OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hulkar To‘ymanova. Muallima (hikoya)

— Zulxumor, yig‘ishtirsang-chi shu ishingni? Yetti yot begona bollar o‘qishga kirsa, senga shahar olib berarmidi? Ishim bitdi, eshagim suvdan o‘tdi deb ketadi bari, senga shu kerakmi? 
Bu — bo‘lar-bo‘lmasga javrayveradigan eri, kunda-kunaro “chaqib” turmasa ko‘ngli joyiga tushmaydi. Zulxumor ayvonda bosar-tusarini bilmay bobillayotgan erining nojoiz gapi uchun xontaxta atrofiga cho‘kka tushgan bolalardan uzr so‘ragan bo‘ldi:
— Sizlar xafa bo‘lmangizlar, erkak odam shunaqa... gapirib turadi-da. Diqqatingizni bir joyga jamlab, mana bu tenglamani men kelguncha yechib turingizlar!
— Qanaqa xotinsan o‘zi? Ertayu kech birovlarning bollari uchun joning halak, senga haykal qo‘yarmidi bular? O‘zingni bolalaring bilan ishing ham yo‘q, shunaqayam bo‘ladimi? Qara, anavi mahmadonalaring daraxtdagi g‘o‘ralarni abgor qilyapti.
— Qani, kim?
— E, kim bo‘lardi, Sobiting bilan Xolmuroting. Begonaning bolasi sening hovlingga kirarmidi?
— Ha... Nima qipti, yesa yer, o‘zimizam bola paytimizda dovuchcha yeganmiz-ku?!
— Yegansan, to‘g‘ri, lekin bularga o‘xshabmas-da. Qara, bitta qoldirmay qoqqanga o‘xshaydi!
Er-xotin birining ketidan biri odimlab, tanasi har tomonga tarvaqaylab ketgan o‘rik daraxti tagiga bordilar. “Nazoratchi”larni ko‘rgan bolakaylarning kattasi Sobit ura-sola qochdi, kenjatoyi Xolmurod ulgurmadi, to‘g‘rirog‘i, otasi qadamini yiriklatib unga yetib oldi va qo‘lidan tutib, dag‘dag‘a qila ketdi:
— Dars qilish o‘rniga pishmagan mevani yulish ekan-da, a? Kim aytadi senlarni muallimning zumrashalari deb?
Bola dog‘-dug‘ bo‘lib ketgan, unniqqan mayda gulli chit ko‘ylagining ko‘krak cho‘ntagidagi dumbul mevalarni  qo‘li bilan bekitib turar, aftidan otasining jahl ustida ayamasdan shapaloq tushirishidan xavotirda edi.
— Olmaga hujum boshlamaysanmi? — ota hamon g‘azabini jilovlay olmas, Zulxumor esa onaligiga borib, bolaga rahm-shafqat qilinishidan umidvor edi.
— Yo‘-o‘q, olma hali achchiq!
— Ho-o, zardoli yetilib qoptimi? Demak, hali hafta, o‘n kunlar o‘tib, olmaningam sho‘rini quritarkansan-da!
— Yo‘-o‘q...
— Qara, Zulxumor, ko‘ryapsanmi bu bolangni qilig‘ini? Sen bo‘lsang uydan chiqmay allakimlarning arzandasi bilan ovorasan.
— Endi qilmaydi, dadasi, bir gal aybidan o‘ting, bolalik qipti-da, kechirim so‘ra, — Zulxumor xuddi bolasining tavba-tazarru qilishi tepa sochi ikki tomonlama tikka bo‘layotgan erining hovuridan tushishiga imkon tug‘diradigandek bir ohangda Xolmurodga engashdi. Bolasi tushmagur quvgina, va’dani berishga bersa ham o‘z bilganidan qolmaydi. To‘ng‘ichi Sobit boshqacharoq, ko‘ngli bo‘sh, urmoq berida tursin, siltalab-siltalab urishsa ham qiz bolaga o‘xshab yig‘laydi. 
Bola boyoqish indamay turaverdi, aybiga iqror, ammo qaysarligidan uzr so‘rashga bo‘yni yor bermayapti. Zulxumor garchand maktabda uzoq yillar ishlagan, yurish-turishiyu fe’l-atvori bilan farqlanadigan o‘quvchilarning ko‘pini ko‘rgan bo‘lsa ham o‘z farzandlarini yo‘lga solishda ba’zan to‘siqqa duch kelardi. 
