OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gulnoza Mamarasulova. Ayriliq (hikoya)

Choshgoh.
Keng hovli o‘rtasidagi o‘rik daraxti tagidagi supachada aka-uka tortishardi.
– Nima?!. Otamni o‘zi shunday deptimi-a? Uylanarmikan?! Qariganida-ya... Bu nimasi endi? Yo Xudo, qishloqda shu gap yetishmayotuvdi o‘zi. Ana sharmandalik, e, qo‘ysang-chi, yana hazil qilayotgan bo‘lma, – deya qo‘lidagi do‘ppisini g‘ijimladi aka.
– Hazil emas, chin. Oqsoqolning gapini eshitganim­da og‘zim ochilib qoldi o‘ziyam. Nima deb javob berishniyam bilmay qoldim. Keyin, mayli, maslahat qi­laylik-chi, deb qo‘ya qoldim.
Shunday der ekan, uka daraxtga suyanib qoldi. So‘ng kalishini yechib, ichiga to‘lgan tuproqni yerga urib qoqdi. Peshonasidagi reza-reza terni bo‘yniga doim tashlab yuradigan ro‘molga artib qo‘yar ekan, nogoh onasini esladi.
Eh, qaniydi, onasini yana bir bor ko‘rsa, bag‘riga bosh qo‘ygancha, diydoriga to‘yarmidi?.. Mana uch yildirki onasi yo‘q. Uch yildirki, onasining uydagi, qishda paxta chigitlab, yozda ip yigirib o‘tiradigan joyi bo‘m-bo‘sh.
Kichik o‘g‘ilning ko‘zi sog‘inchdan yoshlandi. Lekin buni akasiga bildirmaslik uchun o‘rnidan turdi-da, ketmonni yelkasiga tashlab, tushlik ham qilmay dalaga otlandi.
– O‘zing nima deysan, balki oqsoqol haqdir, – deb ortidan ming‘irlab qoldi to‘ng‘ich.
Akasining bu gapi uning yuragini kuydirdi. Nimalardir demoqchi bo‘ldi-yu o‘zini to‘xtatdi, axir akasida ayb yo‘q-ku, umuman, birovni ayblab o‘tiradigan payt emas.
Bepoyon dala… Koshki shu dalalar onasini es­latmasa. Bu tuproq onasining peshona teri bilan su­­g‘o­rilmaganmi axir?! Har bir yashil o‘t-o‘lanu giyoh­lar onasidan esdalik, uning bosgan izlaridan unib chiq­qan.
O‘g‘il ketmonni yerga bir-bir urib chopar ekan, ko‘z oldida onasi, olis o‘tmishi gavdalanaverdi. Qo‘li ish­ga bormadi.
Bolalik davrlari…
Kunning qizig‘ida yurmasin, boshidan kun o‘tadi, deya onasi uni uyda, enasining yonida qoldirar edi. O‘zi esa anchayin ulg‘ayib qolgan bolalari bilan quyosh ayovsiz olov purkab turgan dalaga ketardi. Qani endi kenjatoy uyda indamay qolaversa, menam qolmayman, dalaga boraman, deya xarxasha qilishi olamni buzgudek, qari enasining hay-haylashiga ham qaramay, aka-opalarining ortidan chopardi.
Eh, ona-ya ona, o‘g‘lini bu ishi uchun koyigani bilan, yelkasiga opichlagancha barcha dala ishlarini shu ko‘yi bitirar edi. Bolasini opichlagancha, paxtayam terardi, chopig‘am chopardi.
Onasining joni toshdan qattiq bo‘lgan-da o‘ziyam. O‘shanda onaning qadriga yetmagan ekan. Oldingda oqqan suvning qadri yo‘q, deb shunga aytishgan. O‘g‘ilning hech yodidan ketmaydi; bolaligida sho‘xlik qilib, onasini qattiq ranjitib qo‘ygandi.
Ularnikidan ikki-uch uy narida Xolmurod bova turardi. Negadir yolg‘iz yashardi. Aytishlaricha, ancha yillar oldin uyiga o‘t tushib, kuyib kulga aylangan ekan. Xotini va bolalari yong‘inda vafot etishgan ekan. Faqatgina bovaning o‘zi tirik qolibdi. Haliyam o‘sha yong‘in tufayli yuzlarida kuyik izi qolgan.
