OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Habib Siddiq. Olamushukning kattasi (hajviya)

Juma kuni ish vaqti oxirlab qolganda qo‘qqisdan yig‘ilish chaqirildi. Ertaga tekshiruvchilar kelayotgan emish. Eng qizig‘i, soat o‘n to‘rtu nol-nolda boramiz, hamma xonalar ochiq bo‘lsin, deyishibdi. Faqat qaerdan, qaysi tashkilotdan kelayotganini kotiba qizimiz uqib ololmabdi.
Birinchi muovin holatni bayon qilgandan keyin bashorat qilishlar boshlandi.
— Hoynahoy sanitariya nazorati markazidan bo‘lishsa kerak,—dedi kimdir. An-chadan beri jimib ketishuvdi. Zeriktirmay tez-tez kelib turishardi.
— Hamma xonalar ochiq bo‘lsin deganiga qaraganda yong‘inga qarshi kurashu-vchilardan bo‘lishi ham mumkin. Qo‘lbola elektr isitgichlarni yo‘qotish kerak. Jarimasi oshib tushadi.
— «Issiqlik manbai» degan tashkilot ham bor. Isitishni qoyillatmasa ham nazoratni boplaydi... Derazalarga plyonka qoplashni esdan chiqarmanglar.
— Hisobxona, omborxonadagilar ham u yoq-bu yog‘inglarni qarab qo‘yinglar. Agar taftishchilar bo‘lsa, keliboq g‘azna bilan omborni muhrlashadi.
— Har qanday holatda ham avvalo hujjatlarimiz joyida bo‘lishi kerak, — dedi muovin. — Bugun-erta yozuv-chizuvlarni ham o‘xshatib qo‘yinglar.
— Navbatchilar joyida bo‘lsin. Zarur bo‘lsa qo‘shimcha kuchaytirilgan navbatchilik tashkil etilsin. Har qachongidan ham hushyor bo‘linglar.
— Mehmonlar kelganda shoshib qolmaylik, — deya kasabaqo‘m raisiga yuzlandi muovin. — Bir piyola choyni qaerda ichiramiz, kechki ovqati, mehmonxonasi qanday bo‘ladi. Hammasini rejalashtirib, taxt qilib qo‘yinglar.
— Dasturxonlaring quyuqroq bo‘lsin, — deb gap tashladi oqsoqollardan biri. — Shavla ketsa ketsin, obro‘ ketmasin, degan gap bor.
— Har bir bo‘lim so‘nggi uch yillik faoliyati haqida batafsil ma’lumot tayyorlab qo‘ysin. Axborot guruhi uni zudlik bilan umumlashtirsin.
— Har bir xodim asosiy faoliyatidan tashqari bugun jahonda yuz berayotgan voqea-hodisalar haqida savol-javoblarga ham tayyor bo‘lib tursin. Bilib bo‘lmaydi, har bir xo-dim bilan savol-javob o‘tkazamiz, deb turib olishlari ham mumkin.
— Har ehtimolga qarshi xodimlarning anketa ma’lumotlari va qarindosh urug‘lari haqidagi ma’lumotlarni ikki nusxada tayyorlab qo‘yinglar.
— Tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganlar noqulay ahvolga tushib qolishlari ham hech gap emas. Ana unda o‘zlaridan ko‘raverishsin.
O‘zidan oldin vahimasi kelgan «mehmon»larning dastidan kimningdir qon bosimi ko‘tarildi, kimdir yurak bezovtaligini his qilib xabdorisini tilining ostiga tashladi. Korxonamizda notanish odam paydo bo‘lsa tekshiruvchi bo‘lsa kerak, deb soyasiga sa-lom berib, mamnun qiyofada tavoze bilan kutib oladigan, boshqa kishi ekanligini bilgach, yengil nafas olib, ortidan mamnun qarab qoladigan bo‘lib qolganmiz.
