OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

G‘ulom Karimiy. Arslonxon minorasi (hikoya)

Hijriy 523 yilning  jazirama yozi. Paykand – Buxoro karvon yo‘lida yo‘lovchi siyrak. Karvonlar salqinda yo‘l bosishni mo‘ljallab, jazirama tush paytini karvonsaroy va rabotlar devori soyasida o‘tkazib, hordiq chiqarishadi. Oftob g‘arbga og‘ib, tig‘i o‘tmaslashgach, karvonsaroylardan biridan bir to‘p qurollangan otliqlar qo‘sh otli, zarrin soyabon arava hamrohligida Buxoro sari yo‘lga tushdi. Otlar gijinglab, suvluqlarini chaynab, olg‘a talpinsalar-da, suvoriylar tizginni tortib, ohista yo‘l bosishar, imillab borayotgan aravadan ilgarilab ketmaslikka urinishardi. Otliqlar barchasi po‘lat sovut va dubulg‘a kiyishgani, qimmatbaho ot abzallari, oldinda borayotgan yasovul ko‘tarib olgan baland tug‘dan ular xoning shaxsiy soqchilari ekani darhol chetga chiqib yo‘l bergan yo‘lovchilar va yo‘l bo‘yidagi qishloqlar aholisiga tez ayon bo‘lardi. Biroq negadir, hamisha kumush egarli, zar yopinchiqli qorabayir otda savlat to‘kib boradigan Movarounnahr xoqoni qoraxoniy Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon ko‘rinmas edi. Soyabon arava ortida boshlariga salla o‘rashgani va qurolsiz ekanliklari bois boshqalardan yaqqol ajralib turgan ikki-uch tabib, shuningdek, zarboft to‘nli bir necha mulozim xomush va o‘ychan holda bir-birlari bilan pichirlashib gaplashib borishardi. Soyabon aravada yotgan xonning xastaligini sir tutishga harchand urinishmasin, sovuq xabar shamoldek o‘ziga yo‘l topib, xon mavkabi Buxoroga yetib kelmasdanoq, yoshu qari buxoroliklar bundan voqif bo‘lishdi.
Arslonxonning Buxoroga tashrifi har gal g‘oyat tantanavor kechar, shahar darvozalari oldida karnay-surnaylar chalinar, nafaqat a’yonu umarolar, ulamoyu boyonlar, balki oddiy buxoroliklar ham favj-favj bo‘lib, ulug‘ hukmdorni qarshilash, sadoqatu ixloslarini izhor etish uchun chiqishardi. Bu gal esa ahli Buxoro xonning tashrifidan xursand yoki xafa bo‘lishini bilolmay, hayron edi.
Paykandga suv chiqarish uchun qazilayotgan ariq va vayrona shaharni qayta tiklash maqsadida boshlangan qurilish ishlarini ko‘zdan kechirish uchun borgan hukmdorning qo‘qqisdan oyoq-qo‘li falajlandi. Ne-ne tabiblar, hakimi hoziqlar dardiga davo topisholmadi. Oyoqlari tamoman shol bo‘lib, muolajadan so‘ng faqat qo‘llarini sal harakatlantira oladigan bo‘ldi. Taqdirga tan bergan Arslonxon poytaxt Samarqandga qaytib, qurultoy chaqirib, Movarounnahr toju taxtini to‘ng‘ich o‘g‘li Nasrga topshirishni ko‘ngliga tugib qo‘ydi. 
Xonga aziyat yetmasin, deya g‘oyat sekin yo‘l bosgan mavkab kechqurun Sumitanga  yetib keldi. Arslonxon taxtiravonda yotgan holida Buxoroning Chahor Bakri – Abubakr Fazl, Abubakr Homid, Abubakr Tarxon va Abubakr Sa’d qabrlarini tavof qilib, muhtojlarga nazr-niyozlar ulashdi. Tunni Sumitanda mozor yonida o‘tkazib, tong otishi bilan xon mavkabi Buxoroga yo‘l oldi.
