OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gulnoza Mamarasulova. Pariro‘y (hikoya)

Keyingi paytlari Abdulla kunlarining bir alfozda zerikarli o‘tayotganidan tez-tez noliydigan bo‘lib qoldi. Har kuni ertalabdan ishga boradi, kech tushgach qaytadi. Shu bilan yana bir kuni o‘tadi-ketadi. Har kuni bir xil odamlar, bir xil ish, bir xil tanishlarni ko‘raverib zada bo‘lgan Abdulla “Endi hayotim shunday o‘tib ketaverar ekan-da», deya chuqur xo‘rsinib ham qo‘yadi.
Bank xodimlarining ko‘pchiligining yurishiyam pul, turishiyam pul. Hatto tushlaridayam pulni ko‘rishadi-yov. Xodimlarning ishdan bo‘sh vaqtlaridagi gaplariyam faqat pul to‘g‘risida bo‘lib qolganda. Hisobchi qizning aytishicha, hatto tushlaridayam “mullajiring”ni sanab chiqarkan. 
Abdulla esa umuman tushida pul ko‘rmaydi. Hamkasblarning pul haqidagi suhbatlaridan ham to‘yib ketdi. 
Abdulla ba’zida bu kasbni tanlaganidan afsuslanib ketadi. Ammo bankda ishlamaganida, boshqa qanday kasbning etagidan tutar edi – buni aqliga sig‘dirolmaydi. 
Onasi esa so‘nggi kunlarda bir xil gapni qaytaravermoqda:
– O‘g‘lim, qachon kelin topasan? Ko‘nglingda bo‘lsa ayt, sovchi qo‘yaylik. Agar yoqtirganing bo‘lmasa, o‘zim topaman... Uylansang ham uylanasan, uylanmasang ham uylanasan! Qachongacha uy ishlari deb sudralib yuraman? Menga rahming kelmasa, o‘zingga.... – Sharofat xola ko‘z yoshlarini artib, diydiyosida davom etadi: – Ana, qo‘shnimiz, o‘g‘li sen tenggi, allaqachon kelin tushirib, nevarali ham bo‘ldi. Men esa... To‘rt kunlik umrim qoldimi, yo‘qmi... 
– Oyi, qo‘ysangiz-chi? Bu nima deganingiz? Bunday narsalarni o‘ylamang, hali ko‘p yashaysiz! Shoshib nima qildik. Bir kuni kelinli ham bo‘larsiz. Nevaralaringizdan qochib qutilishga joy topa olmay qolarsiz hali, – deya Abdulla hazil qilmoqchi bo‘ladi-yu, lekin o‘xshatolmaganini o‘zi ham sezadi.
– Doim shunday deb meni aldaysan. Qani endi nevaralarim oldimda chuvillashib yursa. Yoshing yigirma beshdan oshayapti, hali parvoying palak. Sen qatorilarning .... – Sharofat xola yana yig‘lamsiray boshlaydi.
– Bo‘ldi, bo‘ldi, oyi, bilaman, – deya Abdulla bu mavzuga nuqta qo‘ymoqchi bo‘ldi bu safar. – Yana ozgina sabr qiling! Ishxonadan Qashqadaryoga yuborishayapti. Kelganimdan so‘ng bu masalani hal qilamiz, faqat ungacha bu mavzuni qo‘zg‘amaysiz. Endi ko‘nglingizni xotirjam qiling. 
Sharofat xolaning yuzi biroz yorishdi. 
– O‘g‘limdan aylanay! Sen nima desang shu. Qachon qaytasan? Ungacha to‘yga taraddudlik ko‘rib turaman-da. Qani shunday paytlari otang yonimda tursa. Shu kunlaringni otang ko‘rganidami... – Onaning ko‘zlarida yosh yaltilladi.
– Yana yig‘layapsizmi, oyi? Bor-yo‘g‘i uch haftada qaytaman. Yig‘i-sig‘ini yig‘ishtiring endi. “Xo‘p” desam ham yig‘laysiz, “yo‘q” desam ham yig‘laysiz-a?!
Sharofat xola allanechuk sergak tortib dedi:
– Boraman desang boshqa joy yo‘qmidi, bolam? – Shundan so‘ng ona shosha-pisha kaftlarini juftlashtirdi: – Oy borib, omon qayt, bolam. 
Abdulla mana shu tarzda to‘yiga rozilik berdi. Shundayam onasini o‘ylagani uchungina “mayli” dedi. O‘ziga qolsa-ku, bo‘ydoq yuraverar edi. 
Rozi bo‘lishga-ku, bo‘ldi. Lekin endi nima qiladi, kimga uylanadi ? Bu savol Abdullaga yechimi topilmaydigan jumboqday tuyulardi. Shunday paytlari yigit o‘zini chalg‘itishga urinar edi: “Mayli, bir havo almashtirib kelaveray-chi, keyin bir gap bo‘lar”.
Xullas, Abdulla “Qaydasan, Qashqadaryo!” deya yo‘lga otlandi. Yo‘lning uzoqligini. “Yo‘l azobi – go‘r azobi” deb shunga aytishsa kerak-da. Abdulla erta saharda mo‘jazgina mehmonxonaga borib joylashdi-yu, tarrakday qotib uxladi. Vaqt tushdan oshib, quyosh atrofni jizg‘anak qila boshlagan mahalgina erinibgina ko‘zini ochdi. Shunda ham yaqin atrofda olamni boshga ko‘tarayotgan qushlarning chug‘ur-chug‘uridan uyqusi buzildi.
Abdulla o‘rnidan turib xonani ko‘zdan kechirdi. Kecha e’tibor bermagan ekan. Unga mehmonxonaning ikkinchi qavatidan, tashqarini bemalol kuzatsa bo‘ladigan ochiq ayvoni bor xona ajratishibdi. 
Yigit ayvonga chiqib tashqarini tomosha qilar ekan, tabiat chiroyidan dili yayradi. Charchog‘iyam unutildi. Chaman-chaman ochilib yotgan gullarning hidi dimog‘iga urildi. Shoxlariga marjonday tizilib, sap-sariq bo‘lib pishgan o‘rik donalaridan terib yegisi keldi uning. Ammo birdaniga yuziga xomushlik pardasi tortildi. O‘rik daraxti Abdullaga bolalik yillarini eslatib yuborgandi. 
