OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Habib Siddiq. Jarima (hajviya)

Nusrat Barakayev kotibasi damlab qo‘ygan qaynoq choydan xo‘plab, xona burchagiga qo‘yilgan televizorda mashhur xonanda kuylayotgan qo‘shiq ohangiga tebranib, goh o‘zi ham qo‘shilib hirgoyi qilib o‘tirgandi.
— Assalomu alaykum, Nusrat Barakayevich, — deya sochlarini ustarada qirdirgan, pastak bo‘yli, semiz gavdali bosh hisobchi Shodiyev yumalab kelayotgan tarvuzday xonaga kirib keldi.
— Vaalaykum assalom, keling.
— Kayfiyatingiz yaxshimi, xo‘jayin.
— Yaxshi, xo‘sh nima edi?
— Yaxshi kayfiyatingizni buzmoqchi emasdim. Lekin, aytmasam bo‘lmaydi.
— Nima gap o‘zi? Tushuntiribroq gapirsangizchi?
—Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasidan yana to‘lovnoma jo‘natishibdi, — dedi Shodiyev chap qo‘li bilan ko‘zoynagini to‘g‘rilab, o‘ng qo‘li bilan qog‘ozni boshliqqa uzatar ekan. — Tozalash inshootimiz ishlamayotganligi uchun yana jarima solishibdi.
— To‘lovdik shekilli, — dedi boshliq, sigaret tutunini burqsitgancha televizordan ko‘z uzmay.
— O‘tgan chorakda 200 ming so‘m to‘lagandik. Endi 500 ming so‘m jarima yozishibdi.
Teleekrandan ko‘z uzmay raqs tomosha qilayotgan Barakayev bu gapga parvo ham qilmadi.
— Anavini qarang... O‘yinni qiyvoradi shu qiz. Qarang, qarang, qimirlamagan yeri qolmaydi-ya.
Raqs tugab xalqaro ahvol sharhi boshlandi.
— Xo‘sh, nima deyayotgandingiz?
— Jarima.
— Nima qilishimiz kerak?
— Shuni sizdan so‘ragani kirdim.
— To‘laymiz, vassalom. Bo‘lmasa ulardan qutilib bo‘lmaydi, bilasiz-ku.
— To‘g‘ri-ku-ya, qachongacha shunaqa qilamiz. Biror chorasini ko‘rish kerakmikin...
— E-e, qiziqmisiz, 500 ming so‘m bizzi millioner korxonaga nima degan gap.
— Shunaqa-yu, tozalash inshooti qurilishi orqaga surilib ketayotgani chatoq bo‘lyapti-da.
— Bo‘ladi, hammasi bo‘ladi. Sabr qilsang g‘o‘radan halvo bitur, degan mashoyixlar.
— Manavini shaxsan o‘zingizga yuborishibdi.
— Nima ekan bu?
—Atrof-muhitni ifloslantirayotgan korxona rahbari sifatida jarima to‘larkansiz.
— Qancha ekan?— birdan hushyor tortdi Barakayev.
— Eng kam ish haqining uch baravari miqdorida.
Barakayevning avzoyi buzildi, ko‘zlari pirpirab, o‘ng beti ucha boshladi.
— Ming marta aytganman senlarga, bu ahvolga chidab bo‘lmaydi, deb. Shuncha mablag‘ni qayerdan olaman?
— Axir, o‘zingiz...
— Gapimni bo‘lma, — deya stolga mushtlab sensirashga o‘tdi boshliq. — Kallani ishlatishlaring kerak edi. Hammang bu yerda nima qilib o‘tiribsan? Bor, qurilish bo‘yicha muovin Erkayevni top. Tozalash inshooti qurilishini tezlashtirsin, masalani hal qilmaguncha ikkalalaring ham ko‘zimga ko‘rinmalaring...
Shodiyev talmovsirab chiqib ketdi. Barakayev o‘ylanib qoldi.
— Eng kam ish haqining uch barobari emish, shuncha pulni qayerdan olaman?..
Ekranda jildirab oqayotgan zilol suv, qirg‘oqda shamolda tebranib turgan qiyg‘os ochilgan gullar ko‘rindi. Barakayev jahl bilan o‘rnidan turdi va ... televizorni o‘chirdi.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.