Xullas, Xolmurod bovaning toklari qiyomat meva soldi. Qishloqdagi barcha uylar qatori bovaning hov­lisiyam devor o‘rnida nomiga shox-shabbalar bilan aylantirib chiqilgan edi. Marjonday tizilib turgan uzumlar shodasi o‘tgan-ketganning ko‘zini o‘ynatar edi.
Xolmurod bova tok soyasidagi temir karavotida, bir otim nosni tili tagiga tashlab olib, uzumlarini qo‘riqlab yotardi.
“Bova, uzum yeylik!” deya so‘rab kelgan bolalar, ena­sining uchqo‘rg‘onini ko‘rardi: yo yaxshilab kaltak yerdi, yo bo‘ralatib so‘kish eshitar edi. U yomon chol emas, faqat o‘larday ziqna edi.
– Shuncha uzumni nima qiladi, bekorga daydi qush­lar cho‘qib tashlagach, arilar huzurini ko‘radi. Undan ko‘ra, shu bolalarga bersa, savobi tegadi-ku qurmag‘ur cholga, – deb qayg‘uradiganlar chiqardi qishloqdan. Bun­day uzunquloq gaplar bovaning qulog‘iga chalinib turardi albatta, lekin foydasi yo‘q. Bovaning o‘zi aytmoqchi, “menga o‘ziyam chepuxa, gapiyam”.
Bir kuni Xolmurod bovaning uzumlariga rosa ishqi ketgan to‘ng‘ich va kenjatoy o‘g‘il bog‘ga kelishdi. Bovadan bir-ikki bosh uzum so‘rashmoqchi edi, xolos. Ikkalovining uzum so‘rashga iymanibgina bir chekkada turishini ko‘rib, noto‘g‘ri tushungan chol yumshoqlik bilan: “Kelinglar, uzum beraymi, kelaveringlar! Ana, to‘ygunlaringcha yenglar!”, dedi. So‘ng og‘zidagi nosini tupurishga chog‘landi.
Ana Xudo berdi! Uning bunchalik saxiyligidan na quvonishni va na cho‘chishini bilmagan bolalar, sekin kelib tortinibgina shoxga qo‘l cho‘zgan edi hamki, bova ularni savalay ketdi.
Keyin bolalarni onasining oldiga sudrab bordi.
“O‘g‘rivachchalaringni yig‘ishtirib ol! Tarbiyalash qo‘lingdan kelmasa, o‘zim tarbiyalab qo‘yaman, tufe-ey senlarga!”, “Baribir otangga tortibsanlar-da, ming qilsayam, mol egasiga o‘xshamasa harom o‘larkan”, deb zahrini sochdi aka-ukalarga o‘qrayib.
Avvaliga hech nimaga tushunmagan bolalar boya bovaning tuzog‘iga tushib qolganligini kechroq angladilar.
– Cho‘loq, – deya qichqirib yubordi to‘ng‘ich cholning ortidan, onasining bir ahvoldaligini ko‘rib.
Bova boyagi gaplariga bir yil oldin o‘g‘irlikda ayblanib, tuhmat bilan qamalib ketgan bolalarning otasini nazarda tutayotgandi. Ayniqsa begunoh farzandlarini “o‘g‘rivachcha” deya haqoratlagani onaning jon-jonidan o‘tib ketdi.
– Uzum yeguncha, zahar yesalaring bo‘lmasmidi, – deya zorlanib yig‘ladi ona, o‘g‘illarini kaltak bilan siylab bo‘lgach.
Alam o‘ti aka-ukalarni jizg‘anak qilayotgandi. Buning davosi esa faqat intiqom. Shundagina alanga so‘nishi mumkin. Ular onasini qattiq ranjitib qo‘­yishganini sezgandi. Lekin boqqa yomon niyat bilan bormagandi-da ular. Bova, uzum bermayman, deganida, indamay qaytib kelaverishar edi. Xolmurod bova un­day qilmadi-da.
Albatta, bu qilmishi uchun bolalar ham uni quruq qo‘ymadi.
