OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Habib Siddiq. Nomtalash (hajviya)

Rostini aytay: hajviyaga “nomtalash” deb sarlavha qo‘yaymi yo “xomtalash”, deymi... ancha o‘ylandim. “Nega?” deysizmi? Keling, bir boshdan so‘zlay...
Toponim komissiya raisi qon bosimi oshib shifoxonaga tushib qolgach, mana shu tashvishlar mening boshimga tushib turibdi-da. Endi anglayapman, bechoraning qon bosimi bekorga oshmagan ekan. Kimdir majlis kuni kelib falon ko‘chaga falon nomni beraylik desa, bir ovozdan ma’qullab ketaverar ekanmiz. Ertalab telefon jiringlab qoldi. 
— Petrovskiy ko‘chasiga Shunqoriy nomini beraylik. 
— Kim ekan u Shunqoriy? 
— Tuman ro‘znomasida turkum she’ri chiqqan mahalliy shoir. 
— E-e, unaqalar ko‘p. 
— Berdisini aytguncha shoshmang. Mardon Pardaevichning pochchalari-ya!
— Unaqa bo‘lsa nomini kattaroq ko‘chaga berish kerak ekan, — dedim kesatib. 
— Bu ko‘chaga boshqa xaridorlar ham bor, o‘ylab ko‘rish kerak, — dedi komissiya a’zolaridan biri ertasiga yig‘ilishganimizda. 
— Maktabdagilar bir o‘qituvchining nomini qo‘ysak deb taklif qilishyapti. 
— Ie, qo‘ysalaring-chi, nima ularga ko‘cha ko‘chada qoptimi?
— Nima qilsak ekan?
— Hayronman. 
— O‘tirasizmi, — dedi bitta shumrog‘i. — Kim oshdi savdosi qilib qo‘yaqolmaysizmi?
— Hozir hazilning vaqti emas, — dedim xunob bo‘lib. — Ertagacha o‘ylab takliflaringni aytinglar. 
Bekor qilgan ekanman. Ertasigacha yana qanchasi boshimni qotirdi. 
— Bitta qo‘chqorni boqib qo‘yibman. Oyog‘ingiz tagiga so‘yaman, aka. Shu ko‘cha qo‘ldan chiqib ketmasin. Otamiz nomini berdirsangiz bizdayam qolib ketmaydi. 
— Ko‘chaning o‘ng betiga boshqa, chap betiga boshqa nom bersak bo‘lmaydimi-a? — dedi a’zolardan biri. 
— Men hal qilmayman. Bizning xulosamiz bir taklif kuchiga ega, xolos, — deyman holdan toyib. 
— Mayli, siz shu taklifni to‘g‘rilang, u yog‘ini bizga qo‘yib bering.
Uyga kelsam, keliningiz yana bir g‘alvani boshlab o‘tiribdi. Qaynotamiz nomini abadiylashtirish masalasi...
Tomog‘imga bir narsa tiqilganday bo‘ldi. 
— Bu yog‘i sizga bog‘liq emish. Bir ilojini qiling. El-yurt oldida tilimiz qisiq bo‘lmasin. 
Nima deb g‘o‘ldiraganimni o‘zim ham bilmayman. Yechinib “yuz ellik”ni otib, sovib qolgan ovqatni apil-tapil tushirdim-da, boshimni o‘rab yotib oldim. 
 ... Tushimda hamma ko‘chalar, maktablar, bog‘chalar, dala shiyponlari, tijorat do‘konlariga nom qo‘yib bo‘linganmish. Xo‘jalik bo‘limlari, brigada paykallari, fermalar, yemakxonalar nomlari kimlarning nomida bo‘lishi aniqlab bo‘linganmish. Faqat nom berilmagan bitta tepalik qolganmish. “Hech kimga bermayman bu tepalikni, o‘zimning nomimni qo‘yaman”, deb qichqirayotgan emishman...
Tashqarida nimadir qarsillab cho‘chib uyg‘onib ketdim. Boshim vang yotgandim, radio diktorining ovozi e’tiborimni tortdi. Joylarga nom qo‘yish tartibi haqida yangi qaror chiqibdi. Komissiyamiz tarqatilib yuboriladigan bo‘pti. 
Yengil nafas olib, asta o‘rnimdan turdim.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.