OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Habib Siddiq. Inglizcha tush (hajviya)

Hozirgi davrda birorta horijiy tilni bilmagan odam qiynalib qoladi, derdi o‘qituvchimiz. To‘g‘ri aytgan ekan. Mana men ham tilni bilmaganim uchun qiynalib o‘tiribman. O‘zimni shu kecha ko‘rgan tushimni tushunolmay boshim garang, asabim tarang bo‘lib ketdi. O‘tgan kuniyam shunaqa bo‘luvdi. Chunki,  tushlarni inglizcha ko‘ryapman-da.
Ahvolimdan xabar topgan onam bechora tashvishga tushib qoldi. Shifokorga olib bormoqchi bo‘luvdi unamadim. Battar taajjublangancha sekin so‘radi: 
— Voy, bolaginam-ey. Tushlaringni hammasi inglizchami?
—E-e, qo‘yavering, — dedim-u qo‘l siltab nari ketdim.
Aslida tushimni uncha-muncha  o‘zbekcha joylari ham bor. Lekin, shunday narsalarki, birovga aytgani xijolat bo‘lasan. Ko‘ngli tinchimagan onam ishga otlanayotgan otamning ortidan chiqib allanimalarni shivirladi.
— O‘zidan ko‘rsin, — dedi otam sal jahli chiqqanday. – Elchixonaning atrofida o‘ralashib yurgandan keyin shunaqa bo‘ladi-da.
— Elchixonaning?.. – dedi onam hayrat bilan ko‘zlarini kata-katta ochib.
— Ha. Ishxonamizdagilar aytishdi. O‘sha yerdagi tarjimon qizdan til o‘rganayotgan emish.
— Voy, xudoyim-ey, shunaqa deng. Xayolimga bir zumda nimalar kelmadi-ya… O‘rgansa yaxshi-da, dadasi. Lekin, kasali…
— Qo‘yaver, buningni kasali xavfli emas. O‘tib ketadi, — dedi otam sirli jilmayib. — Do‘xtirini ham o‘zi  topyapti shekilli.
Onam hech narsaga tushunmay bir otamga, bir menga qarab qolaverdi. Biroq otam darrov qayoqdan bilaqoldiykin?.. Chindan ham o‘sha tarjimon qiz ishxonamizga horijlik mehmonlar bilan kelib ularning gaplarini o‘girib turganda juda havasim keluvdi. Ingliz tilida ona tilimizday biyron so‘zlashadigan bu ko‘hlikkina qiz bo‘sh paytlarida qiziquvchilarga til o‘rgatar ekan. Darrov manzili va telefonlarini so‘rab yozib oluvdim. Bir oydirki undan ingliz tilidan saboq olyapman. 
Mashg‘ulotlar ancha charchatayapti. Buning ustiga ora kunda g‘alati tushlar ko‘rib chiqishim qiziq bo‘lyapti-da. Bunaqa hayratlanarli gaplarni ichingda saqlab turish ham qiyin ekan. Ko‘nglim to‘lib ketib bir ikkita og‘zi mahkamroq og‘aynilarimga hech kimga aytmaslik sharti bilan inglizcha tushlarim haqida jinday yoriluvdim. Bekor qilgan ekanman. Mana endi, ular ham kimlargadir, birovga gullab qo‘ymasliklarini tayinlab, xushxabarlaganlar shekilli. O‘z navbatida boshqalar ham uzunquloq gaplarni urchitib yuborishibdi. Oqibatda mening inglizcha tushlarim  haqidagi gaplar butun shaharga  ovoza bo‘lib ketdi. Ko‘cha-ko‘yda, guzarlarda odamlarning ayrimlari kulib, ba’zilari rahmi kelganday qarab qolganlarida  o‘zimni qo‘ygani joy topolmayman. 
Bular ham mayliku-ya, allaqanday xalqaro jamiyatning jurnali tahririyatidan kelgan muxbirlarning gaplariga chidab  turolmadim. Sodir bo‘lgan nodir hodisa haqida materiallar to‘plashmoqchi emish. Buning uchun uxlayotganimni, tush ko‘rayotganimni kuzatishlari, tasvirga tushirishlari kerak ekan. Xunobim oshib  hammasini avval o‘zbekcha, keyin inglizchalab izohli lug‘atlarda ham yo‘q so‘zlar bilan so‘kib, quvib soldim. 
Ana shundan keyin tilim ancha burro bo‘lib qolganday tuyulib tarjimon qiz huzuriga tez-tez boradigan bo‘ldim. O‘ziyam menga inglizchani o‘rgataman deb rosa harakat qilayapti. Lekin har qancha urinmay «I lav you»dan boshqasiga tilim kelmayapti. Dunyoning ishlari shunaqa-da. Bir birimizni tilimizni tushungunimizcha ancha–muncha vaqt o‘tib ketadi. 
Buyoqda  ba’zi kunlari Mish-mishlarni oshirib-toshirib so‘zlaydigan qo‘shni xotinlarning oldi-qochdi gaplarini eslab onam jinday ko‘z yoshi ham qilib oladi va «ishqilib, yaratganning o‘zi oxirini bahayr qilsin» deb qo‘yadi. Onalarning tilagi ijobat bo‘ladi, deganlari to‘g‘ri ekan. Hammasi ko‘ngildagidek bo‘lib ketdi.
Gapni cho‘zmay, to‘g‘risini aytib qo‘yaqolay. Ingliz tilini uncha yaxshi o‘rganolmadim. Lekin afsuslanmayman. Qiynalayotganim ham yo‘q. Chunki o‘sha tarjimon qiz kelinoyingiz bo‘lib qoldi. Endi tushlarni birga ko‘ryapmiz.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.