OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hamroxon Musurmonova. Shabnam soyasidagi muhabbat (hikoya)

Tohirning g‘alati odati bor. Bahordan kech kuzgacha har kuni ertalab quyosh chiqmasidan avval turib, hovlidagi maysalar ustida yalangoyoq yuradi. Muzdek shudringdan tanasi yayraydi. Hovlisidagi yam-yashil maysalarni kunda-kunora sug‘oradi. Dimog‘iga o‘t-o‘lan hidi urilib, huzur qiladi.
Bugun ham o‘rnidan turdiyu yuz-qo‘lini yuvib, maysalarga ko‘z tashladi: “Ancha o‘sibdi. Uch kundan beri ularga qarashga hech kimning qo‘li tegmagandir. Bolalarim yosh, xotinim ishidan, uydagi yumushlaridan ortmaydi”, degan o‘yda shimining etagini qayirib, maysalar ustiga qadam qo‘ydi. Oyog‘iga muzdek shudring nafasi urildi. Shu payt beixtiyor xayoliga Munisaning kuni kecha aytgan gaplari keldiyu “Qiziq, — deb o‘yladi u, — shabnamning ham soyasi bo‘larkanmi?”.
Munisa bilan tanishganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Lekin bu notanish ayol unga shunchalik ta’sir o‘tkazganidan hayratga tushdi.

* * *

O‘shanda u ertalab ishga ketayotgandi. Tongda shahar ko‘chalarining fayzi bo‘lakcha bo‘ladi. Tohir navbatdagi chorrahaga yetganda, yonidagi mashinaga ko‘z qirini tashladi. Qaymoqrang “Neksiya” rulida o‘ttiz besh yoshlardagi juvon o‘tirardi. Odatda u ayollarga sinchiklab qarayvermasdi. Lekin juvon nimasi bilandir uning e’tiborini tortdi. “Istarasi issiq ekan, o‘ziyam orastaga o‘xshaydi”, deb o‘yladi u. Sariq chiroq yonishi bilan juvon mashinani o‘rnidan jildirdi. “Chaqqongina ekan”, degan o‘yda Tohir ham gazni bosdi. Keyingi svetoforda negadir juvonning e’tiborini tortgisi keldi va mashinasini u bilan yonma-yon to‘xtatdi. Ammo juvon qayrilib ham qaramadi.
Yana ikki-uch chorrahagacha ketma-ket borishgach, Mustaqillik maydoniga yaqinlashganda ayolning mashinasi chapga burilib ketdi. Tohir ishxonasiga yetib kelguncha, juvonning mag‘rur qiyofasini ikki-uch marta ko‘z oldiga keltirdi. Keyin ishga sho‘ng‘ib, undan chalg‘idi.

* * *

Tohirning shuurida nimadir o‘zgargandek edi. Har kuni o‘sha notanish juvon bilan yonma-yon bosib o‘tilgan yo‘lga yetganda atrofga alanglab, qaymoqrang “Neksiya”ni qidira boshlardi. Ba’zida bu ishi o‘ziga erish tuyulib, “Menga nima bo‘ldi o‘zi? Birovning xotini bo‘lsa...”, degan o‘yda o‘ziga dakki berardi. Lekin, baribir, juvon haqida o‘ylamaslikning ilojini qilolmasdi.
Bir kuni ertalab kiyimlarini almashtirayotib: “Ajabmas, bugun uni uchratib qolsam”, degan umid ko‘nglidan o‘tdi. Niyati xolis ekan, yo‘ldagi supermarket yaqinida to‘xtab turgan qaymoqrang “Neksiya”ni ko‘rib, tushuniksiz istak yetovida mashinasini chetga olib to‘xtatdi. Ko‘nglida esa o‘sha juvonning mashinasimikan o‘zi, degan shubha ham yo‘q emasdi. Ayni chog‘da “O‘rtoqlarimdan birortasi bu ahvolimni ko‘rsa, umrining oxirigacha hangoma qilib o‘tadi”, degan andisha ko‘ngliga keldi. Rost-da, axir, oshna-og‘aynilari orasida eng jiddiysi shu — Tohir bo‘lsa... O‘zaro yig‘inlarda ayollar mavzusida gap ochilsa, o‘tlab ketadiganlarni tartibga chaqirib tursa-da, o‘zi bugungi kunda o‘n besh yashar o‘smirdek...
O‘zidan o‘zi xijolat tortib, mashinasini endi yurgizmoqchi bo‘lib turgandi, juvonning qorasi ko‘rindi. Tohir undan ko‘z uzolmay turib qoldi. Juvonning qaddi-basti kelishgan, yurishlari oddiy va chiroyli edi. “Xuddi gimnastikachilarga o‘xsharkan”, degan o‘y o‘tdi Tohirning ko‘nglidan.
Juvon mashinasini yurgizdi. Tohir uning ortidan yo‘lga tushdi. Tag‘in chorrahada yonma-yon to‘xtashdi. Juvonning yuz-ko‘zlarini eslab qolishga uringandek, Tohir unga sinchkovlik bilan tikildi. Juvon ham u tarafga o‘girildi. Qarashlaridan aqlli va qat’iyatli ekani ko‘rinib turardi. Juvon mayin jilmaydi. Vo ajab... Mana shu bir lahzalik tabassum Tohirning nazarida, dunyoni yoritib yuborgandek bo‘ldi...
U o‘ziga kelganda juvon allaqachon jo‘nab ketgan, orqada turnaqator tizilib turgan mashinalar tinimsiz signal chalardi...

