OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Habib Siddiq. Nima bilan urdi (hajviya)

O‘tgan asrning oltmishinchi yillarida viloyat partiya qo‘mitalari ikkiga: sanoat va qishloq xo‘jalik partiya qo‘mitalariga, bo‘lingan edi.
Viloyatning nufuzli idorasiga boshini durra bilan bog‘lab olgan ayol kelibdi. Eshikbonlar undan kelishining maqsadini so‘rashipti.
— Obko‘mga arzim bor, — depti ayol.
— Qaysi obko‘mga?
— Obko‘mga-da!
— Hozir ikkita obko‘m bor: qishloq xo‘jalik obko‘mi, sanoat obko‘mi. Arzingiz qaysi biriga?
Ayol javob berolmay hayron bo‘libdi.
— Nima masalada kelgansiz?
— Erim urdi. Shundan shikoyat qilib keldim. Qaysi obko‘mlaringga kirishim kerak.
Endi eshikbonlar ham o‘ylanib qolishibdi.
— Eringiz nima bilan urdi?- so‘rabdi ulardan biri.
— Sholi o‘rgani ketib yarim kechasi shirakayf bo‘lib keluvdi, «o‘sha yoqda tunab qolavermabsiz-da» desam, «E-e», dediyu o‘roqni irg‘itib yubordi. Shunda...
— Demak, o‘roq bilan ekan-da, — debdi eshikbon tanga topgan kalday iljayib. — U holda qishloq xo‘jalik obko‘miga kirarkansiz, opa... Mabodo, bolg‘a bilan urganda sanoat obko‘miga kirardingiz.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.