OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

G‘ulom Karimiy. Qadimiy sevgi qissasi (drama)

Qatnashuvchilar:
Zariadr – sug‘d sarkardasi
Odatida – shaklar podshohi Omargning qizi
Gushtasp – Sug‘diyona podshohi
Omarg – shaklar podshohi
Mardon – Zariadrning do‘sti, sarkarda
Saksfar – shaklar sarkardasi
Arshak – sarkarda
Farhod – urug‘ oqsoqoli
Midiya shahzodasi, mulozim, cho‘pon, soqchilar, sarkardalar va urug‘ oqsoqollari.
Voqealar taqriban eramizdan avvalgi 7-6-asrlarda Sug‘diyona va shaklar diyorida bo‘lib o‘tadi.

BIRINCHI KO‘RINISH

Yaksart daryosi yaqinidagi sug‘d lashkari qarorgohi. Zariadr chodiri. U chodir oldida yerga sanchilgan tol novdalarini qilich bilan bir zarbda qirqish mashqini olmoqda. Soqchilar qirqilgan novdalar o‘rniga darhol yangilarini sanchishadi. Mardon paydo bo‘ladi.
Mardon: Sarkarda janoblari! Navkarlar hudu­dimizda ov qilayotgan shak qabilasiga mansub bir ov­chini ushlabdilar. Egnidagi libosi va otiga qara­ganda, aslzoda emish.
Zariadr: Biz bu qabila bilan tinch-totuv yasha­moqdamiz. Shunday ekan, uni izzat-ikrom-la huzu­rimga keltiring.
Mardon (ta’zim qilib): Bosh ustiga.
Zariadr o‘z chodiriga kiradi. Birozdan so‘ng erkakcha libosdagi Odatida kirib, yengil ta’zim qiladi.
Odatida: Sug‘diyonaning jasur sarkardasi Zariadrni ko‘rish baxtidan boshim osmonga yetdi! Hurmuz haqqi, o‘ljamni olib tinchgina qaytmoqchi edim, lek nav­­karlaringiz monelik qilishdi.
Zariadr: Haqiqatni so‘zlayotganingizga amin bo‘l­sak-da, bu yer bizning hududimiz ekanligini es­lat­moqqa majburmiz. Ov qilish uchun oldin ruxsat olganingizda durust bo‘lardi.
Odatida: Bug‘uni daryoning nariyog‘ida ta’qib qi­layotgandim, ammo u yarador holida bu sohilga kechib o‘tdi.
Zariadr (kulib yubordi): Qoyil! Boshqa mamlakatga qochib ham qutulmabdi-da, bechora. Mayli, u endi sizniki. Mehmondorchilikdan so‘ng sizni daryodan o‘t­kazib qo‘yishadi.
Odatida: Tashakkur, sarkarda. Do‘stona qabu­lin­giz va taklifingizdan boshim osmonga yetdi. Minnatdorchilik belgisi sifatida o‘rtamizda muammo tug‘­dirgan bug‘uni qoldirib, o‘z diyorim sari yo‘l olsam. Hamrohlarim axtarib yurishgandir – ovga qi­ziqib, ular­dan ajrab ketgandim.
Zariadr: Ixtiyoringiz, ammo jindek sabr qil­san­giz ma’qul bo‘lardi – bug‘u endi bizniki bo‘lsa, ka­bob ham ko‘p kuttirib qo‘ymas. Yo‘l oldidan tamaddi qilib oling.
Mulozim kiradi.
Mulozim: Sarkarda hazratlari, mahalliy bir cho‘pon muhim bir gapni aytish uchun huzuringizga kir­moqchi.
Zariadr: Mayli, kirsin.
Cho‘pon kirib ta’zim qiladi.
Zariadr: Xizmat?
Cho‘pon (Odatida tomon imlab): Hazrat, huzu­rin­giz­dagi bu ovchining kim ekanligini bilasizmi?
Zariadr: Bizga do‘st bo‘lgan shaklar qabilasidan. Shuning o‘zi yetmaydimi?
Cho‘pon (o‘xshov kulib): Sarkarda! Omad sizga kulib boqdi. Bu ovchi – aslida shaklar podshosi Omarg­ning er­kakcha kiyinib olgan qizi Odatida. Ha, ha – og‘angiz Sug‘diyona podshohi Gushtaspning sovchilarini qaytargan Odatida mana shu go‘zal qiz bo‘ladi! Men uning xuddi shunday kiyinib, Yaksart bo‘ylarida ov qilib yurganini ko‘p bor ko‘rganman. Chodiringizga boshlab ketishayotganini ko‘rib, qo‘ylarni ham tashlab chopdim. Sizni aldab, qochib ketmasin yana, dedim-da! Endi uni og‘angiz podshohi olam Gushtaspga eltsangiz, zap ish qilgan bo‘lardingiz. (yaltoqlanib) Qulingizning xizmatini qan­day taqdirlash esa oliy himmatingizga havola.
Odatida (jahl bilan): Bo‘hton! U aljiyapti – men ovchiman!
Cho‘pon: Hali shunaqami!

