OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fozil Tilovat. Qora Quzg'un (qissa)

Tog‘am Rahmatilla O‘roqov xotirasiga
bag‘ishlayman

1

Jinoyat tafsilotlari bitilgan hujjatlarga ko‘milgan tergov xodimi boshini qog‘ozlardan ko‘targanida tun yarmidan oqqandi. 
Shu payt telefon jiringlab qoldi.
– Allo, Akmal aka? – xotinining tashvishli ovozi eshitildi go‘shakdan. – Haliyam ishxonadamisiz? 
– Hozir ketmoqchi bo‘lib turgandim.
– Quyuq tuman tushibdi, mashinani ehtiyot bo‘lib haydang! 
U qisqa-qisqa gudok bera boshlagan go‘shakni bir muddat tutib turdi-da, so‘ng joyiga qo‘ydi. 
Akmal kuni bo‘yi sirli jinoyat tarixi bitilgan qog‘ozlarga ko‘milib arzirli bir yechim topa olmadi. Tergovchi sifatida qayoqqa borishni ham, nima qilishni ham bilmay boshi qotib turgandi. Endi esa uyga borishi, iliqqina dushga tushib, ozgina tin olishi mumkinligini angladi. Xotinining qo‘ng‘irog‘i ayamajuz qishning qahri singan payt bahor daragini olib kelgan qaldirg‘ochning tashrifi kabi horg‘in ruhiga iliqlik soldi. 
Tashqari anchagina sovuq ekan. U paltosining yoqasini ko‘tarib oldi. Keyin tumanning qalinligidan deyarli ko‘rinmay qolgan yo‘lni tusmollab qadam bosgancha mashinasi tomon qarab ketdi...

2

Akmal uyiga kelgach, issiqqina dush haqidagi qarorini bekor qildi. Ovqatga ham ishtahasi bo‘lmadi. Qiziq, vujudida charchoq, ruhan toliqqan, qovoqlari zil-zambil bo‘lishiga qaramay, nimagadir uxlashga ham hushi kelmadi. Shundan, yotoqxona eshigini ohista ochdi-da, uni kuta-kuta uxlab qolgan xotiniga termulib bir pas turib qoldi. Yo‘lakdan tushgan nur yorug‘ida ko‘ksi ochilib, qora xalati ostidan ich kiyimi oqarib ko‘rinib turgan, tim qora sochlarini yelkalari uzra parishon yoygancha uxlab yotgan xotini shu dam ko‘zlariga baayni qaldirg‘ochga o‘xshab ko‘rinib ketdi.
Shu asno xayolidan «yalt» etib bir fikr kechdi: «Uni deyarlik har kech shu alfozda ko‘raman. Nega endi, kelib-kelib shu bugun qaldirg‘ochga o‘xshatdim? Boyagi qo‘ng‘irog‘i bois albatta! To‘xta-to‘xta! Hm-m-m-m, demak...». 
Akmal bir necha kundan beri o‘zini qiynab kelayotgan bir jumboqqa yechim topgandek bo‘ldi. Jinoyat joyidan topilgan yondaftarcha, to‘g‘rirog‘i «Rom» deya boshlanib, bir necha mantiqsizdek tuyulgan jumlalardan iborat yozuvni ko‘z oldiga keltirdi. U bu topilmani bir-ikki ko‘zdan kechirib, keyin jinoyatga aloqasi yo‘q, degan o‘y bilan, e’tiboridan soqit qilgandi. Hozir esa, jinoyat tafsilotlaridan topa olmagan mantiqni shu parchagina varaqda ko‘rgandek bo‘layapti. 
Xayolini bir joyga qo‘yib, fikrini yig‘ib, muammoga oydinlik kiritish maqsadida, yotoqxona eshigini qanchalar ohista ochgan bo‘lsa, shunday beozor yopdi-da, xonasiga kirib ketdi.  



Akmal ertalab jinoyatga bog‘liq barcha hujjatlarni olib ketgandi, ammo ishxonaga kelib yondaftarchani stoli ustida unutib qoldirganini sezdi. Xunob bo‘lmadi, chunki o‘shanda u daftarchaning bu ishga aloqasi yo‘q degan qat’iy fikrda edi. Hozir esa uni varaqlarkan, unutib qoldirganim yaxshi bo‘lgan ekan, deb xursand bo‘lib qo‘ydi. Keyin, o‘sha jumboq satrlar bitilgan joyni shoshilmay o‘qiy boshladi: «Rom. Burgut bolasi chumchuq o‘xshab yashamas= k|k. Oltin\ chibin nafsi hak-k otsa o‘rgimchak to‘r. tush. O‘z= bino qil/ uy = devor. yorig‘i+ chayon chiq. nishini sanchimoq bo‘la. Oyoq osting. ilon chumchuq polapon. yutmoq payida Kaltakesak dumiga bevafo. Bo‘taloq to‘pi+ ajra/ q... go‘sht/ cho‘q...» 
Akmal talabalik chog‘i ma’ruzalarni yozib olishga ulgurish uchun qo‘llaniladigan belgilarni xotirasida tiklab, matnni qayta-qayta o‘qidi. Faqat chatilib ketgan so‘nggi so‘zlardan birini hisobga olmaganda jumlalar mazmunini deyarli fahmladi. U qisqartma so‘zlardan hosil bo‘lgan ma’noni toza oq qog‘ozga quyidagi tarzda ifodaladi:
“Burgutning bolasi chumchuqqa o‘xshab yashamasligi kerak. Oltinliq chibin nafsi hakalak otgani tufayli o‘rgimchak to‘riga tushadi. O‘zing bino qilgan imorat devorining yorig‘idan chiqqan chayon nishini sanchmoqchi. Oyog‘ing ostida o‘rmalab yurgan ilon polaponingni yutmoq payida. Kaltakesak dumiga bevafo. Tuyaning bolasi to‘pidan ajrasa q.... (?) go‘shtini cho‘qiydi”.  
«Bu haqiqatdan ham kimningdir taqdiriga ochilgan «rom», – o‘yladi tergovchi, keyin oldidagi oppoq qog‘ozga: «Folbin kim?» deb yozdi-da, katta so‘roq belgisi qo‘ydi. «Bunisi hali noma’lum. Ammo u o‘ta zakiylik bilan mijozining qismatini zarbulmasalda ifoda etgani ayon». Akmalning mushohadasi yana bir savolga borib taqaldi: «Mijoz kim?» “Mantiqan olib qaraganda, – fikrlashda davom etdi Akmal, – mijoz yondaftarcha sohibi. Demak, «rom» – sirli jinoyat qurboni, bir kechada dom-daraksiz yo‘qolgan Jobirbekka atalgan”.
Akmal, yuqoridagilardan kelib chiqib, jinoyatni ochish yo‘lini quyidagi tenglamada izohladi: “Yondaftarcha bilan «rom» bir odamga, ya’ni mijozga tegishli. Mijoz – jinoyat qurboni Jobirbek!” deb qog‘ozga yana bitta so‘roq belgisini qo‘ydi...

4    

Endi hurmatli o‘quvchilarimizga hikoyamiz qahramoni Akmal va u tergov olib borayotgan jinoiy ish haqida hiyla to‘liqroq ma’lumot berish payti keldi. 
Akmal shahar ichki ishlar bo‘limi tergovchisi. Qorachadan kelgan, bo‘ydor yigit. Dzyu-do bilan boksdan tashqari, sportning shaxmat turiga o‘ta ishqiboz. Oilali, bitta farzandi bor. Yaqinda, eskiroq bo‘lsa ham, mashina sotib oldi. Eng muhimi o‘z ishining ustasi. Faoliyati davomida unga topshirilgan biron-bir ish ochilmay qolmagan. Uxlamasa-uxlamaydiki, lekin jinoyatning tagiga yetmay qo‘ymaydi... 
Shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining xonasida yig‘ilganlar bir necha nomzodlar ichidan ana shu yigitda to‘xtalishdi: “Menga ma’qul!” – dedi ko‘zoynakli barvasta kishi. Hamma uning javobini kutib turgandi. Attestatsiya komissiyasi bir ovozdan Akmalning nomzodini shahar IIB jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i lavozimiga ma’qulladi.
Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida bir oy malaka oshirib qaytgan kuni, uni zudlik bilan shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i huzuriga chaqirib qolishdi. O‘ziga qolsa, yangi haftadan yangi lavozimda ishga chiqmoqchi edi. Oilasi bilan qishloqqa o‘tib kelishni mo‘ljallagandi. Ammo ota-onasini ziyorat qilib kelish rejasi orqaga suriladigan bo‘ldi. 
– Zudlik bilan poytaxtga jo‘naysiz, – dedi shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, salom-alikdan keyin, birrov hol-ahvol so‘ragan bo‘lib. – Bugun shahrimizdagi nufuzli korxonalardan birining direktori Jobirbekning bir haftadan beri dom-daraksiz ekani haqida ma’lumot oldik. Bizga uning do‘sti Shosalim murojaat qildi.
Aytishicha, Jobirbek «Yoshlik» pansionatida davolanishda bo‘lgan. Bir hafta burun xonasidan chiqib ketganicha qaytib kelmagan. Hozircha qo‘limizda bor ma’lumotlar shular. Sizga pansionat joylashgan tuman militsiyasi ko‘maklashadi.

5

Akmal bu ish shu qadar chigal zkanini dastlab xayoliga ham keltirmagandi. Shu bois poytaxt aeroportidan taksiga o‘tirib, pansionatga ketarkan, xayolini o‘zga bir kechinmalar band etgandi: «Qiziq, kecha ketgandim, bugun esa yana poytaxtdaman. Bu taqdirning tuhfasi bo‘lsa kerak!». Axir, bir oy malaka oshirish davrida, bir-ikki saylgohga chiqqanini e’tibordan soqit qilganda, ko‘rgani faqat Akademiya hovlisi-yu, mashg‘ulot xonalari bo‘ldi..
Mashina oynasiga yuzini bosib, shaharni tomosha qilib borar ekan, u Toshkentning bundan o‘n yil burungi ko‘rinishi bilan bugungi qiyofasini xayolan muqoyasa qildi: «Judayam o‘zgarib ketibdi. Yo‘llar keng, ravon. Yirik, muhtasham binolar qurilibdi». 
Talabalik chog‘i, kvartira izlab shaharning aytarlik barcha mahallalariga bosh suqib chiqqan. Shundan shaharni juda yaxshi bilaman deb o‘ylardi. Hozir tanimadi. «Ajabo! Bor-yo‘g‘i o‘n yil ichida shuncha o‘zgarish!» 
Birda hayrat, birda taajjub bilan Yunusobodga keta-ketguncha u ko‘zini tashqaridan uzmadi. Aytgancha, o‘n yillik tanaffusdan keyin malaka oshirish uchun Akademiyaga kelganida ham qadrdon o‘quv dargohini tanimay qolgandi. 
Taksi haydovchisi boyadan beri miq etmay shaharga mahliyo bo‘lib kelayotgan mijoziga bir-ikki qarab qo‘ydi-da, radiopriyomnikning murvatini buradi. Tiniq, dilrabo kuy tarala boshladi. Haydovchining bu ishi Akmalga xush yoqdi. Shu kez, beixtiyor taniqli hofizning «Toshkent» degan qo‘shig‘ini esladi: 
«Doningni yegan chumchuq  qaytib kelar Makkadan»…
Mashina pansionatga yaqinlashib, tezligi sekinlashdi. Akmal qo‘shiq ta’siridan chiqdi. Idrokini endi dom-daraksiz ketgan inson taqdiri bilan bog‘liq kechinmalar band eta boshladi. Jinoyat sodir bo‘lgan hududga qadam bosarkan, xayolidan kechgan dastlabki fikr shu bo‘ldi:
– Tirik bo‘lsa qaytadi, qaytmasa izlab topamiz!..

6

Akmal pansionatda «yo‘qoldi» deb taxmin qilinayotgan shaxs bilan bog‘liq barcha tafsilotlarni sinchiklab o‘rgandi. Davolovchi vrach, navbatchi hamshira, hattoki pansionat bog‘boni ham ko‘rsatma berdi. Jobirbekning xonada qolgan barcha lash-lushlari ashyoviy dalil sifatida olindi. Xullaski, kriminalistlar, kinologlar, analiz oluvchilar qilishi lozim bo‘lgan barcha ishlar bajarildi. Hamma so‘roq qilindi. Qizig‘i shundaki, Jobirbek bir hafta ichida barchaning nazariga tushib ulgurgan, «oqko‘ngil boyvachcha», degan laqab olishga ham muvaffaq bo‘lgan, ammo g‘oyib bo‘lgan kuni uni hech kimsa ko‘rmagan. 
– Biram yaxshi odam edi boyaqish, puldor edi, zinhor kekkaymasdi. Martabali edi, ammo kamtarin, po‘rim keyinardi, – dedi pansionat xodimlaridan yoshi o‘tinqiragan bir xotin.
– Qizlarning hammasi unga oshiq edi: barchamiz uning e’tiborini qaratish uchun ming o‘lib ming tirilardik, – dedi, bunaqa gaplarni oshkora, uyalmay aytishi mumkin bo‘lgan hamshiralardan, sariq soch, moviy ko‘zli qiz Irina.
– Odamga yetmish ikki hunar ham oz ekanini shu yigitda ko‘rdim,– dedi bog‘bon, taassuf bilan bosh chayqab. – Essiz,essiz! Rubob chalardi, qo‘shiq aytardi. Kezi kelganda bog‘ ishlariga ham qarashib yuborardi. Hamma narsaga vaqt topardi. Iloyo joni omon bo‘lsin!..

7

Shosalim Jobirbekning jon do‘sti, sirini ishongan kishisi. U deyarli har kuni Jobirbek bilan birga bo‘lardi. Kezi kelganda shotiri, kezi kelganda maslahatgo‘yi – bir so‘z bilan aytganda omadli do‘stining ortidan soyadek ergashib yurar, sadoqat bilan xizmatini qilardi. 
O‘sha kuni unga telefon qilib, do‘stining g‘oyib bo‘lgani haqidagi gapni yetkazishganida, kutilmagan bunday sovuq xabardan esankirab qoldi. Keyin, mashinasini o‘qdek uchirib Jobirbekning hovlisiga keldi.
«Avval xotini, bola-chaqasini bir oz tinchlantirish lozim, degan qarorga keldim. Hali voqeaning mohiyatini bilmay, eslaridan og‘ib qolmasin, deb qo‘rqdim, – dedi tergov chog‘i Akmalning so‘rog‘iga javoban u. – Keyin Toshkentga qarab uchdim. Jobirbekning g‘oyib bo‘lganiga uch kun bo‘lgan ekan. Pansionatdagilar avvaliga biror yumush bilan shaharga chiqqandir, deb o‘ylashgan. Ertasi kuni bir oz tashvishlanishgan. Uchinchi kuni, uning xonasini ochib, shaharga chiqqanida kiyadigan kostyum-shimi shkafda osig‘liq turganini ko‘rishgan. Uning sport kiyimida shaharga chiqishi mumkin emas, chunki o‘ta madaniyatli inson edi. 
Pansionatdagilar, elburutdan vahima ko‘tarmaslik maqsadida, stol ustida qolgan qo‘l telefonidan uning uyiga sim qoqishgan. Telefonning yonida yon daftarchasi ham qolgan ekan. Telefon raqamini o‘sha daftarchadan olishgan. Men Toshkentga kelib, Jobirbek borishi mumkin bo‘lgan barcha tanishlarnikiga qo‘ng‘iroq qildim. So‘rab-surishtirdim – hech qaerdan topmadim». 
Shosalimning ko‘zlari namlandi: «Uni yolg‘iz qo‘ymasligim kerak edi», – dedi yig‘lamsirab, so‘ng, «Ey xudo qayoqqa ketgan bo‘lishi mumkin?» deb nola chekib yubordi. 
– Siz uni yaqindan bilgan yagona kishisiz. Oxirgi paytlari doimo yonida yurgansiz, ayting-chi, uning dushmanlari bormidi? 
Tergovchi, u tomonga bir oz egildi-da, boyagi savolini boshqacharoq tarzda takrorladi:
– Kimdandir shubha, gumoningiz yo‘qmi?
Shosalim, do‘sti bilan kechgan damlarini, yaxshi-yomon kunlarini xotirlay boshladi.                    
8

Jobirbek oilaning tantiq farzandi bo‘lib o‘sdi. Otasi uzoq yillar beton zavodining direktori bo‘lib ishlagani bois, u ulg‘aygan ro‘zg‘orda yetishmovchilik bo‘lgan emas. Shu bois bolalik, yoshlik davrlari betashvish kechdi. Akasi Qodirbekdan farqli o‘laroq, u hayotga yengil-elpi qarardi. Bu tabiiy hol. Otasi – Murod Shomurodovich, qatag‘on yillarining zulmini boshidan kechirgan, «quloqning o‘g‘li» degan tavqi la’natni bo‘yniga osib ulg‘aygan odam edi. Mushtipar onasi bilan, eshikma-eshik yurib tilanchilik qilgan yillarini, ochlik va suvsizlikdan lablari gezarib jon taslim qilgan onaizorini ko‘mishga ko‘mak so‘rab qilgan ohu zorlarini eslab, ba’zan ko‘ngli buzilib ketardi. Shunday kezlari umr yo‘ldoshi Gulsumbibining yelkasiga qo‘lini qo‘yib;
– Onasi, bizning bolalarimiz, xorlik-zorlik ko‘rmaydi. Men tirik ekanman, ularga balo-qazo yaqinlashmaydi! – deya o‘zining mashaqqatli o‘tmishiga o‘chakishib, taqdiri azalning yo‘riqlarini tan olmayotganini sezmasdi. 
Kichik o‘g‘il ana shunday tarbiya ta’sirida ulg‘aydi. Ammo katta o‘g‘lining o‘limi, vaqt izmida emasligini, hayot uning irodasiga bo‘ysunmasligini ko‘rsatdi. Otalik mehri, topar-tutari bolalarini xoru zorlikdan asradi, illo baloi qazodan asray olmadi.
Akasining fojeali o‘limida erkatoyi Jobirbekni aybladi. Nafaqadagi ota o‘ziga munosib o‘rinbosar bo‘lib yetishib kelayotgan to‘ng‘ich farzandining tobuti ustida: «Akang o‘lgandan ko‘ra sen o‘lsang bo‘lmasmidi» deya nola qilganda, Jobirbek bir yoshga ulg‘aydi. Shu-shu otasining ko‘zlarida unga nisbatan sovuq bir nazar qotib qoldi. Jobirbek uzoq yillar ana shu qotib qolgan diydani yumshatish payida bo‘ldi. Otasining poyiga borini to‘kdi, yoshlikdagi sho‘xliklari uchun kechirim so‘rab oldida tiz cho‘kdi – foydasi bo‘lmadi. Otasining so‘nik, hissiz ko‘zlaridan baribir biror ma’no uqmadi. U akasining bevaqt o‘limi tufayli otaning ko‘nglida armon bo‘lib qolgan niyatlarini ro‘yobga chiqarganida ham, beton zavodining direktori bo‘lib tayinlanganida ham ota uning muvaffaqiyatlaridan na quvondi, na tushkun damlarida dardkashlik qildi.

9

Jobirbekning balog‘at davri juda murakkab kechdi. Uyga kech qaytadigan, o‘zi bilan albatta, bir ishkalni boshlab keladigan odat chiqardi. Mahalla-ko‘y undan bezor, maktabning ham uning axloqiga bir talay e’tirozlari bor edi. Avvaliga uning qiliqlarini ko‘rib-ko‘rmaslikka oldilar. Axir otasining hurmati bor. Keyin-keyin uzunquloq gaplar otaning qulog‘iga yetib bordi. Nasihat qildi: «Bolam, nojo‘ya ishlaring mening martabamga, yillab misqollab yiqqan obro‘yimga raxna solayotganini anglamog‘ing kerak!».
Nasihat kor qilmadi. U o‘z bilganidan qolmadi. Qaysidir bir ovloqda uch-to‘rtta bezorinamo oshnalari bilan ojizroq bir bolani do‘pposlagani, tun yarmidan oqqan payt, mototsikllarini tirillatib odamlarning halovatini buzib, tinchlik bermayotgani haqidagi noxush xabarlar, mish-mishlar yirik zavod direktorining xonasiga qabulxonada navbat kutmay kiradigan bo‘ldi. 
Ota darg‘azab, ona ikki o‘rtada kechayotgan ziddiyatdan dilgir bo‘lib yashardi. Maktabni bitiruv kechasi o‘qituvchilar jamoasining kayfiyatida ikki xil holatni ko‘rish mumkin edi. Ular birda yig‘lab, birda quvnab ketishardi. O‘n yil mabaynida farzandidek bo‘lib qolgan bolalar bag‘rini tark etayotganiga xafalansalar, shodliklarining boisi ketayotganlar safida Jobirbekning ham borligidan edi chamasi. 
Jobirbek poytaxtga ketdi. O‘qishga kirdi. Odamlar qiziq-da! Jobirbek ularni tinch qo‘ysa ham uni eslashdan, gapirishdan charchashmasdi: «O‘qishga kiribdi, yo piray! O‘zining «uch»i bilanmi yo mansabdor otasining kuchi bilan kiribdimikin?» deb malomat qilishdi. Taajjublanarlisi shundaki, u institutga o‘z bilimi bilan kirdi. Yaxshi o‘qirdi. Faqat, bo‘lmag‘ur odatlarini batamom tark etmagandi. Yangi yil bayrami arafasida yana bir ishkal chiqdi. Ishkalmisan ishkal! Devoriy gazetaning bayram sonida kimdir uning nomiga hazil qilib, ikki qator she’r bitib ostiga yarmi xo‘roz, yarmi tovuq suvratini chizgan ekan. Ko‘p qatori Jobirbek ham uni o‘qibdi.

Bilimi zo‘r, kallasiga toj kiydirsang yarashgay,
Ishkali ko‘p, orqasidan tuxum bo‘lib qalashgan! 

She’rni o‘qib, achchiqlanmadi. Hatto “zo‘r” deb maqtadi. Klassika bo‘lishi uchun faqat bir narsa yetishmaydi, dedi u, keyin cho‘ntagidan «zajigalka»sini chiqazib, «yaxshi asarlar hamisha gulxanda yongan» deya, gazetani yoqib yubordi. 

10

Jobirbek masalasi institut jamoasi o‘rtasida muhokama qilinadigan bo‘ldi. Otasini chaqirishdi. Komsomol komitetining sekratariga Jobirbek masalasini yoshlar tashkilotining yig‘ilishida ko‘rib chiqib, institut umumiy yig‘ilishiga taqdimnoma kiritish topshirig‘i berildi. Xullas, ayblov mavsumi boshlandi. 
– Men hech qanday yig‘ilishga bormayman! – alamidan bo‘g‘ilgudek bo‘lib baqirdi ota, telegrammani olib kirgan xotiniga qarab. – Haydashsin! Uning jazosi shu!...
Noilojlikdan «piq-piq» yig‘lay boshlagan onasini to‘ng‘ich o‘g‘il Qodirbek yupatdi: «Dadamdan xafa bo‘lmang. Men borib kela qolaman!».
U o‘sha kech mashinasida Toshkentga jo‘nadi. Bordi, majlisda qatnashdi. Vaziyatni yumshata oldi. Jobirbek jamoadan rasman kechirim so‘radi. Rektorat unga nisbatan hayfsan bilan cheklandi. Hamma narsa o‘z joyiga qaytdi, faqat Qodirbek shu ketganicha uyga qaytmadi. To‘g‘rirog‘i uyga qayta turib, Baxmal dovonida mashinasi halokatga uchradi.              

11 

Akmal pansionatda qilishi lozim bo‘lgan barcha ishlarni qilib bo‘lgach, ortga qaytdi. Toshkentdagi qidiruv aytarlik natija bermadi. Kalavaning uchi topilarmikin, deb qilgan barcha urinishlari zoe ketdi. Shosalimning yordamida Jobirbekni tanigan, bilgan odamlar bilan o‘tkazgan suhbatlari ham besamar bo‘ldi. Hech kim shubhaga asos bo‘ladigan biror-bir holatni ko‘rmagan, gumonga sabab bo‘lgudek biron so‘zni eshitmagan. 
«Tavba! Butun boshli bir odam yo‘qolsa-yu, hech qanday iz qolmasa. Bug‘lanib ketmagandir, harqalay!». Suhbat, so‘rovlar asnosida Akmalning xayolida nuqul ana shu savollar charx urardi. U bu savollarga javob topa olmay qiynalar, ammo qachondir bu chigallarni yechishiga ishonardi. 
Qarshiga qaytib kelgach, qidiruv-tergov ishlarini Jobirbekning  oila a’zolari, yaqin qarindoshlari, uni tanigan, bilgan odamlarni so‘roq qilish bilan davom ettirdi. Tom-tom ma’lumotlar yig‘di. Ish ustida, mahalla-ko‘yda, to‘y-o‘charlarda kim bilan gaplashgan, kim bilan chaplashgan – barcha-barchasini tekshirdi. Zavodlar uyushmasining raisi Zulfiqorovni ayniqsa, alohida nazorat ostiga oldi. 
– Mendan shubha qilishlari tabiiy, – dedi Zulfiqorov huzuriga tashrif buyurgan tergovchini ochiq yuz bilan qarshi olib, – chunki, hamma biladi – Jobirbek keyingi paytlarda mening o‘rnimga nomzod sifatida ko‘rinib qolgandi.
Odamlar shivirlashib yurgan gaplarni Zulfiqorov ochiqdan-ochiq tan olib gapirayotgani Akmalni bir oz taajjublantirdi. «Hushyor bo‘lish kerak» dedi ichida, «Zulfiqorovni «qari tulki» deyishlari bejiz emasga o‘xshaydi».
– Odamlar gapiraveradi! – Zulfiqorov kotibasi choynakni qo‘yib chiqib ketguncha jim turdi-da, so‘ng fikrini davom ettirdi: – Bilmaganlari uchun ham gapirishadi. Shuning uchun men ulardan xafa bo‘lmayman.       
– Agar tashrifim bilan sizni ranjitgan bo‘lsam, uzr! – o‘ng‘aysizlandi tergovchi, keksa odamning yozg‘irishlaridan bezovtalanib. – Men ham aynan shu tomonini o‘ylab o‘zim huzuringizga kelgandim.
– Aksincha, men sizning chaqirishingizni kutgandim. Hattoki, bunga tayyorlangandim ham.
– Tayyorlangandingiz?
– Ha, tayyorlangandim!
Zulfiqorov o‘rnidan turib, ish stoli tortmasidan bir kitob, bir taxlam gazetalarni oldi-da, keltirib Akmalning yoniga qo‘ydi.
– Mana bu kitobni Jobirbek o‘tgan yili chop ettirgandi. Mana bu gazetalarda uning bir qancha maqolalari bosilib chiqqan. Bilasizmi, u ko‘priksozlikda beton konstrkutsiyalardan foydalanishning yangi bir usulini ixtiro qilgan. 
Akmal kinolarda, badiiy asarlarda olimlarning kashfiyotlari tufayli qanday ko‘rguliklarga duchor bo‘lganliklari haqidagi voqealarni ko‘p ko‘rgan, ko‘p o‘qigandi. Zulfiqorovning hikoyasi o‘sha tomonga sirg‘alib borayotgandek tuyuldi unga. Shundan hojati bo‘lmasa ham, hamsuhbatiga luqma tashlashdan o‘zini tiya olmadi:
– Ixtiro?!
– Ha, chinakam ixtiro! Uning iqtisodiy samaradorligini aytmaysizmi?
– Agar sizni to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, Jobirbekning sirli g‘oyib bo‘lishi bilan mana shu ixtiro o‘rtasida bog‘liqlik bor, demoqchisiz?
– Ham ha, ham yo‘q!
“Zulfiqorov ko‘pni ko‘rgan odam. Faoliyati davomida kimlar bilan muloqot qilmagan u. Hamsuhbatini Amuga obborib, suv ichkizmay qaytarib keladiganlar xilidan. Hozir ham shu o‘yinni o‘ynamayaptimikin?”. Akmalning ko‘ksida shubha g‘imirlay boshladi.
– Kechirasiz, sizni tushunmadim?
– Meni tushunish qiyin. Yakkayu yagona tushungan odam Jobirbek edi. – Zulfiqorov og‘ir «uf» tortib xo‘rsindi. – Siz mana bularga qarang!
Akmal kitob va gazetalarning Zulfiqorov ko‘rsatgan joylarini ko‘zdan kechirdi: «Aziz ustozim, maslahatchim va suyanchig‘im Zulfiqorovga! Hurmat va ehtirom ila...” 
Bu har bir maqola sarlavhasi yonida Jobirbekning o‘z qo‘li bilan yozilgan dastxati edi. Bu Jobirbekning ishi yuzasidan Zulfiqorovga nisbatan tug‘iladigan har qanday shubhani yo‘qqa chiqaradigan asos. Yoki aksincha. Akmal kallasida kechgan bu kabi mulohazalarni, keyinchalik tergov xujjatlariga quyidagicha jumlalarda ifoda etdi: «Bu achchiq haqiqat yoki shiringina hiyla».

12

Gulchehraning Jobirbek bilan birgalikdagi hayoti boldan-da totli kechib kelardi. Ikki farzandlarini oq yuvib, oq tarab totuv yashashardi. Gulchehra gohi-gohi o‘z baxtidan masrur bo‘lib, shirin xayollarga berilar, kelishgan, uddaburon, toparmon-tutarmon erining, biri-biridan shirin farzandlarining suvratiga boqib, «Men dunyodagi eng baxtli ayolman!» – deb mag‘rurlanardi. Shunday kezlari oyog‘i yerdan uzilib, yettinchi falakda suzib yurgandek sezardi o‘zini. 
Bir yil muqaddam nima bo‘ldi-yu, ikki o‘rtadagi mehr rishtalari uzildi. Oralaridan qora mushuk o‘tdi. Jobirbek uydan bezidi. Gulchehra jizzaki bir ayolga aylandi. Erini har gal Toshkentga safarga jo‘natayotganida ochiq yuz bilan kuzatib, ochiq chehra bilan kutib oluvchi xotin, endi xayrlashish o‘rniga achchiq-tiziq gaplar bilan tuzlar, qaytganida kinoya va kesatiq aralash zahar sochib qarshilaydigan odat chiqardi. 
– Nima bo‘lyapti o‘zi? 
Jobirbek shu savolga duch kelsa, o‘zini tubsiz o‘pqonga qulagandek sezardi: na ko‘kdan, na zamindan qo‘nim topmas. Noilojlikdan bu haqda o‘ylamaslikka urinardi. Ammo bu bezbet o‘ylar xayoliga so‘rab-netmay kirib kelaverardi: “Xotiniga nima yetishmayapti o‘zi?! Istagani muhayyo bo‘lsa! Erka, tantiq bo‘lib boryapti kundan-kun. Noshukur banda!”. 
Tilamchi uzatilgan kaftiga bir nima tashlamaguningcha, huzuringdan nari ketmagani kabi, Jobirbekni ham xotini haqidagi o‘ylar sira tark etmasdi. Ko‘nglini bezovta qilib turgan shilqim savollarni daf etishga javob topa olmay qiynalardi. To‘g‘ri, Gulchehraning hech nimadan kami yo‘q. Yegani oldida, yemagani ortida. Ro‘zg‘or tashvishlari, bichish-tikish, mol-hol, supir-sidir singari yumushlarni unutganiga ham ancha bo‘ldi. Bu ishlarni hizmatchilar bajarishardi.
Gulchehra bir yil muqaddam toshkentlik bir juvon qo‘ng‘iroq qilgan o‘sha kundan beri halovatini yo‘qotdi. Quloqlari ostidan o‘sha masxaromuz ovoz, ayollik sha’nini tahqirlovchi so‘zlar ketmay qoldi:
– Voy, qanaqa ayolsiz, Gulchehra opa! – xuddiki dugonalarday samimiy gap boshlagandi u. – Eringizni sal sovutib, popugini pasaytirib jo‘natsangiz-chi Toshkentga. To‘shakda naq zilzila-ya! 
– Siz kimsiz? – Eri haqida aytilayotgan «maqtov»dan gangib qolgan Gulchehraning topgan gapi shu bo‘ldi. – Telefon raqamini terishda yanglishmadingizmi, ishqilib?
– Voy, Jobirbek akamning uylarimi shu?
– Ha-a, shu!
– Men eringizni jazmaniman! Sizga jonim achigani¬dan telefon qilayapman. Oilalaringiz buzilmasin, deyman. Kecha Jobirbek akamdan, «buncha ayolga o‘chsiz – to‘shakdagi ishlardan to‘ymaysiz, desam, dardlarini yordilar: “Jonim, xotinim bor, ammo u to‘shakda jonsiz tarashaning o‘zi”, dedilar. Opajon, o‘zingizga qarang. Bo‘yaning! Agar, lozim bo‘lsa, bir-ikkita ishqiy amallar bor – o‘rgataman!.
Notanish raqibasining qolgan gaplarini tinglashga Gulchehra o‘zida kuch topa olmadi. Go‘shakni shaxd bilan otib yubordi. O‘tirib, rosa yig‘ladi! O‘sha kuni ilk bora bekamu ko‘stdek tuyulgan, ammo aldovlari bilan uni shu kungacha laqillatib kelgan hayotga la’natlar o‘qidi. Ko‘nglida eriga nisbatan bir adovat uyg‘ondi.    

13

Sakina qilar ishni qilib qo‘ydi-yu, ko‘ngli bir oz og‘ridi. Ming qilsa ham ayol-da, qanchalar rost bo‘lmasin, beozor bir xotinning ko‘nglini ranjitgani chakki bo‘ldi. Go‘shakni joyiga qo‘yib, to‘shakda yalpayib yotgan erkakka o‘girildi:
– Ko‘nglingiz joyiga tushdimi?
Ayolning kayfiyatidagi o‘zgarishdan dovdirab qolgan erkak, qoshlarini chimirgancha o‘rnidan turmoqchi bo‘lgan jazmanining bilagidan tutib to‘xtatdi.
– Jonim!
– Shu qilib yurgan gunohim uchun hali do‘zahda javob beraman. Bunisi endi ortiqcha! – burgutning changalidan qutulmoqchi bo‘lgan polapondek tipirchiladi u. 
Erkak o‘zini oqlamoqqa tushdi:
– Kechiring, kechiring meni, jonim! – Keyin bir oz  ma’yuslandi. Juvonda achinish hissini uyg‘otmoqchi bo‘ldi: – Meni ham tushuning-da, axir! Nima qilay, o‘zim ayta olmasam? O‘rtaga odam solishga majbur bo‘ldim. Hammasi yaxshilikka-ku! Maqsadim, sizdek ofatijon bo‘lsin deyman. To‘shakda tarashadek yotavermasdan, alangalansin, yonsin deyman.
Juvon “yalt” etib unga qaradi. Bu nigohdan ko‘p ma’no uqish mumkin edi. Bu qarashlarda, «hali sen meni yondi, deb o‘ylayapsanmi? Senga o‘xshagan har bir boyvachchaning og‘ushida yonaversam – kuyib kul bo‘laman-ku! Sen alanga deb o‘ylagan bu yonishlar, aslida yasama, ichim tutunga to‘lib ketganini qaydan ham bilasan? Sen kabi ovsarlarning pulini shilib olish uchun yolg‘ondakam yonib, yolg‘ondakam chirsillayotganimni tushunishga senga yo‘l bo‘lsin!» degan haqiqat uchqunlari bor edi. Erkak uni  ang¬lamadi. U ortiq shakarguftorlikka hojat qolmaganini payqab, vannaga tomon ketarkan: «Cho‘ntagimda bir dasta pul bor! Sizga atalgan!» dedi. So‘ng «ol», degan ma’noda kursining suyanchig‘iga tashlangan kostyumiga ishora qildi. 
Juvon avvaliga pulni olgisi kelmadi. Hali ham qilib qo‘ygan nojo‘ya ishini o‘ylab, garangsib turardi: «Bechorada nima ayb?» derdi ichida bir ovoz uni qiynoq-qistovga olib: «Sen axir bu muhoraba maydoniga faqatgina o‘zingni qalqon qilish uchungina tushgansan – unutma! Qoidani buzib nima qilasan? Erkaklarning nayzasiga qalqoningni tutib yuravermaysanmi – bir beozor ayolga tig‘ sanchganing nimasi?».
Bo‘lar ish bo‘ldi, degan xulosaga keldi u, oxiratim kuygani aniq, kunligim kuymasin hartugul, deya pulni olishga qaror qildi.
Kostyumning yon cho‘ntagidan ikkita pasport chiqdi. Hujjatning biri Jobirbekniki, ikkinchisi boshqa bir kishining nomida edi. Pasportlarni joyiga qo‘yarkan, «bunaqa odamlar nafaqat xotiniga xiyonat qilib, boshqa to‘shakka kirishdan qaytmaydi, o‘ziga xiyonat qilishdan, boshqa nom, boshqa qiyofaga kirishdan ham toyishmaydi!» degan o‘y kechdi xayolidan. Keyin menga baribir emasmi, dedi-da, narigi cho‘ntakdan bir bog‘lam pulni olib, sumkachasiga soldi. Tez-tez kiyindi. Stol ustidagi qog‘ozga shosha-pisha bir nimalarni yozdi va xayr-ma’zurni ham nasiya qilib, mehmonxonani tark etdi.
Vannadan yelkasiga sochiq tashlab chiqib kelgan erkak, juvonning ketib qolganiga taajjublanmadi. Endi uni yo ko‘radi, yo ko‘rmaydi. Keyin stol ustidagi xatga ko‘z tushdi. Unda kata-katta harflar bilan:
“To‘shakdagi tarashaning yonishi uchun erkakda biroz cho‘g‘, jichchagina taft bo‘lishi kerak, aka!” deb yozilgandi. Erkak, suyuqoyoq juvonning ta’sirchan chiqib qolganidanmi yoki tuzib qo‘ygan rejasi bo‘yicha yana bir ish silliqqina amalga oshganidanmi, xandon otib kulib yubordi. 

14

Gulchehra o‘sha kuni ilk bor Toshkent safaridan qaytgan erining istiqboliga peshvoz chiqmadi. Sovg‘a-salomlarni qo‘ltiqlab uyga kirgan eriga istar-istamaygina salom berdi. «Tan-joning sog‘mi?» deb bergan savoliga esa: «Tarashaday tirishib yotibman», deb bema’ni bir javob qaytardi. Jobirbek tushunmadi, ammo o‘ylab o‘tiradigan vaqt emas. Ko‘priksozlik boshqarmasiga chaqirtirishibdi. Germaniyadan mutaxassislar keladigan ekan. Uning loyihasi bilan tanishishmoqchi emish. Shundan u uyda uzoq qolmadi. Telefondan xizmat mashinasini chaqirtirdi-da, ko‘chaga chiqdi. 
Jobirbekdan ruxsat bo‘lgach, mashinani o‘qdek uchirib uyi tomon ketib borayotgan Shosalimning qo‘l telefoni jiringlab qoldi. «Obbo, – dedi u tezlikni bir oz pasaytirib, – uyga yetib borolmaydiganga o‘xshayman». 
Ammo u yo‘ldan qaytmadi, qo‘ng‘iroq qilgan Jobirbek emas, Gulchehra ekan.
– Tinchlikmi, yanga? 
– Salimjon, sizdan bir nimani so‘rasam... 
Gulchehra nimadandir iymanganday jim bo‘lib qoldi. Fikridan qaytdi chamasi.
– So‘rayvering, yanga!
– Siz akangiz bilan hamisha birgasiz. Kecha kechqurun Toshkentda u kishi bilan bir joydamidinglar?
Shosalim nima deyishini bilmay qoldi. Gulchehraning eri haqida birinchi marta so‘rab-surishtirishi: «Nima desamikin?». Borini bor holicha gapirgani ma’qul. Qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarib qo‘ymasin tag‘in.
– Ha, kechgacha birga edim. Keyin, mehmonxonada qoldirib, bir-ikki yumushlarimni bitirib keldim.
– Yolg‘iz o‘zlarinimi?
– Ha!
– Qaysi mehmonxonada?
– «Quruvchi».
– Mabodo sizda o‘sha mehmonxonaning telefon nomeri yo‘qmi? 
Shosalimda telefon raqami bor edi. Ammo bermadi. Ishkalga aralashmagani ma’qul. «Yo‘q» deyishdan ko‘ra boshqa usul qo‘lladi.
– Ma’lumotlar byurosidan so‘rab beraymi?
– Yo‘q! O‘zim so‘rab olarman. Faqat sizdan iltimos, bu haqda akangizga gapirib yurmasangiz!..
Shosalim telefonni o‘chirib, uloviga gaz berdi. Mashinaning ovozi uning so‘zlarini bosib ketdi:
– O‘zingiz aytmasangiz, Shosalim boshini tig‘ga tutadigan ahmoq emas, yangajon!.

