OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

G‘affor Hotamov. Ota (hikoya)

Aslida men moddiyunchiman. Alloh taologa shak keltirgan joyim yo‘q, ammo... Bilasizmi, esimni tanigach, kechgan umrim Rusiyada o‘tgan. Shu bepoyon mamlakatda avval nomzodlik, keyin doktorlik ishimni himoya qildim. Ilmiy rahbarim ko‘p ma’rifatli olim edi, qatag‘on zulmining borki sitamini boshidan kechirgan, bu ham yetmaganday aksilirsiyatchi Litsenkoga qarshi chiqqan va yana qamalgan, xullas, turma ikkinchi uyiga aylangan...
Ko‘rguliklar ko‘ngliga g‘ubor solmagan shu kishining hasratlarini tinglab o‘tirib, goho «Ey, qodir egam, agar sen bor bo‘lsang, bir devonai mashrabning boshiga shuncha kulfat solarmiding?!», degan paytlarim bo‘lgan. Ammo bu — boshqa masala. O’sha kuni — sizga qanday tushuntirsam ekan — bir hujjat to‘g‘rilash kerak edi, kun bo‘yi bo‘zchining mokisiday idorama-idora yugurib, sillam qurib uyga qaytdim. Ko‘nglim g‘ash, ham buning ustiga yomg‘ir sevalab o‘tgan bo‘lsa-da, havo tund, irkit bulutlar qalashib yotar, xullas, yurakni ezib yuboradigan qandaydir alamangiz shom edi.
Uyga kirib chiroqni yokdim, lekin ko‘nglim yorishmadi. O’zimni juda yolg‘iz ham notavon his etdim, go‘yo hozir bir kori hol sodir bo‘ladigandek, odatda uncha e’tibor qilmaydigan qizchamga ko‘zim tushib qolsa, yuragim to‘lib ketadi deng.
Ora-sira kishida shunday holat bo‘lib turadi, shekilli?
Axir, olim degan nomim bor. Ilm, irsiyat deb bo‘g‘iq laboratoriyalarda umrni o‘tkazdim, ammo oyoq ostidan bir «tashvish» chiqib qolsa, bolalarimning kuniga yaraydigan hech vaqo orttira olmadim. Nima, men yashashga noqobilmanmi? Topganim nega tirikchiliqdan ortmaydi? Odamlar qayoqdan topadi? Orttiradi? Qo‘sha-qo‘sha uylar soladi? Buning uchun olchoq bo‘lish kerakmi? Qanday qilib yo‘qni yo‘ndirsa bo‘ladi? Bolalar bo‘y yetib qoldi, birini uzatish, boshqa birini uylantirish, uyli-joyli qilish kerak. Ammo qanday qilib?..
Bo‘g‘iq ovoz meni seskantirib yubordi. Savilqolgur telefon shundoq biqinimda turgan ekan, faryod solgan kabi shunday zorlandiki...
...Vahmidan yuragim uvishib ketdi.
— Allo-o?
— Aka, yaxshimisiz? Uydagilar tinchmi? Yangam, singillar...
Ukamning tovushi qandaydir shikasta, hayajon shunday silqib turar edi. Yuragim battar hapqirdi. U yo‘taldi. Otam anchadan buyon dardga chalinib yurgan edi, shu mening xayolimdan o‘tdi, har xil o‘ylarga borib, hayajondan bo‘g‘ilgancha:
— Tinchlikmi? — deya so‘radim.
U bo‘lsa tag‘in yo‘taldi, so‘ng atay shunday qilayotgani sezilib turgan ohangda:
— Tinchlik, tinchlik, — dedi vazminlik bilan cho‘zib. — Shu-u... — yana uning nafasi ichiga tushib ketdi.
— Nima gap? Tinchlikmi o‘zi?
— Otam sizni so‘rayotgan edilar. 
«Aytgan edim-a!» Muqarrar boshimga tushadigan yuk butun salobati bilan bosib kela boshladi. Boyagi charchog‘u tashvishlar unut bo‘la boshlagan edi, garchi takdirga tan bergan bo‘lsam-da:
— Tuzukmi o‘zlari? — deya so‘radim. Va shu lahzaning o‘zida bunga hojat yo‘qligini his etdim.
— Tuzuk, tuzuk. Kasalxonada. Shu-u...
— Men hozir yo‘lga chiqaman.
— Uydagilar yaxshimi, ishqilib?
Noxush xabarni yetkazgan odam o‘zini aybdorday his qiladi. Shunday holatga tushganligi uchun ham u nima deyarini bilmay ko‘ngil so‘rayotgani kunday ravshan edi.
Indamay go‘shakni joyiga qo‘ydim.