U kutilmagan harakat bilan Odatidaning boshidagi qalpog‘ini yulib oladi, sochlari yoyilib yelkalariga tushgan Odatida g‘azablanib, xanjarini sug‘uradi. Lol qolgan Zariadr o‘rnidan turib ketadi.
Odatida: Murtad!
Zariadr: Xanjaringizni bulg‘amang! Bu cho‘pon qil­­mishiga yarasha jazo olur. (soqchilarga) Meh­mo­ni­mizni behurmat qilgani uchun unga qirq darra urilsin!
Soqchilar faryod chekayotgan cho‘ponning qo‘llarini qayirib, olib chiqishadi.
Zariadr (Odatidaning qalpog‘ini yerdan olib, iltifot ila uzatarkan): Bu aziyatlar uchun uzr, malika. Nima niyat bilan kelganini bilganimda cho‘ponni aslo kiritmagan bo‘lardim. Ikki do‘st xalq orasiga nizo solishdan yomoni yo‘q. Siz xotirjam bo‘ling. Ijozat etsangiz... o‘zim sizni kuzatib qo‘yay!
Odatida: Tashakkur, sarkarda. Bu yaxshiligingizni hech qachon unutmayman. Biroq kuzatishning hojati yo‘q – qanday kelgan bo‘lsam, shunday keta olaman. Xayr!
Zariadr: (unga zavqu shavq bilan qaraydi) Bundan buyon siz ta’qib qiladigan bug‘ularning barchasi shu tarafga suzib o‘tishini Tangridan iltijo qilaman! Toki, bahonai sabab bilan sizni yana va yana ko‘rishga musharraf bo‘lsam.
Mardon (Odatida chiqib ketgach): U haqda qo‘shiqlar to‘qilgani bejiz emas ekan-da. Darhaqiqat, Sug‘diyona malikasi bo‘lishga munosib qiz.
Zariadr (xayolchan): Yo‘q... u butun dunyoning malikasi bo‘lishga munosib.
Mardon: Qizining husn bobida tengsiz ekanligi­ni bilgan shoh Omarg barcha sovchilarga rad ja­vo­bi­­ni berayotibdi. Shu jumladan, Xorazm va Baqt­riya hukmdorlaridan kelgan sovchilar ham quruq qay­­­­tishibdi. Qizim hali yosh, degan bahona bilan hat­to og‘angizning sovchilarini qaytarib, sal bo‘lmasa, o‘r­ta­mizga nizo tushiray dedi. Eshitishimcha, shu kecha-kun­­duzda shaklar diyoriga Midiyadan katta karvon ke­lib­di. Yetti yillik xirojni sovg‘a-salom tariqasida kel­tirgan Midiya shahzodasining o‘zi ham karvon safi­da emish. Balki unga omad kulib boqar – Omargning mol-dunyoga o‘chligini hamma biladi.
Zariadr (tushkun ahvolda): Nahot u qizini mol-dunyoga almashtiradi, deb o‘ylasang? Balki, munosib kuyov chiqishini kutayotgandir?
Mardon: Be! Podshoyu shahzodalarki kuyovlikka nomunosib ekan, ulardan zo‘ri chiqarmidi!
Zariadr: Bu malak baayni ko‘kdan yerga tushgan No­hidning o‘zi. Hatto uning hozirgina chodirimizda bo‘l­­ganiga ishonish qiyin. Go‘yokim samodan bir lahzaga yerga qo‘nib, so‘ng bu zerikarli zaminni tark etgan kabi.

