OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Husniya Pardayeva. Najot farishtalarining sabog‘i (hikoya)

Xayrullaning kechasi ko‘rgan tushidan yuragi g‘ashlandi. Singlisi ikkisining bolaligi emish. Uning qo‘llari doka bilan bog‘lab qo‘yilgan, o‘zi esa tinmay “akajon, qo‘llarimni kesishmoqchi, rozi bo‘lmang” deb zorlanarmish. Ko‘rgan tushidan tashvishlanib, kuyovining qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilib ko‘rdi. Kuyovidan “Yaxshi yuribmiz, shukr, “ degan javobni eshitganidan keyin ko‘ngli biroz tinchlangandek bo‘ldi. Ishxonasiga otlanib, endi ostona hatlagandi hamki otasi qo‘ng‘iroq qildi. Salom-alikni ham tuzukroq qilmagan otasining avzoyi buzuqligi ovozidan sezilib turardi.
— Xayrulla shu bugunoq uyga yetib kel. Onangni mazasi bo‘lmayapti, o‘zing tekshirib qo‘y, — dedi otasi darrov maqsadga ko‘chib.
— Do‘xtirlarga olib bordingizmi? — so‘radi Xayrulla ishlari tig‘izligini o‘ylab.
— O‘zing kel dedim-ku, — dedi otasi zarda bilan, — shu buguning o‘zidayoq yetib kel.
Xayrulla otasini juda yaxshi biladi. Jahli chiqsa, unga ming gapir, baribir eshitmaydi. Shuning uchun Xayrulla qishloqqa borishga majburligini angladi. Ishxonasiga qo‘ng‘iroq qilib, borolmasligini tayinladi. Keyin uyga qaytib kirib, yo‘lga otlandi. U o‘tirgan mashina shomga yaqin shaharga yetib keldi. Xayrulla yo‘l-yo‘lakay singlisini ko‘rib o‘tmoqchi bo‘ldi-yu, biroq otasining ertalabki tajangligi esiga tushib, fikridan qaytdi.
— Kelishing buncha qiyin bo‘ldi? Kelmaysanmi deb dilim xufton bo‘lib o‘tiruvdim, — dedi otasi uni qarshi olib.
Xayrulla otasi bilan so‘rashib, ichkariga kirdi. Onasi yotgan xonaga kirib borishi bilan ayolning ho‘ngrab yig‘lagani eshitildi:
— Shu kunlar ham boshimda bormidi? Men nima yomonlik qiluvdim-ki, qo‘limni kesishadi?!
— Bo‘lmag‘ur gaplarni gapirma. Mana Xayrullani o‘zi keldi, endi sog‘aytiradi, — dedi otasi ishonch bilan.
Xayrulla ayolning yoniga cho‘kkaladi. Uning qo‘llarini ko‘zdan kechirib, g‘alati qarash bilan otasiga tikildi:
— Nega bunday bo‘ldi? Qachon bo‘ldi o‘zi?
— Uch-to‘rt kun oldin qo‘lim og‘ridi deganday bo‘luvdi. Bugun do‘xtirga borsa, “kesish kerak, bo‘lmasa, suyakka o‘tadi” debdi. Endi bir yara-chaqa chiqsayam, qo‘lni kesib tashlayversa, xayf-e, — dedi otasi asabiylashib.
Ayolning yig‘isi xonani tutdi.
— Bo‘ldi qilsangchi, shu yig‘ingni. Mana o‘g‘lingni o‘zi sog‘aytiradi dedim-ku... — dedi otaning zardasi qaynab.
— Buningiz ham sog‘aytirmaydi. Qaytaga bunday ahvolimni ko‘rib, battar bo‘l, deydi. Menga hech kimning rahmi kelmaydi!.. — dedi ayol erining yupatishidan to‘lib.
Xayrulla xo‘rsinib qo‘ydi. U ayolning qo‘llarini yana bir bor sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirib, otasiga yuzlandi:
— Haqiqatan ham kasallik jiddiyga o‘xshaydi. Bu siz aytayotgan oddiy yara emas. Poytaxt kasalxonasiga olib borish kerak.
