OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

G‘affor Hotamov. Taqdir ajoyibotlari (badia)

Oydin sonata

Rabbim, bandalaring bunchalar senga, zamindagi va ko‘kdagi nurga, oydinlikka talpinib yashaydi?!
Shu mushtoqlik, shu intilish bo‘lmaganida, olam bunchalar chiroy va tarovat kasb etmagan bo‘lar edi.
— Fozilu fuzalo qorong‘ida adashib yurgan bashariyatning yo‘lidagi yorug‘ mash’aldur! — deydi Ulug‘bek o‘g‘li Abdulatifga.
Shunisi ajablanarliki, ana shunday zotlarning o‘zlari ham nurga, ziyoga intilib o‘tadi.
Ko‘ngli yarim bo‘lgan Betxovenning musiqaga oshuftaligi-yu, hatto tun og‘ushidan sarosar kuy axtarishini bir esga oling!
U insoniy yolg‘izlikni ohang va navo bilan to‘ldirmoq istaydi.
Mumtoz navolar ham ona allasi yanglig‘ ulug‘ va mo‘‘tabardir. U ruhni allalab, tuyg‘ularni chayib o‘tadi, tafakkur ufqlarini yoritib yuboradi. Odam bolasi uni ko‘z bilan ilg‘ay olmaydi. U nur yanglig‘ va ohanglar sochayotgan hikmatdir.
Va undan insonga yaxshilik yetadi.
— Shuning uchun ham ulkan san’atkor haqida yozish juda qiyin, — deydi Odil Yoqubov, so‘ng boshini orqaga tashlab xiyol ko‘zlarini yumadi va o‘yga toladi. — Qirq to‘qqizinchi yilning avji bahori. To‘rt yil Uzoq Sharqda xizmat qilib, ta’tilga chiqib, qishloqqa kelayapman. Shunday vaqtda odam unib-o‘sgan joyining qadrini bilar ekan!
Kindik qonim tomgan, bolaligim o‘tgan ko‘chalar ko‘zimga olovdek bo‘lib ko‘rinadi, bepoyon qir-adirlarga qarab ko‘zim to‘ymaydi, kuy-qo‘shiqqa yurak tashna bo‘lib ketgan.
Bir hafta qishloqda turgach, sal chanqog‘im bosildi, keyin Toshkentga yo‘l oldim.
Toshkentda, institutda o‘qiyotgan hamqishloqlarim shahar markazidagi koshonada bo‘layotgan katta kontsertga olib borishdi.
O‘shanda har bir kuy va har bir qo‘shiqni butun vujudim bilan tinglaganman. Nimaga desangiz, indin yana Uzoq Sharqqa qaytib ketaman. Yana bunday kuy-qo‘shiqlar eshitish qachon nasib etadi, Xudo biladi.
Shu o‘y bilan o‘tirsam, bir mahal boshlovchi: “Mukarrama Turg‘unboeva “Tanovar” raqsini ijro etadi”, deb qoldi. Shunday olqish yangradiki, zalning devorlari zirillab, tomi ko‘chib ketay dedi. Va, nihoyat, qarsaklar tinib, sahnaga mashshoqlar chiqib kelishdi. Keyin birdan jimlik cho‘kdi, pashsha uchsa eshitiladigan darajada, undan so‘ng sokin va bahaybat zal uzra ona allasi kabi qon-qonimizga singib ketgan munis va dilrabo kuy taraldi...
“Tanovar” mening eng sevgan kuyim. Bu kuyni qayta-qayta eshitishdan charchamayman. Ayniqsa, o‘shanda, ehtimol sog‘inganim uchundir, bu mungli navo jismu jonimni o‘rtab, oyoqlarimning uchiga dovur jimirlatib yuborgan.
Sel bo‘lib, sahnaga termulib o‘tiribman. Nihoyat, harir parda ortidan Mukarramaxonim chiqib keldilar...
Xuddi birovdan uyalganday, nozik va chiroyli qo‘li bilan xiyol yuzini to‘sib, bir-bir bosib, ohista chiqib keldilar...
Hali yosh. Ko‘hlik mahali...