Mulozim kiradi
Mulozim: Sarkarda hazratlari, kabob pishdi.
Zariadr (Mardonga): Navkarlar bilan baham ko‘­ringiz. Mening negadir ishtaham yo‘q. (ular chiqib ke­tishgach) Odatida! Rostdan ham ko‘kdan tushganmisan yoki yer qizimisan? (ko‘ksini ushlab) Sen in’om qilgan bug‘u sixga tortildimi, yoki mening yuragim!
 IKKINCHI KO‘RINISH
Shohiyu harir pardalar bilan bezatilgan xobxonada kanizaklardan biri yig‘layotgan Odatidaning sochlarini qirqkokil qilib o‘rmoqda. Odatida ortiga o‘giriladi, so‘ng, shu o‘tirgan ko‘yi uning ko‘ksiga bosh qo‘yadi.
Odatida: Ana, qalbim to‘ridagi barcha sirlardan voqif bo‘lding. Endi ayt, nima qilay? Qanday qilib unga tuyg‘ularimni izhor qilsam bo‘ladi? Buning imkoni bormi?
Kanizak (biroz o‘ylab turib): Maktub biting, haz­rati oliyalari. Uni qanday yetkazishni esa men zimmamga olaman.
Odatida (sarosimalanib): Maktub? Qiz bola bo‘­la turib-a?! Birortasining qo‘liga tushib qolsa nima bo‘ladi? Qolaversa, uning o‘zi buni qanday qabul qi­ladi?
Kanizak (ishva qilib): O‘shanda ko‘zlarida nima aks etganini haligina aytmadingizmi!
Odatida: Menimcha, barcha erkaklar menga shu nigoh bilan boqishadi, ammo faqat uning ko‘zlaridagina haqiqiy muhabbatni ko‘rdim. Hurmat-ehtirom-chi! Agar uning o‘rnida menga og‘iz solgan shohlaru shahzodalar bo‘lganida, holim ne kechgan bo‘lishini tasavvur qilib ko‘r! Ayniqsa, o‘ziga bino qo‘ygan uning akasi Gushtasp! Ko‘rgani ko‘zim yo‘q! Eshitishimcha, menga yetisha olmaganidan so‘ng, bir bahona topib bizga qarshi urush ochmoqchi bo‘lib yurgan emish.
Kanizak (yana o‘sha ishva bilan): Midiya shahzodasi shu yerda-ku! Qo‘l qovushtirib o‘tirmas! Aytgancha, ko‘zim tushdi – kelishgangina yigit ekan. Boyligini aytmaysizmi!
Odatida: Aljima! Men Zariadrni o‘nta Midiya shahzodasiga ham almashtirmayman!

UCHINCHI KO‘RINISH

Zariadrning chodiri Yaksart sohiliga tikilgan. Daryo ko‘rinib turibdi. Zariadrning ko‘z o‘ngida Sug‘­diyona poytaxti Maroqandda akasi Gushtasp bilan bo‘lib o‘tgan suhbat gavdalanadi.
Gushtasp (keskin): Endi aybingni yo boshing, yo qo‘ldan chiqazganing o‘sha qizni saroyimga keltirish bilan yuvasan.
Zariadr: Qizning otasi, qolaversa, o‘zi rozi bo‘l­may, qanday keltiraman?
Gushtasp: Ixtiyoringda katta qo‘shin. Shaklar yurtiga yurish qilib, Odatidani asira qilib keltirasan!
Zariadr: Bir qizni deb ikki do‘st xalq orasida urush ochish qanchalik o‘zini oqlaydi?
Gushtasp (parvo qilmay): Bu muammoni urushsiz hal etish imkonini o‘zing barbod qilding. O‘z oyog‘i bilan kelgan ekan – qismatiga ko‘nikmay, qayoqqa borardi! Ochko‘z otaga esa sovg‘a-salomlar yuborib, qizining Sug‘diyona bosh malikasi bo‘lganini aytardik. Endi ni­ma qilib bo‘lsa-da, uni saroyga keltirasan. Aks hol­da, ukam ekanligingga ham qarab o‘tirmay, jallod qo‘liga topshiraman!
 