15

Viloyat hokimligining katta majlislar zalida tender yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda vohaning bir necha hududlarida qurilishi mo‘ljallangan yangi ko‘prik inshootlarining loyihalari tanlovga qo‘yildi. Viloyat hokimi va markazdan kelgan kazo-kazolar tender g‘olibi bo‘lgan loyiha muallifi Jobirbekni qutlashdi. Shu payt hokim ko‘priksozlik boshqarmasi boshlig‘iga luqma tashladi:
– Ha, Muhtaram Kalonovich! Nega qarsak chalmayapsiz? Og‘zingizdagini oldirib qo‘yganingizga xafamisiz yo? Ishlash kerak, ishlash!.. 
Muhtaram Kalonovich kitob javonidagi o‘sha holat aks etgan fotosuratga boqib, o‘sha voqeani yana bir karra xayolidan o‘tkazdi: “Bu jinqarcha yana yo‘limga g‘ov bo‘ldi: viloyat kengashiga muqobil nomzodlar emishmiz. Tavba! Kim o‘ylab topdi shu muqobillikni, bilmayman! Bir kamim endi shu bola bilan bellashmaganim qoldi. Yangilik yaratgan bo‘lsa, yaratgandir. Nima bo‘pti? Dun-yo¬da qanchadan-qancha olim ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan mo‘jizalarni ixtiro qilayapti. Birortasiyam viloyat kengashiga... darvoqe, hamma joyda har hil ataladi-ku, senatgami yoki dumagami urayotgani yo‘q-ku, o‘zini?».
Agar telefon jiringlab qolmaganida, Muhtaram Kalonovich hayhotdek kabinetda hali ancha vaqt qoqqan qoziqdek turib qolgan bo‘lardi. Zalvorli stolini aylanib o‘tib, hashamatli kreslosiga cho‘kdi-da, istar-istamay go‘shakni ko‘tardi.
– Kim bu?
– Muhtaram Kalonovich, go‘shakni o‘zingiz ko‘targaningiz yaxshi bo‘ldi. Sizda muhim ishim bor edi. 
– Qabul kuni shanbada! Ro‘yxatga yoziling, mar¬hamat, gaplashamiz!
U yana nimadir demoqchi edi, boyagi kishi uning so‘zini bo‘ldi:
– Bu sizning foydangizga, saylov masalasida.
Muhtaram Kalonovichga ayni shu kunlarda saylov masalasi bosh masala bo‘lib turar, chamasi telefon qilgan odam buni juda yaxshi bilardi. Uzoqdan qo‘ng‘iroq qilmagan shekilli, ruxsat bo‘lgach, ko‘p o‘tmay kabinet eshigidan uning boshi ko‘rindi. 
Muhtaram Kalonovich hamma narsani kutgan bo‘lishi mumkin, ammo buni kutmagandi. Shul bois ham kutilmagan bu tashrif uni dovdiratib qo‘ydi: “Siz?” dedi u mehmonni yonidagi kursiga taklif etarkan. 
– Ha, ko‘rib turganingizdek, men!
– Men bilan qaysi muhim masalada gaplash¬moqchi edingiz?
– Saylovdagi raqibingiz Jobirbek masalasida, – dedi boyagi kimsa, «raqibingiz» so‘ziga alohida urg‘u berib. Keyin qo‘shib qo‘ydi:  – Sizning foydangizga albatta!..

16

Sakina o‘zini izlab kelgan notanish kishilar bilan avvaliga uchrashishni istamadi. Bugun dam oladigan kuni. “Loaqal, bir kun erkaksiz yashayin, izn beringlar, baraka topgurlar!” – dedi u telefon dastasini qo‘yishga chog‘lanarkan. 
– Biz siz o‘ylagan masalada emas, balki boshqa bir maqsadda siz bilan uchrashmoqchimiz.
– Boshqa masalada? – hayron bo‘ldi u. – Mening shundan boshqa ish qo‘limdan kelmaydi. 
Shundan so‘ng, kelganlar Jobirbek haqida gap¬lashmoqchi ekanliklarini bilib, ko‘rishishga rozi bo‘ldi. 
– Kelinglar! Manzilimmi? “Qorasaroy , 193”, – deb u notanish mehmonlarni uyiga taklif qildi.
– Jobirbekni nomini eshitsa xotinlarning ishtonbog‘i yechilib ketadigan bo‘libdi. – Kinoya qildi Sakinaning chog‘roqqina oshxonasidan joy olgan ikki mehmonning biri. – Mana, siz ham biz bilan uchrashmoqni xohlamay turgan edingiz, uning nomini eshitishingiz bilan qaroringiz o‘zgardi qo‘ydi.
– Jobirbekning bu frontda ham mashhur ekanini bilmagan ekanmiz, – masxaraomuz jilmaydi ikkinchi mehmon, choy damlashga tutingan Sakinaning kalta ko‘ylagi ostidan ko‘rinib turgan oppoq, silliq soniga ishora qilib.
– O‘sha muttahamning nomi o‘chsin! – Jig‘ibiyroni chiqdi Sakinaning. 
– Iy-e, tinchlikmi? U kishi viloyatimizning nufuzli katta amaldorlaridan – hurmatlari zo‘r! – Atayin uni alqagan bo‘ldi ikkinchi kishi .
– Bir gal ishrat qilgandik. Hotamtoylik qilib qo‘limga bir dasta pul tutqazdi. O‘shandayoq ko‘nglim sezgandi-ya, olmasam bo‘larkan. Yasama ekan pullari.
– Yo‘g‘-e, nahotki? U kishining shunaqa qiliqlari ham bor ekanmi hali? – rosmana hayratlangan bo‘ldi ikkala mehmon.
– Voy, sizni aldab foyda topamanmi? – Sakina choy qo‘yib uzatarkan, hikoyasini davom ettirdi. – Pullarni «ko‘k»iga almashtirmoqchi bo‘lib, yaxshiyam bankda ishlaydigan dugonamga borgan ekanman. Aks holda, voy-bo‘y, sharmandalikni ko‘ring edi. Hay mayli, muddaoga ko‘chaylik, – jiddiylashdi Sakina, – manda nima ishlaringiz bor edi?
– Bilasizmi, o‘sha Jobirbek deganlari haqi¬qatan ham buzuqi bir muttaham odam! Lekin... lekin, nimagadir shu kunlarda oshig‘i olchi. – Mehmonlarning biri so‘zlari Sakinaga qanday ta’sir qilayotganini bilmoq uchun bir muddat jimib qoldi. Keyin choy ho‘pladi. Qarasa, Sakinaning vujudi quloq. Davom etdi: – Shu odam bir akaxonimizning yo‘liga g‘ov bo‘lib, saylovga xalaqit beryapti. Shunga bir oz yordamingiz kerak .
– Ochiqroq so‘zlayvering, nima qilib berishim mumkin?
– Bitta maktub bitib bersangiz, – tilga kirdi mehmonlarning ikkinchisi, – o‘sha ishrat kechasi bilan bog‘liq voqealarni, yasama pul haqida ham. 
Sakina o‘sha kuni Jobirbek xotiniga telefon qildirgani uchun bir xafa bo‘lgan bo‘lsa, bergan pullari soxta chiqqani uchun xafaligi ochiqdan-ochiq adovatga aylangandi. Shundan u bir oz ikkilandi-yu, lekin taklifga ko‘ndi. Xatni boshlashga boshladi-da, keyin bir nimani eslab, taqqa yozishdan to‘xtadi. Erkaklar sarosimalanib qolishdi.
– Buning menga zarari tegmaydimi?
– Ishontirib aytamanki, yo‘q! Bu faqatgina uning o‘ziga ko‘rsatiladi. Nomzodini saylovdan olsa, bas! Shundan keyin bu xatning bir chaqalik qiymati qolmaydi.
–Ungacha-chi? 
Sakinaning qochirimi o‘rinli bo‘ldi. Shu kez mehmonlarning biri: «Ha-ya, unutibman», dedi-da, yuz dollarlik qog‘ozdan uchtasini stolning ustiga chiqarib qo‘ydi. Sakina mehmonlarni kuzatarkan, yana bir nima esiga tushdi:
– Darvoqe, telefonimni kimdan oldingizlar? 
Erkaklar avvaliga bir-birlariga qarab jilmayishdi. So‘ng biri: «Siz bilgan Jobirbekdan!» – dedi. Sakina tushunmay, yelkasini qisdi. Keyin: «menga baribir emasmi», dedi-da, eshigini yopib oldi.

17

Jobirbek Shosalimni do‘st deb g‘oyat qadrlardi. Shosalim viloyat markazidan uzoqroqda o‘sib ulg‘aydi. Oilada yolg‘iz o‘g‘il bo‘lgani sabab harbiy xizmatni Qarshida o‘tadi. Keyin ma’lum bir muddat qishlog‘iga ketdi. Uylandi. Otasining qirqini o‘tkazib, er-xotin shaharga ko‘chishdi. Beton zavodiga ishga kirdi. O‘shanda Jobirbek tsex boshlig‘i, Shosalim uning qo‘l ostida oddiy ishchi bo‘lib ishlardi.
Bir sabab bo‘ldi-yu, Jobirbekning mehrini qozondi u. O‘shanda kechki payt tsexda elektr simlarining qisqa tutashuvidan yong‘in chiqdi. Ish vaqti tugagan bo‘lishiga qaramay odamlar ko‘plashib o‘tni o‘chirishga muvaffaq bo‘ldilar. Olovni-ku, o‘chirishga o‘chirishdi, lekin ertaga tsexga komissiya kelishi kerak edi. Bu ahvolda tsex boshlig‘ining holiga voy: kamida qattiq hayfsan olishi turgan gap. Shunda, uning joniga Shosalim oro kirdi:
– Og‘aynilar, – dedi u, o‘zi kabi oddiy-oddiy ishchilarga qarata, – tsexning obro‘yi o‘zimizing obro‘yimiz. Agar bir kechaning bahridan o‘tsak, hamma narsani joy-joyiga qo‘yishimiz mumkin. Men kechga qolaman, kim taklifimni qo‘llab-quvvatlasa – qolsin; xohlamaganlardan ranjish yo‘q.
Jobirbekning ko‘ziga Shosalim shu lahzalarda najot qal’asi bo‘lib ko‘ringandir. O‘zi bundoq taklifni o‘la qolsa kiritishga jur’at etmas, o‘zining obro‘yi uchun ishchilarni kechki smenada ishlata olmasdi. Ammo bu tashabbusni oddiy ishchi yigitning ko‘targani ayni muddao bo‘ldi. Kimdir istab, kimdir istamay, lekin hamma o‘sha kecha tsexda ishlab chiqdi. Jobirbek ertalabga yaqin hamma ishlar qilib bo‘lingach, barchani kechqurun uyida kutajagini aytib ziyofatga chorladi.
Mehmondorchilik juda quyuq bo‘ldi. Jobirbek kunduzi kelgan komissiya tsex faoliyatini yuqori baholaganini aytib, barchaga minnatdorchiligini bildirdi: “Sizning bu fidoyiliklaringizni hech qachon unutmayman”. Keyin uyiga kirib tuguncha qilib bog‘langan o‘nta chopon ko‘tarib chiqdi. «Qo‘ying-qo‘ying» deyishlariga qaramay barchaga to‘n ulashdi. Mehmonlar ketar chog‘i, hamma bilan quchoqlashib xayrlasharkan, Shosalimning yengidan tortdi-da: «Siz bir muddatga qoling», – dedi shivirlab. 
Shundan keyin shu kabi holatlar ko‘p bor takrorlandi. Jobirbek har bir yutuqqa erishganida, mansab pillapoyalaridan ko‘tarilganida qadrdon jamoasini ziyofatga chorlab, har gal mehmonlarni kuzata turib Shosalimni alohida olib qolardi. Zavodga direktor bo‘lgan kuni ham shunday bo‘ldi. Mehmonlardan ajralib, hovliga qaytib kirishgach Jobirbek uning tirsagidan tutib, hovli chekkasida usti brezent bilan yopib qo‘yilgan mashinaning yoniga yetaklab bordi. Keyin cho‘ntagidan kalitini chiqazib, uning kaftiga qo‘ydi.
– Mashina muborak bo‘lsin! 
– Mengami? – Shosalim rosmana hayratdan dovdirab qoldi.
– Bu hali hammasi emas! – Jobirbek endi uni ziyofat stoli tomonga yetakladi. – Ertadan boshlab xizmat mashinalarimdan birini qabul qilasiz – o‘ng qo‘lim bo‘lasiz. Uzoq safarlarga, ayrim shaxsiy ishlarda hamrohlik qilasiz.
Shosalimning boshiga omad qushi, to‘g‘rirog‘i omadning egizak qushlari qo‘ngandi. Shundoq qimir etsa, omad qushlari uchib ketadiganday qotdi-qoldi u.    

18

Goh u ish bilan, goh boshqa bir yumush bilan Toshkentga qatnashga to‘g‘ri kelardi. Keyingi paytlari yo‘l azobi sezila boshladi: «Toliqib qolayapman, halitdan!». 
Jobirbek, mashinaning orqa o‘rindig‘ida, yonidagi yumshoq yostiqchaga yonboshlagancha xayol surib borardi. Tashvishlar ham ko‘payib ketdi. Tavba! «Katta yo‘lning katta bo‘lar muammolari» deb to‘g‘ri aytishgan ekan. Na uyda halovat bor, na ishda tinim. Bir tomondan muvafaqiyatlarga erishib zavqlanasan kishi, boshqa bir tomondan dilni xira qiladigan ishlar. 
Ayniqsa, bir oy burun saylovlar davrida Muhtaram Kalonovichdek odamning tarafdorlari tarqatgan bo‘hton aqlga sig‘maydi. Nahotki, odam bolasi bir-biriga shu qadar razillik qila olsa?! «Ayniqsa, Muhtaram Kalonovichning saylovchilar bilan bo‘lgan uchrashuvda qandaydir uydirma maktubni dastak qilib, meni yomonotliq qilmoqchi bo‘lgani shunday odamga munosib ish bo‘lmadi. Haliyam, saylovchilarimga rahmat. Hammalari oddiy odamlar, lekin kim qayoqqa yur desa, ergashib ketadiganlardan emas. Ayniqsa, anavi o‘qituvchi amaki sozladi-da!»
Jobirbek Sakinadan noma’lum odamlar yozdirib olib, o‘quvchilarimiz uchun anchadan buyon notanish qolib kelayotgan bir nusxa, Muhtaram Kalonovichning kabinetiga keltirib pullagan maktubni saylovchilarga o‘qib bergach, munozara uchun minbarga chiqqan keksa maktab o‘qituvchisining so‘zlarini esladi.
– Men adabiyot o‘qituvchisiman, – deya o‘zini tanishtirgandi u. – Mavzu berib, o‘quvchilarimga insho yozdiraman. Tekshiraman. Baholayman! Eng yaxshilarini ko‘pchilikka o‘qib beraman. Muhtaram Kalonovich, meni kechiring-u, qo‘lingizdagi maktub sizning o‘z o‘quvchingizga yozdirgan inshoingiz bo‘lsa kerak. Mavzuni o‘zingiz bergan bo‘lsangiz kerak!..
Majlis ahliga ayni shu gap kerak bo‘lib turgan ekan, gulduros qarsak chalib yuborishdi.
«Shunday chog‘lari Gulchehra menga tayanch bo‘ladimi desam, uning munosabati tamoman tushuniksiz. Keyingi paytlari bolalarning ham yurish-turishlari o‘zgargan. Gulchehra ta’sir o‘tkazayapti nazarimda. Lekin, nega? Nima uchun?». Ayniqsa o‘tgan gal Toshkentdan qaytganidagi holat uni tamoman lol qildi. Gulchehra unga qovog‘ini solib salom bergani holda, Shosalimga jilmayibgina, «Yaxshimisiz?» dedi. Bolalar-chi, dadam keldilar deb emas, Shosalim amakim keldila, deb ko‘chadan yugurgilab kirishganida, Jobirbekning ichidan bir nima «chirt» etib uzilgandek bo‘ldi.
Jobirbek xayolida kechgan yomon bir o‘ydan sapchib tushdi. Bamaylixotir rul boshqarib borayotgan Shosalimga shubhali nigoh tashladi. Keyin o‘z ishidan o‘zi uyalib ketdi: «Unda nima gunoh! U bechora o‘z ishini qilayapti. Gulchehrani yanga deb hurmat qilishi, bolalarimni amakidek yaxshi ko‘rishi tabiiy-ku!. Ayb o‘zimda, ish deb, otam¬ning ko‘nglini yumshataman deb oilamdan e’tiborimni, mehrimni ayaganga o‘xshayman! Bunga chek qo‘yaman albatta!». 
U ro‘zg‘ori shundoqqina ko‘z o‘ngida eski devordek nurab borayotganini ko‘rib turardi. Faqat uni ta’mirlashga, saqlab qolishiga ishongani holda hozircha vaqt topmayotgandi. Hozir ham qat’iy bir qarorga kela olmadi.    

19

Gulchehra odobli bir oila farzandi edi. Dilidagi hadeganda tiliga chiqavermasdi. O‘zi bilan o‘zi kuyib, jizg‘anak bo‘lib yuraverardi. Bu gal ham shunday bo‘ldi. Eriga dardini dasturxon qilib yozsa, e’tirozlarini aytsa bo‘lardi. Garchi erining ishidan ko‘ngli darz ketgan, endi uni chegalab bo‘lmasligi kundek ravshan bo‘lsa ham to‘lib ketgan yuragini bir oz bo‘shatib olishi mumkin edi! Yo‘q! U yana jim. So‘z demas, kinoya-yu, kesatiqlarini, zarda-yu iddaolarini nigohlarida jamlab otgani-otgan. Jobirbek esa bu kabi boqishlar tilsimini yecha olmay xunob edi. 
O‘sha notanish juvon qo‘ng‘iroq qilgan kunlari siqilib yurgan Gulchehra ota-onasini ko‘rgani bordi. Qanchalik yashirmasin, onasi uning ichida bir dard borligini sezdi.
– Ro‘zg‘oring tinchmi o‘zi, qizim? – so‘radi ona bezovtalanib. 
Gulchehra shu joyda o‘zini tutib tura olmadi. Bir necha kundan beri sassiz yig‘layotgan yurakning sirini ko‘zlari fosh etib qo‘ydi! Onasi uning dardlarini ting¬lagach, qizini yupatdi:
– Bu har bir ayolning boshida bor qismat! Erkak kishi uydan yetti qadam uzoqlashdimi, bo‘ydoq hisoblanadi. Shunga ko‘nikishing kerak! Biz-ku, oddiy odamlarmiz, hatto payg‘ambarimizning xonadonlarida ham shunday mojaro bo‘lgan. 
– Qanday mojaro? – Gulchehra ajablanib onasiga boqdi.
– Hazrati Alining xotini Fotima onamiz, bilasan, payg‘ambarimizning qizlari bo‘lgan. Erlari ustilariga xotin olmoqchi bo‘lganlarida, ichlariga bir qaltiroq kiribdi. Bu haqda onalariga, onalari otalariga aytibdilar. Shunda payg‘ambarimiz (S.A.V): “qizing chiqib daraxtni quchsin, qaltirog‘i qoladi”, degan ekanlar. Fotima onamiz, o‘shanda bir ulkan terakni quchgan ekanlaru, qaltirog‘lari terakka o‘tgan, deyishadi. 
Rivoyat Gulchehraga bir oz bo‘lsa-da taskin bo‘ldi. Onasining so‘zlaridan tasalli topib, uyga qaytdi, xiyonatni kechirdi ham. Lekin, eriga ko‘zi tushdi, deguncha, uning o‘zga bir ayolga xotinining hissizligini so‘zlab turgan holatini ko‘z oldiga keltirar, o‘z-o‘zidan xomush tortar, istamasa ham eridan jirkana boshlardi: «Nahotki unuta olmasam?». Bot-bot o‘ziga ana shu savolni berar, axir bunaqada birga yashashdan ma’no yo‘q-ku, deya dahshatga tushardi. Keyin onasi so‘zlab bergan yana bir rivoyatni esladi. 
Odam bilan cho‘chqa do‘stlashishibdi. Cho‘chqa do‘stini uyiga mehmonga chaqiribdi. Dasturxon yozib, topgan-tutganini oldiga qo‘yibdi. Keyin bir oz maqtov olish ilinjida, «Qanday?» – deb so‘rabdi. 
– Hammasi yaxshi, gap yo‘q! – debdi odam. – Faqat, uying bir oz sassiq ekan. 
Odamning nonko‘rligidan cho‘chqa jahllanibdi. Ziyofat mushtlashuv bilan tugab, cho‘chqaning boshi yorilibdi. Do‘stlik rishtalari uzilib uzoq vaqt yuz ko‘rmas bo‘lib ketishibdi. Yillar o‘tib, aloqalar yana tiklanibdi. Endi odam uni uyiga chorlabdi. Mehmon qilibdi. Keyin, xijolat ichra so‘rabdi:
– Do‘stim, bir vaqtlar boshingni yorib qo‘ygandim. Jarohating bitib ketdimi? 
– Jarohat-ku, bitib ketdi, ammo, – deya og‘ir xo‘rsinibdi cho‘chqa, – uying sassiq deganing hech esimdan chiqmaydi.
Gulchehra ba’zan erining suvratini qo‘liga olib, «Azizim, nima qilib qo‘ydingiz axir? Xiyonatingizni kechirdim, – o‘kirib-o‘kirib yig‘lardi u, – ammo «puf, sassiq», deganingizni unutolmayman, unuta olmayapman!»... 

20

Shosalim Jobirbekning yana bir siridan voqif yagona kishi edi. O‘tgan yili markaziy gazetalardan birining muxbiri zavodga kelgandi. Jobirbek bilan suhbatlashdi. Nimalarnidir yon daftarchasiga yozib olgan bo‘ldi. Muloqot asnosida, “hamma yoqni betonlashtirib yuboribsiz-ku, tabiat qo‘yniga ham chiqib turasizmi?”, deb so‘radi. Jobirbek bunday ilmoqli gaplarni tezda fahmlardi. Darhol tog‘li Yakkabog‘  oromgohlaridan birida dasturxon tuzashlarini buyurdi. Zavod tsexlarini aylanib chiqishgach esa, muxbir qizni bir piyola choyga taklif etdi. 
Toqqa Shosalimning mashinasida chiqishdi. Ziyofat qizigandan qizidi. Davrada Jobirbek, muxbir va Shosalimdan tashqari yana ikki kishi bor edi. Ulardan biri qo‘rada kabob pishirardi. Ikkinchisi esa qozonda go‘sht qovurib turar, dasturxondagi taomlarni yangilash va boshqa mayda-chuyda yumushlar ham ularning zimmasida edi. 
Shosalim o‘rtada o‘tirib qadahlarni to‘latar, goh direktorni maqtab, goh muxbirni alqab “tost” so‘zlardi. Ziyofat avjida, kallalar ham qizib, o‘rtaga uyat latifalar ham aralasha boshladi.
– Rosa qizib ketdim, – dedi qiz katta piyolani Shosalimga uzatib. – Menga muzdekkina suv bering!
– Chalop tayyorlab bera qolay, issiqning taftini oladi! – dedi Shosalim, qizning javobini ham olmay, chalop tayyorlashga tutinarkan.
– Chalop? U nima? – qiziqsindi qiz.
– Savolingiz menga bir voqeani eslatdi, – dedi Jobirbek, shirakayf ko‘zlarini zo‘rg‘a ochib. – Sobiq Ittifoq davrida viloyat rahbarlarining ikkinchi kotiblari, bilasiz, rus millatiga mansub kishilardan bo‘lardi. Bir gal ana shu kotib raykom sekratari hamrohligida toqqa chiqibdi. Chorvani ko‘ribdi. Havo issiq; quyoshning taftidan lohas bo‘lib, katta bir toshning ustiga o‘tirib olibdi. Keyin huzurida qo‘l qovushtirib turganlarga qarata: «Takka chikdik azib-yazib. Endi bitta jalab bo‘lsa, bi-i-r maza kilardik», debdi.    
– Nima, nima? Jalab? – qiyqirib yubordi qiz.
Uning hikoyadan ta’sirlanib ketgani davradagilarga xush yoqdi. Maqsad ham o‘zi shu! Muxbirning ko‘nglini ovlash kerak. Korxona haqidagi taassurotlari, aslida mana shunday davrada shakllanadi.
– Ha, jalab, debdi. O‘zbek tilini buzib gapirar ekan-da! – hikoyasini davom ettirdi Jobirbek, yanada dadillanib. – Xullas, kattaning gapi gap! Bajarish kerak. Raykom sekratari xo‘jalik raxbarini chekkaga tortibdi. 
– Qishlog‘ingizda jalab bormi?
Xo‘jalik rahbari «yo‘q» degan ma’noda yelka qisibdi: «O‘zimiz ham onda-sonda Qarshidan opkelamiz! Bittasi boru, o‘rta yoshli xotin, lekin o‘risga ko‘narmikan – bilmayman». 
– Boring. Ko‘ndiring! – qat’iy buyruq beribdi raykom sekratari.
Xo‘jalik raisi qishloqdagi yakayu-yagona beva ayolni avrab-savrab, sochini qatiqqa yuvdirib, qoshiga o‘sma qo‘ydirib olib kelguncha bir oz vaqt o‘tibdi. Viloyat rahbari esa, bot-bot bezovtalanib, «Bir jalab olib kelish shuncha kiyinmi? Bizni xatinlar buni tez bajaradi», deb qo‘yarkan. Nihoyat raisning qorasi ko‘rinibdi-yu, raykom sekratarining yelkasidan tog‘ qulagandek bo‘libdi. 
– Mana, aytganingizni bajo qildik, – debdi xo‘jalik raisi, yoshi yetmishlardan oshib qolgan o‘ris amaldorga, o‘rta yosh juvonni ro‘para qilib. 
– Nima bu? – so‘rabdi amaldor, ko‘zlari ola-kula bo‘lib.
– Bumi? – hayron bo‘libdi xo‘jalik raisi. – Bu so‘raganingiz – jalab! – Keyin, beva ayolga hadiksirab qarab, «kechirasan, Potma!» deya uzr so‘rab qo‘yibdi. 
– Hey, kalla! – debdi o‘ris amaldor.– Chorvada ishlaysan, jalabni bilmaysan? Katikni olasan, chashkaga solasan. Suv kuyasan, lojka bilan chalasan – jalab bo‘ladi.
Muxbir qiz latifanamo bu hikoyadan qotib-qotib kuldi. Qiyqiriqlar latifaga, latifalar qadahlarga ulanib ketdi. 
Ertasi kuni tongda Jobirbek zil-zambil kallasini ko‘tarib, o‘zini ilk bor notanish to‘shakda ko‘rdi. Keyin bir necha kun o‘zidan o‘zi jirkanib yurdi. Bir-ikki oy o‘tib, o‘sha ko‘ngilsiz voqeani endi-endi unuta boshlagandi, Toshkentdan muxbir qiz qo‘ng‘iroq qilib qoldi.
– Jobir aka, nima ish qilib qo‘ydingiz? Men sizga ishonib toqqa chiqish haqidagi taklifingizni qabul qilgandim! – Qizning iddaolaridan Jobirbek yomon bir ish qilib qo‘yganini fahmladi. Ammo, hech nimani eslay olmadi. – Bilaman, kayfingiz baland edi, – nolinishda davom etdi qiz, – men rosa qarshilik qildim. Kuchim yetmadi! – U endi yig‘lamsirab hiqqillay boshladi. – Yuzim shuvut bo‘ldi, Jobirbek aka!.. Siz huzuringizga borgan hamma ayollarni shunday qilasizmi?
Jobirbekning peshonasidan sovuq ter chiqib ketdi. Tili kalimaga kelmadi – qovoq ariga o‘xshab nimadir deb g‘o‘ldiradi:
– Kechiring, kayfchilikda!
– Men sizni ayblamayman, yigitchilikda bo‘ladi. Tushunaman. Qolaversa, o‘zimdan ham o‘tdi. Toqqa chiqmasligim kerak edi. Men-ku, barisini unutmoqchi edim, ammo…    
– Nima, ammo?
– Bola!..
Jobirbekning ko‘z oldi qorong‘ulashib ketdi. Boshi arining uyasidek g‘uvillar, xayolida yechimsiz savollar charx urardi: “Endi Gulchehraning yuziga qanday qarayman? Bolalarimning-chi? Lekin, mushtipar qizni bu ahvolda qoldirib bo‘lmaydi, bolani ham!”.
Oradan bir necha kun o‘tib, Shosalimni Toshkentga jo‘natdi…

21

Jobirbek keyingi paytlari xotinidagi o‘zgarishni payqab Gulchehra o‘sha voqeadan xabar topdimikin, deb cho‘chib yurardi. Agar xabar topgan bo‘lsa, kimdan degan savol qiynardi uni: “Bu ishlar bosti-bosti bo‘lib ketganiga ancha bo‘ldi. Nahotki jabrini bir umr tortsam!?”. Jobirbek o‘z-o‘zini ayblashdan charchamas, «o‘sha norasidaning uvoliga qoldim” deb qiynalardi u. 
O‘shanda Shosalim Toshkentdan «qiz homiladan kechibdi» degan xabarni olib kelgandi. Jobirbek bir hisobda quvongandi. Hatto operatsiya chog‘ida, jarroh qizni bir umrga mayib qilib qo‘yganini, endi birgina orzusi, Toshkentdan bir hovli sotib olib – shunda betashvishgina yashamoqchi ekanini aytib yuborganda ham unchalik og‘rinmadi.
Ishni batamom bosti-bosti qilish uchun Shosalimni yana Toshkentga jo‘natdi. U ziyofatda xizmatda bo‘lgan ikki tanishini bu safar yo‘lga hamroh qilib oldi. Axir 50 ming dollar bilan yakka– yolg‘iz yo‘lga chiqib bo‘larkanmi?
Agar shu voqea bo‘lmaganida, Jobirbek Gulchehra bilan allaqachon gaplashib olgan bo‘lardi. Munosabatlarini oydinlashtirishni kechiktirib kelayotgani ham shundan. Bir ko‘ngli, «Voqeani boshdan-oyoq so‘zlab bersam, meni tushunarmikan?» deb o‘ylar, bir ko‘ngli ich-ichida shu ko‘ngilsiz voqeaga aslo qaytmasam, hech qachon eslamasam, derdi. Keyin, yana mushohadaga berilardi: «Voqeadan uch kishigina voqifmiz – men, Shosalim va qiz. Xotinim uch kishining biridan eshitishi mumkin xolos. Men aytganim yo‘q. Nima deb aytaman, axir? Shosalim? U aytmaydi – unaqa pastkash emas u. Demak, birgina u qolyapti. Lekin, olganini oldi-ku? Kami bo‘lsa mendan so‘rashi kerak!... Yo‘q, yo‘q, imonim komilki, Gulchehraning xafagezakligiga boshqa sabab bor! Qanday sabab? Bilmayman, uf-f-f!». 
Ana shunday kechinmalar og‘ushida yangi bozor qurilishini aylanib chiqqach ust-boshini qoqdi-da, mashinasi tomon ketayotgandi, ro‘parasidan bir lo‘li xotin chiqib qoldi.
– Man sanga bir pol ochay, san eshitgin! O-o-o, ruhing bezovta, ko‘zlaringda dard, o‘yingda halovat yo‘q! Charchagansan bolama, charchagansan! Ber, ataganingni – ber! Man sanga bir pol ochay.
Jobirbek tabiatan romga ham, romchilarga ham ishonmasdi. Ammo hozir beixtiyor o‘zini romchining izmiga topshirdi. Sanamay pul berdi. Keyin uning lo‘licha javrashlariga astoydil quloq tutib turdi. 
– Burgutning bachasi ekansan, chumchuqqa o‘xshab yashaysan, tartanak uyasiga ilashgansan…
O‘sha yondaftarchadangi bizga tanish jumlalar. Jobirbkning kulgisi qistadi: «Ilon, chayon, tartanak, chumchuq. Nima balo, romchisi tushmagur, zoologiya o‘qituvchisimi, deyman!».
Bir ozdan so‘ng mashinada ketib borarkan, rom tafsiloti o‘ta ma’nili ekan, degan xulosaga keldi. Keyin, yodimdan ko‘tarilib ketmasin, deb yondaftarchasini oldi-da, so‘zlarini qisqartirib-qisqartirib, o‘zi tushunadigan tarzda qog‘ozga tushirib qo‘ydi.
Jobirbek bu boshqotirmadan keyinroq biror ma’no uqqanmi yo‘qmi – bilmadigu, ammo Akmal jinoyat ishini ochishda, kalavaning uchini ayni shu rom tafsilotlaridan topgandek bo‘ldi.  

22

Akmal tergov ishlarining borishi haqida shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i mayor Nurxo‘jaevni xabardor qilib turardi. Bugun ham har galgidek xonada uni mayor Nurxo‘jaev, yana fuqarocha kiyimda ikki kishi kutib turishgan ekan.
– Akmal Choriev, – uni boyagi ikki notanish mehmonga tanishtirdi Nurxo‘jaev, – mazkur jinoyat ishi yuzasidan qidiruv-tergov ishlarini olib borayapti. – Keyin, Akmalga yuzlandi: – Qilingan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot bersangiz.  
Akmal jinoyat ishiga oid tafsilotlar tirkalgan papkadagi hujjatlarni bir necha nusxada ko‘paytirgandi. Davradagilarga bittadan tarqatib chiqdi. So‘ng tafsilotlarni birma-bir bayon etishga kirishdi. Tinglaguvchilardan ana u ikkitasi bu payt Akmal bergan tergov hujjatlarini sinchiklab ko‘zdan kechirmoqda edi. Sirtdan qaraganda Akmal bilan qiziqmay qo‘yishgandek, uning so‘zlariga e’tibor berishmayotgandek tuyulardi. Shundan Akmal biroz xijolat tortdi. «Ehtimol, ularga xalaqit berayotgandirman», deb o‘yladi ichida. Keyin hujjatlar bilan yaxshilab tanishib olishlari uchun imkon yaratmoq bo‘lib, bir muddat so‘zlashdan to‘xtadi. Boyagi kishilar «nega to‘xtadingiz» degandek «yalt» etib unga qarashdi. Akmal so‘zini davom ettirishi lozimligini anglab, voqealar rivojini to‘xtagan joyidan davom ettirdi, mehmonlar yana qog‘ozlarga egilishdi. 
Akmal bir paytning o‘zida ham yozib, ham suhbatdoshini tinglashga qodir bo‘lgan qadimgi yunon faylasufi Sitseron haqida o‘qigandi. Hozir shunday qobiliyat sohibi bo‘lgan anavi kishilarni ko‘rib, havasi qo‘zidi. 
Mehmonlar tergov-qidiruv tafsilotlari bilan tanishib bo‘lishgach, nihoyat hujjatlardan bosh ko‘tarishdi. To‘rda, mayor Nurxo‘jaevga yaqinroq turgan, siyrak sochli, ko‘zoynak taqqani davra ahliga bir ko‘z yugurtirib chiqdi-da, hammaga tegishli degandek, o‘rtaga savol tashladi:
– To‘plangan ma’lumotlardan kelib chiqib, kimda qanday mulohaza bor – marhamat!
Mayor Nurxo‘jaev yana Akmalga yuzlandi:
– Biz ishning borishini kunda mulohaza qilib boramiz. Vaziyat hozircha to‘laligicha oydinlashgani yo‘q. Lekin, Chorievning ayrim xulosalariga umid bog‘lash mumkin, deb o‘ylayman. 
Boshliq shu so‘zlarni deb, Akmalga «ayt» degan ma’noda bosh irg‘ab qo‘ydi. Ruxsat bo‘lgach, Akmal qidiruv ishlari asnosida voqealarning o‘zi uchun sirli bo‘lib tuyulgan uchta muhim nuqtasi haqidagi fikrlarini o‘rtaga tashladi.    

23

Tergov davomida Akmal ma’lumot olishga muvaffaq bo‘lmagan yakayu yagona odam Jobir bekning otasi Murod Shomurodovich bo‘ldi. Tabiatan kamgap bu odam, katta o‘g‘li Qodirbekning fojeali o‘limidan keyin tamoman uzlatga chekingan, o‘zining kichkinagina hovlisida oxiratini kutib yashab kelardi. 
Akmal uning huzuriga bir necha bor tashrif buyurdi. Ammo birorta ham savoliga javob olmadi. Xuddi «Soqov ritsar»ning o‘zginasi, nursiz ko‘zlarini bir nuqtaga tikkanicha «miq» etmay turaverdi: «Qiziq, shunaqa odam ham bo‘larkan-da!». Murod Shomurodovich haqida o‘ylaganida Akmal bir nimani tushunmasdi: «Xo‘sh, Qodirbek uning to‘ng‘ich o‘g‘li bo‘lgan. Lekin, Jobirbek ham o‘g‘li-ku! Mayli, katta o‘g‘lidan ayrildi, taqdir! Ammo, kichik o‘g‘lidan tirik ajralib turibdi-ku! Axir to‘ng‘ichiga bo‘lgan mehru muhabbati kichigiga ko‘chishi kerak emasmidi?.. Bunchalar ham qahri qattiq bo‘lmasa!? Axir, to‘ng‘ichiga shuncha yil motam tutib kelayotgan otani kenja o‘g‘lining dom-daraksiz g‘oyib bo‘lishi, nahotki zarracha tashvishlantirmasa?»...
Akmal bu ishlarda balki o‘zining qo‘li bordir degan xayolga ham bordi. Lekin darhol bu fikrdan qaytdi. Agar shunga o‘xshash sabablar bilan ayb taqaladigan bo‘lsa, ko‘pchilikdan shubha qilishga asos yetarli edi. Masalan, Muhtaram Kalonovich. Saylov tufayli Jobirbekdan pand yedi. Adovatlashib qoldi. To‘g‘ri, Muhtaram Kalonovich Jobirbek yo‘qolishidan ikki-uch kun burun bandalikni bajo keltirdi. Lekin uning tiriklik chog‘i tuzgan rejasini gumashtalari oxiriga yetkazgan bo‘lishi mumkin-ku! Yoki mana xotini – Gulchehra! Jahllangan kezlari, bolalariga «Huv, yetimcha qolgurlar» deb o‘shqirib berganini qo‘shnilari bir necha bor eshitishgan ekan.
Shularni o‘ylab, Akmal shoshma-shosharlik bilan xulosa chiqarishdan tiyilar, sanamay sakkiz demaslikka harakat qilardi. U otaning huzuriga so‘nggi bor kelganida Jobirbekning dang‘illama hovlisi etagidagi eshik orqali unikiga o‘tgandi. Qaytishda yana shu yo‘ldan qaytdi. Usti ayvoncha qilib yopilgan chiroyli qilib bezatilgan karovotda Gulchehrani allaqanday qog‘oz parchalarini yoyib, termulib turgan holda ko‘rdi. Bir oz o‘ng‘aysizlandi. Keyin shunchaki o‘tib ketishni ep ko‘rmay, tomoq qirib qo‘ydi. Gulchehra bir oz o‘ychan, namchil ko‘zlarini yerdan ko‘tarib, unga tomon o‘girildi. 
– Uzr, yanga! Men otaning huzurlariga kelgandim! – narigi hovliga ishora qildi u. – Irim qilib, kelgan yo‘limdan qaytgan kunim edi!
– Hechqisi yo‘q, xizmatdagi odamsiz! 
Gulchehra qog‘oz parchalarini kafti bilan yashirmoqchi bo‘ldi. Agar shunday qilmaganida, Akmal ehtimol hoziroq bu hovlini tark etgan bo‘lardi. Endi esa, mana shu mayda-mayda qiyqimlardan iborat bir parcha qog‘oz uning e’tiborini o‘ziga tortgandi. 
– Yanga, azbaroyi qiziquvchanligim uchun uzr so‘rayman avvalo. Termulib turganingiz, u qanaqa varaq. Agar Jobirbekka aloqador qog‘oz bo‘lsa – tanishsam degandim. 
Gulchehraning avzoi o‘zgardi. 
– Bu bizning shaxsiy munosatbalarimizga tegishli bir xat. Uning ishga aloqasi yo‘q chiqar?!..
– Shunday bo‘lgan taqdirda ham, ruxsat bering, ko‘ray! 
Akmal yaqinroq kelib qo‘lini uzatdi. Juvon noiloj qolgandi. O‘zi uchun alamli bu maktubni elga ovoza qilib badtar mulzam bo‘lishni istamas, ammo hozir uni tergovchiga berishdan o‘zga chorasi qolmagandi: 
– Anavi, toshkentlik jazmanining xati. Toshkentga keta turib unutib qoldirganmi, yoki atayin, – Gulchehra, yana ko‘zlariga yosh oldi, – alamdan yirtib tashlagandim.
Akmal kutilmagan topilmadan hayajonlanib ketdi. Bu maktub saylov davrida bir marta yuzaga qalqib chiqqan-u, shu bilan e’tibordan chetda qolgan – Sakina Xadjieva ismli ayolning tilidan bitilgan maktub edi. Keynchalik surishtiruvlar davrida Akmal ana shu xat bilan qiziqqan, ammo topa olmagach, uni «Muhtaram Kalonovich o‘zi bilan go‘rga olib ketgan» degan xulosaga kelib, bu dalildan tamoman umidini uzgan edi.. 
– Bu maktub Jobirbekka qanday tushib qol¬ganini bilmaysizmi? 
Gulchehra tergovchi maktubga o‘zgacha bir nazar bilan qarayotganini ko‘rib hushyor tortdi:
– Muhtaram Kalonovich bergan bo‘lishi kerak!
– Muhtaram Kalonovich?
– Ha! O‘limlari oldidan erimni chaqirtirgan edilar! 
Akmal miyasiga quyulib kelayotgan savollarga javob topmog‘i lozim edi. Endi savollar yechimsiz qolmasligi aniq, qolaversa, qo‘lida tilsimlar kaliti turibdi. 
– Yanga, ruxsat bersangiz, qog‘ozlarni ma’lum bir muddatga olib ketsam.
– Butunasiga olaqoling! Bir hisobdan ko‘zim¬dan nari bo‘lgani durust! – rozilik bildirdi Gulchehra.

