OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hulkar To‘ymanova. Bola (hikoya)

Uch-quyrug‘i yo‘q, deb ta’riflanadigan bu shaharning chekka mavzelaridan biridagi ko‘p qavatli uylar xuddi egizaklardek bir-biriga o‘xshash. Bola bu uylarning qanchalik darajada oqilona tiklangani haqida ko‘p marta xayolga berilar, ammo o‘ylab o‘yining tagiga yetolmasdi. Quvurlardan oquvchi issiq va sovuq suvning ehtiyojga yarasha bir tekisda oqib turishiyu va yana qaergadir gumdon bo‘lishi bolaning nazarida, eng donishmand odam o‘ylab topgan ish bo‘lib, tasannoga arzirdi. Ular yashaydigan uy bir xonalik, balkoni ham shunga yarasha tor-tanqis, ortiqcha buyumlar saqlanadigan tokchadan boshqa hech narsa ko‘zga tashlanmaydi. Uy yonida temir panjara bilan aylantirilgan kaftdekkina yer bo‘lib, onasi har yili pomidor, har xil ko‘kat, ekib qo‘yar, ammo parvarish harchand yaxshi bo‘lmasin, yolchitib hosil olishmasdi. Harna-da, bolam, sotib olganga pul chidarmidi, o‘zing uchun o‘l yetim, derdi onasi uni shu maydonchada ishlashga majbur qilib. To‘g‘risini aytganda, bola onasining fikriga ko‘p ham qo‘shilolmasdi: yoz kelib, bozorlar meva-chevayu sabzavotga to‘lib ketsa, pomidoru ko‘katlar suvtekin bo‘lib ketadi. Qishlikka yetadigan qilib, ul-bul tayyorlamoqchi bo‘lganlarga tag‘in ham tushib berishadi. Bola shu buyradekkina joyda kuymalangani uchun atrofdagi tengqurlaridan uyalar, ko‘pincha ularning davrasidan o‘zini olib qochardi. Ayniqsa, ularning tepasidagi uch xonalik uyda yashovchi Sarvar ismli undan bir sinf yuqori o‘qiydigan bolaga yuzma-yuz kelgulik qilmasin. Dadasining kolbasa ishlab chiqaradigan tsexi bor, tagida mashina, har kuni sumka-sumka narsa ko‘tarib, uyiga kirib ketadi. Sarvar singlisi bilan hali ananas, hali naycha bilan simiriladigan sharbat ko‘tarib chiqadi. Jur’at Sarvarni ko‘rishi bilan bolkon tomonga o‘tib ketadi. Qo‘shni bolaning egniga qimmatbaho kiyimlarni ilib olishi, o‘zini o‘zgalardan, ayniqsa, undan yuqori ko‘rsatishga intilishi Jur’atga og‘ir botardi.
— Namuncha shu agarotingda ishlayverasan, tonnalab kartishka oladigan dehqonday ter to‘kasan-a? Undan ko‘ra koptok tep, valiybol o‘yna, hali bolasan-ku, katta odamlarga o‘xshab ro‘zg‘or tashvishiga ko‘milib qolgansan-ey,— deb qolardi ba’zan Sarvar o‘zini donolarcha tutib.
Jur’at indamaydi, biladiki, Sarvar bilan o‘zi orasida yer bilan osmoncha farq bor, shu bois u bilan munozara qilishning foydasi yo‘q. 
Ochig‘iini aytganda, Sarvar ulg‘ayayotgan oila bilan ularniki orasidagi tafovut nafaqat yeb-ichish, kiyinishda, balki umumiy bir muhitda, fikrlashda ham kuzatilar, Jur’at ba’zan to‘la-to‘kislik, ma’murchilik hukm suradigan qo‘shnilari oilasiga o‘zi tugul onasining ham havas qilishini sezib qolardi: "Qaniydi, otang hayot bo‘lsa, Sarvarning dadasiga  o‘xshab mol-dunyo topmasa ham sog‘-salomat yursa, bizdan baxtli oila bo‘lmasdi".
