OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hakim Nazir. Oqibat (hikoya)

Aziza xola ayvon to‘ridagi o‘rinda cho‘zilib yotgandi. Tepasida qo‘shnisi Lazokatxon paydo bo‘ldi. O’ziga oro berib, yasanib yuradigan bu lobar, quvnoq ayolning yo‘sini bo‘lakcharoq, fe’li ayniganroq edi. Ammo qo‘shnisining lohas tortib yotganini ko‘rarkan, birdan yuzida achinish paydo bo‘ldi.
— Iya, iya, egachi! Men sizni chaqirtirgandim. Mehmonlarimni shirin suhbat bilan xursand qilib o‘tirarsiz, deb. Chiqmadingiz. Nima bo‘ldi sizga?
Aziza xola oriq gavdasini arang ko‘tardi. Lazokatxon bilan ko‘rishgach, bodi qo‘zg‘alganidan qimirlayolmay qolganini aytib, uzr so‘radi. Lazokatxon egachisining bilagini ushlab ko‘rdi. Tomir urishi bejoligini sezdi. Darrov o‘z uyida qon bosimini o‘lchaydigan asbobini olib chiqdi. O’lchab ko‘rgach, qon bosimi ham ko‘tarilganini bildirdi. Azizaxonning nozikligini, sog‘ligidan bot-bot shikoyat qilib turishini bilgani uchun achinib ketdi:
— O’zingizni ortiqcha urintirgandirsiz-da. Endi ehtiyot bo‘ling. Xudo shifo bersin. Sizga kim qarayotibdi o‘zi? — deb u yoq-bu yoqqa alanglab oldi. Uy ichida hech kim ko‘rinmagach, so‘radi. — Qani bolalar?
Aziza xola biroz o‘ylanib turgandan so‘ng:
— Ketishgandi... — deb qo‘ydi.
— Qayoqqa? — dedi Lazokatxon sergak tortib.
— Haligi... Yangi joyga...
— Tushintiribroq gapiring-chi. Qanaqa yangi joy?
Aziza xola qo‘shnisining sinchkovligini, qiziqqan narsasini aniqlamaguncha qo‘ymasligini bilardi. Shuning uchun borini aytishga majbur bo‘ldi. Gap o‘g‘li bilan kelini ustida ketayotgandi. Kelinning otasi tuzukkina tadbirkorlardan ekan. Ishlari yurishib ketgandan keyin saxiyligi tutibdi. Qiziga yaqindagi domdan bir kvartira olib beribdi. Aziza xolaning ko‘hna, tor, pastqam hovlisida siqilibroq yashasharkan. Xonadonning otasi o‘g‘li bilan kelini turadigan bitta xonani ikki xonaga aylantirib berish harakatida ekan-ku, bu ish hadeganda bita qolmayotgan ekan. Shu sabab yangi kvartiraga ko‘chishga chog‘langan kelinning ra’yini qaytarib bo‘lmagan. O’z-o‘zidan o‘g‘li O’ktam ham rafiqasi ketidan ergashgan.
Bu yangilikni eshitarkan, Lazokatxonning shaxlo ko‘zlari qinidan chiqayozib, jig‘i-biyroni qaynab ketdi.
— Ana, xolos! Nahotki, shuni ko‘ra bila turib yo‘l qo‘ysanglar-a! Xo‘jayiningiz ham indamay qo‘yib berdilarmi?
— Xo‘jayin bularni ko‘chganini bilmay qoldi. Komandirovkaga ketgandi.
— Komandirovkadan qachon qaytadi?
— Uzoqroq muddatga ketganla...
— Shundoq ekan, axir bolalaringizga: «Dadang kelsin bir gap bo‘lar. Meni yolg‘iz tashlab ketmanglar», — deb aytmabsiz-da?
— Aytuvdim. Tez-tez kelib turamiz, deb va’da berishdi. «Hozircha bog‘chasiga bormasdan, yoningizda tursin», — deb bolasini qoldirishdi.
Shu chog‘ oshxonadan ushshoqqina bir qizcha choynak ko‘tarib chiqib, bularning oldilariga keltirib qo‘ydi. «Hoy, Jajji, dastyorchilik senga qoldimi, aynoniy!», — deb Lazokatxon qizchani bag‘riga bosib, peshonasidan o‘pib qo‘ydi.
