qanchalar xursand bo‘lishini va achom-achom qilib, yuzlaridan muchchi olishini o‘ylab shu qadar sevindiki, quvonchi ichiga sig‘madi. Yuziga nimtabassum yugurdi. Atrofga alangladi, qorong‘i bo‘lsa-da, har kuni ishga qatnaydigan yo‘l chetida turganini bilgach, uyiga ketayotganini esladi. Kalitni burab, motorni o‘t oldirdi. U tezlikni chunonam oshirdiki, ayni kezda yo‘l qoidasini buzayotganini xayoliga ham keltirmadi.
Zarifa uxlab qoldimikan? O‘g‘ilchasi-chi? Xotini qanday ekan, uni kutib uxlamay o‘tirgandir-a? Tog‘ay shu tobda tezroq uyida bo‘lib qolgisi keldiki, oradagi o‘n besh daqiqalik masofa o‘n besh yilday tuyulib ketdi. Uzoq yillardan buyon unga yo‘ldosh bo‘lib kelayotgan tanish yo‘llar, tanish daraxtlar hamrohligida issiq go‘shasi tomon uchib borardi. O‘n daqiqada uyida bo‘ladi. Vaqt bunchalar sekin o‘tmasa-ya!
Har kungi boradigan joyi bo‘lsa, nega uyiga tezroq yeta qolmaydi? Nega yuragi bunchalar tez urayapti? Bugun unga nima bo‘ldi? Hech nima bo‘lgani yo‘q! Doim shunday shoshgan, axir uni uyida shirintoylari kutyapti!
Mana, tanish burilish, tanish uy, tanish qizg‘ish darvoza, tanish zulfinlar... Yarim tun ekani, signal chalsa chaqalog‘i uyg‘onib ketishini o‘ylab, darvozani o‘zi ochmoqchi bo‘ldi. Lekin har kuni ochiq turadigan darvoza bugun berk edi. Kelavermaganim uchun xotinim berkitib qo‘ygan shekilli, degan xayolga borib tanish qo‘ng‘iroq tugmachasini bosdi: j-i-r-i-ng!!! Lekin qo‘ng‘iroq tovushi negadir begona! Juda begona ham emas, qachonlardir, qaerdadir eshitgan! Lekin eslolmayapti!
Tog‘ay xayolini yig‘ishga ulgurmay, ichkaridan tobora yaqinlab kelayotgan qadam tovushini eshitdi, eshitdi-yu, yuragi shu qadar tez ura boshladiki, shundagina nima qilib qo‘yganini angladi! Uch-to‘rt soniyadan so‘ng darvoza darchasidan suyukli chehra bo‘y ko‘rsatajagini, o‘shanda u na ortga qayta olishi, na ichkari kira olishini o‘ylardi. Kiray desa, uyida jiblajibonlari uxlamay uni kutib o‘tiribdi, ustiga ustak, qo‘lidagi qizil boshmog‘i Zarifaga kichiklik qiladi, kirmay desa, yuragining allaqaerlarida mudrab yotgan muhabbati uyg‘onib ketdi...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.