— Sukut — alomati rizo, dadasi. Bolani qiynamaylik, bo‘ldi, bu holat boshqa takrorlanmaydi. Hozir Xolmurod uyga kirib, bugungi darslarini bir sidra qarab chiqadi.
— Bekor aytibsan, akasini chaqirib kelsin. Men ularni qilg‘ilig‘i uchun jazolashim kerak. Bor, akangni topib kel!
Bola ozodlikka chiqqanidan mamnun bo‘lib, bog‘ni tark etdi. Aytarli darajada daraxt ko‘p bo‘lmasa ham bog‘da mevaning xil-xilidan bor. Ana shu hovlini makon qilgan  yillari novdalar odam bo‘yi kelardi, mana, vaqt o‘tgan sari tanasi yo‘g‘onlashib, shoxlari har tomonga tarvaqaylab ketdi, g‘uj-g‘uj meva beradigan daraxtlarga aylandi. O‘shanda Sobiti sakkiz yoki to‘qqiz oylik shiringina bola, o‘zi esa ikki yil maktabda ishlab, ta’tilga chiqqan ko‘hlikkina kelinchak edi. Xuddi nihollarga o‘xshab o‘zlari ham ildiz otdilar, ulg‘aydilar. Zulxumor besh o‘g‘ilning o‘rtanchasini alohida chiqarish uchun qarz-havola qilib, uch xona, bir dahlizdan iborat ana shu hovlini ularga tuhfa qilgan qaynotasining haqiga haligacha duo qilib qo‘yardi. To‘g‘risi, aksariyat yosh kelinlar singari u ham qaynona-qaynotaning tizginisiz, emin-erkin yashashni orzu qilgan. Qolaversa, uyli-joyli bo‘lish navbati yetib kelgan qayinlari bor. Mol-hol, ekin-tikinning orqasidan tirikchilik aravasini bir maromda yurgizib kelayotgan qaynotasi tag‘in ham shundoqqina tog‘ni biqinida joylashgan qishloqning o‘ziga to‘q oila kishilaridan. Hovlilari chol-kampir turadigan joyga yetti-sakkiz chaqirim chiqar-ov, gohida eri boshchiligida o‘zlari toqqa qarab yo‘rtishsa, gohida qo‘yning bir sonini latta-puttaga boylab, mayiz-turshakni nevaralariga ilinib, qaynona-qaynotasi kirib kelishadi.
— Sal narsaga jizg‘anagingiz chiqadi-ey. Namuncha, bola-da endi, ming taqiqlaganingiz bilan baribir qiladi, aqli quyulsa, o‘zidan-o‘zi bu odatlari qop ketadi, axir.
Zulxumor vaziyatni sal yumshatishga erishganidan  yengil tortib, zarurati bo‘lmasa ham chorpoya tagida turgan oftobani qiyshaytirib, qo‘lini chaydi. Nafsilambirini aytganda, eri haq, uni yo‘qlab keluvchi bolalar oz emas, qanday qilib ularning ra’yini qaytarsin, o‘qiyman, falon institutga kiraman, o‘z taqdirimni o‘zim yarataman, deb fikrlaydigan esli-hushli bolalar. Qishloqda gapning “oyog‘i” tez chiqadi, birov aytgan gapga boshqasi nimanidir qo‘shib-chatib qaysidir davrada aytsa, tamom, aybdorni topib ham, tutib ham bo‘lmaydi. Zulxumorning maktabdan ortib, uyida qo‘shimcha dars o‘tishi to‘g‘risidagi gaplar ham shu tariqa “bolalagan”. Dastavval qo‘shnisining yuqori sinfda o‘qiydigan o‘g‘li unikiga bir-ikki marta kirib, bilmaganlarini so‘rab o‘rgangan bo‘ldi-da, o‘sha yiliyoq omadi chopib, nufuzli institutlardan biriga kirib ketdi. Bunga Zulxumor  o‘zining mehnati unchalik singmaganini, aslida bolaning miyasi g‘ij-g‘ij bilimga to‘liq ekanini sabab qilib ko‘rsatsa-da, butun qishloqda “Zulxumor muallim bolalarni institutga tayyorlar emish”, degan gap yashin tezligida tarqalib ketdi. Odamlarni Qobil qassobning o‘g‘li o‘z bilimi bilan institutga kirganini tiz cho‘kib aytsa ham ishontirolmaydi. Bir jihatdan rostga ham, yolg‘onga ham o‘xshamaydigan bu gapning tarqalishi o‘ziga