O’zimni taqdir suroniga topshirib bo‘lgan edim, uning oqimiga itoatan o‘rnimdan turdim-da, shosha-pisha soatga qaradim. Sakkiz. Poezd jo‘nashiga yana bir soatcha vaqt bor.
Hayotda shunday damlar bo‘ladiki, o‘zing bilan o‘zing bo‘lib, na yurgan yo‘ling, na ko‘rgan-bilganing yodda qoladi. Poezdda ketyapman-u, qani endi o‘zimni qo‘lga olishga kuchim yetsa. Borib, qanday ko‘rgulikning ustidan chiqar ekanman? Chindan ham otam kasalxonadami yoki?.. Har qalay, tuzuk bo‘lmadi. Og‘ir yotganligini bila turib, bir ko‘ngil so‘ray olmadim. Qishloqdagilar-ku, mayli, hatto otamning o‘zi ham meni badavlat, agar qo‘lini uzatsa, istagan joyiga yetadi, deb o‘ylaydi. Kim qachonlardan buyon poytaxtga olib kelishimni, shu sohaning piri bo‘lgan mutaxassislarga ko‘rsatishimni kutib yotibdi. Lekin men hatto til uchida shunday qilay deya olmadim, royish bildirib, «xo‘p» deb qolsa agar, uyalib qolaman deb cho‘chidim. Sizga yolg‘on, o‘zimga chin: shu tashvishni ko‘tara oladigan holim yo‘q edi. Mana, endi, xudo ko‘rsatmasin, biron gap bo‘lsa, el-yurtning malomatiga qolishim aniq. Garchi yuzimga aytishmasa-da, «o‘rgildim sening olimligingdan!..» deya ichida ta’na qiladiganlar yo‘q emas.
Mendan oyim ham xafa bo‘lsa kerak. E, tavba! Qanday qilib ularga «nomim ulug‘ bo‘lsayam, qo‘lim kalta» deya olaman? Shu gapga birov ishonadi deb o‘ylaysizmi?!
Hali qaytib kelgach, taomilga ko‘ra ma’rakasini o‘tkazish — dasturxon yozib yurtga bildirish kerak. Uyda esa sariq chaqa yo‘q. E, xudo!..
Kimga borib dod deysan, axir, Qayoqqa borasan o‘zingdan qochib?!.
Shunday ahvolga tushib qolmay deb odamzod o‘zini o‘tga, suvga, to‘rt tomonga urar ekan-da?!
Bilmayman — qachon ko‘zim ilingan, bir mahal allakim turtganday bo‘ldi, ko‘zimni ochdim, qarasam, diplomatni tizzamga qo‘yib, kupe burchagida omonatgina o‘tiribman.
— Yetib keddingiz,— dedi vagonog‘a horg‘in tovushda.
Temir zinalarni bir-bir bosib perronga tushdim. Havo muzday ekan, uyqum tamomi o‘chib ketdi.
Osmonning kunchiqar tarafi xiyol yorishgan, ko‘k yuzida uvada bulutlar suzib yurar, unda-bunda esa oyna sinig‘iday yalt-yult etib yulduzlar ko‘zga tashlanar edi.
Kechagiga nisbatan havo picha yumshagan, namxush yo‘laklar, yomg‘irda chayilgan yaprokdar ko‘ngilga taskin bag‘ishlar edi.
Vokzalda biron-bir tanishni uchratmagach, sekin ko‘chaga chikdim. Taqdirga tan bergan kishigina shunday xotirjamlik tuyishi mumkin. Favqulodda sokin ko‘chani bir-bir bosib o‘tdim-da, shifoxonaga eltuvchi yo‘lga burildim. Har holda, shu yerda deyishgan edi-ku menga. Biron kori hol ro‘y bergan bo‘lsa, kutib olish uchun, albatta, kimdir chiqqan bo‘lar edi.
Shifoxona darvozasining rangi o‘chgan, mayishgan bir tavaqasi qiya ochiq edi. Ichkari kirdim, devoru imoratlar xiyla cho‘kib qolganday bo‘lib tuyuldi menga.
Xiyobon oralab ketgan torgina yo‘lak bo‘ylab yurilsa, dov-daraxt orasidan oqarib ko‘rinayotgan pastqam binoga. olib borar edi. Otam chindan ham shu yerda, yurak kasalliklari bo‘limida yotgan ekan, ukamning aytishicha, infarkka duchor bo‘libdi u.
Qishloqqa o‘tmay, to‘g‘ri shu yerga kelishimni oldindan bilganday ukam dahlizga chiqib turgan ekan. Meni ko‘rib, horg‘in chehrasida achinishmi, har qalay, ko‘ngli bo‘shab ketganligini oshkor etuvchi bir ifoda aks etdi.
— Keling, aka, sizga sezdirmay qo‘ya qolaylik, degan edim, bo‘lmadi. Yetti kundan buyon na ko‘zini ochadi, na tuz totadi. Og‘ziga suv tomizib o‘tiribmiz...
