OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Husniya Pardayeva. Umr adog‘idagi haqiqat (hikoya)

Shuhrat shifoxonadan chiqdi-yu, uyiga sig‘may qoldi. Yigirma ikki yildan beri yashab yurgan uyi ko‘ziga katalakdek tor ko‘rinib, yuragini siqardi. Ko‘ngli keng hovli-joyni, poyonsiz dalalarni qo‘msaydi. Bu uyda esa ertadan kechgacha shiftga termilib yotgani yotgan. Shuhrat dardga taslim bo‘lganini tan olgan bo‘lishiga qaramay, umidvor banda, otayotgan har bir tongdan umr so‘rab o‘rtanadi.  
Xayolga berilib ketgan Shuhrat eshik ochilib xotinining kirganini payqamay qoldi. Oydin ust-boshini almashtirmasdan erining oldiga kelib, krovatga cho‘kkaladi.
— Yaxshi yotibsizmi? — deya horg‘in ovozda so‘radi Oydin.
Har kuni ishdan qaytgan xotinining shu tahlika hol-ahvol so‘rashi Shuhratning yuragini zirqiratadi. Bu dardga chalinib, ko‘rpa to‘shak qilib yotgani, ro‘zg‘orning barcha og‘irligini xotiniga tashlab qo‘ygani uchun o‘zini aybdordek his qiladi. Xotiniga javob qaytarmoqchi bo‘ladi-yu, bo‘g‘ziga bir og‘riq tiqilib, bazo‘r yutinadi.
— Bir qishloqqa borib kelsammi? — dedi Shuhrat past ovozda.
— Tinchlikmi? Axir sog‘ligingiz... — dedi Oydin g‘alati ohangda.
— Sog‘ligim joyida... — deya cho‘rt kesdi Shuhrat, — uzzu kun termilib yotganim bilan sog‘ayib qolarmidim. 
Erining zardasini ko‘rib, Oydin boshqa gapirmadi. Sumkasini yelkasiga ilib, narigi xonaga o‘tdi. Nazarida eri umrining so‘nggi kunlarini qishloqda o‘tkazishga qaror qilgandek tuyilib, ko‘ngli buzildi. Lablarini mahkam qimtib, unsiz yig‘ladi. 
Shuhrat yotib qolganining alamini xotinidan olgani uchun o‘zini o‘zi yomon ko‘rib ketdi. Tortma ustidagi gazetani qo‘liga oldi, o‘qishga xafsalasi bo‘lmay, joyiga qo‘ydi. Oradan yarim soatcha vaqt o‘tib, Oydin qaytib chiqdi. Ko‘zlari biroz qizargan, biroq yig‘laganini sezdirmoqchimasdek kulimsirab chiqib keldi.
— Men... — deya tiliga boshqa so‘z kelmay kalovlandi Shuhrat. 
— Qishloqqa juda borgingiz kelayotgan bo‘lsa, mayli. Faqat ketishingizdan oldin do‘xtir bilan maslahatlashamiz, bo‘ptimi? Yo‘l yengib qo‘ymasin deyman-da...
Shuhrat xotinining gaplariga e’tiroz bildirmadi. Ayoli tilla-da, shu ahvolidayam erinikini juft deb turibdi. Qiyinchiliklar jonidan o‘tayotganini sezdirmaydi. Shuhrat xotinining bu kabi fidoyiligini ko‘rgani sari battar eziladi. U qishloqqa borish fikridan voz kechmoqchi, shu bilan xotinidan uzr so‘ramoqchi edi. Lekin yuragidagi bir ovoz uni qishloqqa borishga undayotgandek tinchlik bermasdi. 
Ertasiga bemorni tekshiruvdan o‘tkazgan shifokor biroz o‘ylanib Shuhratning uzoq yo‘lga chiqishiga ruxsat berdi. Do‘xtirning rad javobidan umidvor bo‘lib mo‘ltiragan Oydin, chorasizgina bosh egib, erining ortidan ergashdi.
Qishloqdagilar Shuhratni xuddi ming yil kutgandek quchoq ochib qarshilashdi. Opasi ukasi unikida qo‘noq bo‘lishini aytib javrasa, akasi Shuhrat bilan xotini uning uyi-da yashashlarini aytib, jomadonlarni ko‘taradi. 
— Akam bilan yangam biznikida qolishsin, — dedi kichik kelini Zulayho iymanibgina.
