OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gulnoza Mamarasulova. Shahardan kelgan tashvish (hikoya)

O, yoz mazza-da! Do‘ppingni osmonga otsang bo‘sh qaytmaydi - olmamidi, o‘rikmidi ishqilib to‘lib tushadi. Qadrdon joyingda – qishloqning har joyiga mo‘ralab turadigan qalin tut shoxida yonboshlagancha atrofdagi uzun quloq gaplardan boxabar bo‘lib, kamiga og‘zinga kilkillab, oppoqqina qurtday yaltirayotgan tutlardan xovuchlab solib, bitta-bitta chaynab, rohatda yotaverasan. Birov mushugingni pish deb ko‘rsinchi qani! Sabab bo‘lmasa qaerdan ham og‘iz juftlaydi. Ona tilidan yozishim kerak, husnihatimni to‘g‘irlashim zarur, degan o‘ylar qaerda. Muallima yil bo‘yi o‘zimni toshbaqaga, yozuvimni chumoliga o‘xshatishdan charchamadi. Toshbaqadek sekin husnixat to‘ldirarmishman... ruchkam daftarda chumolidek har tomonga o‘rmalab ketaverarmish... Tavba, nima qilishga hayronsan! Shuncha harakat qildim o‘zgarishga. Tezroq yoza boshlasam, “bu senga ot o‘yini emas, sakrab-sakrab joy tashlab ketaverishga” degan gap qildi. Xo‘sh, shundan keyin nima qilishim kerak edi-a?!
Ayniqsa, hisob-kitob degan bosh og‘rig‘iga yo‘qman-da. Anavi daraxtda nechta qush bor-u qanchasi uchib ketganligi to‘g‘risidagi tashvishlarga bosh qotirish qayoqda! Lekin bobom bilan qo‘y boqib kelgandan so‘ng, ularni qo‘rasiga birma-bir sanab, qamab tashlashga ustaman. Bobom ham alqab qoladilar. O‘zimcha faxrlanib, mendan zo‘r matematik chiqsa kerak, deb o‘ylab qolaman, garchi bunga u qadar xushim bo‘lmasa-da. 
Nimasini aytasiz, yozni yoqtirishimga yana bir sabab, bobom va ayniqsa onamlar meni urushmay qo‘yadilar. Nega desangiz, ta’til vaqtida meni koyishlariga bahona qolmaydi. Maktab vaqtida-ku daftarim-mi, o‘qish tezligimni-mi, ishqilib meni tekshirib turishadi. Keyin turgan gapki, suvga tushgan mushukdek boshimni uzo-oq egib turishimga to‘g‘ri keladi. Bobomni nasihatlari mayli-kuya, onamniki men aytmay siz yeshitmang.
- Bu nabirangiz odam bo‘lmaydi sira. Muallimasi uning dastidan meni maktabga chaqirgani-chaqirgan. E, seni yergina yutsin! Qachongacha shunday yurasan-a?
- Chaqirgani bilan baribir bormaysiz-ku, - deyman to‘ng‘illab, xuddi har safar maqtabga qatnab qoyil qilgandek, gapirganlariga achchig‘im chiqib.
- Qarang, yana gap qaytarishga usta. Sendan boshqa tashvishim yo‘qmi meni, Sarvarga kim qaraydi seni poylab yuraversam, - deydi onam yoshiga yetib qolgan ukamni nazarda tutib. Rostdan ham u juda yig‘loqi, qo‘lingda lik-lik qo‘tarib turmasang chirqillayveradi. Menga ham dars tayyorlashga bermaydi shovqin qilaverib.
Keyin onam meni bir urishib boshladilarmi, to‘xtashlari qiyin. Gaplarini suv tegirmonning chelagiga o‘xshataman, har doim bir xil mazmunda. Xuddi tegirmon chelak bir xil vazifani bajarganidek – suvni oladi - to‘kadi, oladi – to‘kadi... Toki ko‘chaga qochib kutulishim kerak yoki bobom jonimga oro kiradi. Mana ko‘rasiz, hozir ham qo‘shni Hadicha xolaning men bilan bir sinfga boradigan o‘g‘li Samantoyni maqtaydi. U menga umuman yoqmaydi. Qiz bolaga o‘xshab, sochini o‘stiradimi-ey! Indamasa, ikkiga o‘rib oldiga tashlab qo‘ysada. Uni sinfda hech kim yoqtirmaydi. O‘zicha oyi bordek, oliftalik qilaverali. Futbol jamoamizga ham qo‘shmaganmiz. Chunki g‘irromlik qilib, yo‘q joydan o‘zicha janjal chiqarishga-chiqaradi-yu o‘zini bir chetga olib, suvdan quruq chiqib ketadi. Nohaqligini umuman tan olmaydi. Aslida partadoshi... 
- Ana Xadichaning o‘g‘li Samanni qara, shunga qo‘shilib... 
Ana aytmadimmi sizga “chelak” haqida.