—Men seni nimaga chaqirtirdimo‘ O‘g‘lim do‘xtir, shahardagi kattakon kasalxonada ishlaydi, deb kerilib yuraman-u, sen bo‘lsang oddiy bir yaraga vahima qilib o‘tiribsan. Uddasidan chiqsang, o‘sha shaharlik do‘xtirlaring qiladigan ishlarni shu yerda qilsang ham bo‘ladi-ku... — dedi otasi zardali ohangda.
Xayrulla indamay o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Bu xonadagi muhit, tajanglik uning yuragini siqa boshlagandi. Hovliga chiqib, yengil nafas oldi. Fayzsiz hovli, tashqi ko‘rinishi anchagina uniqib qolgan uy ko‘ziga keksaygan otasiga o‘xshab ko‘rindi. Hozirgina dilini yayratgan toza havo endi yuragiga g‘ashlik soldi. Bu uyga oxirgi marotaba kelganiga ham besh-olti yildan oshgani esiga tushdi. Eslashni istamasa ham o‘tmishdagi alamli xotiralar qora quyundek ko‘z oldida paydo bo‘ldi.
Xayrulla onasi olamdan o‘tganida endigina beshinchi sinfni tamomlagandi. Singlisi esa hali maktabga chiqmagan, besh-olti yoshlardagi qizcha edi. Xayrullaning garchi es-hushi kirib qolgan bo‘lsa-da, onasizlik alamini uyga o‘gay ona kelganida bildi. Otasi xotinining ma’rakalarini o‘tkazib, boshqa ayolga uylandi. Qosh-ko‘zlardan o‘sma-surmasi arimaydigan o‘gay ona avvaliga bolalarga yaxshi muomalada bo‘ldi. Ertalab sigirni sog‘ar, maktabga otlangan Xayrullaga issiqqina shirchoy pishirib berardi. Maktabdan qaytganidan keyin ham tushlikda pishirilgan ovqatdan unga ilinib olib qo‘yardi. Biroq singlisi Azizaga o‘gay ona bunchalik mehr-oqibat ko‘rsatmasdi. Bo‘yi bir qarich bo‘lgan Aziza kallai sahardan uyg‘onib hovlini supurishga tushar, kun bo‘yi ayolning buyruqlarini bajarib, tinim bilmasdi.
Bir kuni Xayrulla maktabdan qaytganida uyda singlisi yo‘qligini ko‘rdi. Onasidan so‘ragandi, “bilmasam, u darbadaring uyda o‘tirarmidi. Ko‘cha-kuyda o‘ynab yurgandir-da” degan javobni oldi. Mollarga qarab, singlisini kechgacha kutdi. Nihoyat, shomdan o‘tib, Aziza kirib keldi. Darvozadan kirishi bilan onasi uning oldiga borib, nimalardir deb pichirladi. Keyin uning qo‘lidan nimanidir oldi-da, ichkariga kirib ketdi. Xayrulla singlisidan kun bo‘yi qaerda yurganini so‘radi.
— Dugonalarim bilan o‘ynagani ketuvdim, — dedi Aziza past ovozda.
Xayrulla indamadi. Lekin otasi uni ko‘cha-ko‘yda darbadar yurganligi uchun rosa urishdi. Aziza yig‘lab, chiqib ketdi.
Ertasiga ham maktabdan qaytgan Xayrulla yana Azizani uyda yo‘qligini ko‘rdi. O‘gay onasi qarg‘anib, ro‘zg‘or yumushlarini bajarardi. Uyda shuncha ish turib, singlisining dugonalarinikiga ketishi Xayrullani jahlini chiqardi.
— Aziza qaysi dugonasinikiga ketganini aytmadimi? Hoziroq borib olib kelaman, — dedi biroz jahli chiqib Xayrulla.