Xon xastaligini elu yurt musibati deb bilgan buxoroliklar qiyofasi g‘oyatda mahzun. Xon, bemorligi va bemajolligi sabab, a’yonlar va raiyat bilan ko‘risha olmasligini yasovullar e’lon qilgach, xaloyiq yo‘lning ikki tarafiga chetlandi va otliq soqchilar qurshovidagi soyavon arava Qorako‘l darvozasidan shaharga kirdi. Hamisha nayzalarini azot ko‘tarib yuradigan soqchilar g‘ussa alomati sifatida nayza uchlarini yerga qaratishgan. Arava ortidan mung‘ayib kelayotgan buxoroliklarning ko‘zlarida yosh yiltirardi. Axir, Buxoro obodligi, xalq osoyishtaligi va farovonligi uchun Arslonxonchalik jon kuydirgan hukmdorni tarix kam ko‘rgan. 
Arslonxon o‘zini saroyga yoki Arkka emas, jome masjidiga olib borishni buyurdi. O‘n yilcha avval o‘z farmoyishi bilan qurilgan muhtasham masjid oldida uni aravadan taxtiravonga olishdi. Xonning pahlavon gavdasi ancha kichrayib, qushdek yengil bo‘lib qolgan, mosh-guruch soqolli yuzi rangpar, qalin qoshlari ostidagi ko‘zlari ich-ichiga cho‘kkan bo‘lsa-da, hamon tiyrak. Masjid oldida qad ko‘targan yuksak minoraga boqarkan, tuyqus xonning ko‘zlari yolqinlandi. Minora qurilganiga ikki yil bo‘ldi, xolos, biroq dovrug‘i yetti iqlimga taraldi. Uzoq-yaqin o‘lkalardan Movarounnahrga kelib-ketayogan savdogar va sayyohlar Buxorodan so‘z ochishganda gapni minora ta’rif-tavsifidan boshlashadi. Bunyod etilishi hamono, qadimiy shahar timsoliga aylangan benazir inshootning pastidan tepasigacha muayyan oraliqda bezaklar almashina boradi. Jonsiz g‘ishtlar me’moru muhandislar irodasi bilan turli handasaviy shakl-naqshlar yasab, belbog‘lar bilan ajratilgan bezaklar yorqin bo‘yoqlar bilan pardozlangach, shakllar uyg‘unligi va ranglar jilosidan go‘yokim ularga jon bitgan va jo‘r bo‘lib, mangu hayot qo‘shig‘ini kuylashayotganday edi. Nigohni minoraning biron-bir qismida uzoq to‘xtatib turish mushkul: goh jimjimador to‘lqinsimon bezaklar, goh nafis handasaviy shakllar, goh balanddagi ravoqlar tepasidagi qubbachalar ko‘zni olib qochaveradi. Bobil minorasi va Iskandariya mayog‘idan so‘ng ro‘yi zaminda bundoq muazzam minora qad rostlaganini bani bashar tarixini suv qilib ichgan muarrixlar ham aytib berisholmaydi. 
Minoradan ko‘z uzolmay turgan xon xayolida ikki yil burungi voqealar jonlandi. Bir necha asr qo‘r to‘kib turgan eski minora koshinlari ko‘chib, g‘ishtlari nurab, qo‘qqisdan qulab, bir to‘p tuprog‘u va g‘isht uyumiga aylandi. Xayriyatki, voqea tunda ro‘y berganidan hech kimga shikast yetmadi. Jome masjidini yangitdan tiklagan Arslonxon ayni qulagan minoraning o‘rnida yangi minora qurdirishga qaror qildi. Eski minoraning umri kaltaligi saboq bo‘lib, yangi minora imkon qadar uzoq muddat poydor turmog‘ini istar edi. O‘shanda u usta Baqoni huzuriga chaqirib, arkda yakkama-yakka suhbatlashgan. Olis o‘lkadan kelgan elchilarni qabul qilish marosimi endigina tugab, elchilar va arkoni davlat salomxonani tark etishgan, xon boshida olmosdan qadalgan toj va zarrin choponda ko‘zlarini bir nuqtaga qadab, o‘ychan o‘tirardi. Me’mor ta’zimdan so‘ng hukmdor ko‘rsatgan joy, odatda, bosh vazir o‘tiradigan zarhal kursiga qunishibgina o‘tirdi.