* * *

— Adasi, nega buncha parishonsiz? — dedi kechqurun xotini.
— Charchaganga o‘xshayman.
— Bo‘lmasam-chi, axir, ikki-uch yildan buyon dam olish nimaligini bilmaysiz. Firmangizni ishlariyam bor bo‘lsin, sira o‘zingizni o‘ylamaysiz.
— Ishlash kerak, ayasi, ishlash kerak.
— Biror hafta dam olsangiz, ishlaringiz to‘xtab qolmas. Yordamchilaringiz bor, axir... Nima sizsiz uddalasholmaydimi? Besh-olti kun birorta sanatoriyga boring, odam o‘ziniyam o‘ylashi kerak-ku...
— Xo‘p, sen nima desang, shu...
Latifa ko‘zlarini katta-katta ochib, eriga birpas qarab turdi-da, sharaqlab kulib yubordi.
— Tavba, shuncha yil birga yashagan bo‘lsak, birinchi marta, gapimga e’tiroz bildirmadingiz...
— Shunaqami? — kulimsiradi Tohir. — Qariyapmiz-da, ayasi. Sen esa paytdan foydalanib, jilovni qo‘lingga olyapsan.
Latifaning yuzidagi kulgichi yanada chuqurlashib, miriqib kuldi. So‘ng Tohirning yelkasiga asta turtib:
— Qo‘ying-e, jilovingiz o‘zingizga buyursin, — dedi erka tovushda.
Tohir xotinining mana shu kulgisini yoqtirar, u sharaqlab kula boshlaganda, ich-ichidan zavqlanib ketardi. Ammo bu safar unday bo‘lmadi. Latifaning kulgidan yorishgan yuziga termilib turib, o‘sha, notanish juvonning tabassumini esladi...