— Qo‘yaver, hali go‘dak, o‘ynayversin. Bir ro‘zg‘orning ishidan o‘lib qolmayman, — dedi onasi uni shashtidan qaytarishga urinib, — undan ko‘ra sen ishlaringni tugat.
Aziza bugun tunov kundagidan vaqtliroq qaytdi. Akasining “kimnikida eding?” deya qistovga olishiga, yig‘lab javob qaytardi. Singlisining yig‘isi Xayrullaning ko‘nglini yumshatib yubordi. Ko‘z oldiga onasi vafot etgan kuni Azizaning izillab yig‘lagani keldi-yu, uni qayta qistovga olmadi.
Uchinchi kuni ertalab Xayrulla maktabga otlangandi. Darvoza oldiga yetgan Xayrullaning orqasidan singlisi yetib oldi.
— Aka, meniyam o‘zingiz bilan maktabga olib boring. Iltimos, meni tashlab ketmang! — dedi zorlanib.
— Ustozim urishadi. Undan keyin sen hali kichkinasan, maktabga kiritishmaydi, — dedi Xayrulla ketishga chog‘lanib.
— Aka, iltimos, olib keting. Machitning oldiga borib, sadaqa so‘ragim kelmaydi, — dedi Aziza piqillab.
— Sen nimaga sadaqa so‘raysan, gadoy emassan-ku, — dedi Xayrulla achchiqlanib.
— Aka, anavi ayam meni sadaqa so‘rashga chiqarib yuboradi. Har kuni ertalabdan kechgacha machitning oldida o‘tirib, sadaqa bering deb odamlarga qo‘limni uzataman. Keyin olib kelgan pullarimni unga beraman...
Aziza gapini tugatmagandi hamki, ichkaridan chiqib kelgan ayolning bo‘g‘iq ovozi eshitildi:
— Hoy, sen nimaga maktabinga bormayapsan? Bu senga nimalar deyapti?
— Men... hech narsa deganim yo‘q. Akamga aytganim yo‘q, — deb Aziza qo‘rquv bilan yig‘lab yubordi.
—Nimaga bu machitning oldiga borib, sadaqa so‘rayapti? Buni unga siz aytdingizmi? — so‘radi Xayrulla jahl bilan.
— Hoy tirrancha, nimaga menga o‘shqirasan? Manavi yetimchang senga shunday dedimi hali? Bugundan boshlab sen ham maktabga bormasdan gadoylik qilasan, eshitdingmi? Ustingdagi manavi kiyimlarni kiyish, yangisini olish, yeb-ichishlaring uchun sadaqa so‘raysanlar. Bo‘lmasa, ikkovingni ham o‘ldiraman!..— deya ayol Azizani siltab tashladi.
Xayrulla unga tashlanmoqchi, alamini olmoqchi edi, o‘gay onaning baquvvat qo‘llari uning bo‘ynidan omburdek mahkam siqdi:
— Agar otangga yoki bironta qarindoshinga aytgudek bo‘lsalaring, ikkovingni ham yoqib yuboraman!..
Tomog‘idagi qo‘ldan Xayrullaning nafasi ichiga qaytib, tipirchiladi. U onasining buyrug‘i bilan singlisini olib, ko‘chaga chiqdi. Aziza uni har kuni sadaqa so‘raydigan machitning oldiga olib bordi.
— Menga rahmingiz kelsin, onam o‘lgan, yetimman, desangiz pul berishadi,— dedi Aziza akasiga.
Xayrulla bu holatga sira ko‘nikolmayotgandi. Yonida sadaqa so‘rab, qo‘l cho‘zgan singlisining o‘tinchli ovozi, o‘tgan-ketganlarning ularga g‘alati qarab turishlari ham uni e’tiborini tortolmas, bir nuqtaga tikilib, miq etmay o‘tirardi.
Vaqt peshindan o‘tdi. Masjiddan chiqib kelayotgan kishilarga qarab qo‘llarini cho‘zgan Aziza zorlanib yig‘lardi.