– Ne sababdan chaqirganim ayon bo‘lsa kerak, – dedi xon taxt suyanchig‘iga yastanib. – Minora qulagani, ehtimol, arshdan bir payg‘om, ya’ni “yangi masjidga yangi minora yarashur”, - degan ishoradir. Biroq minora yolg‘iz muazzinlar azon aytishi uchun qurilmasa, degandim. Misr mamlakatidagi Iskandariya shahrida dengizdagi kemalar adashmay bandarga yetmog‘i uchun ulkan mayoq qurilganidan xabaring bor. Buxoroda dengiz yo‘q. Biroq chor tarafdan keladigan karvonlar qum dengizini kesib o‘turlar. Minora hali cho‘l ichkarisida bo‘lgan karvonlar ko‘ziga tashlansa, nihoyat manzilga yaqinlashgan yo‘lovchilarga dalda va ruhiy madad bo‘lur. Koshki, Buxoroda boqiy turadigan minora bunyod etolsak! Xo‘sh, bu xususda ne deysen?
Xondagi jonlanish usta Baqoga ko‘chib, hayajondan joyida bir qo‘zg‘alib qo‘ydi: 
– Olampanoh! Ko‘hna minora qulab tushgandan beri qulingizda tinim yo‘q. A’lohazratdan biron farmoyish bo‘lmasa-da, qodir Olloh dilimga soldimikin, tunu kun xayolimda yangi minoraning tarhiga oid turfa fikrlar g‘ujg‘on. Ul minora xayolimda allaqachon qad rostlagan. Bunyod etsak, shubhasiz, rub’i maskundagi minoralar arsloni bo‘lur!
– Barakalla, otang bejiz Baqo nomini qo‘ymagan. Aning tarhini qog‘ozga tushirdingmi?
– Yo‘q hali, hazrat. Amr etsangiz, shogirdlarim bilan uch kunda bajo keltururmen.
– Bugundan kirish! Xazinadan so‘raganingcha mablag‘ berilur. Minora bitgach, me’mor, muhandis va quruvchilarga minoraga ishlatilgan g‘ishtlar soniga teng kumush tanga in’om eturmen...
Usta Baqo nomiga munosib ulug‘ bir ishga jazm etganiga Arslonxon minora poydevori uchun qazilgan chuqur xandaqni ko‘rganda yana bir bor iqror bo‘ldi. Xandaqdagi suv korizlar orqali oqizilib, tubi quritilgan, poydevor uchun joy tayyorlayotgan quruvchilar tepadan qaraganda mitti odamchalar bo‘lib ko‘rinardi.
– Minorani zamin qa’riga emas, samoga qaratib qur, degandim-ku, – deya hazillashdi kayfiyati ko‘tarilgan xon.
– Zaminda poydevori qancha mustahkam bo‘lsa, samoga parvozi shuncha yuksak bo‘ladi, shohim, – dedi usta Baqo, hozirjavoblik bilan. – Alhol, inoyat ko‘rsatib, minora poydevorining ilk g‘ishtini muborak ilkingiz ila qo‘ysangiz.
Xon shaxt bilan zar choponini yechdi. Oq chakmonda xonning mushakdor qomati yanada bo‘rtib ko‘rinar, barcha qiziqsinib, uning xandaqqa tushishini kutardi. A’yonlar e’tiroziga qaramay, xon lopillab turgan uzun narvondan xandaq tubiga tushdi. Xumdonda obdon pishgan yombidek qizg‘ish yapaloq chorsi g‘ishtni zumrad, yoqut ko‘zli uzuklar taqilgan qo‘lida bir zum salmoqlab, quruvchilardan biri katta yog‘och idishdan belkurakda olib yerga to‘kkan qorishma ustiga qo‘ydi...
