OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fozil Jabborov. Noqobil (hajviya)

Saylov haqidagi darak bir kunda qishloqqa yoyildi – oxirgi xonadonga dovur yetib bordi. Tadorik-da o‘sha kunning o‘zidayoq boshlandi: ariqlar tozalandi, ko‘chalar supirildi, uylar ohaklandi, yo‘l chetlariga gullar ekildi.
    Qishloq vakillari kengashib, saylovni maktab binosida o‘tkazadigan bo‘lishdi. Bir to‘xtamga kelingunga qadar, nomigagina bahs bo‘ldi: kimdir bog‘chada o‘tkazish kerak dedi, yana kimlardir eski madaniyat uyida dedi. Bog‘cha o‘n besh yildan beri ishlamay, qorovulning sigirlari uchun og‘ilxonaga aylangan, madaniyat uyi ham uz-o-oq yillardan buyon qarovsiz – suvog‘i to‘kilgan, yog‘och o‘rindiqlari singan, yomg‘ir-qorda tomidan chakki o‘tadi. Shu bois qisqa kengashuvdan so‘ng ko‘pchilik saylov talablariga maktab binosini javob bera oladi, deyishdi.
    Kengash tugagach, direktorining uyiga chopar jo‘natildi. U kamdan-kam xonasida o‘tirardi. Bozor iqtisodi, deya qo‘shimcha daromad qilardi – har yakshanbada bozordan besh-olti qo‘y olib, yem berib boqardi-yu, narigi haftaga borib pullab keladi. Shu bilan oilaning qora qozoni binoyidek qaynaydi. Qo‘y oldi-sotdisi bilan shug‘ullanganidan beri qishloqning esini taniydiganlari uni Damin olibsotar derdi orqasidan.
    Darvoza tomondan choparning ovozi eshitilgan payt u qo‘ylarga endigina yem berib bo‘lib, ularning ovqatlanishini miriqib tomosha qilardi. U tezda kiyimini almashtirdi-da, darvozaxonada yaltirab turgan oppoq moshinasiga o‘tirdi.
    Maktabga kelib, birinchi qilgan ishi biologiya o‘qituvchisi tomonidan o‘tilayotgan adabiyot darsida o‘tirgan yarim sinf bitiruvchilarga qo‘ng‘iroq chalinmay turib, shanbalik e’lon qildi. Shanbalikdan qochganlar yil oxirida shaxsan direktor janoblarining imzosi bilan beriladigan tavsiyanomadan quruq qolishi mumkinligi to‘g‘risida qattiq ogohlantirildi. Shundan keyingina uning ko‘ngli biroz tinchigandek bo‘ldi.
    Shuncha gap-so‘z bo‘ldi-yu, ammo kim va nima uchun saylanishi haqida – oynalariga dovur qop-qora bir moshina maktab darvozasi oldiga kelib to‘xtamagun-cha – qishloq ahli bu haqda hech nima eshitmadi. Boshmog‘idan tortib, ko‘zoynagigacha moshinasining rangiga monand kishi undan tushdi. Darvoza yonidagi pistachi xola va darsdan qochgan bir necha o‘quvchi qishloqqa yot bu manzarani ko‘rib, hang-mang bo‘lishdi.
    Saylov bo‘larmish deyilgan kundan boshlab oromkursisiga mixlanib qolgan direktor bu xabarni eshitib, darvoza oldiga qanday kelib qolganini bilmay qoldi. Ko‘zoynakli kishini darrov taniyolmadi. Yaqinroq kelib, yuzi yaxshilab «o‘rganilgach», bashang kiyingan bu bodi Nazar traktorchining poytaxtdagi o‘rtancha o‘g‘li bo‘lib chiqdi.
– Voy Qobil, o‘zingmisan? – dedi esxonasi uchayozgan direktor sal xotirjam bo‘lib, anchadan beri ko‘rmagan hamqishlog‘ini bag‘riga bosarkan.
– O‘zim bo‘lmay kim bo‘lardi! – Oliftaligini uloqtirib javob berdi shaharlik.
– Baribir qaytibsanda? Oxirgi marta qachon kelib eding, o‘zi? – tusmollanib so‘radi Damin direktor.
—    Esimda yo‘q! – javob bergisi kelmay so‘zladi shaharlik.
– Kindigingdan uzilib, qaergayam borarding! Yaxshimi-yomonmi mana shu qishloq ko‘z ochib ko‘rganing-da, Qobilboy.
Ular bu orada direktorning xonasiga yetib qolishgandi. Direktor mehmonga joy ko‘rsatdi. O‘zi ham uning yoniga cho‘kdi.