Anchayin sho‘x to‘ng‘ich, ukasi va ko‘chadagi o‘rtoqlari bilan bovaning ta’zirini berib qo‘yishdi.
Reja bo‘yicha, bolalardan biri, Xolmurod bova­ni hovlisining bir burchagidan chaqira-chaqira qoch­­di. Hassasini sekin dukillatib, ovoz kelgan tomonga yetib borguncha, bu yoqda tayyorlanib turgan bolalar to‘dasi uzumzorni talab ketishdi. Ular cholni bir-ikki shunday ovorai-sarson qilgach, urra qochishdi.
To‘g‘ri-da, he yo‘q, be yo‘q, mo‘ysafid odam, bolalarni urib-so‘kkani yetmaganday, onasini haqoratlagani nimasiydi?! Shu qurib ketgur uzumni deb, shundayam qiladimi odam?!
Umr o‘tkinchi ekan. Xolmurod bova o‘tib ketgach, uzum­lariga qaraydigan odami qolmadi. Bir-ikki yil rosa meva berdi, keyin qarov bo‘lmagach qurib-qaq­shab qoldi.
Bolalarning otasi qamoqdan qaytdi. Yana bir butun oila bo‘lishdi. Qizlar bo‘y yetgach uzatishdi, o‘g‘il­larniyam uylashdi. Endi qarilik gashtini suraman de­ganida onasi og‘ir dardga chalinib qoldi. Kasallik shunchalik ildiz otib urgurgandiki, ona to‘shakka mixlandi.
Olamga xira qorong‘ulik pardasi yoyilgan mahal. Tabiat kuychilari chigirtka-yu baqalar tag‘in o‘z kuylarini goh baland, goho past tovushlarda, galma-gal, jo‘r bo‘lib kuylamoqda. Terak shoxlariga in qurgan bir to‘da chug‘urchuqlar galasi-yu, ba’zan ovozi eshitilib qoladigan boyo‘g‘li-da ularga jo‘r bo‘lmoqda. Podadan qaytayotgan mollar to‘dasi, qo‘y-qo‘zilar tinmay ma’rab, ular ham o‘zlarining borligini eslatib qo‘yayapti.
Xuddi shu mahal kenja o‘g‘il qishloqdoshlari kabi daladan qaytdi.
Odatdagiday keng hovli o‘rtasidagi katta so‘rida dasturxon to‘shalgan, to‘rdagi otasining joyi bo‘sh edi. Demak, hali masjiddan qaytmagan.
Kenja yuvinib kelgach, so‘ri ustiga to‘shalgan atlas ko‘rpachaga cho‘zildi. Shu yerda o‘ynab o‘tirgan, endigina tili chiqqan qizi unga talpindi. U o‘rnidan turib qizini tizzasiga olgancha erkaladi.
– Asal qizim, dada degin, da-da. Keyin ho‘ppa qi­laman!
– Keldingmi? – dedi ko‘cha tarafdan kirib kelgan akasi so‘riga chiqar ekan. U yana nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, qizini o‘ynatib o‘tirgan ukasining kayfiyati buzilishidan hadiksirab indamadi.
– Xotin, – deya chaqirdi kenja, – qizimiz ishtonini ho‘llaganga o‘xshaydi. Almashtir!
O‘choq tarafda ovsini bilan kuymalanib yurgan juvon bir zumda yetib kelib, bolani olib ketdi.
Otasi masjiddan qaytdi. O‘g‘illariga bir qarab qo‘ydi-da, mol-holdan xabar olish uchun molxonaga o‘tib ketdi.
– Sharofatnikidan kelayapman. Ertaga mas­la­hatlashadigan bo‘ldik ularnikida, – deya ukasiga qarab gap boshladi to‘ng‘ich. – Hamma kelsin dedim.
– Opamlarnikiga borishdan oldin... Balki, avval otam bilan gaplasharmiz-a? – dedi kenja haliyam umid qilib, – Oqsoqol aytaveradi-da, otamning ko‘ng­lini bilib o‘tiribdimi? Kim biladi, balki otam rozi bo‘lmas.