* * *

Zariadr (narigi qirg‘oqqa termuladi): Evoh, lash­­­kar bilan yana bir qadam olg‘a bosmoq, shaklarga qar­shi urush ochilganini anglatadi. Odatida, Odatida! O‘rtamizdagi ishqdan bexabar akam seni bandi qilish uchun yuborayapti. (keskin bosh chayqaydi) Yo‘q – Zariadr­ning butun vujudi sen tomon talpinib tursa-da, yurtingga hech qachon lashkar tortib bormaydi!
    
Mulozim kiradi

Mulozim: Shaklar yurtidan maktub kelmish. Chopar uni o‘z qo‘li bilan sizga yetkazmoqchi.
Zariadr: Ayt, kirsin.
Mulozim chiqib, cho‘pon kirib keladi va unga maktubni uzatadi.

Zariadr (maktubni olib, cho‘ponga): Yana senmi? Boraver, xizmating munosib taqdirlanur. (cho‘pon chi­qadi) Bu safar Odatida nima yozibdi! Yo tangrim, bun­da menga mamotdan darak bormi yo hayotdan mujda! (maktubni ochib o‘qiydi) “Ey bahodir! Meni deya yurtimga lashkar tortishingga ne hojat! Barcha shohu shahzodalar qolib, seni tanlaganimni yozmaganmidim! Ikki o‘t orasidaman. Qabiladoshlarim qirg‘in, yur­tim vayron bo‘lishini istamayman. Ammo senga ham mag‘­lubiyatni ravo ko‘rmayman. Zariadr! Bahodirim! Me­ni yonayotgan bu ikki o‘t orasidan olib chiq! Yana bir gap: qarorgohingga savdogar libosidagi josus jo‘­na­tilgan. U jisman va qalban senga o‘xshab ketadur. Eh­tiyot bo‘l!” Hoy! Kim bor! (mulozim kirib, ta’zim qi­la­di) Lashkar orasida savdogar kiyimidagi begona odam bor. Ko‘rinishi menga o‘xshash. Darhol ushlansin!
Mulozim: Bosh ustiga! (chiqadi)
Zariadr: Hayhot! O‘zimni olamdagi eng baxtli kimsa deb atayinmi, yo eng baxtsiz! Odatida meni sevishiga yana bir bor amin bo‘ldim. Ammo bir-biriga qar­shi qilich ko‘targan ikki xalqni qay yo‘l bilan yarashtiray! Bunga erishish uchun – agar talab qilinsa! – hech ikkilanmay boshni sadqa qilardim! (soqchilar qo‘llari orqasiga bog‘langan Saksfarni keltirishadi) Bizni xo­li qoldiring. (Soqchilar chiqib ketadi. Hayratlanib). Tavba, ko‘zguda o‘zimni ko‘rayotgandekman! Yigit, josusliging oshkor bo‘ldi. Maqsading ne? Yashirmay barchasini aytsang, hayoting o‘zingga siylov.
Saksfar (mag‘rur): Zimmamdagi vazifani bajarolmay, dushman qo‘liga tushdimmi, endi menga o‘lim afzal!
Zariadr: Men, aslida, shaklarga dushman emas – bu urushni to‘xtatish chorasini har on, har soniyada qidirayotgan, buning uchun hamma narsaga tayyor do‘stman. O‘limni bo‘yningga olib josus sifatida kel­ga­ning, elingni sevishingga dalolatdir. Xoh ishon, xoh ishonma Odatida mansub bu elni men sendan kam sevmayman. Xullas, biz dushman emas, balki keraksiz bu urushning oldini olishda ittifoqchi bo‘lishimiz darkor. Shunga rozi ersang, elimga xoinlik qilayapman deb o‘ylamagin-da, savolimga javob ber.
Saksfar: So‘zing samimiyligiga shubham yo‘q. Bu­­­­­ni malikamiz nomini tilga olgan mahaling ko‘­zing­­­da porlagan o‘tdan sezdim. Demak, sen ham uning oshiq­la­ri­dan birisan.
Zariadr (ajablanib): Nahot bu borada ham sen bilan raqib bo‘lsak! Isming nima?
Saksfar: Men shaklar lashkari sarkardasi Sa­k­s­farman. Lekin xotirjam bo‘l – mening o‘z suyganim bor. Otam savdogar edi va bolaligimda unga ham­rohlik qilib, yurting bo‘ylab ko‘p kezganman, uning yo‘llari, pastu balandi, shaharu qish­loqlarini yaxshi bilaman. Shu sabab yurtimiz xatar ostida qolganida josuslikka o‘zim dov bo‘ldim. Biroq bu yumush tijorat kabi bexatar emas ekan – qarorgohingga kelgan ku­nimoq qo‘lga tushdim.
Zariadr (tantanavor): Va amin bo‘ldingki, yov emas, do‘st qo‘lidasan! (biroz o‘ylab turib) Endi sen bi­lan liboslarimizni almashtirsak.
Saksfar (hayron): Nega? Mening savdogarcha libosim sendek sarkardaga na hojat?
Zariadr: Sen bo‘lib yurtingga boraman – zora shu yo‘l bilan urushni to‘xtatish imkonini topsam. Sen esa mening libosimni kiyib, bu yerda yo‘qligimni bil­dirmay turasan. Ha, aytgandek, biron mushkulot chiq­masligi uchun, ishonchli sarkardalarimni ushbu sir­dan voqif etaman.

