OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gulbahor Tavakkalova. Ilon muhabbati (hikoya)

G’or og‘zi mag‘ribga qaraganligi uchun ufqqa cho‘kayotgan quyoshning so‘nggi nurlari kiraverishda g‘oyat bir sirli oydinlik kashf etgandi, go‘yo yorug‘lik qorong‘ilik bilan bo‘lgan jangda qonga bo‘yalib yiqilgandek tuyulardi. G’ira-shirada bir chetdagi xarsang ustida yarim kulcha bo‘lib olgan ilonni pista daraxtining g‘orga kirib turgan shoxiga o‘ralib olgan yana bir ilon tomon uzun bo‘ynini cho‘zib vishillamasa, sezish qiyin edi. Ilonlar navbat bilan bafurja so‘zlardi. 
– Yo‘q, o‘lish ozod bo‘lish emas. Qalbingdagi iztiroblar bu bilan yechim topmaydi. Azoblanayapsan, kechinmang uzuq-yuluq. Hammasini batafsil gapirsang, taskin topasan.
– Bir odam onamni o‘ldirgan edi. Otam bilan qasos olish maqsadida kerakli uyni izlab topdik. U mingan qora ot hovlida bog‘liq turardi. Bizni ko‘rib bezovta pishqirdi. Qotil chorpoyada uxlab yotardi. Otam uni chaqib o‘ldirdi. Hech narsadan bexabar o‘g‘li ayvonda allaqanday ish bilan band o‘tirar, nihoyatda chiroyli edi. Ichimda nimadir titrab, qo‘rquv va hayojon bilan anglamsiz bir tuyg‘u qo‘shilib ketdi. 
Bu voqeadan keyin oradan uzoq kunlar o‘tib, bahor keldi. Lekin o‘shanda uyg‘ongan qizg‘in tuyg‘u hanuz ko‘ksimni tark etmagandi. Uni, ya’ni o‘sha o‘g‘lonni yana bir marta ko‘rish istagi borlig‘imni xuddi kuydirib yuborayotgandek edi. Bora-bora butun vujudim istakka aylandi. Men yana o‘sha qishloqqa yo‘l oldim. U ayvonda yog‘och yo‘nib o‘tirar, ishiga berilib ketganidan gulzor ichidan chiqib boqayotganimni sezmas edi. Notanish quvonchdan dovdirab qoldim. Hammasi g‘alati tuyulardi. Axir bu... Qanday qilib... Bo‘lishi mumkin emas!.. Lekin aqlimga qarshi kuchli istak butunlay g‘olib edi va o‘zimda tiyiqsiz bir kuch tuydim. 
Ko‘ktosh to‘dasidagi Kay menga negadir o‘zini dushman tutib yurardi. Bunga parvo qilmasam-da, rosti, undagi nafrat qarshisida ojiz edim. Bir kun qishloqdan chiqib, Oqg‘or tomon borayotib o‘sha Kay bilan to‘qnashib qoldim. Negadir u ko‘zimga g‘alati – kichkina, bechora ko‘rindi. Unga hatto rahmim kelib, yonidan jimgina o‘tib ketayotgan edim, tuyqusdan tashlandi. Uning alamzada tipirchilashidan menga hech zarar yetmasdi. O’zimni nihoyatda bahaybat maxluqday sezardim. Vazmin bir harakat bilan bo‘ynidan tishlab asta uloqtirdim, natijada u havoda chirpirak aylanib naridagi archa shoxiga osilib qoldi. Yo‘limda go‘yo o‘qday