OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

G‘ozi Rahmon. Oqibat so’qmog’ida (hikoya)

Og‘a-inining moli boshqa, joni bir. 
Burungi naqldan.


Bugun Nortoy duxtirdan noumid qaytib kelib, uyida og‘ir yotgan akasini ko‘rgani borib, darvozadan kirar-kirmas Qoraqiz yanganing kimgadir, balki enasiga shang‘illab gapirib yotganini eshitdi. Eshitdiyu ichkariga kirarini ham, kirmasini ham bilmay qoldi. Chunki nolayu afg‘on yo‘g‘rilib, avtomat o‘qiday otilayotgan so‘z o‘qlari aynan uning jismi-joniga urilib, naq ko‘ksini nishonga olayotgan edi...
– Manovi sho‘rgina ukam, jigarim, deb o‘ladi-qoladi. Nima qiladi, uka deganam akasiga qayishsa? Bitta buyrak bilan binoyiday yashab yurganlar qancha? Nortoyloqday davangir polvon yigit, bitta buyragini akasiga bersa bo‘lmaydimi? Bir balo bo‘lguday bo‘lsa, men olti cho‘kirtakni qanday qilib boqaman. Xah, sho‘rim, sho‘rginam ko‘pakan mening. Xudojon, undan oldin mening jonimni ol!
Kimdir ayolni yupatishga tirishadi: (Bu enasi) 
– Elburutdan joni chiqmagan odamga aza ochma! Toshmurod uchun Nortoydan boshqa kimning joni achiydi? Og‘a-inining moli boshqa, joni bir. Hali o‘ziyam aytib qolar. Juda bo‘lmasa o‘zim tilga kiraman. Mening Nortoy bolam bo‘riday mard, Xudo undan bir tirnoqni ayab turibdi. Essiz, o‘n besh yil behudaga ketdi-da. Bolamning ham, kelinimning ham yuziga qaray olmayman. Xudoning ishi bo‘lsayam, o‘zimni gunohkor his etaman...
Bu gaplarni yaxshi ko‘radigan yangasi va jonday enasi tilidan eshitgan Nortoyning yurak-bag‘ri o‘rtandi. Bechora akajoniga Nortoy ikkalasi ham sog‘lom buyragining birovini bersa, huq ham urmasligini, qolaversa, akajoni ham yashab qolib, bola-chaqasiga egalik qilishini xayoliga keltirdi. Xom sut emgan banda. U xayoliga kelgan boshqa bir o‘ydan qo‘rqib ketdi. U kelganini bildirmay, sekin eshikni yopib, iziga qaytdi. Yo‘l-yo‘lakay o‘zi bilan o‘zi olishib borardi. 
– Bordiyu akamga mening buyragimni qo‘yishga ulgurmay joni uzilsa?..Bu yoqda men yarimjon bo‘lib, u yoqda akamdan ayrilib qolsam? Yo‘g‘-e, Toshkentdagi duxtirlar zo‘r deyishayapti-ku. Qolaversa, ikkovimiz ham tirik qolib, yashab ketsak akamning kenjatoy o‘g‘lini nomimga o‘tkazib, katta qilsam, bir kun kelib otam, deb tepkilab ko‘msa, orqamda qolsa koshkiydi?
U uyidan akasinikagacha borguncha salkam ikki chaqirimlik chang ko‘chadan tuproq bosib kelgan edi. Agar sinchiklab qaragan odam etik izi borishda oraliq masofani katta-katta olgani, qaytishda esa juda ko‘p ikkilangani, hatto ba’zi joyda to‘xtab-to‘xtab qol-ganini payqashi mumkin edi. 
Nortoy osti-usti ham besh xonali dang‘illama uy oldida ko‘rpacha tashlanmagan chorpoyada o‘tirib, beixtiyor o‘tgan bolaligini, ota-onasini, akajoni bilan bir ko‘rpada yotib kattarganini, xullaski, ikki kam qirq yillik umrini, ko‘rgan-kechirganlarini birma-bir eslab ketdi. 