— Bu Jajjining yoningizda hamroh bo‘lib turgani yaxshi. Lekin qozon-tovoqqa, o‘y-joyga qarash, kasalingizga malham qo‘yish buning qo‘lidan kelmaydi-ku! Farzandlar shuni o‘ylashmagani qiziq. O’zingiz ham aytishga andisha qilgansiz-da, albatta. Fe’lingiz ma’lum. Ortiqcha tortinchoq, xoksorsiz! Ular sizning bo‘shangligingizdan foydalanishgan. Ha, egachi, o‘z onalik qadringizni bilmasangiz shunaqa bo‘ladi. Keliningiz yuzsizlik qilgan bo‘lsa o‘g‘lingiz o‘ylashi, onaizoriga rahm qilishi kerak edi!
Lazokatxon egachisining tomirlari tortishib qolgan oyog‘ini silab-siypab qo‘ydi. Albatta, doktor chaqirib qaratish zarurligini aytdi. O’ktamni qanday topishni so‘radi. Aziza xola unga deraza tokchasida turgan daftarchani ko‘rsatdi. Lazokatxon daftarchani varakdab, O’ktam ishxonasiga tegishli bir-ikkita telefonni topdi-da, qog‘ozga yozib olgach, chiqib ketdi.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay qo‘shni qizi kirib keldi. Qosh-ko‘zlari onasinikiga o‘xshash popukdakkina, chaqqon harakatli bu tiyrak qiz ayvonga ko‘tarilib qaraganda, xolasining ko‘zi ilingan ekan. Ovoz chiqarmasdan yoniga bordi. Pashsha qo‘nmasin deb yuziga doka yopdi-da, sekin pastga tushdi. Burchakda turgan supurgini qo‘liga olib, xazon, cho‘p-xaslar ivirsitgan hovlini supurishga tushdi. Shundan so‘ng hovliga asta-asta shakarob qilib suv sepa boshlagandi, ayvondan Aziza xolaning ovozi chiqdi.
— Voy, Dono qizim, nima qilib urinyapsan? Dono yugura borib, ko‘rishdi:
— Tuzukmisiz, xolajon? — dedi. — Sizga yordam bergani chiquvdim. Ayting, ovqatingizni pishirib beray.
Aziza xola ovqatga ishtahasi yo‘qligini aytdi. Dononi ovora qilgisi kelmadi. Dono bo‘lsa qattiq turib oldi:
— Ayajonim tayinladi: «Xolangga xo‘rdi mastava qilib bergin, qatiqlab ichsin», — deb.
Shuni aytib oshxonaga kirib ishga unnay ketdi. Jajji qiz uning yonida pildirab yurarkan, Dono: «Biznikidan qatiq opchiqasan», — deb uning qo‘liga shisha idish tutqizdi.
Bir payt Lazokatxonning o‘zi chiqdi. Qizining qilayotgan ishini kuzatib, ma’qulladi. Egachisidan esa ko‘ngli bezovtaligini yashirmadi:
— O’g‘lingizni ishxonasiga ikki-uch marga qo‘ng‘iroq qildim. Topolmadim. Qayoqqayam ketgan, deyishdi. Ularga: «O’ktamni oyisi kasal, tezda yetib kelsin», deb tayinladim. Daragi bo‘lmadimi?
Lazokatxon tiq etsa eshikka qarab, egachisi yonida o‘tirdi. Qizi pishirib kelgan mastavadan qistab-qistab ichirdi. Qosh qorayganda o‘rnidan qo‘zg‘aldi-da:
— O’g‘lingiz qay vaqtda kelsayam Jajjidan menga xabar bering. Albatta, uni ko‘rishim kerak, — deb tayinladi. Dononi esa kasalning yonida tunash uchun qoddirdi.
