OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hojiakbar Shayxov. Iblis bilan muloqot (hikoya)

Boltaboy yarim kechasi yotgan joyida ko‘zlarini ochdi-yu, bir zum hech narsa tushunmay, angrayib qoldi. Ikki ukasi eron gilami ustida mast odamlarday beso‘naqay holatda dumalab yotishar, butun ayvon xuddi dahshatli zilzila yuz berganday ag‘dar-to‘ntar qilib tashlangan edi. Shunda kecha tunda bo‘lib o‘tgan dahshatli voqealar zimmo yodiga tushdi. To‘s-to‘polon yarim tunda nogahon tomdan kelayotgan taraqa-turuq ovozlar bilan boshlandi. Aka-ukalar avval zilzila yuz berdi, deb o‘ylashdi. So‘ngra he yo‘k-be yo‘q o‘rtada turgan ulkan xontaxta o‘z-o‘zidan qarsillab sinib ketdi, uning gilamga chalpak bo‘lib yopishib qolganini ko‘rgan aka-ukalarning o‘gakalari yorilayozdi. Bamisoli ko‘zga ko‘rinmas yovuz bir kimsa javonlardagi chinni idish-tovoqlarni shiddat bilan u yoqdan-bu yoqqa uloqtirar, atlas ko‘rpachalarni xafsala bilan qiyqim-qiyqim qilib qirqar, ayvon tokchasidagi turfa gul tuvaklarni ayamay gilam ustiga ag‘darar edi. O’sha kuni aka-ukalar katta bir «ish»ni muvaffaqiyatli yakunlab, odam o‘ldirishgan, so‘ngra olgan «mukofot»larini yuvishgan va xilvatgohdagi choyxonada rosa maishat qilib qaytishgandi. Uyga qaytib, yostikqa bosh qo‘yishlari bilan boshlangan bu favqulodda hodisalar bois kayflaridan birpasda asar ham qolmagandi.
Boltaboy tirriq kayfiyatda o‘rnidan turdi-da, tashqariga yo‘naldi. Eshikni ochib, ostona hatlab o‘tdi-yu, turgan joyida taxtadek qotib qoldi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, hovlisi o‘rnida ulkan mozor paydo bo‘lgan, hammayoqni katta-kichik sag‘analar, qabrlar, ularning ustiga o‘rnatilgan turli maqbaracha va yodgorlik toshlari bosib ketgandi. Sal narida go‘rkov yoki mozor qorovuli bo‘lsa kerak, belkurak ushlagan baland bo‘yli allakim ivirsilab yurardi. Boltaboy marmar zinalar orqali pastga tushib, beixtiyor haligi odam sari yurdi. Ajabo, «Adidas» qalpoq kiygan, qop-qora qoshlari xuddi chimirilgandek yuqoriga ko‘tarilgan, uzun qora chopon va charaqlatib moylangan charm etiqdagi bu kimsaning yuz qiyofasi unga juda-juda tanish tuyuldi.
Boltaboy uning ro‘parasida to‘xtab, salom berdi. Qora choponli kimsa ko‘zlarini chaqchaytirgancha unga tikilib, istamaygina alik oldi.
— Bu yerda mozor qayoqdan paydo bo‘lib qoldi, aka? — deb so‘radi Boltaboy hayratini yashirolmay.
— Nega u paydo bo‘lib qolishi kerak?! — dedi «go‘rkov» jahl aralash ajablanib. — Nima balo, kayfing bormi? Bu mozor paydo bo‘lganiga yuz yildan oshgan, uka.
Boltaboy battar hayratga tushib, tili arang gapga aylandi:
— Axir, bu joy — mening hovlim... mening uyim-ku?..
— Esingni yedingmi, uka, — dedi «go‘rkov» endi ochiqdan-ochiq ensasi qotib, unga xuddi savdoyilardek tikilarkan. — Qanaqa uy? Qanaqa hovli?..