Barcha so‘nggi hukmni eshitgandek bir muddat jimib qoldi. Shuhrat avvallari qishloqqa kelsa, ota-onasi o‘tgan uyda turib ketardi. Biroq besh yil avval ukasi olamdan o‘tib, Shuhratning ham, boshqa aka-opalarining ham bu uydan oyog‘i tiyildi. Ota-ona, uka bo‘lmaganidan keyin eshikdan kirishga jigarlarning yuragi dov bermay qoldi. Biroq kelinning bugungi gapi barchasini o‘zgartirib yubordi. Shuhrat bilan xotini beixtiyor ukasining darvozasi tomonga yurishdi. Ukasining yolg‘iz qizi Shuhratning oldiga peshvoz chiqqanida u g‘alati bo‘lib ketdi. Ukasini yerga qo‘yishgan kuni ushbu hovlidan chiqib ketibdi-yu, uning jigarbandiini ahvoli bilan sira qiziqmabdi. Har zamonda esiga tushsa, “Qishloqchilik, jigarlarim xabarlashib turgandir” deb o‘zini yupatardi. Bugun esa jiyanini ko‘rdi-yu, besh yillik taskinidan xijolat tortdi.     
Shuhrat bilan birga kirgan aka-singillar kechgacha qolib ketishdi. Ukaning xotini qozonda osh damlab, mehmon qildi. Garchi ota-onalari yonlarida bo‘lmasa-da, Shuhrat ham, aka-opalari ham o‘zlarini bu hovlida bir paytlardagidek his qilishdi. 
Ertasiga quyosh chiqib, kun yoyilib ketgandagina Shuhrat uyg‘ondi. Miriqib uxlaganidan vujudida hech bir og‘riqni his qilmas, ruhida qushdek bir yengillik bor edi.
— Yaxshi yotib turdingizmi? Xavotirlanib, ko‘zimga uyqu kelmadi, — dedi Oydin eriga sochiqni uzatayotib.
— Nega xavotirlanasan?  Anchadan beri bunchalik miriqib uxlamovdim, — dedi Shuhrat ko‘tarinki kayfiyatda.
— Ha endi... Uzoq yo‘lda keldingiz, urinib qolmasmikinsiz deb...
Erining kayfiyati yaxshiligini, uning gaplariga beparvoligini ko‘rib, Oydin boshqa gapirmadi. Eru xotin so‘padagi dasturxonga o‘tirishdi. Kelini ertalab sog‘ilgan sutdan bir kosa olib keldi. Shuhrat sutni bir ko‘tarishdayoq sipqordi, uning ta’mi, isi onasini eslatib yubordi.  
— Nargiza, hov Nargiza, — deya darvozani ochib ichkariga kirgan ayolga peshvoz chiqdi kelini.
Kampir hassasini do‘qillatib yurib keldi-da, Shuhrat bilan xotinining yuz-ko‘zidan o‘pib so‘rashdi. 
— Shuhratjonim kelganini eshitib, kechasi bilan uxlayolmadim. Ertalabki choyimniyam ichmasdan “bir ko‘rib kelmasam bo‘lmaydi” deb yo‘lga chiqdim. Qarichilik-da, ikki qadam yo‘l ham uzoq tuyuladi, — deya hansirab so‘rasha ketdi kampir.
Kampir Shuhratning xolasi, onasining yolg‘izgina singlisi. Shuhrat xolasini oxirgi marotaba qachon ko‘rganini eslolmaydi. Qishloqqa to‘yu ta’ziyaga birrovga kelib ketadi-yu, xolasini yo‘qlash xayoligayam kelmaydi. Keksayib qolganiga qaramay, xolasining uni ko‘rishga kelishi Shuhratga erish tuyilib, xijolat tortdi:
— Ovvora bo‘lib, yo‘lga chiqibsiz. Yo‘l charchog‘i chiqqanidan keyin o‘zim keliningiz bilan oldingizga borardik, — dedi iymanib.
—Bu nima deganing Shuhratjon? — deya astoydil og‘rindi xola, — sen ishli odamsan. Bilaman, shaharda ishlaring ko‘p, birrovga kelib-ketasan. Jigarimsan, bir ko‘rib qolmasam, yuragim siqilib yuradi. Sen bahona bir yurib, oyoqlarimni chigilini yozay dedim-da.
— Xola nevaralarni to‘y qildingizmi? — so‘radi Shuhrat.
— Shukr, nevaralarimni to‘rttasini uyli-joyli qildik. Ikkita evarayam ko‘rdim. Nasib bo‘lsa, to‘ylariga kelasizlar. Opam rahmatli bo‘lganida sizlarning bolalaringizni ko‘rib, ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilardi deyman-da. Sho‘rlikka nasib qilmagan ekan, — deya ko‘ziga yosh oldi kampir.