Bu taraflarning asli nomi Beshchashma bo‘lsayam, pasmakkina, qora toshli tog‘ning etagida besh barmoq kabi joylashgan soylar to‘rida ko‘z yorgan chashmalar qishda suvi biroz ko‘payib, bahorda jildirab oqib, sel payti zo‘r-bazo‘r adoqlaydi. Qumdaryoga yetar-etmas, qumga singib ketadi. Burunda odamlar ichimlik suv uchun qirq qulochli quduq qazib, uning og‘ziga chig‘iriq o‘tkazib, tuya yoki ot-eshak bilan suv tortib, tirikchilik qilishgan. Aytishlaricha, o‘zbekning eng katta urug‘i – saroy, elsaroy nomi bilan mashhur bo‘lib, uning o‘n bir dahasidan birovi qaziyoqli (g‘oz oyoqli yoki qazi yoqli, qazisi yog‘li) tuforining bir bo‘lagi – Toshkanti, ya’ni toshkentlik bo‘lib, shimol taraflardan kelib qolgan deyishadi. Ularning ota-bobolari bu taraflarga asli chorvani ko‘zlab kelishgan bo‘lsa ham, adirlar qo‘ynida qo‘sh haydab, lalmi arpa-bug‘doy ekib, yaxshi hosil ko‘tarib, arpani otga, qo‘y-echkilarga berib, bug‘doyini g‘alvirlab, huv anovi Langartog‘ qo‘ynidagi Tarag‘ay, Langar, To‘laqul qishloqlaridagi suv tegirmonlarga olib borib, un qilib qaytishgan. Qo‘zi go‘shtining sho‘rvasiga so‘lqildoq bug‘doy nonini botirib yeb, shukronalik bilan umr kechirishgan. Ulardan burungilarga meros qolgani – go‘shtxo‘rlik, chavandozlik, baxshilik. Ayollari ichiga go‘shtdan boshqa hech narsa solinmagan oq sho‘rvani erinmay shopirib, asal qilib yuborishadi. Urchuq yigirib, qo‘y yungidan arabi, taroqi, julxirs gilamu xurjunni ko‘zni yashnatadigan qilib to‘qishga usta. Bu makondan obikor joylarga majburan yoki ixtiyoriy ko‘chib ketganlar hovlisiga devor solib, darvozadan kirib-chiqib, sho‘rvasiga kartoshka, sabzi solsa-solayotgandir, buyoqdagilar hamon ota-bobolari kabi devor-darmiyonsiz past-baland uylarda orqasidan teshik-tuynuk ochib, yashab keladi. 
Biz hikoya qilmoqchi bo‘layotganimiz Po‘stin qishlog‘idan ikki joydan artezian quduq qazilib, suvga yolchib qolganiga naridan beri yigirma yildan oshib qoldi. Nortoyning otasi rahmatli Nazar rais urushda bir oyog‘idan ajrab qaytib kelib, ko‘p yil kolxozda raislik qilgan. Qaziyoqlining Po‘stin tuforidan Norqul chavandozning xushro‘ygina qiziga uylangan. Taqdirni qarangki, oradan o‘n yil o‘tsayam ularning farzandi bo‘lmadi. Eh-he, og‘zi bilan yuradigan odamlar qancha gap chiqarishdi. Nazarga u yoqda (urushda) nozik joyiga o‘q tekkan. Bechora Oysuluvning umrini quruqqa o‘tkazayapti. Biroq eru xotin bir-birini yalab-yulqab, sabr qilishdi. Ungacha g‘irt yetimcha bo‘lib qolgan bir o‘g‘il-qizni oq yuvib, oq tarab, oyoqqa turg‘azishdi. Ularni yaxshi niyat bilan ikki yorti bir butun qilib, bir-biriga qovushtirib qo‘ygan yili Nazar raisga Xudo o‘g‘il farzand ato etdi. Boshi toshdan bo‘lsin, deya ismini Toshmurod deb qo‘yishdi. Oradan ikki yil o‘tib, yana bir o‘g‘il Nortoyni (bilagida qizil nori borligi uchun) juda qiynalib topgani, ena qornidan yorib olishgani uchun bechora Oysuluv boshqa farzand ko‘rishdan mahrum bo‘ldi. 