Hovlilarida bir tupdan o‘rik va olma daraxti bo‘lardi. O‘rik pishib yetilgach Abdulla daraxtning bo‘yi yetgan joyigacha terib yer, dadasi ishdan kelishi bilan qo‘yarda-qo‘ymay daraxt oldiga tortqilab borib, balandroq shoxlardagi o‘rik donalarini terib berishni so‘rardi. Onasi bilan tergani hisob emasdi. Negadir Abdullaga dadasi terib bergan o‘riklar shirinroq tuyilar edi. Bola buni onasiga aytishdan hech charchamasdi. Sharofat opa esa bunga javoban kulib qo‘yardi. 
Eh, qaniydi, o‘sha damlar yana qaytib kelsa! Yana otasi terib bergan shirin o‘riklardan lazzatlanib yesa... Ming afsus... Abdullaning otasi allaqachon qaytib kelinmaydigan uzoq safarga ketgan. Onasi Abdullaga bolaligida shunday deya tushuntirgandi. O‘sha o‘rik daraxti ham qaytib meva bermadi. Qurib tamom bo‘lgach, o‘tinlikdan boshqa hech narsaga yaramay qoldi.
Abdulla shularni o‘ylab, xonasiga kirdi. Har doimgiday o‘zini chalg‘itish uchun qo‘liga kitob oldi. 
Baribir xayolini o‘sha bolalik davri xotiralari o‘g‘irlayverdi. Miyasiga o‘rnashib qolgan manzaralar ko‘z o‘ngidan birma-bir o‘taverdi. Kitobning bir necha sahifasini o‘qib chiqqan bo‘lsa-da, kallasiga hech nima kirmadi. Hammasi aralashib ketdi. Bularni o‘ylamaslik uchun Abdulla yana uxlashga urindi. Ko‘zini yumishi bilan yana o‘sha bolalik chog‘lari, qurigan o‘rik daraxti kino lentalariday ko‘z o‘ngida gavdalanaverdi. Abdulla shu alfozda yana uyquga ketdi. 
G‘alati tush ko‘rdi. Oppoq ko‘ylakli farishtaday qiz... Abdulla allaqanday notanish ko‘chada adashib qolib, o‘sha qizga ro‘baro‘ bo‘ldi. Jazirama kun issig‘ida yolg‘iz o‘tirgan bu qizdan bo‘lak ko‘chada hech kim yo‘q emish. Bu yerlarda musofir ekanligini, adashib qolganligini aytib, yo‘lni ko‘rsatib yuborishni iltimos qilmoqchi bo‘lib turgan Abdullaning ko‘zlari qizning nigohiga tushibdi-yu, g‘alati bo‘lib ketibdi. Qizning tim qora, shahlo ko‘zlari negadir ma’yus boqardi. Yigit aniq eslolmaydi-yu, lekin qizdan nimanidir so‘radi. Qiz endigina javob berishga og‘iz juftlayotgan edi hamki, uni bir nechta odamlar chaqira boshladi. Qiz sarosimaga tushdi. Abdulla qizni chorlayotgan odamlar tomonga qaradi va hayratdan yoqasini ushladi. Qizni chaqirayotganlar orasida dadasi ham bor edi. Aniq-tiniq eslaydi, u dadasi edi. Dadasi tanib bo‘lmas ahvolda edi. Yuzlari allaqanday sovuq, qora tusli kiyimlari eskirib ketgan. Abdulla yonidagi qizni ham unutib dadasi tomon talpindi. Biroq ota o‘g‘liga bir sovuq nazar soldi-da, ortiga o‘girilib, keta boshladi. Tanimadi, ota o‘g‘lini tanimadi-ya? 
Abdullaga rosa alam qildi. Boyagi qizdan buning sababini so‘rash uchun shoshib yoniga qaradi. Afsuski, jizg‘anak bo‘lib yonayotgan ko‘chada o‘zidan bo‘lak hech kim yo‘q edi. Shu payt kimdir yelkasiga qo‘lini qo‘yganday bo‘ldi....
Cho‘chib uyg‘ongan yigit bularning bari tush ekanligini bilib, ichida kalima qaytardi. So‘ng tushini boshidan eslay boshladi. Dadasi qizni nima deb chaqirdi? Pari... Parizod deganday bo‘luvdi, shekilli. Ular bir zumda qaerga g‘oyib bo‘lishdi? Dadasi nega uni tanimadi... Boshi g‘uvillayotgan Abdulla: “Oddiy tush-da, hech nimani anglatmaydi. Tushga nimalar kirmaydi...” deya o‘zini chalg‘itishga urindi. 
Yigit qorni ochiqqanini sezib kiyindi-yu, pastga tushdi. Mehmonxonaning birinchi qavatidagi restoranga kirib, taom buyurtirdi. Negadir ko‘z o‘ngida ham o‘sha tushidagi qiz turardi. Bejirimgina oppoq ko‘ylagi o‘ziga yarashgan qizning ko‘zlari qandaydir sehrli edi. Tushidagi huriliqoni o‘ylayverganidan bo‘lsa kerak, Abdullaga xizmatdagi ofitsiant qiz ham o‘sha qizday tuyulib ketdi. Xayolga berilgan yigit taom keltirgan qizning bilagidan tutib:
– Meni tanidingizmi?! Sizni tushimda... – deya hayajon bilan gap boshlagan mahal birdan o‘ziga keldi. 
Yigitning bu qilig‘idan cho‘chib ketgan qiz siltanib uning qo‘lidan chiqib ketdi va g‘alati mijozga bir o‘qrayib qarab qo‘ygach, tez-tez yurgancha nari ketdi.
Xijolat chekkan Abdulla boshini changallab qoldi. Xijolatdan yer yorilmadi-yu, yerga kirib ketmadi. 
– Uff, xayolga berilib... – g‘o‘ldiradi u. – Bitta tush shuncha ta’sir qilayaptimi menga?
Uning ishtahasi bo‘g‘ildi. Peshonasida reza-reza ter yaltiradi. Ichi qizib ketganligi uchun muzday ichimlik buyurtirdi. Sharbatni boyagi qiz keltirdi. 
– Kechirasiz, to‘g‘risi oldingizda qattiq xijolatdaman. Sizni birovga o‘xshatib... – Abdulla gapini tugata olmay kalovlandi. 
– Hechqisi yo‘q, xijolat chekmang! – deya jilmayib qo‘ygan qiz yana shoshib ortiga qaytdi.
Sal yengil tortgan yigit mayin taralib turgan kuy sadolari ostida ovqatlana boshladi. 
