OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gulchehra Asronova. Tog‘lar bag‘rida (hikoya)

Yoz juda issiq keldi. Dadamning tog‘lik eski qadrdoni bo‘lardi, o‘sha kishining o‘g‘li suruvga qo‘shgan jonliqlaridan xabar olgani ikki kunga ketayotgan ekan, bizni ham yo‘l boshlab toqqa taklif qilibdi.
Safar tadorigini ko‘ra boshladik. Oziq-ovqat haqida og‘iz ochgandim, opam malol oldi:
— Sen tog‘liklarni bilmaysan-da! Abdullajon shaharliklar kelishlari bilan xabar bering, mehmon qilaman, deb o‘tgan yildan beri yo‘llaringni poylaydi. Sen faqat issiq kiyim g‘amla, qolganini mezbonga qo‘yib ber.
Ertasi kuni tong saharda opam nabirasi bilan, biz esa oilaviy yo‘lga hozir bo‘ldik. Nihoyat, mashina keldi. Abdullajon deganlari salobatli, tik qarab, shahdam so‘zlaydigan chayir odam ekan. Tog‘ yo‘llariga moslashgan “Jip” nusxa mashinasiga o‘tirib, yo‘lga ravona bo‘ldik.
Ikki-uch soatlar chamasi vaqt o‘tib, tog‘ etaklariga tutashgan manzaralar namoyon bo‘la boshladi. Ko‘p o‘tmay azamat qoyalar safi tobora zichlashib, bir-biriga suyangan ikkita tog‘ning qoq o‘rtasidan o‘tgan yo‘lga kirib bordik. Hayratimiz ortgani sari bolalar Abdullajonni tinmay savolga tutishar, endi na notekis yo‘lning mashaqqatini, na tiqilinchdagi noqulayliklarni sezardik. Boyagina “voy-bo‘o‘, olovu olov! Bugun naq yondiryapti-ku!”, deya ochib yuborgan oynalarimizni taqa-taq yopdik. Vaqt peshindan og‘gan pallada, nihoyat, Abdullajon manzilga yaqinlashib qolganimizni aytdi.
Uch tomondan baland tog‘lar qurshagan joyda, soy shovullab turgan yaylovda kichikkina uycha ko‘rindi. Uning atrofidagi keng maydon mol-qo‘y kirmasligi uchun bel bo‘yi harsang toshlar bilan o‘ralgan, uch chaqirimcha masofani ichiga olgan bu qo‘rg‘on haybatli go‘shada chorsidekkina tuyulardi. Yoshlar mashinadan tushiboq o‘tloq bo‘ylab yugurib, o‘zlarini shovullab oqayotgan soy tomonga urdilar. Shivalab yomg‘ir yog‘ar, yuzimizga urilayotgan muzdek tomchilar battar zavqimizni qo‘zg‘ardi. Shu payt... “Qor!” deb hayqirib yubordi kimdir. Hammamiz osmonga qaradik. Darhaqiqat, mayda tomchilar ko‘z o‘ngimizda qor zarralariga aylana boshladi. Xuddi ertakka tushib qolgandek, kaftlarimni havoga yozdim. Chindanam, qor!!! Yoz chillasida-ya! Boyagina bizni jazirama qozonida kuydirib-pishirayotgan dunyo shumidi?
Bunaqa mo‘‘jizalarning sanog‘i yo‘q edi. Qor bir zumda tinib, quyosh charaqlab ketdi. Bulutlar toqqa to‘sh urib qoq ikkiga bo‘linar, erinchoqlari bir zum qoyalarni bag‘irlab, shu yerning o‘zida qo‘nim topardi. Bir tog‘ning bag‘ri qizimtil, taram-taram jilg‘alari yaltirab ko‘rinadi, birisida esa ko‘m-ko‘k quyuq archazor.
Oqshom cho‘kdi. Ko‘kda yulduzlar shunchalar ko‘p ediki, oy o‘ziga joy topolmay, cho‘qqilar ortidan har zamon mo‘ralab qo‘yadi. Yulduzli tunda soyning shovullashiga quloq tutgancha bu purviqor manzaralarga termilib, xuddi hozirgina dunyoga kelgandek sezarkansan o‘zingni...