Nazar rais polvon gavdali, tim qora mo‘ylovli, armani qosh-ko‘zlariga parellel tushgan, tikilsa daryoning gumini quritadigan nazarkarda, yurganda g‘ijirlab ketmasa, yog‘och oyog‘i borligini sezib bo‘lmaydigan odam kolxozni saranjom-sarishta qilib, uyidagi yetim bolalarni ham, dunyoda tengsiz ayol Oysuluvnida boshini silashga vaqt topar, kechayu-kunduz ot ustidan tushmay, yelib-yugurib ishlar, keyinchalik «Volga» minib, «dohiy» surati tushirilgan orden olganida ham, kattayu kichikka birday mo‘min-muloyim edi. Beva-bechoraning duosini ko‘p olgani uchun, unga Xudoyim qo‘shaloq o‘g‘il berdi, deya quvonib gapirishardi. Nazar rais o‘g‘illariga sunnat to‘y berganida viloyatning birinchi rahbari kelgani, ming ot yig‘ilgan ko‘pkarida katta sovrinni o‘zi e’lon qilgani, kurashda Qashqadaryo va Buxoro polvonlari taraf-taraf bo‘lib olishib, kosonlik Sayfulla polvon bilan qorako‘llik Sobir polvon olishib, Sayfulla Rasulov samboga kiritgan «old qoqma» usuli bilan Sobir Qurbonni yiqitib qo‘yganini odamlar hali-hanuz eslab yurishadi.
Nazar raisning ikki ukasiga mehribonligi ham odamlar tilida. Ularni ota o‘rnida katta qilib, Toshkentda o‘qitib, tagli-zotli oilalardan kelin qilib, birovini katta olim, birovini tuman miqyosida rahbar bo‘lib ko‘tarilishiga bosh qo‘shib, o‘zi qo‘ltiqtayoq suyanmay, ukalarining qo‘ltig‘idan kirganini ham eplab yozsa, bir kitob bo‘ladi. Afsuski, Nazar rais bolalarining huzurini ko‘rolmay ketdi. Toshmurod o‘ninchini bitirayotganda otasi qazo qildi. Urush jarohatlari zo‘rayib yoqasidan olgan edi. Oysuluv eridan qolgan ikki o‘g‘lining bo‘y-bastiga ovunib, yupanib qolaverdi. Ayniqsa, kichik o‘g‘li Nortoy bo‘liqqina yigit bo‘lib kattardi. Qaddi-qomati quyib qo‘yganday otasining o‘zi. Nazar rais Nortoy kichkinaligida tizzasiga olib erkalatib, men buni o‘zim qo‘ltig‘imdan tuqqanman, deya hazillashardi. Toshmurod ham, Nortoy ham Toshkentda olim amakisining yordami bilan sirtdan o‘qib oldi. Birovi muallim, birovi mol do‘xtir. Ikkovi ham yigitlik paytida davralarda pishqirib olishdi. Birovdan oldin, birovdan keyin. Zo‘r bo‘lsang akamga chiq, deyardi Nortoy. Toshmurod yiqilsa, izidan Nortoy chiqib yiqitgan kunlari ko‘p bo‘ldi. Ularni yaxshi bilmagan egizak deyishardi. Toshmurodning bo‘yi pastroq, lekin miqti gavdali, boshiga chust do‘ppi kiydirib, beliga belbog‘ bog‘latilsa, vodiylik Tursunali polvonning o‘zginasi bo‘lardi-qo‘yardi.