Boltaboy orqasiga o‘girilib, ong-tong bo‘lib qoldi. Endi uyi ham g‘oyib bo‘lgan, uning o‘rnida eshiga o‘ymakorlik san’atining eng nafis usullaridan ishlangan salobatli, gumbazli, baland peshtoqli darvozaxona paydo bo‘lgandi.
Atrofga olazarak alangladi. Shu chog‘ sal naridagi bo‘yi va eni taxminan o‘n gaz atrofidagi tepasi gumbaz qilingan sag‘ana yigitning e’tiborini o‘ziga tortdi. Eski musulmon g‘ishtdan odam bo‘yi balandligida qurilgan bu maqbaraning oldi tomonida pastga olib tushuvchi marmar zinalar bo‘lib, zinalar tugagan maydoncha oxirida zang bosgan ulkan temir eshik ko‘zga tashlanardi. Uning ichida qaysidir aziz avliyoning marmardan ishlangan qabri joylashgan bo‘lsa kerak, xayolidan o‘tkazdi Boltaboy. Hoynahoy bizga o‘xshagan shovvozlar uni ham ayashmagan, nimani o‘marish mumkin bo‘lsa, o‘marib, nimani buzish mumkin bo‘lsa, buzib tashlashgan, albatta. Ayniqsa, sho‘rolar davridagi bolshavoylarning bunaqa ishlarga suyagi yo‘q edi.
— Qiziqib qolding shekilli? — Boltaboy noxos quloqlari ostida yangragan ovozdan seskanib tushdi. O’girilib, «go‘rkov» endi o‘zi bilan yonma-yon turganini ko‘rdi. Voajab: uning boshidagi «Adidas» qalpog‘ining tepa qismi xuddi ikki shoxi borday yuqoriga turtib chiqqandi. «Nima balo, shaytonmi bu?» — xayolidan o‘tkazdi Boltaboy badani junjikib.
— Aka, tanishib qo‘yaylik, — dedi yigit unga qo‘lini uzatib. — Mening ismim Boltaboy.
— Xavotir qilma, Boltaboy, — dedi «go‘rkov» xuddi uning‘ fikrini o‘qiyotganday. — Kamina shu mozorning qorovuliman. O’ljaboy deb atashing mumkin.
— O’ljaboy aka, anavi sag‘ananing ichiga bir kirib chiqishning iloji bormikan? — so‘radi yigit jur’atsizgina. — Marmar qabrlar, mo‘miyolangan jasadlar qolganmikin?
— Nima qilasan u yerda? — javob berdi qorovul jahli chiqib. — O’lgan odamlarning ruhini bezovta qilishning nima keragi bor?! Bu joy senga muzey yoki tomoshaxona emas-ku! Mo‘miyolangan jasadlarni esa, bekor tilga olding. Darvoqe... — O’ljaboy aka xuddi muhim bir nima yodiga tushganday o‘ylanib turdi-da, sirli ohangda davom etdi: — Darvoqe, bundan ko‘p asrlar avval bu yerda yotgan ulug‘ avliyoning qabr toshi tagida ilohiy bir yashm tosh ham saqlangan, deyishadi. Juda noyob xususiyatga ega sehrli tosh! Uni qadimda yashagan mashhur alkimyogarlar bunyod etishgan ekan. Aytishlaricha, uning bahosi yo‘q emish.
— Uning nimasi noyob ekan? — so‘radi Boltaboy darrov sergak tortib.
— Uning yordamida istagan ishingni amalga oshirishing, kelajakda kechadigan voqea-hodisalarni oldindan bilib turishing mumkin, — dedi qorovul bamisoli arzimas bir matoh haqida so‘z yuritayotganday loqayd ohangda.
Boltaboyning ko‘zlari chaqnab ketdi.
— Chindanam noyob tosh ekan! U hozir ham shu yerda saqlanadimi?
— Bilishimcha, yo‘q, — dedi qorovul atayin o‘zini go‘llikka solib.
— Bo‘lmasa qaerda? — yana so‘radi Boltaboy sabrsizlik bilan uning chaqchaygan ko‘zlaridan nigohini uzmay.