24

Akmal avvaliga gapni nimadan boshlashni bilmay kalovalanib qoldi. U shu turishda nufuzli olimlar qarshisida nomzodlik ishini himoya qilayotgan aspirantdek his qildi o‘zini. Nazarida xulosalari o‘ta jo‘n, e’tiborga molik emasdek tuyuldi. «Qabul qilishmasa-ya», degan bir hadik ko‘ksini kemira boshladi. Keyin, orqaga yo‘l yo‘qligini fahmladi. Fikrini Gulchehradan o‘sha maktubni olgan nuqtadan boshlab bayon qilishga kirishdi:  
– Voqealar rivojining uchta eng muhim nuqtasiga e’tiboringizni qaratmoqchiman: birinchidan, Muhtaram Kalonovich o‘limi oldidan saylovdagi ashaddiy raqibi – Jobirbekka uni yomon otliq qilishda dastak bo‘lgan maktubni topshirgan. Nima uchun, degan tabiiy bir savol tug‘iladi. Nazarimda, umrining so‘nggi damlari vijdoni oldida o‘zini oqlamoqchi bo‘lgan. Ikkinchidan, Jobirbek ertasi kuniyoq, marhumni ko‘mish marosimidan keyin shoshilinch ravishda Toshkent safariga otlangan. Poytaxtga ketayotgani ma’lum, ammo pansionatga borayotganini hech kim bilmagan. Nega? Bizning taxminimizcha u o‘zini bezovta qilishlarini xohlamagan. Uning tanho o‘zi, guvohlarsiz bajarishi lozim bo‘lgan qandaydir yumushlari bo‘lgan.
Uchinchi nuqta shuki, hamisha Toshkentga Shosalim bilan birga borib kelib yurgan Jobirbek bu safar uni hamroh qilmagan. Sirli safari haqida, hattoki eng yaqin do‘stiga ham hech nima demagan. Xullas, biz barcha chigil jumboqlarning yechimi – mana shu maktubda deb o‘ylaymiz.
Akmal so‘zini tugatgach, hadiksirab davradagilarga ko‘z tashladi. Uni eshitib turgan mehmonlar quyi egilgan o‘ychan boshlarini ko‘tardilar. Yuzlari yorishganini ko‘rib Akmal yengil nafas oldi. Quyiroqda o‘tirgan ingichka mo‘ylabi o‘ziga yarashib turgan yigit luqma tashladi:
– Taklifingiz?
– Ikkita nuqtada doimiy nazorat o‘rnatishni taklif qilaman. Birinchisi, Jobirbekning uyi orqali qariyaning hovlisini; ikkinchidan, Shosalimning qishloqdagi uyini doimiy kuzatuvga olishimiz lozim.
– Asos? – ko‘zoynakli kishi yuzlandi unga.
– Asosim shuki, Jobirbek bilan otasi o‘rtasida uzoq vaqtdan beri ziddiyat mavjud bo‘lgan. Bu haqda hamma biladi. Ota o‘g‘li bilan deyarli so‘rashmay, so‘zlashmay ham qo‘ygan. Ammo Jobirbek otasining holidan xabar olishni kanda qilmagan. Kunda-kunora kirib turgan. Farazimcha, u faqatgina shu maqsadda kirmagan. Jobirbekning joni ana shu hovlida yashiringan bo‘lishi kerak!..
– Boyligi, demoqchisiz-da? – Mayor Nurxo‘jaev uning so‘ziga aniqlik kiritdi.
– Bu balki puldir, balki ixtiro, – dedi Akmal, Zulfiqorovning so‘zlarini eslab. – Xullas, bu eng bexavotir joy. Hech kim shubha qilmaydi. Kar va soqovga aylangan ota esa, bilib-bilmay, ulkan ilonga o‘xshab o‘g‘lining bisotini qo‘riqlab yotibdi. 
Jobirbekning Shosalimsiz ish bitirmoqchi bo‘lgani esa, bu ikki o‘rtada ziddiyat paydo bo‘lganining belgisi bo‘lishi kerak. Balki u jon qushchasiga hamla qilmoqchi bo‘lgan ilonni qo‘ynida asrab yurganini payqab qolgandir. Uni daf etmoq uchun avvalo, tortanak uyasiga chuvalashib qolgan oyoqlarini bo‘shatib olmog‘i lozimligini anglagandir. Shuning uchun ham uning Toshkentga so‘nggi safaridan ko‘zlagan maqsadi: birinchidan, mana bu maktubni bitgan juvonni topish, ikkinchidan, muxbir qizni uchratish bo‘lgan, degan ehtimolimiz bor.
– Muqaddam berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, muxbir qiz bilan orani ochiq qilgan edi-ku? U yana nimaga kerak bo‘lib qoldiykin? – ketma-ket savolga tutdi uni viloyat ichki ishlar boshqarmasidan kelgan vakil.
– Jobirbekning xizmat mashinasida Asqar aka degan amaki haydovchilik qiladi. U kishi bir voqeani so‘zlab berdilar. Aytishlariga qaraganda, Jobirbek Toshkentga ketmasidan ikki-uch kun burun zavod mehmonxonasida televizor tomosha qila turib allanarsadan juda darg‘azab bo‘lib ketgan. Shosalimni so‘rattirgan. Uni izlab topisha olmagan. Bir oz hovuri bosilgach esa, bu masalaga ortiq qaytmagan.
Biz Toshkent televideniesi bilan bog‘landik. Asqar aka tusmollab aytgan soatlarda qanday ko‘rsatuvlar efirga chiqqanini aniqladik. Dasturlarni ko‘chirtirib keldik. Nogironlar kuni munosabati bilan berilgan bir lavhada, bundan bir yilcha burun muxbir sifatida zavodga kelib-ketgan juvon namoyish etilgan bo‘lib chiqdi. Ko‘rganlar uni tanishdi. Ikkita nogiron bolasi bor ekan. Ehtimol, o‘shalarni deb shunday ishga qo‘l urgandir.
Jobirbek ham o‘sha kuni ana shu lavhani ko‘rib tutaqib ketgan chamasi. Shosalimni izlab qolishi ham shundan bo‘lishi kerak! Chunki qiz bilan bog‘liq mojaroni bosti-bosti qilish uchun ellik ming dollar pulni Toshkentga Shosalim olib borib bergandi-da. Demak, shubha tug‘ilgan: yo qiz Shosalimni aldagan, yoki Shosalim Jobirbekni chuv tushirgan.
Shosalim so‘roq payti: «Jobirbek pulni xotinim ko‘rmasin deb, otasining darvozasi tomonidan chiqarib berdi», – degan edi. Bu esa Jobirbekning bisoti otasining hovlisida ekanidan, Shosalim bundan boxabar ekanidan dalolat beradi.
Vazirlik vakili ko‘zidan oynagini olib, dastro‘molchasi bilan uning shishalarini tozalay boshladi. Bir muddat nimalarnidir mulohaza qilib turdi. Keyin:
– Jobirbek maktubni aynan Muhtaram Kalonovichdan olgani tasdiqlanganmi? – deb so‘radi.
– Yo‘q. Jobirbek bilan Muhtaram Kalonovich palatada yolg‘iz bo‘lishgan. Marhumning xotini aytishicha, Jobirbek ketgach erining huzuriga kirganida, uni ko‘zlari jiqqa yosh holida ko‘rgan.
– Hm-m-m, qiziq! – Vazirlik vakili yana ko‘zoynagini taqib oldi. – Judayam qiziq! – Keyin Nurxo‘jaevga yuzlandi u. – Bu ishni tezroq oxiriga yetkazish kerak. Odamlar orasida mish-mish gaplarning urchib ketishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Shundoq ham bir-ikki kurakda turmaydigan uzunquloq gaplar tarqab ketibdi. Ishni tezlashtirish uchun sizlarda hamma imkoniyat bor, deb o‘ylayman. Kadrlar masalasida-ku, – u Akmalga ishora qildi, – gapirmasak ham bo‘ladi. Faqat, manyovr uchun mutaxassis kerak bo‘lsa – marhamat!

25

Fuqarocha kiyingan ikki notanish kishining – Akmal ularning ichki ishlar vazirligidan ekanini yig‘in so‘ngida bildi – bugungi tashrifi ham aslida shahar aholisi orasida tarqab ketgan turli mish-mishlarning oldini olish,tergov-qidiruv ishlari bilan tanishib, jarayonni tezlashtirishga qaratilgan edi.
Shaharda uch oydirki hammaning og‘zida shu gap edi. Har kim bu voqeani o‘zichi talqin qilar, har kuni yangidan-yangi taxminlar to‘qilardi: kimdir Jobirbekning taqdiriga azbaroyi qayg‘urganidan, kimdir ermakka o‘chligidan, kimdir o‘ta qiziquvchanligidan – xullas, hech kim bu mavzuni chetlab o‘tolmasdi: «Jobirbek chet elga qochib ketganmish!» – saylov payti yuzaga qalqib chiqqan bir juvonning maktubida, uning cho‘ntagida ikkita pasport ko‘rganligi aytilgan ma’lumotni dastak qilib so‘zlab yurdi odamlar avvaliga. Keyin, «hukumat qamab qo‘yganmish – ixtirosini chet elga sotgani uchun», degan farazlar tarqadi. Xullas, shahar kunda bir yangi ma’lumot eshitardi, farazlar bisyor, faqat Jobirbekdan darak yo‘q edi.
– Elning og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi, – shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining xonasiga ertalabdan beri tanda qo‘yib olgan mehmonlarning biri devorga osig‘lik soatga bir qarab oldi-da, barchaga qarata dedi: – Toki masalaga oydinlik kiritib, ishni oxiriga yetkazmas ekanmiz, mish-mishlar ulg‘ayib boraveradi. Bilingki, bunday asossiz mish-mishlar tergovni ham chalg‘itishi mumkin.
Mayor Nurxo‘jaev mehmonning oxirgi gapidan bir oz sarosimalanib qoldi. Akmal ham uni «Mish-mishlarga chalg‘ib, tergov harakatlarini oxiriga yetkaza olmayapsizlar» qabilida tushindi. Faqat mehmon fikrini davomini ayta boshlaganidagina bir oz tinchlanishib, hatto bilinar-bilinmas tabassum bilan bir-birlariga qarab olishdi. 
– Umumiy tergov harakatlari natijalaridan qoniqish hosil qildik, – dedi u hamrohiga yuzlanib. Ikkinchi mehmon, boshi bilan tasdiq ishorasini bergach, davom etdi: – Bu haqda vazirga yetkazamiz, Chorievning taklifini ham ertagayoq general huzurida ko‘rib chiqamiz. Balki yordamga ikkita yaxshi xodim jo‘natarmiz.
Akmal shundagina mehmonlar ichki ishlar vazirligidan ekanini fahmladi. O‘zini shu paytgacha xuddi bolalarday his etdi. Birdan jiddiy tortdi. Lekin ich-ichidan xursand edi u. Chunki vazirlik vakillari uning ishidan qoniqqanliklarini aytishdi. Takliflarini ma’qullashdi. Ayniqsa Akmalning taklifini general huzurida ko‘rib chiqamiz, degani juda yoqdi. Axir, generalning nazariga tushish – bu hazilakam gap emas!
Ertasi kuni Toshkentdan ikkita xodim yetib keldi. Mayor Nurxo‘jaev xonasida, Akmal va boyagi xodimlar ishtirokida harakat rejasi tuzildi. Qidiruv ishlari poyoniga yetgunga qadar rejaning maxfiyligi sir tutiladigan bo‘ldi. 

26

Ertalab garajga kelgan Asqar aka zavodga vaqtinchalik Shosalim direktor etib tayinlanganini eshitib hayron qoldi: «Shosalim – direktor?» – aqli shoshib qoldi bu yangilikdan. Axir Shosalim direktor bo‘ladi, deb kim ham o‘ylagandi!? Keyingi bir necha yil mobaynida u umuman zavoddan uzoqlashgandi. Uni Jobirbekning shaxsiy haydovchisi sifatida tanishardi odamlar. «Qiziq zamon bo‘ldi-da, – o‘yladi Asqar aka, – bir umbaloq oshsang-u, direktor bo‘lib qolsang! Omad deganlari shu bo‘lsa kerak? Bir hisobdan shunisi ham yaxshi. Sinashta odam!” Shu payt Asqar akaning ko‘nglidan og‘riqli bir fikr kechdi: «Nahotki, Jobirbek shu ko‘yi jim-jit bo‘lib ketsa!? Qanday yaxshi kishi edi-ya! Unga qancha-qancha yordamlar qilgandi. Institutda o‘qiyotgan qiziga shartnoma pullarini o‘tkazib berib turardi. O‘g‘lini uylantirganda to‘y xarajatlariga qarashvorgandi. Ey, Xudo, qayda bo‘lsa ham omon bo‘lsin ishqilib!”, – yuziga fotiha tortdi u. Keyin mashinani o‘t oldirdi-da, tashqariga haydadi. 
Chiqaverishda uni dispetcher xotin to‘xtatdi:
– Askar, medosmotr proshyol?
– Da, bros Nina, otpusti menya! – Shu rasmiyatchilikni odatdagidek chetlab o‘tmoqchi bo‘ldi u.
– V etot raz seryozno! Askar, idi, vremya ne teryay!
Asqar aka Ninani hech qachon bunday jiddiy qiyofada ko‘rmagandi. Shundan vaziyat boshqacharoq ekanini, hatto direktorning haydovchisi bo‘lsa ham, qoidaga bo‘ysunishi lozimligini fahmladi: «Obbo, Shosalim-ey! Tartibni ostonadan boshlabdi, – yomon emas. Intizom – yaxshi!». 
Asqar aka mashinani chekkaga chiqarib to‘xtatdi. Keyin, ko‘rikdan o‘tish uchun tibbiy ko‘rik xonasiga qarab ketdi. 
«Asablaringiz joyida emas!» – deyishdi unga. Bir-ikki hafta hordiq olishi kerakligini aytib mashinadan chetlatishdi. Mashinani esa vaqtincha Ilhomjon degan yangi yigit yurgazib turadigan bo‘ldi.
Asqar akani shifokorlarning kutilmagan xulosasi tang qoldirdi. Bir ko‘ngli, norozilik bildirmoqchi bo‘ldi-yu, «balki Shosalim o‘ziga sinashta odamni haydovchilikka olgandir» deb fikridan qaytdi. Bo‘ysunishdan o‘zga chorasi qolmagandi. Faqat mashinasiga bir oz achindi: «Yosh yigit, ustiga-ustak tajribasiz, mashinani asrab minsin-da ishqilib! » – tashvishlandi u. 
Shosalimning tibbiy ko‘rikka aloqasi yo‘q edi aslida. Haydovchilarning almashtirilishidan-ku, umuman bexabar edi. U bugun ertalab ertachi o‘rnidan turib, ust-boshini tuzatishga kirishdi: oq ko‘ylak kiydi, rangli galstuk taqdi. Kostyum-shim, qora tuflida u bib-binoyi direktor bo‘ldi-qoldi. O‘zini oynaga solib, «Odamni odam qiladigan usti-bosh ekan-da!» dedi. O‘ziga-o‘zi suqlanib turgandi, telefon jiringlab qoldi.
– Tabriklayman!.. 
Shosalim bu tovushni eshitdi deguncha, qarama-qarshi hislar orasida muallaq qolar: na quvonar, na qayg‘ura olardi. Ana shu tovush sohibi tufayli u bugun xayoliga kelmagan yuksak martabaga erishdi. Ammo bu tovush unga kun sayin tubanlashib borayotganligini ham eslatib turardi. Hozir ham xuddi ana shunday holatga tushdi:
– Rahmat! – zo‘rg‘a javob qildi u.
– Nima, xafamisan? – so‘radi sirli ovoz.
– Yo‘q! Aksincha!
– Shosalim, unutma! Sening nomzodingni tasdiqlatish menga oson kechmadi. Mana, endi direktorsan. Bardam bo‘l! Zavoddagi ishlar o‘z yo‘lida – sensiz ham zavod ishlayveradi. Shartimiz esingdan chiqmasin – uqdingmi?
Shosalim «Uqdim» deyishga ham ulgurmay qoldi. Qo‘ng‘iroq qilgan sirli tovush sohibi go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.

27

Gulchehra tunni mijja qoqmay o‘tkazdi. Rangi-ro‘yi bir ahvol qizchasining sog‘lig‘idan xavotirda edi. Keyingi kunlarda, to‘rt yoshli Laylo kechqurunlari alahlab chiqadigan odat chiqari. Uyqusida gapiradi: «dada, ketmang, dadajon!», deb yig‘lamsirab uyg‘onib ketardi u. Keyin bir muddat o‘pkasini bosa olmay, xo‘rsinib-xo‘rsinib yig‘lardi-da, yana uxlab qolardi.
– Ey Xudo, gunohlarimni kechir! – zorlanib nola qilardi shunday kezlari Gulchehra, ayriqliq damlari kun sayin kattalashib borayotganidan ma’yuslanib. – Erimga qilgan achchiqlarim, zarda-yu zardoblarim uchun o‘zimni jazola! Norasidalarimga rahimng kelsin, ey Alloh! Dadasini bolalarimning boshiga qaytar. O‘tinaman Sendan!..
Erining to‘satdan g‘oyib bo‘lib qolgani Gulchehraga dastlab unchalik ta’sir qilmadi: «O‘lib ketmaydimi? Usiz ham kunim o‘tadi!» – alam va iztiroblarini ko‘nglidan kechgan shu sovuq so‘zda ifoda etdi u. Keyin, hafta-o‘n kun o‘tib, jazmanlari bilan uloq chopishib holdan toygan ayg‘ir eri qaytganida aytish uchun, achchiq-tiziq gaplardan jumlalar tuzib yurdi. U nimagadir erining yo‘qolib qolganiga ishonmas, bularning bari Jobirbek tomonidan o‘ylab topilgan hiyla – toshkentlik jazmanlari bilan uzoqroq muddat, olisroq bir joyga borib kelish uchun tuzilgan reja bo‘lib tuyulardi. 
Oradan kunlar, haftalar o‘ta boshladi. Odamlarning birda achinish, birda ochiqdan-ochiq haqoratomuz boqishlari qalbini chil-chil sindirardi. Ayniqsa, o‘g‘li Qodirbek va qizi Layloning dadasini so‘rab bergan savollariga javob topa olmay qiynalardi. Nazarida, Jobirbekning yo‘qolib qolishiga hamma uni ayblayotgandek bo‘lib tuyulardi. Nigohlar ta’qibidan qochishga urinar, ammo yashiringani joy topa olmasdi. Keyin fahmlardi-ki, u o‘zini-o‘zi ta’qib qilmoqda edi. Shunday kezlari yig‘lar, iltijo qilar, qani endi foydasi bo‘lsa: «Sizni uydan bezdirdim, begim! Joningizdan to‘ydirdim, mendan arazlab qaerlarda yuribsiz axir? Ming bor uzr, keling, poyingizni ko‘zlarimga surtay – qayti-i-i-ng!»…Yuragini qoplab yotgan muzlar erib, ko‘zlaridan sel bo‘lib oqardi uning.
Shosalimning vaqtinchalik direktor etib tayinlangani-yu, Asqar akaning o‘rniga boshqa bir yigitning hol-ahvol so‘rab kela boshlagani – avvaliga uni bir oz tinchlantirdi: «Demak, bularning bari vaqtinchalik, erimning topilishiga hali ishonch bor. Har qalay, ostonamizdan oyoqlarini uzishmayapti-ku!» – umidlanardi u. 
Yangi haydovchi Ilhomjon haqiqatdan ham Jobirbekning ostonasidan nari ketmasdi. U uzzu-kun shu atrofda aylanib yurar, Jobirbek xonadonining yumushlarini bajarib turishga mas’ul etib tayinlangandi. Shu bilan bir qatorda, uning bu xonadon bilan bog‘liq, amalga oshirishi lozim bo‘lgan maxfiy yumushlari bor edikim, endi ana shu xususida so‘z yuritamiz.
Gulchehra qaynatasiga Qodirbek orqali kechki ovqat chiqargandi, u «bobomning toblari qochib qopti» degan xabar olib keldi. Gulchehra darhol Ilhomjonga telefon qilib, otani kasalxonaga olib borib qo‘yishini so‘radi.
Murod Shomurodovichni yuragi bir oz bezovta qilgan ekan. Rangi dokadek oqarib ketgan bu sarkash qariya, xastalikning og‘riq azoblariga miq etmay dosh berardi. Uni EKG qilishdi. So‘ng obdon tekshirishdi. 
– Kasali jiddiy emas, bir haftaga yotqizamiz, – dedi shifokor, Ilhomjonga uning kiyim-boshlari solingan paketni tutqaza turib. – Hammasi joyiga tushib ketadi! 
Ertasi kuni qaynatasini ko‘rgani Gulchehra keldi. Ota kelini bilan sovuqqina bosh irg‘ab salomlashdi-yu, ammo nabiralariga boqib yuzlari yorishib ketdi. Bolalar ham qiyqirishib uning quchog‘iga otdilar o‘zlarini. Gulchehra bir-birlarini ko‘rganda bir muddat butun olamni unutib yuboradigan bu uch bolakayni xoli qoldirib tashqariga chiqdi-da, so‘ng vrachning huzuriga kirdi.
Vrach Shomurodovlar xonadonidan tushgan bu bemorga alohida e’tibor qaratgan, EKG natijalari, analiz xulosalari, rentgen ma’lumotlarini shaxsan o‘zi nazorat qilib borardi. Muolajani o‘z zimmasiga olgandi. Bu oilaning avvaldan shaharda katta mavqe tutishini, hozir ham barchaning diqqat-e’tiborida ekanini yaxshi bilardi. U xonasiga Gulchehra Shomurodova kirib kelganida o‘rnidan sapchib turib, alohida mulozamat ko‘rsatib qarshiladi. Eri tufayli boshlariga tushgan tashvishga hamdardlik bildirgan bo‘ldi. Keyin Jobirbek haqida yangiliklar bor-yo‘qligi bilan qiziqdi. 
– Najot, avvalambor Xudodan, – ma’yuslandi Gulchehra, – qolaversa, organ qidirayapti. Qarindosh-urug‘lar ham tinch o‘tirishgani yo‘q. Bir tomoni Tojikis–ton, Moskva, hatto Malayziyagacha borib kelishdi – darak–lari chiqmayapti.
– Ajabo, butun boshli odam birdaniga yo‘q bo‘lib qolsa!  Qiziq! – vrach labini cho‘chchaytirib, boshi bilan sarak-sarak qilib qo‘ydi.– Qayoqqa ketgan bo‘lishi mumkin? 
Vrach bilan bu mavzuda suhbat qurmoqqa Gulchehrada xohish yo‘q edi. “Qayoqqa ketgan bo‘lishi mumkin?”. Hozir hamma shu savolning atrofida aylanardi; faqat, kimdir azbaroyi uning yechimini topa olmay qiynalar, kimdir bu tashvish barchaning tashvishi bo‘lib qolgani-yu, o‘zi ham shundan mustasno emas ekanligini ko‘rsatish uchungina shu savol atrofida kezinardi. Bu yechimsiz savol bugun barchani qiziqtirayotganini Gulchehra bilardi. U yana bir narsani yaxshi bilardiki, bir toifa odamlar javobning faqat ijobiy bo‘lishini xohlashar, yana bir toifa odamlar esa, oqibat qanday bo‘lishidan qat’i nazar, savolga javob topsalar bas – vrach ana shu toifadan edi. Shuning uchun ham vrachning bemani savoliga istar-istamay javob qilarkan;
– Qayoqqa ketgan bo‘lsalar ham omon bo‘lsalar, bas! – dedi gapni qisqa qilib. – Otamning ahvollari qalay? Ilhomjonning aytishiga qaraganda, xavotirga o‘rin yo‘q emish – shundaymi?..
– Ha, ota bardam! Faqat bilasizmi... 
Vrach o‘zining shaxsiy mulohazalarini tibbiy ko‘rik natijalari sifatida aytish o‘rinlimikin, degan uy bilan bir muddat jimib qoldi. Bu qisqa muddatlik sukut Gulchehraning bezovtalanishiga sabab bo‘lganini ko‘rgach esa uni tinchlantirdi:
– Qaynatangiz soppa-sog‘lar. Analizlar shuni ko‘rsatayapti. Ammo u kishining yuragida zardob yig‘ilgan. Bu kuchli bir hayajon bilan qo‘zdan yig‘i bo‘lib potrab chiqib ketsa ajab emas. Ehtimol, sog‘inchdandir!..
Gulchehra vrachning gaplarini eshitarkan, qaynotasining doimo birdek – tosh qotgan qiyofasini ko‘z oldiga keltirdi. Keyin suhbatdoshining «Ehtimol Jobirbek topilib kelib qolsa – shu voqea ro‘y berar?» deb tushundi. Ichida esa, «ehtimoldan yiroq bu» degan uy kechdi. 

28

Gulchehra bu xonadonga kelin bo‘lib tushgan kezlarini ahyon-ahyon eslab turardi. Birda shirin, birda achchiq xotiralar bilan yodga olardi o‘sha kunlarni. Dastlab, Shomurodovlar xonadonidan sovchi kelganini eshitib, dugonalarining unga havas bilan qarashlaridan sarxush bo‘lib yurdi. Keyin Jobirbekni ko‘rdi. Tanishdi. Ko‘rkamgina, madaniyatli bu yigitga ko‘ngil qo‘ydi. Shirin-shirin orzular qanotida parvoz qilib yurdi. To‘ydan keyin, qaynanasi Gulsum ayaning mehribonliklaridan ko‘ngli iyib ketgan chog‘lari, birin-ketin ikki farzand tug‘ilganida Jobirbek xo‘rozdek dikonglab olamga sig‘may quvongan paytlari – hayotidan masrurlik hissini tuydi. Faqat to‘ng‘ich farzandining o‘limidan keyin, odamovi bo‘lib qolgan qaynatasiga nisbatan qalbining allaqaysi burchida tushuniksiz bir his yashardi. U xotinidan boshqa birov bilan deyarli gaplashmaydigan, quvonchni ham, qayg‘uni ham bir xil – beparvo qarshilaydigan bu odamga qanday muomala qilishni, qay taxlit munosabatda bo‘lishni bilmay qiynalardi. Bir gal endi kelin bo‘lib tushgan chog‘lari qaynatasiga ro‘baro‘ keldi. Shart o‘zini chekkaga oldi-da, taomilga ko‘ra ta’zim bajo qildi:
– Assalomu alaykum, otajon!
Shomurodov bir muddat kelini bo‘lmish oilaning bu yangi a’zosiga qarab joyida qotdi. Keyin eshitilar-eshitilmas qilib: «Vaalaykum assalom, baxtli bo‘ling!» dedi-da, yo‘lida davom etdi.
«Menga gapirdilar!» – quvonchdan terisiga sig‘may ketdi u. Ammo xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi. Shu-shu qaynatasidan boshqa birorta ham so‘z eshitmadi. Bir safar qaynonasiga yuragini yordi :
– Otam bizni unchalik xushlamaydilar. Yaxshi gapirib erkalatmasalar ham, nuqul tergab, koyib tursalar ham rozi edim – ovozlarini eshitib tursak bas edi!
Gulsum aya og‘ir o‘yga botdi: “Bolam, – deya gap boshladi keyin u, –otangizdan ranjimangizlar! U kishining dardi yolg‘iz menga va Xudoga ayon. Sizlar bunga aslo e’tibor qilmanglar, xo‘bmi?” – Gulsum aya faqat ikkovlariga tegishli ismsiz bu dardni dasturxon qilmadi. Shu dard bilan olamdan o‘tdi bechora.
Jobirbek o‘zi bilan otasi o‘rtasida tilmochlik qilgan, shu ikki qarama-qarshi sohilni birlashtirib turgan – ko‘prik vazifasini o‘tagan onaizorining hurmatini qildi. Qozon-qozon osh tarqatdi elga. Kazo-kazo din peshvolarini chorlab, onasining haqiga duoi fotihalar o‘qitdi. Yil ma’rakasida qabrining ustiga dahma qurdirdi. Qabrni betonlab, chiroyli qora marmar bilan bezadi.
Jobirbek otam dahmani ko‘rib ko‘ngli iyirmikin deb o‘ylagandi. Bunday bo‘lib chiqmadi. Qabr boshiga kelgan ota unsizgina yig‘ladi. Sovuq marmar toshni silab-siypalarkan, nuqul «chakki bo‘libdi» degandek boshini chayqadi. Jobirbek hayron: otasining qiliqlaridan tutaqar, ammo o‘zini-o‘zi bosishga kuch topardi. Chunki otasi hamisha haq bo‘lib chiqardi.
Bir kuni Gulchehraning tushiga qaynonasi kirdi. Marhuma to‘shakda yotib Gulchehraga iltijo qilarmish: «Bolam, buncha meni qalin qilib o‘rab-chirmadilaring. Ko‘rpalarni olib, ustimni yengillatinglar – nafasim siqilib ketayapti-ku!».
Gulchehra tushini eriga aytgan edi, Jobirbek indamadi. Bu tush bir necha bor takrorlandi. Bir gal uning o‘zi ham shunga o‘xshash bir tush ko‘rdi. Shundan so‘ng ishchilarni olib borib, onasining qabri ustidan beton va marmar toshlarni qo‘portirib tashladi. Shundan keyingina arvoh ularni bezovta qilmaydigan bo‘ldi.

29

1964 yili Qarshi cho‘lini o‘zlashtirish harakati boshlandi. Tarixda misli ko‘rilmagan ishlar ro‘y bera boshladi. Amudaryoning suvini 123 metr balandlikka ko‘tarib beradigan oltita nasos stantsiyasi qurib ishga tushirildi. Cho‘lga obihayot keldi. Poyonsiz sahro ulkan qurilish maydoniga aylandi. Mamlakat ahamiyatiga molik bu vazifalarni bajarish, ming-ming gektarlab qo‘riq yerlarni o‘zlashtirish, yangi tipdagi turar joy manzillarini barpo etish uchun – barcha kuch va imkoniyatlar shu ishga safarbar etildi. Bir qator zavod va korxonalar ishga tushirildi. Ana shulardan biri, to‘g‘rirog‘i eng yirigi – beton zavodi edi. Zavodga shu sohaning yosh mutaxxasisi, mahalliy rahbar Murod Shomurodov direktor etib tayinlandi.
Murod Shomurodov o‘z davrining vatanparvar kishisi edi. U astoydil bel bog‘lab ishga kirishdi. Haftalab uyga kelmas, yangitdan tashkil etilayotgan “sovxoz”lar uchun turar-joy manzillari qurish bilan band bo‘lardi. Uni «cho‘l burguti» deb atashardi. Haqiqatan ham burgutga o‘xshardi: ushlagan joyini uzib oladigan shartaki odam edi u.
Shomurodovning uyiga ko‘p bormasligining boshqa bir sababi ham bor edi. Ko‘z ochib ko‘rgani, suyukli Shohsanami bir necha oydan beri xastalanib, to‘shakka mixlanib qolgan. Murodbek uning shundoqqina ko‘z o‘ngida qovjirab borayotganini ko‘rib o‘rtanardi. O‘zini ish bilan ovutar, g‘oyibdan; “Shohsanam oyoqqa turib ketdi”, degan xushxabar kelishidan umidlanar edi. Bir kun uyidagilar uni chaqirtirishdi. Qaynonasi rahmatli unga ostonada peshvoz chiqdi.
– Bolam, Shohsanam sizga muhim bir gap aytmoqchi, – ko‘zlariga yosh oldi kampir. – Nima desa, xo‘b deng bolam! O‘tinaman sizdan – biz hammamiz shunga ko‘ndik!..
Murodbek o‘ylab o‘yiga yetolmasdi: «Qanaqa muhim gapi bo‘lishi mumkin?». Shohsanamning boshida o‘tirib, uyg‘onishini kutdi. Darvoqe, Qodirbek ko‘rinmaydi? – alangladi u yoq-bu yoqqa. O‘g‘liga ko‘zi tushmagach, xolalaridan biri olib ketgan bo‘lsa kerak, degan xulosaga keldi. Shu payt qo‘liga Shohsanamning sovuqqina barmog‘i tekkanini payqadi. Ko‘zlari xotinining nursizlanib qolgan nigohlari bilan to‘qnashdi. Shohsanam zo‘rma-zo‘raki jilmayishga harakat qildi.
– Kelmaysiz, bevafo...
Murodbek umri bino bo‘lib, bu qadar samimiy gina eshitmagandi. Bu qadar beg‘araz, yoqimli ranjishni ko‘rmagandi. Ko‘zlari yoshlandi:
– Agar menga qolsa, yoningdan sira ham jilmagan bo‘lardim, jonim!
– Bilaman, – Shohsanam uning xijolat tortishini xohlamadi. – Otam bilan enamga o‘zim aytib edim. Menga bog‘lanib qolmasligingiz kerak. Ish bilan ovunib yurganingiz ma’qul.
Murodbek Shohsanamning to‘zg‘ib ketgan sochlarini to‘g‘rilab qo‘ydi.
– Menga bir gap aytmoqchi emishsan? 
Shohsanamning ko‘zidan bir tomchi yosh yuziga dumalab tushdi-da, og‘zining burchiga borib to‘xtadi. Bemor quruqshib qolgan lablarini ho‘llamoq bo‘ldimi, tili bilan o‘sha bir qatra suvni artib olib lablarini namladi.
– Men endi tuzalmayman, to‘ram!
– Undoq dema – noumid shayton! – uning gapini shart kesdi Murodbek.
– Mening kunim bitgan, – boyagi gapini boshqa bir jumlada takrorladi Shohsanam. Ko‘zlarini eriga tikdi: “Sizdan bir o‘tinchim bor!” – uning siniq nigohida ana shu o‘tinch, ana shu iltijo savol alomatida aks etdi.
– Aytganimni qilasizmi?
Murodbek hozir shu damda, shu lahzada Shohsanam «o‘l» desa, o‘lishga tayyor edi. Shuning uchun o‘ylab-netib o‘tirmay «ha» dedi.
– Uylaning!
– Nima? – Murodbek tok urgandek bir sapchib tushdi, quloqlariga ishonmadi. Bu borada, shubhaga asos bo‘ladigan biron ish qilmagandi. Birovga nolingan odam emasdi. Ish bilan ovunib, turmushidagi kemtikni bildirmay kelayotgandi.
– Shohsanam, nimalar deyapsan? Menga sendan boshqa hech kim kerak emas!
– Bilaman! – Shohsanam uning qo‘lini mehr bilan silab qo‘ydi. – Shuning uchun ham ko‘zim ochiqligida uylansangiz, deyman. Gulsumga uylaning!..
– Gulsumga? – Murodbek esidan ozayozdi. Bu qanday tomosha axir? Gulsum Shohsanamning singlisi-ku! Hali o‘n gulidan biri ochilmagan qizaloq. O‘zining orzu-havasi, ko‘ngil mayllari bor, axir! O‘g‘limizga munosib onalik qiladi deb, Gulsumning xohish-irodasi bilan hisoblashmaslik bu o‘ta xudbinlik-ku! – deb o‘yladi u ichida.
Murodbek ana shu mulohazalarini yotig‘i bilan tushuntirmoqchi bo‘lgandi, Gulsum uni to‘xtatdi. Xotinining keyingi gapi barchasidan oshib tushdi.
– Gulsumning sizda ko‘ngli bor!.. 
U ko‘zida potragan yoshlarni ko‘rsatmaslik uchunmi yoki o‘zi aytgan «haqiqat»ning taxir ta’mini hazm qilishga qiynaldimi, boshini o‘girib yuzini yashirib oldi: “Menga qolsa – Qodirbek o‘ksimasa bas!..”.
Murodbek boshqa bir so‘z demadi. Bu fikr ungacha ham rosa chig‘iriqdan o‘tgani, oila davrasida obdon muhokama qilinib, keyin unga havola etilgani aniq edi. Qaynisinglisi Gulsumning Qodirbekni olib qayoqqadir ketgani-yu, qaynotasining qorasi ko‘rinmayotgani, ayniqsa mushtipar onaning «biz hammamiz shunga rozi» degan so‘zlari shunday xulosa chiqarishga asos berardi.
– O‘tinaman, yo‘q demang! – iltijo qildi Shohsanam. – Yolg‘iz yodgorim Qodirbek uchun so‘rayman – Gulsumga uylaning!
Murodbek o‘pkasini bosa olmadi. Unsiz yig‘ladi, keyin roziligini bildirib, Shohsanamning qo‘llarini siqib qo‘ydi.

30

Ilhomjon o‘sha kuni Murodbek Shomurodovichni kasalxonaga joylashtirib qaytgach, ust-boshini tashlab chiqish bahonasida Jobirbekning uyi orqali otaning hovlisiga o‘tdi. Marhuma Gulsum ayaning burchakdagi hujrasini titib ko‘rishi lozim. Shubha uyg‘otmaslik va ehtiyotkorlik yuzasidan qo‘l fonarini yoqib hujraga kirdi. Barcha burchaklarni titkilab chiqdi. Aytarlik, e’tiborga loyiq bir nima topmadi hisob. Hafsalasi pir bo‘ldi. Shu payt uyning burchagiga o‘rnatilgan golland pechkasi uning nigohini o‘ziga tortdi.
– Qiziq, – dedi u metallni chertib ko‘rarkan. – Hujra devorining narigi tomonida – Murodbek ota yashab turgan uy, ammo, u xonada golland pechning yarmini ko‘rmagandim. Qolaversa, tomda tutun chiqadigan mo‘ri ham yo‘q. Demak, bu o‘ziga xos seyf bo‘lishi kerak? – Ilhomjon egilib pechning eshikchasini ochdi-da, ichkariga qo‘l suqdi. Qo‘li allaqanday qattiq bir narsaga tegdi. Fonarini to‘g‘rilab egilib, o‘txonaning ichkarisiga qaradi – kalit teshigini ko‘rdi. Keyin har qanday qulfni ocha oladigan maxsus moslamani oldi. Uni kalit teshigiga tiqib, asta-sekin o‘lchamlarini moslab, qulfning tilsimlarini ochib bordi. So‘nggi operatsiyani bajarib bo‘lgan edi hamki, «shirq» etgan tovush chiqdi – golland pechning qoq o‘rtasida tirqish paydo bo‘lgandi. Ilhomjon uni tortib ochdi. Seyfdan ikkita papka, to‘rt yuz ming amerika dollari va besh yuz ming so‘m o‘zbek so‘mi chiqdi. Ilhomjon hammasini katta salafan xaltaga soldi. Keyin seyfni hozircha ochiq qoldirib, avval uyni, keyin hovlini tark etdi.
Ertasi kuni ertalab belgilangan vaqtdan bir oz ertachiroq Jobirbeknikiga keldi. Gulchehra qo‘ng‘iroq qilgandi. Kasalxonaga o‘tib kelmoqchi ekan.
– Tayyorlanib turing, men hozir! – Ilhomjon qo‘lidagi paketni ko‘tarib ko‘rsatdi Gulchehraga. – Amakining ust-boshlarini uylariga qo‘yib chiqay.
Gulchehra ishondi, chunki u Ilhomjonning xuddi shu yumush bilan kecha otaning hovlisiga kirib chiqqanidan bexabar edi-da.
Ilhomjon hujraga kirib olib kelgan narsalarini seyfga joylashtirdi-da, boyagi usul bilan uni yana qulfladi. Qaytib chiqqanida Gulchehra ikki bolasi bilan yo‘lga tayyor turishgandi.  