Liboslar almashinadi.
 
TO‘RTINCHI KO‘RINISH

Omarg sarkarda va urug‘ oqsoqollari bilan har­biy kengash o‘tkazmoqda. Sovchilikka kelgan Midiya shahzodasi va shak sarkardasi libosidagi Zariadr ham shu yerda. U Saksfardan sira farq qilmaslik uchun qiyofasiga sal o‘zgarish kiritgan.
Omarg: Kuni kecha jasur sarkardamiz Saksfar dushman qarorgohida bo‘lib qaytdi. (Zariadr turib ta’zim qilgach, qayta o‘tiradi) U yetkazgan xabarga ko‘ra, yog‘iy soni biznikidan ortiq. To‘g‘ri, shak sahrosi bepoyon – chekinib, sug‘dlarni sahro bo‘ylab adashtirib-uloqtirib, holdan toydirib, so‘ngra nogahoniy hujum bilan tor-mor etish mumkin. Biroq qochish bizga munosibmi?
Midiya shahzodasi: A’lohazrat, sug‘dlarni yurtga monesiz kiritib, sahroga chekinish muborak nomingizga rostdan ham dog‘ tushiradi. Endi sizda Midiya podshohligi kabi qudratli ittifoqchi bor emasmi? Men chopar yubordim – Midiya qo‘shini janubdan bostirib kiradi va shu tariqa sug‘dlarni iskanjaga olamiz. (ta’zim qilib) Bu yordam uchun meni sohibjamol va oqila qizingizga munosib ko‘rasiz degan umiddaman.
Farhod (taraddudlanib qolgan Omargga): Qulin­gizning bir qoshiq qonidan keching, shohim. Midiyalik­lar bosqinchiliklari bilan olamda ma’lumu mash­hur – Sug‘diyonani zabt etgach, yurishni biz tomonga da­­vom et­tirmasliklariga kafolat qani? Fikri ojizimcha, sug‘­dlar bilan murosayu madora yo‘lini izlagan ma’qul.
Omarg: Qizimni qo‘sh qo‘llab Gushtaspning hara­mi­ga eltib beraymi? Boshqa farzandim bo‘lmasa!
Farhod: Shunday ekan, nahot uning uzoq Midiyaga ketishini istasangiz?
Omarg (qat’iy): Qizim faqat shaklar malikasi bo‘lg‘usi!
Arshak: Donoligingizga tasanno, shohim! Bu na­faqat siz, balki butun elning tilagi. Jang oldidan sir saqlashga hojat yo‘q: biz – barcha sarkardala­rin­giz malikaga oshiqmiz! Istaganingizni kuyov qiling! Qolganlar esa qismatiga tan berur. Kuyovingiz qo‘­mondon bo‘lib, bizni jangga boshlasin. Uning izidan o‘t­ga ham, suvga ham kiramiz, zero, Odatidaning yori bosh bo‘lgan qo‘shin har qanday yovni yengishga qodir!
Omarg: Qizimni o‘z ixtiyoriga qarshi majburan hech kimga bermayman. Yaxshisi bo‘lajak yorini uning o‘zi tanlasin. Odatidani chaqiring. (Odatida kirib ta’zim qiladi). Qizim, ko‘zimning oqu qorasi! Elu yurt taqdiri senga bog‘liq bo‘lib qoldi. Sarkardalarimdan qaysi biri yoring bo‘lishini istasang, mana shu jomni tutqaz – u mening kuyovim bo‘lib, qo‘shinimni zafarli jangga boshlab borur!
Odatida oltin jomni olib Zariadrning qo‘liga tutadi. Har tomondan “Saksfar!”, “Omad qushi Saks­farning boshiga qo‘ndi!”, degan xitoblar yog‘iladi. Bosh­qa sarkardalar tiz cho‘kadi.    