— Aytishlaricha, keyinchalik uni Xizr buva degan mangu yashovchi avliyo olib ketib, saqlash uchun yana allaqaysi bir avliyoga topshirgan emish.
— U qaysi avliyo ekan? Yashm tosh haliyam uning qo‘lidami? — so‘roq qilishda davom etardi Boltaboy borgan sari toqatsizlanib.
— Yo‘q, — dedi qorovul, keyin tovushini pasaytirib, yana sirli ohangda izoh berdi: — Hozir tosh o‘sha senga tanish uch opa-singilning uyiga yashirib qo‘yilgan.
— Qanaqa opa-singil?
— Darrov yodingdan ko‘tarildimi? Ularning kattasini kenja ukang sevib qolgani, yaqindagina oh-voh qilib yurganini unutibsan-da?
— Siz meni qayoqdan taniysiz?
— E, uka, shaharda, qolaversa, butun jumhuriyatda Bolta boyvachchani tanimaydigan odam bor ekanmi!
Bu gapni eshitgan Bolta boyvachchaning beixtiyor og‘zining tanobi qochdi. U iftixor bilan tez-tez nafas ola boshladi.
O’ljaboy aka boshi bilan ro‘paralaridagi sag‘anaga imo qildi.
— U yoqqa yaqin o‘rtada deyarli hech kim kirmagan, mumkin emas! Lekin sen... nufuzli odamsan. Agar sag‘ananing ichiga kirishni juda istasang... marhamat!
Shunday deb, u Boltaboyni chang bosgan marmar zinalar orqali pastga boshladi.
Ulkan temir eshik qiyinchilik bilan chiyillab ochildi va ular nim qorong‘i yerto‘laga qadam qo‘yishdi. Qorovul sal oldinda cho‘ntak fonari bilan yo‘lni yoritib borardi. Yerto‘la ichkariga yurganlari sari kengayib borar, lekin bu yerda hech qanday qabr toshi ko‘rinmasdi. Birdan yana zinalar boshlanib, ular tag‘in pastga qarab yo‘nalishdi.
— Mendan hech narsa so‘rama, bu yerda savol-javob qilish mumkin emas! — dedi O’ljaboy aka uni asta shivirlab ogohdantirarkan. — Faqat tomosha qil, kerakli gaplarni o‘zim aytib beraman. Shunaqangi g‘aroyibotlarni ko‘rsatamanki, unaqasi yetti uxlab tushingga ham kirmagan. O’zingni yo‘qotib qo‘ymasang bo‘lgani, ishqilib...
O’ljaboy aka bu gagsharni ukdirarkan, ular azbaroyi eskirganidan to‘kilib ketgan zinalar orqali tim qorong‘i yerto‘laga kirib kelishdi. Devorlari eski musulmon g‘ishtlardan qurilgan yerto‘laning balandligi ikki gazcha kelardi.
Oyoqlari ostida ko‘lmak suv shapilladi. Bu yerning havosi og‘ir, diqqinafas edi. Nogahon chiyillagan ovozlar eshitilib, shundoq yonlaridan devor yoqalab bahaybat kalamushlar galasi yugurib o‘tdi. Ular odamlarga e’tibor ham qilishmadi. Shunga qaramay, boyvachcha ko‘ngli aynib, qayt qilib yuborayozdi. Hamrohining ahvolini payqadimi, qorovul darrov uning qo‘lidan ushlab oldi. Bu ishni u juda vaqtida qilgan ekan, chunki bir soniya o‘tmay Boltaboy fonar yog‘dusi ostida ko‘ngilni ozdirgudek o‘lguday badbashara maxluqqa ro‘para keldi. U yigitga qahr-g‘azab bilan tikilar va ulkan jag‘dor tishlarini g‘ijirlatardi. Azbaroyi qo‘rqib ketganidan Boltaboy o‘zini keskin chetga oldi, agar qorovul bo‘lmaganida, devorga urilib, boshini yorishi aniq edi. O’ljaboy aka sekingina kulib qo‘yarkan, unga tasalli berdi:
— Hechqisi yo‘q. Dastlabki paytlarda ko‘rshapalaklardan men ham qo‘rqardim.