Nortoy akasidan ancha daroz, qo‘l va oyoqlari raso, yonoqlari turtib chiqqan, biroz koreys bashara. Qoruvliligidan har qanday otga minsa, beli mayishadi. Ko‘pkarida og‘ir uloqni Nortoydan boshqasi oson ko‘tara olmaydi. Toshmurod amakisining qiziga uylanib, yangi hovliga ko‘chib chiqqan. Nortoy esa qo‘shni Lolabuloq qishlog‘idan mana-man degan suluv qizga suyib uylangan. Hamshiralikka o‘qigan, Sumbul qishloqning yarmidan ko‘piga dori-darmon berib, duosini olib yuradiyu o‘z dardiga malham topa olmaydi. Farzand ko‘rmayapti. Qilmagan amali, ko‘rsatmagan duxtiri qolmagan. Eskichasi ham, yan-gichasini ham birma-bir boshidan o‘tkazib, umid oti toliqqan. Avval-boshda bir-ikki bor chala tuqqani bor. Keyinchalik buyam bo‘lmay qo‘ydi. Nortoy bir necha bor uni qo‘yvorib, ustiga xotin olmoqchi ham bo‘ldi. Biroq har safar suyuklisini ko‘zi qiymaydi. Mana endi hammasidan umid uzib, akajonining kenjatoyini o‘z nomiga o‘tkazib, katta qilmoqni niyat qilib turibdi. Xotini ham, yangasi ham shunga rozi. Axir, bir kuni Xudo bandam desa, mana bu uy-joy, dang‘illama hovli, qo‘sha-qo‘sha otlaru, mashina, yuz gektarlik fermer xo‘jaligi kimga qoladi? Molu davlat ham, ranju mehnat ham egiz deganlaridek, Toshmurod bundan to‘rt-besh yil burun bir buyragi yiringlab ketib, jarrohlik stoliga yotgan, baxtiga Toshkentda buyrak bo‘yicha professor bo‘lib ishlayotgan tutingan akasi Beknazar Soqievich (otasi tarbiyalab voyaga yetkazgan yetim bola) kuyunchaklik bilan operatsiya qilgan, boshqa do‘xtirlarning olib tashlaymiz, deganiga qarshilik qilib, bir amallab tuzatib yuborgan edi. Ko‘rmaganday bo‘lib ishlab ham ketgandi. Toshmurod sabrning sariq choponini mudom kiyib yurgisi kelmadi. Ikki yil avval qishloqdoshi O‘rol o‘risning maqtoviga uchib, ko‘p pul topib kelaman deb, Rossiyaga jo‘nab yubordi. Axir o‘ylab ko‘rsa, bolalar kattarayapti, ularni o‘qitish, uylantirish, uyli-joyli qilish, hammasiga pul kerak. Aslida «qip-qizil kommunist» bo‘lib o‘tgan Nazar raisdan shimildiriq ham qolmagan. O‘rol o‘ris qishloqdoshlarini Rusiyoning eng sovuq joyiga, sharoiti og‘ir Magadanga olib ketdi. Toshmurod xat-xabarsiz, ikki yil o‘sha yoqda qurilishda ishlab, buyragi og‘rib, zo‘r-bazo‘r uyiga qaytib keldi. To‘g‘ri, Nortoy akasining ro‘zg‘oridan qadam uzmay, issiq-sovug‘iga qarashib turdi. Buyoqda enajoni ham yotib qoldi. Yotgan joyida ham tinmay Toshmurodni so‘raydi. Rossiyada bedarak ketganlar, temir tobutda qaytayotganlar bor. 
Xayriyat, Toshmurod ancha-muncha pul topib, o‘z oyog‘i bilan qaytib keldi. Biroq kelganidan beri boshi kasaldan chiqmaydi. Shu yil boshida Beknazar Soqievich uning bir buyragini olib tashladi. Omon qolgan o‘ng buyrak ham yaqinda yiringlab ketayotgani ma’lum bo‘ldi. Ey, berahm dunyo. Zolim falak. Toshmurodning chirqillab turgan olti bolasining oh-vohlari, atishak chalgan turshakday bujmayib qolgan kampir-enaning duo-olqishlari, nolalari ham jamolini ko‘rmay turib sig‘inadigan Ollohimning dargohiga yetib bormayapti. Beknazar Soqievich Nazar rais bergan non-tuzni oqladi. Qo‘lidan kelguncha uzoq davolab berdi. Kasalxonaning asosiy xarajatini o‘zi to‘ladi. Oxirgi buyrak ham qurib borayotganini bilsa-da, Toshmurodning ko‘nglini ko‘tarib turdi. Sun’iy buyrak bilan ham ancha vaqt yashasa bo‘ladi, deya ishontirdi. Buyrak, yurak kabi eng zarur a’zo ekan. U ishlamasa qonni tozalab bo‘lmas ekan. Yana bir tomoni buyrak boshqa a’zolardan ko‘ra sovuqni, salqinni jini suymas ekan. Bejizga ota-bobolarimiz egniga to‘n, beliga belbog‘ bog‘lab yurishmas ekan. Kaltadum bo‘lib, yengil-elpi kiyinib yurgan yigit-qizlarning ko‘pi buyrak shamollashiga yo‘liqqan. Toshmurodniki esa Magadanda oshqinlab ketgan. Buyam endi yigitning sho‘ri qisganidan...