– Isitmang yo‘qmi, mabodo? – dedi aka uning ustidan kulganday. – Nima deysan? Ota, sizga xotin kerakmi deysanmi-a? Undan keyin…
– Aka, mening ko‘nikishim qiyin onamning o‘rnida bosh­qani ko‘rishga, tushunayapsizmi shuni?
Aniqki, uning asablari qaqshayotgandi. Shuning uchun aka ukasi o‘zini bosib olguncha bir zum indamadi.
– To‘g‘ri, men ham kuyinayapman, – dedi aka sekin, xo­mush ovozda. – Onamni eslasam, yuragim pora-pora bo‘ladi. Singlimnikiga borish qaroriga kelguncha, keyin unikiga yetguncha nimalarni o‘ylamadim deysan. O‘ylarimdan xulosa qildimki, biz faqat o‘zimizni o‘y­layapmiz ekan?
– Bu ishlarimizdan onam go‘rida tik turmasaydi...
Aka-uka shu ko‘yi, to otasi og‘ilxonadan chiqqunga qadar suhbatlashib o‘tirishdi.
Tunov kuni kenja daladan qaytayotib, qishloq oq­soqolini uchratgandi.
“Otang qarib qoldi. Yonida issiq-sovug‘idan xabar olib turadigan suyanch kerak. Kelinlar bari­bir ke­lin-da, kampirning o‘rnini bosolmaydi. Onangning o‘tganigayam mana qariyb ikki yil bo‘ldi. Sez­gan­dirsan-a, otang shundan keyin o‘zini ancha oldirib qo‘y­di. Avvalgi shashtiyam yo‘q. Shu desang o‘g‘lim, kampir olib berish, silarning ham farz, ham qarzlaring. Bilaman, otang nihoyatda oriyatli inson. Bu masalada o‘g‘il­lariga gap ochish u yoqda tursin, og‘iz juftlashi dargumon. Shuning uchun akang bilan o‘zlaring bosh bo‘linglar bu ishga. Otangni esa menga qo‘yib bering­lar. O‘zim gaplashaman", – degan edi oqsoqol.
Farzandlarning yig‘ilishiga sa­bab bo‘lgan. Hamma gap shu, opa-singilu aka-ukalarning bari yi­g‘il­di. Hol-ahvol so‘rashib, mayda-chuyda haqidagi suh­batlardan keyin asosiy maqsadga o‘tildi.
– Qishloq oqsoqoli bizga maslahat solgandi; “otang­ni uylantiringlar, bu farzandlarning otalar ol­didagi farzidir” dedi. Yig‘ilishdik, bunga nima deysilar, ­– to‘ng‘ich o‘g‘il shunday deya masalani ochib berdi.
G‘ala-g‘ovuridan quloq qomatga kelay deydigan dav­­­ra birdaniga sovudi. Kayfiyat kengligida xiralik yoyildi. Hammaning ko‘ngli bir qur cho‘qdi. Allaqachon kimlarningdir yuzida norozilik alomatlari sezila boshladi. Har qalay bu yangilik ularga xushxabar emasdi. Har qaysining boshida har xil o‘y. Kenja o‘g‘il esa hamon xomush, onasini eslardi. Balki onasi bunga rozidir… Balki…
Oydin oilada uchinchi farzand. Qizlar ichida yosh­­­ligidanoq shaddodi, shartakisi edi. Yoshligidayam birov bilan tortishib qoldimi, beting-yuzing demay, xayoliga kelgan gapni qo‘yvoraverar edi. Aka-ukalari bilan tengma-teng olishardi. Shunday bo‘lsa-da onasidan o‘larday qo‘rqardi. Onasi qovog‘ini bir uysa, tinchib qolardi. Uyni yalab-yulqashmi, non yopishmi, ovqat tayyorlashmi, hammasini baloday eplardi. Ishdan cho‘chimas, dala ishidayam aka-opasidan, atrofdagilardan qolishmay ishlar edi. O‘g‘il bola fe’li bor edi. Hozir esa Oydin anchayin bosiq, ammo bolaligidagi xarakteridan saqlanib qolganlari bor.
– Otamning o‘zi bir nima demagandan keyin, qo‘­yinglar shu ishni. Onamni go‘rida tik turg‘izmanglar! Men umuman qarshiman, bo‘magan gap, onamning o‘rniga qaerdagi ayol kelishi.