O‘shanda Jur’at qadimiy shaharga ziyorat uchun ketgan otasining allaqaysi mashinada qanday qilib halokatga uchraganinini anglaydigan yoshda emasdi. Xotirasi faromush bermasa, hali uch yoshga yetmagandi, undan keyingi singlisi ham, onasining qornida bo‘lib, keyinchalik dunyoga kelgan ukasi ham bu achchiq haqiqatning tagiga endi yetishmoqda. Onasi ular bergan savollarga ko‘pincha umid va ishonch uyg‘otib, "Dadang uzoqqa ketgan, bir kuni "lop" etib kelib qoladi" derdi. Kim bilsin, onasi o‘zga kishiga turmushga chiqishini nazarda tutib shunday deganmi yoki ularning ruhiyatini yaralagisi kelmaganmi, har qalay dadasining olamdan o‘tib ketganini sir tutardi. Jur’at yil sayin ulg‘ayib, ketidan uni quvib yetayotgan singlisi va ukasini boqishga bir o‘zi ojizlik qilayotgan onasining mushkulini osonlashtirish haqida o‘ylar, ammo qanday qilib — buning ilojini topolmasdi. Ko‘cha supurgani uchun beriladigan arzimas maoshni onasi sho‘rlik qayoqqa tortqilashni bilmas, pul bilan bog‘liq muammolar esa to‘lib-toshib yotardi: kitob, daftar, oziq-ovqat, goho issiq jonlariga isitma tushib, dori-darmon, ba’zan to‘y-ma’rakalar uchun ham xarajat lozim bo‘lardi.
Bola oshxonalari derazasidan chiqarilgan shlangni jo‘yaklarga to‘g‘rilab, jo‘mrakni buradi. Bir hafta oldin ekilgan pomidor va qalampir ko‘chatlarini shu kecha-kunduzda sug‘orishmasa, butun harakatlari chippakka chiqadi. Dastavval ko‘chatlarni idishda suv olib kelib sug‘orishdi. Ekinlar nahorda tetik tursa-da, kun qiziy boshlagach, shalpayib qolishardi. Onasi bugun bir shimdirib sug‘ormasang, bularning "odam" bo‘lishi qiyin, deya tayinlagandi. Jur’atning fikru o‘yi maktabda ham shu bo‘ldi, ammo shlangdan suv oqizsa, qo‘shnilar norozi bo‘lishi aniq, shundan xavotiri bor. Shlangdan juyaklarga jildirab endi suv oqa boshlagan ediki, ularning tepasida yashaydigan kampirning diydiyosi boshlanib qoldi:
— Ey, s?nok, zakroy vodu, a ya stirayu, t? meshaesh, napor voobshe malo.
Jur’at qo‘shnining zardasidan sergak tortib, yuqoriga qaradi. Sochini qizg‘ish rangga bo‘yab olgan kampir qo‘llarini dahaniga tirab, Jur’atning nimadir deb javob qaytarishini kuta boshladi. Bola "Siychas" dedi-da, chopqillab uyiga kirib ketdi. Bir parcha yerning olamcha tashvishi qursin, koshkiydi onasi uni xijolatga soluvchi holatlarni tushunsa, o‘zi ishda bo‘lgani uchun Jur’atning qo‘shnilar oldida o‘ng‘aysiz holga tushishini qayoqdan ham bilsin? Mana, aytgan ishi chala qoldi, onasiga nima deydi endi? Yaxshisi, chelakda sug‘oradi, hech kimga malollik tug‘dirmaydi, onasi ham xursand. 

* * *

...Bu dunyoni bozorga o‘xshatgan shoirlarning gapi rostga o‘xshaydi. Birov bilan birovning zarracha ishi yo‘q, har kimning holi-qudrat tortadigan o‘z tirikchilik aravasi bor, turmushning toshdan qattiqligi kattalarga-ku kundek ravshan, ammo aynan shu haqiqatga duch kelgan tengqurlari kabi Jur’at qam kun sayin,oy sayin fikran tiniqlashib borayotgandek edi. Bola ta’tilga chiqqach, qanday qilib bo‘lmasin, pul ishlab topish, jilla qursa, o‘zining ehtiyoji uchun zaruriy kiyim-kechak, o‘quv qurollari xarid qilishni mo‘ljallamoqda edi. Axir onasi bechora ro‘zg‘orning qay tomoniga ko‘ndalang bo‘lsin, hali u, hali bu,  cheki-chegarasi yo‘q g‘alvalar. Onasi uning pista, qurut sotish haqidagi taklifini rad etgach, bola o‘ylagan rejasi chippakka chiqqanidan diltang bo‘ldi. Onasining fe’l-atvoriga u tushunmaydi, axir ko‘maklashishga urinsa, bundan mamnun bo‘lmaydimi?