Xonni masjid ichkarisiga olib kirishdi. Xaloyiq namozga kelishiga hali vaqt bor. Arslonxon yotgan holida kasallik oqibatida bukilmaydigan bo‘lib qolgan qoqshol qo‘llarini ko‘kka cho‘zib, pichirlab duolar o‘qib, Ollohga ibodat qildi. Shu asno xon farmoniga ko‘ra shahar tashqarisidagi Namozgoh masjidi qurilishiga boshchilik qilayotgan usta Baqo yetib keldi. Soch-soqoli oqargan me’morni yasovullar kiyimini almashtirishga ham fursat bermay, oshig‘ich keltirishdi. Sal bukchaygan usta Baqoning egnida yaktak, boshida tumoq, belida fo‘ta, oyoqlarida mahsi-kavush. U har kuni qurilishgohga tong sahardan kelib, kun bo‘yi tinim bilmas, chizmalarni ushlab, havozalar bo‘ylab goh yuqori ko‘tarilar, goh pastga tushar, har joyda hoziru nozir bo‘lib, har bir g‘ishtning terilishiga sin solib, ishni kuzatar, biron joy ko‘ngliga o‘tirishmasa, muhandisu quruvchilarga xatolarini anglatib, amrona o‘sha joyni buzib, qayta qurishni buyurardi. So‘zini hech kim ikki qilolmas, zero usta Baqo Arslonxon yorlig‘i bilan qoraxoniylar saltanatining bosh me’mori lavozimiga tayinlangan. Usta Baqo xonning ayanchli ahvolidan garangsib, bemorga javdirab qarar, ustma-ust ta’zim qilar, tili kalimaga kelmasdi. Uning ahvolini tushungan Arslonxon o‘zi so‘z qotdi: 
– Ko‘p vaqtingni olmasmen, usta. Buxoro men uchun aziz, biroq uzoq to‘xtalishga bu gal fursat yo‘q. Dilim suhbatingga moyil. Xoli suhbatimiz o‘zing qurgan minora tepasida kechishini istaymen.
– Olampanoh, minora bunyodkori – siz. Qulingiz ezgu niyatingiz ro‘yobga chiqishiga vosita bo‘lgan bir me’mormen. Biroq, minora tepasiga chiqmoq sizga aziyat bo‘lur...
– Boshqa ilojim yo‘q. Buxoroni butun bo‘yi-basti bilan ko‘rmoq istaymen. Minora tepasidangina buning imkoni bor.
Arslonxon a’yonu mulozimlar e’tiroziga ham quloq solmadi. Uni ikki navkar biri bosh, ikkinchisi oyoq tarafidan ko‘tarib, zinalardan masjid tomiga olib chiqishdi. Bu yerdan minora yonboshiga tashlangan ko‘prikcha qarshisida eshik ochilgan edi. Navkarlar xonni avaylab minora ichiga kirishdi va qo‘lida mash’al ko‘targan yasovul ortidan nim qorong‘ulikda ehtiyotkorlik bilan aylanma zinadan tepaga ko‘tarila boshlashdi. Borgan sayin minora ingichkalashib, pillapoyalar torayib, chiqish qiyinlashardi. Nihoyat, minoraning tepadagi yana kengaygan qismiga chiqishdi. Marmar qoplangan aylana sahnda o‘n oltita ravoqli darchadan chor atrof kaftdagidek yaqqol ko‘zga tashlanadi. Biroz nafasini rostlagan xonni sahn bo‘ylab aylantirishdi. Xon har bir darchadan pastda yastangan shahri azimga yutoqib tikilar, go‘yoki Buxoroning suvratini ko‘z qorachiqlariga joylab olmoqchi bo‘lar edi. 
Mana, Buxoroda qurilgan ilk buyuk inshoot Ark, nariroqda Ismoil Somoniy maqbarasi, uning yonida Chashmayi Ayub obidasi. Bir tarafda o‘zi qurdirgan saroy va madrasa. Madrasa hovlisi kimsasiz. Binobarin, talabalar darsxonalarda mudarrislar sabog‘ini tinglamoqda. Zarafshondan chiqarilgan va shaharni kesib o‘tib, hovuzlarni obi hayot bilan ta’minlaydigan Shohrud arig‘i kumush tasma kabi tovlanadi. 