— Qizim, nimaga yig‘layapsan? Shunchalik ahvollaring og‘irmi? Bu yigitcha akangmi? — deya ularning qarshisida to‘xtagan kishi Azizani savolga tutdi.
— Amaki, sadaqa qiling! Oyimiz o‘lgan, kiyim olishga pul topishimiz kerak! — dedi Aziza yig‘lashda davom etib.
— Yigitcha singlingni gaplari rostmi? Otang bormi? — dedi kishi Xayrullaga yuzlanib.
— Dadam borla, ishda. Lekin dadam bitta xotinga uylangan. U bizni ayamiz. Dadangni ishlab topgani senlarni kiyinishlaringa yetmaydi, pulni o‘zlaring topinglar, dedi, — deya boshini yanada qo‘yi egib oldi Xayrulla.
— Shunday denglar, — dedi salmoqlanib kishi va Xayrullaga savol berdi, — sen maktabga bormaysanmi?
— Oltinchi sinfda o‘qiyman, — dedi Xayrulla xo‘rsinib, — endi maktabga bormayman. Ayam ruxsat bermaydi.
— Yo‘q, sen maktabga borishni davom ettir. Faqat buni o‘sha ayang bilmasin. Sizlarga o‘zim yordam beraman!
— Dadamga hammasini aytib berasizmi? O‘sha xotin bizni sadaqa so‘rashga yuborganini aytasizmi? — deya ko‘zlariga quvonch ingan Aziza keyin birdan xomush tortdi, — lekin ayam buni dadang bilmasin, bo‘lmasa, sizlarni o‘ldiraman degan.
— Yo‘q, dadanga aytmaymiz. Haqiqatan ham dadangga aytsak, o‘sha ayol sizlarga ziyon yetkazishi mumkin. Mayli, u ayol dadangizni xotini bo‘lib yashayversin. O‘zim sizlardan yordamimni ayamayman. Har kuni ertalab kelganlaringizda sizlarga bir kunlik pulni beraman. Sizlar esa hech kimdan sadaqa so‘ramaysizlar va pulni men berayotganimni ham aytmaysizlar. Sen esa o‘g‘lim maktabinga qatnayver. Yaxshi baholarga o‘qisang, ziyoli, hurmatli odam bo‘lib yetishasan.
— Rostdanmi? Siz bizga pul berasizmi? Buning uchun biz nima ish qilishimiz kerak? — so‘radi Xayrulla ishonqiramay.
— Rostdan, pulni beraman. Sizlar esa buning uchun yaxshi o‘qishingiz kerak, —deb kishi cho‘ntagidan pul chiqardi. Uni Xayrullaning kaftiga qo‘yib, endi uyga qaytishlarini, maktabga borishini tayinladi.
Aziza uyga qaytishayotganida ham notanish kishi bergan pullar to‘g‘risida akasidan qayta-qayta so‘rar, buni ayasiga aytmasligini tayinlardi. Xayrulla darvozadan kirishi bilanoq o‘choq boshida kuymalanayotgan o‘gay onasining oldiga bordi.
— Mana bugun ishlab topganimiz. Endi men maktabga borishim kerak, bo‘lmasa, ustozim urishadi, — dedi qat’iy ovozda.
Pullarni olgan ayol esa unga yovqarash qilib tikilib qoldi. Xayrulla kiyimlarini kiyib, maktabga otlandi. U oxirgi soat darsiga yetib borgani uchun o‘qituvchisidan rosa tanbeh eshitdi. Lekin kechikishi sababini ustoziga aytmadi.
Xayrulla singlisini olib, har kuni ertalab chiqib ketar, peshinga yaqin qo‘llarida pul bilan kirib kelishardi. O‘gay ona ham bolalarning bu fidoyiligidan mamnun bo‘lib, pullarini yashirishga tushardi.
Oylar yillarga ulandi. Xayrulla maktabni tamomlab, dadasiga poytaxtdagi litseyga borib o‘qimoqchiligini aytdi.