Nihoyat, ular uzundan-uzun bu mudhish yerto‘laning oxiridagi mahobatli temir eshikka yuzma-yuz kelishdi. Qorovul ancha-muncha kuch sarflab eshikni ochganidan so‘ng ular ostona hatlab, yarmi g‘isht, yarmi marmar ushoqlari to‘shalgan kattakon bo‘lmaga o‘tishdi. Yerto‘ladan farqli o‘laroq,— bo‘lma favqulodda yorqin nurlarga cho‘mgan, devorlarga lovullab yonib turgan ulkan shamlar osilgandi. Ularni kim va qachon yoqqanini O’ljaboy aka izohlab o‘tirmadi. Devorlar yoqalab kishining diliga g‘ulg‘ula soladigan darajada yalt-yalt qilayotgan oppoq ustunlar qad ko‘targandi. Ular yigirmaga yaqin edi. Ularning biriga yaqinlashgan boyvachcha shu zahoti dahshat ichida ortiga tisarildi. Bular shisha tobut (sarkofag)lar bo‘lib, ichiga mo‘miyolangan erkaklarning jasadlari joylashtirilgan edi. Ularning kiyim-kechaklariga qaraganda, bu odamlar o‘rta asrlarda yashab o‘tgan jangchi sarbozlarga o‘xshar edi.
Shu payt mozor korovuli boyvachchaning yelkasiga qo‘l tashlab, bo‘lmaning o‘rtasiga imo qildi. Boltaboy o‘sha tomonga o‘girilib, tosh sandiqni eslatuvchi ulkan supaga ko‘zi tushdi. «Sandiq»ning chetlariga o‘ymakorlik usulida jimjimador gullar surati tushirilgan, qopqog‘ining sirtiga sal-pal xitoychaga o‘xshab ketadigan imloda allaqanday notanish yozuvlar bitilgan edi.
— Xosiyatli yashm toshi o‘z davrida mana shu sandiqda saqlangan, — dedi O’ljaboy aka yo‘ldoshining qulogiga shivirlab. — Uni olib ketmagunlariga qadar bu yerni ajdarhoga o‘xshagan bahaybat ilonlar qo‘riqlashgan va bu yerga hech kim yaqinlasholmagan. Toshni olib ketishibdi-yu, bu joyning ham fayz-xosiyati qolmabdi. Anavi jasadlar ham qo‘riqchilar sanalib, birov toshga yaqinlashsa, shisha tobutlarni yorib chiqib, o‘g‘rilikka kelgan odamning jonini sug‘urib olishgan emish.
— Yo tavba! — dedi Boltaboy hayrat barmog‘ini tishlab.
— Lekin sen qo‘rqma! — shiyirlab gapida davom etardi qorovul. — Bari bir toshni qo‘lga kiritishga harakat qil. Agar bu ishni uddalasang, — Bolta boyvachcha buni albatta uddalaydi, bunga ishonchim komil, — nafaqat yurting, balki jami mulki olamga hukmronlikni qo‘lga kiritishing mumkin.
Boltaboy unga ag‘rayib tikilarkan, ayni ko‘nglidagi gapni topib aytayotganidan battar hayratga tushgandi. Ayni damda xayolidan: «Nima balo, chindanam shaytonga ro‘para keldim shekilli», — degan fikr o‘tdi.
Shu ondayoq qorovul biqiniga turtib:
— Namuncha mijg‘ov bo‘lmasang! — deya xitob qildi sal tovushini ko‘tarib, uning achchig‘i chiqqani ko‘rinib turardi. — Men ham Xudoning bir bandasiman. Lekin oddiy banda emas! Istasang, avliyo deyishing mumkin. Chunki men dunyodagi hamma gaplardan xabardorman. Aytaylik, kecha kechasi sening uyingda bo‘lib o‘tgan ag‘dar-to‘ntardan...