— Qo‘y, bolam, sira hojati yo‘q, qo‘shnilarni oldida meni nomuslarga o‘ldirasan-ku, buning ustiga pista o‘lgur hamma yoqni iflos qiladi, o‘zim farrosh bo‘lmasam ham mayliydi. Pista chaqqanlarni ko‘rsam tutaqib ketaman!
Jur’at botinib, bir so‘z aytolmadi. Ta’til bo‘lishini kutadi, eng yaxshisi shu. Shaharda nima ko‘p, bozor ko‘p, yaxna choy sotadi. O‘tgan yili sinfdoshi Mansur eng katta ulgurji bozorda yaxna choy sotib, o‘zining butun kamu ko‘stlarini to‘g‘rilab olibdi. Bu yil ham shuni cho‘tlayapti, o‘zida shunday niyat borligini sir tutdi, menga taassuf solyapti, deb o‘ylashini istamadi. Ta’til kelaversin-chi, bir gap bo‘lar, aytgancha, hali bu ishga onasi rozi bo‘larmikan, gap shunda.
— Nima qilayapsan, Jur’at, hali juda erta-ku, birpas uxla.
Jur’at onasini qaytib bezovta qilgisi kelmay, oshxona eshigini ohista itararkan, tozalab yuvilgan butilkalarga avval tog‘oradagi suvdan soldi, so‘ng rang berish uchun qaynoq choydan bir piyolacha aralashtirib, polga tikka-tikka qilib qo‘yaverdi. Shu tariqa bola bir yarim litrlik o‘nta butilkani yaxna choyga to‘latib, ikkita sumkaga beshtadan joyladi-da, stulga o‘tirdi: endi tamaddi qilib olishi kerak. Bola muzlatgichdan saryog‘ olib, bulka nonga yoqdi va shirinchoy qilib, apil-tapil simirdi-da, boshiga shapkasini bostirib kiydi. Hali bozorga yetib boraman deguncha kamida bir soat kerak, boz ustiga yuki yengil emas, o‘n besh kilo. Kecha u olti butilka choy olib chiqqandi, hash-pash deguncha pullab bo‘ldi, hozir jazirama, odam har daqiqada suv ichsin, ayronu qimiz simirsin, tashnalik chekinmaydi. Xudo xohlasa, o‘nta butilka ham bir pasda o‘z xaridorini topib ketsa kerak, yuz so‘mdan sotsa, bir yarim ming so‘m, axir har kuni shunchadan jamg‘arib borsa, o‘n kunda o‘n besh ming so‘m. Ammo... manzilga yetguncha bo‘laricha bo‘ladigan ko‘rinadi, hali hech qancha odimlamay, ikkala qo‘lining kafti ham qiyilgudek qizarib ketdi. Eh-he, ulgurji bozorga yetgunicha uch chaqirim bordir-ov, shunisi alam qiladiki, bu yo‘llardan na avtobus, na tramvay yuradi, taksini esa falon pulga yollash kerak, bundan ne naf, ikki oyog‘idan ko‘ra ma’qulroq ulovning o‘zi yo‘q. Bir soatda bo‘lmasa, ikki soatda yetar, shoshib qayoqqa ham borardi, bozor qizigan paytda ishi yurishadi, savdogarlar uning yaxna choyini talashib-tortishib xarid qilishadi. Bola qaytishda yengil bo‘lishini o‘ylab, yastanib yotgan bedazor chetidan odimlab borardi. Uning ko‘z oldi tinib ketdi, yam-yashil o‘tloq nimagadir sap-sariq tusda tovlanib, ko‘ngli ozdi, shu ahvolda bozorga qanday yetib borarkin? Bola onasi zo‘rlab uzatgan bulochkani olmaganiga afsuslandi, to‘g‘risi Jur’at, shuni ham ukalariga ilindi, men bozorda bunday yeguliklarning yuz xilini ko‘ramanu, olib yerman, deb o‘yladi. Bola erinibgina, xuddi yelkasidan kimdir zilday yuk bilan bosib turgandek arang yurib ketmoqda edi. Sumkadagi butilkalar go‘yoki uni yerga kirgizib yuboradigandek bo‘lib, oxiri bola ularni bir-biriga tirab, maysazor ustiga qo‘ydi. Qaniydi, hozir huv o‘sha bozorda bo‘lib qolsa, xayolparastlik yaxshi-da, amalga oshmagan ishni yolg‘ondakam, orzu qilganingday bajarib qo‘ya qolasan.