Bobom esa boshqachalar - nasihatlariga qo‘shib, har safar har xil ertaklar aytib beradi. Keyin birgalikda xulosalar yasaymiz. To‘g‘risini aytsam ba’zan eski hikoyalar ham qaytalab turadi. Lekin boshidan eshitsam ham qulog‘imga moydek erib kiraveradi. Hattoki o‘zimga juda yoqadigan “Kenja polvon”ni aytib berishlarini qayta-qayta so‘rayveraman. Bobom esa bundan sira charchamaydilar. Agar bundan zerikib qolsalar, indamay xayolga beriladilar. Men esa oldilarida yarim chala o‘lgan qovoqaridek g‘ing‘illab o‘tiraveraman. Ular jahl qilmaydilar-u lekin juda bezor qilib yuborgan paytlarimda meni yarim kechalari qo‘rqitib chiqadilar. Ayniqsa urushdagi voqealardan so‘zlagudek bo‘lsami, yuzidagi ajinlarga qo‘shilib, bilinmay ketgan chandig‘i ham yaqqol bo‘rtib chiqib, ko‘zlarida sovuq alanga paydo bo‘lgandek tuyuladi menga. Keyin tez-tez tuni bilan uxlolmay, alahsirab chiqadilar. Kimlarningdir ismilarini takrorlaydi, eng ko‘p takrorlaydigani “Norqo‘zi”. Menimcha bu amaki do‘stlari bo‘lgan bo‘lsa kerak. Do‘xtor qattiq tayinlagani uchun bu haqida so‘roqlamayman, o‘zlari ham negadir hech og‘iz juftlamaydilar. Ularning pinjiga kirib yotishni azbaroyi yoqtirganimdan, bobomning har bir harakatlarini sezib turaman. Bunday paytlarda ular o‘rinlaridan sapchib turib ketadilar-da oqsab bosadigan chap oyog‘ini dag‘-dag‘ titrayotgan qo‘llari bilan uqalashga tushadilar, boshini changallaydilar. O‘tgan yili do‘xtor menga, “bobongni asablari toliqqan, urushdagi hiqoyalardan aytib bering, deb dil xiralik qilaverma. Agar kechasi uxlolmasa, mana bu dorilardan bittadan bergin” deya qo‘limga bir necha quti dori qoldirdi. Har doim do‘xtir aytganidek qilaman. Tokchadagi shiqirloq idishda turadigan xabdoridan qo‘liga tutsam, darrovgina og‘zilariga solib, yonidagi choynakdagi sovuq choy bilan yutinadi. Shundan so‘ng, yoki hovliga chiqadilar, yoki uzoq bir nuqtaga termulib yotadilar. Shu-shu oqshomlari Bobom bilan uxlayman. U kishi menga juda suyanib qolgan.
Menga kelsak, fe’lim bahor havosiga o‘xshaydi. Bobomning nasihatlari va onamning “chelak”lari jon-jonimdan o‘tgan kunlari uch-to‘rt soatlab dars tayyorlayman. Qiziqib ketgan vaqtlarda, muallima berganidan ko‘proq “husnixat”ni to‘ldirib tashlayman. Avvaliga, ustozimiz o‘rgatgandek qilib, bir tekisda mo‘ljalni olib nuqtalarni qo‘yib olaman. So‘ngra ustidan osongina siyohni yugurtirib chiqaman. Ilhomim kelib, misollarni ham shatirlatib yechib tashlayveraman. Har qalay, hisobchi bo‘laman, deb qo‘yganman-ku. Samanning dadasi ham hisobchi. Samanning aytishicha, buning uchun matematikadan yaxshi o‘qish kerak emish. Ammo dangasaligim bir tutsa bor-mi... garang qo‘ydek qulog‘imga gap kirmaydi. Ayniqsa Samantoyning dadasi ish joyidan “ko‘tarilib”, Toshkentga qo‘chib ketdi-yu menga berdi Xudo! Axir onam meni tenglashtirib koyishlariga odam yo‘q-ku! Hammasidan ham quvonganim, Saman ketdi-yu sinfimizda eng yaxshi o‘qiydigan Maftun bilan partadosh bo‘lishga muyassar bo‘ldim. Ich-ichimdan sezib turibman, hamma bolalarning menga xasadi kelsa kerak.
Shunday-kuya bir tomondan Saman ketib, zerikib qoldim. Uzun soch bo‘lsayam, sherik edi-da. Urushib-talashib maktabga borib kelardik. Tavba, uning egnidagi oq ko‘ylagi na yirtilardi, na g‘ijim bo‘lardi. Har joim bir zayilda toza, silliq turardi. Meniki esa kun ora abgori chiqib, onam qarg‘ab qoladi. To‘g‘rida, Samanni bolalar qo‘shavermaydi, eplab to‘p tepishga ham uquvi yo‘q. Bobomning ertaklaridagi ijobiy qahramonlarga taqlid qilishni yoqtirganim boismi, unga qo‘shilib qush ovlamayman. Saman esa ragatkasi bilan yo‘l-yo‘lakay ayamasdan kaptarmi, qarg‘ami, chumchuqmi urib tushiraveradi. “Itimga beraman, mazza qiladi” deydi qiyshanglab kulgancha yerda yarim jon tipirchilab yotgan beozorlarni bir tepib. Uning bunchalar beshavqatligidan uni yanada yomon ko‘rib ketaman, qushni qo‘zlayotganida qo‘liga tarmashaman. Hattoki bir necha marta shuni dastidan jiqqa-musht bo‘ldik. Ragatkasini olib sindirib tashlagandim, ko‘zidan o‘t chiqib ketayozdi. Shartta yoqamdan oldi. Ammo baribir meni hech qachon yengolmagan. Nima bo‘lganda ham u bilan o‘tgan davrlarni tez-tez qo‘msayman. Bir voqea doimo yodimda turadi. Balkim shu hodisa bizning do‘stligimizni mustahkamlagandir.
