OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gulnoza Ernazarova. Erkak (hikoya)

Ellik to‘qqiz. Otasi ham, akasi ham shu yoshda ketgan. Kecha u ham ellik to‘qqiz yoshini nishonladi. Agar u ham... o‘limga yetib keldimi?
Boshini yostiqdan uzib olishga kuchi yetmadi. Qurib qolgan tomog‘i g‘alati tirishib og‘rir, xuddi vujudidan irkitlik taralayotganday o‘zidan jirkandi. Boz ustiga xotinining shang‘illashi lo‘qqillayotgan boshiga gurzi bilan urgandek bo‘ldi. Kelin olgandan buyon boshining tepasiga qo‘yiladigan bo‘lgan choynakka umidvor qo‘l uzatdi, muzday taxir choyni huzur qilib shimirdi. Sal epaqaga kelganday bo‘ldi. Ezilgan tanasini arang ko‘tarib yuvinish xonasiga o‘tarkan, oshxonaning lang ochiq eshigidan bo‘ylab qaradi: baqaloq xotinining yarim gavdasi muzlatkich ichida, yarmi muzlatkichdan xunuk chiqib turar, ovozi muzlatkichning g‘irillashiga qo‘shilib irillash bo‘lib eshitilar, kelini qo‘lidagi tarelkani kafti bilan sidirgancha mulzam turardi. Bir xayoli indamay o‘tib ketay, ayollarning vag‘ir-vug‘uriga aralashmay dedi-yu, biroq daf’atan quloqlariga urilib boshini, nainki boshi, butun tanasini zirqiratayotgan bu ovozni o‘chirish, muzlatkich eshigiga tiqilib qolgan baqaloq gavdani bir hamla bilan yanchib tashlash istagi ustun keldi.
– Ha, – dedi ko‘rinish berib, – nima gap, ertalabdan shang‘illaysan? He, enangni seni, palakat... – Xotinining nimadir deb e’tiroz bildirmoqchi bo‘lib juftlagan og‘zi hayratdan qiyshaygan joyida o‘dag‘aylab yana qamchi bosdi. – O‘chir, ovozingni, birovni bolasini buncha ezasan. Har kuni shu ahvol-a, indamasam o‘zingdan ketding, – bahonada ming yillik alamzadaligini qusib tashlamoqchi bo‘ldi – portladi, – o‘zing nimani qoyillatgansan, cho‘chqa?! O‘chir! Yana g‘ing degan ovozingni eshitay, enangni ko‘rsataman! Ahmoq...
Xotinining dum-dumaloq shardek gavdasi dami chiqqan pufakdek shalviradi, pishillash aralash norozi g‘o‘ng‘illash yuvinish xonasiga eshitilgandi, yana tahdidli tomoq qirdi, ovoz o‘chdi. Oyna oldida betiga ko‘pik surib soqol olishga taraddudlanarkan, o‘z ishidan mamnun iljaydi. Ichidagi badbo‘y quyqani to‘kib tashlaganday bosh og‘rig‘i ham yo‘qolgan, allaqanday yengil tortgandi.
Tug‘ilgan kun munosabati bilan sotib olgan yangi kostyum-shimini kiyib chiqib, “yigitlarday qarsillab” jimjit hovli o‘rtasida birpas nima qilishini bilmay turdi-da, “Yigitlarday qarsillaysiz, zo‘rsiz, xo‘jayin!!” – deb qiyshanglaydigan xotiniga “zo‘r”ligini ko‘rsatgani esiga tushib, indamay garajga kirdi. Ko‘proq ichgani sabab qo‘li qaltirab, boshi aylanganday tuyuldi, mashinasini haydashga yuragi dov bermadi. Poyi piyoda ishga otlandi. Ko‘cha boshida birorta tanishga ilashib ketish umidida qaqqayib turgandi, baxtiga “Matiz” rusumidagi mashina sekinlab to‘xtadi, oynasi tushib, kulcha yuzli juvon jilmayib takalluf qildi:
– Salom, qo‘shni. O‘tiring, tashlab qo‘yaman.
– Va alay... yo‘g‘e, ovora bo‘lmang. Bir o‘rtog‘imni kutayapman, siz bemalol.