Abdulla yemakxonadan chiqqanida olamni quyuq qorong‘ulik qoplagandi. Faqatgina tunchiroqlarning xira yog‘dularigina bu zulmat bag‘rini o‘yib o‘tgandi.
Abdulla biroz mehmonxona atrofida aylanib yurdi. Bugungi kun uning uchun ancha og‘ir kechdi. Ertaga ish boshlanadi. Uni yarim tunda kutib olib, mehmonxonaga keltirgan haydovchi ertalabdan uni ishxonaga olib boradi. 
Abdulla xonasiga kirdi va ish uchun zarur hujjatlarni yana bir bor ko‘zdan kechirdi. Keyin joyiga cho‘zilgancha ancha vaqt xayol surib yotdi.

Yana bir nurafshon tong otdi. Abdulla nonushta qilib bo‘lgach, allaqachon xizmat mashinasida kelib, uni kutib o‘tirgan haydovchining oldiga shoshildi. 
Abdulla birinchi kundanoq ishga astoydil sho‘ng‘ib ketdi. Ishni odatga ko‘ra bank kirim-chiqimlarini tekshirishdan boshladi. 
Abdulla uch kun mobaynida ko‘plab hujjatlarni tekshirish, hisob-kitoblarni ko‘zdan kechirish, katta-katta mablag‘larning qaerga sarf qilinganligini aniqlash va boshqa shu kabi ishlar bilan astoydil shug‘ullanib, bosh qashishga ham vaqt topolmadi. Tushida ko‘rgan malaksiymo ham esidan chiqa boshlagandi. Lekin....

Ishga vaqtli otlangan Abdullaning kayfiyati bugun yaxshi. Kecha onasi bilan telefonda gaplashib, u kishining sog‘-salomat va bardam ekanligini eshitib ancha xotirjam tortdi. 
Mashina bir tekisda ketib borardi. Haydovchi bugun mashinani boshqa yo‘ldan haydayotganligini o‘z xayollariga andarmon Abdulla sezmadi.
– Katta yo‘l yopib qo‘yilibdi, har doimgi yaqin yo‘ldan emas, uzoqroq yo‘ldan ketayapmiz. Shunga sal kechikishingiz mumkin, – dedi haydovchi sukunatni buzib. 
– Hechqisi yo‘q. Ishga bemalol boraveramiz. Shunaqasiyam bo‘lib turadi, – javob qildi Abdulla bamaylixotir. 
Mashina chorrahaga yetganda biroz sekinlashdi-da, tor ko‘chaga burildi. Past-baland uylar birin-ketin joylashgan ko‘chaning g‘adir-budir yo‘lida mashina silkinib-silkinib qo‘yardi. Kutilmaganda Abdullaning yuragida tasvirlab bo‘lmas ajib bir titroq tug‘ildi. 
Tanish ko‘chalar, uylar... Qiziq, nega bunchalar tanish manzara? Kimsasiz tor ko‘cha, pastakkina darvoza. Judayam tanish... Yigitning yuragi hapqirib ketdi.
– To‘xtang! – deya baqirib yubordi u.
Haydovchi darhol tormozni bosdi. Mashinadan shoshib tushgan Abdulla yana o‘ziga juda-juda tanish darvoza yonida paydo bo‘ldi. Bir muddat nima qilarini bilmay garangsidi. Nihoyat o‘zini qo‘lga oldi va diqqatini jamladi. “Bu uy o‘sha uy ekanligi aniq. Tushidagi ko‘cha qanday bo‘lsa bu yer ham shuning o‘zginasi. Nahotki tushining hayotda ro‘yobga chiqishini ko‘rayotgan bo‘lsa...”
Yigitning yuragi bezovtalandi. U darvoza osha hovliga bo‘yladi. Yuragi uni aldamadi. Abdulla hayratdan yoqasini ushlab qoldi. Tushimi yoki o‘ngi?!Taxmini to‘g‘ri chiqqanga o‘xshaydi. Bu tushidagi pariro‘y.... 
Qiz tobora yigitga, aniqrog‘i darvoza tomonga yaqinlasha bordi. Abdullaning qalbidagi titroq oyoq-qo‘llariga o‘tdi. Hushi boshidan uchdi. Mana, qiz uning yonginasida to‘xtadi.O‘sha bejirimgina oppoq ko‘ylagida.... Ma’yus nigohlari... Qiz uyga bir qarab qo‘ydi va yana yo‘lida davom etdi. Yigitning dimog‘iga xushbo‘y hid urildi. Hatto bu hid ham unga juda tanish. Qiz yigitga bir martayam nazarini tashlamay o‘tib ketdi. Go‘yoki u yonida hech kim yo‘qday, hech zog‘ni sezmayotganday edi. Qiz uzoqlasha boshladi. Abdulla uning ortidan tikilib qoldi. 
Shu payt poytaxtdan kelgan taftishchining g‘alati qilig‘idan hayron bo‘lgan haydovchi signal berdi. Shovqindan o‘ziga kelgan Abdulla qizning g‘oyib bo‘lganligini ko‘rdiyu, uning ortidan chopdi. Chorrahaga yetgan yigit kech qolganligini tushunib, alamdan depsindi. Ko‘chada oq ko‘ylakli qiz ko‘rinmasdi. 
Ming alam bilan mashinaga qaytgan Abdulla miq etmay o‘tiraverdi. Haydovchi tezlikni oshirdi. 
Kun bo‘yi Abdullaning qo‘li ishga bormadi. Uning xayolini endi tushidagina emas, o‘ngida ham ko‘rgan pariro‘y o‘g‘irlagandi. Dimog‘iga esa qizdan taralgan xushbo‘y gul atri o‘rnashib qolgandi. 

“U qayoqqa yo‘l olgan ekan? Nega uni to‘xtatmadim? Hech bo‘lmaganda ismini so‘rab qolmadim...” Yigit shularni o‘ylarkan, landavurligi uchun o‘zini o‘zi koyib o‘tkazdi kunini. 
Ertaga albatta qiz bilan tanishib oladi. Lekin qanday qilib buni uddalaydi? Qizlarga qanday muomala qilishni ham bilmaydi-ku. Uni ilk bora tushida ko‘rganligini, shundan beri halovatini yo‘qotganini aytadimi?!. Yo‘q, yo‘q, bo‘lmaydi. Qiz bechora qo‘rqib ketmasin, tag‘in. 
Afsuski, Abdullaning niyati tezda amalga oshavermadi. Qizning uyini poylayotganiga salkam bir hafta bo‘layapti hamki, u ko‘rinmaydi. 