31

Shosalimning birinchi ish kuni telefon orqali tabriklarni qabul qilish, shaxsan tashrif buyurganlarni kutish va kuzatish bilan kechdi Ayrim nozikroq mehmonlarni maxsus xonada, chiroyli tuzalgan dasturxon atrofida qabul qildi. Qutlovlarning keti ko‘rinmas, Shosalim bu odamlarning ko‘pchiligini tanimas, o‘z navbatida o‘zi ham bu doirada unchalik taniqli emasdi.
Bu odamlar qiziq bir toifaga mansub kishilar edi. Ularning nazariga tushish ham, nazaridan qolish ham oson. Ular seni martabang tufayli tanishadi, mavqeing uchun qadrlashadi. Illo vazifadan ketgan kuning batamom unutishadi. Bu odamlarning davrasidan tulki kabi hiylakor bo‘lsang joy topasan, bo‘riday beshafqat bo‘lsang – o‘rin egallaysan. Eshakday xizmatlarini qilsang qo‘nim topasan. Ammo oddiygina bir odam bo‘lib bu safda yurishing qiyin kechadi.
Shosalim hozircha bu sirlardan voqif emasdi. Ayni shu damlarda butun dunyo uning tegrasidan aylanayotgandek, butun olam unga tomon tortilayotgandek – o‘zini cheksiz imkoniyatlar sohibidek tutmoqda edi.
Ertasi kuni ishxonaga kela solib, xodimlar bo‘limi boshlig‘i Nafisa Jahongirovani huzuriga chaqirtirdi.
– Menga shtatlar jadvali bo‘yicha xodimlar ro‘yxatini tayyorlab bersangiz. Keyin kelasi oyning birinchi chorshanbasidan attestatsiya o‘tkazilishi haqida buyruq loyihasini tayyorlang.
Shosalim shu qadar sovuq, rasmiy ohangda gapirdiki, Nafisa uni kuni kecha hazillashib, chaqchaqlashib yurgan Shosalimga o‘xshatmadi: “Tovba, nahotki odam shunchalar tez o‘zgarsa?” – deb hayron bo‘ldi. Keyin bir nima demoqchi bo‘lib og‘iz juftlagandi, Shosalim: “Attestatsiya hammaga birdek ta’lluqli!” – dedi keskin, e’tirozga o‘rin qolmaydigan qilib. So‘ng, boyadan beri turgan joyida qoqqan qoziqday turib qolgan Nafisaga bir oz muloyimlik bilan, favqulodda bunday qarorga kelishining sababini tushuntirgan bo‘ldi: “Nafisaxon, shunday qilmasak bo‘lmaydi. Zavodda mehnat intizomi judayam bo‘shashib ketgan. Sababini o‘zingiz bilasiz, Jobirbekning ko‘ngilchanligidan foydalanib korxonada tekintomoq qalang‘i-qasang‘ilar ko‘payib ketdi!”.
Shosalim attestatsiya bahonasida jini suymaydigan uch-to‘rtta odamni, to‘g‘rirog‘i Jobirbekka tegishli odamlarning dumini tugishni maqsad qilgan – shu yo‘l bilan kimning kim ekanini ham ko‘rsatib qo‘ymoqchi edi. Bu kishilarni zavodda «Jobirbekning odamlari» deb atashardi. Bir muncha imtiyozga ega edi ular. Shosalim ayni shu odamlar bilan chiqisha olmay yurardi. Ziddiyatlar keskinlashgan damlari ham Shosalim jahlini ichiga yutar, Jobirbekning hurmati tufayli keskin choralar ko‘rishdan o‘zini tiyib kelardi.
«Jobirbekning odamlari» aslida unga yetti yot begona kishilar edi. Jobirbek qayda bir chor-nochor kun kechirayotgan xonadonni ko‘rsa, darhol shu oiladan birovni zavodga ishga taklif qilar, yaxshigina maosh tayin qilib, ro‘zg‘orini butlashga imkon yaratib berardi. Yuqoridagi kishilar ham turli davrlarda Jobirbekning muruvvati tufayli zavodda qo‘nim topishgan, asta-sekin zavod sharoitiga moslashib, korxona atrofida kechadigan tashmachilik, umummulkni o‘g‘irlab sotish, mijozga navbatsiz xizmat ko‘rsatish evaziga choychaqa undirish, limitda belgilanganidan ortiqcha mahsulot berish singari noqonuniy ishlarga aralashib, o‘z ulushlarini undirib yurishardi. Mo‘may daromad esa ro‘zg‘orga ham, ahyon-ahyon uyushtiriladigan bazmi jamshidlarga ham yetib ortardi. Shosalim dastlab ular bilan ulfatchilik qilib yurdi. Keyinchalik bir voqea sabab bo‘ldi-yu, u bu davradan oyog‘ini tortdi. O‘shanda bir oz shirakayf bo‘lib qolgan anavi pakana Alimbek gandiraklaganicha o‘rnidan turdi-da:
– Hamma qadahlar to‘ldirilsin, – deb amr qildi. Keyin esa, davradagilarga bir haqiqatni anglatmoqchi bo‘lib nutq irod qildi: – Olinglar! Barchamizning valiy-y-y-ney-y-y-matimiz Jobirbek akamni sog‘liqlari uchun ichamiz. Biz hammamiz u kishining oyoqlarini o‘psak arziydi!.
U muvozanatini yo‘qotib, munkib ketmaganida, hali uzoq sannagan bo‘lardi ehtimol. Boshi bilan dasturxon ustiga mukkasidan ketgan Alimbekni yonidagilar ushlab qolishdi. Qadahlar bo‘shatildi.
“Qiziq! – Shosalim davra ahliga ajablanib qaray boshladi. – Axir kuni kecha chorig‘ini sudrab, zavod eshigidan iymanibgina kirib kelgan bolalar mana shular emasmi? Ilk moyana olganlarida, pulning cho‘g‘i balandligini ko‘rib shoshib qolgan: “Kassir adashmadimikin ishqilib? Ortiqchasini qaytar, deb qolmasmikin” degan hadik-xavotirda ish kuni tugashini bezovtalanib kutgan, keyin uylariga shamolday uchib, oiladagilari bilan to‘lib-toshgan hayajonlarini baham ko‘rgan – o‘sha soddadil yigitlar qani? “
Shosalim davradagilarning joylashish tartibiga razm soldi. Avval e’tibor bermagan ekan. Kechagina bir to‘p bo‘lib chekish maydonchasidami yoki oshxonada to‘planishib turadigan bu jamoada tenglik yo‘qolgandi. Tabaqalanish boshlangandi: endi bazmlarda Alimbek, Tohir naynov, Nosir va Shuhratlar davraning to‘rini ishg‘ol qiladigan, tashabbus shulardan boshlanib boshqalar ularga ergashadigan bo‘libdi. Tabaqalanish, ularning zavodda tutgan mavqelarining baland-pastligidan emasdi ammo. Bu davrada kimning qaysi joyda o‘tirishi, zavod atrofida kechadigan mo‘may daromad manbai – «oldi-berdi» poygalaridagi ishtiroki kimning qancha o‘lja topayotgani bilan belgilanardi. Ustomonlikda esa anavi to‘rtta davraboshi qolgan barcha qurdoshlarini ortda qoldirgandi. Davra va yig‘inlarda boshqalar ularni olqishlar, maqtar, bu jamoada tilyog‘lamalilik, aldov, yasama tavoze singari munosabatlar odat tusiga kira boshlagandi.
Bu gal ham bazm odatiy tarzda boshlanib, an’anaviy suratda davom etayotgandi. Birda Alimbekning ishbilarmonligi, birda Tohirning olg‘irligi, Shuhratning mahoratiyu Nosirning «jasorati» tilga olindi. Keyin og‘izlarda ko‘pirgan mana shu ko‘pik maqtovlar bir piyola aroq bilan yuvilib, tozargan og‘iz bo‘shliqlari yana ko‘pirishga tayyor qilinardi.
Tohir naynov Alimbekning qulog‘iga zgilib nimadir dedi. Shu lahza Alimbek, boyadan beri aroqqa qo‘l urmay o‘tirgan Shosalimga «yalt»etib qaradi: “Naynovning shubhasi o‘rinli!” dilidan o‘tkazdi u. Keyin, vaziyatni bir oz o‘z izmiga solmoqchi bo‘lib, yuqoridagi nutqini irod qilmoq uchun o‘rnidan turgandi u boya.
Qadahlar bo‘shatilgach Tohir naynov Alimbek bilan ma’noli ko‘z urishtirib oldi. Keyin sinovchan ko‘zlarini Shosalimga tikdi: 
– Siz olmaysizmi? – Shosalimning oldidagi davra boshlanganidan beri qo‘l urilmagan qadahga ishora qildi u.
– Yo‘q, men ichmayman, yigitlar! – davraboshilarning ko‘nglida kechayotgan g‘alayonlardan bexabar Shosalim, quruqqina qilib javob qildi.
– Nega? Sababini bilsak bo‘ladimi? 
– Savolda kishini tahqirlaydigan bir ohang bor edi. Shosalim shundan hushyor tortdi: qarasa hamma unga qahrli nigoh bilan boqayapti. U «avvalgi safar ichganimda, Jobirbek sezib qolib rosa tanbeh bergandi» deb rostini aytishi yoki boshqa bir sababni ro‘kach qilib vaziyatdan chiqishi mumkin edi. Ammo u bunday qilmadi.
– Sababi oddiy, ichmayman vassalom! – dedi u jo‘ngina qilib.
– Jobirbek akamning sog‘lig‘i uchun ham ichmaysizmi?
– Yo‘q!
Davradagilar sarosimalanib qolishdi. Nosir sariq tutaqib ketdi:
– Vey, Shosalim aka, qorningiz to‘yib qoldimi? O‘zingiz ham shu odamning orqasidan kar-r-ril-lab yuribsiz. Siz ham u kishining oyog‘ini…
“Bir kamim senlarga hisobot berishim qoluvdi, – o‘yladi Shosalim. – Qolaversa, senlar uning oyog‘ini o‘paveringlar, men emas!” Shu lahza ko‘ksida uni ahyon-ahyon bezovta qilib turadigan bir og‘riq uyg‘ondi. Jobirbekdan ginasi yo‘q; u do‘st sifatida hurmatini joyiga qo‘yib kelardi. Ammo zavoddagilar uning qora o‘tmishini bilganlari uchun ham, unga Jobirbekning do‘sti, deb emas, uning shaxsiy haydovchisi deb qarashardi. Alam qilardi! U hamisha barchaga bir haqiqatni anglatmoq istagida yonardi. Hozir shuning mavridi kelgan ko‘rinadi.
– Jobirbek – mening do‘stim! Senlar esa uning malayisizlar. – Shosalim o‘zi tomon qarab turgan qahrli nigohlarga nafrat ko‘zlarini qadadi. – Senlar uning oyog‘ini o‘psalaring arziydi, chunki u senlarni odam safiga qo‘shdi. Men esam unga kelgan baloga ko‘ksimni qalqon qilganman. Agar o‘shanda men bo‘lmasam, hozir Jobirbek bu o‘rinda bo‘lmasdi!
Shosalim g‘olibona qiyofada davradan chiqib ketdi. Boshqalar og‘zini ochgancha uni kuzatib qolishdi. Mag‘lublik alami chidab bo‘lmas darajada edi, ammo ko‘nikishdan boshqa ilojlari qolmagan edi. Chunki ular bugun Shosalim bilan Jobirbekni bog‘lab turgan ip o‘zlari o‘ylagandan ancha mustahkam va pishiq ekanini anglab yetishgandi.

32

Shosalim direktorning kursisiga yalpayib o‘tirgancha bir oydan keyin ana shu yalangoyoq raqiblarining qizarib-bo‘zarib zavod darvozasidan chiqib ketishlarini ko‘z oldiga keltirdi: «Zap ish bo‘ladi-da!». O‘ylagan rejasining puxtaligidan zavqlanib mazza qildi u.
Qabulxonaga tapur-tupur qilib o‘n chog‘li odam kiradi. Shosalim g‘ala-g‘ovurni eshitib tugmachani bosadi. Kotiba kiradi. Ortidan boyagi norozi qiyofalar ko‘rinadi.  Shosalim hech nimadan bexabar odamday so‘raydi:   
–  Nima to‘polon?
– O‘rtoq direktor! Mana bu – bir guruh bezorilar sizning huzuringizga bostirib kirishmoqchi, – kotiba qulochini yozib, tanasi bilan eshikni to‘sib, ortidagi olomonni ichkariga kiritmaslikka harakat qiladi.
– Qo‘ysangiz-chi, Munavvar opa! Bular bezorilar emas, o‘zimizning ishchilarimiz–ku! – deydi u boshliqlarga xos bag‘rikenglik bilan. Keyin: «Qo‘yvoring ularni, kirishsin bemalol, arzlari bo‘lsa eshitay!» – deb kelganlarga yuzlanadi:     
– Xo‘sh, xizmat?
– Biz ishsiz qoldik! Endi nima qilamiz? – chuvillashadi ular.
– Nega ishsiz qolasizlar? Kim sizlarni vazifangizdan mahrum qildi? Kamina, masalan bu haqda hozir eshitib turibman.
– Bizni attestatsiyadan o‘tkazishmadi! – g‘alayon qiladi ular.
– Ha-a-a, attestatsiyadanmi? Attestatsiyadan birovni birov o‘tkazmaydi. Har kim o‘z bilimi, malakasi bilan o‘tadi bu imtihondan, – deydi u ularni ochiqdan-ochiq masxaralab.
– Endi nima bo‘ladi? Iloji yo‘qmi? – mulzam bo‘lgan to‘da bir pog‘ona past tushib, yalinchoq ohangda so‘zlay boshlaydi.
– Men nima ham qila olardim? – atay kamtarinu xokisor tutadi u o‘zini adolatli rahbar ekanini ko‘rsatib. Keyin: «Attestatsiya komissiyasining ishiga aralashishga mening haqqim yo‘q» deb boyagi to‘polonchilarni haydab yuboradi.
Shosalim ana shu voqea ro‘y beradigan fursatni ko‘z oldiga keltirib yana bir karra zavqlandi. Shu payt eshikdan kimningdir boshi ko‘rindi.
– Mumkinmi?
– Kiraver! Kel o‘tir! Menda ishing bormi?
– Men haydovchingizman. Ikki kun bo‘ldi «Volga» ni qabul qilganimga!
– Asqar aka-chi?
– Tibbiy ko‘rikda shifokorlar ruxsat etishmabdi, shekilli.
– Bir hisobda yaxshi bo‘pti! – o‘yladi Shosalim. 
Asqar aka harqalay Shosalimni bir haydovchi sifatida bilguvchilardan. Shuning uchun ham uni so‘rattirmayotgandi. Keyin o‘zining yangi haydovchisiga sinchiklab razm soldi. Yoshi bo‘lsa 25-26 larda. Yelkalari keng – shug‘ullangan bo‘lsa kerak. Sochini kalta qilib, toza-ozoda kiyinishidan – oliftaligi ayon.
– Oting nima? 
– Ilhomjon!
– Jobirbekning xonadonidan xabarlashib turibsanmi? U yoqda nima gaplar? Mana bu ishlar bilan bo‘lib, o‘n kuncha bo‘ldi bora olmadim.
– Xabar olib turibman. Kecha otani kasalxonaga yotqizdik.
Shosalim bu xabardan taraddudlanib qoldi.
– Kecha dedingmi? Hm-m-m, nima qipti otaga?
– Do‘xtirlar yurak deyishayapti, menimcha – asab! Ota bechora o‘g‘lini o‘ylayverib esini yo‘qotib qo‘ygan ko‘rinadi.
– Yana nima bo‘ldi?
Ilhomjon Shosalimga bir oz yaqin surildi-da, ovozini bir parda pastlab gapida davom etdi:
– Kecha kasalxonaga olib ketayotganimda ota o‘zini g‘alati tutdi. Nuqul burchakdagi hujrani ko‘rsatib: «U yoqqa hech kimni kiritma. Pech qizib yotipti – kuydiradi!» deb alahladi rosa.
– Nima? – Shosalim savol berishga berib qo‘ydi-yu, kallasiga quyilib kelgan bir fikrdan sarosimalanib qoldi: «Kalavaning uchi topildi! – o‘yladi u. – Nega shu narsa avvalroq xayolimga kelmadi-a? Axir, Gulsum ayaning xonasida katta golland pech bor-ku! Unda olov yonganini hech ham eslay olmayman. Mushtipar ayol, qachon hol-ahvol so‘ragani kirsam, sandalida o‘tirgan bo‘lardi. Demak!..».
– Bo‘pti, ishingni davom ettiraver. Agar kerak bo‘lib qolsang garajdan o‘zim chaqirtiraman. Hozircha Jobirbekning xonadonidan xabar olib tur!  
Shosalim Ilhomjonning ortidan kuzatib turdi-da, eshik yopilishi bilan telefonga qo‘l cho‘zdi. Shosha-pisha allaqanday raqamni terdi. Narigi tomondan javob bo‘lgach, «Qilich, bu kech mening shahardagi uyimda uchrashaylik – gap bor”, dedi. Keyin, «Shunqor ham kelsin», deb tayinladi.

33

Akmal «Quruvchi» mehmonxonasidan Jobirbek haqida ma’lumot so‘ragan ikkinchi kishi bo‘lib chiqdi. Mehmonxona xodimasi uning suratini ko‘rib darrov tanidi.
– Bu odamning shaxsi bilan yana kim qiziqqandi? – so‘radi undan Akmal.
– Kimligini bilmayman-u, har holda ayol kishi edi, – javob qildi u.
– Nimalarni so‘ragandi?
– Shu odamning bizning mehmonxonamizda tunagan-tunamaganligini, tunagan bo‘lsa kim bilan bo‘lganligini so‘ragandi. Men mijozlarni qayd qilish kitobida faqat uning nomi borligini, ammo belgilangan muddatgacha mehmoni bo‘lgani haqida ma’lumot bergandim.
– Bu, hoynahoy Gulchehra bo‘lsa kerak! – dilidan o‘tkazdi Akmal. Keyin ayrim noaniqliklarga oydinlik kiritish uchun mehmonxona xodimasini yana savolga tutdi: – Mehmonxonaga kunda yuzlab odam kirib chiqadi. Ularning hammasi ham xotirada saqlanib qolavermaydi. Aynan Jobirbek bilan bog‘liq voqealarning aniq-taniq yodingizda qolganiga sabab nima – shuni tushuntirib bersangiz?
Juvon birdan qizarib ketdi. Boshi quyi egildi. Barmoqlari bilan kuylagining shokilalarini o‘ynab, ohista gap boshladi:
– Bilasizmi, judayam ko‘zga yaqin yigit edi u. Ko‘rkam, xushbichim, ustiga ustak puli ko‘p edi. Bizning mehmonxonamizga bunaqa odamlar kamdan-kam kelishadi. – Juvon bir muddat jimib qoldi.
– Shuning o‘zimi?
Juvon tergovchining savoliga darhol javob qilmadi. O‘sha xushbichim, xushsurat yigitga o‘zida ham mayl bo‘lganini, ma’lum bir muddat Jobirbekning ishqiy sarguzashtlari tufayli mo‘maygina daromad olib kelganini ro‘yi rost tan oldi.
– U menga ham yoqardi, – dedi u asta iymanib.
Akmal avvaliga Farangisni erkin qo‘ydi. U ham tergovchining qulog‘iga lag‘mon ilgan bo‘lib rosa obqochdi. Rad qilib bo‘lmas dalillarni ro‘kach qilgach esa, rangi bo‘zarib dovdirab qoldi. O‘zini bir umr kuzatuv ostida bo‘lgandek his qildi. Qo‘rquvdan dag‘-dag‘ qaltirar, vaziyatni fikr qilmoqqa ojiz edi u. Tergovchi shu qadar ko‘p ma’lumotlarni qaerdan va kimdan olganini bilolmay boshi qotgandi.
– Endi Sakina haqida so‘zlab bering! – qantarilgan qartalarni bir-bir ochishda davom etdi Akmal. 
Sakinaning nomini eshitib juvon batamom tor-mor bo‘ldi. Butun vujudini qaltiroq bosdi.
– Meni qamashadimi? – yig‘lamsiradi u.
– Yo‘q, ammo jazo muqarrar! Tergovga bergan yordamingiz esa aybingizni bir muncha yumshatadi.
Akmalning so‘zlari dalda bo‘lib, Farangis bir oz tinchlandi. Keyin, endi hamtovoqlarining qayig‘ida qola olmasligini, bu teshik tog‘ora uzoqqa suzishga yaramay qolganini payqadi. So‘ng ko‘z yoshlarini artib, o‘zini bir oz tuzatgan bo‘ldi-da:
– Aytaman, hammasini aytaman! – dedi.

34 

Akmal Toshkentga kelgunga qadar guvohlarning ko‘rsatmalari, voqeaga aloqador boshqa hujjatlarni obdon o‘rganib chiqdi. Gulchehra bilan Shosalimni so‘roq qilganida bir voqeaning ikki xil talqin qilinishi uning e’tiborini o‘ziga jalb etdi. 
Gulchehraning aytishicha, Jobirbek bilan o‘rta¬laridagi araz, erining jazmani qo‘ng‘iroq qilgan kundan boshlangan:
– Erimning hadeb Toshkentga qatnashidan jazmani bor, deb shubha qilardim, – dedi u. 
Shundan so‘ng, Gulchehra tabiatiga zid ravishda erining qadamini ta’qib etishga tushadi: o‘sha qo‘ng‘iroq bo‘lgan kecha erining qaerda tunaganini va kim bilan bo‘lganini bilish uchun Shosalimga qo‘ng‘iroq qiladi. 
– «Quruvchi» mehmonxonasiga kuzatib qo‘ydim, – qabilida javob qiladi Shosalim. 
O‘zining aytishicha, dabdurustdan berilgan savoldan dovdirab qolgan: «Chunki Jobirbek faqat «Inturist»da joylashardi, – dedi u so‘roq payti. – «Quruvchi»ga ahyon-ahyon xufyona ko‘ngil yozishga borib turardi. Ammo uning ishrat qiladigan jononlarini, rosti gap, tanimayman».
Akmal dastlab «Inturist» mehmonxonasining mijozlar qayd qilinadigan kitobini tekshirdi. Jobirbek qo‘noq bo‘lgan sanalarni yon daftarchasiga yozib oldi. Keyin, «Quruvchi»ni izlab topdi. Bundagi daftar bilan «Inturist»dan olgan sanalarni solishtirdi. Aksari mos keldi. Lekin «Quruvchi»da «Inturist»da qayd etilmagan sanalar ham bor edi. Yana bir hol uni qiziqtirdi. Bu – Jobirbekning «Quruvchi»da to‘xtagan kunlari nuqul Farangisning navbatchilik kunlariga to‘g‘ri kelgani edi. 
– Xo‘sh, Shosalim do‘stining sirini dabdurust berilgan savoldan dovdirab qolib aytib qo‘ydi ham, deylik, – shoshilmasdan mulohaza yuritmoqqa harakat qilardi Akmal. – Jobirbek arzon-garov mehmonxonani ishrat maqsadida tanlagan – xo‘p. Mehmonxonaning, to‘g‘rirog‘i Farangisning «xolis xizmat»lari uchun mo‘maygina pul berib turgani holda, mijozlarni qayd etish daftariga ismi-sharifini aniq-tiniq qilib yozdirib qo‘yishi-yu, mehmonxona xizmatchisi nimagadir bu «uchrashuv»larni xaspo‘shlash o‘rniga, uning ismi-sharifi yoniga ochiq-oshkora «plyus bir» degan yozuvni tirkab qo‘ygani mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. 
Akmal Jobirbekning «Quruvchi»da tunagan kunlari nuqul Farangisning navbatchilik kunlariga to‘g‘ri kelganidan shubhalanib uni kuzata boshlagandi. «Kalavaning uchi» shu juvonda ekanini ichki bir ovoz tasdiqlab turardi. Dastlab kuzatuvlar unchalik natija bermadi. Farangis ishdan chiqib to‘g‘ri uyiga chopardi. Yo‘l-yo‘lakay do‘kondan ul-bul xarid qilardi, xolos. Qo‘shnilaridan biri, uni mushtipar bir ayol sifatida ta’rifladi. Yaxshi baho berdi. Keyin, bir nimadan shubhalandimi, Akmalga yovqarash qildi:
– Shoshma, sen o‘zi nima uchun bu xonadon bilan qiziqib qolding? Kimsan o‘zi? Yoshi o‘tinqirab qolgan amaki jussasiga yarashmagan bir shasht bilan xezlandi hamsuhbatiga. Akmal nima deyishini bilmay bir oz kalovlanib qoldi. Keyin tavakkal: “Shu xonadon bilan taqdirimni bog‘lash niyatim bor”, deb yubordi. Amaki, tinchlandi. Hatto avvalgisidan ham muloyimlashdi.
– Ha, bolasi tushmagur, hoynahoy Nargizga to‘r tashlagan ko‘rinasan?!
“Tavba, Nargiz kim bo‘ldiykin?” Akmal shu o‘y, yasama uyalish, zo‘raki tabassum bilan amakiga «ha» ma’nosida bosh irg‘ab qo‘ydi. Hozir tavakklachilikdan boshqa chorasi yo‘q edi uning. 
– Nargiz, baraka topgur, yaxshi qiz! Opasiga mehribon!
«Ha, Nargiz Farangisning singlisi ekan-da! – Akmalning chehrasi yorishib ketdi. – Hoynahoy, opasi bilan tursa kerak?».
– Siz Nargizga ko‘z tashlaganimni qayoqdan bildingiz, o‘ta sinchkov ekansiz, ota! – Akmal og‘zining tanobi qochib, hamsuhbatini maqtagan bo‘ldi. Maqsadi ma’lumot olish edi. Ota maqtovga parvo ham qilmadi. 
– Shu xonadon bilan taqdiringni bog‘lamoqchi ekansan, albatta Nargizni mo‘ljal qilasan-da. Anovi to‘nka er bilan umri xazon bo‘lgan Farangisni tanlamagandirsan, harholda? Yoki... – Amaki qalin o‘sgan qoshlari orasidan unga sinchiklab qaradi. – Yoki nogiron bolalariga otalik qilmoqchimisan?
Akmal nima deb javob berishni bilmay qoldi. «Ha» demasligi aniq, ammo «yo‘q» deyishga ham ikkilanib qoldi: «Choli tushmagur, mehr-muruvvatsiz odam ekansan» deb dag‘dag‘a qilmasin, ishqilib.
– Endi, yaxshimi-yomonmi o‘z oilasi bor! – O‘ylay-o‘ylay topgan gapi shu bo‘ldi Akmalning. 
Ammo suhbatning yo‘rig‘idan qoniqmoqda edi u. Farangis haqida anchayin ma’lumot olishga ulgurgandi. “Demak, to‘nkaga o‘xshagan eri, qariqiz singlisi va nogiron bolalari bor ekan” – xayolan Farangisning turmushini chamaladi u. Keyin suhbatdoshi, keksa amaki bilan xayrlashib, undan uzoqlasharkan, xotirasiga muhrlangan uchta so‘zni yon daftarchasiga tushirib qo‘ydi: To‘nka er. Qariqiz singil. Nogiron bolalar...        

35

«Qurilish-tijorat bank»ini topish uncha qiyin kechmadi. Nargiz ana shu bankda ishlardi. Akmal atayin payt poylab ishga chiqmaydigan kuni uni so‘rab bordi. 
– Siz Nargizning kimi bo‘lasiz? – qator qilib terilgan kompyuterlar qarshisida o‘tirgan qizlardan biri qoshlarini ma’noli uchirib so‘radi undan. 
Akmal atrofdagi qizlar ham bir-birlari bilan sirli-sirli ko‘z urishtirganlarini, keyin quloqlari ding bo‘lib, uning javobiga mushtoq turishganini ko‘rib atay ovozini bir parda pastlab gapirdi: 
– Men tanishiman!
– Uzoq? Yaqin? – sho‘xligini qo‘ymasdi qiz. 
– Buning nima ahamiyati bor?
– Ha, endi sizga – begona bir erkakka, o‘n gulidan bir guli ochilmagan bokira bir qiz haqida biron-bir ma’lumot berish uchun shaxsingizni bilishim kerakmi, yo‘qmi? – bo‘sh kelmadi u. 
Qizlar uning so‘zamolligidan yayrashardi. Shu payt bittasi luqma tashladi:
– Tanishlar masalasida, ja-a-a omadi chopgan-da Nargizning!
– Bir ko‘rgan tanish, ikki ko‘rgan bilish, uchinchisi ajab emaski qovushish bo‘lsa-a? – gapga aralashdi qizlarning yana biri. 
– Fu-u-u, – dedi boya luqma tashlagan qiz, – anavi zavod direktori so‘rab kelganida ham shundoq fol ochgan edilaring. Qorasini ham ko‘rsatmay ketdi.
– San qatdan bilasan – balki uchrashib yurgandir? – Teskari qarab o‘tirgan qizlardan biri o‘girildi-da, Akmalga ko‘zi tushishi bilan, nojo‘ya gapirib qo‘ydim degandek, boshini chayqab-chayqab yana ishida davom etdi.
– Man sizlarga aytsam, – yoshi kattaroq juvon ikki qo‘lini yonga cho‘zib kerishdi, – er degani «bar’er» degani. Koni tashvish. Nargiz to‘g‘ri qildi. 
Davradagilar Akmalni unutib qo‘yishgandi go‘yo. O‘zlari bilan o‘zlari bahsga kirishib ketishdi. Akmal esa bir chekkada barchani birma-bir kuzatib, suhbatning mag‘zini chaqib turardi. Agar Akmal boshqa bir maqsadda kelganida, o‘rtadagi gap-so‘zlardan ranjigan bo‘lardi, ehtimol. Hozir esa ayni shu kabi mulohazalar uning maqsadiga mos edi. Bu payt, boyagi kerishib gap boshlagan xotin, endi qo‘li ishga bormay, yonidagilarga gap uqtirish bilan mashg‘ul edi. 
– Shunday joyga ishga kiritib qo‘ydi. Kami-ko‘stiga qarashib turibdi. Bir gal bir xotindan yuz ming so‘m yubortirgan ekan. Rosa maqtangandi – eslaringdami? Har oy yuz ming, yomon emas-a? Yana nima qilsin bechora? Bu noshukur yana yangi tanishlar orttirib yuribdi. Ko‘z degani to‘ymas ekan-da, tavba! 
Akmal Nargizni yaqindan tanish uchun ayni shu ayol bilan gaplashishi lozimligini payqadi: «Ko‘p narsani biladigan ko‘rinadi. Aftidan, sirdoshi bo‘lsa kerak. Nargizga hasad qilayotgani shundoq gap-so‘zlaridan bilinib turibdi». 
Kechki soat oltida Akmal unga ishxona ostonasida peshvoz chiqdi. Kichikroq bir kafega taklif qildi: «Samimiy, do‘stona o‘tiramiz, nojo‘ya harakat, yomon niyat yo‘q,» – dedi juvonni cho‘chitmaslik uchun.
– Unday bo‘lsa bormayman, – hazil aralash erkalandi juvon. Keyin: – Malika, – deb qo‘l uzatdi. – Sizniki-chi?
– Akmal.
Malika o‘sha o‘tirishda rosa ochildi. Nargizning qoshiga uchib kelgan baxt qushi o‘zining boshiga qo‘nmoqchi bo‘lib turganidan – sevinchi ichiga sig‘may ketayotganini yashira olmadi. U hali Akmalning kim ekanini bilmas, ammo turqi-tarovatidan katta bir korxonaning rahbari bo‘lsa kerak, degan gumonda edi. Akmal shu o‘tirishda Nargiz haqida ko‘pdan-ko‘p ma’lumotlarga ega bo‘ldi: Jobirbek keyinroq unga uylanmoqchi ekanini, hozirdanoq poytaxtning eng markaz joyidan 30000 dollarlik hovli joy sotib olganini, uni Nargizning nomiga rasmiylashtirganini – barcha-barchasini gapirib berdi. Ancha o‘tirib qolishibdi, ko‘chaga chiqishganida kech tushib, shahar son-sanoqsiz chiroqlar shu’lasiga burkangandi. Akmal Malikaning manzilini yozib oldi. Malika kelajak haqidagi orzulariga shu kech ilk qadam qo‘yishni ko‘zlab turardi. Uyga kuzatsa, bir amallab ichkariga taklif qilaman – u yog‘i ming bir kecha, deb maqsadini diliga tugib ulgurgandi. Ammo Akmal u bilan shu yerda xayrlashni ma’qul topdi. Malika buni kech angladi. Akmal taksi haydovchisiga yo‘lkira berib, «bu kishini uylariga oborib qo‘ying», deganida rosmana sarosimalanib qoldi. Keyin apil-tapil mashina oynasini tushirdi-da: «Yana qachon kelasiz – yana uchrashamizmi?» – deb so‘radi. 
– Endi kelmasam kerak, ammo zarur bo‘lib qolsangiz, albatta chaqirtiraman, – dedi. 
Malika uni yaxshi anglay olmadi. Hafsalasi pir bo‘lib, «hamma erkaklar bir go‘r» dedi-da, mashina o‘rindig‘iga yaxshilab o‘rnashib oldi. 

36

Shosalimning qishloqdagi hovlisi shundoqqina kanalning bo‘yida joylashgan bo‘lib, kanalning naryog‘i keng dashtlik. Past-baland tepaliklar oralig‘idagi to‘qayzorlar qishda quyon, bo‘rsiq, yozda o‘rdak ovlanadigan ovloq joy.
Shosalim ham bir ko‘ngil yozmoqchi bo‘ldi. Jobirbek bilan bo‘lib, keyingi ikki-uch yilda biror marta ovga chiqmadi. Xotiniga tuxum qaynatib, termosga choy damlab qo‘yishini tayinladi-da, O‘ta mergannikiga o‘tib kelmoqchi bo‘ldi.
O‘ta mergan yoshi saksonlarni qoralab qolgan chol. Uning asli ismi Otabek, azbaroyi merganlikda tengi yo‘qligidan, o‘ta mergan degan sifat nomiga aylangan. Yoshligida mohir ovchi bo‘lgan. Mo‘ljalni aniq olishda unga teng keladigan odam bo‘lmagan bu atrofda. Shundan ahyon-ahyon qishloq chekkasidagi to‘qayzorda ov qilish uchun tuman, viloyat, ba’zan markazdan kelib turadigan kazo-kazolar uni ham birga olib ketishardi. Ov ko‘ngildagdek o‘tgan paytlari O‘ta merganni bir talay sovg‘a-salomlar bilan uyiga kuzatib qo‘yishardi. U ishtirok etgan ovlarning zavqi bo‘lakcha bo‘lardi. Mehmonlar ov qilib bir maza qilsalar, O‘ta merganning o‘q otish san’atini tomosha qilib yana bir mazza qilishardi. Ayniqsa, gulxan atrofida, qo‘r to‘kib o‘tirishgan chog‘lari merganning qiziq-qiziq hikoyalarini tinglash yanayam maroqli bo‘lardi. 
– O‘ta aka, mana bu to‘qayzorlarning naryog‘ida «mergan dara» degan bir joy bor ekan – shu joy mabodo sizning nomingiz bilan atalmaganmi? – Shahrisabzlik mahmon O‘ta merganni savolga tutdi bir gal. 
– Yo‘q! Lekin bu daraning shunday nomlanishi mening bobokalonlarim bilan bog‘liq, – deb bir rivoyatni hikoya qilishga tushdi: – Bundan yetti yuz yilcha burun bobokalonlarimdan biri merganlikda kamolot cho‘qqisiga erishgan ekanlar. Sohibqiron Temurning nazariga tushib uning qo‘shinida eng mohir o‘qchi – mergan bo‘lib xizmat qilganlar. Temurning bir topshirig‘ini ado etib, butun dunyoga mashhur bo‘lganlari haqida avloddan-avlodga, og‘izdan-og‘izga ko‘chib kelayotgan bir rivoyat ham bor. 
Xizmatchilikda Temurning nomini tilga olish nari tursin, uni eshitgandayoq shipga qadar sapchib tushadigan bu odamlar, to‘qayda ov mahali O‘ta merganning hikoyalaridan hadiksirashmadi. Qolaversa, O‘ta mergan biror sabab bilan bir muddat to‘xtasa, davomini eshitish ishtiyoqida betoqatlanib qolishardi.
– Shunday qilib Temur bobo Ovro‘pani o‘ziga bo‘ysundiribdi! – deya hikoyasida davom etdi u. – Davlatlar Sohibqiron xazinasiga boj-xiroj to‘lab turisharkan. Bir safar o‘lponchilar qip-qizil motam ichida qolgan bir shaharga duch kelishibdi. Bu haqda jahongirga xabar qilishibdi. 
– Biz bu shaharni toki motam boshidan ko‘ta¬ril¬magunicha soliqdan ozod eturmiz! – deb amr qilibdi hukmdor. 
Lekin shaharning peshvolari o‘ta zakiy chiqib qoli¬shibdi. Endi, har yili o‘lponchilar keladigan mahal, baland minora tepasida qo‘ng‘iroq chalinar, odamlar darhol to‘planib motam marosimi uyushtirar ekan. Shu zayl shahar muttasil yetti yil o‘lpon to‘lamabdi. Bu haqda Sohibqironga arz qilinibdi. Hukmdor o‘sha shahar aholisining birdamligiga qoyil qolib, miyig‘ida kulib shunday debdilar:
– Mayli, tilimiz bilan qilgan xatoni mahoratimiz bilan to‘g‘rilaymiz! 
Keyin bizzi bobokalonimizni huzurlariga chaqir¬tirib bir topshiriq beribdilar. Keyingi safar bobomiz ham o‘lponchilar safida o‘sha shaharga qarab yo‘lga chiqibdilar. Minora juda baland joyda joylashgan bo‘lib, tevarak-atrof uzoq-uzoq joylargacha kaftdek ko‘rinib turarkan. Minora tepasida poyloqchilar doimiy qorovullik qilishar, o‘lponchilar mittigina nuqta tarzida ko‘zga tashlanishi bilan bong chalisharkan. Bobom hali ko‘z ilg‘amas uzoqlikdan o‘q otib, ulkan qo‘ng‘iroqning iplarini shart-shart uzgan ekanlar. Qorovullar odamlarni ogohlantirishga ulgura olmay qolibdilar. Hamma mergan bobomning mahoratiga qoyil qolgan o‘shanda! 
– Mistika! Ishonish qiyin! 
Viloyat hokimiyati bo‘limi boshlig‘i Qo‘chqorboev bosh chayqab qo‘ydi. O‘ta mergan achchiqlandi: 
– Ha, albatta, Temur millionta odamning kallasini kesgan, deyishsa – ishonasiz, ammo bu gapga ishonmaysiz...
– Hey, qo‘ysanglar-chi, shu siyosatni! – shahrisabzlik amaldor, ularni oracha qildi. – Undan ko‘ra hikoyaning davomini eshitaylik – juda qiziq ekan!
Viloyat ideologiya bo‘limi boshlig‘i O‘ta mergan kabi odamlarni tirnog‘icha ham ko‘rmasdi. Lekin hozir u bilan adi-badi aytishib turmadi. Chunki O‘ta mergan shu to‘poriligi, shu cho‘rtkesarligi, merganlik mahorati tufayli ilgari markazko‘mning birinchi kotibi bilan ham bir davrada o‘tirgan odam ekanini bilardi. Shundan alamini ichiga yutdi. Faqat qaytishda hamrohlariga qarata: «Avvallari ovga tozi itlar olib chiqilardi, endi bir ko‘ppakni sudrab yurish rasm bo‘libdi», deb kinoya qildi. 
O‘ta mergan mafkura kotibining semizlikdan kirtayib qolgan ko‘zlari, tomog‘ining ostida xalta bo‘lib osilgan bag‘bag‘asiga jirkanib bir qarab qo‘ydi-da, keyin hikoyasida davom etdi: 
– Xullas, o‘sha mergan bobomiz, qarib-qartayib tug‘ilib o‘sgan qishlog‘iga qaytib keladi. Ko‘zi ojizlanib, oxir-oqibat hech nimani ko‘rmay qoladi. Lekin ov havasidan voz kecha olmaydi. Endi tovushga qarab sharpani ilg‘ash va mo‘ljalni aniq olish hadisini o‘rganadilar. Bir gal o‘g‘illaridan biri bilan ovga chiqadilar. 
O‘ta mergan har gal hikoyaning shu nuqtasiga kelganida ma’yuslanib qolardi. Bu safar ham shunday bo‘ldi. Ko‘zlari yoshlanib, tomog‘iga bir nima tiqildi. Ehtimol shunday kezlari o‘zining keksalik chog‘ini ko‘z oldiga keltirib yuragi hapriqib ketsa kerak.
– Xullas, daraga toshdan-toshga sakrab, o‘ynoqlab yurgan sayg‘oqlarni ov qilishga borishibdi. Mergan bobom farzandiga bir toshning ustida qimirlamay tur, deb tayinlabdilar. O‘zlari tevarak-atrofni quloq bilan kuzata boshlabdilar. Shu payt o‘g‘il nimagadir muvozanatini yo‘qotib, yiqilib tushmaslik uchun ovoz chiqarmaydigan qilib, ikkinchi toshga sakrab o‘tibdi. Shu payt «viz» etib o‘q uchibdi. Og‘ir yaralanib, jon taslim qilayotgan farzandining «otajon» degan chinqirig‘i tog‘ bag‘rida ancha paytgacha aks-sado berib turibdi. 
Mergan bobom o‘q-yoyini toshga urib sindiribdi, yoqasini chok qilib yig‘labdi. Keyin telbanamo bir ahvolda «bolam-ov, bolam» deb daraning ichiga kirib ketganicha, qaytib chiqmagan ekan...
O‘ta mergan mana shunday xotiralar ta’siridanmi yoki qushuyqu pinakdanmi, xira tortgan ko‘zlarini yumib, hovlisining kungay tomonida eski paxsa devorga suyangancha qimir etmay yotardi. Qadam tovushlarini eshitib, boshini ko‘tardi:
– Kim bu?
– Men, Shosalimman, mergan og‘a!
– Ha, senmisan? Kel, bolam! – O‘ta mergan, bir oz o‘nglanib, mehmonga qo‘l cho‘zdi. – Ko‘pdan beri ko‘rinmaysan? Tashvishing ko‘pmi?
– Ish ko‘payib ketdi, ota. O‘zingiz durustmisiz? Hovlida hech kim yo‘q, bolalar qayda?..
– Barisi dalada.
– Ota, miltig‘ingizni so‘rab kelgandim. Shahardan nozikroq mehmonlar kelishmoqchi edi. Bir ov qilib yayrasak, degandik.
O‘ta merganga jon kirgandek bo‘ldi. Ishqiboz odamlar qiziq-da! Bichilgan qul xo‘jasining to‘shakdagi ishqiy sarguzashtlaridan zavqlangani kabi darmonsizlanib qolgan mergan o‘zgalarning ovidan bahra olardi. Miltig‘ini beradi. O‘zi otishga yaramaganidan keyin, boshqalar otsin-da!
– Odamga to‘g‘irlama! – odatdagidek tayinladi mergan miltiqni Shosalimga tutqaza turib. – Ovning uchdan bir ulushini menga olib kelishni unutma, xo‘pmi!