Hayotligida “otam” deya e’zozlagani Shayx Hasan Namadpo‘sh xonaqosining moviy gumbazlarida xonning nigohi mixlanib qoldi. Shayx Hasan ibn Yusuf Buxoriy doimo namad xirqa kiyib yurgani uchun “Namadpo‘sh” laqabini olgan. U o‘ttiz yil uzluksiz ro‘za tutdi. Iftorlikka ham faqat sholg‘om va ko‘katlar tanovul qilardi. Zohiran dunyodan etak silkigandek ko‘rinsa-da, shayx Buxoro aholisining iymon-e’tiqodi kuchayishi uchun qattiq qayg‘urardi. Yakkama-yakka suhbat qurganlarida Arslonxonni faqat xayrli ishlarga undardi. Shayx o‘n to‘rt yil avval suiqasd natijasida shahid ketdi. Biroq o‘gitlari xonning qulog‘iga quyilib qolgan. Pirining duosi bois Arslonxon hukmronligi davrida Buxoroda hatto poytaxt Samarqanddagidan ham ziyoda bunyodkorlik ishlari amalga oshdi. Ikki qator devor bilan o‘rab olingan shahar tashqarisidagi qishloqlar, dalayu bog‘larni ham minora tepasidan tomosha qilish mumkin. Mana, Xorazm tarafdan Varaxsha yo‘li bo‘ylab turnaqator karvon kelmoqda. Tuyalardagi toy-toy yuklar orasida nimalar borligini tusmollab bilish mumkin. Xorazmlik savdogarlar Edil  bo‘yidagi Bulg‘or, hatto undan shimolroqdagi Rus o‘lkalarigacha borib savdo qilishadi. Movarounnahr mollarini u yerlarga eltishsa, shimoliy yurtlardan olmaxon, suvsar va boshqa jonivorlar mo‘ynalari, bulg‘oriy charmni Buxoro va Samarqand bozorlariga keltirishadi. O‘zlari ham boyishadi, to‘lagan bojlaridan davlat xazinasi ham daromad ko‘radi. Arslonxon shahar darvozasiga yaqinlashayotgan karvonni armonli nigoh bilan kuzatarkan, Yusuf Xos Hojibning talay qismi o‘ziga yod bo‘lib ketgan “Qutadg‘u bilik” dostonining savdogarlar haqidagi bobidan bir baytini pichirlab takrorladi:

Tug‘ardin batarqa yurib tezginur,
Tilamish tilaking senga keltirur.

Ajab, ochundagi har kasbu korning o‘ziga xos afzalligi bor. Hatto xon ham qalamravi sarhadidan tashqari chiqolmaydi. Savdogarlar esa, Mashriqdan Mag‘ribgacha shamolday keza olurlar. Arslonxon ba’zan huzuriga kelgan savdogarlardan ro‘yi zamindagi o‘zi ko‘rmagan turfa elu elatlar, shaharlar, daryolar, tog‘lar, cheksiz o‘rmonlar, olti oylab quyoshi botmaydigan yurtlar va boshqa g‘aroyibotlar haqida eshitganda, beixtiyor havaslanar, bildirmasdan xo‘rsinib qo‘yardi. 
Shaharning sharqiy devoriga yaqin joyda katta maydonda qizg‘in borayotgan Namozgoh masjidi qurilishini kuzatgach, Arslonxon boshini bazo‘r burib, usta Baqoga jilmayib qo‘ydi. 
– Xalq va qurilishda ishlayotganlar sizni duo qilishmoqda, hazratim, – dedi, uning nigohidan fikrini uqqan me’mor. – Quruvchilar uchun xayriya tariqasida qo‘shimcha ozuqa va zarur buyumlar keltirib berayotgan buxoroliklar bisyordur.