— Shu yerdagi maktabda o‘qisang bo‘lmaydimi? — so‘radi otasi norozilanib.
— Og‘aynim Ja’far ham ketyapti. Ikkalamiz birgalikda litseyga o‘qishga kirsak, keyin institutga kirishimiz ham osonlashadi, — dedi Xayrulla oyoq tirab.
O‘g‘lining qaysarligini bilgan otasi noiloj rozi bo‘ldi. O‘zi birgalikda borib, o‘g‘lini yotoqxonaga joylashtirib keldi. Ja’far imtihonlardan o‘tolmay, o‘z shahriga qaytib ketdi. Xayrulla esa imtihondan a’lo bahoga o‘tib, o‘qishni davom ettirdi. U yana o‘sha o‘gay onaning oldiga qaytib bormaslik uchun ham jon-jahdi bilan o‘qir, vaqtini behuda sarflamasdi.
Litsey-internatni tamomlab, Xayrulla tibbiyot oliygohiga o‘qishga kirdi. U tezroq oliygohni tamomlab, shifokor bo‘lishni va singlisini oldiga olib kelish haqida o‘ylardi. Keyin esa Azizani ham institugga o‘qitadi, undan yordamini ayamaydi.
Talabalikning so‘nggi bosqichida tahsil olayotganda singlisini fotiha etishganini xabarini eshitdi. Avvaliga singlisi uchun biron bir foydali ish qila olmaganidan afsuslanib, siqilib yurdi. Keyin esa uning o‘gay onaning zug‘umlaridan qutulib, baxtli bo‘lishini o‘ylab, ko‘ngli taskin topdi.
O‘sha kunlarga ham besh yildan oshdi. Hozir Xayrulla poytaxtdagi nufuzli kasalxonalardan birida shifokor bo‘lib ishlaydi. Uning oldiga har kuni o‘nlab bemorlar kelishadi. Xayrulla ularning barchasiga qo‘lidan kelganicha yordamini berar, sog‘ayib ketishlari uchun harakat qilardi.
Darvoqe, Xayrulla singlisining to‘yiga borib, kutilmagan mo‘’jizaning ustidan chiqdi. Singlisi bir paytlar ularga beminnat yordam bergan kishiga kelin bo‘layotgandi. Xayrulla ularga yaxshilik qilgan kishining nurli yuziga qarab, ko‘z yoshlarini tiya olmadi.
— Rahmat sizga! Qilgan yaxshiligingizni sirayam unutmayman! Nasib etsa, o‘sha pullaringizni o‘zingizga qaytaraman, — dedi Xayrulla entikib.
— O‘g‘lim, men sizlarga o‘shanda yaxshilik qilgan bo‘lsam, buning mukofotini oldim. Yolg‘iz o‘g‘lim og‘ir kasallikdan gapirolmaydigan bo‘lib qolgandi. Farzandimning dardiga darmon istab, bormagan kasalxonam, ko‘rsatmagan shifokorim qolmadi. Axiyri, machitga borib, qilmishlarim uchun tavba qildim, farzandimning dardiga shifo berishini so‘radim. Buni qaranglarki, o‘sha kuni sizlarni uchratib qoldim. Yuragimda “Balki shu go‘daklarga yordam bersam, o‘g‘lim sog‘ayib ketar. Axir bular ham unga o‘xshab, begunoh-ku” degan o‘y o‘tdi. Yaratganning o‘zi yuragimga solgan ekanmi, bu niyatimni amalga oshirdi. Sizlarga yordamim tekkani sayin bolamning ahvoli o‘nglana boshladi. Mana shukr, hammasi yaxshilanib ketdi. O‘shanda omonlik bo‘lsa, o‘sha qizchani o‘g‘limga kelin qilaman deb ko‘nglimga tuguvdim. Astoydil niyat qilsang, tilaging yaxshilikka bo‘lsa, albatta ijobat bo‘lar ekan. Aslida men sizlarning oldingizda qarzdorman. Sizlar men uchun najot farishtalari bo‘ldingiz, — dedi kishi Xayrullaga cheksiz mehr bilan tikilib.
