OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Husniniso Ahmedova. Qulchilik (hikoya)

– Hiy-y, sho‘rima, kap-katta xotinni ho‘ngillashini-i-i. He, osonakan-da birovning bir parcha oqini olib, eshigini ochib qaytish. Bir kirgan joyingga to‘rt-besh bosh urasan, borib kelaverib kalish yirtasan. Zavchilik – qulchilik, balam, asti yosh to‘kma, sani balangayam atagani bordir...
Mohira xola qattiq-quriq gaplar bilan qizini yupatgan bo‘ldiyu, o‘zining ham yuragi jizillab achishayotganidan xo‘rsinib qo‘ydi. Baxtigulni o‘zining baxti kulmaganiga yarasha, Abrorginasining ham hadeganda yo‘li ochilmayapti-da. Sovchi bo‘lib borgan xonadonlarining uchinchisidan noumid qaytishdi. Shu Savri satangnikiga hecham oyog‘i tortmovdi-ya. Xalq behuda “satang” deb laqab taqamagan ekan. Uyda o‘tirgan xotin bo‘lsa, qalam tortilgan qoshlarini kerib, qovoqlarini ko‘kartirib, bilakuzuklarini ko‘z-ko‘zlashini buni. Peshonasidagi bir tutam sochini makkajo‘xorining po‘pagidek qilib, qizartirib olibdi. Mundoq soch deganni palladay ivigan yog‘liqqina qatiqqa chayib olsang-ku, to‘sday qop-qora bo‘lib, jildirab ochiladi. Katta-matta xotin farq ochivol...
Savri har gapirganda Mohira xola juvonning peshonasidagi makkajo‘xorining qovjiroq po‘pagiga nazar tashlab qo‘yadi.
– Keganlaring nur ustigaku-ya qizimizzi boshi bog‘liq, bo‘lmasa... Baxtigul, sizdiyam uylaydigan o‘g‘lingiz bor ekan-da a, ha-a, ungayam o‘ziga yarashasi bordir. Eringiz haliyam icharkan-a, u kuni bozorda qizizga ko‘zim tushdi. Sho‘llikinani ro‘zg‘ori churik deyishadi, pamildori sotayotuvdi, dadasi boshida turuvdi, pul-mul so‘rayotgandir-da. Ey, qiz janvoram joyiga tushsin ekan. Bu zamonni qizi bir aroqxo‘r oilaga tushsa, arpa nonni eplab yopolmasa, kim yamon, onasi xamir-patirni o‘rgatmagan, deb taqal qo‘yishadi.
Baxtigulning rangi bo‘zarib ketganligini ko‘rib, Mohira xola gapni oldi:
 – Endi Parvardigorga o‘lay, bug‘doyini odamga, arpasini molga chiqargan. Ha, endi, bir xililar, bug‘doy qimmat, arpadanam kam-kam qo‘shadi, aybi yo‘q. Ha, aytganday, Savrinisojon, dastarxonni oching, yog‘liqqina patir qilib keluvdik, nondan yuz o‘girmang, dardingizdi olay.
– Yo‘...yo‘..yo‘, dastarxoningizni ochmayman, silarni umidgor qilib nima qildim, qizdi boshi bog‘liq, xolajon...
Boshqa gaplashiladigan gap qolmaganligi uchun qo‘zg‘alishdi.
Kattagina tuguni qo‘lida, shalvirab ketayotgan qiziga qarab kampir so‘zlandi:
– Onani ko‘r, qizini ol, shu onaning qizi bo‘lsa, bermagani yaxshi bo‘ldi. O‘zi oyog‘im tortmovdi-ya, he, shu choching go‘rda, jizg‘inchoch... Sanam endi, sal o‘zingni qo‘lga ol, qiz qahatmi?!
 Juvon dam urmas, bir maromda ketib borardi. Hovliga kirganlarida Abror yer chopayotgan ekan, bir zum to‘xtab onasining yuziga razm soldi-da, yana ishini davom ettiraverdi.
Uyga kirishgach, Baxtigul baralla yig‘lab yubordi. U bunday kamsitishlardan ancha diydasi qotgan bo‘lsa ham, Savriga birov, ular arpani torttirib yeydi deganmi, bularni tengsitmay so‘zlab yuboraverganiga behad alamzada bo‘ldi.
Asli hamma gap mana shu alkash eri-da. Buzuq nafsidan boshqasini o‘ylamasa. Soqoliga oq oralab, machitga kiray, mo‘ysafidlar qatorida yuray demasa. Hali keladi qiyshayib. “Hii, bo‘rimi?.. Eyy, o‘zim boray devdima, yana tulkimi? O‘l, shu kuningdan. Yomonlig‘ingdan birov qizi tugul, qanjiq kuchuginiyam...