Namozgoh masjidi qurilayotgan Shamsobod mavzesida bir paytlar qoraxoniy hukmdor Shamsulmulk saroy qurdirgan va atrofida bog‘-rog‘lar barpo ettirgan. Atrof - javonibdagi dashtning katta qismini devor bilan o‘rab, qo‘riqxona qilgan. Qo‘riqxonada quyon, tulki, ohu va arxarlar tez ko‘payib, to‘qaylar orasidagi ko‘llarda yovvoyi g‘ozu o‘rdaklar gala-gala suzishardi. Xon Shamsobodda dam olar, ov qilib ko‘nglini yozardi. Zamon o‘tib, saroy ancha xarob bo‘ldi. Sobiq qo‘riqxona hududi xushmanzara bo‘lgani uchun buxoroliklar bayramlarda sayilga chiqishardi. Arslonxon bu yerda hayit namozlari o‘qiladigan masjid qurdirishga qaror qildi. Shunda xalq hayit kunlari shahar masjidlariga tiqilishmay, ko‘pchilik Shamsobodga boradi. Hayit namozidan keyin sayil va tomoshalar o‘tkaziladigan joy ham shu yaqinda. Boshqa paytlarda Namozgoh Shamsobod va atrofidagi qishloqlar aholisiga jome masjidi sifatida xizmat qilaveradi.
Xonning unsiz ko‘z ishorasiga ko‘ra, uni sahnga o‘tirg‘izib, yonboshiga yostiqlar qo‘yishdi. Usta Baqo yoniga cho‘kkaladi.
– Olloh bergan bu dardga noshukrlik etmasmen usta, – dedi Arslonxon mahzun tortib. – Meni yigirma yetti yil ulug‘ bir mamlakat taxtiga o‘tirg‘izgan, ulkan bunyodkorliklarga izn berib, xalqning duosiga sarafroz etgan Olloh endi dard yuborganida, dilimdan zarracha noshukrlik o‘tsa, bu qulini bandam demasin. Axir, Parvardigor o‘z payg‘ambari Ayub alayhissalomga sinov tariqasida dard va musibatlar yuborganda, hazrat Ayub chidab, shukr etganlar-ku! Ul zotning qadami Buxoroga ham tekkan. Hassalarining uchidan hosil bo‘lgan chashma suvidan hamisha ixlos bilan ichganmen. Ulug‘lar hayoti va bardoshi biz uchun ibratdur, albatta.
Faqat bir armonim o‘zim bilan ketadigan ko‘rinadir. Paykandni – besh asr ilgari Qutayba vayron etgan qadimiy shaharni qayta obod etmoqchi, bir vaqtlardagi kabi Buxoroyu Samarqand qatorida turuvchi ulug‘ shaharga aylantirmoqchi edim. Afsus, nasib etmadi....
– Hali imkon bo‘lur, xoqonim. Kalomi sharifda aytilgankim: “Fallaziyna amanu va amilu lahum mag‘firatun va rizqun karim” . Ya’ni: “Iymon keltirgan va yaxshi amallar qilganlar uchun mag‘firat va ulug‘ rizq bo‘lur”. Ajab emas, dard bergan egam shifosini ham bersa.
– Qaydam, usta, bu niyatimni ro‘yobga chiqarish amrimahol, shekilli. – Xon bir muddat uzoqqa tikilgancha jim qoldi. – Sog‘lom paytimda siyosatimdan qo‘rqib, ulug‘u kichik amru farmonlarimni so‘zsiz bajarardi. Falajga mubtalo bo‘lishim bilan, lashkar beklari orasida: “Arslonxon butun xazinani qurilishlarga, xarobalarga suv chiqarish uchun ariqlar qazishga sovurmoqda. Oqibatida lashkar maoshi kechikmoqda. Xonning kuyovi – saljuqiylar saltanati sultoni Sanjarning lashkarlari bizdan bir necha bor ko‘p maosh olisharkan. Yana deyarli har yili biron yurtga yurish qilib, sonsiz o‘ljalar bilan qaytishadi. Biz – qoraxoniylar lashkarining saljuqiylar lashkaridan qaerimiz kam?! Biz ham harb ishiga mohir turkiylarmiz. Xon xazinadan yaxshi maosh berolmasa, biron yurtga g‘azotga boshlab borsa bo‘ladi-ku!” – degan gap-so‘zlar tarqalib, fitna yetilayotgani xabarini yetkazishdi. Albatta, fitna urug‘i avvaldan mavjud bo‘lib, fitnachilar qulay fursatni kutib yurishgan. Darhol Paykanddagi qurilishlarni to‘xtatib, bor mablag‘ni lashkarning maoshini oshig‘i bilan to‘lashga sarfladim. Shunday qilmaganimda fitnalar bo‘roni qo‘zg‘alib, saltanatda parokandalik yuz bermog‘i mumkin edi. Yangi fitnalarning oldini olish uchun men to‘ng‘ich o‘g‘lim Nasrni xon deb e’lon qildim. Alhol, poytaxtga borib, toju taxtni unga topshirmoqchimen.