Omarg: Qismatni o‘zgartirib bo‘lmas. Saksfar yaqindagina xatarli bir yumushni uddalab qaytgan edi, bu­gun esa taqdir uning zimmasiga ulug‘ bir vazifani yukladi. Bu – Tangrining inoyati. (sarkardalarga) Endi siz ham so‘zingizda turib, qattol yovga qarshi u boshchiligida jangga otlaning! (Sarkardalar o‘rinlaridan turib, ta’zim qilishadi) Saksfarga bosh qo‘mondonlik libosi va qurol-yarog‘lar keltiring!
Zariadr va Odatidadan boshqalar chodirni tark etishib, mulozim libos va qurollarni qo‘yib ketadi.
    
Odatida (Zariadrning ko‘ksiga bosh qo‘yadi): Zariadr! Bahodirim!
Zariadr (uning sochini silaydi): Meni tanidingmi, azizam? Qanday qilib haqiqiy Saksfardan ajrata olding?
Odatida: Sevguvchi qalb yanglishmas!
Zariadr: Yuragim baxtdan limmo-lim bo‘lsa-da, biroq boshim qotib qoldi – bir-biriga qarshi turgan har ikki lashkarning bosh qo‘mondoni o‘zim. G‘alabaga tashna har ikki taraf ham mendan umidvor. Qandoq yo‘l tutay?
Odatida: Shak lashkariga Yaksart tomon harakat qilishga farmon ber. Shunday qilaylikki, to‘qnashgan ikki taraf bir-birining qonini to‘kish o‘rniga, to‘­yimiz munosabati bilan o‘tkaziladigan bazmda bayram qilsin. Kuchini kurash va chavandozlikda namoyon etsin.
Nog‘ora va burg‘u sadolari yangrab, Zariadr va Odatida chodirdan chiqishadi.
 