37

Shosalim o‘sha kuni ovda uzoq qolib ketdi. Xotini Salima yurak hovuchlab erini kutib uxlay olmadi. Tun yarmidan oqqanda allaqanday g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir tovushlar qulog‘iga chalinib, tashqariga chiqdi. Hovlisining etagidagi eski hujraning chirog‘i yoniq. Eri eshik oldida papiros tutatib turar, ichkaridagilar nima ish bilandir mshg‘ul edi. 
“O‘lja kattaroq bo‘lganga o‘xshaydi, – o‘zicha o‘yladi Salima, – go‘sht taqsimlashyapti”. Erkaklarning ishiga aralashgisi kelmadi. Qaytib uyiga kirib ketdi...
Salima Shosalimlarning xonadoniga kelin bo‘lib tushgan damlarini o‘ylab bir oz yotdi. Hademay eri o‘rtoqlarini kuzatib uyga kirdi. Uni kutib turgani ma’qul. Lekin Shosalimdan hadeganda darak bo‘lavermagach turib tashqariga mo‘raladi. Hujraning chirog‘i o‘chgandi. Hamma yoq jim-jit. Hayron bo‘ldi. Keyin ichkari xonaning eshigini ochib bolalarini ko‘zdan kechirdi. Kichigi juda besaranjom yotadi. Vaqti-vaqti bilan ustini yopib qo‘ymasa, ko‘rpasini tepib tashlayveradi. Mijozi issiq. Jahli tez – otasiga o‘xshaydi.
Salima yana o‘sha voqeani esladi. Yangi kelin bo‘lib tushgan davrlari edi. Shosalim dalada ishlardi: tong saharlab otasi derazalari ostiga kelib, uning nomini aytib chaqirar, o‘g‘lini uyg‘otib ishga jo‘natardi. Salima avvaliga o‘zini majbur qilib, eri bilan bab-barobar turib yurdi. Ammo kuni bo‘yi uyqusirab, horg‘in alfozda yurishga uzoq chidamadi. Bir kuni uyg‘onishga uyg‘ondi-yu, ammo o‘rnidan turmadi. Qiziq, Shosalim bunga oddiy qaradi. Hatto, uni bezovta qilmaslik uchun ko‘rpadan ohista sirg‘alib chiqdi. Salima kelinlarning tong saharlab uyg‘onishi kattalar chiqargan bir qoida – kelinlarni qiynash uchun qaynonalar tomonidan o‘ylab topilgan bir bahona ekan, deb o‘yladi. Biz axir erlarimizga bo‘ysunamiz-ku?! Erim gapirmadimi – demak, saharmardon turishim shart emas! “Sali, senga havasim kelayapti, – degandi dugonalaridan biri. – O‘zing xon, o‘zing sulton kelin bo‘lasan. Qaynanang yo‘q – xohlaganingni qilasan”. Yo‘q, adashgan ekansan, dugonajon. Bu chol ikkita qaynonaning o‘rnini bosadi. 
Salima shunday o‘ylar ichida yana uxlab qolibdi, kimdir derazani taqillatgandek bo‘ldi: «Qizim, turing, vaqt allamahal bo‘ldi”, qaynotasining tovushi eshitildi tashqaridan. 
«Ha, ovozing o‘chsin!» – Salima xohlab-xohlamay o‘rnidan turdi. Uyqusiragancha bir muddat o‘tirdi. Keyin tashqariga chiqdi. Qaynotasiga sovuqqina qilib salom berdi-da, supurgi va chelakni olib ko‘chaga yo‘naldi.
Bu qiynoqlarga qanday barham bersam ekan – xayoli shu o‘y bilan band edi uning. Odam bolasining tabiati qiziq, ba’zan irodasizligi tufayli bir parcha non, bir lahzalik huzur-halovat uchun nimalardan kechvormaydi, deysiz. Salima ham tongning shirin uyqusi deb hayotidagi eng katta xatoga yo‘l qo‘ydi. 
Kechqurun, ovqatdan so‘ng uchchovlari qo‘lbola so‘rida televizor ko‘rib o‘tirishganida Salima dasturxonni yig‘ishtirib oldi-da, uyga kirib ketganicha qaytib chiqmadi. Shosalim hayron: axir hozir qiziq bir film bo‘ladi. Salima ko‘rmoqchi edi-ku? Tinchlikmikin? Shosalim shu haqida otasidan so‘ramoqchi bo‘ldi-yu, lekin bir nimalarni o‘ylab fikridan qaytdi. Naridan-beri kino ko‘rgan bo‘ldi-da, otasi bilan xayrlashib uyiga kirdi. 
– Sizga bir nima bo‘ldimi? – teskari o‘girilib yotib olgan xotiniga tegajoqlik qildi u. – Yoki ari chaqdimi?
– Ey-y-y, qo‘ying! – U belidan erining qo‘lini olib tashladi. Xotinining bu xatti-harakatidan Shosalimning izzat-nafsiga zahm yetdi. 
– Menga qarang, nima bo‘lganini ayting yoki yig‘ish¬tiring bu tomoshani! Agar rosmona jirkansangiz... – Uning ovozi keskin, hukmi qat’iy edi. – Bundan keyin, hech qachon meni xuddi jirkangandek siltab tashlamang – uqdingizmi?..
Shosalimning qoni qaynagan, og‘ir-og‘ir nafas olardi. Salima, bir oz oshirib yuborganini sezdi. O‘rnidan turib erining yelkasiga osildi:
– Men sizdan jirkanar ekanmanmi? Axir, butun qishloq qizlari menga havas qilishadi-ku! 
Shosalimning birdan ko‘pchib ketgan qoni tezgina sovidi.
– Nima bo‘lganini aytarsiz endi? 
Salimaning sukut saqlab turishidan uning ko‘ksida yana shubha-yu gumonlar g‘imirlay boshladi. Shosalim qishloqning old yigitlaridan biri ekanini yaxshi bilardi. Kuchli, xushsurat yigit edi, birgina kamchiligi qashshoq yashashardi. Ana shu tomondan ojiz ekanini anglardi. 
Yoshligida bu narsa uni hech qachon tashvishlantirmagandi. Ota-onasi kamsuqumgina insonlar – ularni shu holicha sevar, ardoqlardi. Shu paytgacha ularning kambag‘alligini hech kim uning yuziga solmagandi, hali ustidan kulmagandi. Bu 10-sinfda o‘qib yurgan kezlari sodir bo‘ldi.
«Ochiq dars»da kim bo‘lsam ekan degan mavzuda suhbat qurishgandi. Har kim o‘zi tanlagan kasbi haqida gapirdi. Navbat Shosalimga kelganida, sinfdagi olifta Tolib gap qistirdi. 
– Shosalim, sen aytmasang ham bilamiz – quruvchi bo‘lasan! – Sinfxonaning har joy-har joyidan «piq-piq» kulgi eshtildi. 
– Nega endi quruvchi, men zavodda ishlayman!
– Nima, otangning kasbini qilmoqchi emasmisan? Otang axir quruvchi-ku! 
Bolalar yana kulishdi. Shosalim esa na Tolibning ilmoqli gaplarini, na bolalarning kulgularini tushunmay boshi qotgandi. Agar shu payt tanaffusga qo‘ng‘iroq chalinmaganda, bahs nima bilan tugashini hech kim bilmasdi.
– Tolib! – sabri chidamadi Shosalimning. – Otamning nima ish qilishini men bilamanmi, sen? Boyagi kinoyalaringga balki izoh berarsan – kulish bo‘lsa birga kulishaylik!
Tolib ayni shunday vaziyatni kutgandi. Hammaning nigohi hozir ularda. Sinfning eng oldi qizi Salimani o‘ziga og‘dirib olgan Shosalimni ruhan sindirish uchun bundan qulayroq vaqt bo‘lmasa kerak. 
– Kulishaylik, deysanmi? – zaharxanda qildi Tolib. – Bizga qo‘shilishib kulisha olarmikansan? Otangni quruvchi, deganim... Otang kechki paytlari odamlarning uyida hojatxona qazib yurishidan xabaring bo‘lmasa kerak!
– Yolg‘on! Yolg‘on aytayapsan, – Tolibning yoqasidan mahkam changallab silkiladi u. Bolalar darhol ularni ajratib qo‘yishdi.
– Yolg‘on gapirib menga zaril keptimi? Kecha otang bizga chiroyli bir hojatxona qurib berdilar. Tekinga emas albatta. 
Shosalim ortiq bir so‘z demadi. Yig‘lamsiragancha otilib sinfxonadan chiqib ketdi. 
Kechki ovqat mahali ota tund qiyofada o‘targan o‘g‘lining ko‘nglini ko‘tarmoqchi bo‘ldimi, enasiga qarab: «Nasib etsa, yaqin kunlarda o‘g‘lingga bitta velosaped obberaman», – dedi. U o‘g‘lining shodlikdan irg‘ishlab ketishini kutgandi. Bunday bo‘lmadi. Aksincha, Shosalimning boshi yanayam quyi egildi:
– Kerak emas, – dedi u eshitilar-eshtilmas.
– Nima? Kerak emas? – hayron bo‘ldi enasi. – Axir shu matohni deb holi-jonimga qo‘ymaysan-ku, bolam!
– Kerak emas, dedimmi – menga hech narsa kerak emas. Velosaped ham, kiyim-bosh ham – hech narsa kerak emas! 
Ota-ona Shosalimning dabdurustdan bunchalik tutaqib ketishidan hangu mang bo‘lib qolishdi. 
– Men sizlardan hech narsa so‘ramayman. Menga hech narsa kerak emas. Faqat dadam endi hech kimnikiga borib, hojatxona qurmasalar bo‘lgani! 
Shosalim shart o‘rnidan turdi-da, yig‘lagancha uyga kirib ketdi. Shu-shu uning yuragida kolxoz bug‘oltirining o‘g‘li Tolib tufayli tug‘ilgan nafrat o‘sib-ulg‘ayib, o‘ziga to‘q kishilarga nisbatan qahr-g‘azab, hasad tuyg‘ulariga aylandi. Endi har bir puldor odam uning ko‘ziga Tolib qiyofasida namoyon bo‘lar, Shosalim jon-jon deb bu qiyofani momataloq qilishga tayyor edi. 
Hozir u shularni o‘yladi. Salima ayni shu tobda, ro‘zg‘ordagi yetishmovchiliklardan noliydigandek, dasti qisqaligidan zorlanadigandek tuyuldi.
– Ertalab dilim xufton bo‘ldi, – iymanibgina so‘z boshladi Salima, – otangiz meni uyg‘otmoqchi bo‘lib uyga kiribdilar. Ich kiyimda yotgandim, ustim ochiq qolgan ekan. Biram uyalib ketdim, otam bo‘lsa tikili-i-i-ib turibdilar...
Shosalimning yuragi sanchgandek bo‘ldi. Hoziroq borib, otasi bilan orani ochiq qilishga tayyor turardi, ammo... «Nahotki, otam o‘z keliniga hirs bilan boqqan bo‘lsa? Axir bu sharmandalik-ku! Odam ham shunchalik past ketishi mumkinmi? Balki, Salimaga shunday tuyulgandir!» – Shosalimning ko‘ziga uyqu kelmadi. Tonggacha ana shunday iztiroblar ichida to‘lg‘onib chiqdi. Ertalab turib tashqariga chiqdi. Otasi odaticha hassasini to‘qillatib shu tomonga kelmoqda ekan.
– Shosalim, turdingmi, bolam?!
– Ha, xo‘rozga o‘xshab likonglamasangiz ham bo‘lardi.
Kutilmagan bu gapdan ota tosh qotdi:
– Bu nima deganing, o‘g‘lim?
– Xo‘roz, men qichqirmasam tong otmaydi deb o‘y¬larkan! Siz ham endi bizni ta’qib qilishni bas qilsangiz bo‘lardi. Sizsiz ham uyg‘ona olamiz! – zarda qildi Shosalim 
Otaning ko‘ngli ranjidi. Ammo nima ham qila olardi. Hozir oilaning boquvchisi u. Unga bo‘ysunish lozim. “Balki, unga haliyam yosh boladek munosabat qilayotganim erish tuyulayotgandir?” – o‘yladi ota. Keyin, asta burilib ketarkan: «To‘g‘ri aytasan, o‘g‘lim, endi aralashmaganim bo‘lsin!» dedi. 
– Keliningizni ham tinch qo‘ying! – otasining ortidan baqirdi Shosalim. 
O‘sha kuni otasi xujrasidan chiqmadi. Salimaning hatto tushlik olib kirishga ham yuzi chidamadi. Kechqurun eri kelgach esa, uni otasidan xabar olishga undadi. Shosalim hujradan o‘qdek uchib chiqdi:
– Sali! – butun vujudi qaltirardi uning. – Otam o‘lib qolibdilar-ku!..
Haqiqatdan ham ota o‘z to‘shagida bir bandcha pulni mahkam siqqancha jon taslim qilgandi. Pulni bolalariga bermoqchi bo‘lgan hoynahoy. Salima qilib qo‘ygan ishidan keyinchalik, ko‘p bor afsuslandi, ammo endi taassuf chekmoqdan ne foyda?! Otadan qolgan pullarni esa olishdi. Otani shu pullar hisobidan ko‘mishdi. Shu pullar hisobidan shaharga ko‘chib ketishdi. Ushalmagan armonlari ushaldi. Bu pullar otaning uzoq yillar hojatxona qazish evaziga yiqqan bisoti ekani Shosalimning xayoliga ham kelmadi.

38

Sakina eshikni ochib ostonada notanish bir yigitni ko‘rib, avvaliga mijozlardanmikan, deb o‘yladi. Chaqirilmagan mehmonning militsiyadan ekanini bilgach, rangi oqarib ketdi. Lablari pirpirab: «Menda nima ishingiz bor – qonunga xilof bir ish qilganim yo‘q» dedi yelkalari titrab. 
– Qo‘rqmang, qo‘rqmang! – tinchlantirdi uni Akmal. – Men bor-yo‘g‘i bir masalada siz bilan suhbatlashmoqchi edim. Uch-to‘rt savolim bor, xolos. Agar ruxsat etsangiz...
Sakina shu payt es-hushini yig‘ib oldi. Eshik oldida gaplashish o‘zi uchun ham foydali emasligini fahmladi: qo‘shnilar o‘tib-qaytib turishibdi, har nechuk...
– Kiring! – Sakina o‘zini chetga olib, yo‘l bo‘shatdi. 
– Siz mana bu kishini taniysizmi? – Akmal unga Jobirbekning suvratini ko‘rsatdi
– Yo‘q!
– A, Jobirbek ismli kishini-chi?
– Taniyman u lo‘ttibozni! – Sakina yuzini burish¬tirdi. 
– Mana bu maktubni siz yozgansiz – dasxatingizni taniyapsizmi?
– Ha. O‘sha lo‘ttibozning boplab bir ta’zirini berish uchun qilganman bu ishni.
– Turgan gapki, sizni bu ishga kimdir undagan. O‘sha kishilar kimlar edi – tanimaysizmi mabodo?
– Yo‘q. Ko‘rsam taniyman. Ular ikki kishi edi. Halol bir odamning vakillari bo‘lib kelishgan ekan. – Sakina shu so‘zlarni aytib, birdan tutaqa boshladi. – Shu ishning oxiri voy ekanini o‘sha paytdayoq ko‘nglim sezgandi-ya. Nafsim qursin! Qurib ketsin o‘sha lo‘ttivoz ham... Bir boshimga shuncha g‘avg‘o kerakmidi? – Sakina iztirob ichida, qaltiray boshlagan qo‘llari bilan Akmalning bilagidan tutdi: – O‘rtoq tergovchi, meni qiynamang. Hamma savollaringizga javob beraman. Faqat, tushuntirib bering – nima gap? Nima voqealar sodir bo‘layapti o‘zi?
Akmal bir zum jim qoldi. Nimalarnidir mulo¬haza qi¬lib ko‘rdi. Keyin qat’iy bir qarorga kelib so‘z boshladi:
– Mayli, sizga aytsam bo‘ladi. Siz Jobirbek sifatida tanigan odam aslida u emas. Jobirbek mana bu odam! – Akmal boyagi suvratni ko‘rsatdi hayratdan og‘zi ochilib qolgan Sakinaga. – Mana shu odam bundan to‘rt oycha burun, izsiz yo‘qolgan. Bu jinoyatga siz bilgan Jobirbekning aloqasi bor, degan faraz bor.
Sakina begunoh bir odamni shuncha so‘kib, qarg‘ab yurgani uchun o‘zini-o‘zi ayblay boshlagandi. Akmal unga yuzlandi:
– Endi menga anavi sirli shaxs bilan bog‘liq barcha tafsilotlaringizni so‘zlab bersangiz. Keyin men sizga hikoyaning davomini aytaman. O‘shanda qanchalar go‘l bo‘lganingizni, necha bor chuv tushganingizni bilib olasiz.
Sakina bo‘lib o‘tgan voqealarni so‘zlar ekan, Akmal tafsilotlarning ayrim joylarini daftarchasiga yozib bordi. Sakina so‘zini tugatgach Akmal miyig‘ida kulimsirab qo‘ydi:
– Qoyil! Naq tartanak uyasi. Chigal, ammo mohirona to‘qilgan reja. 
Shundan so‘ng hech nimaga tushuna olmay, garangsib turgan Sakinaga bir haqiqatni anglatib qo‘ydi. Shuning o‘zi unga bor haqiqatni anglashi uchun kifoya edi. Haqiqatdan ham Sakina Farangis va Nargizning opa-singil ekani-yu, Jobirbek niqobi ostida yashiringan shaxs Nargizning jazmani bo‘lganini bilib, esidan og‘ib qolishiga oz qoldi. Akmal Sakinaning hushini yig‘ib olishini kutib turdi. Keyin unga qarab kulib qo‘ydi. 
– Telefoningizdan foydalansam bo‘ladimi?
– Bemalol, bemalol! Sakina uni telefon turgan burchakka boshlab bordi. Yo‘l-yo‘lakay esa, “voy ablah-ey, voy lo‘ttibozlar-ey. Rosa boplashibdi-ku,a meni!” deb ming‘irladi u.
Akmal mayor Nurxo‘jaevga telefon qildi. Ish bitganini, bugunoq uchib borishini ma’lum qilib, go‘shakni joyiga qo‘ydi. Keyin Sakinaga yuzlanib: «Kiyining, men bilan ketasiz», dedi kutilmaganda. Sakina bu taklifdan dovdirab qoldi:
– Men? Nega?
– Xavfsizligingiz uchun. 
Ikkita noma’lum shaxs Sakinaning eshigini taqillata boshlagan chog‘ ular o‘tirgan samolyot osmonga ko‘tarilib bo‘lgandi...

39

Shosalimning yoshligidan yuragida chandiq bo‘lib qolgan bir dardi bor edi. Nogahon ana shu yaraga tegib ketsang bas, u og‘riqning zo‘ridan anchagacha o‘ziga kela olmay yurardi. Uning eng ojiz joyi, og‘riq nuqtasi ham shu edi. Inson bolasida azal-azaldan bir-biridan ustun bo‘lishga, yo zo‘ri, yo zari bilan bir-birini kamsitishga moyillik qusuri mavjud. Ikki kurashchi qanot yozib maydonga tushsa, turgan gapki, ikkalasi ham o‘lib-tirilib g‘oliblik uchun olishadi. Ikkisi ham raqibimning kuragini yerga bossam, deydi. Hatto raqibni dast ko‘tarib, boshi uzra yuksaltirgan polvonning pirovard maqsadi uni chirpirak qilib yerga uloqtirishdan iborat bo‘ladi. Atrofda qiy-chuv ko‘tarib turgan olomonni aytmaysizmi. Davraning ikki tomonida ham kurash qiziydi: tuyg‘ular jangi, ehtiroslar kurashi! Har ikki guruh o‘z polvonining qo‘li baland kelishini istaydi. Shavqu zavq borasida raqiblardan ustun bo‘lgisi keladi. Xullaski, qaysi tomonga qaramang, ana shu manzaraning guvohi bo‘lasiz: puli ko‘p, bisoti mo‘l odamning auktsionda oshig‘i olchi, bilimi zo‘r, idroki benazir olimning fanda omadi chopib boraveradi.
Shosalim o‘zidan to‘qroq, o‘zidan ustunroq kishilarning hammasidan ham hamisha nafratlanavermasdi. Toki uning «tagi past»ligini yuziga solishmasa, o‘sha og‘riq nuqtasiga tegishmasa – birovga zarari tegmasdi hisob. Kezi kelganda tashabbusini, birda kuchi, birda bilimini ishga solib, shuning evaziga oladigan nasibasi bilan kifoyalanib yuraverardi. Jobirbek bilan munosabatlari ham ana shu asosga qurilgandi. U Jobirbek tang ahvolda qolganida yordamini ayamadi, Jobirbek o‘z navbatida uni yaxshigina siyladi, o‘ziga yaqin oldi, u munosib tirgak bo‘lishga tirishdi, sadoqat bilan xizmat qildi.
Do‘stidek aziz, ukasidek yaqin bo‘lib qolgan Shosalimning xizmatlarini birda kiftiga qoqib, birda boshini silab, yana birda qo‘lini siqib kelayotgan Jobirbek, bir gal bilib-bilmay uning og‘riq nuqtasiga tegib ketdi. 
O‘shanda Jobirbek xonasida ikkita notanish, ammo ko‘rinishidan badavlat, basavlat nusxa bilan nima haqdadir qizishib, bahslashib turardi. Mavzu jiddiy, har ikki tomon bir to‘xtamga kela olmagani asablarning tarang tortilganiyu yuzlarining bo‘g‘riqib ketganligidan ko‘rinib turardi. 
– Jobirbek, haliyam kech emas – shartimizga ko‘ning, – uzun bo‘yli, kampirdahan mehmon, hamsuhbatini so‘nggi bor ko‘ndirishga harakat qildi. U garchi ohista so‘zlasa-da, gaplarida tahdid ohangi sezilib turardi. – Ixtiroingizni o‘zimizda qo‘llab nima topasiz? Shon-shuhratmi? Molu davlatmi? Ikkisi ham siz uchun sarob bo‘lib chiqadi – meni aytdi dersiz. Qolaversa, shuhratni shundoq qo‘lingizga tutqazib qo‘yadigan vallomat yo‘q bizning jamiyatda. Yoki Firdavsiyning «Shohnoma» siga o‘xshab bir hovuch sariq chaqaga baholanadi ishlaringiz...
– Shuning uchun Rafiq akamning aytganlariga ko‘ning, – nasihatga tushdi ho‘kizdek baquvvat, sochini tap-taqir qilib qirdirgan Shotir ismli sherigi. – Ixtiroingizni xorijga sotsak, – u noto‘g‘ri gapirmadimmi, deganday Faqirbekka ko‘z qirini tashladi, xo‘jayinning yuzida biron-bir o‘zgarish alomati sezilmagach, gapida davom etdi, – bilasizmi, xorijliklar bu ixtiro uchun qancha to‘lashadi? Davlatdan oladiganingizdan ming marotaba ko‘p haq olasiz.
Jobirbek pulni muqaddas biluvchi, Xudosi ham, ka’basi ham pul bo‘lgan bu kishilarga oddiy bir haqiqatni – Vatan, el-yurt oldidagi burch kabi tushunchalarni anglata olmasligiga ko‘zi yetgandi. Shundan suhbatga batamom nuqta qo‘yishga qaror qildi.
– Janoblar, uzr! Bu davlat idorasi. Bunda qonun-qoida, bo‘ysunish lozim bo‘lgan intizom mavjud. Mavzuga boshqa qaytmaganimiz ma’qul. Chunki mening bu boradagi qarorim qat’iy. Uni hech kim va hech nima o‘zgartira olmaydi...
Shu payt eshik zarb bilan ochilib Shosalim otilib kirdi. Uning bemavrid tashrifi, ustiga-ustak direktorning kabinetiga yotoqxonasiga kirgandek eshikni taqillatmay, ruxsat so‘ramay kirishi Jobirbekka sal og‘ir botdi. Mana bu odamlarning oldida izza bo‘lgandek sezdi o‘zini: «Hamma narsaning ham chegarasi bor», dilidan o‘y kechdi uning. “Tavba! Odam bolasi nega bunaqa ekan-a? Bir oz puli ko‘payib yoki obro‘yi oshsa – har qanday chegarani bosib o‘tish mukin, deb o‘ylaydi”.
– Jobirbek, sizda ishim bor!.. Kechiktirib bo‘lmaydigan ish... – Uning qizargan-bo‘zargan afti-angori, garchi masala jiddiy ekanidan darak bersa ham, Jobirbek Shosalimning shoshqaloqligidan rosmana ranjidi. Mehmonlari turishga taraddudlanib qolishgandi, Jobirbek, hozir dedi-da, Shosalimga yuzlandi:
– Dunyoda bitmaydigan ish yo‘q. Faqat, hamma ishning o‘z mavridi bor. Napoleon bir naynov generaliga, siz mendan baland emassiz, uzunsiz xolos, degani kabi, keling, har bir narsani mavridida qilaylik. Men hozir mehmonlarni kuzatib olay. Siz bilan keyin gaplashamiz, maylimi? 
Bu Shosalimga ochiqdan-ochiq, chiqib turing, degani edi. Boya taqsimot bo‘limi boshlig‘idan yengilgina zarba yeb bir oz gandiraklab qolgan Shosalim, hozirgi zarbadan batamom o‘zini yo‘qotib qo‘ydi...

40

Mehmonlar Jobirbekning tashqarigacha kuzatib chiqi¬shiga unashmadi. “Bir hisobdan shunisi ham ma’quldir”, o‘yladi Jobirbek. Ortiqcha takallufga arzigulik munosabat yo‘q edi o‘rtada. Shuning uchun qabulxonadayoq xayr-xo‘shlashdi. Keyin kotibasidan so‘radi:
– Shosalim nega qizishib yuribdi? Nima masalada kelgan ekan – bilmadingizmi?
Kotiba har ikki savolga ham yelka qisib «bilmadim» degan ma’noda javob qilgach, Jobirbek :
– Toping, huzurimga kirsin! – dedi-da, xonasiga kirib ketdi.
Agar shu fursatda Shosalim topila qolganida edi, Jobirbek vaziyatdan kelib chiqib og‘irroq gapirib yuborgani uchun undan uzr so‘ragan bo‘lardi ehtimol. Ammo izlaganlar uni topa omadilar.
Shosalim nima qilishini bilmay mashinasining yonida tosh qotib turardi. Xayollarga shu qadar g‘arq bo‘lgandiki, boyagi mehmonlar unga yaqin kelganlirini ham sezmay qoldi. 
– Ha, inim? 
Shosalim cho‘chib ular tomonga o‘girildi. Shu damda hech kimni ko‘rishga toqati yo‘q edi. Ko‘zi qonga to‘lib bu vaziyatdan chiqishning yo‘lini izlardi. 
– Avzoingiz chatoq-ku! – Rafiqbek uni yana gapga solmoqchi bo‘ldi. Keyin shotiriga qarab, ma’noli qilib ko‘z qisib qo‘ydi: – Do‘stingdan top, deganlari shu bo‘ladi! 
Shosalim noiloj qolgandi. To‘lib ketgan yuragini yorishdan boshqa chorasi yo‘qligini payqadi: «Harholda, begona kishiga o‘xshamaydi, aks holda Jobirbek bilan do‘stligini qaydan biladi?» – o‘yladi Shosalim .
– Qishloqdan kelishgan ekan. Ikki kundan beri navbat kutib turishibdi. Mendan iltimos qilishuvdi. Shu zavodda ishlasamu, direktorning eng yaqin do‘sti bo‘lib, bir mashinani navbatsiz o‘tkazib yubora olmasam – alam qilarkan odamga!
– Shumi muammo? – Rafiqbek Shotirga «bor bajar» degan ma’noda ishora qildi.. 
– Mashinaning nomeri qanaqa? – So‘radi Shotir. Shosalim muammosini bu yo‘l bilan yechishni istamasa-da, boshqa iloji yo‘qligidan istar-istamay vaziyatga bo‘ysundi.
– 19–65 KFA...
Shotir katta darvoza tomonga ketgach, Rafiqbek Shosalimni yo‘l bo‘yidagi quyuq daraxtlar bilan qoplangan bog‘ning ichkari tomoniga yetakladi. Atrofdagi g‘ala-g‘ovur, mashinalarning shovqin-suroni bemalol gaplashishga xalaqit berardi. 
– Kamina bir narsaga sirayam tushuna olmay taajjubdaman, – uzoqdan gap boshladi Rafiqbek. – Siz salkam direktor darajasidagi odamsiz. Binobarin zavodda o‘z ta’siringiz bo‘lishi kerak. Nega endi oddiygina bir taqsimot bo‘limining boshlig‘i oddiygina bir iltimosingizni bajarmaydi? Sizni tan olmaslik direktorni tan olmaslik bilan teng-ku! Shunday emasmi? 
Rafiqbekning mulohazalari o‘rinli edi. Shosalim uning fikr yuritishiga maftun bo‘lib qolgandi. Rafiqbek tufayli o‘zi hech qachon o‘ylamagan bir haqiqatni anglagandek bo‘ldi.
– Ko‘zingizni kattaroq ochib, hushyor bo‘lmasangiz mana shunday itning orqa oyog‘i bo‘lib qolaverasiz. Agar qo‘pol o‘xshatish qilgan bo‘lsam, uzr!
– Hechqisi yo‘q. Siz ayni haqiqatni so‘zlayapsiz! – Suhbatdoshining uzrini qabul qildi Shosalim. – Demak, menga ortiqcha huquq bermaslik tashabbusi Jobirbekdan chiqqan. Shuning uchun ham menga hamma uning do‘sti deb emas, oddiy bir sho‘piri deb muomala qilar ekan- da! Ketaman, mana mashinasi ham boshidan qolsin!
– Qizishmang, inim! – tinchlantirdi uni Rafiqbek. – Boya Napoleonning voqeasini ham bejiz misol qilmadi bu, men seni o‘zimga yaqin olganim bilan, sen mendan pastsan – haddingni bil, degani edi. Shuni fahmladingizmi?
Shosalim bunga e’tibor qilmagandi. O‘sha tobda, o‘zini tinglamagani, eshikdan quvib solgani uchun ranjigandi. Endi o‘ylab qarasa do‘st degani rosa haqorat ham qilgan ekan-ku! Xafachiligi ikki hissa oshdi uning. Ikki o‘rtada do‘stlik rishtalari uzilgani aniq edi. Shosalim bundan buyon nima qilishini, qanday yo‘l tutishni bilmasdi. Shundan, jon kuydirib, uning tashvishini qilayotgan Rafiqbekdan najot istadi.
– Endi nima qilsam?.. Nima maslahat berasiz?
– Avval mening bir savolimga javob bering, – dedi Rafiqbek uning savolini hozircha javobsiz qoldirib. – Ayting-chi, Jobirbekning sizni o‘ziga yaqin olishi nimadan – qarindoshingizmi u?
– Yo‘q!
Shosalim bundan bir necha yil muqaddam, tsexda yong‘in sodir bo‘lganidagi voqeani so‘zlab berdi.
– Ana ko‘rdingizmi? Monstrni axir o‘zingiz – mana shu qo‘llaringiz bilan yaratib qo‘ygan ekansiz-ku! U bo‘lsa sizning dastingizni qisqa qilib qo‘yibdi. – Rafiqbek uning ahvoliga achinganday bo‘lib, bosh chayqadi-da: – Rosa go‘l ekansiz, birodar, – dedi, – axir u siz kabi tashabbuskor odamni, qaysikim shu tashabbuskorligi orqasidan amal pillapoyalaridan yuksalishi mumkin bo‘lgan odamni o‘z yo‘lidan olib tashlabdi. Ustomonligini ko‘ring – o‘ziga sho‘pir qilib jilovda saqlab yuribdi. Qoyil, siz tashlagan poydevor ustiga o‘ziga mustahkam qo‘rg‘on qurib olibdi, vallomat! 
Shosalimning ko‘zi moshdek ochildi. Ammo endi kech. Endi bundan buyon nima qilishini – qanday yo‘l tutishi loimligini o‘ylashi kerak.
– Endi avval qanday munosabatda bo‘lsangiz – o‘shanday davom etiraverasiz aloqalarni. Ammo kallani ishlatsangiz, o‘z haqqingizni ajratib olasiz. Do‘stingiz sizdan qanday foydalangan bo‘lsa, siz ham shunday yo‘l tuting. Bu «o‘z qalpog‘ini o‘ziga kiydirish, o‘z qo‘li bilan o‘zini bo‘g‘ish», deyiladi. 
Shu payt daraxtlar orasidan Shotirning qorasi ko‘rindi. Yonida qishloqdoshlari ham kelishmoqda edi. Rafiqbek qishloqinamo bu odamlar Shosalimga kelayotganini bilib chekkaladi. Ular bilan salomlashishni ham o‘ziga ep ko‘rmadi. Bu ham bir hisobdan yaxshi bo‘ldi: «ko‘rib qo‘yishsin, Shosalim qanday odamlar bilan hamsuhbat ekanini.!». Yoshlikdagi sinfdoshi va raqibi, hozirda tumandagi qurilish tashkilotida ta’minotchi bo‘lib ishlayotgan Tolib kela solib, uning qo‘lini mahkam siqdi:
– Rahmat, jo‘ra. Mushkulimizni oson qilding. Borganingda kir, quyuq ziyofat bizdan. Sen bilan faxrlanamiz...
Boyadan beri dili xufton bo‘lib turgan Shosalimning chehrasi bir oz yorishdi. Bu Tolibning ustidan qozongan g‘alabasi edi. Ana shu g‘alaba uchun u Rafiqbekka qulluq qilishga-da tayyor edi shu damda. Shunday bo‘ldi ham: u Rafiqbek g‘oyalarining quliga aylandi.

41

Salima ertalab erini ishga jo‘natib, ro‘zg‘or yumushlariga sho‘ng‘ib ketdi. Avval shaharda yashagan kezlari, o‘zini juda nosog‘lom sezardi. Chordevorning ichida rosa siqilardi. Qishloq – qishloq-da baribir. Ro‘zg‘or – g‘or. Ish degani boshidan oshib yotibdi. Ammo charchashga qo‘l tegmaydi. Hammasini o‘zi bajarishi kerak. Eri ko‘chadan ortmaydi. Endi zavodga direktor bo‘lganidan beri-ku, ro‘zg‘ordagi erkakbop ishlar ham uning zimmasida. Salima hovli burchagidagi huvillab qolgan katak oldida bir pas to‘xtadi: “Shu katakni kengaytirib bering, deb bir haftadan beri javrayman – foydasi yo‘q, o‘zim yeng shimarmasam bo‘lmaydi”.
Salima shularni o‘ylab turgandi, darvoza oldiga mashina kelib to‘xtadi: «Volga». «Erimning bunday ertachi qaytadigan odatlari yo‘q edi-ku?» Salima bir oz bezovtalanib darvozaga tomon yura boshlangandi, u yoqdan ikkita notanish yigit ostona hatlab ichkariga kirishdi.
– Assalomu alaykum, yanga! Men Ilhomjon – Shosalim akaning shofyoriman. Mana mardikor yollab keldim, uyda ozgina yumush bor degandilar.
– Ha, kelinglar, kelinglar. Hozir choy damlayman! 
– Tashvish qilmang, yanga. Men borishim kerak. Siz mana bu kishiga ishni ko‘rsatsangiz bas...
– Ismingiz nima uka?
– Shokir! – Ilhomjonni jo‘natib ichkariga kirgan Salima mardikor yigitni katak tomon boshlarkan, uni gapga tutdi. – Akangiz, he yo‘q, be yo‘q quyonlarimni O‘ta merganga oborib beribdilar. Tavba, nega deb so‘rasam gapirmaydilar. O‘ta merganni taniysizmi?
– Yo‘q. Men bu yerlik emasman.
– Ha, bir chol-da! Yoshligida mergan o‘tgan. Ovchi. Hozir qarib-qartayib qolgan. Miltig‘ini ijaraga berib turadi. Akangiz yaxshi ov qiladilar. O‘sha kuni nima jin urdi-yu, ertalabgacha hech nima ovlay olmabdilar shekilli, quyonlarimizni miltiq evaziga berib yuboribdilar. Quyonlar bolalarning ermagi edi. Quyon obberasiz, deb boshimni qotirishyapti. Mana shu katakni kengaytirib, quyon boqishga moslab bersangiz.
Salimaning tabiatidagi qusurlardan biri – birovga bir nima demoqchi bo‘lsa gapni bir qir naridan aylantirib kelardi. Mana hozir ham bir og‘iz topshiriqqa shuncha izoh. «Quyonxona qurib bering”, desa bo‘ladi-ku oddiygina qilib, mardikorga tafsilotlarning nima qizig‘i bor?
– Mayli. Siz ishingizni qilavering, yanga! – Shokir yeng shimarib ishga kirishdi.
– Nima kerak bo‘lsa mana bu joydan olaverasiz, – Salima omborxonaga ishora qildi. – Taxta deysizmi, mix, tsement – hammasi bor.
Shokir ishga tusharkan, vaqt topib O‘ta mergannikiga o‘tib kelishni diliga tugib qo‘ydi...

42

Shosalim ertalabga majlis chaqirib qo‘ygandi. Sexlarning boshliqlari, laboratoriya, avtobaza va boshqa tizim rahbarlari uning kabinetida to‘planishgan, ammo belgilangan muddatdan yarim soat o‘tsa hamki, undan darak yo‘q edi. Odamlar betoqat bo‘la boshladilar. Hammaning ishi bor axir. Favqulodda ishi chiqib qolgan bo‘lsa, qo‘ng‘iroq qilib aytib qo‘ymaydimi? Yoki tobi qochib qoldimikan? U holda ham ogohlntirishi lozim...
Direktorning kechikishiga boshqa sabab bor edi. U tuni bo‘yi mijja qoqmay to‘lg‘onib chiqqanidan, tongga yaqin uxlab qolgandi. Uyqudan bir oz tiniqib turdi. Turdi-yu, ertalab majlis chaqirib qo‘ygani yodiga tushdi. Apil-tapil kiynib ko‘chaga otildi. Mashnasi hadeganda o‘t olmay, bir oz xunob bo‘ldi. 
– Ha, palakat! – Rulni asabiy siltadi u. – Omadsizlik bir kelsa, qo‘shaloq bo‘lib kelaverarkan! Shoshilganda «labbay» topilmaydi, deb shuni aytadilar. – Keyin, mashinasini qulflab katta yo‘lga chiqdi – taksi ushlab, zavodga haydashni buyurdi.
Yo‘lda kechagi dahshatli voqea yana xotirasida jonlana boshladi. O‘sha bir juft qontalash ko‘zlar uni tushida ham, hushida ham ta’qib etishdan to‘xtamasdi. Kecha ham shu hol yuz berdi...
Shosalim reja bo‘yicha Qilich bilan Shunqorni Toshkentga jo‘natdi. Ularning vazifasi Sakinani ko‘zdan yo‘qotish edi. 
– Pulni ayamanglar: Moskvagami, Grozniygami ketsin, g‘oyib bo‘lsa bas, – ta’kidladi Shosalim shotirlariga
– Unamasa-chi?
– Unamasa? – Shosalim Shunqorga qattiq tikildi. Bu nigohda «O‘zing bilmaysanmi?» degan pisanda bor edi. 
Qilich boss nima demoqchi ekanini fahmlab:
– Ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, xo‘jayin! – dedi bir oz yaltoqlanib. – Faqat pichoqni tozalash uchun «qog‘oz»ni mo‘lroq bersangiz bo‘lgani. 
– Bu yog‘idan xotiringiz jam bo‘lsin! Anavi juvon gapga kirmasa, unga atalgan pullar ham o‘zingizga qoladi. 
– U endi hech qachon gapga kirmaydi! – irshaydi Shunqor.
Bir yo‘la ham elchi, ham qotil sifatida tanlangan bu ikki shaxs ertalabki reys bilan Toshkentga qarab uchdi. Kechga borib Shosalim rejaning ikkinchi qismini bajarishga kirishdi. Otaning chog‘roqqina hovlisiga kirish uncha qiyin kechmadi. E-he, necha yillik umri ana shu hovli bilan bog‘liq-ku! Hovli burchagidagi hujradekkina xona ham unga tanish. Faqat golland pechning sirini hech o‘ylab ko‘rmagan ekan. 
Shosalim ehtiyotkorlik yuzasidan xona eshigini yuqoriga ko‘tarib ochdi. Shunday qilsa, g‘iyqillamaydi. Keyin, o‘zini ichkariga oldi-da, eshikni yana o‘sha yo‘l bilan yopdi. Qo‘l fonarini yoqib pechni obdon paypaslab chiqdi. Egilib o‘txonasiga mo‘raladi. Shunda tilsimga yechim topganini fahmladi:
– Pishiqligini qara! Buni hech kim seyf deb o‘ylamaydi, – xayolidan o‘tkazdi u. – Men ham shunga o‘xshagan... yo‘q, yo‘q, – fikridan qaytdi u, – umuman o‘xshashi yo‘q bir seyf yasattirishim kerak.
Shosalim o‘txonadan kalitning teshigini bar¬moqlari bilan paypaslab topdi-da, unga kalitni o‘rnatdi. O‘ngga ikki marta buragandi, pechning o‘rta qismidan «tirs» etgan tovush eshitildi. «Bo‘ldi! Hammasi tugadi. Jobirbek saltanati quladi!». Shosalim bundan bir yilcha muqaddam boshlagan azob bilan kechgan kurashga bugun so‘nggi nuqta qo‘yishi lozim. Hozir mana seyfni ochadi-da, kerakli hujjatlarni qo‘lga kiritadi. Uni buyuritmachilarga topshirsa, shotirlari Sakinani gumdon qilsa – yopiqlik qozon yopiqligicha qoladi. Shundan keyin uning mushugini «pisht» deydigan odam bo‘lmaydi bu dunyoda...
Shosalim pechkada paydo bo‘lgan tirqishga barmog‘ini tiqib, o‘ziga qarab tortgandi seyfning eshigi ochildi. Muzlatgichga o‘xshatib yasalgan ekan: eshik ochilishi bilan ichkarida «chirt» etib chiroq yondi. Shosalim cho‘chib tushdi. U seyf to‘ridagi ko‘zguda o‘zining aksini ko‘rgandi. Keyin apil-tapil seyfdagi barcha qog‘ozlarni, papkalarni o‘zi bilan olib kelgan sumkaga joyladi-da, seyfni qulflab, tashqariga yo‘naldi. 
Hammasi silliq ketayotgandi. Oynavandli ayvon yonidan o‘tayotib, beixtiyor derazaga qaradi. Oynadan o‘zi tomon tikilgan bir juft ko‘zni ko‘rdi. Dahshatdan baqirib yuborishiga oz qoldi. Shundan so‘ng hovlidan qanday chiqqanini ham, mikrarayondagi uyiga qay taxlit yetib kelgannini ham eslay olmadi. Tonggacha yana tungi lampaning xira yog‘dusida, devorda katta ko‘lanka yasab, ketma-ket sigareta tutatib chiqdi. Unga alam qiladigani, tirik odamki bor, yo‘liga g‘ov bo‘lsa bartaraf etishga qodir edi. Ammo arvohning bir juft qontalash ko‘zlari ta’qibidan qochishga joy topa olmay qiynalardi. Illo, bu qiynoqlar do‘zax azobi bilan teng edi. 