Bugun — uchinchi kun, bola shundan mamnun ediki, onasi choy sotishiga qarshilik qilmadi. Ko‘cha-ko‘yda, ariq ichida, bekatlarda, xullas, oyoq tagida dumalab yotgan butilkalar bolaga xuddi qadrli matohek ko‘rinar, quchoq-quchoq qilib, katta qopda uylariga keltirardi. Choy sotilgan butilkalarni qaytib so‘rashga birinchidan iymanar, ikkinchidan, o‘sha odamni izlab topish ham amri-mahol edi. 
Ulkan oqimda kimdir u yoqqa, kimdir bu yoqqa oshiqar, g‘ala-g‘ovurda bola o‘tgan-ketganning diqqatini jalb qilgisi kelmay uni qiynayotgan butilkalarni tez-tez egasiga topshirgisi kelardi.
— Kep qoling, yaxna choylar bor. Ichsangiz, mazza qilasiz, sotamanu ketaman, butilkasi yuz so‘mdan,— Jur’at tomog‘i yirtilgudek bo‘lib baqirar, bozorga kirib chiqayotganlarning, bu yerda rosmana xo‘jayin bo‘lib olganlarning diqqat-e’tiborini o‘ziga qaratib, qo‘lidagi choy to‘ldirilgan limmo-lim butilkalarni ko‘z-ko‘z qilardi. Choychaqa topish ilinjida chiqqan bu bola o‘ziga eng qulay va gavjum joyni tanlaganidan hech kim uning yonidan befarq o‘tib ketolmasdi. Qolaversa, choy eng arzon ichimlik bo‘lib, oldi-sotdi uchun bozorga kirganlarning arzimas pullari evaziga oshirilar, biror kishi narx-navosi ustida talashib-tortishib ham o‘tirmasdi. Bir-biriga surkalib, turtinib, nimadir xarid qilish maqsadida rasta aylanib yurganlar bolaning yonidan o‘tib, so‘rab qolishardi:
— Choy qanchadan, uka?
Shunda bola epchillik bilan to‘ldirilgan butilkani ularning qo‘llariga tutqazardi:
— Atigi yuz so‘mdan, iching, chanqovingiz bosiladi.
Choy so‘raganlar hech qanday e’tirozsiz butilkani olishar, shunda bola gul-gul yonib, baqirishda davom etardi:
—Kep qoling, muzdaygina choylar bor. Ichsangiz darmonda, ichmasangiz armonda, bor-yo‘g‘i yuz so‘mdan.
—Choyingdan ber,— suratli mayka kiyib olgan qorindor kishi bolaga yaqinlashdi.
— Mana, aka, yuz so‘mdan.
— Namuncha qimmat, senam ja o‘zingcha delovoysanu,— haligi kishi butilkani qo‘liga olib, qulqillatib icha boshladi. Chanqovi bosildi shekilli, peshonasidagi terni ro‘molchasi bilan sidirib artdi.
Bola xursand bo‘lib ketdi, navbatdagi xaridorni istagandek, atrofga alang-jalang qaradi. U yaxna choy uchun juda kam xarajat sarflanishini, lekin oz-ozdan pul yig‘ishning mashaqqatlarini o‘zidan boshqalar unchalik his qilmasligini o‘ylab, goho tajangligi ortardi.
— Ma,— barzangi shimining cho‘ntagidan bir hovuch pul chiqardi-da, ellik so‘mni ajratib unga uzatarkan, pisanda qildi:— Ellik so‘mam teshib chiqmaydi.
— E, aka, ko‘tarmaydi,— bolaning kayfiyati darhol o‘zgardi, o‘z mo‘ljalidagi narxga sotmasa, nima foydasi bor, choy solingan butilkalarni sillasi qurigandek ko‘tarib kelganini mana bu nusxa tushunarmidi?
