OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gulnoza Mamarasulova. Ishonch gullari (badia)

Men sizga ishondim...
Shunday ishondimki, qalbim bu tuyg‘uga limmo-lim to‘lganidan o‘zimni qo‘yarga joy topolmayapman. Dunyo bir zumgina gullarga burkandi. Nurli, farahbaxsh tuyg‘ular butun olamni qamrab oldi. Butun dunyonimi?! Yoki faqat mening qalbim shunday hisga to‘lganmi? Bilmadim... Bilganim esa baxt meni yo‘qlab kelganini sezdim. U o‘zi bilan yana bir mo‘‘jizani boshlab keldi. 
Ishonch gullari...
Ular shunday o‘sayaptiki, go‘yoki mustahkam qal’a bo‘lmoqni istayapti. Bu qal’ani hech kim buzib tashlolmaydi. U shunchalar mustahkamki, fisqu fasod toshlari ham darz yetkaza olmaydi. Unga tuhmat balosi hattoki yaqinlasha olmaydi ham. Ana shunda, dillardagi rashk o‘ti qovjiray boshlaydi... Ishonch otlig‘ gullar ishq bog‘imni yashnatayapti.
Ishonch gullari...
Bu gullardan boshqacha bo‘ylar taraladi. Bu gullardan muhabbatning hidi keladi. Chunki u hamma gullardan boshqacha... Bu gul sevgi suvidan simirib, ko‘karadi. Yurak qonidan rang oladi. Beg‘ubor muhabbat havosidan nafas oladi. U shuning uchun o‘zgacha. Bu gullar so‘lib qolmaydi. Agarda xiyonat tikanaklari chang solmasa...
Yana sizga ishongim keldi.
Nahot... Nahotki, bundan o‘zga choram yo‘q endi. Yuragim shunchalar tez taslim bo‘ldingmi? Qasoskor yuragim qizg‘anchiq bag‘rimni tark etayapti. Ko‘zlarim olisga tikilib toldi. Hijron... Ruhimga ul tuyg‘u telvabor indi.
Men nima ham derdim.
Gulim! Sevdi... Lekin bir bora sevilmadi. Balki shuning uchundir rangingda rang qolmabdi. Qani o‘sha men ta’riflagan gullar? Qani ishonch gullari? O‘ziga o‘xshamay qolibdi. Nahotki so‘layapti... 
Axir men ham chidayapman-ku. Armon ostonamga qadam qo‘ysa-da, kurashayapman. Toki, umrim poyonigacha afsuslanmayin. Olishaveraman... gullar sulmaydi…Chunki siz borsiz. Juda olislab ketgan bo‘lsangiz-da, men uchun shundoqqina yonimdasiz. Men bilan birgasiz. Issiq nafasingiz, taftli qo‘llaringiz sizni mendan uzoqda ekanligingizni sezdirmaydi.
Endi siz uzoqlasha olmaysiz. 
Sof tuyg‘ularim poyqadamingizga guldevor bo‘ladi. Aslo ularni uzishga behuda harakat qilmang. Shunday qilganingizda ham ular baribir yana o‘sib chiqaveradi. Biroq ularga yaqinlashishingiz bilan sizni ham o‘z bag‘riga tortib chirmab tashdaydi. Alam tikanlari bilan emas, sog‘inch gullari bilan chirmaydi. Chunki qalb gullarim ham sizni sog‘ingan. Sizning bo‘yi-bastingiz ko‘rinishi bilan qulf ochib gullaydi. Sizni o‘ziga yana maftun qilishga chog‘lanadi. Sizni gullarga shunday ko‘mib tashlaydiki, keyin umrbod uning asiriga aylanasiz. Shunda... shunda siz va men bir butunlikka aylanamiz. Bizni hech kim ajrata olmaydi. Yo‘llarimizni ayro qilolmaydi. Chunki... chunki Ishonch gullari yana ko‘karayapti. Unga qo‘shilib, yonidan baxt gullari unib chiqayapti.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.