Kunlardan birida partadoshim Javlon o‘qishga maxsus qurilma bilan boshqariladigan mashina qo‘tarib keldi.Dadam oberdilar, deb obdon ko‘z-ko‘z qildi. Kel, biz ham o‘ynab ko‘raylik, deb so‘rasak qizg‘anchiqligi tutib bermadi. Itday irillab qo‘riqlagani bir tiyin bo‘di-yu o‘yinchoq shu kuni yo‘qolib qoldi. Javlon ne qilarini bilmay qo‘zini yoshini oqizardi. O‘qituvchimiz hammani sumkasini bir-bir titib chiqdi, nasihat o‘qidi. Ammo topilmadi. Kimlar nima desa dedi-yu partadoshi bo‘lganim uchun ayb menga kelib taqala boshladi. Tuppa-tuzuq o‘g‘riga chiqarishmoqchi edi sal qolsa. Agar Saman jonimga oro kirmaganida aybni menga ag‘darib qo‘yaqolishardi.Sinfda shovqin ko‘tarilgan. Men esa quruq bo‘xtonlardan karaxt bo‘lib qolgandim. Xuddi shu mahal... Saman shartta o‘rnidan turib, “Rustam bunday ish qilmaydi. U mening do‘stim - o‘g‘ri emas”. Shu gapning o‘zi barchani shubhalardan forig‘ qilishga yetarli bo‘ldi. Keyin o‘yinchoq ham topilib, egasiga qaytarildi. O‘sha kungi voqea, Samanning gaplari doimo qulog‘im tagida qaytalab turadi.

Bu yil to‘rtinchiga o‘taman. Maktabimiz ham o‘zgardi. Xudo hoxlasa to‘rtinchi sinfni yangi maktabda o‘qiymiz. Eskisi ko‘chamizga burilish joyida edi. Eh, Samanlarning shaharga ko‘chib ketgani yomon bo‘ldida. Yangi maktabimizni bir ko‘rganida voh-hooo, degan bo‘lar edi. U ketib anchayin yolg‘izlanib qoldim. Uylari oldidan o‘tsam, xuddi u yugurib kelib qoladigandek, keyin u bilan soatlab qandaydir masala ustida tortishadigandek tuyuladi. Yo‘q, endi Saman kelsa boshqa g‘ijillashmaymiz, urushmaymiz. Axir u meni do‘stim degandi. Do‘stlar esa inoq bo‘lishlari kerak..... 

***

 Hali zavodning hidi ketib ulgurmagan sip-silliq parta va doskalarda odamning yozgan sayin yozging kelaverar ekan. Aytovur onamdan kamroq gap eshitadigan bo‘ldim. Chunki shimimni tez-tez ilib olib, tit-pitini chiqaradigan avvalgi maktabdagi nayzadek taxtasi chiqib turadigan stulim ham yo‘q endi. 
Shularni xayol qilib, bog‘dan qo‘ynimga to‘ldirib chiqqan olmalarni bir-bir tishlab otib tugatdim. Bir-ikkitasi ortib qoldi ham. To‘ygan qo‘zidek hovli chetidagi, yarimi Samantoylarning uyiga qarab egilib turadigan qadrdon tut daraxtining ot egaridan qalinroq shohida bir oyog‘imni osiltirgancha yonboshladim. 
Negadir bugun zerikarli kun bo‘layapti men uchun. Quyosh qizdirayapti. Qani yendi bir hovuzga borib miriqib cho‘milsam. Lekin cho‘milishga sherik yo‘qda. Qani yendi Saman bo‘lganda ikkalamiz birga borarmidik... Mayli u qush ovlasayam, futbolga qo‘shilmasayam, menga baribir. Axir do‘stlar yaxshi-yu yomon kunida birga bo‘lishi kerak, deydi muallimamiz. Saman kelsin, “ona tili”da u haqida, do‘stligimiz to‘g‘risida insho yozib, olqishlar eshitganimni aytib beraman. Essiz U shaharda-da.... Atrof jimjit, har zamon musichalar kulu-kulu qilib qo‘yadi. Tirik jon borki, soya-salqinga kirib ketgan. Bir joyda yotaverib zerika boshladim. Bobom ham ko‘rinmaydi shekilli, doim o‘tiradigan supachadagi joylari anchadan beri bo‘sh turibdi. 
Bir xilda o‘tiraverish jonimga tegib, yolg‘iz o‘zim uzoqqa tupurish o‘ynay boshladim. Anchagina malakam bor bu borada. Lekin hozir negadir boshidagi ikkitasi bekor ketdi, o‘tirgan joyim balandligidanmi mo‘ljalni yaxshi ololmadim. Endigina navbatdagi “hujumga” tayyorlanib turgan edim hamki qo‘shni hovliga oppoq mashina kelib to‘xtadi. Negadir yuragim hapqirdi. Samanmasmikin?! ...