Boltaboy tungi garoyib yo‘ldoshining javlon urib yonayotgan sham nurida allaqanday sirli, ko‘kimtir tusda tovlanayotgan sovuq basharasiga yanada sinchiklabroq tikilarkan, azbaroyi qo‘rquv va sarosimaga tushganidan jag‘i osilib qolgan edi. U tili zo‘rg‘a aylanib, so‘radi:
— Siz buni... qayoqdan bilasiz?
— Aytdim-ku, kamina avliyoman, axir!
— Avliyolar... turli karomatlar ko‘rsatishgan, deyishadi. Chinakam avliyoligingizni menga isbotlab bera olasizmi?
— Juda ko‘p savol berayapsan, — dedi qorovul endi achchiq danak chaynab qo‘yganday aftini burishtirib. — Buning oqibati yaxshi bo‘lmaydi. Avliyoligimni senga allaqachon isbotlab bo‘ldim. Buni uyingta qaytganingda bilasan.
— Yo‘-g‘e?.. Uyimda hamma narsa yana o‘z holiga qaytdi, demoqchimisiz?
— Savol berishni bas qil, deyapman! Aytdim-ku, hammasini halizamon o‘zing ko‘rasan!..
Shu payt O’ljaboy aka jasad solingan shisha tobutlarning biriga sinchkov tikilarkan, ranggi bo‘zday oqarib ketdi. Boltaboy ham o‘sha tarafga yuzlandi-yu, qichqirib yuborayozdi. Jasadning to‘satdan kipriklari qimirlab, beso‘naqay qalin lablarida zaharxandali kulgu ifodasi paydo bo‘lgandi.
— Senga necha bor aytdim-a, ana endi hammasi rasvo bo‘ldi! — xitob qildi qorovul afsus-nadomat bilan endi baralla ovozda. — Jasadlar tirila boshlashdi. Senga avvaldan hammasini tushuntirib bersam bo‘larkan. Bu yerga kirgan har qanday o‘g‘rining miyasida, yashm tosh qaerga yashiringan ekan, degan savol-o‘y bo‘ladi. Jasadlar ham ana shu savol-o‘yga, umuman, savol bioto‘lqinlariga sozlangan. Bu to‘lqinlar jasadlarga yetib borishi bilan ular tirilib, o‘g‘riga hujumga o‘tishadi. Ularning bittasi jonlansa, bo‘ldi, shu zahoti qolgan yigirmatasini tiriltiradi. Xayr, mayli, bo‘lar ish bo‘ldi, men ularni chalg‘itib turaman, sen qochish payida bo‘l!
Shu payt haligi kipriklarini qimirlatgan jasad qo‘yilgan shisha tobut karsillab o‘rtasidan darz ketdi. Esxonasi chiqib ketgan Boltaboy qimirlashga ham holi yetmay, haykaldek qotib turarkan, tobutning bir bo‘lagi to‘kilib tushdi, ayni damda undan achchiq va o‘lguday qo‘lansa tutun burqsib ko‘tarilganini payqadi. Tutun tarqalgach, shisha tobut g‘oyib bo‘lgani, uning parchalari asirliqdan qutulib chiqqan sirli mavjudotning oyoklari ostida yotganini ko‘rdi. Shu zahoti jasad ko‘zlarini ochib, avval Boltaboyga, so‘ngra qorovulga teshib yuborgudek g‘azabnok nigoh bilan tikildi. Boyvachchaning borliq vujudini allaqanday ibtidoiy bir dahshat hissi chulg‘adi. Ikkovi ham jon-jahdlari bilan o‘zlarini eshikka otishga intilishar, lekin qandaydir shaytoniy bir kuch oyoqlarini zanjirband qilib qo‘yganday edi. Shu chog‘ Boltaboy o‘z hamrohining yuzi qandaydir ma’nisiz, sovuq bir ifoda kasb etgani, qo‘llari jonsizday osilib tushgani, u bamisoli bo‘g‘ma ilonning joduli nigohiga duch kelgan quyonchaday jasadning istiqboliga qarab yura boshlaganini ko‘rdi. Ana shundan so‘ng yuz bergan voqeadan boyvachchaning oyoqlari akashak bo‘lib, hushi boshidan uchayozdi.