— Tag‘in tortishganini qarang, tur, yo‘qol, zumrasha, senga pul ishlashni kim qo‘yibdi? Ko‘tarmasa tuyog‘ingni shiqillat, nima, sen choyingni optomdan sotib olganmisanki, ustiga o‘zingni dolyangni qo‘shib sotsang...
— Aka, unaqa demang, menam zarillikdan...
— Mushtdaygina bo‘p muncha qaysarsan, mijozlaringni norozi qilsang, ishing yurishmaydi bola, bilib qo‘y!
— Narxi yoqmasa, ichmang edi,— janjalga aralashdi rastalarga turli matolarni yoyib qo‘ygan jikkakkina kishi.
— E, siz aralashmang, bu bola sizga kim, qarindoshingizmi?— hamon otdan tushsa ham egardan tushgisi kelmasdi barzangining.
— Gap qarindoshchilikda emasu, endi shu bolayam muhtojlikdan chiqqan-da, uka. Hammamiznikiyam tirikchilik...
— Mayli, qo‘yavering amaki, — bola o‘ziga xayrixohlik qilayotgan kishiga bir nazarini soldi-da, haligi ziqnaning aftiga qaytib qaragisi kelmay nari ketdi. 
Bolaning tinka-madori qurib ketsa-da, choylari tugab, sumkasi bo‘shagani uchun o‘zini qushdek yengil sezdi. Sho‘rtigining orqa cho‘ntagidagi qo‘ldan qo‘lga o‘taverib, g‘ijimlanib ko‘rki ketgan bir talay yuz so‘mliklarni olib sanay boshladi: bir ming to‘rt yuz so‘m. Bola pullarini taxlab, yana cho‘ntagiga joyladi, o‘zini o‘zi rag‘batlantirgandek pichirlab, yashavor, deb qo‘ydi. Endi uyga ravona bo‘lishi mumkin, u yo‘l-yo‘lakay uchragan yeguliklar — somsa, kabob, gummaga suqlanib qarar, ammo azbaroyi puli kamayib qolishini istamaganligidan indamay o‘tib ketishga majbur edi. Ayniqsa, shokoladu pechenelarning turi ko‘pligini aytmaysizmi? Savdogarlarning yirik-yirik pullarni sanab, jamlab sumkaga joylashlarini tomosha qilarkan, bola ular kabi daromadi mo‘l bo‘lishini orzu qilardi. Shundoqqina uning yonidagi rastaga joylashgan qotmagina, qiltiriq gavdasiga mos bo‘lmagan keng bichiqdagi futbolka kiyib olgan kishi sigaretani ustma-ust tortarkan, har daqiqada "Dollar olamiz, dollar" deb o‘tgan-ketganlarga nigoh tashlardi. Bola hali bu yerning ko‘zga ko‘rinmas qonun-qoidalari mavjudligini bilmas, bu makonga ko‘pchilik pul ishlab topish, ikkinchi toifadagilar esa o‘z ehtiyojlariga yarasha nimadir xarid qilish uchun qadam ranjida etishlarini idrok etardi, xolos. O‘zi ham shulardan biri bo‘lib, kechgacha uncha-muncha pul ishlab topishni cho‘tlamoqda edi. Hech qursa, shu pulga sumka kelar. Bir tovuqqa ham suv, ham don deganday... Ha, buning uchun nafsini ko‘p narsadan tiyishi kerak. Ko‘ngli tusagan narsani olaversa, jamg‘arma to‘plashi qiyin. Kechagi, o‘tgan kungini qo‘shib hisoblasa, ajabtovur summa, onasi qog‘ozga o‘rab, ko‘zdan panaroq joyga olib qo‘yarkan: "Faqat o‘zingga ishlatasan, Jur’at. Har kuni besh yuz, olti yuzdan yig‘ib borsangam, bir oyda ancha boyib qolasan!" deb uni ruhlantirib qo‘ydi. Bugun onasi uning shuncha pul bilan kirib borganidan boshi ko‘kka yetsa kerak. Bola bozor darvozasi atrofida uymalashib turgan to‘daga o‘zini urdi: lotoreya o‘yini ekan, hali bunaqa o‘yinda o‘z omadini sinab ko‘rmagandi, bir xayoli besh yuz so‘mga chipta sotib olib, o‘chirib ko‘rmoqchi bo‘ldi, yutuq chiqsa-ku nur ustiga nur, aksi bo‘lsa-chi? Bunday o‘yinlar "manaman" degan boyvuchchalar uchun chiqarilgan, yutuq nasib etmagan taqdirda ham sarflagan puliga afsuslanmaydi. Yaxshisi, och qorni, tinch qulog‘i, uyga ketadi.