 Mashinadan birinchi bo‘lib tushgan Xadicha xolani darrov tanidim, qo‘lida chaqalog‘i ham bor. “Ha, Samantoy ukali bo‘libdi-da”, xayolimdan shuni o‘tkazarkanman, mashinaning orqa eshigi ochilib, sobiq sinfdoshimning momiqday sochlari yaltiradi. Egniga allambalo kiyimlarni ilib olgan – eski desa eskiga o‘xshamaydi, yangi desa shimi kiyilaverganidan uvadasi chiqib ketganga o‘xshaydi. Uni ko‘rishim bilan oldiga yugurgim keldi-yu o‘zimni to‘xtatdim. Enasi bilan ko‘rishvolsin.
Xadicha xola uyga qarab yurgandi hamki, shovur-shuvurni eshitibmi, ichkaridan Samanning enasi, Laziz akasi va yangasi chiqib kelishdi.  
Qishloqdaligida u enasining ortidan qolmasdi. Ko‘chada bolalar uni “ena dum” deb, kalaka qilardi. Men ham ularga qo‘shilishga qo‘shilardim-u o‘zimdan cho‘chib qo‘yardim. Chunki bobom qaerga bormasin, o‘zi bilan meni ergashtirib oladi.
Saman tog‘ora qo‘tarib uyga tomon yurdi. Uni ko‘rmaganimga salkam ikki yil bo‘lib qo‘yibdi. Shu vaqt oralig‘ida uncha-muncha o‘zgaribdi – bo‘yi cho‘zilib qolibdi. Sochlari ham o‘shanday, alohida mehr bilan parvarish qilingan. Bizda soch qayda deysiz! Yoz kelishi bilan yarqillagan boshimizdan quyosh hijolat bo‘lsa ajabmas. 
- Bo‘yingdan o‘rgilay, enang aylansin sendan, - Samanning peshonasi, yuzlaridan cho‘pillatib o‘pdi enasi.
- Buvi, nega biznikiga bormaysiz? – yaltoqlandi u ham.
- E, bolam, shu issiqlarda Toshkent qayda-yu “dom” deganlariga bizning jon qayda deysan.
O‘tirgan joyimdan ularning hovlisi kaftdek ko‘rinib turadi. Chuvillashib hol-ahvol so‘rashib bo‘lib, ichkariga kirishdi. Laziz akaning xotini qo‘lida meva-cheva solingan patnis ko‘targancha pirpirab yurdi. 
Samanning chiqishini poylardim. U hadeganda chiqavermadi. Ichkaridan chaqaloqning yig‘isi eshitila boshladi hamki, Samantoyning qorasi ko‘rindi. U mashinaga borib, ukasining kiyimlarini olib qaytayotgan mahal quvligim tutdi. O‘rtog‘imni boya ortib qolgan olmalardan biri bilan ko‘zladim. Olma uchib borib, shundoqqina oyog‘i tagiga tushgan Samanning kapalagi uchdi.
-Ha-ha-ha... – yoyilib kuldim.
-Sanmi? O‘zimam o‘ylagandim, hoynahoy san bo‘lsang kerak deb.
U shunday dedi-yu ukasining yig‘isi eshitilib, shoshildi.
Pastga sakrab tushdim-u ko‘chaga otildim. Chinor soyasida turgan mashinaning orqa tomonidagi yozuvni g‘ijjalab o‘qidim “Ne-xi-a”. Keyin jimjimador bezak berilgan g‘ildiraklarini tomosha qilishga tushdim.
-Qo‘llingni tekkiza ko‘rma! 
Samanning kelganini sezmay qolibman. 
-Nima bo‘pti tekkizsam? – achchiqlandim, - avvallari sen ham osilarding-ku eshagimni olib chiqqanimda, -dedim men ham pesh qilib. To‘g‘rida, nima men qizg‘anmaganman-ku...
-Bu sanga eshshak emas. Bilasanmi, o‘n mingta eshshagingni sotsang ham bunaqasini olomaysan, -dedi u o‘zicha kerilib.
- Olganda nima? – topgan gapim shu bo‘ldi.
- Adamla aytdila, agar maktabni “besh”ga bitirsam, buni manga berarkanla. O‘zlari yangisini oladila...
Maqtanchoqqa maqtanishi uchun mavzu topildi. Aytmovdimmi shunaqa deb! Hali ham shu odati qolmabdi. Shaharda yaxshi o‘qish o‘rniga aynibdi - dovdirab, to‘g‘ri gapirishni ham esdan chiqaribdi. Yana gapirishiga o‘laymi?!
-Adabiyot mualliming yaxshi emas ekan, -dedim men unga ichim achib.
-San qattan bilasan? – so‘radi u birdan bu gapni ochganimdan hayratlanib.
-Ana, aytmadimmi, bilaman-da. She’r ham yotlamay qo‘yganing ko‘rinib turibdi. 
- Qattan bilarding san! – qo‘l siltadi u hech nimaga tushunmay. 
- Bilaman dedimmi, bilaman! – gapimda qat’iy turib oldim. 
- Samantoy bolam, kelaqol, osh pishdi, - enasining ovozi yangradi.
- Buvijon, hozir! – javob qaytardi nabira.
Ortidan kuzatib qolarkanman, sochi uzun bo‘lishiga qaramay unga ham havasim keldi, ham achinib ketdim. Bechora, bu ketishda yaqinda uning gapiga hech kim tushunmay qoladi. Axir har doim ustozimiz “kitob – so‘zlash san’atini o‘rgatadi” deydi. Essiz, kam kitob o‘qiyapti ekan-da... O‘zimcha buni har nega yo‘yib, xayol surib tursam, bobom ko‘rindi. Negadir ular juda ham xorg‘in, yuzidagi chandig‘ining izi ham ko‘rinib turardi.