* * *

Ishxonasiga borayotib yana qaymoqrang “Neksiya”ni esladi. Shunda o‘z-o‘zidan jahli chiqib, tutaqdi: “Menga nima bo‘lyapti o‘zi? Kap-katta odam yosh bolaning qilig‘ini qilib yursam. O‘zi kim, u? Nega unga yopishib oldim? O‘ylashga tuzukroq o‘y yo‘qmi? Charchaganman, hamma gap shunda. Bo‘lmasa, hali bir og‘iz gaplashmay, kimligini ham bilmay turib... Latifa to‘g‘ri aytdi, dam olishim kerak”.
Uning muddaosini sezgandek, tushga yaqin o‘rtog‘i Mirsaid qo‘ng‘iroq qildi:
— Tadbirkorlar anjumaniga ketyapman, tog‘da yangi dam olish maskanining ochilish marosimi bo‘larkan. Istasang, sen ham yur, balki yangi sheriklar toparsan, juda bo‘lmasa, ikki-uch kun dam olib kelasan, — dedi u.
— Qachon jo‘naysan?
Go‘shakning u yog‘idagi ovoz jonlandi:
— Borasanmi?
— Sen taklif qilasan-u, yo‘q deymanmi?
— Xayriyat-ey, seniyam ishxonangdan olib chiqsa bo‘larkan-u, jo‘ra. Ertaga ertalab yo‘lga chiqamiz, juda so‘lim joylar... Mana ko‘rasan, afsuslanmaysan.
— Kelishdik.
Tohir yengil tin oldi. “Yaxshi bo‘ldi, — degan o‘y o‘tdi uning ko‘nglidan. — Ajabmas, shu bahonada anavi bema’ni xayollardan qutilsam”.
Ertalab yo‘lga tushishdi.
Mirsaid ta’riflaganicha bor ekan. Tabiat go‘zal, toza havo, o‘ziyam miriqib dam olishdi. Ertasiga ertalab, odatdagidek, barvaqt uyg‘ongan Tohir oromgoh hovlisida aylanib yurarkan, yo‘lak oxiridagi o‘rindiqda xayol surib o‘tirgan bir juvonga ko‘zi tushib, “Dam oluvchilardan birortasi bo‘lsa kerak-da, u ham vaqtli turishni yoqtirarkan”, degan o‘yda yo‘lida davom etdi. Ammo juvonning yonidan beparvo o‘tib keta olmadi. Allaqanday savqitabiiy qiziqish izmida unga qaradi... Qaradi-yu, yuragi qinidan chiqqudek gupillab urib ketdi: bu o‘sha — qaymoqrang “Neksiya” sohibasi edi. Maysalarga o‘ychan tikilib o‘tirgan juvon yuzida nim tabassum bilan unga salom berdi.
Tohir bosh irg‘ab alik olarkan, bir soniyada ko‘nglidan ming xil xayol o‘tdi: “Oldiga borib o‘tiraymi, gapga solaymi?.. Nima deb o‘ylarkan? Yoniga yaqinlashganimda, o‘rnidan turib ketsa-chi... Nima degan odam bo‘laman?”
— Havoning zo‘rligini qarang, — dedi juvon ming yillik tanishiga gap qotgandek beparvo ohangda.
“Manavi boshqa gap, endi bemalol u bilan gaplashsam bo‘ladi”, degan xayol Tohirning ko‘nglini yoritdi.
— Joyniyam boplashibdimi? Dam olishga keladiganlar ham maza qiladi.
— Nimasini aytasiz, sharoitlariyam chakkimas.
— Chet eldagi oromgohlardan qolishmaydi.
— Ha...
Gap gapga ulandi. Tohir juvonning ismi Munisa ekanini, xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanishini bilib oldi.
— Bizning ishimiz latta-putta bilan, — dedi Munisa kulimsirab. — Bir qarich latta topsak ham, xotin-xalajning ustini butlaylik, deb harakat qilib yotibmiz...
— Odamlarni kiyintirish yaxshiku-ya, — jilmayib suhbatdoshiga tikildi Tohir, — faqat hamma kiyim bir qarichdan bo‘p ketmasa bo‘lgani...
Bu gap juvonga o‘zgacha nasha qildi shekilli, qah-qah otib kulib yubordi va mana shu kulgi ular o‘rtasidagi begonalikka barham berdi.