Oftob sezdirmaygina tikkaga ko‘tarilar, har kim o‘z tashvishi bilan andarmon bozorda odam uncha-muncha siyraklashgandek edi. Bola negadir ortiga bir qayrilib qaradi, boshidagi oq kepkasini ho‘llab olsa, issiqdan o‘zini ancha himoya qilgan bo‘lardi-ya. Ammo qani oqar suv, bozorning chor tarafi panjara bilan o‘ralgan, mo‘’jazgina do‘konlarda issiqdan noligan savdogarlar o‘tirishardi. Bozorning sharqiy qismidan loyqa suvlari to‘lqinlanib anhor oqardi. Bola turtinib-surtinib o‘sha anhorga borib kelguncha ancha vaqt ketishini o‘ylab, fikri o‘zgardi: oppoq kepkasi loyqa suvda battar bo‘ladi. U chanqadi, tili tanglayiga yopishgudek edi, muzqaymoq yeb olsa zo‘r bo‘lardi-ya, ammo buning uchun yuz so‘mdan voz kechishi kerak, e yo‘q, pulining barakasi uchadi. Hademay maktab boshlanadi, bu yil singlisi ham birinchi sinfga chiqadigan, sumka, daftar, qalamu kiyim-kechak unga ham lozim. Eh, qaniydi qop-qop puli bo‘lsa, egnidagi choklari tikila-tikila idrab turgan mayka-sho‘rtiklarini ham yangilab olardi. Qo‘shni bola Sarvarga o‘xshab bashang kiyinib yursa, u ham mensimasdan muomala qilishini yig‘ishtirarmidi?
...Jur’at uyga yetib kelganida, onasi kartoshka archiyotgan ekan, peshvoz chiqib, hol-ahvol so‘ragan bo‘ldi:
— Eson-omon keldingmi, bolajonim? Choylaringni o‘tkazdingmi, ishqilib, muncha rang-ro‘ying bir holatda, qorningam rosa ochiqib ketgandir?
— Amalladim, oyi, qornim piyozni po‘sti bo‘lib ketsayam, hech narsa yemadim...
— Voy bolajonim-a, biror narsa olib yesangam mayliydi, o‘zingni munaqa qiynama. Joningdan aylansin, pul bo‘lsa topilar, sog‘ligingni yo‘qotsang qimmatga tushamiz.
— E, oyi topganimni yeb-ichaversam, pul yig‘olmayman, har qalay sizga yordam bergim keladi-da, oyi!
— O‘zim o‘rgilay aqlliginamdan, meni o‘ylama, bolam. Sizlar uchun yashayman, axir,— dedi onasi uning peshonasidan o‘pib. Shunda bola onasining oq-sariqqa moyil yuzida aks etgan ifodaga ro‘para bo‘lishdan negadir cho‘chib, nigohini chetga burdi.
— Dadam bo‘lganida bizam boshqacha yashardik, a, oyi?
— Albatta, bolam, lekin shu ko‘rgan kunimizga ham shukr. Bizdanam qiynalib yashayotganlar bor, axir besh qo‘l baravar emas.
Ona-bolaning suhbatiga shu bilan nuqta qo‘yilgandek bo‘lib, biri oshxonaga, ikinchisi uyga o‘tdi. Bola ko‘rpachaga cho‘zilarkan, og‘zini katta ochib esnadi, so‘ng qo‘l-oyoqlarini taranglashtirib kerishdi. Ko‘z o‘ngida bozordagi ayqash-uyqash manzaralar birin-ketin jonlana boshladi. Yuzingda ko‘zing bormi demasdan, uni haqorat qilgan haligi barzangining qiyofasi hadeb ko‘z o‘ngiga kelaverdi. Katta odamlarga kichkina boshi bilan aql bo‘la olarmidi? Boshqalar yuz so‘m uchun talashib-tortishib o‘tirgani ham yo‘q, u bo‘lsa o‘zining naqadar xasis ekanligini ko‘rsatdi-qo‘ydi. Bolaning ko‘zlariga shiringina bir mudroq keldi, vujudi toliqish tufayli uyquga mayl sezmoqda edi.