-Bobo-oo, keldingizmi? – tuproq yerni changitib oldilariga chopdim. 
- Kechki salqin tushayapti, qo‘ylarni chiqarish kerak. Yaylovga o‘tlatib kelamiz.
Shataloq otib, qo‘ylar qamalgan qo‘raga yugurdim. Ochqolganidanmi, qo‘ylar meni ko‘rishi bilanoq, tayyor yemish ko‘rgandek birvarakayiga ma’ray boshladi. Qo‘raning tamballab yopilgan eshigini ochar – ochmas o‘zlari shatirlab tashqariga chiqib, o‘rganishgan yo‘llaridan yugurib ketdi. Bobom ikkimiz jonivorlar ketidan ergashdik.
Ufq qizarib, qorong‘u tushar-tushmas ortga qaytdik. Bobom oldi eshikdan hovliga kirdi. Men esa qo‘ylarni qo‘raga haydadim. Eshikni tamballab uy oldiga aylanib o‘tayotsam, Samanga duch keldim. Hanuz yasaniqli kiyimlari egnidan tushmagan olifta menga boshdan oyoq razm soldi-da, go‘yoki go‘ng qo‘ng‘izdan jirkangandek burnini jiyirdi. Sochi qirtishlab olingan boshimdagi qiyshayib qolgan do‘ppimni to‘g‘riladim-da o‘zimni ko‘rmaganga olib o‘tib ketdim. Meni ko‘rib ataylab ko‘chaga chiqib oldi maqtanchoq! Usti-boshimdan tortib, oyog‘imgacha oppoq chang edi. Harchand o‘zimni parvo qilmagandek tutgan bo‘lsam-da, to‘g‘risi birinchi marta ahvolimdan uyalib ketdim. Yo‘q, u olifta o‘z yo‘liga-kuya, uni oldida o‘zimni abgor his qilganim asabimga tegardi.
Hovliga kirsam supadagi beshikka belangan Sarvar chirqillayapti. Onam sigir sog‘ishga chiqqan shekilli ko‘rinmadi. Odatda bobom bu vaqtda nomoz o‘qiydi. Chaqaloqqa qarash o‘zimga qolibdi. Uyqusi ochilib ketgan Sarvarni ovutib, unga tomosha qo‘yishim orasida hamma dasturxon atrofiga yig‘ildi. Issiqqina mastavaga pomidor-bodringni aralashtirib, urib yedim. Onam damlagan achchiqqina ko‘k choy ustida dadam bilan bobom suhbatlashishdi.
-Bugun Ko‘tarmaga borib keldim, - dedi bobom mungli og‘ir tovushda. Bir ozlik sukutdan keyin davom etdi. – Aliboy olamdan o‘tibdi. 
Dadam ikki qo‘llab yuziga fotiha tortdi.
-Juda ochiqko‘ngil odam edilar, joylari jannatdan bo‘lsin! Xabarsiz qolibmanda birga o‘tib kelardik.
-Ishning qizig‘ida ishdan qoldirmay dedim. 
Ali boboni eshitib, g‘alati bo‘ldim. Dadam aytganidek, juda yaxshi kishi edi. Uylariga borsam doim “barakalla ota o‘g‘il” deb, lip-lip qulog‘imdan tortardi. Tomorqasidagi chillakilardan uzib kelib, ko‘limga tutardi. Biznikiga ham tez-tez kelib turardilar. Faqat kallasini ko‘tarolmay yotib qolgach, bobomning o‘zlari boradigan bo‘lib qoldi. Bobomning aytishicha, ikkalovi azaldan tanish ekan. Urushda bitta joyda xizmat qilib kaytishgani, tengqurlaridan faqat Ali bobo qolganini bilardim. Yaqin do‘stini yo‘qotgan bobom bir kun ichida ancha so‘lib, qaddilari bukilib qolgandek tuyuldi. Joyimizga cho‘zilganda ham ertak so‘zlamadilar. Ularni xafaligini bilib, kutib-kutib uxlab qolibman. Tushimga Samantoy kiribdi. Uning oppoq mashinasida ketayotganmishmiz. Bir vaqti, u menga qarab, “Bizni mashinada sanga nima bor? O‘zingni eshagingda yuraver” deb, uchib ketayotgan mashinadan itarib yuboribdi.... Cho‘chib uyg‘onsam tushim ekan. Ko‘nglim xotirjam bo‘ldi. Qaerdandir xir-xir tovush kelar, uyqum zo‘r berib ko‘zimni ochishga erindim. Bobomga yaqinroq surilsam, ulardan issiq gupurib, dag‘-dag‘ titrayapti. Tashqaridagi chiroqdan taralib turgan xira nur yog‘dusida peshonasidan reza-reza ter yaltiraydi. Og‘ir-og‘ir nafas olib, inqillab nimalarnidir pichirlar, chamamda yana “Norqo‘zi” deyayotgandi. So‘ngra “Qoooooch.... axir men o‘lishim kerak edi-ku.... nega o‘zingni tutib berding....” deya alahsirab, tipirchiladi. Qo‘rqqanimdan bobomni qattiq quchoqlab yig‘lab yubordim. Ko‘ylagi jiqqa ho‘l bo‘lib ketibdi. Dori esimga tushib, tokchaga yugurdim. Ko‘llariga choy bilan uzatdim. 