Uy egasi choyni yangilab kelib, kampirga bir piyola uzatdi. Oydin ovsinining orqasidan oshxona tomonga o‘tdi.
— Xola, Xudo biladi, umrimizdan yana qancha qolganikin? Bir yildan beri bedavo dardni orttirib olganman, kunim kasalxonada, davolanish bilan o‘tadi. Bir qishlog‘imni ko‘rib kelsam, qarindosh-urug‘larni diydoriga to‘yib olsam deb...
— Hay-hay, Shuhratjon, — deya jiyanining o‘rtanib aytayotgan gaplaridan esankiradi kampir, — bu gaplaringni boshqa tilingga olma. Hali yoshsan, bolalaringni uylantirasan, qizlaringni uzatasan. Hali qiladigan ishlaring juda ko‘p, bilsang.
— Lekin xola, —deya xo‘rsindi Shuhrat.
— Shuhratjon, esingdami, — yuziga kulgi yugurib, gapni boshqa yoqqa burdi kampir, — o‘qishga kiraman deb Toshkentga ketgan paytlaring. Ertaga yo‘lga chiqaman degan kuning onang bir tandir patir qiluvdi. Men guppi pishib, sariyog‘ qiluvdim. Kiyimlaringni bir jomadonga, yeguliklaringni bir to‘rvaga solib, otang olib ketuvdi. Esingdami, ketayotganingda “Shuhratjon, o‘qishga kirsang menga nima olib kelasan” deb tegishuvdim. Sen o‘ylab ham o‘tirmay “O‘qishga kirsam, sizga tilla isirg‘a olib beraman” devding. Mana yo‘ling oq bo‘lib, o‘qishgayam kirding, Toshkentlarda yashab qolib ketding. Mayli-da, qaerda bo‘lsanglar ham sog‘-omon, tinch bo‘lsalaring bo‘ldi.
— Xola, ishlar bilan bo‘lib, hammasi yodimdan ko‘tarilibdi. Sizga tilla isirg‘a va’da qilibman-u, lekin oberishga kelganda... 
— Qo‘ysangchi, Shuhratjon, — deb xijolatli ovozda jiyanini yupatdi kampir, — men sendan sira domangir bo‘lmaganman. Buyam bir gap yo‘g‘i-da, gap-da. Nasib etsa, bolalaringni to‘yiga borganimda tillasidan bo‘lmasayam, prostoyidan isirg‘a oberarsan...
Kampir qishloqdagilardan, o‘tgan-qaytganlardan gapirib, jiyanini zeriktirmadi. Dasturxonga ovqat yeyilgandan keyin hassasini qo‘liga olib ketishga chog‘landi.
— Shuncha yo‘l bosib keldingiz, ovora bo‘lib yurasizmi, shu yerda yotib qoling, — dedi kelin .
— Yo‘q, yo‘q, qololmayman. Qarichilik, jon omonat, o‘z uyimda bo‘lganim tuzuk.
Xolasining gapi Shuhratning yuragiga qadaldi. 
— Xola, bu gal kelishimda tilla isirg‘ani albatta, olib kelaman, — dedi bo‘g‘ziga og‘riq tiqilib Shuhrat.
— E, bolam, aytdim-ku, sendan sira umid qilmaganman deb. Isirg‘a olib bermasang ham tani joning sog‘ bo‘lsa bo‘ldi, — deya hassasini qo‘liga oldi kampir.
Xolasi ketganidan keyin Shuhrat dam olish uchun so‘riga cho‘zildi. Shaharda yashab, minglab isirg‘alarning pulini topibdi-yu, birgina zirakni xolasiga olib kelmagani, va’dasini bajarmagani uchun o‘zini aybdordek his qilib, uf tortdi. 
— Nargiza, Zulayho, — deya darvozani taqillatib kirgan ayolning ovozidan ko‘zini ochdi Shuhrat.
U o‘rnidan qo‘zg‘almasidanoq ichkaridan chiqqan kelini ayolga peshvoz chiqdi.
— Shahardan mehmonlar kelishibdi deb eshitdim-u, yugurib kelaverdim, — dedi ayol qo‘lidagi sumkani mezbonga tutqazarkan, — bu yilgi hosildan, kartoshka, shaharga olib ketishar deb ko‘tarib kelaverdim. 
Shuhrat ayolni avvaliga tanimadi. O‘zini Sirojiddin amakingizni xotini, Yodgorani onasiman deb tanishtirgandan keyingina tanib, so‘rashdi.