Atlas ko‘ylak ustidan beqasam to‘n kiyib olgan, durrachani qiya bog‘langan, kuyning ta’kidiga mos ravishda nozik barmoqlari chars-chars tortiladi va shunda tilla uzuklar olovdek lovullab yonadi.
Raqqosaning raqsi ham kuyning o‘ziday g‘amgin va shikasta, lekin bu hazinlikda qandaydir munislik, ko‘ngilga yaqinlik va mislsiz bir tarovat borki, buni so‘z bilan ifoda etish qiyin, yurak-bag‘ringni o‘rtab, ezgin bir kayfiyat qo‘zg‘ovchi ilohiy hol bor...
Har bir xalqning, har bir millatning mumtoz san’atida, ayniqsa, musiqa va raqs san’atida mana shunday izohlash juda qiyin bo‘lgan, aql-zakovat bilan emas, balki qalb bilan idrok etiladigan, his etiladigan ilohiy bir hikmat va nafosat mujassam bo‘ladi. Unda shu xalqning asriy orzu-armonlari, fe’l-atvori va ongu tafakkuri kamalak jilosidek tovlanib turadi.
“Tanovar” ana shunday asar.
Mukarrama opa ijrosida bu ulug‘ navo bilan betakror raqs uyg‘unlashib, yanada mahobat kasb etgan, u bir dunyo fikr-o‘y qo‘zg‘aydi. Bu g‘amli-g‘ussali doston o‘tmish haqida, ishqu vafo haqida hech o‘chmas taassurot qoldirdi...
Suvdek ravon oqayotgan raqsning biron-bir joyida ortiqcha xatti-harakat sezilmaydi. Qiyo boqishlar ham, cho‘chib qochishlar ham, nozu itob ham, hamma-hammasi jondan aziz bo‘lgan oshiq bilan xilvatda diydor ko‘rishgan ma’shuqaning hayoli, armonli va, ayni paytda, nurli muhabbatini tarannum etadi. Yana bu, ochiq-oydin emas, balki dilovarlik, nafis san’at, nazokatli imo-ishoralar tili bilan kuylangan dil rozidir.
Xalqning o‘zidan olib, baland bir maqomga ko‘tarib, yana uning o‘ziga hadya etilgan bundan ko‘ra mumtoz yana qanday asar bor?
Hanuz yodimda, egnimda askar gimnastyorkasi, dilimda yozuvchi bo‘lish istagi, tengsiz malohat va beqiyos san’at-nafosatga ko‘zim to‘ymay, sel bo‘lib o‘tirar ekanman, nasib etsa, bir kun kelib, menga va menga o‘xshagan behisob odamlarga olam-jahon zavq ulashgan, ilohiy hikmatlardan biri bo‘lmish raqs san’ati yuzidagi pardani olib, uning butun jozibasini namoyon etgan Mukarrama Turg‘unboeva haqida butun boshli bir kitob yozaman, deb niyat qilgan edim.
Mana, shundan buyon ham yarim asrdan oshiq vaqt o‘tdi. Bu orada, yaxshidir-yomondir, bir qancha asarlar yozdim, ulug‘ bobolarimiz hayotiga murojaat etib, ularning nurli siymosini jonlantirishga harakat qildim, biroq Mukarramaxonim haqida butun boshli bir kitob tugul, loaqal bir satr ham yoza olmadim.
Yo‘q, men ahdimdan qaytganim yo‘q.
Buning uchun emas!
Yaxshi yoza olmayman, deb qo‘rqqanim uchun!
Xudo bergan va san’atida jilvalanib turgan ulug‘vorlikni butun bo‘y-basti, go‘zalligi, mahobati bilan o‘zim ko‘rgan, bilgan va his etgan darajada ifoda eta olishga jur’atim yetmagani uchun...

Lev Tolstoy

— Katta yozuvchi har bir voqea-hodisaning hikoya bo‘ladigan ta’sirchan jihatini ilg‘ay olishi, yozganlari ko‘ngilga yorug‘lik bag‘ishlab, Yaratganning nazarini yodga solishi va odam bolasini bedorlikka undab turishi kerak, — deydi Odil aka.
