OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gulchehra Asronova. Ustun (hikoya)

– Ertaga tongda uyda bo‘laman. Tayyorgarligingni ko‘raver!
Maryam hayajonini arang bosib xayrlashdi-da, yosh boladay irg‘ishlaganicha telefonni bag‘riga bosdi. “Ertaga! Ertaga tongda!”
Xorijga ishlagani ketgan erining shu so‘zlarini ikki yildan ortiqroq kutdi. O‘g‘ilchasi yugurib yuribdi, hali otasini ko‘rmagan. To‘ylaridan keyin rosa bir yil kuttirgan xushxabar ishlagani ketganidan keyin, telefon orqali aytilgandi. Mana o‘sha bola – to‘tiqushdek “dada” deyishni o‘rganib olganu, “dada”ning kimligini bilmaydi. Juda bijildoq, shirintoy bo‘lgan. Hali Sardor akasi bir ko‘rsin, dunyoni unutib yuboradi!
Maryam “ertaga tongda” degan muddat bunchalar uzun bo‘lishi mumkinligini tasavvur ham qilmagan edi. Na uxladi, na ovqat yedi. Kutish azobining shu qadar shirinligini ham endi bildi...
Ko‘hlikkina qiz edi Maryam. Otasining qattiq­qo‘lligi, uchta pahlavon akaning tergashlari sabab, biron yigit unga ko‘ngildan gap ochmagan. Tabiatan itoatkor qizning o‘zi ham oshiq-ma’shuqlikni xayolining ko‘chasiga yo‘latmay, taqdirning hukmini kutdi. Otasi ro‘yxushlik bergan odamga turmushga chiqdi. Va... chin dildan unga bog‘lanib qoldi. Shuncha yil asragan tuyg‘ularini zarra-zarrasigacha Sardorga bag‘ishladi. Keyin bu ayriliq... Baribir u baxtiyor edi. Bir odamni sog‘inib, kutib va umidvor bo‘lib yashash ham baxt ekan. Sardor akasi kelsin, unga juda ko‘p gaplarni aytadi. Shu paytgacha hech kimga aytmagan, qalbining tub-tubida asragan gaplarini...
Sardor tong pallasi, kutib olish uchun yo‘liga chiqqan do‘sti Murodjon bilan kirib keldi. Maryam eng oxiri, qo‘l uchida ko‘rishdi-yu, eriga bolani uzatdi. Bu lahzalarni qancha kutgandi-ya! Nihoyat, nihoyat! Lekin ko‘pchilikdan iymanib, hatto erining yuziga tuzukroq qaramay, dasturxon tuzashga kirishib ketdi.
Keyinroq, oshxonada yolg‘iz qolganida deraza ol­dida turib zimdan kuzatdi: Sardor akasi yanayam ko‘rkamlashib ketibdi. Ovsinining gapiga kirib yan­gi ko‘ylagini kiysa, pardoz qilib olsa bo‘larkan. Qay­notasidan uyaldi-da...
Uylaridan kun bo‘yi keldi-ketdi uzilmadi. Oq­shom cho‘kkan, bolalar uxlab, kattalar so‘rida gurung­lashib o‘tirishgan payt Murodjon ketishga shaylandi.
– Yur, bitta chekaylik, keyin ketaverasan, – dedi Sardor uni bog‘ tarafga boshlab.
Maryam choyni yangilab keldi. Pishillab uxlayotgan o‘g‘ilchasining yoniga o‘tirib, boshini sekin silab qo‘ydi. “Tentakvoy, otangdan yotsirab, yoningga yo‘latmading-a. Hechqisi yo‘q, hali o‘rganib ketasan. Endi dadangni hech qayoqqa yubormaymiz. Axir nima kamimiz bor? Dadang ishiga qaytadi, keyin doim birga bo‘lamiz”, o‘yladi yuragi orziqib.
– Kelin, – chaqirdi qaynotasi, – Murodjonga qay­ta-qayta qo‘ng‘iroq qilishdi, oborib bering telefonini. Tag‘in biron zarur ishlari bo‘lmasin.
Maryam telefonni olib, boqqa ichkariladi. Ikki do‘st olmazordagi ko‘cha chirog‘i tushgan nimyorug‘ joyda tamaki tutatib turishar, Sardor nimalarnidir berilib gapirardi. Naqadar yoqimli uning ovozi! Bu fusnkor visol kechasida hamma narsa go‘zal, huzurbaxsh edi. Vujudiga sizib kirib, qalbini erkalayotgan tovushga mahliyo bo‘lganicha, nogahon suhbatning bir uchini eshitib qoldi.
– Xullas, nima qilmoqchisan?
– Ko‘p o‘yladim, do‘stim. Endi ularsiz yasholmas ekanman. Ayrilishni istamayman.
Maryam to‘xtab qoldi. Yuragi ko‘ksidan otilib chiq­qudek ura boshladi. “Men ham endi sizsiz bir kun ham yashashni istamayman, Sardor aka! Endi bizni tashlab ketmang! Ketmaysiz-a?”
– Attang, – dedi Murod nimagadir. – Yaxshi ish bo‘l­mapti. Kim o‘zi u, o‘rismi?
– Ha. Oti Lena. Bir ko‘rsang edi uni, meni tushungan bo‘larding. Telefonda rasmlari bor, hali ko‘rsataman. Yashash nimaligini endi bildim! Lekin o‘g‘limning otini o‘zbekcha qo‘yganmiz, quyib qo‘ygandek o‘zim.
Maryam bir dam karaxt turib qoldi: “Nima? Qa­naqa... Lena? Qaysi o‘g‘il?”Boyagina gupurlayotgan yuragi go‘yoki urishdan to‘xtadi.
– Maryam-chi? O‘g‘ling-chi?
– Javobini beraman. Lena uchun o‘nta Maryamdan kechaman kerak bo‘lsa! Shuyam xotinmi? Faqat bola... oyog‘imga tushov bo‘lmasaydi.
Oraga sukunat cho‘kdi.
Nimadir shitirlab ketganidan Murod hushyor tortdi.
– Bu atrofda kimdir borga o‘xshaydi. Yur, ichkariga kira qolaylik.
Ular yana hovli tomon yurishdi. Sardor nogoh bir chekkada ustunday qaqqayib turgan Maryamga turtinib ketdi.
– Iya, bu senmi? Men qanaqa ustun ekan deb o‘y­labman.
Sardor o‘z gapidan o‘zi zavqlanib hiringlab kuldi.
Maryam javob bermadi. Uning nigohlari tubsiz zulmat qa’riga qadalib qolgan edi.

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 3-son

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.