– Uzr! Choy ich deyolmayman Qobilboy! «Svet» yo‘q. Ertalab, kechqurun bir-bir soatdangina berishadi, «barakatopkurlar!» – Go‘yo Qobilboy bu muommoni tezda hal qilib beradigandek noliy boshladi direktor. – Hozir-ku yaxshi! Ammo qish payti sinfxonalar go‘ristonga o‘xshab qoladi.
– Ancha bo‘ldimi? – bu haqda birinchi bor eshitayotgandek o‘zini ajablanganga solishga urindi jiddiy qiyofaga kirgan shaharlik. Anchadan beri qishlog‘iga kelmagan bo‘lsa-da, asli bundan uning xabari bor edi.
– Besh yil bo‘ldi. Rayonning katta qarzi bor emish. O‘chirib qo‘ysa «ekanom» bo‘larmish. Gazmidi u senga trubada ushlab tursa bo‘ladigan? Tokni saqlab bo‘larkanmi? Yo bizni go‘l, sodda, qishloqi, o‘qimaganlar, deb o‘ylashadimi, tushunmayman? – jag‘i ochilgan direktor t-e-p-a-d-a-g-i-l-a-rdan hafa bo‘lib, uf tortib qo‘ydi.
Oraga jimlik cho‘kdi. Shaharlik gapni nimadan boshlashni bilmay turganda direktor yana gap boshlab qoldi:
– Ey, bularni qo‘y, uka! Ko‘nikib ham ketdik! O‘zingdan gapir: nima qilayapsan? Kim bo‘lib ishlayapsan?! Katta odam bo‘p ketibsan deb eshitamiz... Ishxonang gaz...ta’...mi...no...ti...mi...di? Yo-o-o, ko‘tarilding...mi?
– Ha endi! Yuribmizda nasibamizni teri-ib. – istamaygina javob berdi Qobilboy.
Hamqishlog‘ining nima maqsadda xonasiga kelganiga hali aqli yetmagan direktor tashrif sababini ochiqdan-ochiq so‘rashga botinolmay turgandi shaharlikning o‘zi maqsadga o‘tdi:
—    Shu desangiz... tumandan nomzodligimni qo‘ydim...
– Ey, hali o‘sha bo‘lajak deputat menman degin. Obbo ayyor-ey! Shu paytgacha isini chiqarmaganingni qara-ya! Hademay, ya-n-a-ya-m k-a-t-t-a-l-a-sh-i-b ketarkansan-da? – to‘lqinlanib gapiraverdi hayratlarini yashirolmay qolgan direktor. – Qo‘ng‘iroq qilib, shunaqa deb qo‘ysang, osmon uzilib yerga tusharmidi? Nimaiki bo‘lsa, biz bechora q-i-sh-l-o-q-i-l-a-rga oxirida yetib keladi.
– Yugur-yugur bilan bo‘lib unitibman. Hoziram vakillarimni boshqa uchastkalarga jo‘natib, o‘zim buyoqqa chopdim. O‘zingiz tushunasiz, targ‘ibot-tashviqot deganday...
– Tushunmay o‘libmanmi? O‘n sakkiz yoshimdan beri saylovda qatnashaman. Direktor bo‘lganimdan keyin-ku miridan-sirigacha bilib oldim. Sakkiz yildan beri nechtasini mana shu yerdan turib «ko‘tarib» yubordik. Avvalo hammasi qop-qop va’da berishadi: «Gaz» opkeltiraman, «asfalt» qildirtiraman, «svet» muommosini hal qilib beraman...»
– Bo‘lmasa men boray. Boradigan joylarim ko‘p. – bu gaplardan o‘ng‘aysizlanib, qo‘lini juftlashtirib direktordan duo so‘radi Qobilboy. Yuzlarga fotiha tortilgach, o‘rnidan qo‘zg‘alar ekan shaharlik gapida davom etdi, – Endi bir qo‘llab yuborasizlar-da!
– Qo‘llamay o‘libmizmi? O‘zimizniki bo‘sang! Qancha begonasiniyam sayladik-da! Buyog‘idan havotir olma? B-o-p-l-a-y-m-i-z!
Direktor uyoq-buyoqdan gapirib, bo‘lajak deputatni moshinasiga qadar kuzatdi. Tosh ko‘cha bo‘ylab oxista-oxista chayqalgancha, qishloq oralayotgan «inomarka»ni o‘quvchiyu ko‘chalagan yosh-yalang tugul kap-katta direktor ham angraygancha kuzatib qoldi.