Dastlab men ko‘p adashganman. Bir to‘g‘ri yo‘l ochib olishga, oq bilan qoraning, yaxshi bilan yomonnning farqiga borishga o‘sha zamonning o‘zi hech imkon bermagan. Butkul hayotimiz siyosatga aylanib ketgan edi. Sho‘ro tuzumida qiyinchilik bo‘lmaydi, degan aqida hukmron, shunga qarab to‘n bichasan, voqelikni bo‘yab-bejab ko‘rsatasan va uydirmaga asoslangan mana shu asar, ming afsuski, yana olqish va mukofot oladi. Nainki adabiyot, hatto ilm-fan, san’at va madaniyat, turish-turmushimiz shundan iborat bo‘lgan. Metin-mustahkam bu iskanjani parchalab-yorib chiqish oson emas edi, albatta.
Umumadabiyotdagi yasamalikdan qutula olmay, yozganlarim o‘zimga yoqmay, ezilib-qiynalib yurgan vaqtimda men Lev Tolstoyni tush ko‘rganman.
Buyuklarning tojdori bo‘lmish bu mislsiz zot menga lom-mim degan emas, faqat u qo‘limdan yetaklab borib, o‘sha, tog‘ etagida o‘sgan, bossalar-da, yanchsalar-da, yulib-yulqilab tashlasalar-da, bari bir, umid bilan yana quyoshga talpinib, ko‘kka bo‘y cho‘zayotgan va o‘zi “Hojimurod”da cheksiz bir mehr bilan tasvirlagan bo‘ysunmas “qariqiz”ni ko‘rsatgan, xolos.
Chamasi, bu bir ishorat edi.
Qarang, shunda o‘smir yoshimda ham bu ulug‘ dahoni tush ko‘rganim yodimga tushdi. O‘sha kuni men “Hojimurod”ni mutolaa qilganman, birinchi marta. Asarning muqaddimasi, aynan o‘sha, “qariqiz” deb atalmish o‘simlik haqidagi tafsilot menga ortiqchadek bo‘lib tuyulgan va uni tashlab o‘tib, asosiy oqim ichiga sho‘ng‘ib ketganman.
Xuddiki, Lev Tolstoy olis chechen ovulini emas, balki bizning qishloqni qalamga olgan edi. Avvalo, qishlog‘imiz o‘rtasidagi machit, uning yonidan soyga buriladigan tor ko‘cha ko‘z oldimda jonlandi. Ko‘chaning ikki tomonida pastqam uylar, ularning tomida bekorchi chollar, qachon qaramang, bog‘iga ko‘z-quloq bo‘lib yotishadi. Kechqurun qirdan poda qaytadi, qo‘y-qo‘zilar ma’rashi olamni tutib ketadi, mo‘rilardan tutun o‘rlab, havoda tezak hidi burqsiydi.
Tolstoy tasvirlagan manzaraning o‘zginasi!..
Nazarimda, Hojimurod shu machit tomondan kelib, bizning tor ko‘chaga burilgan va muyulishdagi pastqamgina uyning tomida yotgan cholni uyg‘otgan. Buni qarangki, chechen ovulida bo‘lgani kabi, bizning qishloqda xuddi shunday g‘aribona bir kulba bo‘lib, uning tomida bir badjahl chol yong‘oq qo‘rib yotar edi.
Ayniqsa, tezakning qo‘lansa hidi degan ibora meni hayratga solgan, shunda o‘zim ko‘rib-bilib yurgan hayot lop etib ko‘z oldimga kelgan va yana olam-jahon taassurot xayolimni band etgan! Va bular barchasi aziz va qadrdon ekanini yurak-yurakdan his etganman!
Mana, yozuvchilik nima!
Mana shu tabiiy so‘zlar, azon aytgan muazzin qiroati, mo‘rilardan ko‘tarilgan tutun va tezakning qo‘lansa hidi qanchalik oddiy tuyulmasin, unda buyuk bir hikmat yashirin. U sizni sehrlab qo‘yadi va o‘zingiz ko‘rgan-bilgan, bolalikdan qadrdon bo‘lgan hayot ko‘z oldingizda jonlanadi.