nisbatan qishloqdoshlarida hurmat-e’tibor uyg‘otishini o‘yladimi, muallima najot istab kelgan qorako‘zlarni vaqt-bevaqt uyiga kiritadigan ham bo‘ldi. Qaysidir yili uning etagini mahkam ushlagan qo‘shni qishloq — Mayintepadan bir qiz ikki yuzu o‘n yetti ball to‘plab, poytaxtdagi uncha-muncha bola kirolmaydigan obro‘li universitetga qabul qilindiyu, beli  baquvvat kazo-kazolar ham bolasini unikiga yetaklab keladigan bo‘ldi. Zulxumor yo‘q deyolmaydi, qandoq qilib rad etsin? Ota-onalarning o‘ziga to‘qlari niyati ijobat bo‘lib, katta pul berishni va’da qilsalar-da, eri aytmoqchi, ishlari bitib, eshaklari suvdan o‘tgach, qo‘llarini yuvib qo‘ltiqqa urishardi. Muallima ularning ketidan quvishtirmas, belgilangan soatlardagi sabog‘i uchun narx ham belgilamas, ko‘ngildan chiqarib, kim qancha bersa shunga qanoat qilaverardi. Boriga baraka, har qalay maoshdan tashqari kundalik ehtiyojlar uchun arzimas miqdordagi bu tushumlarga o‘zidan ko‘ra eri ko‘proq mamnun bo‘lishini sezsa-da, ba’zan uning bugungiga o‘xshab to‘nini ters kiyib olishidan cho‘chirdi. Ayniqsa, ichkarida o‘tirgan bolapaqir — erining ota avlodiga chatishib ketgan allaqaysi uzoq qarindoshining o‘g‘li — to‘rt yildan beri o‘qishga kiraman deb  sarsoni chiqib ketdi. Zulxumor har yilgi kirish imtihonlari natijasini bolaning o‘zidek ilhaq kutar, ammo har safar noxush xabarni eshitaverib, ich-ichidan zil ketardi. Ochig‘ini aytganda, bolaning es-hushi joyida, tuppa-tuzuk fikrlaydi, misolu masalalarni tushungandek ko‘rinadi, test sinovlariga kelganda, sira omadi yurishmaydi. Shuncha yildan beri Zulxumor ham xijolatda, go‘yoki bolaning oldidagi qarzini uza olmayotgan odamdek o‘ng‘aysizlanadi. Muallima bu yil ham har safargidek muvaffaqiyatsizlik bo‘lishini avvaldan taxmin qilsa-da, yuragining tub-tubida bunga zid bo‘lgan ilinj yashardi.
Zulxumor umumiy dahlizdan o‘ngga qayrilib, abiturientlar shug‘ullanayotgan xonaga kirdi. To‘rda eskigina servant, kitob-daftarlar, ul-bul idishlar g‘aribgina bo‘lib ko‘zga tashlanadi. O’n tarafida esa sandiq ustiga yig‘ilgan besh-oltita ko‘rpa. O‘rtada xontaxta, kitob-daftarga ko‘milgan uch yigitcha. Ikkoviga o‘zi dars beradi, biri Oysuluv degan tarix muallimasining o‘g‘li. Onasi Zulxumorni holi-joniga qo‘ymay bir yildan beri bolasini unikiga jo‘natadi. ”Hisob-kitobni o‘rgansin, biri ikki bo‘ladi” deyaverib o‘g‘lining ham miyasiga obdon quygan shekilli, ”Matematikani suv qilib ichgan odam hayotda qoqilmaydi” deydi faylasufona ohangda. Ruchkani qulog‘iga qistirib olib, “Algebra”ni varaqlayotgan anavi miqtigina bola dorixonada farrosh bo‘lib ishlaydigan Muborak xolaning erkatoy nevarasi. Bu yil u ham maktabni bitiryapti, ota-onasi ajrashib ketgach, bolani Muborak xola o‘z bag‘riga olgan. 
Zulxumor omadsiz yigit Ismoilning keng peshonasiga beyarashiq tushib turadigan kokiliyu quyuq qora qoshlari ostidagi qisiqtob ko‘zlariga razm solarkan, aksariyat o‘g‘il-qizlar o‘z maqsad-muddaolarini belgilashda ota-onalari chizgan chiziq bilan ish ko‘rishlari, bu esa ularning taqdiriga ko‘pincha salbiy ta’sir etishini uqtirmoqqa necha bora shaylanar, ammo andishaga borardi.