* * *

Tohir o‘zi sezmagan holda Munisaga bog‘lanib qolgandi. Kechki payt oromgoh hovlisida juvonni yana yolg‘iz uchratdi. Biroz gaplashib o‘tirishgach, juvon uni o‘zining xonasiga taklif qildi. “Shunchalik dadillik bilan meni xonasiga olib ketyaptimi, demak, boshida eri yo‘q”, deb o‘yladi Tohir. Suhbat asnosida bu haqda juvondan ikki-uch bor so‘ramoqchi bo‘ldi-yu, uni xafa qilib qo‘yishdan cho‘chidi.
Tohir bir gapirib, o‘n kulib o‘tirgan juvonga zimdan tikildi. “Nahotki u ham yengiltak ayollardan bo‘lsa?..” Shu o‘y ko‘nglidan o‘tishi bilan juvonga bo‘lgan qiziqishi so‘ndi. Lekin nima qilib bo‘lsa-da, uning oilasi haqida bilgisi keldi.
— Turmush o‘rtog‘ingiz bu yoqlarga sizni yolg‘iz jo‘nataverdimi? — degan savol uchdi uning tilidan.
Juvonning yuzidagi kulgi bir zumda g‘oyib bo‘ldi.
— Xo‘jayinim vafot etganlar, — dedi juvon sharbatdan stakanga quyarkan o‘ychanlik bilan.
— Meni kechiring... Uzr... — dedi Tohir o‘ng‘aysizlanib.
Juvon unga jovdirab qarab oldi-da, yuzini teskari burdi.
— Hechqisi yo‘q.
— Bu dunyoda yolg‘iz yashayotgan bir sizmi, Munisa?.. Har kim peshonasida borini ko‘radi-da, — dedi nima deyarini bilmay qolgan Tohir.
— To‘g‘ri aytasiz, mening ham peshonam shunday ekan. Bo‘lmasa, shunaqa hayotni orzu qilibmidim?..
“Bechora, — deb o‘yladi Tohir, — quvnoq ko‘rinsa-da, ichi to‘la hasratga o‘xshaydi...”
Oraga noqulay jimlik cho‘kdi. Necha kundan buyon tushuniksiz istaklar yetovida mana shu juvonga talpinayotgan Tohir shu tobda o‘zini qopqonga tushgan sherdek his etar va tezroq xonani tark etib, yuragini qoplab olgan g‘ashlikdan xalos bo‘lishga oshiqardi. Lekin ayni paytda, Munisa haqida yana ko‘proq narsalarni bilgisi ham kelayotgandi.
— Bilaman, men haqimda bilgingiz kelyapti, — dedi Munisa dabdurustdan.
— Yo‘g‘-e... Ha, endi... — chaynaldi Tohir.
— Men ham hamma qizlardek orzu-havasli kelinchak bo‘lganman, — deb bir nuqtaga tikilib gap boshladi Munisa. — O‘zim yoqtirgan yigitga turmushga chiqdim. Turmush o‘rtog‘im Vohid aka harbiy edi. Chegara qo‘shinlarida xizmat qilardi. Biz shu qadar baxtiyor edikki, ko‘rganlar Tohir Zuhromi bular, deb o‘ylashardi. Vohid akam alp qomat, zardali va mard yigit edi. Shunday bo‘lsa-da negadir maysalar va shudringlarni juda yaxshi ko‘rardi.
— Xizmatdalik paytim, kechasi navbatchilikda tursam, ba’zan, osmondagi yulduzlarga tikilib o‘ylanib qolaman, — derdi u kishi. — Nazarimda o‘sha yulduzlarning muhabbati yerga, biz qo‘riqlayotgan vatan bag‘ridagi maysalar quchog‘iga shabnam bo‘lib to‘kilayotgandek tuyuladi.
— Agar harbiy bo‘lmaganingizda, sizdan zo‘r shoir chiqardi, — derdim zavqlanib.
Vohid akam kulib:
— Sen shabnamdek tozasan, — derdi erkalab. — Osmoningdan mening bag‘rimga to‘kilgansan...
Men esa:
— Har kecha osmonidan maysalar bag‘riga o‘zini tashlayotgan shabnamdek, sizning ko‘ksingizga bosh urishga tayyorman, — deb kulardim.
U ham miriqib kulardi.
To‘yimizdan olti oylar o‘tgach, Vohid akam xizmatga ketdi-yu, qaytib kelmadi. Aytishlaricha, u xizmat qilayotgan qismga qarashli yerlarda yovuz niyatli yot unsurlar uya qurgan ekan. Vohid akam ularni payqab qolib, qismga zudlik bilan xabar yuboribdi. Lekin vaziyat qaltis bo‘lgani uchun, tezkor guruh yetib kelguncha, bir o‘zi butun boshli to‘daga qarshi kurashishiga to‘g‘ri kelibdi. Qismdan maxsus guruh yetib borganda to‘dadagilarni qo‘lga olgan Vohid akam og‘ir yaralanib, oyoqda zo‘rg‘a turgan ekan. Guruhdagi yigitlarni ko‘rishi bilan yerga yiqilibdi.