– Qaroringiz odilona va oqilonadur, a’lohazrat, – tasalli berishga shoshildi usta Baqo. – O‘g‘lingiz taxtga o‘tirgach, o‘git va yo‘l-yo‘riqlaringiz asosida yurtni boshqarur. Inshoolloh, shahzoda siz boshlagan xayrli ishlarni oxiriga yetkazur.
– Afsus, men bunday deb o‘ylamasmen. – Xon yana nigohini ko‘z ilg‘amas kengliklarga qadadi. – Yoshligimdan ulug‘ donishmand Yusuf Bolosog‘uniyning “Qutadg‘u bilik” asarini sevib o‘qirdim. Nazarimda, bu ulug‘ zotning o‘gitlari Olloh kalomi va payg‘ambarimiz sallallohi alayhi vasallam hadislaridan so‘ng eng to‘g‘ri dasturilamaldur. “Qutadg‘u bilik”da hukmdor xalq farovonligi va osoyishtaligini ta’minlashi, vazirlar bu ishda unga tayanch bo‘lishlari lozimligi aytilgan. Biroq beklaru vazirlar, qoraxoniylar xonadoniga mansub shahzodalar orasidan meni anglaguvchi odamni kam topdim. Shu bois ulardan birini emas, seni ushbu suhbatga chorladim. Yaqinlarimdan faqat qizim Mohiturkon meni anglardi. Uni saljuqiylar poytaxti Marvga kelin qilib uzatayotganimda: “Ona qizim, xazinadan xohlagan narsangni olib ket”, - dedim. Qizim shunday javob berdi: “Otajon, mumkin bo‘lganida sizni va onajonimni olib ketardim-u, buning iloji yo‘qligini bilamen. Amr qilsangiz, kotiblar siz qo‘ldan qo‘ymay o‘qiydigan “Qutadg‘u bilik” kitobidan bir nusxa ko‘chirib bersalar. Men har gal uni qo‘lga olganimda, hoynahoy, otajonim ham hozir shu kitobni o‘qiyotgan bo‘lsalar kerak, deb sizni o‘ylaymen”. 
Bir kuni qizimdan iztirobli maktub oldim. U malika sifatida eriga maslahat beribdi: “Shohim, poytaxtingiz Marvda katta madrasa qurdirsangiz. Ilmli odamlar ko‘plab yetishsa va davlat ishlariga olinsa, saltanat ravnaq topur”. Sulton Sanjar qizimni kalaka qilib, qah-qah urib kulibdi: “Otang Movarounnahrning barcha yeriga yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek imoratlar qurib tashlayotgani yetmagandek, endi sen Xurosonni qurilish maydoniga aylantirmoqchimisen? Aqli bor hukmdor xazinani qurilishga emas, lashkarni ko‘paytirishga sarflaydi”. Bu ko‘nglimga og‘ir botdi. Farzandim ezgu niyatda bo‘lsa-yu, uni mazax qilishsa. Darhol Marvga mablag‘ va maktub jo‘natib, qizimga: “Sen o‘zing xohlagan tarhda madrasa qurilishini boshlayver, to bitgunicha mablag‘ bilan ta’minlash mening zimmamda”, dedim. Qizimdan: “Otajon, qurilish boshlandi, yoshu qari marvliklar sizni duo qilishmoqda”, degan javob kelganida taxtga chiqqan kunimdagidan ham ko‘proq quvonganmen . 