43

Shokir tushgacha quyonxona uchun joy tayyorladi. Avvalgi katakni buzib, temirini-temirga, cho‘pini–cho‘pga ajratdi. Keyin quyonxonaning ostki tuproq ishlari bilan mashg‘ul bo‘ldi. Beligacha chuqurlikda hovuzga o‘xshatib o‘ra qazidi. Osti va yon atroflarini yaxshilab mustahkam qilmasa – quyonlar yomon, ilma-teshik qilib yuboradi azamatlar. Ish bilan bo‘lib, kun tepasiga kelib qolganini ham sezmay qopti. Tepadan shivalab tuproq to‘kilgandek bo‘ldi. boshini ko‘targandi, qazib chiqarilgan tuproq uyumi ustida biri yetti, biri to‘qqiz yoshlar atrofidagi ikki bolakayni ko‘rdi.
– Salom, azamatlar, yordamga keldinglarmi?
– Yo‘-o‘q! Biz yordamga kelmadik, – bolalarning kattarog‘i Shokirning savolini jiddiy qabul qilgan shekilli, tashrifi haqida batafsil ma’lumot berishga kirishdi: – Ayam aytdila, ovqat tayyor bo‘pti... Tushlik qilib olarkansiz.
Bola shu gapni aytib ketishga chog‘landi: “Yur, Asqar!”. Ukasining esa ketgisi yo‘q edi. Kattasi ukasini qo‘yarda-qo‘ymay ketishga undadi. Axiyri, ko‘ndira olmagach, yuziga bir tarsaki tushirdi. Asqar qo‘lidagi bir parcha nonni yerga otib yubordi-da, o‘tirib olib chinqirib yig‘lashga tushdi. Hovli tomondan Salimaning ovozi eshtildi:
– Bahodir, hoy yashshamagur! Yana ukangni chirqi¬rat¬yapsanmi?
Shokir xandaqdan chiqib, kichkina Asqarni ovutishga tushdi. Agar yig‘lamasa qiziq-qiziq hikoyalar, ertaklar aytib berishga va’da berdi. Asqar yig‘idan to‘xtadi. 
– Qachon aytib beyaasiz? – so‘radi u. – Aay aydasangiz yana yig‘yayman!
Shokir uning bolalarcha sodda so‘zlaridan kuldi.
– Mana hozir aytib beraman. Hobil bilan Qobil qissasi: qadim-qadimda yer yuzida bittagina odam bo‘lgan ekan. Butun yer yuzida birgina xotini bilan yashar ekan...
– Xotini odammaskanmi? – ularga yaqin kelib ertakka quloq tutib turgan Bahodir luqma tashladi. Shokir bolaning dabdurust bergan savolidan dovdirab qoldi. Keyin, boshidagi xatosini tuzatishga harakat qildi:
– O‘sha tanho odam xotin olibdi va yer yuzida odam soni ikkita bo‘libdi. Ketma-ket ikkita o‘g‘il tug‘ilibdi.
– Odam soni to‘rtta bo‘libdi, – yana gap qistirdi Bahodir .
– Barakalla, – Shokir Bahodirning matemaktik qobiliyatini alqab qo‘ydi. Keyin hikoyasida davom etdi: – Bolalarining biriga Hobil deb, ikkinchisiga Qobil deb ism qo‘yibdilar. Ular ulg‘ayib voyaga yetibdilar. Hobil aqlli, mehnatkash ekan-u, Qobil tanbal, ishyoqmas bo‘lib ulg‘ayibdi. Butun borliq, daraxtlar, gullar, qushlar, osmon, yulduzlar – barii-bari Hobilni maqtab, unga tasannolar aytisharkan. Qobilni esa tilga ham olishmas ekan: chunki u gullarni payxon qilib, daraxtlarni sindirib, qushlarga tosh otib yurarkan-da!
Bahodir bo‘yniga taqib olgan «rogatka»siga bir qarab oldi-da, keyin ko‘rinmasin uchun aylantirib ortiga o‘tqazib qo‘ydi. 
– Qobil hamisha Hobilning shuhratiga hasad qilarkan. Bir kuni u Hobilni jarga itarib yuboribdi. Endi Hobil yo‘q, hamma meni maqtaydi, deb o‘ylabdi u. Aksincha bo‘libdi. Qaerga bormasin hamma undan jirkanar, qotil deb malomat toshini otarkan. Qobil qilgan ishidan pushaymon bo‘libdi. Afsus-nadomat chekibdi, ammo kech bo‘lgan ekan.
Mana, sizlar ham aka-uka, inoq bo‘lingizlar! 
Shokir Asqar uloqtirgan nonni yerdan olib, puflab tuproqqa belangan joylarini tozaladi. Keyin Asqarni ko‘tarib oldi:
– Qani ketdik, azamatlar, endi birgalikda tushlik qilamiz...

44

Shosalim «tungi ov»dan qaytgach anchayin hayajonini bosa olmadi. A’zoi badani qaltirardi. Uning ana shu dir-dir titrayotgan tanasi bugun havas qilsa arzugulik hayotga erishgan: qo‘lini qayga uzatsa yetardi. Poyqadamiga barcha eshiklar ochiq, qomati eng qimmatbaho liboslar bilan bezalgan, yumshoqqia keti faqat yumshoq joylarni tusab qolgandi. Sirtdan qaraganda – bir tanaga zarur bo‘lgan hamma narsa muhayyo edi. Faqat yuragi bezovta – halovat yo‘q edi dilida.
Shosalimning o‘sha qotillik yuz bergan tundan beri uyqusi behuzur. Ovqatning ta’mini yo‘qotgandi. Yuksak martaba, jaraq-jaraq pul, obro‘-e’tibor ilinjida Jobirbekka zimdan choh qazib yurgan chog‘lari hozirgidan ko‘ra baxtiyorroq edi. Undan ham avvalroq do‘stiga beg‘araz xizmat qilib yurgan kezlari turmushi a’lo edi. Avvaliga, «hamma ishlar bitib, qarzlar uzilgach – yurak orom topadi», deb o‘zini aldab yurdi. Mana bugun ana shu qiynoqlarga batamom nuqta qo‘yaman, deb o‘ylagandi. Ammo Jobirbekning beozor ko‘zlari uni ta’qib etishdan to‘xtaydigan emas. U yuksaldim deb rosa tubanlashganini – sirli bir o‘pqonga qulab borayotganini fahmlay boshlagandi. U voqelikdan ko‘z yumib, taqdiriga qasdma-qasd bardosh bilan yashashga qanchalar chiranmasin, kun sayin kuchi tugab, quvvati so‘nib borayotganini his qilmoqda edi. 
Qiziq! Yovuz niyat bilan gugurt chaqsang bas, uni alangalatmoq uchun o‘tinchilar ko‘payishib qolarkan. «Ko‘r ko‘rni qorong‘uda topadi», deganlari shumikin?! Shu boisdan ham yomonlik ketidan yomonlik tug‘ilib kelaverarkan-da! Axir... Ehtimol, Jobirbekka nisbatan ko‘nglimda g‘araz g‘imirlagan o‘sha damlarda Rafiqbek uchrab qolmaganida voqealar bu tarzda rivojlanmagan bo‘larmidi?.. Mana bu go‘rso‘xtalar-chi? Qayoqdan ham topila qoldi? Shosalim Qilich bilan Shunqorni esladi. Pul deganda har qanday qabihlikdan qaytmaydigan nusxalar. Birisi ana shu illati uchun militsiyadan quvilgan, birisi bib-binoyi do‘xtirlik kasbini qilmay, yaloqxo‘rlik yo‘lini tutgandi. Ularni yovuzlik birlashtirdi. Mo‘may daromad topish yo‘lidagi maqsad uyushtirdi. Ayniqsa, Qilich bu yo‘lda hech nimadan tap tortmasdi.
Shosalim Qilich bilan tanishgan ilk kezlarini xotirladi. Nimadir yumush bilan Toshkentga uchgandi o‘shanda. Aeroportdan taksi kira qildi. Taksichi yigit anchayin odamoxun chiqib qoldi. Qiziq-qiziq voqealarni so‘zladi. To yumushlarini bitirguncha, birga yurishi mumkinligini aytib, ana unaqa «xolis» xizmatlarni ham taklif etdi.
Kechgacha birga bo‘lishdi. Ishlar tugagach Qilich Shosalimni uyiga boshlab bordi. Ko‘pqavatli uyda turarkan. Xotini Farangis ko‘xlikkina juvon ekan. Ochiq yuz bilan qarshiladi mehmonni. Yangi, ohori to‘kilmagan sochiq tutdi. Keyin bir pasda dasturxon tuzadi. Shosalim quruq bo‘lmasin deb yo‘l-yo‘lakay bozorga tushib chiqqandi. Farangis ana shu mahsulotlardan shunaqangi taomlar tayyorladiki, mazasi Shosalimning og‘zida qoldi. 
Qilich barvasta, polvonkelbat yigit edi. Militsiya formasida tushgan rasmlarida shunaqangi salobatli ko‘rinardiki, mana bu shirikayf bo‘lib aljirab qolgan kishiga o‘xshamasdi sira.
– Militsiyadan nega ketdingiz? Odamlar bu sohaga ishga o‘ta olmay xunob bo‘lib yurishadi-ku! – Shosalim ovqat chaynab turib Qilichni gapga tutdi. 
U savolga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob bermadi. Qo‘lidagi qadahni bo‘shatdi-da, aroqning achchiqligidanmi yoki savolning taxirligidan – yuzi burishib ketdi.
– Vo, orqam, degan ekan bir kishi. – Qilich, gazakka qo‘l uzatarkan, ham aroqning achchig‘ini, ham savolning taxirini bir yo‘la bosishga tutindi. – Orqamiz bo‘lganida, oka, hozir ishlab yurgan bo‘lardik. Biror-bir rayon milisasining nachalnigi bo‘lgan bo‘lardim ehtimol...
Agar Qilichning militsiyadan ketishi haqiqatdan ham shu vajdan bo‘lsa, savolga qoniqarli javob bo‘ldi. Ammo u asl sababini yashirdi. Qing‘irligi tufayli mundiridan mosuvo bo‘lganini so‘zlamadi. U saylgohlarda, so‘lim maskanlarda sevishgan yigit-qizlarni uyat ishlar ustida qo‘lga tushirib, «biznes» qilganini aytmadi. Jamoat tartibini buzganlikda ayblangan yigit-qizlar burgutning changaliga tushgan musichadekkina bo‘lib qolishar, keyin qo‘rquv va sarosima ichra bunday sharmandali vaziyatlardan chiqish chorasini axtarishardi. Eh-he, bir kunda necha bir shunaqa juftlik uning to‘riga ilinmasdi...
Farangis qo‘lida bo‘sh tarelka bilan kirib keldi-da, erining oldida to‘planib qolgan po‘choqlarni tozaladi. Keyin Shosalim tomonga o‘tdi. Egilib, po‘choqlarni olarkan, yana bo‘liq ko‘kraklarini xuddi atayin qilgandek uning yelkalariga suykadi. Tasodifga o‘xshamasdi bu. Chunki birmas, ikki-uch marta takrorlandi bu hol. Shosalimning suyaklari yumshab ketdi. Eri ko‘rmayaptimikin, degan o‘y bilan Qilichga ko‘z qirini tashladi. Uning parvoyi palak edi. 
– Farangis, kel, sen ham o‘tir, – dedi Qilich, xotinining mavjudligini xuddi endi payqab qolgandek. 
Farangis erini yuqoriroq chiqardi-da, o‘zi Shosalimning ro‘parasiga o‘tirdi. Keyin mehmonga mulozamat yuzasidanmi unga chiroyli bir tabassum hadya etdi.
– Olib turing! – qip-qizil qilib qovurilgan tovuqni unga tomon surdi Farangis. 
Shosalim go‘shtni olishga oldi-yu, uni og‘ziga sola olmadi. Qo‘li havoda muallaq qoldi. Eti shirin junjikdi. Keyin yana asta Qilich tomonga ko‘z tashladi: «Payqab qolsa-ya!» Farangis esa davrada eri o‘tirganini xayoliga ham keltirmasdi. Stol ostidan chiroyli, bejirim oyoqlarini uzatib, mehmonning tizzasini, keyin chotlari orasini siypaladi. Shosalimning peshonasidan ter chiqib ketdi. Yuragi notekis ura boshladi. Nafasi tiqildi. Erkakligi junbushga kela boshlagan edi hamki, juvon oyoqlarini yig‘ishtirib oldi. 
– Qanday, maza qildingizmi?
Shosalim nima deyishini bilmay duduqlanib qol¬di.
– Man mazza qildim lokin! – o‘zini stul suyanchig‘iga tashlab kekirib qo‘ydi Qilich. – Tovuqning oyog‘ini boplabsan!
– Sizga-chi? Sizga ham oyoq yoqdimi?
– Qaysi oyoq?..
Farangis «qo‘lingizdagi» degandek imo qildi-da, keyin mug‘ombirona kulib qo‘ydi. Shosalim Farangisning o‘ynoqi ko‘zlariga dosh bera olmay, nigohini olib qochdi. Ammo mug‘ombirona savoliga ham javob berishi qiyin kechdi. Shundan bilinar, bilinmas qilib:
– Oyoqqa... Oyog‘ingizga gap yo‘q! – dedi ohistagina.

45

Shunqorning bu jinoiy to‘daga qo‘shilib qolishi ham tasodifiy emasdi. Tabiatidagi tanballik unga faqatgina mana shunday guruhlarda bo‘lishini taqozo etardi. U jarroh edi. Ammo bilimi, tajribasini bemor manfaatiga ishlatmay qo‘yganiga ancha bo‘lgan. U o‘zining ta’biri bilan aytganda, o‘ta kamyob operatsiyalarda ishtirok etar, bu operatsiyalar ba’zan yillar davom etib, o‘lim bilan tugardi. Farqi shunda ediki, uning tig‘iga ro‘baro‘ qilingan «bemorlar» uchun buyurtmachilar kattagina pul to‘lashardi. 
Shunqorning daragini Shosalimga keyinchalik Farangis bergandi. U singlisi Nargizning ma’lum vaqt jazmani bo‘lgan ekan. Ikkisining chekida yolg‘iz ikkisigina biladigan bir sir – mudhish bir jinoyat bor edikim, buni Farangis bilmasdi..
Sotimboy qadim-qadimdan do‘kondorlik qilib kelgan oila farzandi edi. Tantiqroq ulg‘aygandi. Uydagilarga aytganini qildiradigan xilidan. Shuning uchun ham ota-onasi uni uylash taraddudiga tushib qolgan payt, «o‘laman sattor, olsam shu qizni olaman», deb turib oldi. 
Ota-ona qizning mahallasidan surishtirishdi. O‘r¬tamiyona bir oiladan ekan. Katta qizlarini bir militsionerga uzatishgan ekan uzoq yili. Hozir tinch, yaxshi yashayotganmish.
– Nachora, – dedi o‘shanda Sotimboyning otasi, – o‘g‘lingni yoshlikdan ko‘ngliga qarab keldik, bu yog‘iga ham aytganini qilasan endi! Bir kun kelib afsuslanadi-ku, lekin joyiga tushmaydi.
Ona ham taqdirga tan berdi:
– Mayli, omon bo‘lsa, qo‘sha qarisa bo‘lgani.
Noilojlikdan o‘g‘illarining xohish-irodasiga bo‘y¬sungan ota-onaning ko‘ksida o‘zlarining orzu-havaslari armon bo‘lib qoldi. Ular eski tanishlari – univermag xo‘jayini Qulahmadbekning qizini ko‘z ostilariga olib qo‘yishgandi. Agar ikki xonadon o‘rtasidagi munosabatlar qarindoshlik rishtalari bilan bog‘langanida edi, eh-he, shaharda ulardan o‘tadigan odam bo‘lmasdi. Eng yomoni Sotimboyning uyidagilari «to‘ydan oldin rosa nog‘ora qoqishgan» – davra qolmay niyatlarni dasturxon qilib yoyishgandi.
Qulahmadbek shuncha gap so‘zdan keyin Sotimboyni o‘z qizi qolib boshqa qizga uylanitirishganidan ranjidi. Munosabatlariga sovuqchilik tushdi, bordi-keldi barham topdi. Sotimboyning otasi bilan Qulahmadbek davra va yig‘inlarda uchrashib qolgudek bo‘lsalar mobodo, uzoqdan bosh irg‘ab salomlashgan bo‘lishardi-yu, avvalgi iliqlikdan asar ham qolmagandi. Bir gal mana shunday gap-gashtaklarning birida yonma-yon o‘tirib qolishdi.
Bolalikdan bir mayizni bo‘lishib yeb kelgan ikki do‘st uchun oradagi tanaffus judayam og‘ir kechmoqda edi. Oradan ancha yillar kechdi, qancha suvlar oqib o‘tdi. Farzandlar bilan bog‘liq voqealar salkam unutildi. Ammo har ikkisi birinchi bo‘lib so‘z ochishga or qilib, yana qancha vaqt shu alfozda yurishdi. Farzandlar mavzusi ularni yana birlashtirdi. 
– Do‘stim, – deya gap boshladi Sotimboyning otasi, Qulahmadbekning ham gaplashishga moyilligi borligini sezib, – eski ginalarni unutish vaqti kelmadimikin?
– U siz uchun eski gina bo‘lishi mumkin, – bir oz xafagezak qiyofada hamsuhbatiga o‘girildi Qulahmadbek, – ammo mening yaram yangilandi. 
– Nechuk?
– Qizimizning turmushi bo‘lmadi. Kuyovdan yolchimadik. Hozir yoshgina qizchasi bilan uyda o‘tiribdi! – Qulahmadbek dardini yorib bir oz yengillashdi chog‘i, tund chehrasi yorishdi.
– Mening bundan xabarim yo‘q edi! 
Rosmana taassuf bildirdi Sotimboyning otasi. Keyin chuqur «uh» tortdi-da, u ham bir oz yozg‘irdi:
– Ha, Sotimboyni erkalatib o‘stirdik. Yuzimizga oyoq qo‘ydi. Na o‘zi baxtli bo‘ldi, na o‘zgani baxtli qildi.
Bu ikkala oila bordi-keldini yig‘ishtirganidan beri bir-birining dardu tashvishlaridan bexabar edi. Hoshimboyning og‘ir «uh» tortishlariyu keyingi gaplari Qulahmadbekni hushyor tortirdi.
– Nega unday deysiz, Hoshimboy? Sotimboyning ishlari yaxshi, turmushi tinch bo‘lsa yoki biron muammo bormi?
– Bor-da, – zorlandi Hoshimboy. Keyin bir pas jim qoldi. So‘ng ko‘nglida cho‘kib yotgan dardu alamlarini to‘kib soldi: – Eldan osh yeganmiz. Yaxshi-yomon kunlariga aralashib yuribmiz, Xudoga shukur! Hozir birov to‘yga aytib eshikdan keladigan bo‘lsa, yuragim zirqiraydigan bo‘lgan. Kelinimiz bepusht chiqib qoldi chamamda. Sotimboyni farzanddan qisgan!..
Qulahmadbek Hoshimboyning yelkasiga qo‘lini qo‘ydi. 
– Xafa bo‘lmang, do‘stim. Bermagan bo‘lsa endi berar. Ja-a, bo‘lmasa Sotimboy hali yosh, navqiron! Yana bir uylanar...
Hoshimboy «yalt» etib do‘stiga qaradi. Qulahmadbek uning ko‘nglidan kechgan fikrlarni o‘qigandek bo‘lib tuyuldi unga. Boyagina uning xayolidan Sotimboyni bepusht xotindan ajratib, Qulahmadbekning tul qiziga qovushtirish fikri «lip» etib o‘tgandi. 
Shu suhbat bahona Hoshimboy uyga kelib xotinini huzuriga chaqirdi. Kelinlari Nargiz eshitmaydigan qilib, eshikni mahkam berkitib uzoq shivirlashishdi. Fikri xotiniga ma’qul keldi: «Faqat, – dedi u bir oz ikkilanib, – Qulahmadbek bunga ko‘narmikin?».
– Ochiq gapirmadi-yu, lekin o‘zi shunga ishora qilganday bo‘ldi, – dedi Hoshimboy, do‘sti bilan bo‘lgan suhbatni yana bir karra yodga olarkan. So‘ng xotiniga yaqinroq surildi: – Bu masalada boshqa bir muammo bor – o‘g‘ling!
– Agar Sotimboy hali ham shu xotinning etagini tutsa, esi yo‘q ekan uning, axir bir necha bor aytdim, qo‘y shu xotinni, deb. Opasi ham, uzoq yillar farzand ko‘rmay-ko‘rmay, keyin ketma-ket ikkita nogiron bolani tuqqan ekan. Zotida bor ekan-da! – Ona «betini teskari qilsin» degan ma’noda yoqasiga «tup-tup»ladi. Keyin otasiga masalani keskin qilib qo‘ydi: – Shu bugunoq, o‘sha galvars bilan uzil-kesil gaplashing!..
Sotimboy otasining so‘zlarini jim o‘tirib eshitdi. E’tiroz bildirmadi. Nima ham desin axir, Nargizdan ko‘ngli sovuganiga ancha vaqt bo‘lgan bo‘lsa. Otasiga bir nima deyishi lozim edi. Hozir ota-ona mushtoq bo‘lib uning javobini kutishardi. Shuning uchun, o‘rtada cho‘kkan sukut uzoq davom etmadi.
– Men roziman, – dedi u. 
Ota-ona quloqlariga ishonmay behad quvonib ketishdi. 
– Faqat bir oz vaqt kerak. Keliningiz bunday shart-sharoit, molu davlatni osonlikcha tashlab chiqmasa kerak!
– Mayli, bu tomonidan tashvish chekma! – taskin berdi unga ona. – Olganini olib, ortganini ortmoqlab keta qolsin, sadqai sar – javobini bersang bas! 
Sotimboy dilidagini tiliga chiqarmadi. Uning Nargizga hech nima bergisi yo‘q edi. Chunki keyingi paytlarda xotinining oyoq olishi unda shubha tug‘dirgan, kim bilandir don olib yurishini bilardi. O‘sha odam bilan bir necha bor uchrashdi ham. Bu haqda bir marta so‘ragandi, Nargiz: «Birga ishlaymiz, kasalxona ishi bilan shaharga chiqqandik», deb suvdan quruq chiqib ketdi. Sotimboy ham ishongan bo‘lib, sirni do‘mbira qilmadi. Ammo Nargizni xiyonat ustida qo‘lga tushirish rejasini diliga tugib qo‘ydi. Shuning uchun u otasining so‘zlariga javoban: «Mayli, lekin baribir ozgina vaqt kerak» dedi. Keyin ularning davrasini tark etdi.     

46

Nargiz boy-badavlat xonadonga kelin bo‘lib tushdi. Dugonalari unga havas bilan qarashardi. U chimildiqqa kirgan kuni bu xonadonga munosib kelin bo‘lishga, ayniqsa ota-onasining ra’yiga qarshi borib, o‘z tanlaganiga uylangan mard yigit Sotimboyga vafoli yor bo‘lishga ont ichdi.
Qaynona avvaliga keliniga unchalik ro‘yxushlik bildirmadi. Keyinroq Nargizning husni jamolini ko‘rib, munosabati iliqlasha boshladi: «Hay, juvonmarg Sotimboyni telba bo‘lganicha bor ekan», degandi uni erkalab. Keyin, «Iloyo ko‘z tegmasin!», deb boshidan isiriq tutatib aylantirgandi. 
Nargiz haqiqatdan ham go‘zal bir mahliqo edi. Yuzlari silliq yonoqlaridagi tabiiy qizg‘ish rang husniga yanada husn baxsh etib turar, qalin lablari olucha kabi, doimo xuddi bo‘yalgandek qip-qizil. Yuqori labining usti mayingina tuk bilan qoplangandi.
Oradan yetti yil o‘tdi. Yaxshi-yomon so‘zlar, quvonch va tashvishli kunlar ortda qoldi. O‘rtada farzandning yo‘qligi oilaning yagona kemtigi edi. Xuddi ana shu narsa qaynonaning qalbida ko‘pdan unutilgan dardu alamlarini qo‘zg‘ab turardi. Avvallari kelinining bo‘yida bo‘lmayotganidan rosa xunobi oshgan bo‘lsa, endi uning homilador bo‘lishidan cho‘chirdi. Taqdiri opasining qismatiga o‘xshab ketayotganidan dilgir edi u. Shundan kelin bilan qaynona o‘rtasidan yana qoramushuk o‘tadigan bo‘lib qoldi. 
Nargiz ishxonada bir oz taskin topardi. Shundan bir oz ovunardi. Ish bilan bo‘lib turmush tashvishlaridan chalg‘ir, xayolini qurtdek kemirayotgan kechinmalardan bir muddat xalos bo‘lardi. 
Nima qilsin bechora? Eri tunov kuni yana xafagezak alfozda keldi: «Do‘stlarimning oldida bosh ko‘tara olmay qoldim», deydi. Unga osonmi? O‘zi tengi, o‘zidan ham yosh juvonlar murg‘akkina go‘daklarini bag‘riga bosib, ularni erkalab turganlarini ko‘rganda yuragi hamisha zil ketadi. Qaratmagan joylari qolmadi. Farzand bo‘lmayapti – nachora!
Nargizni bir zum xayol elitgan ekan. Eshigi ochiq turgan xonadan kimdir unga qattiq tikilib turgandek bo‘lib tuyuldi. Qarasa, yaqinda ishga kelgan vrach yigit yeb qo‘ygudek suq bilan boqib turibdi. 
– Nima balo – odam ko‘rmaganmi? – Nargiz shaxd bilan yuzini burdi. Ko‘zgudagi aksiga ko‘zi tushib, fikrini o‘zgartirdi: «Qarasa nima qipti? birovni ayblash oson! Qarasa qaragudekman-da!». 
Bu Nargizning o‘zini ta’qib etayotgan ko‘zlarga ilk bor yon berishi bo‘ldi. Keyin yanayam yaqindan tanishishdi. Shunqor edi u. Ismi jismiga monand ekaniga Shunqorning bir xonali kvartirasida ishonch xosil qildi. O‘shanda Shunqor hiyla ishlatgandi. Ko‘chaga chiqib shahar telefonidan «03» ga yolg‘on chaqiriq berdi. Keyin o‘zi bosh bo‘lib, Nargizni hamroh qilib o‘sha manzilga jo‘nadi. Mashina pastda kutib turdi. U esa Nargizni kimsasiz kvartiraga boshladi. Nargiz ham o‘zini aldanganidan ranjimadi. Chunki o‘zi ham shuni ko‘pdan xohlab yurgandi. Mashshoqlar kuy chalishdan oldin sozning simlarini tortib tayyorlagani kabi, Shunqor ham Nargizni ko‘pdan ana shu ishga hozirlab kelardi. U turli bahonalar bilan birda bilib, birda bilmay Nargizning tarang tanasiga tegib qo‘yar, chirmanda olovda toblangandek, uning tanasi ham qizib – chalishga tayyor bo‘lib bormoqda edi. Chirmanda tobiga kelgach esa bir hiyla bilan Shunqor murodini hosil qildi...
Nargiz Sotimboyga xiyonat qilishni avvallari xayoliga keltira olmasdi. Hozir bu ishni amalga oshirib, sira afsuslanmadi. O‘ylamadi ham. Chunki ahvol shu zaylda davom etaversa, erta-indin hayoti barbod bo‘lishini fahmlay boshlagandi. Shundoq ham eri bilan kamdan-kam qovushishardi. Xazon bo‘lib borayotgan gul yoshligiga achinib qo‘yardi. Ayniqsa opasi Farangis bilan qilgan suhbatlaridan keyin shunday fikr yurita boshlagandi. 
– Menga qara, ko‘zingni och! – dedi Farangis bir gal singlisining navbatdagi diydiyolarini tinglab bo‘lgach, toqati toq bo‘lib. – Qachongacha do‘zax azobida yashaysan?
– Bu nima deganingiz? – ko‘zlarini kata-katta ochib opasiga jovdirab tikildi u. – Ajrash demoqchimisiz?
– Yo‘q, singiljonim! U xonadondan ketib nima naf topasan? Ering qaramay qo‘ydimi, nu chort s nim! Sen ham bittasini top!
– Opa!
– Nima, opa?! Hozir o‘ynab qolsang- qolding. Erta-indin, mendan xafa bo‘lmagin-u, it ham qaramay qo‘yadi!.. Ering ham j-a-a-a farishta bo‘lib yurmagandir. Tem bolee, cho‘ntagi to‘la pul bo‘lsa...
Suvsizlikdan bir oz so‘liy boshlagan gulning poyiga nam tekkach unda jonlanish paydo bo‘lganini sezish qiyin bo‘lmagani kabi, Sotimboyga ham Nargizdagi o‘zgarishni payqash qiyin kechmadi. Avvallari g‘amgin, tushkun edi. Qayg‘uli yuzlari silqigan, bir oz shalvirab qolgandi. Endi esa tamoman boshqa ayolga aylandi. Sotimboyga ham mehribon bo‘lib qoldi. Qaynonasi bilan ham aytishmas, achchiq-tiziq gaplariga uncha parvo qilmasdi. Turib-turib kuylablar qoladimi-ey. 
Bir kuni kechasi erini mahkam quchoqlab, «shunqorim» dedi uyqusirab. Sotimboyning uyqusi qochib ketdi. Xotinining bu qadar mehri toblanib ketganiga hayron bo‘ldi: «Shunqorim!» dedimi? Bu birovning ismimikan yoki erkalash ma’nosidagi so‘zmi?» – u ancha paytgacha uxlay olmadi. To‘ra degan do‘sti aytib bergan bir hangoma yodiga tushdi:
To‘ra soddadilroq bir oshnasi bilan bahslashib qolibdi. 
– Agar sen o‘lsang, xotining mening nomimni aytib yig‘laydi, – deb uning g‘ashiga tegibdi u. 
– Nega sening nomingni aytib yig‘laydi? Og‘zingga qarab gapir! Sen kim deb o‘ylayapsan mening xotinimni? – achchiqlanibdi jo‘rasi.
– Ishonmasang ana, xotiningdan so‘ra! Avvalo bil-chi, yig‘larmikin o‘zi? Agar yig‘lasa, – soddadil jo‘rasini mazax qilishda davom etibdi u, – shartlashaman, mening nomimni aytib yig‘laydi.
Yigit o‘choq boshida kuymalanib yurgan xotinini chaqiribdi: «Potiy! Potiy deyapman!».
– Ha, nima deysiz! – jo‘ralar o‘tirgan chorpoya yonida paydo bo‘libdi xotini.
– Men o‘lsam yig‘laysanmi?
Xotini hayron bo‘libdi. Nima deb javob berishini bilmaskan. Shundan: “Voy, nega o‘lasiz? Siz o‘lsangiz men nima qilaman?” debdi
– Men ham shuni bilmoqchiman, men o‘lsam nima qilasan, yig‘laysanmi, yo‘qmi – shuni ayt?
– Voy, shu arog‘am o‘lsin, tuppa–tuzuk odamni jinni qiladi qo‘yadi...
– Vey, menga qara! Gapni aylantirmasdan ayt, yig‘laysanmi-yo‘qmi? – masalani keskin qilib qo‘yibdi eri.
– Yig‘layman, albatta yig‘layman, – deb javob qilib¬di xotini, shu gapni aytib qutilaman degan ilinjda.
– Nima deb yig‘laysan? – Xotini bir xayol javob bermay ketib qolmoqchi ham bo‘libdi-yu, ammo jo‘ralarining oldida erini muztar qilib qo‘yishdan cho‘chibdi. Qolaversa, hozir ichib olgan – rosa janjal ko‘tarishi mumkin.
– Nima deb yig‘layman? – yelkasini qisibdi u, – masalan «to‘ram» deb yig‘layman...
– To‘ram? 
Tutaqib ketibdi boyagi soddadil yigit, bo‘shab qolgan aroq shishasini changallab. Keyin xotinini hovli aylantirib quvlay ketibdi...
Sotimboy shu voqeani esladi-yu, xotinining qo‘lini asta olib pastga qo‘ydi. Keyin undan nari surildi. Keyinroq Nargizning ishxonasida Shunqor ismli vrach borligini, xotini bilan apoq-chapoq ekanini surishtirib bildi. Tanish-bilishlari orqali ish izlab yurgan tibbiyot hamshiralaridan birini topib, tez yordam markaziga joylashtirib qo‘ydi...
Bir oz vaqt o‘tib Sotimboyning o‘zi izsiz yo‘qoldi. Ota-onasi, yoru birodarlari izlamagan joylari qolmadi. Hech qaerdan daragini topishmadi. Na o‘ligi ma’lum edi uning, na tirigi. Nargiz bir muddat erining uyida sir boy bermay yashab yurdi. Keyin, bunday yurish unga og‘irlik qildi. Barcha mol-mulk qaynotasining nomida bo‘lgani, erining o‘limi rasman tasdiqlanmagani uchun merosdan mosuvo bo‘lib, chapak chalib qoldi. Shosalim bilan tanishgach esa, uning Toshkentdan sotib olgan yangi hovlisiga ko‘chib o‘tdi...

47

Shosalim o‘zining yashirin rejalarini amalga oshirmoq uchun ana shu guruhni o‘ziga sheriklikka tanlamoqchi bo‘ldi. O‘sha – Qilich bilan tanishib, uning uyida mehmon bo‘lgan kuni, mezbonning kayfi oshib, dumalab qoldi. Farangis erini bir amallab ichkari xonaga kiritib joyiga yotqizib chiqdi. Chiqdi-yu, xomush tortib qoldi. Shosalimning ro‘parasiga o‘tirdi-da, qo‘lini iyagiga tirab, ko‘zlarini bir nuqtaga tikkancha o‘yga tolib qoldi. 
Qiziq! Shosalim nima qilarini bilmasdi, bir nima deyishga so‘z topa olmasdi. Hozir u tomoman boshqa narsani kutgandi. Farangis erini tinchitib chiqqach, boyagi sirli siypalashlar-u, shirin entikishlar davom etadi deb o‘ylagandi. O‘zini shunga hozirlab turgandi. Farangisning o‘t-otash bo‘lib alangalanayotgan tafti halitdan uni qizdira boshlagandi. Ammo voqealar rivoji tamoman boshqacha tus oldi. Shosalim kimdir ustidan bir chelak sovuq suv quygandek, jiqqa terga botib shalabbo bo‘lgancha, soviy boshladi: “Boyagi sho‘x, qaqildoq xotin shumi? Nima jin urdi uni? Yoki eri bir nima dedimikan? Shunday bo‘lsa kerak: bilaman, ko‘zimni shamg‘alat qilib, ko‘z urushtirib, stol ostidan siypalashib turganlaringni sezib turibman. Kayfim tarqasin, keyin gaplashamiz, degan chiqar. Obro‘ning borida etakni yopish kerak!”. Shosalim o‘ylay-o‘ylay shu to‘xtamga kelgach, ketishga taraddudlandi. Aslida ketgisi yo‘q edi bundan. 
– Endi men bora qolay!
Farangis «yalt» etib unga qaradi. Ko‘zlarida ayyorona tabassum paydo bo‘ldi. Hiylasi ish berdi. Agar, shunday tutmaganida tashabbus ham, harakat ham o‘zidan bo‘lib, Shosalimning oldida qadri pasayardi. Mana endi hammasini yangidan boshlash mumkin.
– Kech bo‘ldi, yurasizmi? Qola-qoling, joy yetarli! – istar-istamay mulozamat ko‘rsatgan bo‘ldi Farangis. 
– Boray endi, qolish noqulay-da!
– Yigit ketaman deb qo‘rqitayapti, – ich-ichidan kuldi juvon. Keyin o‘yinni shu maromda davom ettirdi. – Mayli, – o‘rnidan turishga chog‘landi u, – nachora! Zorimiz bor, zo‘rimiz yo‘q. Ja-a-a, ketgingiz kelib turgan bo‘lsa – nima ham derdim!
Shosalim xotinning bo‘yniga osilib, “ketmang aka!” – deb zorlanishini ich-ichidan istagandi. Bu xayoli xom bo‘lib chiqdi. O‘zini bir pog‘ona past olishga majbur bo‘ldi.
– Menga qolsa-ku, yoningizdan jilgim yo‘q... Ammo, sizni ranjitib qo‘yishdan qo‘rqaman!.. Bilasizmi, sizni ko‘rdim-u.. 
Shosalim boshlagan gapini oxiriga yetkaza olmadi. Uni Farangis hazilga yo‘ydi.
– Ajinani ko‘rgandek bo‘ldingizmi? – qiyqirib yubordi juvon. Shu asno oyog‘i Shosalimning oyog‘iga tegib ketdi. Bu tasodifmikin?
Yo‘q! Bu dadilroq bo‘lishim uchun ishora, degan ma’no uqdi Shosalim juvonning oyoq harakatlaridan. Keyin asta o‘rnidan turdi. Stolni aylanib o‘tib Farangisning yonidagi kursiga o‘tirdi. Qaltiray boshlagan qo‘llari bilan uning chakkasiga yoyilgan sochlarini surib yuzini ochdi. Farangis uning kaftiga yonoqlarini bosdi. Bu davom et degani edi. 
Ikki jinsning bir-birini yaqinroq bilishi uchun tonggacha to‘shakda davom etgan kurashlar o‘rtasida kechgan qisqa-qisqa tanaffuslar yetarli bo‘ldi. Shu kech Shosalim Farangisning hozir ishsiz yurganini, ikkita nogiron bolasi borligini, militsiyadan ishdan ketgan alamzada eri ijaraga kirakashlik qilib yurganini, turmushlari haminqadar ekanini – barcha-barchasini bilib oldi. Shu kunlarda pulga zoriqib qolgani bois bolalarini borib ko‘ra olmayotganini aytib ko‘ziga yosh oldi juvon. Shosalim o‘zining «boss»lik faoliyatini ana shu nuqtadan boshlashga qaror qildi.
– Farangis, oilangdagi muammolarni hal etish uchun, hozir, ayni damda qancha pul kerak, deb o‘ylaysan? – Shosalim izn so‘ramay uni sensirashga o‘tgandi. So‘rab nima qiladi: beradiganini berib bo‘ldi-ku?
Farangis o‘ylanib qoldi. Keyin, nimalarnidir chamalagan bo‘lib:
– Sakson mingcha bo‘lsa... – dedi og‘zining tanobi qochib.
– Sakson ming? – Shosalim boshini yostiqdan ko‘tarib, juvonga qaradi. Farangis jazmanini cho‘chitmaslik uchun, fikrini o‘zgartirdi: “Oltmishtalar ham yetib qolar!”. 
– Demak, sakson ming so‘m! – Shosalim Farangisning ustiga egildi, ko‘ziga-ko‘zini qadadi: “Sakkiz yuz ming so‘m xohlamaysanmi?” Farangis uni tushuna olmay garang edi. – Sakkiz million-chi? Balki 80 million ham kam-ko‘stingni bitqazishga yetmas?!
– Esidan og‘ib qoldi shekilli! – o‘yladi Farangis.
– Yo‘q, menga bunday qarama! Hushim joyida! – tinchlantirdi uni Shosalim. – Shunday odamlar borki, sen aytayotgan sakson ming so‘m ularning nonushtasiga yetmaydi. Birgina kostyum-shimining o‘zi sakkiz yuz ming turadi. Minadigan mashinalari sakson million...
– Ularga tenglashishga bizga yo‘l bo‘lsin? – gap nimada ekanini fahmlab, sal o‘ziga kelgan juvon, sovuqqina qilib shu so‘zni aytdi.
– Ularga tenglashib bo‘lmaydi, aksincha ulardan tortib olish mumkin!
Shosalimning ana shu so‘nggi jumlalari hozirgina barpo bo‘lgan jinoiy guruhning ikki a’zosi o‘rtasida tuzilgan harakat dasturining bosh maqsadi etib belgilangandi.
Shosalim ertasi kuni kechga yaqin Qarshiga uchdi. Shu oraliqda bitkazishi lozim bo‘lgan bir qator ishlarni oxiriga yetkazdi. 
Ertalab Farangisning qo‘liga sakson ming so‘m tutqazgandi, u erining yuvinish xonasida ekanini ham unutib, Shosalimni mahkam quchoqlab o‘tlig‘-o‘tlig‘ o‘pichlari bilan minnatdorchilik izhor qildi.
– «Quruvchi» mehmonxonasiga borib uchrashgin, – ta¬yin¬ladi unga Shosalim ketar oldidan. – Aytib qo‘yaman, ishga olishadi
Kun bo‘yi Qilichning mashinasida yurdi. Kecha ho‘kizdek ichgan bo‘lsa ham, ertalab ancha tetik edi u. Kechagi kayfning ta’sirimi, ko‘zlarini osti bir oz salqigan, boyadan beri negadir bir oz xomush tortib qolgandi. Sababini bir oz o‘tib bildi. Qilichning o‘zi yorildi: 
– Pulni Farangisga berib chakki qilibsiz!
Shosalim hayratdan dong qotdi: “Pul haqida eriga aytibdi-da! Nima deb aytdiykin?” o‘yladi u. Keyin istar-istamay, nega, deb savol berdi.
– Ha, endi ayol-da! O‘ylamay ishlatvoradi! – Qilich svetoforning qizil chirog‘i yongani bois mashinani to‘xtatdi–da, Shosalimga yuzlandi: – Darvoqe, agar bu kechaga qolsangiz, bitta zo‘ri bor – tanishtiraman. Xotinimning singlisi – Nargiz! Nargizmisan – Nargizda o‘ziyam, Farangisdan ham zo‘r!
– Qaynisinglingizmi?
– Ha! Ammo-lekin ketvorgan narsa!..
Shosalim bu toifa odamlarni birinchi bor ko‘rishi edi. O‘z juftini qizg‘anmaydigan, manfaat uchun ahli ayolini begona erkakning quchog‘iga tiqadigan odamlar haqida avval eshitgandi. Rost ekan. Mana o‘sha nusxa. Kimdir aytgandi, cho‘chqa go‘shtini ko‘p iste’mol qiladigan odamlarda rashk hissi o‘lib borarkan. Kecha bu ham muzlatgichda saqlangan cho‘chqa yog‘ini aroqqa gazak qilib rosa tushirdi. Shundan bo‘lsa kerak. Menga baribir emasmi, degan xulosaga keldi u keyin. Shundan endi cho‘chimay, hadiksiramay gapirishga tushdi:
– Farangisdan zo‘ri bo‘lmasa kerak?!
– Bor, bor, ishonavering! Nargiz qayinsinglim undan zo‘r! – Qilich mashinaga gaz berdi. Keyin ma’noli jimlmayib: – Bizda «baldizniki bol» degan gap bor, – dedi. 
Shosalim Nargiz bilan tanishuvni keyingi safarga qoldirdi. Ishlar bitgach, Qilich uni aeroportga yetkazdi. Shunda xayrlashishdi. Shosalim mana bu xizmatingiz uchun deb, uning qo‘liga ikki dasta 500 so‘mlik tutqazgandi, Qilich esidan og‘ayozdi. Keyin uni shunaqayam quchoqlab o‘pdiki, o‘nta Farangis ham bunchalik qattiq quchoqlay olmagan bo‘lardi.
Oradan o‘n kuncha o‘tib Shosalim yana Toshkentga keldi. Ammo bu galgi safari xufyona – Jobirbekning bundan xabari yo‘q edi. Xo‘jayin xizmat mashinasida Navoiy–Miskin–Nukus yo‘nalishida qurilgan yangi temir yo‘lning ochilish marosimida ishtirok etish uchun Qoraqalpog‘istonga jo‘nab ketdi. Shosalim esa paytdan foydalanib – Toshkentga.
Shosalimning Nargiz bilan tanishuvi Keles tomondagi mo‘‘jazgina hovlida bo‘lib o‘tdi. U bir yo‘la qo‘l-oyog‘i chaqqon Shunqor bilan ham tanishdi. Tanishuv sharafiga Shosalim bozordan bir qo‘y xarid qilib tushdi. Shunqor yeng shimarib uning terisini shildi. Qilich qo‘raga olov yoqish taraddudida, xotinlar oshxonada salat tayyorlash, dasturxon tuzash bilan mashg‘ul edilar. Faqatgina Shosalim daraxtlar soyasidagi yig‘ma kursida o‘tirgancha, bu jarayonni bevosita boshqarib, bevosita kuzatib turardi.
“Hali bu boshlanishi!” xayolidan o‘tkazdi u. Hali butun bir shahar, qolaversa, butun bir viloyat oyog‘im ostida ana shu taxlit zir titrab turadi! Respublikani keyinroq o‘ylab ko‘ramiz...
Unga shimining poychasida nimadir g‘imirlayotgandek bo‘lib tuyuldi – egilib pastga qaradi. Tirikchilik g‘amida pildirab yurgan mitti-mitti chumolilarga ko‘zi tushdi. Mana bu odamlarning ham sen jonivorlardan farqi yo‘q, deb u atrofida poyi-patak bo‘lib kuymalanayotgan sheriklariga bir qarab qo‘ydi. Keyin, stol ustidagi salatlardan bir bo‘lak pishloq uzib oldi-da, chumolilarning oldiga tashladi. Luqmaning hidini sezib bir nechasi o‘zini taomga urdi. Mitti jonzotlar o‘ljaning ustida talashib ketishdi. Ojizlar quruq qolib, pishloq parchasini bittasi sudrab ketdi. 
Ularning xatti-harakatlarini kuzatib, Shosalim hayotiy bir haqiqatni angladi: «Xuddi shunday bo‘ladi», dedi u o‘ziga o‘zi. Bizni manfaat birlashtirdi. O‘lja esa zo‘rniki bo‘ladi...
Shosalim o‘rnidan turib qo‘yni nimta-nimta qila boshlagan Shunqorga yaqin bordi:
– Ha, oka! Zerikdingizmi? – Shunqor qo‘yni juda epchillik bilan bo‘laklarga ajratmoqda edi. Shosalim uning san’atiga qoyil qoldi. 
– Ofarin, mahoratingizga qoyilman! – hayratini yashira olmadi u. – Birgina pichoq bilan, chopqi ishlatmay butun boshli qo‘yni shuncha mayda bo‘laklarga bo‘lib tashlash har kimning ham qo‘lidan kelmasa kerak?!
– Bu-ku, qo‘y ekan, oka! Odamni ham ana shunday bo‘laklarga bo‘lsa bo‘ladi!
Shosalim Shunqorning gapidan seskanib ketdi. Ammo sir boy bermadi. Gapni boshqa yoqqa burdi:
– Qassobmisiz?
– Yo‘q, jarrohman, oka!
«Ha, gap bu yoqda ekan-da!». – Shosalim Shunqor o‘tirgan karovotning bir chekkasiga omonatgina o‘tirdi. Endi cho‘chimasdan boyagi gapga qaytdi:
– Murdani nimtalashga nima hojat bor?
– Gumdon qilish oson kechadi. Yana bir gap bor. Uning qanchalik to‘g‘ri ekanini bilmadim-u, ammo jarrohlik yo‘li bilan bo‘laklangan jasadni izlab topish qiyin kechar emish. 
– Qiziq fakt! 
Shunqor uni hayratlantira olganidan quvondi. Shu payt Farangis qo‘lida katta tovoq bilan ularga yaqinlashdi. 
–    Shunqor aka, jigar, o‘pka, yurak va bir oz go‘sht bersangiz, qovurib olardik. Shashlik tayyor bo‘lguncha gazak bo‘lib turadi. 
– Ma’qul! – Shunqor Farangisning buyurtmasini bajarishga kirisharkan, uzilib qolgan suhbatni davom ettirdi: – Odamlar islom dini tufayligina murdalarni ko‘mishni boshlashgan. Avvallari, bilasizmi, nima qilishgan? – U savoliga javob kutmay so‘zida davom etdi: – Avvallari murdalar itlarga tashlangan.
– Yo‘g‘-e! – ishonqiramadi Shosalim. – Bunisi endi lof bo‘ldi!
– Bo‘lishi mumkin, oka, – eshitganimni aytayapman-da!
– Xo‘sh-xo‘sh, keyin nima qilishgan?
– Odamlar itlar g‘ajib tozalagan suyaklarni olib ketishgan. Eng boy-badavlat odamlar esa murdani qaynatib etdan suyagini ajratib olib ketishgan. Shuning uchun ularni «oqsuyak» deyishar ekan. Mana o‘zimizning Sog‘bon – katta itxona bo‘lgan ekan shu joyda.
– Menga qarang, alloma! Islomda hujjat bilan gapir, deyishadi. Hujjatingiz bormi?.. – Farangis islomiy ilmdan bir muncha xabardor ekanini namoyish etish uchun emas, ko‘ngilni xira qiluvchi bu mavzuga barham berish maqsadida gapga aralashdi.
– Hujjat bor-u, ko‘milib ketgan-da!
– Iy-e, joyini bilsangiz kovlab oling!
Shunqor Shosalimga qarab ma’noli kulib qo‘ydi:
– Bu voqeani oppoq dodam aytib bergandilar. U kishini tuproqqa ko‘mganimizga ancha bo‘ldi. Suyaklari ham kukunga aylanib ketgan bo‘lsa kerak. Kovlab olganim bilan asos bo‘lmaydi endi.
Shunqorning hazili sheriklariga yengilgina kulgu ulashdi. Farangis esa tovoqni olib, «shutnik» dedi-da, oshxonaga tomon yo‘naldi.     