Birinchi kuni yo‘l charchog‘i g‘olib kelib, tezda uxlab qoldik.
Tong otdi. Quyosh allaqachon uyg‘ongan, biroq tog‘lar osha bizga ko‘rinish bera olmay halak. Soy suvidan yuz-qo‘llarimiz qaqshab, sovqotdi. Tuni bilan cho‘g‘i o‘chmagan tanchaning tafti jonimizga aro kirdi. Ichkarida biqinib o‘tirganimiz mahal g‘ala-g‘ovur eshitildi, derazadan qarasak, bu yerdagi yagona qo‘shni — Abdulaziz cho‘pon o‘g‘li bilan kelib, Abdullajonga qo‘y so‘yishda yordam berayapti. Xijolat cheka boshladim — tuzukroq tanimagan odaming shunchalik manzirat ko‘rsatsa noqulay bo‘larkan. Ko‘ngli kengligini-chi bularning...
Tushgacha archazor kezdik, keyin soy bo‘ylab sayr qildik, qiyalikdan mitti va rango-rang tog‘ gullarini terdik — esdalikka, gerbariy qilish uchun. Hali-beri uychaga qaytmoqchi emasdik, lekin havo birdan aynib, kechagi tund avzoyini namoyon qildi. “Har kuni bir marta yog‘ingarchilik bo‘ladi, tog‘ning odati bu”, deyishgani rost ekan — panaga zo‘rg‘a o‘tdik ham, yomg‘ir birdan quya boshladi. Sal o‘tmay maydaroq, keyin yirik do‘l donalari maysazorga marjondek to‘kila boshladi. Ajabo! Tog‘ ortidagi hayot qariyb 40 daraja haroratda qovurilayotgan bir paytda biz ayvonda qunishgancha do‘lni tomosha qilardik!
Bu jarayon qanday tez boshlangan bo‘lsa, shunchalik tez tugadi. Ammo havo ancha sovib qolgandi, bir muddat ichkarida suhbatlashib o‘tirishga kelishdik. Hayratlarimiz chegara bilmas, bolalar gal bermay chug‘urlashar, mezbon adog‘siz savollarga zavq bilan javob berardi.
— Bu ko‘rganlaringiz hali holvasi! — dedi Abdullajon, bizni yanada qiziqtirib. — Cho‘qqida qo‘toslar o‘tlab yuribdi. Agar ot minishni bilganlaringda, ho‘v o‘sha tik qoyaga olib chiqardim. U yerda juda ko‘p jonivorlar bor: tulki, bo‘ri, olmaxon, qobon, sug‘ur, eh-he...
— Borsak, ko‘rarmidik?
— Darrov emas-ku, poylab tursangiz ko‘rasiz. Ovni ham asosan o‘sha qoyada qiladilar.
— Siz ham ov qilasizmi?
— Ilgari qilardim, havaskor edim. Endi tashladim.
— Nimaga?
Qizimga hadeb savol beraverish yaxshi emasligini anglatish uchun norozi qarab qo‘ydim. Lekin na u, na Abdullajon bunga e’tibor berdilar.
— Oxirgi marta sug‘ur ovlagandim. Naq peshanasidan otibman. O‘shanda uchinchi sinfda o‘qiydigan qizim Sayqalni ham olib kelgandim toqqa. Bir maqtangim kelib sug‘urni ko‘rsatuvdim, uzoq qarab turdi-da:
— Dada, siz yomon odammisiz? — deb qolsa bo‘ladimi!
Nega, deb so‘rasam, “Ustozimiz mana bunaqa hayvonlarning suratini ko‘rsatib, shunday chiroyli jonivorlarni yomon odamlar otib, qirib tashlayapti, degandilar”, dedi. G‘alati bo‘lib ketdim. Birinchi marta o‘ljamga qarab, ichim achishdi. Shu-shu miltiqqa qo‘lim bormay qo‘ygan.
Ajab... Abdullajonga zimdan nazar soldim. Kelbati otni hurkitadigan, qarashlari o‘tkir, gaplari butun. Shunday alp vujudda shikasta qalb borligiga ishongisi kelmaydi kishining.