Muallima o‘ziga birvarakayiga o‘girilgan abiturientlarning yoniga cho‘kdi. Ismoil uning bemalolroq joylashishi uchun nariroq surildi.
— Tenglamada arzimas belgi noto‘g‘ri ketsa ham  javobi to‘g‘ri chiqavermaydi, Ilhom! Boshqatdan urinib ko‘r! — Zulxumor Muborak xolaning nevarasiga xatosini ko‘rsatdi-da, Ismoilning daftarini qo‘liga oldi.
— Durust, durust, — Zulxumor tenglama va tengsizliklarni yechishda mo‘ljalni to‘g‘ri oladigan bu bolaga omad nega kulib boqmasligini sira tushuna olmaydi. Mana, javobni ham to‘g‘ri chiqargan, musbat-manfiy belgilar, kasr, bo‘luv, ko‘paytiruv bari joyida. Ba’zida charchoq ustun kelib, chalkashib ketmasa, bola aslida, zukkogina. Zulxumor o‘ylab o‘yining tagiga yetolmaydi. Nega bu bola o‘qishga kirolmaydi yoki testda o‘ziga notanish savollar tusharmikan? Zo‘rdan zo‘r keladigan bolalar bor deyishadi. Kim bilsin, balki nohaqlik qilinayotgandir. Unday desa, o‘zi “pishitib” chiqarayotgan bolalarning aksariyati birovning aralashuvisiz, o‘lib-tirilib, jonini jabborga berib talaba bo‘layotganliklariga o‘zi guvoh-ku. Ishqilib, nima gapligi yolg‘iz Xudoga ayon. Bu yilgi harakatlari ham zoe ketsa, yig‘ishtirib qo‘ya qoladi. Zulxumor Ismoilning ishkalini topish uchun o‘tgan yili u hujjatini har gal topshiradigan institutga bormoqchi ham bo‘luvdi, axir alam qiladi-da, yegan-ichgani ham tatimay o‘rgatsayu, kutilgan natija chiqmasa. Erining tepa sochi tikka bo‘lib ketuvdi o‘shanda.
— Ahmoq xotin, senga zaril keptimi, otasi borsin, onasi borsin. Nima senga bu bolaning o‘tqazib qo‘ygan joyi bormi? O‘qishga kirolmasa, sen aybdormi? Menga o‘xshab olti oylik kursda o‘qisayam bo‘laveradi, mana shopirlikni orqasidan ro‘zg‘or tebratib yuribmiz-ku bizam. Berayotgani arzimas pul bo‘lsa tag‘in!
— Sizning bilganingiz pul. Men aslida... pul uchun dars o‘tayotganim yo‘q,—Zulxumor bu gapi bilan erining battar qitiq patiga tegib qo‘yganini bilmay qoldi. 
— Hmm, siz pulga muhtoj bo‘lmagan boy xotinsiz-da, a!— Hamroqul zaharxanda qildi. U orasi ochiq-ochiq, sarg‘imtir tishlarini ataylab ko‘rsatsa, Zulxumor biladiki, eri bilan bir bitimga kelishish amri mahol. — Sening o‘rningda boshqasi bo‘lsa, falon soatga falon so‘mdan narx belgilaydi, o‘zi menam ahmoq, sening shu bir tiyinga qimmat ishingga ruxsat bergan!
Zulxumor indamadi, erini sukut saqlab, og‘ir-bosiq bo‘lib yenggani ma’qul. U bilan tortishishning nafi yo‘q, o‘laman sattor, mening gapim yuz foiz to‘g‘ri, deb turaveradi. Uning fe’li-xo‘yiga ko‘nikib yashashdan o‘zga chorasi yo‘q. O‘qigan, diplomli bir odam bo‘lsa, ehtimol, boshqacharoq fikrlarmidi? Alhol, eri nima desa desin, ammo Ismoil o‘z maqsadiga bu yil erishishi kerak, yuzi uning oldida yorug‘ bo‘lmasa, nomuslarga qoladi-ku? Bu yil Xudo xohlasa, yigitgina talaba bo‘lib qolar, ko‘ngli sezayapti, axir olimlar ichki sezgi ham to‘g‘ri chiqishini aniqlaganlar-ku!