48

Shosalim voqealar tizgininni qo‘lga olib, uni bir yo‘lga solmoq bo‘lib qanchalar harakat qilmasin, uddasidan chiqa olmasdi. Xayollar uni goh u tomonga-goh bu tomonga olib qochar, u shu ahvolida tartanak to‘riga tushib qolgan pashshaga o‘xshardi: oyog‘ini xalos qilsa – qanoti, qanotini ajratsa oyog‘i to‘rga chuvalashardi...
Ertalabki nonushta chog‘i o‘g‘illari bir-biri bilan «Sen Qobil, sen Hobil» deb tortishib qolishdi. Shosalim hayron. 
Bolalarning o‘rtasiga tushdi. 
– Menga qaralaring, hech kim Qobil emas! Sizlarga o‘zimiz ism berganmiz: biring Bahodir, biring Asqar – uqdingmi? Qobil deganlaring kim? 
Bolalar biri qo‘yib biri «Qobil va Hobil» qissasina ayta ketishdi. Bolaning zehni yaxshi-da, hikoyalari juda ta’sirli chiqdi. Gap orasida bu hikoyani mardikor yigit so‘zlab berganini ham qistirib o‘tishdi.
Shosalimning tomog‘idan luqma o‘tmay qoldi. Mardikor yigitdan shubhalandi: «Nima demoqchi? Ishini qilsa bo‘lmaydimi? Bolalarga o‘ralashib nima qiladi?». U ana shunday o‘ylar og‘ushida, mashinani ko‘chaga olib chiqdi-yu, darvoza oldida to‘xtatdi. Mashinadan tushib, ichkariga kirdi. Hovli to‘rida quyonxona qurilishini davom ettirayotgan mardikor yigitni imlab chaqirdi. Yigit ishni qo‘yib, xo‘jayinning xuzuriga chopqillab keldi.
– Assalomu alaykum! – itoatkorona bosh egib, uning amriga muntazir turdi u. 
Shosalim undan nimalarnidir so‘ramoqchi edi – fikridan qaytdi. Shundan: “mashinani artib qo‘y”, dedi-da ichkariga – xotinining huzuriga kirib ketdi.
Shokir mashinani chinniday qilib artdi. Salonni, g‘ildiraklarni ham yaltiratib qo‘ydi. Keyin, kalit joyida turganini ko‘rib, orqadagi yukxonani ham ochib changini artib tozaladi. Yukxona ostiga yozilgan to‘shamani tozalamoqchi bo‘lgandi, burchakda qo‘l yetmaydigan joyda qotib qolgan qon dog‘larini ko‘rdi. To‘shamaning ostini artmay qo‘ya qoldi. Shosalim qaytib chiqanida mashina qo‘g‘irchoqdekkina bo‘lib turardi. Mashinaga o‘tirarkan qo‘l qovushtirib turgan mardikorga besh yuz so‘m uzatdi:
– Ma, sigareta olasan!
– Rahmat, rahmat! – egilib-bukilib minnatdorchiligini bildirdi Shokir.
Mashina jo‘nab ketgach hovli to‘riga o‘tdi-da, xoliroq bir joy topib shimining chovidan kichikkina qo‘l telefonini oldi. Raqamni terib, kimgadir qandaydir ma’lumotlarni yetkazdi.
Shosalim boya ichkariga kirib xotinidan Shokir haqida u bu narsalarni so‘rab-surishtirdi. Uning yurish-turishi bilan qiziqdi. Bolalarga ko‘p o‘ralashmasin, deb tayinladi. 
– Tinchlikmi o‘zi? – so‘radi xotini xavotirlanib.
– Vahima qiladigan hech narsa yo‘q! – tinchlantirdi uni Shosalim. – O‘zingdan ehtiyot bo‘l degan gap bor-ku! Bolalarga bir ertak aytib beribdi. Yoshiga nomunosib narsalarni eshitmaganlari ma’qul. Tarbiyasiga ta’sir qiladi. Ishni bugun tugatsa kerak. Darhol jo‘natib yubor. O‘ralashib yurmasin bu hovlida...
Salima erining hamma topshiriqlarini bosh silkib ma’qullab turdi. Keyin, bu mavzuga qaytib to‘xtalishning hojati qolmagach, andishasini aytdi:
– Do‘stingizdan haliyam xabar yo‘qmi?
– Yo‘q! 
Shosalimning bu borada gapirgisi yo‘q edi. Shundan qisqagina javob bilan cheklanib qo‘ya qoldi. Salima esa erining bu holatini, do‘sti uchun ich-ichidan qayg‘uradi bechora, yuziga chiqarmaydi, nojoiz bir gap aytib qo‘yishdan cho‘chiydi, deb baholadi. 
– Gulchehraxondan xabar olganimga ham ikki xaftacha bo‘libdi. Yana bir o‘tib qo‘ysammikin? Bechora qayg‘uga botib, ich-etini yeb qo‘ygandir.
– Qayda? – dedi Shosalim yuzini jiyrib. – Erining boshini yegan shu-ku! Kunda janjal, achchiq-tiziq gaplar; Jobirbek o‘lgan bo‘lsa – o‘shandan qutulgan bo‘ladi. Anavi mumsik otasidan ham!..
Shosalim bu gaplarni alam va iztirob ichida aytdi. Hozir Gulchehraga bo‘lgan g‘arazi yuziga qalqib chiqqandi: Gulchehraning hech qachon uni Shosalim, deb chaqirmagani asabini qo‘zitardi. Hatto bir gal: «Ha, endi Jobirbekning oldida siz Sho-o-h Salim emas oddiygina Salimsiz-da”, degandi hazillashib: «Ko‘ramiz, — kishi bilmas ijirg‘angandi Shosalim tishlarini g‘ijirlatib, – kimning kim ekanini! Mana bugun ko‘rinib qoldi. Yana bir necha kun kerak. Shundan keyin uning ostonasiga it ham yo‘lamaydi. Hozircha esa, xotinining xabarlashib turgani yaxshi. Shubha, gumon bo‘lmaydi! »
– Mashina yuboraman, mayli, o‘tib kela qol! – Shosalim, ko‘chaga chiqarkan, xotinining fikrini ma’qulladi. 

49

Jobirbek atrofida kechayotgan voqealarni chuqur o‘ylab mushohada qilishni istardi. U tabiatan bosiq, yetti o‘lchab bir kesadigan – shoshma-shosharlik bilan xulosa chiqarmaydigan kishilar xilidan edi. Muhtaram Kalonovichning gapi qanchalik to‘g‘ri ekani, muxbir qiz masalasining yechimiga bog‘liqligini bilardi. U Shosalimga qaratilgan aybnomaning xolisona bo‘lishini xohlagandi. Shu bois Toshkentga kela solib, ishni televideniedan boshladi. Nogironlar uyidan berilgan lavhaning muallifini topdi. So‘rab-surishtirib axiyri, o‘zini markaziy nashrlardan birining muxbiri sifatida tanitgan ayolning manzilini aniqladi. 
Farangis unga eshikni ochmadi. Tuynukdan Jobirbekni ko‘riboq yuragi orqasiga tortib ketdi. Shosalim bilan maslahatlashmay unga ro‘baro‘ bo‘lishni xohlamadi. Umuman u bilan yuzma-yuz kelishni xayoliga ham sig‘dira olmasdi u.
Jobirbek ichkarida kimdir yurganini payqadi. Eshik hadeganda ochilmaganidan “bu o‘sha”, dedi ichida. Keyin kichkina bir qog‘ozga: “O‘tinaman, birgina savolim bor. Mendan cho‘chimang – yomon niyatim yo‘q. Telefon qiling!” deb yozdi-da, telefon raqamini qoldirib, xatni eshikninng tirqishiga tiqdi. 
Farangis Jobirbekning ketganiga to‘la ishonch xosil qilgach, eshikni qiya ochib, xatni oldi. O‘qidi. Avvaliga bir muddat nima qilarini bilmay, kalovlanib turdi. Keyin «telefon qilish kerak», degan fikrga keldi-yu, go‘shakni olib shosha-pisha kerakli raqamlarni terishga tushdi.
– Sen uyingdan jilmay tur. Eshikni hech kimga ochma! Bir oz turib o‘zim chiqaman! – dedi Shosalim hayajonini yashira olmay – Farangisdagi qaltiroq unga ham ko‘chgandi...
Shosalim Farangisdan bu habarni eshitib, ko‘z o‘ngi qorong‘ulashib ketdi. Jobirbek kalavaning uchini topgandi. Agar ish zaylda ketsa, ertami-indin sharmanda-yu sharmisor bo‘lishi turgan gap: u ham o‘z navbatida kimgadir telefon qildi, vaziyatni tushuntirdi. U yoqdan esa: 
– Bu sizning muammoingiz! Meni oxirgi natija qiziqtiradi! – degan sovuq javob oldi.
Nima qilish kerak? Shosalimning boshi qotgandi. Ammo u uzoq o‘ylay olmasligini ham, tezroq biror-bir xulosaga kelishi lozimligini ham bilardi: «Jobirbekni yo‘ldan olib tashlash kerakmikin? Hujjatlarni qo‘lga kiritmay turib bu ishni qilish o‘zing o‘tirgan shoxni kesish bilan barobar-ku! Lekin buni shunday qoldirib ham bo‘lmaydi. Qiziq, Farangisga qanday chiqdi ekan? Demak, u men haqimda ham biladi. Toshkentga mensiz ketib qolgani ham shundan!» Shosalimni boshi yorilgudek edi. Baribir bir xulosaga kela olmadi. Avval, Farangisning raqamini terdi. Keyin fikridan qaytdi. Bir oz turib yana telefon qildi...
– Gaplarimga yaxshilab quloq sol, – dona-dona qilib ta’kidladi u Farangisni hushyorlikka undab, – birinchidan uyingdan chiqib ket va hozircha ko‘rinmay tur. Telefon avtomatidan Jobirbekka qo‘ng‘iroq qilib ertaga kechqurunga uchrashuv belgila. Uchrashuv joyi otchopar! Shunday qilginki, o‘zi tanho kelsin!
– Buni qanday qilaman? – hayron bo‘ldi Farangis
– Istaganidan ham ko‘proq ma’lumot olishini bilsa, aytganingni qiladi: «bu ishlarning boshida xotiningiz turibdi» desang, bas! Hozircha sirlarimizni do‘mbira qilmay turadi. Oriyatli yigit u. Va oxirgisi, hoziroq otchoparga bor. Qilich bilan Shunqorni men kechqurun shahardagi uyimda kutaman! 
Shosalim boshqa so‘z demadi. Go‘shakdan qisqa-qisqa gudok eshtilgach, Farangis uni joyiga qo‘ydi-da, apil-tapil kiyinib uyni tark etdi.
Qilich bilan Shunqor otchopar va Qarshi oralig‘ida yo‘lovchi tashishardi. Shosalim ularning har biriga bittadan “Neksiya” oberib qo‘ygandi. Bu bir tomondan ham muntazam daromad, ham tez-tez uchrashib turish imkonini berardi. Shosalim chaqirtirganini eshitib, mashinaning birini pullik to‘xtash joyida qoldirib, ikkinchisida Qarshiga qarab yo‘l olishdi. 
Jobirbek kech bo‘lishiga qaramay, Farangisni uzoqdan tanidi.
– Xo‘sh, menga nimalarni aytmoqchi edingiz? – salom-alikdan keyin darhol indalloga ko‘chdi Jobirbek. – Yasama muxbir sifatida tashrifingiz orqasida qanday sir yashiringan edi? Meni aldashdan maqsadingiz faqat pul undirishmidi yoki... Qolaversa, bu ishlarga xotinimning qanday aloqasi bor? — dedi u bir oz tutoqib.
– Mayli, unday bo‘lsa ketdik. Bu ko‘chaning gapi emas. Yo‘lda hammasini aytib beraman. 
– Shu jumboqqa yechim topish uchun hozir dunyoning narigi chekkasiga borishga ham tayyorman, faqat qayoqqa ketayotganimizni bilsam yomon bo‘lmasdi, – deb Farangisga yuzlandi u.
– Boradigan joyimiz shunaqa joyki, – dedi Farangis Jobirbekni yanada qiziqtirish uchun, – unda hamma savollaringizga javob olasiz!
– Unda kimlar bo‘ladi? 
– U yerda xotiningiz va uning jazmaninini ko‘rasiz xolos.
– Nima? Gulchehra? – Jobirbek bo‘g‘ilib ketdi. Bu gapni tasavvuriga sig‘dira olmasdi. Shundan boshini changallab qoldi: «Ishonmayman! Ishonmayman! Hozir, hozir, – dedi u va atrofga alanglay boshladi. – Qaerda telefon bor? Uyga qo‘ng‘iroq qilishim kerak?..»
Xotiningiz uyda yo‘q hozir. Ishonmasangiz ixtiyoringiz? – beparvo qilib ko‘rsatdi o‘zini juvon. – Qolaversa, mana mening qo‘l telefonimdan qo‘ng‘iroq qila qoling!
U sumkachasidan telefon olib uzatdi. Jobirbek tilla topgan odamdek sevinib ketdi: “Hozir telefon qiladi. Go‘shakni Gulchehra ko‘taradi. Kechadan beri miyasini qurtdek kemirayotgan gumonlar barham topadi. Mana hozir sakkiz, uch, yetti, besh...”.
Telefon uzoq jiringladi. Gulchehra go‘shakni olmadi. Olib ham nima qildi? Kun bo‘yi uch marta shu raqamdan qo‘ng‘iroq qilishdi. Ayol kishining tovushi. Erining yana bir jazmani. Aytishicha undan bolasi ham bor emish. Ishni bosti-bosti qilish uchun Shosalim degan do‘sti orqali pul ham berib yuborgan emish. Hozir yana pulga zoriqqan-u, Jobirbek yordam qilmayotganmish. Gulchehraning bu gaplarni eshitishga ortiq toqati qolmagandi. Yig‘lamadi ham. Birinchi marta emas-ku! Eriga nima kerak o‘zi? Shunchalik mohir uloqchi ekan, mayli yot to‘shaklarda ko‘pkari chopib, tulporini sovutib yuraversin. Lekin meni nega badnom qiladi? Oila sha’nini yerga urmasa bo‘lmaydimi? Axir, barisiga chidab kelayapman-ku?..
Gulchehraning yuragi sanchgandek bo‘ldi. Beixtiyor go‘shakni oldi-da, Shosalimning raqamini terdi. U Gulchehraning savoliga dastlab javob berishdan qochib taysallandi. Gulchehra g‘azab qilgach, xuddi noiloj qol¬gandek: «Faqat hech kimga aytmang. Jobirbek boshimni oladi-ya – bilib qolsa», deya yolvorgancha to‘g‘risini aytdi:
– Ha, ellik ming dolllar oborib berganman!

50

Jobirbek qo‘ng‘irog‘iga javob bo‘lmagach, tamoman esidan ajradi. Ko‘z o‘ngida Gulchehraning ikkita qiyofasi namoyon bo‘ldi. Birinchisi xotinining avvalgi munis, mehribon chehrasi. Ikkinchisi esa bir yildan beri o‘zgarib qolgan, tajang basharasi. Uning miyasi pufakdek bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoldi. Hozir uning bo‘ynidan ip bog‘lab xohlagan tomonga yetaklashing mumkin edi. Shunday bo‘ldi ham. Xuddi mast odamdek chayqala-chayqala Farangisga ergashdi. Qandaydir mashinaga o‘tirishdi. Keyin uzun yo‘l bo‘ylab katta tezlikda yelib ketishdi.
Gulchehrani nima jin urdiykin? Nima yetishmaydi unga? To‘qlikka sho‘xlikmikin yo... Meni, bolalarimizning sha’nini o‘ylamaydimi? Hech bo‘lmaganda taqvodor ota-onasining hurmatini qilsa bo‘lardi? Axir, el oldida qanday bosh ko‘tarib yurishadi ular?..
Jobirbek yo‘l bo‘yi ana shunday kechinmalar og‘ushiga ko‘milib o‘tirdi. Miq etmadi. Endi uni hech nima qiziqtirmay qo‘ygandi Yashashning ma’nisi qolmagandi. Qani hozir avtohalokat ro‘y bersa-yu, Qodirbek akasining ortidan narigi dunyoga ravona bo‘lsa...
Mashina qandaydir to‘qayzorga kirib to‘xtagandan keyingina Jobirbek bir oz hushyor tortdi. Tevarak-atrof zim-ziyo. To‘qayzor oyning g‘ira-shira yog‘dusida qo‘rqinchli bir manzara kasb etib turadi. 
– Nega to‘xtadik? Bu qanaqa joy? – sarosimalandi Jobirbek 
– Savollaringizni javobi huv ana u joyda, – quyuq qorong‘ulik ichida miltillab turgan shu’laga ishora qildi u. – Tushing, mana bu kishi sizni kuzatib qo‘yadi. 
Miltillab turgan shu’la gulxan ekan. Olov yonida yomg‘irpo‘shtni yelkasiga tashlab bir kishi o‘tiribdi. Qo‘lida ov miltig‘i. Shosalim mashina kelib to‘qay boshida to‘xtaganini, hademay Jobirbek bilan yuzma-yuz bo‘lishini bilar, ammo o‘rnidan turishga shoshilmasdi. Qadam tovushlari juda yaqin kelgach turdi. Kelguvchilarga yuzlandi.
– Shosalim?!  
– Yo‘q, yanglishding, men – Shosalim emasman! Senga itdek ergashib yurgan, bir paytlari obro‘yingni saqlab qolish uchun tuni bilan mijja qoqmagan, sadoqat bilan xizmatingni qilib, oxir-oqibat qadri-qiymati toptalgan soyaman.
– Shuncha gina-kudratingiz bor ekan – avvalroq aytsangiz ham bo‘lardi-ku?! Ko‘nglingizni ranjitgan bo‘lsam uzr so‘rashga hech qachon or qilmasdim. Siz axir, do‘stim edingiz, undan avvalroq – ukam deganman!
– Qo‘ysang-chi! Menga bo‘lgan munosabatingni qanday ekanini o‘zingni pakana Napoleon-u, meni naynov genaralga o‘xshatib aytib bo‘lgansan. Men sen uchun soya bo‘lganimni o‘shandayoq anglaganman. Endi asl nusxa bo‘lmoqchiman. Sendan esa nusxa ham qolmaydi!
– Shosalim! – zorlandi Jobirbek. – Sizni xafa qilganim rost! Ish ustida nimalar bo‘lmaydi deysiz. Ammo siz dastak qilayotgan sabablarning birortasi ham do‘stligimizga rahna solishga arzimaydi! Arzimaydi, axir! O‘sha musaffo tuyg‘ularimizni saqlab qolish uchun men hamma narsadan voz kechgan bo‘lardim, aytsangiz bas – imkonimdagi hamma narsaga tayyorman!
– Nahotki! Shunchalar jo‘mard bo‘lsang amalda isbotla! Menga so‘nggi kashfiyotlaring saqlanayotgan joyni ayt!
Jobirbek Shosalimning noma’qulchiliklari obro‘, martaba, pul uchun deb o‘ylagandi. Agar shunday bo‘lsa – uning hisobiga hamma narsasini, bisotida borini berishga tayyor edi. Ammo, endi bildiki, uni do‘st sifatida yo‘qotib bo‘libdi. Shundan Shosalimning sovuq yiltiragan ko‘zlariga nafrat bilan boqdi:
– Shaytonga yollanibsan-da?!
– Bu yog‘i bilan ishing bo‘lmasin. Hujjatlarni berasanmi, yo‘qmi – shundan gapir?!
Jobirbek boshini quyi egdi:
«Qaniydi hozir yer yorilsa-yu, yerga kirib ketsam. Bu kabi razillik, sharmandalik yukidan xalos bo‘lsam», degan o‘y kechdi xayolidan. Keyin boshini ko‘tardi-da, Shosalimga achinib qaradi.
– O‘ylasam, o‘zimga tegishli bo‘lgan hamma narsamni boy berib bo‘libman. Mehrimni, muhabbatimni... Ammo kashfiyotlarimni xalqimga, Vatanimga ataganman – uni bera olmayman, uzr! Senga esa achinaman, Shosalim! Sen haqiqatdan ham soya bo‘lgan ekansan, hozir tirik murdaga aylanibsan xolos.
– Bas! – chinqirib yubordi Shosalim. Keyin, achchiqlanib miltiqni unga o‘qtaldi. 
– Sen tamom bo‘lgan odamsan! Senga achina...
– Bas deyapman, bas! 
Shosalim alamdan bo‘kirib tepkini bosdi. O‘q Jobirbekning qornini teshib o‘tdi. Yuzlari og‘riqdan bujmaydi. Ammo yiqilmadi: qornini ushlagancha Shosalimga tomon yurdi. Oyog‘ini sudrab-sudrab bosardi. O‘q teshib o‘tgan joyidan qon sizib oqmoqda edi. U yaqin kelib miltiqni uchidan tutdi; uni yuragiga qadadi. Shosalim esa dir-dir titrab turar, ikkinchi marta tepkini bosishga kuchi yetadimi-yo‘qmi – noma’lum edi. 
– Shosalim! – gapirganida og‘riq kuchaydi chamasi, Jobirbekning yuzi burishib ketdi. – Gulchehraning xi-yo-na-ti-i rostmi?..
Shosalim nima deyishini bilmay qoldi. Dam sayin hushini yo‘qotib borayotgan Jobirbek esa ko‘zi tinib, Shosalimning qiyofasi unga ikkita bo‘lib ko‘rindi. Biri o‘sha o‘zi bilgan kamtarin, kamsuqum chehra; ikkinchisi esa yovuz va razil bashara. Birisi «yo‘q» dedi, birisi tepkini bosdi. Shosalimning og‘zidan «yo‘q» degan javob bilan, miltiqning og‘zidan o‘q degan jallod bir vaqtda otilib chiqdi. Birisi quloqqa, birisi yurakka borib tegdi. Hayot bilan o‘lim orasidagi fursat juda qisqa bo‘ldi. Ammo haqiqatni bilish – bu dunyodan armonsiz ketish uchun Jobirbekka ana shu qisqa fursat kifoya bo‘ldi. Shu qisqagina lahzada uning g‘amboda chehrasida, og‘riqdan bujmaygan yuzida tabassum balqidi. U ana shu qisqagina soniyada o‘zining mag‘rur qiyofasini, baxtiyor chehrasini, o‘tkir nigohlarini Shosalimning hissiz ko‘zlariga muhrlashga ulgurdi.
Shosalim endi o‘la-o‘lguncha ana shu nigohlar ta’qibiga mahkum bo‘lgandi.                    
51

– Ming marta uzr! Sizlarni kuttirib qo‘ydim!
Shosalim faollar zaliga hovliqib kirdi-da, to‘rdagi joyiga o‘tirarkan, yo‘l-yo‘lakay barchadan kechirim so‘radi. Ahvoli haminqadar bo‘lishiga qaramay o‘zini bardam, tetik tutishga urindi. Kursisiga o‘tirib joylashib olgach esa, yig‘ilganlarni bir-bir ko‘zdan kechira boshladi. 
– Bugun sizlarni bu yerga to‘plaganimdan maqsad...
U fikrini davom ettira olmay taqa-taq to‘xtadi. Ko‘zlari ham bir nuqtaga tikilgancha qotib qoldi. Uzunchoq stol atrofida o‘tirganlar safida umuman kutilmagan bir chehraga to‘qnash keldi: «judayam o‘xsharkan», degan o‘y kechdi dilidan. Ammo yanglishganini anglash uchun ko‘p vaqt kerak bo‘lmadi. Bu haqiqatdan ham Sakina edi. Zalda Sakinadan tashqari yana bir necha notanish odamlar borligini payqaganida esa Shosalim g‘isht qolipdan ko‘chganini fahmladi. Yigitlardan ikkitasi turib unga yaqin kelishdi.
– Shosalim Davronovich! Siz qasddan odam o‘ldirishda ayblanib, qamoqqa olindingiz!.. 
Fuqaro kiyimidagi qidiruv bo‘limi xodimlari unga prokuror sanktsiyasini ko‘rsatib, qo‘liga zanjir sola boshlaganida, Shosalim bu ikki yigitning o‘ziga tanish ekanini ko‘rib, badtar tosh bo‘lib qotdi: ularning biri haydovchisi Ilhomjon, sherigi – uyida mardikor bo‘lib ishlagan Shokir edi. 
Bir kun oldin Toshkentda jinoiy guruhning yana ikki a’zosi qo‘lga olindi. Ular fuqaro Sakina Xadjievaning uyiga noqonuniy yo‘l bilan bostirib kirishlikda ayblanib xibs qilindilar. Voqeaning asl tafsiloti esa mana bunday edi.
Shosalimning uyida bo‘lib o‘tgan yig‘inda Sakinadan qutulish kerakligi to‘g‘risida ko‘rsatma olgan Qilich bilan Shunqor Toshkentga keliboq operatsiyani bajarishga kirishdilar. Ular Sakinaning eshigini taqillata boshlaganlarida Sakina Akmal bilan Toshkent – Qarshi yo‘nalishidagi samolyotda parvoz etmoqda edi. 
Akmalni hamrohi bilan Qarshiga kuzatgach, jinoyat ishini ochishga hamkorlik qilayotgan toshkentlik militsiya xodimlari zudlik bilan «Sarob» operatsiyasini amalga oshirishga kirishdilar. Birinchi galda Sakinaning uyida uzoqdan boshqariladigan radiokarnay o‘rnatildi. Bu uni izlab kelguvchilarda Sakina uyda, degan tasavvur uyg‘otish uchun qilindi. Eshikning bir burchagiga bilinar-bilinmas mikrofon qo‘ndirildi.
Uy atrofida uch joyda pista, qurt va boshqa mayda-chuydalar bilan savdo qiladigan attorlar paydo bo‘ldi. Bu kichkina «do‘koncha»lar vaqtincha ijaraga olinib, bu yoqqa ko‘chirildi. Sotuvchilar almashtirildi. Ularning o‘rnini fuqarocha kiyimdagi militsiya xodimlari egalladi. To‘g‘ri, keyinchalik do‘koncha egalariga ma’lum miqdorda konpensatsiya berishga to‘g‘ri keldi. Savdoda uquvi bo‘lmagan militsiya xodimlari yosh bolakaylarga qurt, saqich, xo‘rozqand va boshqa shirinliklarni tekinga tarqatvorishgan ekan.
Xullas, kutilgan mehmonlar uzoq mahtal qilmadi. Ko‘chaning boshida ikkita erkak paydo bo‘ldi. Ular to‘g‘ri Sakinaning pod’ezdiga qarab yo‘l olishdi.
– Ja-a-a, gavjum bo‘p ketibdimi bu joylar? – Shunqor attorlik do‘konlari atrofida to‘planib turgan odamlarga norozi qiyofada alangladi. 
– Hammada ham tirikchilik! – beparvo javob qildi Qilich, uni «chalg‘ima» degan ma’noda ogohlantirib. Keyin birga-birga burilib pod’ezdga kirib ketishdi.
Sakinaning eshigi oldida bir pas to‘xtashdi. Ichkaridan muzika sadolari eshitilib turardi: «Uyida ekan», dedi so‘zlari mikrofon orqali magnit tasmaga tushayotganidan bexabar Shunqor. Qilichga yuzlandi: “Taqqillataymi?”. Qilich tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi. 
Pastdagi do‘konchalardan birining sotuvchisi, qulog‘iga eshitish moslamasi qo‘ndirib olgan, oliftanamo yigit, taqqillash tovushini eshitishi bilan stoli ostidagi magnitofonning murvatini buradi. Oradan besh-olti daqiqacha vaqt o‘tdi. 
Musiqani o‘chirdi – uyida ekani aniq! Nega eshikni ochmayapti? – Deyarli shivirlab, Qilichga savol tariqasidami yoki o‘ziga-o‘zi gapirgan bo‘libmi, g‘udranib qo‘ydi Shunqor. 
Balki... – Qilich bir pas o‘ylanib turdi-da, keyin fikrini davom ettirdi. – Balki u yolg‘iz emasdir? Demoqchimanki, mehmoni bordir? – u chap qo‘lini musht qilib tugdi-da, o‘ng qo‘lining kaftini unga urib ko‘rsatdi: –«Paq-puq» – maishat!
– O‘lgan ekan, kuppa-kunduz kuni!
– Qiziqmisan, – Qilich ketamiz degan ma’noda pastga ishora qilib, – kechroq kelamiz endi, – dedi-da, o‘zi yo‘l boshladi. Zinadan tusha turib, boya boshlab qo‘ygan gapini oxiriga yetkazdi: — Maishat bu biznes! Biznes esa vaqt tanlamaydi.
Tashqariga chiqishgach, ikki sherik attorlardan biriga yaqinlashishdi.
– San shu do‘mda turasanmi? – Sotuvchini savolga tutdi Qilich.
– Ha!
– Sakina opangni taniysanmi?
– Ha-a-a, Sakina satangnimi, taniyman!
– Maboda uni bugun ko‘rmadingmi? – o‘smoqchilandi Shunqor. 
– Ko‘rdim. Boya bir erkak bilan uyiga kirib ketgandi. 
– Qanaqa erkak, kimligini bilmaysanmi mabodo?
Sotuvchi yigit ketma-ket berilayotgan savollardan hafsalasi pir bo‘lgan qilib ko‘rsatdi o‘zini.
– Oka, man gap sotmiyman – biron nima olasizmi o‘zi? Nima, man melisamidim, domga keladigan har bir notanish odamning shaxsini aniqlaydigan. Oddiy erkak – qo‘lida paketi ham bor edi...
Sheriklar bir quti sigareta xarid qilgan bo‘lib, attordan uzoqlashishdi.
– Hammasi ravshan. Xonim lazzatlanvottilar! – Og‘zining tanobi qochib, ma’noli ko‘z qisib qo‘ydi Shunqor. Qilichning nigohida esa sovuq bir ifoda paydo bo‘lgandi bu payt. 
– Mayli, o‘limi oldidan o‘ynab qolsin! – dedi u nigohlaridagidan ham sovuq bir ohangda...
Tunda ikki sherik, biri militsioner formasida, biri asboblar solingan sumka ko‘targan JEK xodimi alfozida yana Sakinaning eshigi ostida paydo bo‘lishdi. Qo‘shnilarni bezovta qilmaslik uchun, ehtiyotkorlik bilan harakat qilishardi ular. Mabodo, kutilmaganda biron kor-hol ro‘y berib qolsa, militsioner formasi va santexnik asbob-uskunalari vaziyatni yumshatuvchi vositalar bo‘lib xizmat qilishi kerak edi. Haytovur, eshikni buzib, ichkariga kirish moydan qil sug‘urgandek amalga oshdi. Ammo qo‘l fonarini yoqib, asta yotoqxonaga bosh suqqan edilar hamki, uyning chiroqlari «lop» etib o‘zidan-o‘zi yondi. Qo‘rquvdan tosh bo‘lib qolgan qotillarni katta xonada boya pastda attorlik qilib turgan yigitlar qarshiladi. Shunqor asta ortiga tisarilmoqchi bo‘lgandi, oshxona va bolalar xonasidan chiqib kelgan militsiya xodimlari qurshovida qimir etolmay qoldi...    

52

Farangis it fe’lli juvon edi: g‘izillab o‘tib ketgan mashinaning ortidan vovullab quvlaydigan, keyin «qochib qoldi, qo‘rqoq», degandek mag‘rur qiyofada ortiga qaytadigan ko‘ppakni ko‘rganmisiz? Yoki ko‘ringan kishining akkillab asabini buzadigan, ozgina qarshilik ko‘rsatib, havoncha do‘q qilsangiz dumini qisib qochadigan laychani-chi?
Farangis ana shunaqa xilidan edi. Avvaliga Akmalga chap bermoqchi bo‘lib, gapni rosa aylantirdi. Akmal ham uning safsatalariga ishongandek ko‘rsatdi o‘zini. Oxir-oqibat, fakt va dalillar bilan Farangisni boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ydiki, uning laychaga o‘xshab pisishdan boshqa chorasi qolmadi: bilganlarini oqizmay-tomizmay so‘zlab berdi. Bu tafsilotlarni biz yuqorida ko‘rib o‘tdik, faqat bir nuqta – teleekranda paydo bo‘lib qolishi tushunarsiz edi. Axir bu o‘z-o‘zini fosh etishdan boshqa narsa emas-ku!
– Ayollik qildim! – dedi u yig‘lamsirab, Akmalning shu borada bergan savoliga javoban. – Mening ham do‘st-dushmanlarim bor. Omadsizligim, qashshoqligim bilan kimnidir kuydirib, kimnidir kuldirib kelardim. Bolalarimni davolatishga dastim qisqa edi. Shundan mehribonlik uyiga topshirgandim. Shuning o‘zi uchun, boshimga qanchalar malomat yog‘ilganini bilmaysiz-da! Hayotim yaxshilanganini, turmushim o‘zgarganini hamma ko‘rib qo‘ysin debman. Jobirbek ko‘rib qoladi, degan o‘y xayolimga ham kelmabdi. 
– Mo‘maygina daromad topa boshlaganingizga ancha bo‘ldi-ku, nega bolalaringizni davolatishni paysalga solib kelayapsiz? – gap qistirdi Akmal. 
– Shosalim hamma ishlarni bitkazib Moskvaga yoki Germaniyaga yuborishga va’da qilgan. 
– Nega o‘zimizda emas?
«Darvoqe, nega?». Farangis birinchi marta bu savolni o‘ziga-o‘zi berdi. Keyin Shosalimning «o‘zimizniki» degan tushunchaga beparvo, ahamiyatsiz qarashini esladi. U sigareta chetniki bo‘lsa chekardi, xorijning yorlig‘i yopishtirilgan aroqnigina ichardi. Gap televidenie haqida ketsa: «O‘zimiznikimi? Bir pulga qimmat!» derdi u. «Paxtakor»ning futbolchilarini-ku, yerga urib tashlardi. «Makaronlar» deb masxaralardi ularni: «Chet elning futbol klublariga sotib yuborish kerak bularni. Maradonaning oyog‘ini uqalab, Pelega kofe qaynatib yurishsin. Shundan boshqaga yaramaydi bular!» derdi. Shu asno Farangisning yodiga bir voqea tushdi. Kuladigan ahvolda bo‘lmasa ham yuziga tabassum yoyildi. 
Bir kuni kechki payt uyda Nargiz bilan o‘tirishgandi. «Bormatuxa» qonni ko‘paytirarmish, degan gapni eshitgandan beri opa-singil ahyon-ahyon vino bilan o‘zlarini muolaja qilib turishardi. Shosalim qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Hozir kelarmish! Apil-tapil dasturxonni qayta tuzashdi.
– Vino ichib turganimizni ko‘rsa, rosa izza qiladi, – dedi Farangis shishalarni yashirishga joy izlarkan, – tem bolee, bormatuxa.
– Buning yo‘li bor! – dedi Nargiz, opasidan shishalarni olib, oshxonaga yo‘nalar ekan. Keyin qaysidir bir o‘tirishda bo‘shatilgan «Viski» shishasiga vinoni soldi-da, dasturxonga keltirib qo‘ydi. 
– Bu qanaqa ichimlik? – Shosalim chiroyli «viski» shishasini qo‘liga olib, aylantirib qaradi. – Bunaqasini ko‘rmagandim. 
– Vino! Texasniki, – dedi Nargiz quruqqina qilib. Keyin Shosalimning ryumkasiga to‘lg‘azib xorijning shishasidan «barmotuxa» quydi.
– Mana buni vino desa bo‘ladi! – bir ko‘tarishda ryumkani bo‘shatgan Shosalim tamshanib qo‘ydi. – Chet elga gap yo‘q, o‘zimiznikilarnikini ichsang qusging keladi!
Opa-singil «dumbul boyvachcha»ni kuzatib rosa kulishgandi.
Ha, Shosalimning o‘zimizning tibbiyotga ham, o‘zimizning militsiyaga ham munosabati bundan ortiq emas. Shundan «yopiqli qozon yopiqligicha» qolishiga juda ishonardi. “Lekin, hademay qattiq yanglishganini fahmlaydi!” fikridan o‘tkazdi Akmal.
– Endi men nima qilay? – Farangis shu choqqacha qilgan ishini qilib qo‘ygan, aytadigan gapini aytib bo‘lgandi. Bu yog‘iga nima qilishni rostdan ham bilmas edi. 
– Sizmi? – Akmal unga sinchkov nazar tashladi. — Bolalaringizni «Ortopediya» institutiga oboring! Qanday yashagan bo‘lsangiz – shunday yashayvering! Kerak bo‘lganingizda – o‘zimiz sizni chaqirtiramiz. Bitta xavf-xatar bor – shundan saqlaning!
Farangis hurkak nigohlarini unga qadadi.
– Men bilan uchrashganingiz-u, o‘rtamizdagi gaplarni hech kim – hattoki eringiz yoki Nargiz ham bilmasligi kerak. Aks holda...
– Menga yengillik bo‘larmikin? – Ayolning jovdirab turgan ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi.
– Buni sud hal qiladi. Ammo ma’lumot berganingiz, aybingizga iqror ekaningiz, nogiron bolalaringiz – bularning barchasini sud inobatsiz qoldirmaydi. 
Farangis ana shu cho‘ltoq umid bilan nogiron bolalarining huzuriga yo‘l oldi... 