Mana, bugun ham o‘sha tanish darvoza yonida qizni kutib o‘tiribdi. Yigitning ahvoli o‘zgacha. Go‘yoki ichida o‘t-olov yonayotganday o‘zini qo‘yarga joy topolmaydi. 
Abdulla haydovchiga ham faqat shu ko‘chadan yurishni tayinlaydi. Necha kundan beri Abdullaning shu ko‘chaga oshiqayotganligining boisini bilolmay garang bo‘lgan haydovchining gaplari uning qulog‘iga kirmaydi. 
Abdulla faqat bir gapni qaytargani-qaytargan. Bu gapni har safar hayajon va alam bilan takrorlaydi:
– Anavi kuni... Birinchi marta bu ko‘chadan yurganimizda mana shu uydan chiqib kelgan qiz boridi-ku... oq ko‘ylakda edi, – yigit xuddi shu mahal ham o‘sha qizni yana ko‘rayotganday ko‘zlari yonib, titrab-qaqshab gapirishda davom etardi: – Ha, ha, u bejirimgina oppoq ko‘ylakda edi. Ko‘zlari ma’yus uning. Yonimda bir to‘xtab, keyin g‘oyib bo‘lgandi... – Abdulla alam bilan ko‘kragiga urardi. – O‘shanda uning orqasidan yugurib yetolmadim... Agar siz o‘sha qizni ko‘rib qolsangiz, darrov menga ayting. Xo‘pmi, albatta ayting! 
– Jon deb aytardim-u, lekin birinchi kuniyam, keyinam hech qanday qizga ko‘zim tushmagandi-ku. Oq ko‘ylakligi tugul boshqasigayam.... Bu aniq, adashishim mumkin emas. Menimcha, siz yanglishgansiz, ko‘zingizga ko‘ringan bo‘lsa kerak, – dedi haydovchi hayron bo‘lganini yashirib o‘tirmasdan. 
Lekin bu so‘zlar Abdullaning qulog‘iga kirmasdi. Boshi qotgan xaydovchi esa hammasini yana boshidan eslab ko‘radi: “To‘g‘ri, bu kishi darvoza oldidan turib xovlini kuzatdi. Bir zum xayol surib turib qoldi, so‘ng chorrahagacha yugurib ketdi. Men hammasini kuzatib turgandim. Biroq hech qanday qizga ko‘zim tushmagan bo‘lsa, qanday qilib uni tanib olaman?!” 
Mana, bugun ham har doimgiday haydovchi aytmoqchi “zerikish maydonchasida” turishibdi. Bu yerda turaverishdan hech qanday samara yo‘qligini Abdulla ham yaxshi sezib turibdi. Lekin ko‘ngil qurg‘ur... Bir tarafdan ish qolib ketayapti. O‘sha kundan beri uning qo‘li ishgayam bormay qoldi. 
Ertasigayam, indinigayam shu ahvol o‘zgaravermagach, axiyri Abdulla taqdirga tan berishga majbur bo‘ldi. Ishiga yana astoydil kirishdi. Barchasini butunlay unuta olmasa-da, har qalay yumushga sho‘ng‘ib ketganidan, safar muddati tamom bo‘lganligini ham sezmay qolibdi. 
Abdulla barcha ishlarni tugallab, zarur hujjatlarni taxt qilib qo‘ygach, ketish taraddudiga tushdi. Faqat... O‘sha qizni yana bir bora ko‘rsaydi. Aqalli uning isminiyam bilmaydi-ya...
Abdulla umid bilan o‘sha tanish ko‘chaga burildi. Bugun u ataylab yolg‘iz keldi. Uni har doimgidek shoshiradigan haydovchisi ham, qolib ketayotgan ishi ham yo‘q. 
Dam olish kuni bo‘lgani uchunmi, ko‘chada birov ko‘rinmaydi. Abdulla ancha kutdi. Zerikdi, issiqdan tomog‘i qaqrab ketdi. Peshonasida yaltirayotgan terlarni ro‘molchasiga artdi. U kutaverdi. Bir zum ham umidsizlikka tushmadi. Sabr-toqat uning yo‘ldoshiga aylandi. Avvallari u bir qiz uchun devona bo‘lishi mumkinligini aqliga sig‘dira olmagan bo‘lardi ehtimol. Ammo uning hozirgi ahvoli devonanikidan farq qilmaydi. Aslini olganda, qizni tushida ko‘rdimi yoki o‘ngida?..
Ming xil o‘y-xayollar girdobida qolgan Abdullaning boshi sanchib og‘riy boshladi. U bu ko‘yga tushmasdan oldin muhabbatga shunday ta’rif berar edi: “Sevgi bu – ahmoqlik. Bundan boshqa narsa emas”. Endi-chi? Haliyam shu fikrini o‘zgartirmadi. Faqat kayftiyatini o‘zgartirdi. Yana bir so‘zni urg‘u berib qo‘shib qo‘yadigan bo‘ldi: “Sevgi bu – shirin ahmoqlik. Bundan boshqa narsa emas”.
Kun yarmidan oshdi. Ko‘cha hamon sokin... Nogahon yigitning yuragi o‘sha ilk uchrashuv kunidagidek tipirchilay boshladi. Hozir nimadir sodir bo‘ladi. U atrofni kuzata boshladi. Mana, o‘sha kungi xushbo‘y hid yana dimog‘iga urilganday bo‘ldi. Demak, qiz yaqinlashayapti. 
Nihoyat darvozaning bir tabaqasi qiya ochildi. Qiz uning ro‘parasida... Yigit qattiq hayajondan karaxt bo‘lib qolgandi. Bu o‘sha qiz edi! 
Qiz bu safar indamay o‘tib ketmadi. U Abdullaga xiyol jilmayib qarab qo‘ydi. O‘zini yo‘qotib qo‘ygan yigitning tili kalimaga kelmasdi. Yana biroz shunday tursa, qiz ketib qoladi. Abdulla soqov bo‘lib turaversa imkonini ikkinchi bor qo‘ldan boy beradi. Shuning uchun nimadir deyishi kerak. Yigit qizni endi topganida yana yo‘qotishni istamadi va xayoliga kelgan birinchi gapni tiliga chiqardi:
– Men... Haligi, sizni birinchi marta tushimda... –
Abdulla kalovlanib, gapini yo‘qotib qo‘ydi. Bu ahvolidan o‘zini o‘zi yomon ko‘rib ketdi. Qiz bolagayam tanishayotganda shunday deydimi? Bu gapiga kim ishonardi? Birov eshitsayam ustidan kulishi tayin: “Rosa lofdan olar ekan. Tushlarida ko‘rganmish...” deya. Lekin qiz uning ustidan kulmadi. Hatto ajablanmadi ham, buni tabiiy holday qabul qildi. Uning o‘rnida boshqa qiz bo‘lsa bormi, yoki o‘xshatib issiqqina shapaloq bilan siylardi, yoki “Cho‘pchagingni shamolga ayt!” deya ketib qolardi.