Baxtigul beixtiyor turib ketdi, bemaqsad, tokchadagi piyolalarni yig‘ib, ichma-ich qildi-da, holsiz joyiga qaytib o‘tirdi. Uning harakatini mo‘ltirab kuzatib turgan onasiga qarab, yana xo‘rligi keldi:
– Sho‘rim ham ko‘p ekan, opajon, birov meni arpaxo‘r desa, birov svetafo‘r desa. Erim alkash bo‘sa, balalarimda nima ayb.
– Balaga ota-onaning kasriyam uradi-da, Baxtijon. Ichuvchi bo‘lsa qandoq qilaylik, og‘zini tikib bo‘masa, bu insofsizzi. Hammangni risqi-nasibangni aroqqa qo‘shib yutivorayapti-da,bu baytalmon. Ichib kelib jo‘n-jo‘riqcha yotsayakan, kelib sani uradi, ballani ko‘chaga tiriqtiradi, idish sindiradi. Beti ko‘zingni ko‘kartirib tashlasa, og‘ziga kuchi yetmagan isfetapul deydi-da. Bu o‘zi bir yetimcha bo‘lsa, ko‘chaga haydavorsang el ulusdan nomus qilsang. Shu alpozda yurovradi endi, shumrang. Ichkanigayam, boshqasigayam ishlaring bo‘lmaydi endi.
 Baxtigul eridan hech ro‘shnolik ko‘rmagan bo‘lsayam, ovqatini vaqtida qiladi. O‘zini bilmay kelganida o‘rnini to‘shab, aldab-suldab yotqizadi.
 Abrorjon bir yil astoydil mehnat qilib, kartoshka ekdi. Xosilini yig‘ib, qaznoqqa to‘kib qo‘yishdi. Bahorga yaqin sotishsa, birorta g‘o‘najin olarmiz, deb niyat ham qilishdi.
 Bir kuni eri , ichib olib, uch-to‘rt yigitchani hovliga boshlab keldi.
 – Ranisan, kampirvoy, man kartishkaga xaridor obkeldim. Oldidan o‘zingga bir yaxshi ko‘ylak, maxsi, kalish oberaman. Pul beraman buyragingni davolatgani fizlichinaga borasan, bo‘l, bitta choy qo‘y.
 Baxtigul sarosar tang qoldi. Tamom. Abrorning yoz bo‘yi qilgan mehnati chippakka chiqdi. Kartoshkani pullab, bir kunda yo‘q qiladi.
 Juvon payt topib, eskiroq pocha-po‘stin kiygan, to‘ladan kelganini bir chetga imladi.
 – Ayog‘laringni tayiga o‘lay, bolajonim, keyinroq savdo qilinglar. Xo‘jayinimga hozir pul tegsa, hammasini ichib qo‘yadi. Ro‘zg‘orda, tishga bosgulik qolmagan, ishonganimiz shu.
– Ie, amak bilan savdo pishgan-ku, xola, biz xalq qatori olommiz, hay, mayli, bo‘lmasa, erta shu paytlar kelarmiz.
 Ular ketgach, er qutirgandan-qutirdi. Ko‘zlari qonga to‘lib, o‘siq qoshlari hurpaydi, labini qattiq qimtib, xotini tomonga yurdi.
-Hov, megajin, qani baqqa kechi, boyag‘inlarga nima deb pichillading? Bu hovlini erkagi sanmi?.. Ular qopu lingasini ko‘tarib kelgan edi, nima deding?!
Ayol bu vajohatdan qo‘rqib beixtiyor qo‘llarini yuziga bosib, ortga chekindi, lekin erning changalidan qochib qutilolmasligini bilib, elanishga tushdi .
- Jon dadasi, Abror kelsin, sotsa pulini sizga beradi. Nabijonning do‘konidan olingan aroqlarning qarzini ham to‘laymiz, faqat o‘zi kelsin.
- ...tvoyumat, hali ona-bola bu oilaga xo‘jayinchamisanlar. Bilib qo‘y, o‘g‘ling kelgancha, man sani kafanga tiqaman. Kartishkani sotib , isqotingga ishlataman. Er xotinining yuz-ko‘ziga musht tushirdi. Guppa uchgan ayolning o‘ng kelgan joyiga tepkiladi.
- Hali sanlarmi uy egasi, mol egasi, hali... A...?
 Bu qiyomatni qo‘ni-qo‘shnilar ko‘rib, eshitib, eshik-darzikdan mo‘ralab turishgandir. Ammo bechora ayolning baxtsiz ro‘zg‘origa kim ham aralasha olardi, deysiz.
 Ayol sudralib uyga kirdiyu katga o‘zini tappa tashladi. Yuz-ko‘zlari achishar, kaltak zarbi kasal buyragiga ta’sir qilgan shekilli belidagi og‘riqdan dodlavorgudek bo‘lardi. Ko‘ngli ozar, o‘zini ko‘tarolsa, loy- gil anjomlarini almashtirgan, yuz-ko‘zlarini yuvgan bo‘lardi. Yana oshxonadagi bolta, tesha, pichoqlarni ham ko‘zdan yashirish kerak. U yana ichib kelsa, xudo ko‘rsatmasin.