53

Farangisning tergovchiga oxir-oqibat taslim bo‘lishi bejiz emasdi. Avvaliga, qiziqarli bir o‘yin tarzida boshlangan bu ish bu qadar fojea bilan yakun topadi, deb o‘ylamagandi u. Jobirbek otilgan tunda esa nechog‘li qaltis ishga aralashib qolganini his qildi. O‘shandan beri yegani tatimay yurgandi. Qachondir bu ishlarning ishkali chiqishidan cho‘chib yashab kelardi. Mana, bugun sir oshkor bo‘ldi... 
Farangis o‘sha kecha mashinada yolg‘iz qoldi. Atrof zim-ziyo. Avvaliga bilinmadi; erkaklar ketgach, allaqanday vahimali o‘ylar ko‘ngliga g‘ulg‘ula sola boshladi. Xuddi, dahshatli filmlardagidek, hozir mashina oynasida qo‘rqinchli bir bashara paydo bo‘ladigandek tuyulaverdi. Shosha-pisha eshikning bosqichlarini pastga bosib qo‘ydi. Rul tomondagi oynaning yuqorisida barmoq sig‘adigan tirqish qolgan ekan, apil-tapil uni ham ko‘tarib zichladi. Ko‘ngli bir oz taskin topdi. «Tezroq qaytishsaydi erkak¬lar!» ko‘nglidan o‘tkazdi u.
Farangis erkaklar hozir erkakchasiga gaplashib olishadi-yu, muammo hal bo‘lgach yana Toshkentga qaytib ketamiz, degan o‘yda edi. Nogahon yangragan o‘q ovozi uning o‘ylarini chilparchin qildi. Sarosimalanib qoldi. Birgina fikr uni qamrab olgandi: «Jobirbek yashirincha to‘pponcha olib kelgan ekan-u, raqiblarini otishga tushdi». Dir-dir titrab rul tomondagi o‘rindiqqa o‘tdi. Qaltiroq qo‘llari bilan paypaslab kalitni topdi. Mashinani o‘t oldirdi: «Ulgurish kerak!» ta’kidladi o‘ziga-o‘zi u. Hozir Jobirbek uchinchi raqibini ham tinchlantiradi-da... 
Mashina haydash hadisini olganligi shu joyda qo‘l keldi: Shosalimning homiyligida shofyorlik kursida o‘qib guvohnoma olgandi. Ahyon-ahyon erining «Neksiya»sini haydab yurardi. Shundan hozirgi vaziyatdan qutulishning yagona yo‘li – bu joydan qochib qolish, degan qarorga keldi u. Yo‘lning tashvishini qilmasa ham bo‘ladi. Mana shu ilon izi kabi uzalgan egri-bugri yo‘l to‘g‘ri katta trassaga olib chiqadi. Katta yo‘lga chiqqach, o‘ngga burilib, to‘g‘ri ketaveradi. Ammo… 
Katta trassaga chiqish oson kechmadi. Yo‘l egri-bugri bo‘lgani sababli tezlikni oshirib bo‘lmas, shundan Farangisning xayolida Jobirbek uni quvlab yetadigandek edi. Damo-dam orqasiga o‘girilib qarayverganidan, mashina bir-ikki marta yo‘ldan chiqib ketdi ham. Katta yo‘lga chiqib olgach esa, yengil tin oldi. Xavf bartaraf bo‘lgandek edi go‘yo. «Ammo... Jobirbek bugun bo‘lmasa ertaga uni izlab topadi-ku! Bu qonxo‘r meni ham endi omon qo‘ymaydi!». Uni hozirgina bir muddatga tark etgan vahimali o‘ylar yana qayta bezovta qila boshladi. Uzoqdan ikki viloyat chegarasida joylashgan militsiya posti ko‘zga tashlandi.
– Aytaman! Hoziroq postda to‘xtaymanu, Jobirbekning qotilligi haqida ma’lumot beraman! Mayli, uni bir oz chuv tushirganim uchun jazo berishsa ham roziman. Harqalay, nom-nishonsiz o‘lib ketgandan ko‘ra – shunisi durust! 
Farangisning qarori qat’iy edi. Agar ayni shu damda sumkachasidagi qo‘l telefoni jiringlab qolmaganida yoki telefonga javob bermaslik haqidagi dastlabki fikrda qolganida edi, u bir necha daqidadan so‘ng o‘zi mansub bo‘lgan jinoiy guruhni o‘zi bilmagan holda fosh qilib qo‘yishi turgan gap edi. 
– Allo, Farangis! Nima jin urdi seni? Nega mashinani obketib qolding?
Farangis quloqlariga ishonmadi. Erining ovozi. Demak, tirik qopti-da! 
– Siz tirikmisiz? Yaralanmadingizmi? Ana u qonxo‘r qani?
– Qaysi qonxo‘r? Shosalimmi? 
Qilichning xotini bilan kechayotgan be’mani muloqoti shu joyda Shosalimning toqatini toq qildi. U sherigining qo‘lidan telefonni yulqib oldi-da, unga yeb qo‘ygudek bo‘lib tikilgancha, qattiq-qattiq gapira boshladi:
– Farangis, qaerdasan?.. Mayli, nega ketib qolding?.. Yo‘q, qaytishingga hojat yo‘q. Toshkentga ketaver! Yo‘ldan ehtiyot bo‘lsang – bas! 
Shosalim gapini tugatgach Jobirbekning yuztuban yotgan jasadiga qarab bir pas tek qotdi.
– Mashinangizda belkurak bormi? – Qilich Shosalimni hushiga keltirdi. – Tezroq ko‘mib qutulaylik!
Shosalim yuzini Shunqorga o‘girdi. Uning qarashidagi ma’noni Shunqor darhol uqdi. Shundan:
– Yorug‘roq joy kerak! Bor-yo‘g‘i yarim soatda nimtalab tashlayman! – dedi.
Shundan so‘ng uchovlon o‘likni Shosalimning mashinasiga ko‘tarib borishdi. Uni yukxonaga joylashtirib, mashinani qishloqqqa qarab haydashdi. To‘g‘ri Shosalimning uyiga borishdi. Hovli burchagidagi kichkina hujrada Shunqor mahorat bilan jasadni bo‘lak-bo‘lak qilib maydaladi. Qilich nimta-nimta qilingan Jobirbekning tanasini klyonkaga o‘rab mahkam bog‘lab turdi. Jarayonni tashqarida kuzatib turgan Shosalim, xotinining ayvonga chiqqanini ko‘rib, hamrohlariga nimadir dedi. Keyin, agar Salima xujra tomonga qarab yurgudek bo‘lsa, uning yo‘lini kesib chiqishga shaylanib turdi. Ammo xotini ayvonda bir pas turdi-da, qaytib uyga kirib ketdi. 
– Xayriyat! 
Shosalim joyidan jilmadi. Sheriklari nimtalangan jasadni mashinaga joylashtirib qaytgach, xujrani ko‘zdan kechirdi. Qon izlarini yo‘qotishdi. Endi ketsa ham bo‘lardi-yu, Shosalimning yodiga yana nimadir tushdi. Shunqorga allaqanday yumush buyurdi. U nariroqdagi katakka tomon ketdi. Bir ozdan so‘ng, qorong‘ulik qo‘ynidan qo‘lida ikkita bo‘g‘izlangan quyon bilan chiqib keldi u... 
Shu kech tongga qadar qotillar rosa ter to‘kishdi. Jasadni to‘qayzorning turli joylariga ko‘mib chiqishdi. Tong endi-endi oqara boshlagan mahal O‘ta merganning eshigi oldida mashina kelib to‘xtadi. Uyqusizlikdan ko‘zlari shishinqiragan Shosalim gandiraklagancha mashinadan tushdi. Miltiq va o‘ljadan ulush sifatida olib kelgan ikkita quyonni merganga berib, xayr-xo‘shlashib chiqqach, mashinaning orqa o‘rindig‘iga og‘ir cho‘karkan, Qilichga buyurdi:
– Shahardagi uyga hayda!.. 

54

Nargiz tong chog‘i ko‘cha eshik qo‘ng‘irog‘ining vahimali jiringlashidan uyg‘onib ketdi: «Kim bo‘ldi bu? Shosalimmi? Axir kelishidan oldin qo‘ng‘iroq qilib ogohlantirardi-ku?» U ana shunday kechinmalar og‘ushida turib kiyindi. Ikki tavaqali katta darvozaning tuynugidan qarab mashina pochchasiniki ekanini ko‘rib yana hayron bo‘ldi. Eshikni ochib tashqariga mo‘raladi. Rulda opasi o‘tirganidan taajjublandi. Keyin mashinani ichkariga kiritsin uchun darvozani lang ochdi.
– Tinchlikmi, opa! Rang-ro‘yingiz bir holda? Nima bo‘ldi sizga?
Farangis javob berish o‘rniga yig‘lab yubordi. Nargiz yelkalari titrab, o‘ksib-o‘ksib yig‘layotgan opasini bir zum o‘z holiga qo‘yib berdi. Yetaklab uyiga obkirdi. Mehmonxonadagi uzunchoq stolda har xil shisha idishlar guldasta tarzida terilib turar, fujerlar qantarilib qo‘yilgandi. Nargiz shishalardan birining og‘zini burab ochdi. Gazi ko‘p ekan, vishillagan tovush chiqdi. Shu dam gaz suvning pufakchalari yuzlariga sachradi. Suvning muzdekkina ekanidanmi yoki bu holat boshqa bir shunga o‘xshash voqeani yodiga soldimi, to‘yqus seskanib ketdi u... 
O‘shanda ham shunday bo‘lgandi. Shunqor bilan uning bir xonali kvartirasida xufyona uchrashib, ayshu ishrat qilib yurishardi. Ikkalasining ham bir-biriga nisbatan hech qanday majburiyati yo‘q edi. Nargiz boy-badavlat xonadonning kelini: yegani oldida, yemagani ortida. Istagan narsasi muhayyo. Faqat havas qilsa arzigulik hayotining birgina kemtigi bor edi. Bu kemtikni ham mana shu Shunqor berkitib kelmoqda edi.
Nargiz Shunqordan ko‘ra aqlliroq, tadbirli va ishratga o‘ch. U o‘ynashi qo‘yniga kirgan kezlari uning jonini sug‘urib olardi. Eri bilan kechgan sovuq tunlarning hissasini chiqarmoqchi bo‘lardi chamasi. Qizig‘i shunda ediki, Shunqor bu kabi poygadan shalvirab qolmasdi. Marraga yetib kelgach, bir oz tin olgan bo‘lardi-yu, yana tulporini maydonga solardi. Nargizning serqichiq qiliqlari, baliqniki singari chiroyli tanasining to‘lg‘onishlari – ayniqsa qo‘shilishning eng avj nuqtalarida chinqirib yuborishlari jazmaniga nainki huzur, balki yana ham kuch bag‘ishlardi. U o‘zini erkaklarning erkagi deb hisoblar, chunki kunduzgi ishqiy sarguzashtlari kechasi xotinining to‘shagidan uzoqlashtirmasdi. Erlik burchini ham ortig‘i bilan ado etib kelmoqda edi. 
Bir gal ikkisi gap talashib qolishdi. Kelishmovchilikka Shunqorning kontsertga ikkita bilet sotib olgani-yu, Nargizning yo‘q, deyishiga qaramay, birga tushmoqchi ekanini aytib oyoq tirab olgani sabab bo‘ldi.
– Bilaman, sen uchun men oddiy bir erkakman, – azbaroyi achchiqlanib yozg‘irdi Shunqor. Keyin fikrini yanayam oydinroq ifodalamoqchi bo‘ldimi, u yoq bu yoqqa alanglay boshladi. – Mana bu televizor yoki mana bu dazmolga o‘xshash buyumman. Ko‘ngling tusagan payti foydalanasan... birga tushlik qilishdan hadiksiraysan. Jamoat ichida yonma-yon yurishdan cho‘chiysan. Endi bildim, sen mandan or qilasan!..
Nargiz Shunqorning shubhasi asossiz ekanidan kuldi – boshini uning yelkasiga qo‘ydi:
– Unday emas, Shunqorim! boshimda erim bor ekanini unutmang.
– Ajrash bo‘lmasa! 
– Jazmanlik evazigami? Aslo! 
– Kerak bo‘lsa uylanarman ham... 
– Yo‘q! Unda uchrashuvlarimiz bu qadar maroqli bo‘lmay qoladi.
– Nega? 
– Negami? O‘rtaga manfaat aralashadi. Zimmaga majburiyat tushadi. Gap-so‘z ko‘payadi. Menga qolsa munosabatlarimiz shu taxlit davom etgani ma’qul.
– Shunday: hissiz... sevgisiz!..
Nargiz avval boshda erkaklik g‘ururi junbushga kelib, rosa sapchigan jazmani asta-asta hovuridan tushib borayotganini payqadi. Shuning uchun mavzuga shu o‘rinda birato‘la nuqta qo‘ydi.
– Jonim! Birovga ko‘z-ko‘z qilish uchun sevilmaydi. Agar sizni yoqtirmasam... – Nargiz tiliga qalqib chiqqan ohangdosh – bir uyat so‘zni zo‘rg‘a tishlab qoldi. O‘rtada begona kishi bo‘lmasa ham bu so‘zni ovoz chiqarib ayta olmadi. Shundan, o‘ynashining qulog‘iga egilib asta shivirladi, – boqtirmasdim ham!
Shunqor do‘ppini olib qo‘yib, yaxshilab o‘ylab ko‘rsa bir jihati shunisi durust bo‘lib chiqdi. Topish-tutishi haminqadar. Harqalay, Nargizning eridagi imkoniyat unda yo‘q. Shunday bo‘lgach, ko‘rpasiga qarab oyoq uzatgani ma’qul. Boshqa odam bo‘lganida Nargizga o‘xshagan juvonni o‘ynatish uchun qanchadan-qancha pul sarflardi. Shukr qilish kerak!

55

Xufiya uchrashuv joyida ularni Sotimboy kutib turganidan bexabar ikki zinokor, har galgidek belgilangan vaqtda visolga oshiqishardi. Nargiz bir muddat ilgariroq keldi. Kaliti bilan eshikni ocharkan, ortidan bir juft ko‘z uni kuzatib turgandek bo‘lib tuyuldi. O‘girilib, hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, shosha-pisha o‘zini ichkariga urdi.
Oradan o‘n daqiqalar o‘tib eshik oldida Shunqor paydo bo‘ldi. Eshik ichkaridan ildirilgani bois, kalitni qaytib cho‘ntagiga soldi-da, qo‘ng‘iroq tugmachasini bosdi. Sotimboy ham shu lahza qo‘lidagi mitti videokamerani ishga qo‘shdi. Bir oylik tanafusdan so‘ng visolga oshiqib turgan ayg‘irning sabrsizlik bilan yer tepinib turishi-yu, har qanday ehtiyotkorlikni unutib ostonadayoq ayg‘iriga suykalana boshlagan yoldor biyaning holati magnit lentasiga muhrlandi. Sotimboyga orani ochiq qilishi uchun shuning o‘zi kifoya edi. Ammo zinadan tusha turib, eshik ochiq qolganini ko‘rib to‘xtadi. Ichkarida o‘zi uchun noxush bir vaziyatga duch kelishini bilsa ham, o‘tib keta olmadi. Xotinini yana ham sharmandali bir holatda qo‘lga tushirish istagi tug‘ildi unda. Ichkariga kirib, eshik zanjirini ildirdi. Yotoqxonadan erkak bilan ayolning bab-barobar harsillashi eshitilib turardi. U qiya ochilib qolgan eshikni ohista surib kattaroq ochdi-da, kamerani ichkariga to‘g‘riladi. Sotimboy shu paytgacha xotiniga xiyonat qilgan odam emasdi. Savdogarlar oilasida o‘sib ulg‘aygan bu yigit pul topishni ham, uni nimalarga sarflashni ham yaxshi bilardi. Zinodan, mayxo‘rlikdan yiroq edi u. Hozir, shaytonning undovi bilan ichkariga kirgani uchun o‘zidan-o‘zi xafa bo‘lib ketdi. Xotinini bu alfozda uchrataman deb o‘ylamagandi. Ikki zinokorning qilib turgan ishi odam bolasining ishiga sira o‘xshamasdi. Faqat hayvonlargina shunday qo‘shilishadi. 
Shunqor tuflisini yechishga ham hafsala qilmagan, shimi ham dumbasining ustida, Nargizni kiyim-kechaklar dazmollanadigan taxtaga cho‘nqaytirib qo‘yib, xuddi masiqqan tuyadek murodini hosil qilmoqda edi. Sevgi o‘yini avj nuqtasiga chiqqandi. Nargiz nimadir demoqchi bo‘libmi, hirsdan ola-kula bo‘lib ketgan ko‘zini orqaga o‘girdi. O‘girdi-yu, dahshatdan baqirib yubordi. Uning chinqiriqlariga o‘rganib qolgan Shunqor esa, beparvo ishida davom etardi. Nargiz uni keti bilan itarib yuborganidagina, gap nimada ekanini payqadi. Sarosimalanib qolganidan nima qilarini bilmay turgan joyida qotib qoldi. Nimadir demoqchi edi, tili kalimaga kelmadi. 
– Sen... Sizlar jirkanchsizlar! – Alam va nafratini shu birgina so‘zda ifoda etdi Sotimboy. Keyin, hali shimini ko‘tarishga ulgurmagan, dag‘-dag‘ titrab turgan xotinining jazmaniga yuzlandi: – Do‘nqay!
– Nima? – hayrat va hadik bilan so‘rashga jur’at etdi Shunqor.
– Do‘nqay! Sen bilan hozirning o‘zida hisob-kitob qilaman! – Sotimboy chap qo‘li bilan shimining tugmalarini yecha boshladi.
“Bir hisobdan shunisi ma’qul!” – Shunqor, sarmoyador odamlar bilan o‘chakishib bo‘lmasligini yaxshi bilardi. Ayniqsa hozirgi raqibining «ko‘cha»ning shunqorlari bilan aloqasi borligini, ahyon-ahyon choyxonada o‘tadigan mahfillarda ishtirok etishini eshitgandi. Sotimboy kuch jihatdan raqibidan ojiz bo‘lsa ham, puli bilan Shunqorga o‘xshaganlarning yuztasiga bas kela oladi. Shunqor ayni shu lahzada yigitlik g‘ururini pesh qilib, Sotimboyning haqoratomuz ishorasiga boplab javob qaytarishi mumkin edi-yu, ammo ertasini o‘yladi. Oilasi, bolalari ko‘z oldiga keldi. Zinokor otaning kasriga ularning jabr ko‘rishlarini xohlamadi. U ikki o‘t orasida qolgandi: hozir Nargizning oldida o‘z sha’nini himoya qilib, oilasini xatarga soladi yoki Sotimboyning taklifiga bo‘ysunib, erkak sifatida jazmanining nazaridan qoladi. Shunqor xatarli yo‘ldan kechib, sharmandalisini tanladi. 
Sotimboy so‘qimdek yigitning muloyim ipakdek eshilib, cho‘nqayib ketini tutib turganini ko‘rib undan battar jirkanib ketdi. Tuflisining osti bilan uning oppoq dumbasiga turtdi:
– Tur-e, erkak bo‘lmay o‘l!
Shunqorning izzat-nafsi lat yedi. Bundan ko‘ra o‘sha sharmandali ishning ro‘y bergani ma’qul edi: ham sharmanda bo‘ldi, ham xatarda qoldi. U bir zum garangsib turdi, so‘ng sapchib o‘rnidan qo‘pdi. Ko‘ziga oilasi ham, Nargiz ham ko‘rinmadi. Videokamerani yulqib olmoq bo‘lib Sotimboyga tashlandi. 
– Ber bu yoqqa kamerani!..
Shoxlashayotgan ikkita ho‘kizning jangini bir chekkada onadan hozir tug‘ilgan qo‘zichoqdekkina bo‘lib kuzatib turgan Nargiz es-hushini batamom yo‘qotgan – shundan nima voqea sodir bo‘layapti-yu, kimning kim ekanini ham farqlamay qolgandi. Timdalashib-yumdalashayotgan erkak¬lardan tisarilib orti bilan dazmol stoliga urildi. Hushyor tortdi. Keyin qo‘liga og‘ir cho‘yan dazmolni oldi. Hozircha nima qilmoqchi ekanini bilmasa ham asta-asta oldga qarab siljiy boshladi. U orada kechgan shu fursat ichida juda ko‘p narsadan mosuvo bo‘lganini fahmladi. Uyatdan yashirinadigan joy, alamdan qutuladigan bir imkon axtardi. O‘zini shunday sharmandali ahvolga tushishiga sababchi bo‘lgan – mana bu ikki ho‘kiz ko‘ziga yomon ko‘rinib ketdi. Ikkalasini ham majaqlab, boshi oqqan tomonga ketishni xayol qildi. Og‘ir cho‘yan dazmolning zarbidan yuziga sachragan qon uni hushiga keltirdi. boshidan tizillab qon otilayotgan Sotimboyning qo‘llari ostidagi raqibining bo‘g‘zidan bo‘shaldi. Bir pas tek qotib turdi-da, so‘ng shilq etib yoniga ag‘darildi. Nargiz ohista chinqirib yubordi...
Farangis Nargiz piyolaga quyib bergan muzdekkina mineral suvdan ichib bir oz o‘zini bosib oldi. 
– Bilasanmi, Nargiz, nazarimda uni o‘ldirishdi!..
– Kimni? – Shosalimni o‘ylab sarosimalandi Nargiz.
– Jobirbekni! 
– Ha-a-a, shunga shunchami?! Eringizga qayg‘uryapsizmi debman.
– Namuncha, diydang tosh bo‘lmasa? Axir, endi hammamiz xavf ostidamiz. Endi... 
– Qo‘ysangiz-chi, opa! Rosa vahima qilasiz-da. Xavf bartaraf bo‘ldi, desangiz – mana bu boshqa gap!
– Qanday qilib?
– Hozir biz uchun Jobirbekning sirlarimizdan voqif bo‘lib qolgani eng katta xavf edi. Mana endi undan qutulibmiz. Endi... – Nargiz tiliga qalqib chiqqan keyingi jumlalarni aytmadi. Farangis opasi bo‘lsa ham Shosalimni undan olib qo‘ygani uchun, opaning singilda ozgina adovati bor edi. Shuning uchun gapni boshqa yoqqa burdi: – Endi siz ham tinch yashaysiz! Muxbir qiz niqobidagi kirdikorlaringiz fosh bo‘lishidan cho‘chimasangiz ham bo‘ladi. 
Nargiz ham Shosalim bilan tanishgungacha opasining u bilan kechirgan sarguzashtlarini og‘rinibgina hazm qilib kelardi. Garchi rashki mantiqsiz bo‘lsa ham Farangisni undan qizg‘anar edi. Shuning uchun ham opasining muhabbatini qozongan Jobirbekning o‘limidan zarracha ham qayg‘urmadi. Aksincha, endi mana bu koshonani o‘z nomiga o‘tkazishi, Sotimboyning o‘limi tufayli uzilib qolgan kayfu safo turmushini davom ettirishi mumkin... 
Nargiz bu kabi holatni boshidan kechirgan: qo‘li qonga bo‘yalgan juvon ekanini opasi qayoqdan bilsin! Sotimboyning jonsiz tanasidan qutulish uchun kechirgan damlarini-chi? Erining tanasini qism-qismlarga bo‘laklayotgan jazmanining yonida turib qarashib turgan chog‘dagi iztiroblari, qiyma-qiyma bo‘lgan odam vujudidan ko‘zi tinib yiqilganini opasi bilmaydi. O‘shandan beri go‘shtni ko‘rsa ko‘ngli ayniydi. Ko‘ngliga yaqin odami Shunqor bilan ham ortiq shakarguftorlik qila olmadi: bir-ikki unnab ko‘rishdi, ammo avvalgilarga o‘xshamadi. To‘shakka kirishdi deguncha, o‘sha voqealar dahshatidan Nargizning ustidan kimdir sovuq suv quygandek bo‘lar – tuyg‘ulari o‘chardi qolardi. 
Shunqor ham shu voqeadan keyin anchagina o‘ziga kela olmay yurdi. Halovati yo‘qoldi uning ham. Aytishicha, ketida Sotimboyning tuflisidan qolgan iz muhrlanib qolganek tuyular emish. Ko‘rinmaydigan joyda bo‘lsa ham, o‘tirib-turganida, odamlar ichida yurganida xuddiki hamma uning orqasiga qarayotgandek, noqulay sezar ekan o‘zini. Ikkisi ham munosabatlari ortiq bunday davom etishi mumkin emasligini fahmlashdi. Urush-janjalsiz, gina-kudratsiz bir-birlaridan uzoqlasha boshlashdi. Ayniqsa, Nargiz uchun bu ayriliq og‘ir kechdi. Erining hayhotdek koshonasidagi farovon hayotidan ajragani yetmagandek, jazmanining kulbasidagi mittigina shodlik ham unga nasib qilmadi. 
«Kimningdir o‘limi deb, o‘z huzur-halovatidan kechadigan ahmoq yo‘q!» Tosh sanamga aylangan Nargizning ko‘nglidan shu o‘y kechdi. Yomon gap, nojo‘ya fikr ilonni inidan, musulmonni dinidan chiqaradi, deganlari bor gap ekan. Farangis shu topda hissiz but-sanamga sig‘inib, najot istab o‘tirgan ma’jusiyga, Nargiz esa, ulkan bir tosh tanaga o‘xshardi. U opasining yozg‘irishlariga batamom nuqta qo‘ymoqchi bo‘ldimi yoki o‘zining mudhish qotilligini oqlamoqchimi, harqalay keskin bir harakat bilan o‘rnidan turdi:
– Bas! Odam o‘lish uchun tug‘iladi!..             

56

Jinoyatchi guruh ustidan olib borilgan tergov ishlari uzoqqa cho‘zilmadi. Fakt va dalillar yana bir karra o‘z tasdig‘ini topdi. Ish sudga oshirildi. Faqat Shunqor masalasida tergov ishlarining ko‘lami bir oz kengaydi. U avval ham toshkentlik bir savdogar yigitning izsiz yo‘qolishi munosabati bilan so‘roq bergandi. Ana shu yechimsiz qolib kelayotgan jinoyat bo‘yicha uning ustidan yana bir ish qo‘zg‘aldi. 
Shosalim hibsga olingan kuni bu voqea butun shaharga ovoza bo‘lib ketdi. Barchaning og‘zida bir gap: «Yopiray, Jobirbekni do‘sti o‘ldirgan ekan. Kim o‘ylabdi deysiz?!»
Birgina shu ma’lumot bekorchilikda safsata sotish uchun ozlik qilar edi. Shundan safsatago‘ylar qo‘shib-chatib o‘zlari to‘qigan taxminlarni so‘zlab yurishdi. Emishki, “Shosalim bilan Jobirbekning xotini don olishib yurgan emishlar. Ikkisi bir bo‘lib Jobirbekni o‘rtadan olib tashlash rejasini tuzgan emishlar. Shosalim bor-yo‘g‘i ijrochi, aslida bu ishlarning boshida xotini…”. 
Gulchehra «mish-mish»lar dastidan ko‘chaga ham chiqa olmay qoldi. Tergovga chaqirishgan chog‘lari g‘izillab prokuraturaga o‘tib kelar, boshqa paytlari uyiga qamalib olib, xonasidan tashqariga chiqmasdi. Bir gal otasi bilan erining jasadini ko‘rib, tasdiqlash uchun «morg»ga borib keldi. bir uyum suyakni ko‘rsatishdi – Jobirbek, deb. Hushidan ketib, yiqilib tushishiga oz qoldi. Atrofdagilar suyab qolishdi. O‘shandan beri uni hech kim ko‘rmadi. So‘zini eshitishmadi. Bolalarini ham hech qayoqqa chiqarmadi. Faqat Asqar aka ahyon-ahyon ul-bul bozor-o‘char tashlab ketar edi. Bir kuni kechki payt qaynotasining huzuriga o‘tdi:
– Dada, bunchalar toshbag‘ir bo‘lmasangiz! Biror nima deng axir! Odamlar men haqimda yolg‘on so‘zlaydilar. Men o‘g‘lingizga qarshi fitna qilmaganman – ishoning! Ammo... u kishining o‘limiga men ham aybdorman! Kaltabin keliningizni so‘king, uring – kechiring meni otajon! 
Yig‘lab-yolvorayotgan Gulchehra boshida qaynotasining qaltiroq qo‘llarini sezdi:
– Meni-chi? Meni kim so‘kib, kim urishadi?! O‘g‘illarimning zavoliga aslida eng katta aybdor – men-ku! Qodirbekning onasiga ortiqcha mehr bergan ekanman. Shu mehrning qurboni bo‘ldim. Bolalarimga balo-qazo yaqinlashtirmayman deb, o‘zimga ortiqcha bino qo‘ygan ekanman. Mana, jabrini tortayapman! Hech kimning boshiga farzand dog‘ini solmasin, tur, bolam, bolamning bolalarini o‘ksitma – Xudo seni yorlaqasin.
Otaning ko‘zlaridan duv-duv yosh oqdi. Gulchehra uchun bu kutilmagan hol edi. 
– Siz o‘g‘lingizni kechirdingizmi? Axir o‘likxonada... 
Ota bir nima demadi. Bir nuqtaga tikilgancha turib qoldi. Keyin yana o‘sha so‘zni takrorladi: «U mening o‘g‘lim emas! O‘likxonadagi jasad Jobirbek emas!».
Gulchehra bir zum kalovlanib qoldi. Tagdor qilib aytilgan so‘zning mag‘zini chaqqach, «yalt» etib otasiga o‘girildi.
– Ota... O‘g‘lim tirik demoqchimisiz? Bunga asos qani?
«Tanasi chirib ketgan ekan. Balki, vujud unikidir, ammo bosh chanog‘i... Uning jag‘ida yasama temir tish yo‘q edi...» – o‘yladi ota. Ammo dilidagini tiliga chiqarmadi
– Ota, sizga shunday tuyulgandir? Balki shundoq bo‘lishini xohlaganingiz uchun ham...
– Bilmadim! Bilmadim! Harqalay endi men o‘lgunimcha shu umidga tayanib yashayman. Sen esa... – so‘zini davom ettira olmadi. Ko‘zlari yana jiqqa yosh bilan to‘ldi. – Sen aza ochib, eringdan ajraganingni elga ma’lum qil.
Gulchehra shu bir himoga mahtal turgandi. Otasi aytgan achchiq haqiqat bo‘g‘zida tiqilib yotgan yig‘ini yetaklab chiqdi. U ho‘ngrab yig‘lab yubordi:
– Vo-o-o-o to‘ram, vo jo‘ram! Hay shoh Husan, ay alvido!...        

57

Akmal yaqin orada bu qadar miriqib uxlamagan edi. Ertalab tiniqib uyg‘ondi. Xotini, nonushta tayyorlayapti shekilli, oshxona tomondan uning yengilgina oyoq tovushlari eshitilib turardi. U turib kiyindi. Vannada yuz-qo‘lini yuvib artinarkan, ko‘zgudagi aksiga boqib bir fursat turib qoldi: “Oynaga qaramaganimga ham ancha bo‘libdi. Qanchadan-qancha odamlar bilan yuzma-yuz bo‘ldim. Quvonch va qayg‘ularini tinglab hamsuhbat bo‘libman-u, o‘zimga o‘zim qaramay qo‘ygan ekanman. Ahyon-ahyon ko‘zgu oldida turib, o‘z-o‘zing bilan suhbatlashsang yomon bo‘lmaydi”. Jobirbekni esladi. U ham keyingi paytlari ish deb, xizmatchilik deb oilasidan uzoqlashib borgan. Korxona atrofida kechayotgan qing‘ir ishlarni sezmagan. Ayniqsa Shosalimning kirdikorlarini payqamagan. Er-xotin yuzma-yuz o‘tirib dardlashmagan. Oqibati esa…
Akmal shu lahza xotini haqida o‘yladi. Munosabatlari avvalgidek iliq emasga o‘xshab tuyuldi. Bir paytlari xotinini uyqudan uyg‘ota olmay xunob bo‘lardi. O‘rnidan turib, uyqudan ko‘zlarini ocha olmay, to‘shakda mudrab o‘tirishlaridan zavqlanardi. Yoshgina qizaloqqa o‘xshab, «yana o-o-ozgina uxlab olay», deb yolvorishlarini xush ko‘rar, «shunday qilaversangiz siz bilan gaplashmay qo‘yaman», deb nozlanishlarini yoqtirar edi. Endi ahvol tamoman boshqacha. Ertalab qachon uyg‘onib, to‘shakdan qanday sirg‘alib chiqib ketishini ham sezmay qolyapti. «Yo mendan ko‘ngli sovudimikin?» Xayolida kechgan bu o‘ydan seskanib ketdi. 
Nonushta uchun tuzalgan stol ustiga oq doka yopib qo‘yilgan. Xotini balkonda, deraza oldida ko‘chaga qarab turardi. Arazlagandek orqasini o‘girib olgan. Bu holat Akmalning ko‘nglida g‘imirlay boshlagan mittigina shubhani tasdiqlagandek bo‘ldi.
Erining oyoq tovushini eshitib xotini unga tomon o‘girildi.
– Nonushta tayyor! Sizni kutayotgandim.
– Nonushtani qo‘ya tur. Bir pas mana shu joyda, sen bilan yonma-yon tursam degandim. Buni qara, kechagina qish edi. Endi mana, hamma yoq yashillikka burkanibdi.
– Ha, bu yil qish cho‘zilib ketdi.
Akmalga xotinining gapi ginaga o‘xshab tuyuldi. Qulog‘iga u: «bu safar ishingiz cho‘zilib ketdi» qabilida eshitildi. 
– Ha, qish ham, ish ham bir oz cho‘zildi. – Akmal xotinining yelkasidan quchib, bag‘riga tortdi. – Endi har qanday sharoitda ham seni yolg‘izlatib qo‘ymayman! 
Xotini uning pinjiga yana yaqinroq surildi. Bu hol Akmalga, boya ko‘zgu oldida ko‘nglidan kechgan andishalarini aytish imkonini berdi: «nazarimda, mendan qattiq ranjigan ko‘rinasan» deb yakunladi u gapini. Erining so‘zlariga jilmayibgina quloq tutgan Nilufar yoqimtoy chehrasini unga tomon o‘girdi.
– Munosabatlarimizdan ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin.
Akmal nonushta chog‘i o‘g‘lining o‘qishi, ro‘zg‘orning kam-ko‘sti bilan qiziqdi. Dam olish kuni oilaviy tog‘ sayriga chiqamiz deb va’da berdi. 
– Ungacha ish yakuniga yetadi. Bugun Xudo xohlasa, sud hukmi o‘qiladi. 
Kiyinib ishga otlanarkan, Akmal yo‘lakdagi oyna oldida yana bir zum to‘xtadi. Aksiga termulib qoldi. Sochining ikki tolasiga oq tushibdi – endi payqadi. 

58

Sudga kelgan odamlar zalga sig‘may ketdi. Jarayon uzoq davom etdi. Orqada tik turib qolganlar ham hukm o‘qilmaganga qadar tarqalishmadi. Jinoyat ishi bo‘yicha prokuror ayblov xulosasini o‘qib eshittirdi. Oqlovchi esa o‘z himoyasidagi kishilarning jinoyatlarini yumshatish uchun turli vaj va sabablarni ro‘kach qildi. Guvohlar bir-bir chaqirilib, ko‘rsatmalari tinglandi. Shu ish yuzasidan sudga guvoh sifatida taklif etilgan Nargiz Sotimboyga suiqasd qilganlikda ayblanib, sud zalida hibsga olindi. Jinoyatchilarni nazorat qilib turgan militsionerlar uni temir panjara bilan o‘ralgan aybdorlarning qora kursisiga o‘tkazib qo‘yishdi. U Shosalim, Shunqor va Qilichning ortida boshini quyi egib, mung‘ayib o‘tirgan opasi Farangis va sobiq dugonasi Sakinaning safidan joy oldi. 
Shu payt birinchi qatorda o‘tirgan keksa ayol chin¬qirib yubordi. U yolg‘izgina farzandining hajrida munkayib qolgan, erini tuproqqa topshirib bu hayotda na quvonch va na orzu-umidi qolmagan mushtipar ona – Sotimboyning volidasi edi. Sobiq kelini bo‘lmish Nargiz o‘g‘lining qotili bo‘lganini hozir bildi. Buni yuragi ko‘tara olmadi. Uni sud zalidan olib chiqib ketishdi. 
Nihoyat sud hukm oldidan maslahat uchun zalni tark etdi. Odamlar orasida shovur-shuvur kuchaydi. Barcha jinoyatga berilajak jazo haqida gapirardi. Quloqqa tez-tez bir jumla: «Otish kerak bu marazlarni» degan gap chalinardi. Hamma o‘zi bilan o‘zi ovora. Shundan hech kim Asqar aka kichkina qizchani ko‘tarib kirib kelganini ham, uni g‘amdan ado bo‘lib, dunyoga befarq bo‘lib qolgan Gulchehraning qo‘liga topshirib chiqib ketganini ham payqamadi.
Sud zaliga yosh bolalar kiritilmagani uchun Gulchehra uni mashinada haydovchining yonida qoldirgandi. «Oyimga boraman», deb xarxasha qilaverganidan, Asqar aka qizchani tanaffus payti oyisiga keltirib berishga majbur bo‘lgan edi. 
– Oyi! Oyi-j-on bu yeyda nima bo‘layapti, konseytmi?– qizchasining silkilashlaridan Gulchehra hushyor tortdi. – Oyi, nimaga dadam keymadiya? U kishi kanseyt ko‘ymaydiyaymi?
Gulchehra qizi tashqarida Asqar akani rosa qiy¬naganini fahmladi. Qo‘lida shokolad paydo bo‘libdi. Hoynahoy, ovunsin deb Asqar aka olib bergan.
– Dadang kelmaydilar, qizim! – Uni yo o‘zini yupatmoqchi bo‘lib so‘zladi Gulchehra, – Dadangni ana u odam yashirib qo‘ygan. Bizga qaytarib bermayapti!
Qizaloq oyisi ko‘rsatgan tomonga o‘girilib qaradi. «Iye, Shosalim amakisi-ku?!» Bir zum o‘sha tomonga tikilib qoldi. Ehtimol murg‘akkina tasavvurida o‘tgan ayrim voqealar jonlangandir?
O‘shanda, Shosalim har gal dadasi bilan ketarkan: “Endi men dadangni olib ketaman, maylimi”, deb so‘rardi. Qizaloq yo‘q deb dadasining oyoqlarini quchib olar, Shosalim amakisi evaziga shokolad bergach esa unga ruxsat etgan bo‘lardi. Shundanmi, Gulhayo oyisining qo‘lida tipirchilab, kutilmaganda baland ovozda: «Shosam amaki, Shosam amaki» deb unga tomon talpindi. Zal birdan tinchib hammaning nigohi Jobirbekning bevasi o‘tirgan kursiga qadaldi.
– Uni amakim, dema, qizalog‘im. Hatto allakim ham dema, u allanima, allambalo!..
Gulhayo oyisining gaplariga tushunmadi. Tipirchilab uning quchog‘idan sirg‘alib tushdi-da, aybdorlar o‘tirgan tomonga chopqilladi. Yaqin borgach, konvoylardan cho‘chidimi yoki temir to‘siqdan o‘ta olmasligini payqadimi, sal berida taqa-taq to‘xtadi: 
– Shosam amaki, – dedi u yalinchoq bir ohangda, – siz dadamni yashiyib qo‘ydiyizmi? Dadamni topib beying – mana shijga shakayad beyaymi?
Qizaloqning kutilmagan bu chiqishi yuraklarni o‘rtagudek edi. Odamlar ichida o‘tirgan toshkentlik amaki – sanatoriya bog‘boni o‘zini tuta olmadi. Uning so‘zlari Shosalimga tikilgan barcha ko‘zlarning, yuraklardagi barcha so‘zlarning hukmi bo‘lib yangradi: 
– He oyingni sen palidni! – alam va iztirobdan andishani unutib bo‘kirib yubordi u. – Uying kuysin, qiztaloq, uying kuysin! Endi hamma bolasining do‘stidan shubhalanadi-ku, maraz! Sening bolalaring bilan endi kim oshnachilik qiladi?! Endi qanday bosh ko‘tarib yurasan-a?! – Amaki tutaqqanidanmi yoki nafasi yetmadimi, bir zum jim qoldi-da, so‘ng Akmal daftariga ko‘chirib yozgan «Rom»ning chatilgani bois tiklanmagan harfini ifoda eguvchi so‘zni aytdi: – Qora quzg‘un!..

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.