Ertasi u poliklinikaga qo‘ng‘iroq qilib, doktor chaqirdi. Peshinga yaqin doktor kelganini bilib, egachisinikiga chiqdi. Doktor kasalni ko‘rib, davolar belgilab, dorilar yozib, endi jo‘nayogganida, hech narsa bilmaganday silliqqina bo‘lib, O’ktam kirib keldi. Eshikda «Tez yordam», uyda doktor bilan Lazokatxonni uchratib, naq kapalagi uchgan yigit, izza bo‘lganidan o‘zini arang bosgan holda:
— Iya, oyijon, sizga nima bo‘ldi? — deb onasi qoshiga quchoq ochib keldi. Onasi esa odatdagicha vazminlik bilan «sal tobi qochgani»ni bildirdi.
Egachisining beg‘am, beparvo o‘g‘ilga qilgan bunday beozor muomalasini hazm qilolmagan Lazokatxon:
— Kasalni yashirsang isitmasi oshkor qiladi. To‘grisini aytavermaysizmi, egachi! — deb zarda qildi. Keyin O’ktamga yuzlandi: — Salgina tobi qochganmas. Oldindan silqovlanib yurardi onang. Endi rosmana kasal bo‘pti. Bod. Xafaqon. Ha, bu kasallari oldindan bezovta qilib yurganini bilmasmiding? Shu yarim jon onani yolg‘iz tashlab ketishga qanday vijdonlaring qabul qiddi-a?! Borib turgan oqibatsizlik emasmi — bu?!
O’ktam kutilmagan og‘ir dashnomlarni naq o‘takasi yorilguday bo‘lib eshitdi. Bu to‘g‘riso‘z, sharttaki qo‘shniga xiyol bo‘lsin ters javob berishi mumkinmasligini bilardi. Shu bilan barobar o‘z aybiga ro‘yi-rost iqror bo‘lishga ham tili bormasdi. O’zini arang bosdi. Ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygan holda zo‘raki tabassum bilan:
— Shunaqa bo‘p qoldi, opoqijon. Aybga qo‘shmaysiz. Yaqin joyga ko‘chganmiz, tez-tez xabar olib turadigan bo‘lib. Aksiga shu kunlarda u yoqda ish ko‘payib ketib, ushlanib qoldim...
— Ha, demakki o‘zingizdan ortmay qolibsiz-da. Bilaman, turmushda har xil farzandlar uchraydi. Bir xillari o‘z shaxsiy manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yishadi, o‘z huzur-halovatlariga berilib ketishadiyu, ota-ona oldidagi farzandlik burchlariga raxna solib qo‘yishadi. Nahotki, sen mo‘min-musulmon farzandi bo‘laturib, o‘shanaqa betayin, betavfiqlar qatoriga kirsang?!
— Mendan xatolik o‘tgan bo‘lsa kechiring, opoqijon! — deb yana egilib-bukildi O’ktam.
— Menga qara, otang qurib bergan bu uy torlik qilib qoldimi? Sizlarning bu yerdan ko‘chib ketishlaringga ota-onang rozi bo‘lishganmidi?
O’ktam mushkul savolga ro‘para kelib, dovdiradi.
— Endi, opoqijon... Uncha qarshilik qilishmovdi... — deb chaynaldi.
— Shunaqa degin? — dedi Lazokatxon gumonsiragan holda. Keyin siz nima deysiz deganday Aziza xolaga tikildi.
— Ha, endi... Shunaqa... Bo‘lar ish bo‘ldi... Qaerda bo‘lishsayam omon bo‘lishsin, — degancha Aziza xola dudmol javob qildi.
Egachisining javobi Lazokatxonni qoniqtirgani yo‘q, albatta. Qoniqtirmadigina emas, bolalarini bunchalik o‘z ixtiyorlariga qo‘yib berishi, bolajonlik qilaman deb og‘irlikni o‘z zimmasiga olaverishi, serandishaligi o‘tirishmadi Lazokatxonga. Uyidan xabar olish uchun chiqib ketayotib, O’ktamni bir chekkaga imladi-da, dedi:
— Savolimga to‘g‘ri javob bermading, bola. Dadang komandirovkadan qaytsin, gaplashaylik-chi, nima derkinlar?..
O’ktam buni jiddiy ogohlantirishday qabul qildi-yu, yuragini g‘ulg‘ula bosdi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.