-Boboooo, meni tashlab ketmaysiz-a.... – deya xo‘ngrab yig‘lagancha oyoqlarini uqalashga tushdim. Bobom ham tinchlanib, o‘ziga keldi. Keyin qanday uxlab qolganimni eslolmayman ham. 
Tong yorishar-yorishmas uyg‘onsam, bobom dalaga otlanayotgan ekan. Ularga ergashdim. Birgalikda bedazorga yo‘l oldik. So‘qmoq yo‘l chetidagi baqateraklarga in qurib tashlagan chug‘ur-chuqlar shovqin-suron qilib, kalla-i saxarlab allanimalarni vijirlar, bir-biriga gap bergisi kelmasdi. Chamasi ona qushlar to‘polonchi polaponlariga ertak aytib berayapti. Ularga havasim kelganidan eski “dardim” qo‘zg‘aldi. 
-Bobo, nega aynan “Kenja polvon”ning boshiga baxt qushi qo‘ngan? – so‘rayman garchi javobini bobomdan qayta-qayta eshitgan bo‘lsam ham.
- Chunki u, - boshlaydi bobom oq oralagan soqolini silab, -o‘ta sofdil va rahmdil bo‘lgan. O‘z jonini xatarga qo‘yib bo‘lsa ham insonlarga qo‘lidan kelgan yordamni ayamagan. – Baqateraklarga razm solib, yana davom etdi. – Hatto musichaga-da ozor bermagan, bolam.
-Bobo, o‘zi baxt qushi qaerda yashaydi?
-Inson qadami yetmagan olis-olis tog‘lar ortidagi nurafshon o‘lkada, -deydi menga o‘xshab tez-tez yalqovligi tutib qoladigan eshshakni niqtab. 
Uzoqlarda ko‘kimtir rangda qad ko‘tarib turgan tog‘larga tikilgancha, yana o‘smoqchilayman. 
-O‘zi baxt qushini ko‘rganmisiz, bobo? – deyman qiziqsinib.
- Albatta... – deydilar-u jimib qoladilar. Uzoq sukutdan keyin qo‘shib qo‘yadi, - baxt qushini uchratmaganimda bu kunlarni ko‘rarmidim bolam – dedi bobom.
Quyosh avj pallasiga chiqib, badanni kuydira boshlagan mahal bedani aravaga ortib, qaytdik. Yana meni ko‘rishi bilan ishtahalari ochilib, qo‘ylar baralla ma’radi. Uzun oxirlarga keragicha bedani tashlab, qolganini yemishxonaga to‘kdik. 
Qorin piyoz po‘stidek ingichkalashib ketdi-yov. Yuvindim-u so‘riga chiqa solib, qaymoqqa non bo‘ktirib yedim. Bobom ham qorinni to‘qlagach, odatdagidek onam damlagan achchiqqina choyni chartak qildi. Endi e’tibor bersam, taxta darvozamiz oldidagi kichikkina do‘nglikda traktor ko‘rinmaydi. Demak dadam dalaga ketgan.
Daraxtga osilib, o‘zimning qadrdon joyimni egalladim. Qo‘shni hovliga mo‘ralasam, ayvonda Samanning enasi bilan Xadicha xola o‘tiribdi-yu Saman ko‘rinmaydi. Gap poylash emas-kuya ena asta gapirgani bois, uniki eshitilmasa ham, lekin Xadicha xolaning diydiyosi bemalol eshitilib turardi.
-Bilmasam, nima qilishga ham hayronmiz. Uni uyga boylab qo‘yolmasak. Baribir maktabga boradi. Shifokorlar qattiq tayinladi. Bu ketishda o‘g‘lingiz og‘ir dardga yo‘liqadi. Tezda uni shahardan chetroqqa, tinch joylarga olib boringlar, degandi. Dadasining ham boshi qotib qolgan, “balki qishloqdagi maktabga qaytgani ma’qulmikan” deyayotgandi.
Samanning enasi nimalardir - dedi. Eshitilmadi. Zerikib ketdim. 
Endigina uyqudan turgan Samantoy yuzini chayib, ayvonga chiqdi. “Buvi”sining oldida nonushta qildi. Keyin onasining qo‘lidan chaqaloqni oldi. Atrofga alanglagan edi menga ko‘zi tushdi. “Akangqarag‘ayni ko‘rib qo‘ysin, shuncha tepalikka chiqa olishimni” deya onamning hay-haylashiga parvo qilmay yanada balanroqqa o‘rmaladim. Menga olazarak tikilib turgan Samantoyga ataylabdan qaramadim. Enagalikdan zerikkach, bolani Xadicha xolaga tutqazib, chaqirdi.
-Rustam, pastga tush!
-Nega tusharkanman?! Kerak bo‘lsa o‘zing chiq! – dedim men ham o‘jarligim tutib.
- Tusha qol o‘zing, oyim qo‘ymaydila.
-“Oyim”mish! Undan ko‘ra “qo‘rqaman” deb to‘g‘risini aytib qo‘yaver.
Qarasam haliyam ko‘zlarini mo‘ltiratib tikilib turibdi. Ha, mayli, tushsam tushibman-da, qo‘rqoq. 