– Shunaqami? O‘rtog‘ingiz keladigan o‘rtoqmi? – ayol jilmaydi, yuzida kulgichlari bor edi. Mashina eshigiga qo‘lini yubordi-yu, umrida ayol kishi boshqargan mashinaga chiqmagani uchunmi, yana qaytdi:
– Uzr, men boshqa tomonga borayotuvdim.
– Ie, qo‘rqayapsizmi? – Ayol xandon kuldi. – O‘tiringe, afandi ekansiz-ku. Men xalq bankida ishlayman, sizlar bilan yonma-yon, boradigan manzilimiz bir yerda.
– Shunaqami, yaxshi ekan-da – dedi g‘o‘ldirab. Endi bahona qolmagandi. Noiloj orqa o‘rindiqqa cho‘kdi. Ayolning chehrasiga zimdan tikilib qaradi, avval ko‘rganini eslolmadi, biroq negadir bu chehra juda tanish, to‘g‘rirog‘i, qadrdon tuyuldi, xuddi avval juda yaqin bo‘lishganday. Indamay ketishdi. Ishxonasi oldida tusharkan, qo‘lini shimining cho‘ntagiga suqdi. Ayolning norozi, og‘ringan nazarini his etib, qo‘lini cho‘ntagidan sug‘urmay minnatdorchilik bildirdi:
– Rahmat, mashinani juda chiroyli haydarkansiz, sog‘ bo‘ling.
Ayol diltortar jilmayish hadya qildi-da, ketdi. Tamom. Bor-yo‘g‘i – shu. Biroq uzzu-kun allaqanday g‘alati, tushuntirib bo‘lmaydigan kayfiyatda yurdi. Kimnidir sog‘inayotgandaymi, kimdir uni chorlayotgandaymi, nimanidir yo‘qotgan-u, yo‘qotgan narsasining nima ekanligini topa olmayotgandaymi... bir g‘ayri, ajabtovur holdan chiqa olmadi. Uyiga qaytarkan, yo‘lning narigi tarafidagi hashamatli bino oldida turgan qo‘ng‘izmonand mashinani ko‘rdi. Ayolning chehrasi yodiga tushdi.
Xotini hovlida ko‘rinmadi. Oshxonada timirskilanib yurgan kelin hol so‘radi, ovqat suzib berdi.
Yonboshlab telekanallarning birini qo‘yib, birini ko‘zdan kechirayotgandi, o‘g‘li televizor ko‘rish bahonasida yoniga kelib o‘tirdi, xotini damlab kirgan choyni qaytardi. O‘g‘lining yelkalari keng, kipriklari uzun, chiroyli ko‘zlari rahmatli amakisinikiga o‘xshaydi, hatto chordana qurib o‘tirganda bot-bot tizzasini silab qo‘yish odati ham xuddi amakisinikiday. Chehrasi horg‘inmi, nimadandir xafadaymi, ezgin ko‘rindi. “Ishing yaxshimi? Qiynalmayapsanmi? O‘rganib ketdingmi?” deb hol so‘ragan bo‘ldi. Yaxshi ekan. Televizorga ko‘z tikkancha gap-so‘zsiz, o‘z xayollariga bandi bo‘lib o‘tirishdi. O‘g‘li bir-ikki besaranjom qimirlab qo‘ydi, nimadir demoqqa chog‘landi. Xo‘rillatib choy icharkan, o‘g‘lining nima demoqchiligini fahmlab g‘ashlandi. O‘g‘li ingichka barmoqlari bilan piyolani o‘ynab o‘tirdi-da, nihoyat tilga kirdi:
– Onamni davleniyasi... – Gapning davomini eshitishni istamadi:
– Sen aralashma, battar bo‘lsin. Ertalabdan shang‘illaydi, charchamaganini... Ihm, ahmoq xotin... – O‘g‘li baroq qoshlarini chimirdi, otasining gapini yoqtirmayotganini bildirmoqchi bo‘lib, televizorga qadaldi, yuz muskullari uchayotgani sezildi, “xuddi akamga o‘xshaydi, umri o‘xshamasin, tez jahli chiqadi... Zorlangan olashaqshaq. Endi bu kishim onasini otasidan himoya qilayaptilar. He, seni o‘sha onangniyam...” Ota bo‘lib o‘g‘liga ko‘ngil yormagan, o‘g‘lining