Zulxumor bolalarga ijozat berishdan avval qo‘shimcha adabiyotlardan uyga vazifani ko‘rsatdi. Uch bola uch dunyo, qaysi biri nimaga erishadi, qorong‘i. Mana bu ikkisi-ku birinchi yili urinyapti, o‘tsa o‘tar, o‘tolmasa kelasi yili ham kechi yo‘q. Zulxumorning ko‘nglini xijil qilib turgani mana bu baxti chopmayotgan yigit Ismoil. Otasi to‘pori bir odam ammo, bolasining ma’lumot olishiga qayg‘uradi, buni Zulxumor muallimaligi uchun  qo‘llab-quvvatlar, abiturient niyatiga erisholmayotgani uchun ma’lum ma’noda o‘zini ham aybli sezar, taqdir hukmi qarshisida nachora, poyi-payvastalik ish bermas ekan.  

***

Biri u, biri bu shaharga hujjatini qo‘ltiqlab ketgan yigit-qizlar qishloqqa qaytib kela boshlagan kunlarda Zulxumor Ismoilning yo‘liga ko‘z tikib o‘tirardi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri uyiga o‘tib ketganmikan, axir bugun imtihonlar tugaganining to‘rtinchi kuni. Hademay, natijalar e’lon qilinadi, yuragini hovuchlab yurgan abiturientlarning saragi sarakka, puchagi puchakka ajralib bir yoqli bo‘lishadi. Bolasi tushmagur yo‘l-yo‘lakay unikiga tushib o‘tmoqchi, sinov tafsilotlarini har galgidek oqizmay-tomizmay so‘zlab bermoqchi edi, nima bo‘ldiykan? Har qalay uning o‘zidan imtihonda ko‘rgan-kechirganlarini eshitsa, taxminlab to‘n bichishi osonroq kecharmidi? 
Zulxumor harchand ich-etini yeb yurganini eriga sezdirmaslik payidan bo‘lmasin, uddasidan chiqolmasdi. Yuk mashinasini har kech uylarining yonboshiga olib kelib qo‘yadigan eri o‘smoqchilab Zulxumorning g‘ashiga tegardi:
— Hmm, tayyorlagan abiturientlaringni nechtasi o‘qishga kirarkan? Hech qaysisidan yorug‘lik chiqmaydi, bilaman. Har yilgi nog‘orangni chalib o‘tiraver!
Zulxumor har galgidek erining nimaga shama qilayotganiyu, buning tagida tama deb atalmish illat oshkora sezilib turganiga qarshi bir narsa deyolmadi. Eri uni qora tortib kelayotgan yosh-yalanglarni shilib olishga undagani undagan, Zulxumor esa ularning oilaviy shart-sharoiti ko‘targanicha, deya qo‘lini siltaydi. Eri talab qilganidek, falon so‘mdan berasan, deb ko‘rsin-chi, eshiklaridan birov xatlab kelarmikan? Toma-toma ko‘l, yig‘ila-yig‘ila xirmon bo‘ladi, eri besh qo‘lni baravar og‘ziga tiqishni o‘ylasa o‘ylayversin, Zulxumor keskin qilib, narx belgilay olmaydi.

***

Ayol quduqdan suv to‘la chelakni tortib yerga qo‘ygan ediki, ularning hovlisiga boshlab keladigan ensiz yo‘lakda ikki haftadan beri uni huzur-halovatdan ayirgan Ismoilni ko‘rib qoldi. O’piray, o‘tgan kuni televizorda test natijalari e’lon qilinishi aytilgan edi. Darrovgina poytaxtga borib kela qoldimikan? Qanday mujda bor ekan unda? Zulxumor sabri chidamay ikkala qo‘lini ikki chakkasiga tirab, Ismoilga qarab yugurdi:
— Bo‘ri bo‘ldingmi, quyon?
— Bo‘ri, Zulxumor opa, bo‘ri! Suyunchi bering, sizning xizmatlaringiz o‘zini oqladi. Quvonchimga sherik istab siznikiga keldim.
— Rostdanmi, Ismoil, ko‘zlarimga ishonmayman. O‘zing borib bildingmi?
—Yo‘q, o‘zim bormadim, o‘sha yoqda ishlaydigan tog‘amning o‘g‘lidan telefon orqali iltimos qildik.
— Necha ball to‘plabsan, axir. Kod nomeringda adashmaganmikan, ishqilib.
— Bir yuz yetmish yetti.
— Aniqmi?
— Ha, aniq. Ammo muallim, pullik o‘qish, shunisigayam ming karra roziman. Otam shunday bo‘lsayam o‘qiysan deyapti.