Qissani bir o‘tirishda o‘qib tugatdim.
Hojimurodning o‘limidan dilim vayron bo‘lib, itlarning ulishiga quloq solib, kitobning ochilishidagi ulug‘vor cholning suratiga, o‘tkir ko‘zlarini nayzadek qadab turgan Lev Tolstoyga tikilgancha uzoq xayol surib yotdim. Qanday ko‘zim ilinganini o‘zim bilmayman. Bir mahal tush ko‘ribman, tushimda o‘sha, chehrasidan, butun vujudidan qudrat yog‘ilib turgan qariya!..
Egnida o‘sha, uzun ko‘ylak, beso‘naqay qo‘llarini ingichka kamariga suqib, uyimizga sekin kirib kelgan emish!
O‘shanda u menga bir nima degan emas, ikkinchi safar esa, o‘sha “qariqiz”ga ishora qilgan, xolos...
Bunda chuqur ma’no bor. Men shuni o‘ylay-o‘ylay, asta-sekin hayotning va adabiyotning o‘zgarmas qonuniyatlarini anglay boshladim.
Graf Tolstoy aytadiki, Xudoni tanimoq va yashamoq — aynan bir narsa. Xudo — hayotdir.
Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, men yo‘l qo‘ygan va ma’naviy-ruhiy iztirobga sabab bo‘lgan xatolikni anglash qiyin emas. Biz g‘oyibdan keluvchi baxtni yo‘qqa chiqarib, taqdirini o‘z qo‘li bilan yaratuvchi hazrati insonga aylangan edik. Umrimiz, butun ongli hayotimiz Yaratganni inkor etish bilan o‘tardi.
Tolstoy ta’kidlab aytganidek, biz olayotgan nafas, biz yashayotgan hayot, biz bilgan moddiy olam, butun borliq yaxlit va bir butun Xudo demakdir. O‘zimiz ham shu xilqatning bir zarrasimiz, xolos. Mana shu haqiqatga asoslangan, hayotni aslicha ifoda etgan adabiyotgina chinakam adabiyot bo‘ladi.
Hammasi o‘tib ketadi, faqat haqiqat qoladi, deydi daho adib.
Shu ma’noda, birinchi jiddiy asarim “Muqaddas” desam, xato bo‘lmaydi. Unda men talabalik davrimda ko‘rgan-kechirganimni qanday bo‘lsa, shundayligicha to‘kib-solganman.
Lekin Tolstoyning ishorati buyuk va nihoyatda teran.
Qissada u Hojimurodning ruhiy olamini bir yoqlama tadqiq etgan emas, balki o‘sha o‘simlik yanglig‘, boshdan-oxir, mislsiz saxovat va ulug‘ insoniy muhabbat bilan tasvirlagan. Mard o‘g‘lonning erkinlik va ozodlik, Vatan va e’tiqod yo‘lidagi matonatli kurashini nurga belab ifoda etgan. Buning asosi shuki, u hayotga juda balandda turib, yuksak va samoviy bir nazar bilan qaragan. Va har bir narsani o‘lchashda iymon tarozisi eng oliy mezon, deb bilgan.
O‘zingiz o‘ylang, agar shu asar yaratilmaganida, Hojimurodni o‘z xalqidan bo‘lak yana kim bilar edi? Tolstoyning sharofati bilan bugun butun jahon chechen o‘g‘lonini zulmga qarshi matonatli, o‘tyurak kurashchi deb biladi, xuddi Jaloliddin Manguberdi kabi uning bahodirligi yuraklarga olov solib, inson sha’nini sharafga burkab turadi. Va xuddi siz bilan biz kabi, Ozodlikni qadrlagan insonki bor, mudom uni esga olib, yuragida e’zozlab-ardoqlab yashaydi.
Adabiyotning qudrati mana shunda!