ham ko‘ngliga qo‘l solmagan odam negadir shu topda u bilan dardlashgisi kelib qoldi. O‘g‘li mo‘min-qobil, aqlli, mehribon, balki tushunar: “Men ana shu ayol bilan senlarni deb birga yashadim, ko‘nglim asliyam bo‘lmagan, befarosatligiyu vaysaqiligi bilan o‘zidan sovutdi. Semirib ketganini qara, kelin olib umuman qimirlamay qo‘ydi. Erkak bo‘lib nima ko‘rdim, ayolimga ko‘ngilsiz yashadim-a... peshonamning sho‘ri bor ekan. Mana ellik to‘qqiz ham kelib turipti”... Yo‘q, bo‘lmadi, ich-etini kemirayotgan ming yillik norozilik dardini qamagan xumning og‘zini ochishga madori yo‘qligini sezdi va: – Bor, o‘g‘lim, uxla, kech bo‘ldi, – dedi horg‘in uf tortib. O‘g‘il eshik oldida bir oz taraddudlanib turdi-da:
– Kasalxonaga yotqizaman, juda mazalari yo‘q, – dedi ming‘irlab. Indamadi, televizorga termilgan ko‘yi boshini qimirlatib qo‘ydi.
Tush ko‘ripti. Yigirma yilcha avval Zulfiya degan bir qiz amaliyot o‘tagani ishxonalariga kelgandi. O‘sha qizni qo‘lidan ushlab ketayotganmish. Butunlay unutib yuborgan edi. Nega tushiga kirdi? Yodiga tushdi: yuzida kulgichlari bor edi. Kecha mulozamat ko‘rsatgan ayolning kulgichlariday chiroyli kulgichlari bor edi...
Mashinasini qizdira turib, xotini yotgan xonaga bosh suqib hol-ahvol so‘rash kerakmidi, degan o‘y o‘tdi ko‘nglidan va o‘sha zahoti xotinining ko‘rpaga o‘rangan gumbazday tanasi ko‘z oldiga keldi: “arzimaydi, – deb o‘yladi, – arazlashiga balo bormi, yuraver hech nima bo‘lmaganday, terisi yupqa bo‘lib qoptimi? Hiylagar! Ozish kerak! Indamasam kelinga oyog‘ini yuvdiradi, jodugar! O‘zini kasalga soladi, endi o‘g‘lini eshak qilib minadi bu, aslida, yigirma yil avval eshikni bir tepib chiqib ketishim kerak edi... Zulfiya meni yaxshi ko‘rardi... Shundoq sezilib turardi, ichimga olov yoqqan aka-akalab... bolalarim, el-urug‘im dedim-a?” Darvozani taraqlatib ochdi: – Kelin, eshikni qulflab oling, – deb baqirdi, alami tarqamadi, oshxonadan yugurib chiqqan keliniga xotini eshitsin uchun baland-baland gapirdi: – Ayting ana unga, yotmasin masliqqa o‘xshab, o‘zi hiqildog‘imga kelib yuripti, yomon qilaman, yolg‘on kasal bo‘laverib semirib ketdi... Mashinasi eshigini qarsillatib yopib o‘tirgandan to ishxonasigacha ham o‘qtin-o‘qtin so‘kinib bordi. Ishxonasi oldiga to‘xtadi-yu, kechagi ayolni ko‘rish istagida bank binosi oldidagi mashinalarga razm soldi. Ko‘rinmadi. Tushgacha nari-beri ishlagan bo‘ldi, xayoli yoshlik ko‘chalarida sargardon yugurdi. Otasining amri bilan uzoq qarindoshning qiziga uylangani, uning hech narsaga uquvi yo‘qligi, maza-matrasiz gaplaridan qochib nuqul shaharga ketavergani, otasi kelinini ergashtirib kelib, urishib so‘kib tashlab ketgani, hayot shu ekan deb yashab ketaverganini esladi. Yana yodiga Zulfiya tushdi: Xat yozgandi-ya, ochiq qilib “yaxshi ko‘raman sizni, keling, Chamanda birga yashaymiz, arxivda ishlayapman" deb. Hozir borsa, qidirsa toparmikan? Topsa