— Nima, kecha xiyla og‘irlashdimi? — deya so‘radim jonsaraklik bilan.
— Ha. Shu...
Shosha-pisha u qo‘l uchida ishora qilgan eshikni ochib, ichkari kirdim. Bir o‘rindiq arang sig‘adigan torgina bo‘lma. Sho‘rlik otam o‘ng biqiniga yonboshla-gancha bulk etmay yotar, bir siqimgina bo‘lib qolgan edi u.
Ukam odob yuzasidan: «Siz yo‘l yurib kelgansiz, hozir uyga boring, picha dam oling, ertalab gaplasharmiz, aka», dedi. Biroq men unamadim, «Yaxshisi, sen bor, damingni ol, axir, men ham bir farzandman-ku, otamning bosh uchida picha o‘tiray», dedim. U ketgach, oqish kursini oldim-da, o‘tirdim.
Go‘yo tegirmon toshi yelkamdan bosib turar edi.
Mana, otam — dunyoga kelishimga sababchi bo‘lgan, oq yuvib, oq taragan, papalab o‘stirgan otam...
Tuyg‘ularning tabiatiga tushunish qiyin, garchi volidai muhtaramang, padari buzrukvoring seni deb jonidan kechsa-da, ko‘zlari yo‘lingda nigoron bo‘lsa-da, farzandingchalik joning achishmaydi ularga. Ehtimol, hayotning abadiyligini ta’minlovchi sinoat shundadir. Mana, otam, u haqda jiddiyroq o‘ylab ko‘rsin debmi, hayot nihoyat meni unga ro‘baro‘ qildi: u bir siqimgina bo‘lib shundoq mening qarshimda, to‘shakda mixlanib yotibdi, lablaridan qon qochgan, za’faron yuzlarida og‘riq izimi yoxud bir nimadan norozilikmi... toshday qotgan.
Men endi esimni tanigan paytlarda u kishi «Ij-yupiter» mototsiklini minib, tong bo‘zarmay ishga ketar edi. Qay mahal ishdan qaytishini bilmasdik ham. Faqat bozor kunlarigina toklarning tagini yumshatayotganida, beda g‘aramlayotganida ko‘rib qolar edik. Keyin — men picha ulg‘aygach, shirin uyqumni buzib salqin saharda uyg‘otishlari yodimda qolgan. Ota-bola junjikib yotgan dalani kesib o‘tib, tutzorga borib ipak qurti uchun barg kesar edik. Maktabga jo‘nash vaqti bo‘lgunga qadar otam bir-ikki tutni kallaklar, men esa uzun-uzun shoxlarni oldimga o‘ngarib, eshakda uyga tashir edim. Eshakda mulgib kelar ekanman, maktabga o‘tib ketayotgan beg‘am, betashvish bolalarga shunday havasim kelar ediki, shunday havasim kelar ediki...
Hayot bir marta imkon bergan menga, u ham bo‘lsa— o‘qish. Shunda qanday bo‘lmasin, albatta, institutga kiraman, tirikchilik tashvishi bosh ustingda tegirmon toshiday aylanadigan bu muhitdan sitilib chiqib ketaman, deb ko‘nglimga tukkanman. Shaharga kelgach, kirish imtihonlaridan o‘tdim, ammo mandatda ilinishga ko‘zim yetmadi. Shunda bir imdod tilab, otamga telegramma jo‘natdim. Yodimda, o‘shanda u biz ijarada turadigan xilvat kulbani topib kelgan, tag‘in sigirni sotib, pulini belboqqa tutib olibdi. Egasiga topib beraman shuni, nima bo‘lsa ham sen o‘qishga kir, deb rosa sarson bo‘lgan. Axiyri, so‘rib tashlangan uzumday shalvirab qishloqqa qaytgan. O’shanda kuzatib qo‘yay deb vokzalga chiqib borgan edim, otam sho‘rlik perronda turibdi-yu, xuddi hozirgidek bir hovuchgina bo‘lib qolgan, bir ayb ish qilib qo‘ygan kabi sira ko‘zimga qaray olmaydi, nihoyat, poezdning jo‘nashi ma’lum qilindi, shunda u ters burilib nari ketdi. Otamning boshqa birovlar kabi uddaburon emasligidan yozg‘irib turganimda g‘ijim dastro‘molini chiqarib, ko‘z yoshini artganini ilg‘ab qolganman...
Keyin — nomzodlik ishimni himoya qilgan kunim garchi qarzga botib bo‘lsa-da, qo‘y yetaklab, ikki yashik ichimlik olib ukam bilan kirib kelgan: kelin tushirganida bo‘sag‘aga dovur sochqi sochib borgan... so‘ng bor shaharga tushganida «dahlizing yalang‘och ekan-ku, bolam», deya chiqib, to‘shang‘ich olib kelgan, shular bir-bir xayolimdan kechdi.