Abdulla bir amallab diqqatini bir joyga jamladi. 
– Keling, tanishib olamiz. Ismim Abdulla. To‘g‘risini aytsam, bu yerda mehmonman. Ismingiz...
Qiz unga bir muddat so‘zsiz tikilib turgach, mayin ovozda qisqa javob qildi:
– Parizod... 
Yigit uning javobidan ruhlanib ketdi. 
– O‘-o‘, chiroyli, kamyob ism ekan. Ismingiz jismingizga mos. O‘zingiz ham malaklarga o‘xshaysiz, – dedi yigit o‘zining munosib gap topganligidan xushnud bo‘lib. 
– Shu uyda yashaysizmi? – deya Abdulla qiz chiqib kelgan hovliga imo qildi. 
Parizod “ha” deganday bosh irg‘ab qo‘ydi. Lekin qiz negadir yana xomush tortib qolgandi. Uni sinchkovlik bilan kuzatayotgan Abdulla buni sezdi. 
Ular sekin yo‘lga tushishdi. Yigit gapni yana o‘zi boshladi: 
– Bu ko‘chaga anchadan beri qatnayapman, sizni uchratish ilinjida. Biroq har safar sizni ko‘rolmay qaytar edim. Lekin umidsizlikka tushmadim. Faqat sabr qildim. Va nihoyat mana bugun niyatimga yetdim. 
Abdulla qizdan javob kutib, unga tikildi. Lekin Parizod indamadi. Yigit ham qayta bu haqda so‘ramadi. Ular chorrahadan o‘ngga burilib yana biroz yurishgach, tor jinko‘chaga qayrilishdi. Yo‘lni boshlayotgan Parizod edi. Abdulla esa qaerga ketayotganligini bilmasdi, buning unga farqi ham yo‘q edi. 
Parizod bir og‘iz ham gapirmadi. Abdullaning savollariga ba’zida boshini irg‘ab qo‘ydi, ba’zida umuman javob bermadi. Shu alfozda jinko‘cha ham oxirladi. Yigitning diqqatini tortgan narsa, yo‘lning u tomoni ovloq, qarovsiz joylar edi. Ko‘ngilga vahima soladigan qabristonga tutashib ketgan qir-adirlar atrofni egallagandi.
Nihoyat qizdan sado chiqdi:
– Shu yerda xayrlashamiz.
Parizodning qaerga ketayotganligi Abdullani qiziqtirgan bo‘lsa-da, lekin ortiqcha savol bermadi. Shusiz ham qancha so‘roqlari javobsiz qolgani o‘ziga ayon.
– Mayli, ko‘rishguncha. Mening xizmat safarim muddati tugadi, ertaga qaytayapman. Yana diydor nasib etadi yoki yo‘qmi, xudo biladi! – dedi Abdulla hali dilida qolib ketgan so‘zlar alangasidan yuzi qizib.
Xayrlashuv onlari yetib kelgandi. Nigohlar bir zumga bir-biriga so‘zsiz termulishdi. Qizning armon daryosi tubiga cho‘kkan ma’yus ko‘zlari, unsiz, o‘tkir nigohlari so‘ngi marta qarshisidagi toza sevgi bulog‘ining yog‘dusidan o‘ziga rang oldi. Yigit esa qalb qo‘riga yashiringan sandiqchani ochib bera olmagani, tuyg‘ularini oshkor qila olmagani uchun hozirdan pushaymon cheka boshladi. Xushbo‘y gul atri havoda tarqaldi.
Birinchi va so‘nggi uchrashuv... 

* * *

Abdulla safardan qaytgach, ancha vaqt o‘ziga kelolmay yurdi. Tushidayam, o‘ngidayam ko‘z oldidan Parizodning bo‘y-basti uzoqlashmas edi. Bu qandayin savdoki, hijron, armon ta’qibidan qutula olmasa. 
O‘g‘lining ancha o‘zgarib qolganligini ona sezgandi. Abdullaning tushida alahsirab bir qizning ismini aytganida, Sharofat opa gumonlari to‘g‘ri chiqqaniga amin bo‘lgandi. Onaning yuragini taka-puka qilgan narsa esa, o‘g‘lining roziligisiz bir qizga og‘iz solib qo‘ygani edi. Tezroq Abdullani har xil xayollaridan chalg‘itib, to‘yni boshlasa-ku, hammasi o‘rniga tushib ketardi.
Ona sho‘rlik o‘g‘lining yana aynib qolishidan, safardaligida birontasiga ko‘ngil bergan bo‘lsa, o‘sha yoqlarga ketib qolishidan vahimada edi. Axir o‘g‘lining yurish-turishi, gap-so‘zlarida shunga ishora borday edi-da.
– Senga nima bo‘ldi? Safardan qaytsam to‘yni boshlaymiz deganding-ku. Nega yana meni yalintirasan, nimaga ikkilanib qolding? Darding bo‘lsa ayt! – dedi axiyri ona yig‘lab-siqtab.
– Yo‘q, o‘zim shunchaki... sal keyinroq bo‘lsa...
Sharofat opaning ko‘ngli sal taskin topdi. Har qalay onaizorni vahimaga solib qo‘yadigan gaplarni aytmadi. 
– Va’da – va’da! Va’da berdingmi, ustidan chiqishing kerak. Endi erta-indin deb cho‘zmaymiz. Yigitning gapi bitta bo‘ladi. Men allaqachon kelin topib qo‘yganman. Ishonchim komil, u senga yoqadi. Sen manavi qizni bir ko‘rgin, – deya ona zipillab uydan bir qizning suratini olib chiqib, o‘g‘liga tutqazdi. – Shunday oqila, istarali, go‘zalki... Oyoq-qo‘liyam chaqqongina ekan. O‘zinggam bir marta uchrashib ko‘rgin. Men joyini aytaman, ertaga qo‘rishasizlar.