topar, topmasa ko‘nglini yozib keladi-ku. Shu vajohat bilan tushlik ham qilmay mashinasiga o‘tirdi-yu, Chaman qaydasan deb yo‘lga tushdi. Yuz chaqirim nima degani, ming bo‘lsa ham boraman deb shahd qildi. Kuzning tarovati, bahorning nafasini eslatadigan yoqimli havo, ravon yo‘l ko‘ngliga orom berganday bo‘ldi. Katta-katta harflar bilan “Chaman” deb yozilgan shahar darvozasi oldida to‘xtadi. O‘z ishidan zavqi keldi. “Nimaga keldim? Yigirma yil avval arxivda ishlaganidan boshqa hech nimani bilmasam, topsam ham meni tanirmidi, yigirma yildan ham ko‘p bo‘ldiyov... Biror dardi bor desa kerak... avval topay-chi... topsam topdim, topmasam ham qaytib ketaveraman, bir ko‘ngilni chigilini yozdim-da... Sayr ham sayohat, sargardonlik ham sayohat”... So‘rab surishtirib shahar arxivini topdi, ko‘rimsizgina bino ekan, atrofga alanglab biror kishi chiqsa so‘rarman deb turdi, hech kim ko‘rinavermagach, “bor nima bo‘lsa, bo‘ldi”, deb ichkariga kirdi. Ichkari tashqaridan ham abgor edi. Mog‘or va eski qog‘oz hidi dimog‘iga urildi. Yo‘lak nimqorong‘i, odam borga o‘xshamaydi. Oldinga ildamladi, orqadan shippakning shippillashiga o‘xshash ovoz keldi, to‘xtab ortiga qaradi, yosh qiz choynak ko‘targan ko‘yi yaqinlashardi. Salomlashdi. “Qizim, shu yerda Zulfiya degan ayol ishlamaydimi?” deb so‘radi uning savolomuz nigohiga javoban, qizning yuzidagi alomat o‘zgarmadi, “qirq-qirq besh yoshlarda” deya ilova qildi.
– Bitta Zulfiya opa borlar, boshlig‘imiz. – Qiz buxorocha talaffuzda gapirardi:     
– Zulfiya Mahmudovna, shu kishi emasmi so‘rayotganingiz?
– Otasining ismini bilmayman, balki shudir, – dedi shahdi pasayib.
– Haylo, ana u xona, – qo‘li bilan yo‘lak oxiridagi xonani ko‘rsatdi. Negadir oyog‘i og‘irlashdi, hatto birdan orqaga qaytmoqchi ham bo‘ldi, biroq joyidan jilmay uning xatti-harakatini kuzatib turgan qizning nigohlari ta’qibidan qochib ilgarilashdan boshqa iloji qolmadi. Eshikni o‘ziga tortib, “mumkinmi?” deya ichkariladi. Xona binoga ham, yo‘lakka ham tamoman teskari: keng, yorug‘ va ozoda edi. Chap tarafdagi katta-katta ikkita derazadan kuz quyoshining nurlari to‘kilib turar, o‘ng tarafdagi katta tuvakda xitoy atirguli qiyg‘os ochilgan, to‘rdagi deraza tokchasiga terilgan turli gullar barq urib yashnardi. Stolga muk tushgancha o‘qiyotgan ayol boshini ko‘tarmay: – Kiring, – dedi. Bu Zulfiya emas edi. Zulfiyaning sochlari kalta qilib kesilgan, ajabtovur turmakda, ikki chekkasidagi zulflari iyaklariga tegib turardi. Bu ayol esa sochlarini silliq qilib taragan, orqasiga turmaklagan edi. Ayol hamon boshini ko‘tarmas, nimanidir hijjalab o‘qirmidi, yamayotganmidi, diqqatini chalg‘itishni istamadi. Xijolat tortdi, indamay sekin ortiga chekindi, eshikni itarib ochgandi hamki: – Nima ishshiyiz bor? – degan ovoz keldi ortidan. Ichi muzlab, tizzasi qaltirab ketti: bu Zulfiya edi. U, faqat u xuddi shunday qilib “ishshiyiz” derdi. O‘girildi. Ayol