uchardim-da, bu g‘alati holatimdan hayratlanib, hech narsaga tushunmasdim. Tobora to‘lib-toshib hayqirgim kelar, eng kuchli g‘animlarimni olishuvda yengishimga ishonardim. O’ljamni shunday tez tutardimki, bunga hayron bo‘lardim. Lekin luqma ta’midan avvalgiday lazzat sezmay qo‘ygandim. Ba’zan telbalikka berilib, o‘zimni soyga tashlab, toshdan toshga urilib, uzoq-uzoqlarga oqib boraman. 
Qishloqqa har kuni shomda yo‘l olardim. Chunki U bu paytda sevimli ishiga berilib ter to‘kardi. Bir kun asta yoniga bordim va zimdan kuzata boshladim. U oddiy yog‘ochga gullar shaklini shunday chiroyli qilib o‘yardiki, ular chinakam mo‘‘jizaga o‘xshardi. Zavqdan ichimdagi o‘t balandroq yondi. Uning nozik uyilgan qoshlari, sal qisilgan chiroyli ko‘zlariga qarab... ichimda tag‘in g‘alati to‘polon boshlandi. 
Bir ozdan so‘ng hushim yig‘ilganida so‘ngsiz azobda qiynalardim. Ilk marta U mendan qanchalar uzoqligini alam bilan o‘yladim. Oramizdagi tubsiz jarlikda to‘lg‘anib parchalanar ekanman, bu chidab bo‘lmas baxtsizlik meni aqldan ozdirdi. 
Oqg‘or tomon yo‘lga chiqqanimda hali tong yorishmagan edi. Endi o‘zimda yengillik emas, ruhsiz parishonlik sezib ilgarilardim. Ammo yuragimdagi olov ming hissa ortiqroq alangalanar edi. Otam ahvolimni ko‘rib qo‘rqib ketdi. Atrofimda parvona bo‘ldi. Uzoq vaqt uyamda tanho qoldim va haroratim asta-sekin pasaydi. Uni qattiq sog‘ingan edim. Bir bora ko‘rsam yana tengsiz kuchga to‘ladiganday, shomda qandaydir bezovtalik bilan yana qishloqqa jo‘nadim.
Uyida negadir odam ko‘p edi. Allaqanday shovqin-suronli ovozlar endigina darddan turganim uchun tez toliqtirdi. Javdirab izlarkanman, U bir to‘p kishilar bilan uyga kirib ketayotganini ko‘rib hapqirib ketdim. Ancha taskin topib, hovli oxiridagi o‘rik daraxtiga chiqib odamlarni tomosha qila boshladim. 
Ancha vaqt o‘tgach, hovli suv sepganday tinchib qoldi. Bir ozdan keyin daraxtdan tushib ayvonga keldim. Ayvonda ham, uyda ham chiroqlar yoniq, derazalar berk edi. Hech nimaga tushunmay, sog‘inch tanimni eritib yuborayotganday uy ichiga sabrsiz shoshildim. Oxiri uzun ustunga o‘ralib chiqib, ko‘ndalang yog‘ochlar orasidan ichkariga yo‘l topib quvondim. 
Xona avvalgidan boshqacha: bezatilgan edi. U men tomonga orqasini o‘girib turar, yolg‘iz emasdi. Qiz bolani quchoqlab va suyib erkalardi. Men azob ichra to‘lg‘andim. Ko‘zlarim oldi qorong‘ilashib, boshim g‘uvullab aylandi. 
Ular esa... ular baxtli edilar. 