Agar bilsang, menga vorislikka eng munosib nomzod – qizim Mohiturkon. Biroq, afsuski, uni Movarounnahr taxtiga o‘tqazish imkoni yo‘q. O‘g‘illarimdan qaysi biri boshiga toj kiymasin, xazinani lashkarni oshirishga sarflasa kerak. Shul sabab, sendan o‘tinchim shuki, Namozgohni bitkazishga shoshil. Samarqandga yetishim bilan xazinadan qolgan zarur mablag‘ni jo‘natamen. Bu masjid xalq uchun g‘oyat zarur. Xayrli imoratlar bunyod etish qodir Ollohga ham maqbulligiga dalillardan biri shuki, katta bobom Shamsulmulk o‘zi uchun Shamsobodda qurdirgan tillakori saroy bir asr o‘tmay vayron bo‘lib ketdi-yu, karvonlar va yo‘lovchilar manzilgohi sifatida cho‘l o‘rtasida qurdirgan Raboti Malik hanuz el koriga yaramoqda. Bu menga dars bo‘lib, Buxoroda qurgan saroyimni ham madrasaga aylantirdim. Endilikda Olloh menga og‘ir dard yuborgan bo‘lsa-da, xalq xizmatini bo‘ynimdan soqit qilgani yo‘q. Bu Buxoroyi sharif bilan so‘nggi diydorlashuv. Bugun Qorako‘l darvozasidan kirgan bo‘lsam, ertaga Samarqand darvozasidan chiqib, suyukli shahrimni mangu tark etamen. Namozgoh bitgach, masjidning ochilish marosimiga shahzodalardan biri kelib, xizmatlaringni taqdirlaydi, albatta.
– Xotirjam bo‘ling, hazrat, ilk g‘ishtini o‘zingiz qo‘yib berganingiz Namozgohni albat bitkazurmiz, – dedi usta Baqo ovozi titrab. – Hozirgi damda xazinadan katta mablag‘ ajratish mushkulligini qulingiz yaxshi anglaymen. Minorani qurganimizda nisor etgan in’om-ehsoningiz tufayli hanuzgacha hech narsaga zoriqmay ro‘zg‘or tebratib kelmoqdamen. Binobarin, Namozgoh qurilishi uchun menga va’da qilganingiz haqdan voz kechamen. O‘sha pulga masjidning bir ustuni tiklansa, qulingiz uchun eng katta haq shudir. Muhandisu me’morlik kasbini egallagan o‘g‘illarim va jiyanlarim ham maoshsiz ishlay olurlar.
Arslonxonning mijjalarida yosh yiltiradi. Qo‘lini zo‘rg‘a ko‘tarib, me’morning yelkasiga qo‘ydi.
– Umring uzoq bo‘lsin, yana ko‘plab dunyo turguncha turadigan binolar qurish nasib etsin, aziz do‘stim!
Usta Baqoning o‘pkasi to‘lib, xonning quruqshab qolgan qo‘lini avaylab ushlab, duvillab yosh to‘kilayotgan ko‘zlariga surdi. Buxoroyi sharifning jahoniy shuhratiga shuhrat qo‘shgan ikki ulug‘ farzandi o‘z zaminiy faoliyatlarini yakunlashlari uchun juda oz fursat qolganini botinan anglab, achchiq ko‘z yoshi to‘kishar, Arslonxon va usta Baqoni yelkasida ko‘tarib, ko‘kka mag‘rur bo‘y cho‘zgan minora Ollohning izni bilan bunyodkorlari bo‘lgan bu zotlarga ularning muborak nomi va ezgu a’molini asrlardan asrlarga olib o‘tajagini aytib, go‘yo unsiz taskin-tasalli berardi. 

2010 yil

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.