Bo‘limlarning boshliqlari allamahalgacha o‘tkazilgan, o‘tkazilmagan yig‘ilishlarning bayonnomalari, gapirgan-gapirmagan notiqlarning so‘zlarini yozish, kompyuterdan chiqarish bilan band bo‘lishdi. Ishni emas, qog‘ozni so‘raydigan tekshir-uvchilarni ko‘raverib pishib ketgan «ijodkor»lar hamma hujjatlarni «xap» deganning og‘ziga uradigan holga keltirib qo‘yishdi.
Shanba kuni erta tongdanoq hamma asosiy e’tiborni mehmonlarni yaxshi kutib olish va eson-omon kuzatishga qaratdi. Ta’tildagilar ham tekshiruvchilar kelayotgani munosabati bilan barvaqtroq chaqirib olindi.
Qorovullarga maxsus kiyim kiydirib, bo‘yinbog‘ takdirib qo‘ydik. Xodimalar ishga bayramda kiyadigan liboslarda kelishdi.
Korxona hududida hashar uyushtirildi. Taraddudga qimirlagan jon borki hammasi safarbar etildi. Asfalt yo‘llar sovunlab yuvildi. Darvoza yoniga ochilib turgan gullar ko‘chirib o‘tkazildi. Xonadonida gul yetishtirib, bozorda sotadigan ayoldan ijaraga olt-mishta tuvakda gul olib kelib, ko‘rinarli joylarga terib chiqdik. Gulchi xola bilan or-tiqcha savdolashib o‘tirmadik. Chunki har gal yuqoridan mehmonlar kelganda jonimizga shu ayol oro kiradi. Atroflarga suv sepildi. Daraxtlar oqlandi. Yangi shiorlar osildi.
Dam olish xonasidagi uch oydan buyon buzuq yotgan televizor tuzatildi. Ta’minotchi bozorga chiqib to‘rvaxaltasini pista-bodom, qazi-qarta, uzun-kalta shishalar bilan to‘ldirib keldi. Oshpaz sho‘rvani qaynatib, oshning masalliqlarini to‘g‘rab qo‘yadigan bo‘ldi.
O‘zining asosiy vazifasi nima ekanligini ham unutib yuborgan mehmon kutishga «ixtisoslashgan» xodimlarga qanot chiqdi. Ularning bir piyola choy uchun xarajatlarni har galgidek kimgadir moddiy yordam yozdirib yopish haqidagi maslahatlari oxiriga yetmadi. Darvozadan ruliga xalta osilgan velosiped yetaklagan, egniga ola-bula kurtka-shim, boshiga latta qalpoq kiygan kishi kirib keldi.
— Bevaqt keldim, shekilli, — dedi u sal xijolat bo‘lganday.
— Ha, biz komissiya kutayotgandik, — deb izoh berdi uni taniydigan xo‘jalik mu-diri. — Kecha qo‘ng‘iroq qilishgan ekan... «o‘n to‘rtu nol-nolda boramiz», deb.
— Men ham shunaqa deb qo‘ng‘iroq qiluvdim... kecha...
— Nima? — deb o‘rinlaridan turib ketishdi qator saflanib o‘tirgan mehmonnavo-zlar.
— O‘tgan safar kelganimda ayrim xonalar yopiq edi. Bu safar barcha xonalar ochiq bo‘lsin, deb qo‘ng‘iroq qiluvdim.
— Nega? — dedi kimdir asabiylashib.
— Qoidasi o‘zi shunday. Hamma xonada bir vaqtda ish olib boramiz. Aks holda do-rimiz bekor ketadi.
— Qanaqa dori, qanaqa ish?! E, siz kimsiz o‘zi?
— Ie, meni tanimaydigan odam bor ekanmi?.. Bu tumanda sichqonlarga qiron kelti-radigan yagona mutaxassis — olamushukning kattasi o‘zimman-ku. Kazo-kazolarning dabdabali xonalariyu xonadonlariga ham dorini o‘zim qo‘yaman. Manavi xaltada sichqondorining eng tozasi bor. Hoziroq hamma xonalarga qo‘yib chiqaman. Ortib kolsa berishim ham mumkin. Uyga ham olib ketasizlar. Ishqilib... erisangizlar bo‘ldi-da.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.