... Bola qaerdandir paydo bo‘lgan melisaning ovozidan sergak tortdi, ozg‘ingina jussasiga titroq yugurdi, miyasidan yashin tezligida "Qamab qo‘yadi endi" degan fikr o‘tdi. O‘g‘rilik ustida qo‘lga tushgan kishidek ko‘zlarini qaerga yashirishni bilmay kalovlandi. Bankasidagi oxirlayozgan choyni to‘kib tashlagisi, bankani esa chil-chil qilib sindirgisi keldi.
— Ha bola, sen nima qilib yuribsan?
Bola melisaning qutqusidan qaltirab ketdi:
— O‘zim...
— O‘zingga o‘zing ruxsat bersang, ja zo‘rsanu. Balog‘at yoshiga yetmaganlar bozorda savdo qilishi mumkin emasligini bilasanmi o‘zi?
— Yo‘q...
— Ota-onang bormi?
— Oyim bor...
— Otang-chi?
— Avariyada...
— Yolg‘on aytma, seni ota-onang pishiqlab jo‘natgan, hozir odamlar ustasi farang bo‘lib ketgan.
— Uka, qo‘ying, shu bolaga tegmang, o‘g‘irlik qilayotgani yo‘q-ku!
Bola tetiklanib, sal nariroqda to‘nkarilgan yashik ustiga o‘tirib olib, qurut, pista sotayotgan kampirga yuzlandi. O‘zini himoya qilayotganlar topilgani uchun qaddini g‘oz tutdi.
— O‘g‘irlik qilish shartmi, xolajon? Bo‘yi bir qarich bo‘p bozorga chiqishni kim qo‘yibdi bunga. Qonun buni ta’qiqlaydi, yoshing nechchida o‘zi?
— O‘nda...
— Tem bole, o‘n uch, o‘n to‘rtda bo‘lsang ham mayli ekan!...
Birdan chor-atrof qorong‘ilashib ketdi, bola qo‘rquvdan entikib yig‘lamoqchi bo‘lar, ammo baxtga qarshi tovushi ichidan chiqmasdi. Taajjub, bu qanday holat? Go‘yoki o‘zini o‘zi boshqarishga qodir emasdek Jur’at ko‘zlarini zo‘rg‘a ochdi va beixtiyor:
— Oyi, pullarim qani, pullarim?— deb qichqirib yubordi.
— Voy o‘lay, voy o‘lay, nima bo‘ldi senga, terlab ketganingni qara-ya, bolam?— oshxonadan yugurib uning yoniga kirgan ona farzandidagi favqulodda holatdan ko‘zlari hayratga to‘lib toshdi.
— Tushimmi, o‘ngimmi, meni melisa tutib olib, bor pulimni olib qo‘ydi, shunga so‘rayapman, oyi,— bola tahlikali holatdan hamon o‘ziga kelolmas, ro‘y bergan noxushlikni oydinlashtirib olishga zo‘r berib urinmoqda edi.
— Ha, shundoq demaysanmi, bolaginam-a, qo‘rqitib yubording-ku, tush ko‘ribsan, ana pullaring joyida turibdi...
— Rostdanmi?
— Voy, ana ishonmasang turib qaragin, uch yarim ming so‘m pulingni boyagina sanab, anuv qutichaga solib qo‘ydim.
Onasi shunday deya sekingina shkafni ochdi-da, ukasiga keltirilgan tufli ichidagi pullarni unga ko‘rsatdi. Bola yengil tin oldi, xayriyat o‘ngi emas, tushi ekan va o‘rnidan qo‘zg‘olib, onasiga yuzlandi.
— Halol pulga hech kim hech qaerda chang sololmaydi, bolam. Axir bu peshana tering evaziga topilgan pul-da.
Bola ko‘rgan tushining ta’siri xuddi tuman kabi tez tarqaganidan sakrab yubordi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.