Oydin o‘ylaganini shartta aytdi-qo‘ydi. Bu xabar hamma qatori unga og‘ir botgandi. U boshqalarning ichidagi gapni topib aytdi.
O‘z xayollari bilan andarmon bo‘lgan katta opa Sharofat dedi:
– Otamni men bilaman, deb o‘ylardim. Otam onam­ni unutolmaydi. Bir og‘iz o‘zi bilan gaplashish ke­­rakmidi, a?
– “Otangni menga qo‘yib beringlar“, dedi-da oq­so­qol. Agar otam rad qilganda, oqsoqol “qo‘ya­ve­ring­lar” derdi.
Keyin har kim har nima dedi. Lekin birovi “may­li, rozimiz, otamga munosib kampir izlash kerak!” de­gan gap qilmadi. Qizlarning kenjasi esa sho‘r­qil­lagani-sho‘rqillagan.
– Onam sho‘rlik tirik bo‘lganlarida edi... Ona­ginam-a....
Jo‘yali bir fikrga kelinmadi.
Faqat tong otgach hammasi hal bo‘ldi: barcha otasini uylantirishga rozi.
Aka-uka uyga qaytdi. Ularni kecha uyda ko‘rmagan ota so‘radi:
– Ikkovlon bo‘lib qaerga jo‘nagandilaring?
Bir zumlik sukutdan so‘ng, ularga tikilib turgan otasining yuziga qarolmay kenja gap boshladi.
– Opamnikida...
Nimadandir xavotirlangan aka darhol ukasiga o‘qraydi. Uning gapini shartta bo‘lib:
– Ha, kechami... Sharofatnikida edik. To‘y boshla­moqchi ekan, – deya dadillandi to‘ng‘ich, yolg‘onni otasi sezib qo‘ymasin uchun ko‘zlarini olib qochib.
– Hmm... Shundaymi, o‘g‘lini uylantirmoqchimi? Kap-katta yigit bo‘p qopti-da Sharofatning bolalariyam... – dedi ota oppoq soqolini silagancha.
O‘g‘illar bir-biriga ma’noli qarab qo‘yishdi.
Ularning endigi qiladigan ishi – otasiga munosib juvon izlash edi. Bu ishni o‘g‘illar xotinlariga ishonishdi. Hatto bunga eng ko‘p norozi bo‘lib yurgan Oydinning o‘zi kelib bosh-qosh bo‘ldi, hammani lol qoldirib. U kelinlar bilan birga otasiga kampir topdi ham. To‘yga tayyorgarlik boshlandi.
Uyda bo‘layotgan ortiqcha g‘imir-g‘imirlarni ota ham sezgandi albatta. Lekin u bilardiki, uning mas­­­­­­­­­­la­hatisiz oilada hech qanday to‘y-maraka o‘t­ka­zil­maydi. Shuning uchun otaning ko‘ngli to‘q edi.
Otasining lom-mim demayotganligini o‘g‘illar o‘z­laricha nimalargadir yo‘yishdi: oqsoqol aytgan ekan-da! Shuning uchun hech nimani so‘ramayapti ota.
Lekin bir kuni...
“Kallai saharlab qassob nima qilib yuribdi!”
Molxonadan chiqib kelayotgan o‘g‘li bilan qassobni ko‘rgan ota taajjublandi.
– Bo‘rdoqi-ku, bo‘rdoqi, ammo-lekin molni zo‘r bo­qib­silar.
– To‘yni shuning o‘zi ta’minlaydimikan-a?
– Ta’minlash gapmi, ortib qoladi, ortib. Ko‘rasan, go‘shti zo‘r qurmag‘urning. To‘ydan keyinam mazza qilib, yeb yotishlaringga yetadi.
“Sharofatning to‘yi tezlashibdimikan-a? O‘g‘il­la­rim to‘yonaga ho‘kizni jo‘natishni yaxshi o‘ylabdi-ya, lekin so‘yib nima qiladi? To‘yxonada so‘yilaversin-da. Menga nimaga maslahat solmayaptiykan?”