Lev Tolstoyning mumtoz asarlari, ayniqsa, imperator bilan rus provaslav cherkovi patriarxiga yozgan nodir xatlari kishini hayratga soladi. Unda chor hukumati Volga ortida yashayotgan, juda qadim madaniyatga ega bo‘lgan xalqlarni qilich bilan bo‘ysundirib, ularga zulm qilayotgani oshkora aytilgan, odamlarni Xudoning yo‘lidan to‘sish, yovuzlikdan ezgulik va zulmatdan ziyo sari intilishiga mone’lik qilish oxir-oqibat Yaratganning g‘azabiga giriftor bo‘lishi, bu esa, juda qimmatga tushishi karomat qilingan.
U, Xudo bizni beva-bechoralarga va bir-birimizga zulm-sitam qilish uchun emas, balki himmat va muruvvat ko‘rsatish uchun yaratganini qayta-qayta uqtirgan.
Shuning uchun bu buyuk insonni xristian dinidan chetlatishgan! Va o‘sha, nodir xatlari yuz yil davomida sir saqlangan. Garchi graf bo‘lsa-da, qabri ham oddiy, bir beva-bechora, bir kambag‘al dehqonniki kabi...
Ko‘rdingizmi, bu mislsiz daho ezgulik va adolatga nechog‘li chanqoq bo‘lgan. Haqni, haqiqatni dunyoviy ne’matlardan ustun qo‘ygan. O‘tkinchi dunyoga mahliyo bo‘lib emas, balki Tangri taolo buyurganicha yashab o‘tgan. Va, albatta, hammamizni xuddi shunga da’vat etgan.
Adabiyotning vazifasi shu!

“Mangu yashillikning tug‘ma ulfati…”

Yillar to‘foni taassurotlar yolqinini ko‘mib o‘tadi. Kecha unutilmas bo‘lib tuyulgan hodisa bugun o‘z qimmatini yo‘qotadi. Faqat o‘sha vaqtlar yozilgan “Kundalik”gina sarg‘aygan sahifalarida muhrlanib qolgan kechinmalarni asrab-avaylashga behuda urinadi. Chunki kechmish taassurotlar bugungi holingga hamisha ham muvofiq kelavermaydi.
O‘shanda men hali o‘n yoshga ham to‘lmagan edim.
Loyshuvoq uyning bir burchagida, bozillagan sandal ortida bobom mulla Otaqul Suyar o‘g‘li qiroat bilan Qur’on tilovat etadi, men esa, oyog‘imni olovga toblagancha mo‘‘jaz bir kitob ichiga singib ketganman.
Ahyon-ahyonda uning sarg‘ish jildiga, undagi suluv qizning va yigitning tilla suvida ishlangan suratiga suqlanib qarab qo‘yaman. Nihoyat, qissa yakun topdi. Va men otilib tashqariga chiqdim. Ilk bahor nasimi kelib, yuzlarimga urildi. Yuragim toshib, kimlargadir bir nima degim kelayotgan edi...
O‘shanda bu yorug‘ olamda Odil Yoqubov degan yozuvchi bor ekani, bu asarni u yurak qoni bilan bitgani xayolimga kelgan emas. Muqaddasni o‘smir qalbi bilan suyub qolgan edim, Sharifjonning ahvoliga achinardim. Bu chigal taqdir o‘z qismatim kabi joni-dilimni o‘rtardi...
O‘sha qissa jonimni bejiz orziqtirgan emas. Unda bedor va bezovta ruhiy tug‘yon, insonga achinish va tiriklik nafasi bor, shu ko‘ngilga uyg‘oqlik bag‘ishlaydi, hayot haqida, o‘zgalar qismati haqida o‘ylashga da’vat etadi. Mana shu fazilati tufayli adibning mumtoz va hayotbaxsh asarlari tiriklik olamiga mangu yashil xilqat bo‘lib qo‘shildi.
Shu haqda o‘ylasam, mumtoz shoirning Pushkinni ulug‘lab yozgan satri xayolimdan o‘tadi.
Mangu yashillikning
tug‘ma ulfati —
U — sen...
Bunday zotlar havoni tozalab, insonning nafas olishi uchun imkon yaratib berayotgan yam-yashil daraxtga o‘xshaydi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 40-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.