Mozor qorovuli xuddi sehrlanganday o‘rta asrlarda yashab o‘tgan, ayni damda haykalday kotib turgan devday haybatli jangchi sari yurarkan, boshqa shisha tobutlar ham qoq o‘rtasidan qarsillab darz ketib, shishalar to‘kilib tusha boshlagan, bo‘lmani ulardan burqsib chiqayotgan ko‘m-ko‘k va o‘lguday badbo‘y tutun to‘ldirgandi. Mana, O’ljaboy aka dahshatli mahluq bilan yuzma-yuz keldi-yu... yo falak! — bir sakrab uning tanasiga singib ketdi! Uni o‘ziga «yutib» yuborgan odamxo‘r «dev» shu zahoti jonlanib, oldinga bir qadam tashladi.
O’takasi yorilayozgan Boltaboyning oyoqlarini zanjirband qilib turgan ko‘zga ko‘rinmas kuch shu ondayoq yo‘qolib, u bir zum ham o‘ylanib o‘tirmay, o‘zini tashqariga otdi.
Qo‘rquvdan es-xushini yo‘qotgan holatda bu Xudo urgan yerto‘ladan yuqoriga olib chiquvchi zinalar sari shataloq otib yugurarkan, orkasidan gumburlagan og‘ir qadam tovushlari qulog‘iga chalindi. Ortiga o‘girilib qarashga ham yuragi dov bermay, battar jon-poni chiqib, bor ovozi bilan chinqirgancha yanayam tezroq yugurdi. Mana, nihoyat, xaloskor zinalarga ham yetib oldi. Temir eshik ostonasidan hatlab o‘tdi-yu, uni bor kuchi bilan berkitdi. Shu ondayoq ichkaridan xuddi Fantomasga o‘xshab vahimali do‘rillagan kulgu ovozini eshitdi. Bu kinoyali kulgu shaytoniy kuchlar tantanasidan dalolat berayotganday edi.
O’g‘rilikni o‘ziga kasb-kor qilib olgan Bolta boyvachcha umrida gazet-jurnal o‘qimagan, g‘irt mahdud yigit emasmi, yarim tunda kechgan bu g‘aroyib sarguzashtlarining mohiyatini hayotining oxirigacha anglay olmay o‘tadi... Gap shundaki, «Sirli olam» oynomasi yaqinda bir ilmiy maqola chop etgan, unda yozilishicha, o‘rta asrlarda alkimyogarlar inson tanasining bir necha oy yashay olishini ta’minlovchi modda kashf qilishgan, bu tajribalarga rozilik bildirgan odamlarning koni so‘rib olinib, uning o‘rniga inson jasadini yemirilishdan saqlovchi maxsus suyuqlik modda quyishgan. Bundan odam o‘lmagan, o‘ziga xos muroqaba holatiga o‘tib, letargik uyquga ketgan. Moziy olimlari o‘zlari bunyod etgan yagona nusxadagi ilohiy yashm toshini qo‘riqlashda, aftidan, ana shunday odamlardan foydalanishgan ko‘rinadi.
...Boltaboy sapchib o‘rnidan turdi-yu, o‘zini yana uyida, katta ayvonda ko‘rib, sal ko‘ngli taskin topdi. Ikki ukasi ikki tomonida aloq-shaloq dumalab yotishardi. Alanglab yon-veriga tikildi, ajabo: hamma narsa yana joy-joyida, kecha tunda bo‘lib o‘tgan to‘s-to‘polonning isi ham, izi ham qolmagandi.
«Qorovul chindanam avliyo ekan shekilli?» — xayolidan o‘tkazdi u o‘ychan kiyofada tashqariga tikilib. G’aflat uyqusidagi bu omi va johil yigit shu bugun shaytonlar va ins-jinslar rahnamosi Uluspirning naq o‘zi bilan muloqotda bo‘lganini xayoliga keltirishga ham qodir emas edi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.