* * *

Kunlarning birida seni esladim. Ko‘rishgim, suhbatlashgim keldi. Lekin sen sari olib boruvchi yo‘llarim ham berk edi. Biroq sen bilan uchrashish va hasratlashish istagi ko‘nglimga hech tinchlik bermasdi. Otam seni Ulug‘ odam g‘orida yashashingni aytganini esladim. Bu yerga birinchi marta kelganimda mana shu shoxga osilib, boshingni quyi solintirgancha zikr aytayotgan ekansan.
Men allaqachon yolg‘izlanib qolibman. Buni seni topganimdan keyin his qildim va oxiri yana yigitning hovlisiga oshiqdim. Ayol kishi hovli supurib yurardi. Uzoq tikilib turib, yuragimda unga nisbatan zarracha g‘araz yo‘qligini sezdim. Lekin men Uni sog‘ingan edim. Hozir U qaerda? Bir marta ko‘rsam edi. Sekin uyga kirdim. Lekin endi o‘zimni avvalgiday erkin sezmasdim, xuddi o‘g‘riga o‘xshardim. Uyda esa... beshikda go‘dak bola yotardi... Oh, ko‘zlari, yuzlaridagi nafislik menga Uni eslatdi. Beixtiyor yig‘lay boshladim. Negaligini bilmasdan yig‘layverdim... 
Otamning aytishicha, odamlar bizlarni basir deb bilisharkan. Lekin ular ko‘rishni faqat o‘z ko‘zlari imkoniyati darajasida tasavvur qilsalar kerak. Ko‘rish ham his etish va sezish kabi ko‘p qirrali mo‘‘jiza ekanligini tushunmasalar kerak. Lekin biz ham ko‘ramiz, his etamiz, yig‘lab, quvonamiz, sevib, nafratlanamiz, sog‘inamiz, vijdon azobida qiynalamiz... 
Go‘dak muqaddas ma’buda singari ma’sum edi. Uni shunchalar ko‘nglimga yaqin oldimki, hatto unga xuddi butparastlar kabi sig‘ingim keldi. 
Bolaga yaqin bordim. U menga qarab momiq qo‘llarini uzatdi. Zavqim toshdi-da, beshikka o‘ralib chiqdim va ro‘parasiga dumimni tushirdim. Bola dumimni ushlab olishga harchand urinmasin, tutolmay qiyqirardi. 
Birdan ayol kishining qichqirig‘idan cho‘chib o‘zimni ortga tashladim. Ayol menga tomon shaxdam kelardi. Qo‘rqmasdi. Bu qanday jur’at? Onam yodimga tushdi. Bolaligimda qandaydir maxluq uyamizga hujum qilib, og‘a-inilarimni nobud etdi. Yolg‘iz men qolganimda qaydandir onam paydo bo‘ldi va o‘zidan bir necha barobar katta maxluq bilan olishib, uni yengdi. Bu dahshatli manzara hech yodimdan chiqmaydi. 
Endi o‘zim ona qarshisida so‘zsiz ojiz edim, shu tufayli tezda jo‘nab qoldim. Boladan uzoqlashdim va bu yerga yana qaytishimni bilardim. 

* * *

Atirgul tikanining zahri yomon ekanini o‘ylab, tanam tirnala-tirnala ayvonga yaqinlashdim. U jufti bilan uydan chiqib kelib shundoq ro‘paramda suhbatlashdi. Negadir ko‘zlari horg‘in, nigohlari avvalgidek chaqnamas, nazarimda odamlar qavmiga xos tirikchilik yetishmovchiliklari charchatgandi. Undagi tashvish endi menga ko‘chgandi. 
Shu payt ichkaridan bolaning xasta yig‘isi eshitildi va to‘damizning muqaddas xazinasini xotirladim. Miyamga kelgan dahshatli fikrdan qo‘rqib ketdim, ammo o‘ylab yoki hadiksirab o‘tirishning vaqti emasdi. Tezlik bilan yo‘lga tushdim.
G’orning tor yo‘lagi tugab kenglikka chiqishim bilan qo‘riqchi ilon uchradi. Uning oldida xuddi chuvalchangdek edim. Meni tanigach, qayta o‘rniga cho‘zilib, ko‘zlarini yumdi. Toshlar orasida taxlanib yotgan ulkan xazina xuddi yalmog‘izning sovuq ko‘zlaridek yolg‘on jilva qilardi. Beixtiyor ruhim seskanib ketdi. Ilonlar qanday qilib shu sovuq narsadan quvvat olarkin? Nega odam bu yaltiroq matohni sevarkin? 
Men muqaddas xazinadan o‘g‘irlik qildim! 
Bu mening yana bir gunohim edi. 
O’sha kuni Unikiga qorong‘ida bordim. Tong otishini kutdim. Ufq yorisha boshlaganida uyga kirdim. U juftiga teskari – eshik tomonga qarab yotar, hatto uyqusida ham g‘amgin ko‘rinar edi. Shu lahzada unga uzoq tikilib turgim keldi. Lekin buning iloji yo‘q, birpasdan keyin tong otadi. Asta borib og‘zimdagi uzukni yostig‘i ustiga qo‘ydim-da, sekin ortimga burildim. 