 Maktabdan qaytgan qizi Mavjuda hovlidagi ahvolga, aftodahol onaga hayronu lol boqib qoldi .
- Bor, Mavju, opachangni chaqirib kel, opam kasal bo‘p qoptila, de jinday obi yovg‘on qib bersin, hademay ovqat vaqti bo‘ladi.
 Oyjamol eshikdan dovuldek guvranib, shamoldek uvillab kirdi:
- Nima qildi – i, yana urdimi? Mastmi ?
- Kartishka, - ihradi u, kartishkaga xaridor boshlab kelgan ekan, Abror kelsin, deb sottirmovdim.
 Oyjamol oh-voh qildi, sannay-sannay, uyoq-buyoqni yig‘ishtirgan bo‘ldi. Dadasi bir kunmas-birkun onasini o‘ldirib qo‘yishini, sho‘ri qurib qolishini aytib sannayverdi:
- Aptingizni qarang, opajon, o‘lmabsiz, sovimabsiz. Sotsa-sotsin edi, qaro yerga edi, o‘lib qolsayiz, bulariyizdi man qandog‘ udda qilaman. O‘z boshiyizga o‘ziyiz kaltak sotib olganingizni qarang. Shu arag‘g‘i chiqarganni kappasiga o‘t tushsin iloyim, o‘sha sovdogar bachalar qatori uydan chiqib ketsayiz bo‘lmasmidi. Bu azroyil ichib bir yerda o‘lib, jasadi qotib qolsayam, shuncha kuymasidik.
 Oyjamol dastsho‘ va obdasta keltirib, onasining yuz-qo‘llarini yuvdirdi, kaltakzada badaniga oq moy surdi, choy damlab keltirdi. Dasturxon ustida ona-bola o‘z hasratlarini qaytadan boshlayotgan payt, qaerdan ham Xayri biznes kirib keldi.
 Yuz-ko‘zi shishinqirab momataloq bo‘lib ketgan ayol to‘g‘risini so‘zladi.
-Vo‘y, go‘r eriz bo‘sin, qo‘lginasi shal bo‘lsin, sizdi svetafor qib qo‘yibdi-ku.
 Mana necha yillar o‘tsayam Xayri biznes tamg‘alab ketgan laqabni hamon o‘zi bilan olib yuripti. Endi Savriniki oyoq chiqarmasa go‘rga edi. Rulchilik ham bor bo‘lsin. Bir yilcha Abror onasiga , ona o‘g‘liga bu haqda hech so‘z qotolmay yurishdi.
 Raysi bir to‘yda Mavjuda akasining bir qiz bilan gaplashib turganini aytib suyunchilab qoldi.
 Oyjamol ham yuragini hapriqtirdi.
-Harakatti uring , zavchisi g‘ajalakdek emish. Yuraklarim jizillab ketdi. Hilvadekkina, deng. Sochi taqimiga tushadi. Abror bilan sevisharmish.
 Rulchilikdan yurakzada bo‘lgan Baxtigul taysallandi.
 – Tiramoda hosilni yig‘ib, yakbora qilib, yakbora olamiz. Rudachilik cho‘zilib ketsayam, yaxshimas. Riz kutsa kerak, Abror ham to‘lishib, xushro‘ bo‘lgan-ku.
 – Jon opajon, hozir boring, kami-ko‘stingizga kuyovingiz ko‘ndalang. Tog‘alarim qarab turishmas...
Kechki payt ona o‘g‘liga dil yordi:
 – Biror joyga qulchilikka boray, oyog‘ingni ilintiray deb andarmon bo‘lib o‘tiribman, bolam. Ko‘ngil berganing borakan...
 Abror kuldi. Baxtigul o‘g‘lini endi ko‘rayotgandek angraydi.
 – Oyog‘imam, boshimam to‘rga ilingan. Jamol opachamga aytganman. Enam bilan bemalol Abdusamad kombaynchinikiga kirib boravrasizlar.
Rulchilikdan kechki payt qaytishdi. Baxtigulning yuzlarida baxt jilvalanardi. Ruhida bir yengillik bilan uyga kirib, jonining kushandasi bo‘lgan eriga jilmayib qaradi.
 – Bo‘ri, dadajonisi, bo‘ri, - dedi.
Hammani hayratga solib, o‘g‘lining chorpaxlo‘ yelkalarini silab, qalin sochlarini barmoqlari bilan taroqladi.
– Bir lappillagan nonlarni yopib, kelinim, bir xushxo‘r oshlarni pishirib keldi-ki. Shukur, xudoyimga shukur, yetkazganiga shukur...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.