Men esa u kishiga hatto gugurt cho‘pi olib berishga ham jazm qilmaganman, loaqal ko‘ngli uchun...
Shu tobda dil-dildan iqror edimki, gap pulda emas. Shuncha ma’raka-mavrid o‘tayapti. Biznikida o‘tmasdan qolmas. Xudoga shukr, beshta ukam bor, ular bir tomonini ko‘taradi, qarindosh-urug‘, ovul-hamsoya deganday, ammo... nega biz bunchalar quntsizmiz? Diydamiz qotib ketgan? Nega?
E, xudo, nechun bandalaringni bunchalar turfa yaratgansan? Dunyoga kelib, shu odam nima yorug‘lik ko‘rdi o‘zi? Bizning tashvishlardan ortib, qishloqdan ikki qadam nariga chiqdimi sira? Istirohat qildimi, axir? Boyoqishning qo‘lini nega buncha kalta yaratding va yana nega meni bu tang ko‘yibadga giriftor etding? «Axir, katta o‘g‘lim shunday olim bo‘lsa, birovdan kam joyi bo‘lmasa, meni — o‘z otasini poytaxtga eltib, do‘xtirlarga ko‘rsatmadi-ya, loaqal bir marta davolatmadi-ya!» degan armonda ketmaydimi endi, ey, xudo?!
Munchalar tangu tor etmasang?! Sendan nima ketdi, axir, tag‘in to‘rt kunlik umr bersang-chi shu ban-dangga, jinday halovat tuysin, nabiralarining huzurini ko‘rsin, ey, qodir egam!..
Otam daf’atan chap ko‘zini ochdi, so‘ng o‘ng kipriklari ham sekin ajraldilar va, u nihoyat, ko‘zlarini ochib, hayron bo‘lgan, tanishga qiynalayotgan kabi chi-mirilib menga termuldi.
— Abduxoliq?! O’g‘lim, keldingmi?!
Noqulay ahvolda uzoq yotib qolgan kishiday imh-imhlab sekin o‘rnidan qo‘zg‘aldi, «siz qimir etmang, ota, men hozir...» deya qilgan iltijoyimga ham qaramay to‘shakdan turdi-da, meni bag‘riga oldi.
Bir-birimizga suyanishib dahlizga chiqdik.
— «Ey, qodir egam, o‘zingga shukr»— deya hamd aytar, ko‘z yoshlarim yuzimni kuydirib yuvib tushar edi.
— Ota, — dedim men nihoyat bo‘g‘zimga tiqilgan yig‘ini yutib. — Atay sizni olib ketgani keldim.
Toshkentda kuchli do‘xtirlar bor, agar, xo‘p desangiz sizni olib borib ularga ko‘rsataman, o‘zlari davolashadi.
Niyatimni anglab yetmaganday otam menga picha hayron qarab turdi, so‘ng:
— E, bolam! — dedi horg‘in va holsiz ovozda. — Nimaniyam bilar eding sen? Do‘xtiring u deydi, bu deydi, nina sanchadi. Ular jonimni qiynab sanchgan ninasi sening bir diydoringchalik bo‘larmidi, axir?!
Daf’atan nima deyarimni bilmay qoldim. Tag‘in har xil o‘yu andisha xayolimni band etdi.
— Qishloqdagilar aytmaydimi, axir, «Otasini munday do‘xtirlarga ko‘rsatmadi ham», deb?..
«Qo‘yaver» degan kabi otam behol qo‘l siltadi. Keyin juda past, juda xasta ovozda:
— Endi obkirib meni yotqiz, — dedi, — charchadim. O’zing qishloqqa bor, bir ulov top, keyin kelib meni bu yerdan olib ket. Do‘xtirxonada nima bor, bolam? Kunim bitgan bo‘lsa, uyimda — nevaralarimning oldida — odamga o‘xshab munda-ay oyog‘imni uzati-ib o‘lay...
Juda g‘alati holatga tushib qolgan edim. Bir do‘stimning deputatlikka nomzodi qo‘yilganidagi mojarolar xayolimdan kechdi, o‘shanda u rost gap aytib, hech kimning ishonchiga kira olmagan, keyin qarsillatib katta-katta va’dalar bergan, «shunda odamlarning hovliqishini ko‘rsang, — degan edi u. — Aslida ularga shu kerak!» Otam-ku bo‘ladigan gapni aytdi, lekin men shu tobda odamlarning ko‘zicha, «poytaxtga olib ketaman!» deb ancha-muncha tixirlik qilsam bo‘lar edi, ammo bunga jur’at sezmadim...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.