Xayrullaning bo‘g‘ziga og‘riq tiqilgandek bo‘ldi. Yig‘lab yubormaslik uchun oldidagi choydan ho‘pladi. Singlisining to‘yini ko‘ngildagidek o‘tkazib ortga qaytgan Xayrullaning yuragi taskin topgandi.
Azizaning to‘yidan keyin Xayrulla ota uyiga deyarli bormagandi. Dadasi bilan telefon orqali gaplashib, hol-ahvol so‘rar, o‘tmishning alamli kunlari o‘tgan o‘sha xonadonga borishni istamasdi. Mana bugun ayasining qo‘lidagi kasallik sabab, kelishga majbur bo‘ldi.
Dadasi avvaliga xotinini poytaxtga olib borishga norozilik bildirgan bo‘lsa ham keyin yaxshilab o‘ylab ko‘rdimi, rozilik berdi. Ertalab Xayrulla dadasi va xotinini olib yo‘lga tushdi. Tekshiruvlardan keyin dadasi va o‘gay onasini uyiga olib borib qo‘yib, o‘zi ishiga otlangan Xayrulla mashinaga o‘tirayotib, qo‘l telefonining jiringlashidan sergak tortdi. Kuyovining raqamini ko‘rib, tezda javob qaytardi.
— Aka, bu menman, — dedi singlisi salom-alikdan so‘ng, — bu yerlarga kelibsiz, biz bexabar qolibmiz-ku. Singlimni ko‘rib ketay deb birrovga kirmabsiz ham.
— Sen xafa bo‘lma, zarur ish bilan boruvdim, — dedi Xayrulla xijolatli ovozda.
— Eshitdim, o‘sha zarur ishingizni. Ayamizning qo‘llari kasallanibdi, do‘xtirlar kesish kerak deganmishmi? Uyoqqa borib, do‘xtirlarga ko‘rsatdingizlarmi? — so‘radi pisanda ovozda Aziza.
— Ko‘rsatdik. Analizlar olishdi, javoblari chiqqanidan keyin bir qarorga kelinadi.
— Aka, menga qolsa, o‘sha yalmog‘izni qo‘lini kesib tashlashsin! Axir uni qilmishlari Xudoga ham xush yoqmagan shekilli, jazosini beribdi. Uni qo‘lini sog‘aytirmang, battar bo‘lsin. Bizga qilganlarining oldida bu ko‘rgiliklari kam!
Singlisining gaplarini eshitib Xayrulla uning yuragida o‘tmishning alamli xotiralari hanuzgacha yashayotganini tushunib yetdi.
— Aziza, qo‘ysangchi bu gaplaringni. Inson har bir ko‘rgan yomonligining javobini qaytaraversa, u inson bo‘lmaydi. Undan keyin biz o‘shanda yomonlik bilan birga yaxshilik ham ko‘rdik. Qaynotangni yaxshiligi esingdan chiqdimi? O‘sha yaxshilikning orqasidan sen baxtingni topding, to‘g‘rimi? Men sening baxting uchun ham barchasini unutganman!
— Lekin o‘sha kunlarni eslasam... — dedi yig‘lagudek bo‘lib Aziza.
— Sen o‘sha kunlarni eslama, — deya singlisining gapini ilib ketdi Xayrulla, — hozir alamingni olganing bilan vaqtni ortga qaytarib bo‘lmaydi. Men bemorlarning hayotini saqlab qolish uchun oq xalat kiyganman. O‘tmishdagi gina-kuduratlarni deb unga dog‘ tushirishni istamayman. Men maqsadlarimga erishdim, sen baxtli oila bekasisan. Qaynotang aytganidek, najot farishtasisan! Bizga mana shular muhim, — dedi Xayrulla singlisi bilan xayrlashayotib.
U telefonini cho‘ntagiga solib, mashinaga o‘tirdi. Uning yuragi hech qachon bunchalik yengil tortmovdi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.