* * *

Yigit diydori qalbim va vujudimga qayta kuch berishini his etib, yana qishloqqa bordim. Yashirincha uyga kirdim. Beshikda uxlab yotgan farishtaga termilib to‘ymasdim. Bir payt miyovlab chag‘ir mushuk paydo bo‘ldi. Meni ko‘rmadi shekilli, nariroqdan o‘tib ketdi. Kuzatib turdim: taxmonga yig‘ib qo‘yilgan ko‘rpa-to‘shaklar ustiga chiqishga shaylanardi. Bola uxlayotgan beshik esa taxmon biqinida edi. Mushukka tashlansam u farosatsiz maxluq qochib tepaga intilishini o‘ylab, tezlik bilan hovliga chiqdim-da, o‘choq boshida kuymanayotgan ayol ro‘parasida vishilladim. U sapchib o‘zini orqaga tashladi. Men esa ko‘z oldida uyga tomon o‘rmaladim. Ayol ham ortimdan yugurdi. O’ylaganimday, mushuk ko‘rpalarni beshik ustiga yiqitib yuborgan, o‘zi esa yuqorida bemalol panjalarini yalab o‘tirar, bo‘g‘iq ingalash eshitilardi. Ayol meni ham unutib ko‘rpalarni irg‘ita boshladi. Nafasi qaytayozgan bolasini yechib oldi-da, bag‘riga bosib titrab yig‘ladi. Ko‘nglim taskin topib uydan chiqib ketdim. 
Bir necha kundan so‘ng kelsamki, kechki payt bo‘lishiga qaramay, ayol bolasini ko‘tarib qayoqqadir jo‘nayotgan edi. U juftini tashqariga kuzatib chiqdi. Bolani o‘pib erkaladi va tezda iziga qaytdi. Ancha o‘zgargan, dadil va shod edi. Shundan keyingina atrofdagi o‘zgarishlarni payqab sevindim. Lekin qorong‘i quyuqlashgani sayin ko‘nglimga g‘ashlik cho‘ka boshladi. Yuragim siqilib tomga ko‘tarildim. Tun yarimlab qolsa hamki, bezovtaligim tarqamas, qandaydir katta baxtsizlik ro‘y beradiganday tuyulardi. Xavotirlanib pastga tushdim. Uyga yaqinlashganim sari jonim bo‘g‘zimga tiqilardi. Beshik go‘yo burchakka qisilgancha qo‘rquvdan zir-zir titrayotganga o‘xshardi. Ajablanarlisi, shivir-shivir ovozlar, ingroq tovushlar eshitilardi. Asta yaqin borsam... U... U... ayol bilan... lekin... oh, bu begona ayol edi!.. O’sha ondagi holatimni aytib berolmayman. Yuragim muzday sovidi. Avvalgiday Uni suyib qizg‘anmadim. Faqat cheksiz nafrat ko‘zlarimni qonga to‘ldirdi. Tilim o‘rnida go‘yo alam o‘ynardi. Bo‘g‘ilgancha olg‘a otildim. Hali bo‘yniga tishlarim chuqur botib ulgurmay birdan ayol chinqirib yubordi (nazarimda u meni ko‘rmadi), aqldan ozgan ko‘yi bir xil so‘zni takrorlab shoshib kiyindi va yiqilib-turtinib jo‘nadi. 
Men esa hamon qotib turardim. Qancha vaqt o‘tganini bilmayman. Uy ichi yorisha boshlagach, nafis chehra elas-elas ko‘rindi. Ichimda yana nimadir alanga oldi. Yoniga borib xo‘rsindim. Axir tuzukroq chaqmasimdan nega nogoh joni uzildi? Nega?! 
– Ha, sen necha yillar to‘lib yashading. Sen yutgan azoblar zahrining kuchi bunga qodir edi.
– Gunohim shuki, men insonni sevdim. Uni muqaddas, mukammal deb his etdim. Ammo bu go‘zallik va ulug‘lik ma’budasi ko‘z o‘ngimda parchalandi, quladi...
 Ilonlar suhbat qurgan Ulug‘ odam g‘oridan ajib nur to‘lqini koinot kenglik­lari tomon yoyilib borardi... 

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.