Nortoy changallab turgan boshini ilkis ko‘tardi va atrofga alangladi. Tevarakda hech zot yo‘qligini bilgach, tili kalimaga kelib, pichirlay boshladi:
– Xudo yo‘liga tavakkal, akamga bitta buyragimni beraman. U yashashi kerak. Hali bola-chaqasiga bosh bo‘lib, to‘y-tomoshalar qilishi kerak. Men-chi, menga bo‘ldi nima, bo‘lmadi nima? Boya Qoraqiz yangam aytganiday, izimdan yig‘lab qoladiganim yo‘q. Hozir borib akamni xursand qilaman. 
Xuddi shu payt eshikdan halloslab kirib kelgan Sumbul ham eridan bu yangilikni eshitib noto‘g‘ri qilayapsiz, demadi. Bersangiz kuymaydi, jigaringiz, Xudoyam berganga beradi, deya ko‘nglini ko‘tardi. 
Nortoy dadillanib ketdi. To‘g‘ri borib otxonadagi otini egar solmay minib chiqdi. Otliqning oyog‘i olti. Jiyron jilovi tortilmasa ham to‘ppa-to‘g‘ri boradigan joyini biladi. Nortoy akasi eshigidan dadil kirdi. Otni hovlidagi qoziqqa ildirib, to‘g‘ri akasi yotgan uyga kirdi. 
– Akajon, sizga o‘zim bitta buyragimni beraman. Mana, bizni dunyoga keltirgan enamiz rozi bo‘lsa bas. 
Toshmurod ilkis o‘rnidan turib ketib, Nortoyni bag‘riga bosdi. 
– Balli, og‘ajon, balli!
Og‘a-inining o‘rtasiga kirib olgan ena goh Toshmurodga, goh Nortoyga tikilib, ko‘zda yosh bilan: «Bolalarim, sizlarga bergan sutimdan mingdan-ming roziman! Polvon bolalarim, mehribon bolalarim, ana, otalaringning arvohi ham tinib-tinchib qoldi. Uyam sizlardan rozi», demoqdan o‘zgasiga yaramayotgan edi. 
Ertasiga aka-uka Toshkentga otlanishdi. O‘sha kuni izg‘irindan keyin iliqqina yomg‘ir yog‘ib, yer yuzi halimday yumshay boshlagan barokotli kun edi. Shundan beri osmonning keti teshilganday kunora yomg‘ir yog‘adi. Lalmi g‘allalarga Xudo berdi. Qaziyoqli dashtlarida g‘alla shunday baravj o‘sdiki, xalqob joylarda otni ko‘mizadigan bo‘ldi. Dam olishga qo‘yilgan dalalarda yovvoyi o‘t-o‘lan ko‘payib, qizg‘aldoqlar ichida qolib ketdi. O, bu yurtlarning bahoriga ta’rif yo‘q. 
Akasiga buyragini bergan Nortoy ham, Toshmurod ham sog‘ayib ketdi. Ularning fermerlik maydonida g‘allalar shunchalik bo‘liq o‘sganki, tikonli ismaloqlar ham boshoqlar soyasida qolib ketdi. Endi aka-ukalar judayam egizga o‘xshab qolishgan. Iskandarni (Toshmurodning kenjatoyi) sutdan chiqqani hamono Sumbulga berishdi. Uning bag‘ri to‘lib, yayrab-yashnab yurdi. Xudo beraman desa quliga, solib qo‘yar yo‘liga. Oradan bir yil o‘tib, ayni to‘lishgan bahorda Sumbulning ko‘ngli dovuchcha istab qolganini ko‘ring. Yaxshiyam Turobjonning xotini kabi anorga boshqorong‘i bo‘lmabdi. Bo‘lmasa, Nortoyning holiga maymun kulgan bo‘larmidi? Nortoyning Xudoga yoqqan bir qilig‘i bor. Sumbulning boshqarong‘i pallasi aynan dovuchcha mavsumiga to‘g‘ri kelganini qarang. 
Yil yakuniga kelib, ayni durkun-durkun qazoqi sovliqlar bolalaydigan pallada Sumbulxonning eson-omon ko‘zi yorib, qo‘chqorday o‘g‘il tug‘di. Badanining hech joyida xoli ham, nori ham yo‘q. Naq yetti kilo. Uni eshitib, yotgan joyidan turib ketgan buvijonining aytishicha, Shukurjon naq bobosi Nazar raisning o‘zi emish. Berganiga shukur, boriga shukur...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.