Yigit qo‘lidagi suratga qaramadi ham. U taqdirga tan bergandi. Parizod endi uning o‘ylaridagi malak, oppoq orzularidagi tilak bo‘lib qoladiganga o‘xshaydi. Qizning vasliga yetishmoqlik osmondagi oyga yetmoqlik kabi mushkul.
Abdulla uchrashuvga rozi bo‘ldi. 
Onasi ta’riflagandan ham go‘zal bu qiz faqat sevish uchun yaratilgandi go‘yo. Ammo ko‘ngilga buyurib bo‘lmas ekan. Tim qora uzun sochlarini o‘rib oldiga tashlab olgan bu go‘zal yonida turgan yigitning ayni daqiqalarda nelarni o‘ylayotganligini bilganida edi...
Abdulla esa hozir faqatgina Parizodni ko‘rishni istardi. Yonidagi qizga deyarli e’tibor bermasdi ham. Oppoq ko‘ylakli, xiyol jilmayib turgan Parizodgina ko‘rinardi ko‘ziga. Abdullani mast qiluvchi o‘sha shirin gul atri....
– Yo‘q, uning o‘rnini hech kim bosolmaydi. Bu qiz Parizodga zarracha ham o‘xshamaydi. Zarracha ham.... – deya yigit ichida alam bilan takrorladi.
Qiz bechora esa zerikib ketdi. “Juda jiddiy yigit ekan. Qizlarga qanday gapirish kerakligini ham bilmasa kerak”, degan o‘yga bordi u. 

Abdulla uyiga qaytgach, ko‘p o‘ylandi. “Nima qilish kerak? Nima qilsa to‘g‘ri bo‘ladi? Xudbinlik qilib, faqat o‘zini o‘ylamayaptimi? To‘yga rozilik bermasa, onasi va boyagi begunoh qizni ranjitib qo‘ymaydimi? Lekin unda Parizod nima bo‘ladi? Usiz qanday yashaydi?..” 
Abdulla aniq bir qarorga kelolmay qiynalib o‘tirgan mahal onasi uning xonasiga kirdi. 
– Keldingmi. Qalay, qiz senga yoqdimi? Kelin tanlashda adashmadimmi ishqilib? – dedi ona o‘g‘lining tushkun kayfiyatda o‘tirganligi bois yuragini hovuchlab.
– Yo‘g‘-e, siz aytganday yaxshi qiz, ammo...
Abdulla bosh barmog‘ini miyasiga tiragancha o‘ylanib qoldi. “Hozir onamga Parizodni aytsam-chi? Yo‘q, yo‘q, bo‘lmaydi. Parizod bilan bir martagina gaplashdim. Uning xayolida nelar borligini bilmayman-ku. Boshqa birovga ko‘ngil qo‘ygan bo‘lsa... Agar... agar meni kutayotgan bo‘lsa-chi...” 
Nihoyat Abdulla bir qarorga keldi: onasiga bir bahonani topib aytadi-da, Qashqadaryoga borib keladi. 
– Tinchlikmi, nega o‘ylanib qolding? Senga biron yomon gap aytdimmi? – o‘g‘lining o‘yga tolganidan xavotirlandi ona. 
– Oyi, sizga bir narsani aytmoqchiydim. Qashqadaryoga borganimda zarur narsalarim yodimdan ko‘tarilib qolib ketibdi. Kecha kerak bo‘lib qoldi. Izlab topolmadim, yaxshilab eslab ko‘rsam men turgan mehmonxonada qolib ketgan ekan. Saharlab yana o‘sha yoqqa jo‘nayman. 
Sharofat xola uning gaplariga o‘zini ishonganday ko‘rsatsa ham, aslida o‘g‘lining ne sababdan ketayotganligini taxmin qilib turibdi. Axir kechalari tinmay bir qizning ismini takrorlab alahsirab chiqqan o‘g‘lidan xavotirlanib tunlarni bedor ottirgan ona jigarbandining ahvolini juda yaxshi tushunib turibdi. U o‘g‘lining Qashqadaryoga ketishiga hecham to‘sqinlik qilmaydi. Ona o‘g‘lining sevib qolganligidan qo‘rqayotgani ham yo‘q, u faqat qachonlardir boshdan kechirgan azoblarining yana qaytalashidan qo‘rqadi. Ona o‘g‘lining o‘sha yoqlardan qaytmasligi, o‘zining yolg‘iz qolib ketishidan qo‘rqadi. O‘sha hijronli tunlar, azoblar iskanjasidan endigina kutulganda-ya... Yaqindagina hammasini unutgandi. Bugun esa o‘g‘li o‘zi bilmagan holda onasining yarasini yangilab qo‘ydi. 
Sharofat xola birdan safarga otlanib qolgan o‘g‘liga e’tiroz bildirib o‘tirmadi. Lekin tuni bilan mijja qoqmay o‘ylanib chiqdi. Baribir o‘g‘liga otasi haqidagi haqiqatni gapirib berishi kerak. Toki Abdulla otasining xatolarini takrorlamasin. Hozir hamma gapni aytishning ayni vaqti, keyin kech bo‘lishi mumkin. Abdulla endi yosh bola emas. 
Sharofat xolaning boshi lo‘qillab og‘riy boshladi. Oxiri og‘riqqa chidolmay o‘rnidan turdi va bir piyola suv bilan dorini yutdi. Boshidagi og‘riq biroz qo‘yganidan so‘ng hovliga chiqdi. 
Tong otishini intiqlik bilan kutayotgan Abdullaning ko‘zlaridan uyqu qochgandi. U onasining uxlamaganligini hovlidagi shitir-shitir tovushdan taxminladi. Onasi supachaga borib o‘tirganini sezgan Abdulla ham joyidan sekin qo‘zg‘aldi va onasining yoniga bordi.
– O‘g‘lim, sening yo‘lingga to‘g‘anoq bo‘lmayman. Lekin ketishingdan oldin senga bir narsani gapirib berishim kerak. Endi yosh bola emassan, otangni tushunasan deb o‘ylayman. Bugun sen otang haqidagi barcha haqiqatni bilishing kerak. Endi mening gaplarimga quloq sol, – deya Sharofat xola o‘z hikoyasini boshladi. 