Ko‘chadagi chinor soyasida cho‘kkaladik. Men tuproqqa har xil hayvonlar rasmini sola boshladim.
- Saman, yur eski maktabga borib kelamiz, - dedim oxiri taklif kiritib.
-E-e, nima qilamiz xarobada?
-Birga o‘qigan sinfimizni ko‘ramizda, buzilib ketgandir hoynahoy. 
Ikkovlashim ko‘cha boshidagi burilish tomonga chopqilladik. Qarovsiz itdek bechorahol maktabni ko‘rib ichim achishdi. Derazalari sinib, devorlari qulab tushgan bino ichkarisiga yurar ekanmiz, Saman aksirdi.
- Buncha chang bo‘lmasa, allergiyam bor, – dedi u burnini tortib qo‘yib. Gapiga tushunmadim-u ammo so‘ragim ham kelmadi. Chunki keyin kuni bo‘yi ustimdan kulib yuradi. 
- Sen bilan shu sinfda o‘qiganmiz, - dedim uning yuziga qararkanman. Biroq umuman o‘zgarish ko‘rmadim. Aksincha u beparvolik bilan hafsalamni pir qildi.
- Nima?.. shuni ko‘rsatgani olib kelumiding? 
- Sen ketgach bu joyda Maftun bilan men o‘tirdim, - dedim maqtanib.
Bu safar menga avvalgidek beparvo qaramadi. Ichida xasadi kelgan bo‘lsa ham, hoynahoy yashirdi.
- Shahardagi partadoshim Maftundan o‘n marta chiroyli. Unga o‘xshab qizg‘onchiq emas. Hattoki so‘ramasam ham darslarini ko‘chirishga beradi.
Indamay qoldim. U esa gapidan zavqlanib davom etdi.
- Baribir shahar yaxshida! Tezroq qaytsak bo‘lardi. Zeriksang, kompyuterxonaga borib, maza qilib o‘ynaysan. Qishloqda qattan topasan....
Qishlog‘imizni qoralayotgani ko‘nglimga tegdi-yu lekin... Aytgancha! Xayolimga kelgan fikrdan yuzim yorishdi.
- Saman, yur, senga yangi maktabimizni ko‘rsatib kelaman, - dedim darrov suyunchi olishga shoshilmay.
- E, qo‘ysangchi..... - dedi u cho‘zilib.
 - Yur degandan keyin yuraver!
Yangi maktab qishloq ichkarisida edi. Uyimizdan unchalik uzoq emas. Bir zumda yetib keldik. Ana, maktab hovlisida tinib-tinchimas direktorimiz turibdi. Bizni ko‘rib, hayratlandi.
-Tinchlikmi ta’tilda? – so‘radi u.
- Kompyuterga keldik. Ustozimiz, yozda kelsalaring ham o‘rgataveraman, degandilar. Shunga...
Samantoy “shuni nega aytmading” degandek meni bir turtdi. Chopqillab ichkariga kirsak, xona ochiq ekan. Mendan yuqori sinf bolalari o‘z ishlari bilan mashg‘ul o‘tirishibdi.
-Yashanglar! O‘rganaman, deb kelibsanda-a Rustam? Ana o‘zingni “Olapar”ing, -dedi kulib ustoz o‘zinikidan ikkita keyingi kompyuterni ko‘rsatib.
Hech nimaga tushunmagan Samantoy menga qaradi.
-Yur! – dedim o‘zimcha “mana, ko‘rib qo‘y ” qabilida kekkayib. Ha, bu temir matohga “Olapar” deb nom qo‘yib olganman. Kuchugimga o‘xshab, buni ham dumiga tegsangiz, lik-lik qilarkan-da. Hali umuman bu matohga teginib ko‘rmagandim. Shunchaki bir-ikki marta qiziqib xonaga kirgandim. Ustoz hoxlaganingni tanlab olaver, deganiga, o‘zimcha bittasiga nom qo‘yib oldim. 
Qoyil-e... Samantoyning adabiyot muallimi yaxshi bo‘lmasa-da ushbu matohni ancha tushunarkan. Bir pastda “Olapar”im bilan apoq-chapoq bo‘lib oldi.
-O‘rtog‘ing “Olapar”ingni tiliga tushunarkanmi? Tag‘in tishlab olmasin, - dedi ustoz Samannini tanishtirganimdan keyin. Dadasini tanigani uchun kompyuterni ishlatishga qo‘ydi.
Saman menga “shu ham ish bo‘ldi-yu” nazarida qarab qo‘ydi. So‘ngra “dum”chani likillatib allanimalarni ekranda paydo qildi. Avvaliga uning ustomonligiga og‘zim ochilib, anqayib qoldim. Keyin esa uning hukmidagi askarning qilmishlari ichimga g‘ulg‘ula sola boshladi. Qanaqadir pala-pastqam joylarda kezib yurgan qop-qora niqobdagi jallodlar bir-birlariga to‘xtovsiz o‘q uzib, hamma joyni qonga botirdi. Huddi bizni maktabga o‘xshash, yo‘q, undan ham vahimali bino ichida sodir bo‘layotgandi. Qurollanib olgan kishilar tushunarsiz tilda sovuq ohangda allanimalar der, ho‘kizimiz quturganda bo‘kiradigan tovushidan ham qo‘rqinchliroq edi. Avvaliga Saman boshqarib turgan askarga qarshi bir necha dushmanlar bor edi. U hammasini ayamay yer tishlatdi. Qo‘rqqanimdan ko‘zimni yumib oldim. Saman esa tobora bundan zavqlanardi. Yana ko‘zimni ochsam dushmanlar son-sanoqsiz. Ularga yakka o‘zi kurashayotgan Samanning ahvolini ko‘rib qo‘rqib ketdim. Ranglari oqarib, terga botganiga qaramay, battar mukkasidan ketib, o‘q uzishda davom etardi. 