— Vohid, holdan toygan bo‘lsa ham, dushman oldida mag‘rur turib berdi. Bunday jasorat hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi, — degandi o‘shanda komandiri.
Biz kasalxonaga yetib borganimizda Vohid akam zo‘rg‘a nafas olayotgandi.
— Kel, Munis, mening shabnamim, — dedi u bazo‘r shivirlab.
Ko‘zimda yosh bilan erimning qo‘lidan ushladim. O‘sha tobda maysalar bag‘riga to‘kilgan shabnamdek Vohid akamning ko‘ksiga singib ketgim kelardi. Biroq so‘nggi bor men ularning ko‘ksiga singib ketolmadim. Qaynota-qaynonamdan, shifokorlardan uyaldim... Vohid akam olamdan o‘tib, uch oylik homilam bilan chirqillab qolaverdim...
Bir nuqtadan ko‘z uzmay gapirayotgan Munisa boshini ko‘tarib, Tohirga qaradi:
— Sizniyam zeriktirvordimmi?..
Tohir juvonga hayrat bilan tikilib qolgandi. Munisaning dilini og‘ritmaslik uchun bosh chayqab:
— Yo‘q, gapiravering... Men ham maysa-yu, shudringlarni yaxshi ko‘raman. Lekin shabnam bir maysaning muhabbatini deb o‘zini osmondan yerga otishini sira o‘ylab ko‘rmagan ekanman... — dedi.
Munisa siniq jilmaydi.
— O‘sha maysa Vohid akam edi. Men esa olti oygina shabnam bo‘lib yashadim, xolos...
— Keyin, turmush qurmadingizmi?
— Yo‘q, o‘g‘lim bo‘lmaganda, balki, bu judolikka chiday olmagan bo‘lardim. Lekin men Vohid akamning zurriyodi uchun yashashim kerak, deb o‘zimni ishontirdim. Asta-sekin ishlarimni yo‘lga qo‘ydim. Biznesimni rivojlantirishda qaynota-qaynonam qo‘sh qanotim bo‘lishdi. Suyanchig‘im o‘g‘lim ham bugun otasining izidan borib, harbiylikka o‘qiyapti. Men mard bir yigitning sevgisiga erishgandim. Bu juda katta baxt edi. Bundan ortig‘ini tilash noshukrlik bo‘lardi. Boshqa hech kim meni Vohid akamdek seva olmaydi. Men ham, — dedi juvon yerga tikilib, — o‘sha kuni sizni chorrahada uchratgan paytim, qaeringizdir Vohid akamga o‘xshab ketdi. Balki, shu bois bugun sizga ko‘nglimdagi gaplarimni aytayotgandirman...
— Hali yoshsiz, ehtimol, baxtingizni toparsiz... Yolg‘izlik...
— Men yolg‘iz emasman. Yaxshi ko‘rgan ishim bor. Mehribonlarim yonimda. Vohid akamdek mard o‘g‘lon uchun menga o‘xshagan yuzta ayolning umri fido bo‘lsa arzirdi... Munisa tag‘in o‘ychanlik bilan yerga tikilib qoldi. — Har kuni erta tongda quyosh nurida ming bir rangda jilolanayotgan shudringlarga termilaman. Ana shu shabnamlar soyasida bizning muhabbatimiz bor, deb o‘zimni ovutaman.
Juvon bilan butunlay boshqacha suhbatni kutgan Toxir unga hayrat bilan tikilib qolgandi. Uning ko‘nglida Munisaga nisbatan cheksiz hurmat uyg‘ongan, ich-ichidan ayol qalbidagi sadoqatga tahsin o‘qirdi. U bilan xayrlashgach Munisaning chehrasi ko‘z oldida muhrlanib qoldi.

* * *

Maysalardan birining yaprog‘ida ilinib turgan shudringga tikilib, o‘ylanib qolgan Tohir xotini Latifaning tovushini eshitib, sergak tortdi.
— Assalomu alaykum, adasi, yaxshi dam oldingizmi? Qarang, uch kunda hovli sizsiz huvillab qoldi. Manavi o‘t-o‘lanlargayam qaraydigan mehribon kerak ekan.
— Bo‘lmasam-chi, hamma narsa e’tiborga muhtoj, maysalar ham, shabnamlar ham, — dedi Tohir jilmayib.
— Shoir bo‘p ketibsizmi, adasi? — sharaqlab kuldi Munisa.
— Mana shu kulishingga borman-da, ayasi, sen kulsang, uyimizni oftob yoritgandek bo‘ladi.
Shu payt yotoqxonadan chiqib kelgan ikki o‘g‘li yalangoyoq bo‘lib, maysalar uzra yugura ketishdi.
— Hay-hay, sekinroq, — deb bolalariga qarab zavqlanib kuldi Tohir.
Maysa yaprog‘ida omonatgina ilinib, quyosh nurida bilinar-bilinmas jilvalanib turgan shabnamlar esa duvillab yerga to‘kila boshladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.