– Mayli ukam, to‘ydan bir kun oldin kechga so‘yamiz molni. Aytib kelasilar, kuni aniq bo‘lsa, – deya qap­paygan qorinli qassob lapanglagancha darvoza tomon yurdi.
Uni kuzatib qaytgan to‘ng‘ich haligacha supada o‘tir­gan otasini ko‘rmagandi.
– O‘g‘lim, – deya o‘zi chaqirganidan so‘ng otasining so‘ridaligini bildi va supachaga tomon yurdi.
– To‘yni tezlatibsilarda-a, shunisiyam ma’qul. Bo‘­ladigan ishning tezroq bo‘lgani yaxshi.
O‘g‘il otasining dabdurustdan aytgan bu gapidan angrayib qoldi. Nahotki otasi shunday deyapti... Demak, o‘zi uylanishni istagan ekan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri biz­ga aytolmay, oqsoqol orqali istagini yetkazmoqchi bo‘­lipti-da... Onamni qanday ko‘zi qiydi ekan-a... Sho‘r­lik onam-a...
– Cho‘zganda nima qildik. Padarimizni uylanti­rish ham farzimiz, ham qarzimiz ekan. Shuni ado qi­laylik deb...
Otaning boshiga gurzi tushganday, qalqib ketdi.
– O‘g‘lim, nimalar deyapsan? Kimni uylan­tir­moq­chisan... Qanaqa to‘y?!
To‘ng‘ich alam aralash kinoyali kuldi.
– Ota, gapni o‘zingiz boshlab, tag‘in mendan so‘­raysiz-a. Undan ko‘ra qishloq oqsoqolidan so‘rang! Har qalay menikimasdir, sizning to‘yingiz-da, sizni...
Otaning quloqlari shang‘illab ketdi. O‘g‘lining so‘nggi gaplari hamon qulog‘i ostida jaranglardi.
– To‘y degin, to‘y... Rahmat o‘g‘lim, ming rahmat...
Yuragida turgan sanchiq a’zoyi badanini qaqshatdi. Og‘riqning zo‘ridan ustixonlarigacha zirqirab ketdi. U sudralgancha xonasi tomon yo‘l oldi. Tobora og‘irlashib borayotgan gavdasini zo‘rg‘a ko‘tarardi. Go‘yo birov yelkasiga og‘ir yuk ortib qo‘yganday, oyoqlari qaltirar edi. Ming azob bilan xonasiga yetib kelgan cholning deyarli madori qolmagandi. Hali kelini yig‘ib ulgurmagan joyiga qayta cho‘zildi. Devorga osig‘lik turgan bir umr­lik yo‘ldoshining rasmiga sassiz tikildi. Ko‘zlaridan tirqirab oqayotgan yosh yuzini yuvdi.
– Ketar ekansan, meni ham o‘zing bilan olib ket­sang bo‘lmasmidi, onasi... – Quruqshagan lablari be­hol shivirladi uning.
Yuragini xuddi birov changallab azob berayotganday edi. Undagi bu hol ikkinchi marotaba sodir bo‘layotgandi. Bolalarning onasi vafot etgan kuni u shu holni boshdan kechirgandi.
Og‘riq yanada kuchaydi. Yuragini changallab turgan qiynoq uni qo‘yib yuboray demasdi.
Shu payt... Xuddi shu payt...
Kimdir uni ohista turtganday bo‘ldi. Boyadan be­ri qiynayotgan og‘riq taqqa to‘xtadi.
– Meni chaqirdingizmi?..
– Xayriyat, keldingmi... Faqat ketib qolma, ketsang meni ham olib ket. Bu safar ham yolg‘iz qoldirma....
– Axir o‘g‘illaringiz...
– Ular endi o‘zlarini eplay oladi. Meni deb ko‘p ovora bo‘lishayapti... Ayniqsa to‘ng‘ichim menga ko‘p ku­yinadi. Ular bilmaydi-da haliyam yonimga kelib turishingni.
– Ketdik... mening ham yolg‘iz ketgim kelmayapti!
Yurak urishdan taqqa to‘xtadi.
Farzandlarning dodu faryodi butun qishloqni tutdi.
Faqat oqsoqol ko‘rinmadi. Kuni kecha qaergadir ziyoratga ketgan ekan.

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 1-son.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.