Bobom aytgan urush voqealari ko‘z oldimda gavdalandi. Bobom ham urush davrini eslasa shu ko‘yga tushardilar... Xuddi o‘zim jang maydonga tushib qolgandek... hozir shu o‘qlardan biri meni ilib ketadigandek... “U meni do‘stim – o‘g‘ri emas”.... Alahsirayotgandek, yomon tush ko‘rayotgandek hammasi aralashib ketdi.
-Ketamiz! – turtkiladim Samantoyni oxiri xushimga kelib. Hozir xuddi bobomga o‘xshab, unga ham bir nima bo‘lishidan qo‘rqardim. 
-Qo‘rqding-a?! Ha-ha-ha, quyonyurak ekansan-ku! Qo‘r-qooq! – dedi u sovuq iljayib qonga to‘lgan ko‘zlari bilan. Keyin yana o‘yinda davom etdi.
Uni ko‘rib yuragim ortiga tortib ketdi. Bir Xadicha xolaning, bir bobomning gaplari qulog‘im tagida shang‘illar, boshim gir aylanardi. O‘zi uni qaerdan ham olib keldim. Qishloqni hadeb yomonlayverganiga, ko‘rsatib qo‘yay degandim-da. 
-Rangini qaranglar buni, ha-ha-ha! Holing shumidi?! Bu hali holvasi. Shaharda bundan zo‘rlari bor bilsang...
Nima?! Yana “shahar”laydi. O‘rgildim shaharingdan! Shunaqa beshavqat qilib qo‘ysa! Toshdan farqing qolmabdi o‘zi. Qanchalar o‘zgaribsan-a?! Qanchalar inoq edik, garchi buni bir-birimizga sezdirmasakda. Indolmadim. Nima deyishimni ham bilmayman. Ko‘rganlarim ko‘z oldimdan ketmaydi. Uni to‘xtatish uchun xushimni yig‘dim-u badani zir titrayotgan, ko‘zlari ola-kula bo‘lib, boshi stolga qadalgan o‘rtog‘imni ko‘rib, dahshatdan qichqirib yubordim. U g‘ijjalab nafas olar, rangi bo‘zdek oqarib ketgandi. O‘ziga og‘irlik qilayotgan qaltiroq qo‘llari yerga osilib turardi. Og‘zi ko‘pirib, og‘ir nafas chiqarardi. 
 -Saman!!! Darhol uydagilariga xabar ber! Ungacha o‘zim qarab turaman, - dedi boshimizda paydo bo‘lgan ustoz lattani namlashga suv qidirib.
Men shamol tezligida uyga g‘izillar, yo‘l-yo‘lakay chirqillayotgan qushlarning sayrashi, baqateraklarning vahimali shitir-shitirlari, oyog‘imga chalishayotgan maysalarning suykalishi, tandirdan buriqsiyotgan qop-qora tutunlar, qo‘ylarning ma’rashlari, musichalarning ku-kulashi-yu ariqning shildirashi qulog‘imga ayanchli ohangda oqib kirardi. Yuragim allanechuk gupillab urar, bu zamonning “urush”i oqibatida Samanga bir korihol bo‘lishidan xavotir qilardim. Manzilga yetib keldim-u qo‘lida bolani allalayotgan Xadicha xolani uchratdim.
- Rustam, namuncha xovliqmasang, arvoh ko‘rdingmi nimabalo? – dedi-yu xola o‘g‘lini so‘roqladi. – Samantoy qani? Birga emasmidinglar?
- U.... Saman....
Gapirolmay yig‘lab yubordim. Bunga sayin Xadicha xolaning rangi bo‘zardi.
- Nima bo‘ldi axir? Gapiraqolsangchi... – dedi betoqatlanib.
- Saman hozir yangi maktabda.... Kompyuterga boruvdik, keyin... – ortiq davom ettirolmadim. Xadicha xola uyga otildi-yu bolani momoga tashlab, Samanning dadasi bilan mashinada jo‘nab ketishdi.
 
* * *

Tuni bilan bobom boshimda o‘tirib chiqdi. Tinmay alahsirab, ko‘nglim behuzur bo‘lardi. O‘yindagi manzaralar ko‘z oldimga yopishib qolgan, xuddi yuzimga qon yuqlari chaplangandek, o‘zimdan ijirg‘anar edim. Ko‘z oldimdan hammasi kino lentalaridek bir-bir o‘tar, hayollar girdobiga cho‘kib borardim. Tushim bilan ro‘yo aralash-quralash bo‘lib ketgandi. Birgina narsa ming bitta tomirimgacha zirkiratardi.... G‘ala – g‘ovur sinf... “U mening do‘stim – o‘g‘ri emas”.... o‘g‘ri emas... emas... emas... do‘stim... do‘stim....

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.