Yarq etib chiqqan quyosh nurlari derazadan yog‘ilib, xonani yoritib yuborganida uydan chiqib, yana tog‘lar bag‘riga singib ketdik. Men soyning tog‘ etagiga yondosh joyida, ulkan tosh ustida, kiyikdek sakrab yuqori ko‘tarilayotgan qizaloqlarni tomosha qilgancha o‘tirib qoldim. Chor tarafdan qurshab turgan mahobatli tog‘larga qarab o‘yga toldim. Naqadar ulkan, sobit va mangudir ular! Ayni chog‘da qalbim bu ulkan abadiyat hissini sig‘dirish uchun tobora kengayib borayotganday edi. Go‘yo hayotimdagi shu ikki kun meni yanada ulg‘aytirar, dilimga bepoyonlik baxsh etardi. Shahardagi torgina uyim, har kuni bir xil yo‘l bosib boradigan mo‘‘jaz ishxonam, aksariyat moddiy va mayda tashvishlarim bois torayib ketgan botinim chegaralari chilparchin bo‘lar, tog‘lar yuragimga bostirib kirardi go‘yo. Zabardast qoyalar qarshisida hayot va abadiyat haqida o‘y surar ekanman, birdan his-tuyg‘ularimga oydinlik indi — Abdullajonning qo‘lidan qurolni tushirib yuborgan tuyg‘u shikastadillik emas, olijanoblik bo‘lsa, ne ajab! Menga azim tog‘lar orasida kishi ruhiyati-da ularga taqlidona nimadir yuksalib borishini, tafakkur mezonlari bepoyon kengliklarga tutashib ketishini anglatar edi.
Jo‘ngina hayotimizga ertakona lahzalarni baxsh etgan ikki kun poyoniga yetdi. Ketish kerak... Istar-istamas, bu jannatmonand go‘shani ko‘zimiz qiymay taraddudlandik. Shunda ham, yuklarni joylay turib, mehmonlardan bittasi bir oz noligan bo‘ldi:
— Aloqa yo‘qligi chatoq ekan-da. Ikki kun hech kim bilan xabarlashmadik. Cho‘qqilarning bittasiga antenna o‘rnatilsa bo‘lmasmikan-a?
Abdulaziz aka jilmaygancha bosh chayqadi:
— Bo‘lmaydi. Unaqada odam bosib ketadi-yu bu yerlarni. Avval antenna o‘rnatishadi, keyin uy qurib, elektr olib kelishadi. Ana undan keyin archalarni kesib yoqishadi, jonivorlarni qirishadi, suvga to‘kindi tashlashadi… Bu yerlarni odamlardan qizg‘onyapti deb o‘ylama. Axir, qaerdadir tabiat shundayligicha qolishi kerak-ku?
Cho‘pon haq edi. Atrofga nazar solib, ikki kunlik tashrifimizning bir nechta oqibatlarini ko‘rdim: supurindi, po‘choqlar, har yonda uchib yurgan yelim xaltachalar… Atiga ikki kungina yashab, bizga boshpana bergan xilqatning pok bag‘rini bulg‘ashga ulguribmiz. Bu go‘shaga onda-sonda, yilda bir-ikki martagina mehmon keladi, deyishgandi. Shunisi ma’qul ekan… Tabiatning daxl qilinmagan puchmoqlari bo‘lishi, ko‘proq bo‘lishi kerak!
Yo‘lga tushdik. Qiyalab borayotib archazorga juda yaqin kelgan ekanmiz, kimdir shodon qichqirib yubordi:
— Qaranglar, olmaxon!
— Qani?
— Ana, ana!
— Yo‘q, bu olmaxon emas!
Zangorlik bag‘rida bir-ikki ko‘rinish bergan chapdast jonivorning asli nimaligini anglayolmadilar. Men ich-ichimda bu o‘sha sug‘urning omon qolgan bolasi ekanligiga ishongim kelar, endi unga qaratilgan miltiqlar soni bittaga bo‘lsa ham kamaygani haqida o‘ylar edim.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 21-son

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.