O‘shanda men hali yoshgina, orzulari osmon kelinchak edim. Otang meni sevmasligini bilardim. Uning ko‘nglidagi yorining ta’rifi, tarixi qulog‘imga chalingan edi. Lekin to‘yimizdan keyin hammasini unutib yuboradi degan xayol bilan unga turmushga chiqishga rozi bo‘lgandim. Rahmatli qaynonam meni tanlagandi, o‘g‘li esa onasiga qarshilik ko‘rsata olmasdi. Biroq men o‘ylaganchalik otang u qizni osongina unuta qolmadi. Menga qaragisi ham kelmasdi. Men faqat sabr-toqat qilishdan o‘zga choram yo‘qligini yaxshi tushunardim. Shuning uchun men tufayli otang va qaynonam o‘rtasida bo‘lib turadigan urush-janjallarga aralashmas edim. Qaynotam allaqachonlar rahmatli bo‘lib ketgan ekanlar. Qaynonam otang yoqtirgan qizni o‘g‘liga olib bermay, meni kelin qildi. Sababi u qiz ancha uzoqda, Qashqadaryoda turarkan. 
To‘yimiz bo‘lganiga endigina bir hafta bo‘lgandi. Hali yangi uyga, oilaga ko‘nika olmay qiynalib yurgan paytlarim. Xonamda ko‘pincha yolg‘iz qolib ketardim. To‘satdan narigi xonadan ona-bolaning yana aytishayotganlari qulog‘imga chalindi. Ularning gaplaridan otang uydan ketmoqchi ekanligini ilg‘adim. Lekin indamay, bor dardimni ichimga yutib yotaverdim. O‘shandagi ahvolimni bir ko‘rsang edi. Yoshgina kelinchak uchun bu qanchalar dahshat, qanchalar og‘ir! Tuni bilan uxlolmadim. Tong saharlab tursam, otang qayoqqadir otlanayotgan ekan. Yuragim sezib turgandi, u hozir ketsa qaytmasligini. Lekin uni qanday olib qolishni o‘ylab gangib qolgandim.
– Qaerga? – dedim o‘zimni hech nimadan bexabarday tutib.
Otang savolimni javobsiz qoldirib, yo‘lga tayyorgarlik ko‘rishda davom etdi. Menga alam qilib ketgandi. Ko‘zlarim yoshga to‘ldi. Ortiq chidab turolmadim.
– Ketmang! Iltimos, meni tashlab ketmang! – dedim o‘zimni yig‘idan to‘xtata olmay. Dadang bo‘shashib yerga cho‘kkaladi. Men esa yolvorishda davom etdim: – Axir gunohim nima edi? Nahotki mening boshqalar kabi baxtli bo‘lishga haqqim yo‘q? Nega shunday? To‘g‘ri, o‘zimdan ham ayb o‘tdi. Bu sizga turmushga chiqishga rozi bo‘lganim edi. Nahotki shu gunoh bo‘lsa? Aybim shumi? Men adashdim. To‘ydan keyin sizni o‘zgaradi, deb qattiq yanglishdim. Mening xatoim hammasini bila turib sizga turmushga chiqanim. Agar shuni xato deb sanasangiz, iltimos, ketishdan oldin mening javobimni berib keting. 
Men adoi tamom bo‘lgandim. Bu gapni aytish qanchalik og‘ir bo‘lmasin, aytishga majbur edim. O‘zimdan o‘tayotgani faqat o‘zimga ayon. 
Shunda otangdan sado chiqdi.
– Men... oxirgi marta uni ko‘rib kelishim kerak. U meni ortiq kutmasligi kerakligini aytib kelsam bo‘ldi. Qaytib kelaman. Faqat oxirgi marta menga imkon bersang bas! Sendan boshqa hech narsa so‘ramayman. 
Men otangning ketishiga qarshilik qilmadim. Otang va’dasida turdi. Qaytib keldi. Keyin sen tug‘ilding. Baxtli hayotimiz endigina iziga tushib olgandi. Lekin taqdir beshafqat ekan. Otangni mashina urib ketdi. Qolgan umrimni seni tarbiyalab voyaga yetkazishga sarfladim. Otangning vafotidan keyin uning ilk sevgilisidan farzandi bo‘lganligini eshitib, ancha xafa ham bo‘ldim. Buni menga qaynonam o‘limi oldidan aytdi. U kishi o‘g‘lidan ajralganidan so‘ng yotib qolgandi. Otangni ruhi bezovta bo‘lmasin deya, uni kechirdim. 
Mana endi sen hammasini bilasan. Otangni men kechirdim, sen ham gina saqlama. O‘zingga keraklicha xulosa chiqarib olarsan...
Sharofat xola hikoyasini tamomladi va o‘yga tolgan o‘g‘lini yolg‘iz qoldirish uchun xonasiga yo‘l oldi... 

* * *

Tong otdi. Abdulla onasidan duo olib, yo‘lga otlandi. U Parizodni shunchalik sog‘ingandiki, qizning huzuriga shunchalik oshiqardiki, shamol misoli uchishga tayyor edi. Yo‘q, yo‘q, yigit shamoldan-da tezroq uchishga intilardi. Axir ko‘ngli sezib turibdi: qizni albatta topadi. 
Abdullaning ko‘z oldida o‘zining yo‘liga intizor qarab turgan qiz gavdalandi. Parizod darvoza oldida o‘sha tushidagidek qo‘llarini iyagiga tiragancha Abdullani kutib o‘tiribdi. Oppoq ko‘ylagida, xiyol jilmaygan. Atrofda esa undan taralayotgan shirin gul atri...
Abdulla entikib ketdi. Hayajondan boshi aylandi. Qani endi hoziroq Parizodning yonida bo‘lib qolsa. 
– Tezroq haydang! – deya haydovchidan tinmay iltimos qilardi yigit. 
Mashina chorrahadan o‘sha tanish ko‘chaga burildi. Kun yarmidan oshgan mahal Abdulla o‘zi oshiqqan manziliga yetib keldi.
Abdulla darvozaga yaqinlashar ekan, qo‘llari, oyoqlari hayajondan dag‘-dag‘ qaltirardi. Qalbida esa allanechuk hislar g‘alayoni boshlandi. U shu alfozda nima qilarini bilmay turib qoldi. O‘zini qo‘lga olib, qizning ismini aytib chaqirdi. Lekin bu hovlida birov yashashi gumon edi. Hovli umuman qarovsiz, tozalanmagan. Abdulla hovliga qadam qo‘ydi, ammo ichkariga kirib borishga jur’at etolmadi. Shu alpozda biroz turgach, ortiga qaytmoqchi bo‘lgandi hamki, qulog‘iga ingragan tovush chalinganday bo‘ldi. Abdulla shoshilib uy ichiga kirdi. Xonalardan birida sochlariga oq oralagan, ko‘zlari kirtayib ich-ichiga botib ketgan, o‘zi juda ozg‘in ayol madorsiz cho‘zilib yotardi. 