— Hmm, shunaqami?— Zulxumorning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi.
— Ha, yigit, o‘qishga kirdim deysanmi, endi bi-i-r erirkansan-da, — hovlidagi baqir-chaqirdan sergaklangan ich kiyimdagi Hamroqul deraza osha engashib, avval Ismoilga, so‘ng Zulxumorga yuzlandi. 
“Obbo, allaqachon uyg‘ongan ekan-da”, xayolidan o‘tdi Zulxumorning. 
Agar Ismoil o‘qishga kirsa, otasining bitta qo‘yini sudrab keladi, bu ish amalga oshmasa, tog‘amning oldiga o‘zim borganim bo‘lsin, deb necha kundan beri quloq-miyasini yeydi. 
— Ha, Hamroqul tog‘a, tabriklashingiz mumkin, yangamga rahmat aytgani keldim.
— Quruq rahmatingni boshiga uradimi? Otangni qo‘ra-qo‘ra qo‘yi bor, bittasini bo‘g‘izlab ola kelsang haqing ketarmidi, jiyan?
— Yo‘g‘-e...
— Yo‘q bo‘lsa, nega so‘ppayii-ib quruq kelding? Abiturient zotining bari bir so‘rt. Siqib-siqib repetitorning suvini ichadi-da, uni suvsiz qoldiradi. O’... gapim yolg‘onmi? Berayotganlaring arzimas pul, bo‘zchining mokisiday nechchi yildan beri qatnagan bo‘lsang...
Ismoil beting-ko‘zing demasdan vaysayotgan Hamroqulga jo‘yali gap aytolmay himoya istagandek Zulxumorga bir qarab qo‘ydi. Zulxumor gapga aralashish befoydaligini bilsa-da, bola boyoqishning mulzam tortganiga chidab turolmadi. 
— Hoy, dadasi, unaqa demang, bitta qo‘yni yeganda shoximiz chiqadimi? Kirganiga xursand bo‘laylik...
— Menga bu bola o‘qishga kiradimi, yo‘qmi, bir tiyinlik qizig‘i yo‘q! Otasiyam siqsang tommaydigan ziqna odam, bolasi qayoqqa borardi? Aslida hamma ayb o‘zingda, musichayi beozor bo‘lib o‘tiraverasan!
— Menga hech kimning hech narsasi kerak emas...
— Ahmoqsan-da!
— ... 
—Tunov kuni Qodirqul jo‘ram aytib qoldi, xotini ingliz tilidan repetitorlik qilyapti ekan, soatiga ming so‘m belgilabdi, normalniy. O‘nta bola bilan bir soat shug‘ullansa, o‘n ming so‘m, nima, ro‘zg‘oringga ortiqchalik qiladimi?
— Shuni ota-onalari rozi bo‘lib berarmidi! — dedi Zulxumor eshitilar-eshitilmas ohangda.
— O‘z qadrini bilmagan muallima! Senga gap uqtiraman deb sochlarimga oq tushdi! E, seni xotin qilib yurgan... odamam tentak.
Zulxumorning pichoq borib suyagiga qadalsa-da, nafasini ichiga yutdi. Eri bilan aytishib nimaga erishardi? O‘ziga tamoman teskari fe’l-atvordagi odam bilan afsuski, taqdiri qo‘shilgan, murosayi madora qilishdan o‘zga chorasi yo‘q, u desa bu, bu desa u. Er-xotinning mojarosiga sababchi bo‘layotganidan xijolatlangan talaba bo‘lmish deraza tagida paydo bo‘ldi.
— Bo‘pti, tog‘a, yangayni xapa qimang. Sizlarga bitta emas, o‘nta qo‘y yedirsam ham oz!
—E, jiyan, og‘izda emas, amalda bo‘lsin, amalda!—Hamroqul shashtidan tushgisi kelmay derazani jahd bilan yopdi, bu bilan go‘yoki Ismoilning yuziga shapaloq tushirgandek bo‘ldi. Noqulay vaziyatda qolgan yigit mulzam holda, o‘choq supasida boshini  qo‘llari orasiga olgancha changallab o‘tirgan Zulxumor tomon odimladi. Zulxumorga nimadir deb, taskin-tasalli bermoqqa og‘iz juftladiyu, ammo botinolmadi. 
Ayol yoshlangan ko‘zlarini ro‘moli uchiga artib, o‘rnidan turdi... 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.