BESHINCHI KO‘RINISH

Yashirincha o‘ng sohilga o‘tgan Mardon lashkar bilan Yaksart bo‘yiga yetib kelgan Zariadrning chodiriga kiradi. Unga ta’zim qilib, Odatidaga shubha bilan qaraydi.
Zariadr: Gapiraver, undan yashiradigan sirim yo‘q.
Mardon: Sarkardam, yo‘qligingizda falokat yuz berdi – O‘kuzdan kechib o‘tgan Midiya qo‘shini janubiy sarhadimizdan bosib kirdi. Og‘angiz Gushtasp poytaxtda qolgan lashkarni yig‘ib, g‘anim yo‘lini to‘ssa-da, kuchlar tengsizligi tufayli jang boy berilib, uning o‘zi mahv etilmish!
Zariadr (cheksiz anduh bilan): Sho‘rlik akam! Mamlakat egasiz qoldimi?
Mardon: Endi uning egasi o‘zingiz! Erkini saqlab qola bilsangiz, albatta. Jangda katta talafot ko‘r­ganiga qaramay, tezda o‘nglangan Midiya qo‘shini alam­zada shahzoda boshchiligida poytaxt Maroqand sari yurishda davom etmoqda. Biz oldinroq yetib, yov qo‘lidan ustunlikni tortib olishimiz lozim. Biroq shaklar bilan sulh tuza olsakkina bunga erishamiz.
Zariadr: Azizam! Otang huzuriga qaytib, Sug‘­diyona tarafdan shaklarga hech bir xavf tahdid solmasligi haqidagi lafzimni unga yetkaz. Men esa dar­yodan o‘tib, yana o‘z lashkarimga bosh bo‘lib, yurtim ozodligi uchun kurashga otlanaman.
Odatida: Men qallig‘ingman va sendan ajralmayman. Ayniqsa, shunday sinov damlarida. Sarkardalar men oltin jom tutgan kishiga itoat etishga ont ichishgan. Bu esa sensan! Ikki lashkarga bosh bo‘lib, har qanday yov ustidan g‘alaba qozonishingga ishonchim komil.
Zariadr (ikkilanib): Otang ne derkin?
Odatida: Otam ham lafziga sodiq qoladur!
Zariadr: Nafaqat yor, balki madadkorim ham o‘zing. (Qars uradi. Kirgan mulozimga) Sarkardalar mash­varatga yig‘ilishsin. (Mardonga) Sen ham ishtirok etasan.

OLTINCHI KO‘RINISH

Maroqand saroyi. Zariadr taxtda, yonida Odatida.
Zariadr: Ittifoqlikda Midiya ustidan qozongan bu g‘alabamizdan keyin, Tangrim Sug‘diyona va shaklar zaminiga abadiy tinchlik ato etsin. Sevishgan qalblar hech bir qon to‘kishlarsiz bir-birlarining visoliga yetadigan kunlar juda yaqin.

Mulozim kiradi.

Mulozim: Shaklar podshohi Omargning elchisi tash­­rif buyurdi.
Zariadr: Eng hurmatli mehmon sifatida hu­zu­rim­ga boshlab kir.

Farhod kirib, ta’zim qiladi

Farhod: Podshohi olam Omarg sizdek bahodir kuyovi va suyukli qiziga ko‘pdan ko‘p salomlar aytib, yov ustidan qozonilgan g‘alaba bilan muborakbod etish uchun yubordi.
Zariadr: Shak qabilasining mo‘‘tabar oqsoqoli elchi sifatida tashrif buyurganidan boshimiz osmonga yetdi. Bu g‘alabaga shak lashkari yordamisiz erisha olmasdik. Bundan buyon shaklar yurtiga biron yoqdan xavf paydo bo‘lsa, darhol ko‘makka yetib borishni sug‘d lashkari o‘ziga burch bilur.
Farhod: Sug‘du shak ittifoqini Tangrim boqiy etsin! Zavjangiz ermish malika shohimizning yagona farzandi ekanligi sizga ma’lum. Shu bois shohimizning bir iltimosi borki, unga binoan qizidan tug‘ilgan ilk o‘g‘il farzand uning taxtiga voris deb e’lon qilinsa.
Zariadr: Biz a’lohazratning iltimosini buyruq sifatida qabul qilib, u hozirning o‘zida inobatga o‘t­ganini yetkazishingizni so‘raymiz. Zero, sug‘dlar va shaklar aslida Yaksartning ikki qirg‘og‘ida yashaydigan bir xalqdir. Bizning zurriyodlarimiz bo‘lmish kelgusi avlodlar sug‘d yoki shak emas, balki bitta el nomi bilan atalishiga imonim komil.
Mug‘anniylar cholg‘u chalib, mutriblar sug‘d va shak qardoshligi haqida kuylay boshlaydilar.

 Parda

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.