Ayol yigitni ko‘rishi bilan ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Abdulla uning ahvolini ko‘rib cho‘chib ketgan bo‘lsa-da, buni sezdirmadi, tezda suv topib kelib, ayolning og‘ziga tutdi. 
Suvni yutoqib ichgan ayolning quruqshagan lablariga biroz qizillik yugurdi. Abdulla ayolning ko‘zlariga boqib hayron qoldi: xuddi Parizodning ko‘zlariday. Yigit beixtiyor xayoliga kelgan gapni so‘rashdan o‘zini tiyib turolmadi: 
– Siz Parizodning onasi emasmisiz? U hozir qaerda?
Ayol izillab yig‘lab yubordi. Yigitning yuragi allaqanday vahimadan bezovtalanib, tez-tez ura boshladi. Ayol javob berish o‘rniga faqat siqilib yig‘lar, lablari esa nimalarnidir pichirlardi. Bunga sayin Abdullaning xavotiri yuz chandon oshardi. Ular shu ko‘yi ancha o‘tirishdi. Nihoyat ayol ancha o‘ziga kelib, tinchlandi. 
Ayolning ko‘zlarida armon, afsus, alam kabi tuyg‘ular qorishib ketganligini anglash mushkul emasdi. Ayol chuqur nafas olgach, so‘zlay boshladi:
– Parizod mening yakka-yu yagona ovunchog‘im, butun borlig‘im edi. Undan boshqa hech kimim yo‘q. Hozir esa yolg‘izman... Qancha harakat qilmayin, uni saqlab qololmadim. – Ayolning ovozi titrab ketdi. – Parizodim... Pariginam chin hurga, malakka aylandi. 
Bu so‘zlarni eshitgan Abdulla es-hushini yo‘qotayotgan odamday angrayib qoldi.
– Hamma ayb o‘zimda, – deya ayol gapini davom ettirdi. – U tug‘ma kasallik bilan dunyoga keldi. Uning ko‘z oldimda so‘lib, tamom bo‘layotganini ko‘rsam-da, tomoshabin bo‘lishdan boshqa narsa qo‘limdan kelmasligini bilib, o‘z-o‘zimdan nafratlanib ketardim. Pari o‘rtoqlariga qo‘shila olmas, ular kabi o‘ynab-kula olmasdi. Pariginamning menga bildirmaslik uchun chekka-burchaklarda yig‘lab o‘tirganini ko‘rsam yurak bag‘rim tilka-pora bo‘lardi. Qani qo‘limdan uni asrab qolish kelganida... Do‘xtirlar ham yordam bera olmadi. Parizodni bir tomondan otasiz o‘sayotgani, boshqa tomondan xasta yuragi qiynab tashladi. U ota mehriga zor o‘tdi... 
Ayol shunday deya yostig‘i tagidan bir suratni olib unga tikildi. So‘ng yana qaytib joyiga ko‘yayotganida surat uning madorsiz qo‘llaridan tushib ketdi. Abdulla darrov suratni qo‘liga oldi. Suratdan unga... otasi qarab turardi. 
– Bu kishi sizga kim bo‘ladi ? – deya so‘radi Abdulla shosha-pisha suratdagi odamga ishora qilarkan.
– Parizodni bir umr kuttirgan otasi bu... 
Abdulla gangib qoldi. Onasining gaplarini esladi: “Qaynonam otang yoqtirgan qizni o‘g‘liga olib bermay, meni kelin qildi... Otangning vafotidan keyin uning ilk sevgilisidan farzandi bo‘lganligini eshitib, qanchalar xafa bo‘lgandim...” 
Abdulla iztirob bilan pichirladi:
– Nahotki Parizod mening singlim... 
Ayol bosh irg‘ab qo‘ydi va gapida davom etdi: 
– Qizim o‘limini kutib yashadi. Tunlari ingrab, uxlolmay chiqardi-yu, lekin meni avaylab, sezdirmaslikka harakat qilardi. Qanchalik meni ayardi. Uni yolg‘iz ulg‘aytirdim. Ham ota, ham ona bo‘ldim. Biroq hech kim otaning o‘rnini bosa olmas ekan. Sho‘rlik qizim otasini bir marta ham ko‘rmagan. Faqat uning mana shu suratiga tikilardi... Pariginam na ota mehriga, na hayotga to‘ydi. Yashashni shunaqa istardiki...
– Qachon... Parizod qachon ketdi? – behol shivirlay oldi Abdulla.
– Vafotiga yaqindagina bir yildan oshdi...
Yigitning boshiga kimdir gurzi bilan urganday bo‘ldi. Badani muzlab ketdi... 
“Taqdirdan qochib qutulib bo‘lmaydi. Xayolga kelmagan ishlar sodir bo‘ladi bu hayotda. Bir yil bo‘ldi dedimi?.. Demak uni o‘ngimda uchratganim... Bezovta ruhi kezib yurgan ekan-da... Tushimda otamni ko‘rgandim. U kishi qizini olib ketish uchun kelgan ekan-da?! Otam bolaligimda faqat mening yonimda edi. Endi esa navbat singlimga keldi...”
Shunday o‘ylar og‘ushida o‘ylab boshi g‘ovlab ketgan Abdulla ko‘chaga chiqdi va qanday qilib oxirgi marta Parizod bilan xayrlashgan joyga kelib qolganini payqamadi. Yigit o‘shanda qizning qaerga borishi mumkinligini o‘ylab boshi qotgandi. Yo‘lning u tomoni qabristonga tutashib ketgan qir-adirlar edi. Demak, Parizod abadiy joyiga qaytgan...
Abdulla endigina topgan singlisining qabrini ziyorat qilish uchun qabristonga kirdi. Uning dimog‘iga o‘sha xushbo‘y, shirin gul atri urildi. Yuragi o‘sha tomonga talpindi. Abdulla qulf ochib gullab turgan qabrni, singlisining abadiy makon topgan joyini adashmay topdi. O‘sha xushbo‘y gul atri butun atrofga hidini yoygandi. Abdullaning ko‘zlaridan tirqirab oqayotgan yoshlar qulf urib yashnayotgan gullar ustiga tushib, quyosh nurida ajib jilvalanar edi.

Abdulla ortiga qaytmoqda. Faqat bu safar yolg‘iz emas. Yonida ikkinchi onasi ham o‘tiribdi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.