boshini ko‘tardi. Tanidi. Bir necha uzundan uzoq daqiqalardan keyin ayol o‘qday otildi u tomonga, u ham beixtiyor quchog‘ini ochdi. Ayol uning qarilik nuqsi urib po‘rsillay boshlagan yuzlariga hamon tarovatini yo‘qotmagan lablarini bosib-bosib o‘pdi, negadir yig‘ladi, ko‘zyoshlari lablariga tegdi, ayoldan kelayotgan atir hididan boshi aylandi. O‘tirdilar, hol-ahvol so‘rashdilar, odatdagiday bolalariga qiziqdilar. Zulfiyaning eri tish do‘xtiri, ikkita qizlari bor ekan. Shosha-pisha hayotidan boxabar qilgan bo‘ldi, noroziga o‘xshamadi. Bir oz to‘lishibdi, lekin bu to‘lishish yarashgan, hayajondan qizargan yuzidagi kulgichlari uni yana ham zebo qilgandi. Botayotgan kuz quyoshining qip-qizil nurlari derazalardan oqib kirdi, ketishga taraddudlandi:
– Shu yerlardan o‘tayotuvdim, sizni ko‘rib ketay dedim, endi men boray. – Zulfiya avval ham tortinchoq emas edi, endi yana ham shaddod bo‘lipti, qo‘lidan mahkam ushladi:
– Sizni osongina qo‘yvormayman, bir piyola choy ichmasdan-a? Oldiginamizda qahvaxona bor, shu yerda o‘tiramiz. Qachon men qo‘yvorsam ketasiz, – dedi entikib. Bu iltifotdan yuragi orziqdi, o‘ttiz yoshli o‘ktam davrlariga qaytganday, hech qachon o‘lmaydiganday vujudi kuch-g‘ayratga to‘ldi. Bir dona chiroq xira yoritgan qorong‘i yo‘lakda ayolning qo‘lini mahkam qisib qo‘ydi, u ko‘zlarini suzib jilmaydi, kulgichlari dilini o‘rtadi.
Qahvaxona nimqorong‘i va bir oz dim edi. Ovqat buyurdilar. Ilk bora uchrashganlariga yigirma to‘rt yil bo‘lipti, vaqtni orqaga qaytarishdi. Kunma-kun o‘sha kunlarni yashadilar go‘yo. Zulfiya ham, u ham nolinishmadi.
– Meni hech esladingizmi? Sog‘indingizmi? – deb so‘radi ayol.
– Eslaganim, sog‘inganim uchun shu yerdaman-da, – deb yolg‘on gapirdi. Ayol minnatdor jilmaydi. Qahvaxona yosh-yalanglar bilan to‘ldi. Rangli chiroqlar musiqaga monand o‘chib yona boshladi. Zulfiya “isib ketdim” deb ko‘ylagi ustidan kiygan yengil kostyumini yechdi. Ko‘ylagi yengsiz edi. Beixtiyor ayolning ochiq, oppoq bilaklariga qaradi. Bu bilaklar tasavvuridagidek tarang emasdi. Qarimsiqlasha boshlagan eti allaqanday so‘lqillab, osilib turardi. Negadir birdan enasini esladi. Uning biror ish qilganda keng yenglarini shimarib olishi va bilaklarining eti xuddi shunday, to‘g‘rirog‘i, bundan battarroq burishib so‘lqillab turishi yodiga tushdi. Ko‘ngli ag‘darildi. “Men hozir”, dedi-yu, tashqariga chiqdi. Toza havoda birpas turdi. Eshik oldida uni poylab turgan dastyorni chaqirib, hisob-kitob qildi-da, mashinasiga o‘tirdi. Mashinasini yo‘lga to‘g‘irlab so‘nggi bor qahvaxonaga qaradi: Zulfiya qahvaxonaning katta oynasi ortida unga ma’yus jilmayib turardi.
Yo‘l ravon, havo musaffo edi. Mayin shamol yuzini silar, dilini allalardi. Uyiga qaytgisi kelmas, bu yo‘l hech qachon tugamasligini istardi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 2-son.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.