Shaharlik anchadan beri ko‘rmagan qishlog‘ini oynadan tomosha qilib ketdi: qarama-qarshi tomonga ketayotganlarning ko‘pchiligi qo‘liga ikkitadan satil ko‘tarib yoki suvdon ortilgan aravalarni bo‘sh sudrab, chopqillab ketishardi; u nima gapligini angladi.
Moshina odamlar gavjum bo‘lib turgan «Qishloq vrachlik punkti»ning shundoqqina biqinida qo‘nim topgan «Fuqarolar yig‘ini» oldiga kelib to‘xtadi. Moshinadan tushayotgan Qobilboy qishloqdoshlarining oldida sipo ko‘rinishni istab, ko‘zoynagini yechdi va to‘planganlar bilan so‘rashib, so‘ng ichkariga kirdi.
Qobilboy qishloq fuqorolar yig‘inining s-o-v-u-q-q-i-n-a xonasida deputatlikka nomzodi qo‘yilganini oqsoqolga maqtanayotgan mahalda o‘g‘lining qishloq oralaganini eshitgan Nazar bobo xassasiga tayangancha, chang ko‘cha bo‘ylab sog‘inganining istiqboliga chiqqandi. Uch oyoqlab, moshina oldiga xansiragancha, zo‘rg‘a yetib kelgan ota oqsoqolning oldidan qaytayotgan o‘g‘lining quchog‘iga o‘zini otdi. Uzoq ko‘rishuvdan so‘ng, ota-bola ko‘chani changitgancha, uyi tomon jo‘nadi.
Kenjabekning xotini o‘choqda choy qaynatib, shaharlik qaynog‘asining oldiga qo‘ydi. Dud isi o‘rnashgan choyni Qobilboy bir-ikki ho‘pladi-yu, boshqa icholmasligini bilib, piyolani nariga surib qo‘ydi. O‘g‘il bor gapni otasiga ham yetkazdi. Nazar bobo quvondi, ko‘zyosh qildi. O‘g‘li yana bir nechta joyga borishi kerakligini aytgandi, fotiha berdi. Qobilboyni kuzatayotgan ota moshina oynasiga o‘mganlab, o‘g‘lidan qattiq iltimos qildi: «hech bo‘lmasa sen «svet», gaz muommolarni hal qilib beraman demagin! Yolg‘on va’dalar odamlarning jonigayam tegib ketgan. Va’da bermasang ham baribir seni saylaydi».  
Yana bir necha kundan keyin vakillar kelib, nomzodlar haqida ma’lumotlar ko‘rsatilgan e’lonnomalarni ko‘zga ko‘rinadigan joylarga – do‘kon, qishloq vrachlik punkti, dorixona, maktab devorlariga ilib ketishdi. Nazar boboning iltimosi bajarilmadi – uchrashuvlarda doimgi va’dalar takrorlandi. Shundan keyin saylovgacha bo‘lgan kunlar bir zumda o‘tdi-ketdi.
Saylov qishloqqa haqiqiy bayram kayfiyatini olib keldi: tegirmonlar kechayu kunduz tinmadi, «artezian» kran doimiy ishlab turgani uchun hech kim suvdon ortib, arava sudramadi. Ko‘chalarning changligiyu qishloqqa gaz kelmagani bularning oldida bilinmay ham ketdi.
Kechga yaqin Qobilboyning saylovda yutib chiqqanligi ma’lum bo‘ldi. Ana endi qishloqda haqiqiy bayram boshlandi. Hamma uni yaxshi o‘g‘il, yaxshi hamqishloq, va’dasining ustidan chiqib, qishloqqa qayishadigan eng birinchi deputat deyishdi. Nazar bobo xushxabarni eshitib, avvaliga xursand bo‘ldi, so‘ng ko‘zyosh to‘kdi.
Ertasi kuni kechga yaqin qishloqning turli joylariga ilingan e’lonnomalar vakillar tomonidan yig‘ilib, moshinalar yukxonasiga solindi va ular tosh ko‘cha bo‘ylab irg‘alib-irg‘alib ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi. Saylovxona vazifasini v-a-q-t-i-n-ch-a bajarib bergan maktab ostonasida esa saylovni eslatadigan yirtiq qog‘oz bo‘laklarigina qoldi. Oradan chorak soat o‘tib, yaqindagi tegirmonning tovushi birdan tindi. Maktabning orqa tomonidagi «artezian»ning chiyillashi ham to‘xtadi. Bir zumda hamma yoqni qorong‘ulik, sukunat qopladi. Birozdan so‘ng xonadonlar derazalaridan moychiroqlar tashqariga xira nur tarata boshladi...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.