— Sizni doim duoyi joningizdamiz, iloyo bolalaringizni baxtiga eru xotin bor bo‘lingizlar. Yodgoram siz tufayli Toshkentlarda o‘qidi, mana hozir maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. Ikkitagina bolasi bor, unikigayam o‘tsangizlar, bir xursand bo‘lardi...
Ayolning gaplari Shuhratning yuragiga ignadek sanchilib, azoblay boshlagandi. Ichkaridan chiqib kelgan Oydin bilan so‘rashib ketgan ayolga Shuhrat ma’nosiz tikilib turar, o‘zini to‘rga tushib qolgan qushdek chorasiz his qilardi. 
— Yo‘q demasangizlar, bugun kechqurun bizanikida mehmon bo‘lasizlar, — dedi ayol o‘rnidan qo‘zg‘alib, — Yodgoraniyam uyidagilar bilan chaqiraman. 
— Lekin biz... — dedi Shuhrat duduqlanib.
— Akasi, yo‘q demangizlar, shuncha yilda bir kelibsizlar, endi bizayam qarzimizni qaytaraylik deb...
Ayol Shuhrat bilan xotinining yo‘q deganigayam qaramasdan kechqurun ularni  mehmon qilishini aytib ketdi. Oydin eriga g‘alati tikilib qoldi. Shuhrat ko‘zlarini olib qochdi. Yuragi siqilib, o‘zini ichkariga urdi. Nazarida hovlida tursa, uning qilmishidan barcha xabardor bo‘ladigandek, undan nafratlanishadigandek tuyildi. O‘zini chalg‘itishga qanchalik urinmasin ko‘z oldiga o‘sha voqealar gavdalandi. 
O‘shanda Shuhratning institutga o‘qituvchi bo‘lib ishga kirganiga unchalik ko‘p bo‘lmovdi. Eru xotin topganlarini bolalariga yedirishib, ijarada yashashardi. Bir kuni ertalab eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi.
— Tong otmasidan kim bo‘ldi? — deya ajablanib eshikni ochgan Shuhrat ostonadagi ayol va qizni taniyolmadi.
— Biz qishloqdan keldik, Sirojiddin amakingizni oilasimiz, — dedi ayol bemahalda bezovta qilganidan xijolat tortib.
Shuhrat mehmonlarni ichkariga kiritdi. Dasturxonga choy qo‘yildi.
— Akasi, bilasiz, amakingiz o‘tganidan keyin shu qizni deb umrim o‘tdi. Otasi o‘lganida ikki oylik chaqaloq edi, shukr, katta bo‘ldi. Bu qiz endi shaharda o‘qiyman deb turib olgan. Shunga oldingizga olib kelaverdim... — dedi ayol javdirab.
Oydin biroz norozilangan bo‘lsa-da, Shuhrat Yodgoraning qolishiga qarshilik qilmadi. Onasi qishloqqa qaytib ketganidan bir hafta o‘tib, Yodgora institutga kirish imtihonlarini topshirdi. Shuhrat qarindoshining bevasini xafa qilmaslik uchun qizini olib qolgan, uning o‘qishga kirish-kirmasligiga sira qiziqmasdi. Imtihondan Yodgora a’lo baholarda o‘tib, institutga kirdi. 
— Men o‘qituvchilarga aytib qo‘yuvdim, jiyanimligingni. Shunga yaxshi baholar qo‘yib berishgan, — dedi Shuhrat Yodgoraning kirganidan esankirab.
Qiz qarindoshiga minnatdorchilik bildirdi. Ertasiga qishloqdan uning onasi keldi.
— Akasi, eshitdim, yaxshilik qipsiz. Sizni yordamingiz bilan qizim o‘qishga kirdi. 
— Endi o‘qituvchilardan iltimos qildik-da... — deya taysalladi Shuhrat.
— Qizimni o‘qishga kiritaman deb bitta sigirni asrab yuruvdim. Tunov kuni telefondan o‘qishga kirganini eshitib, o‘shani sotdim. Mana puli, oling. Kam-ko‘sti bo‘lsa, o‘sha o‘qituvchilarga ayting, keyinroq to‘g‘rilab beraman, maylimi, akasi?!
Ayol qo‘lidagi qog‘ozga o‘rog‘liq pul bilan Shuhratga shunday javdirab tikildiki, u qanday qilib uni olganini va “mayli, yaxshilik qilsam, jiyanimga qildim-da” deb to‘ng‘illaganini bilmay qoldi. 
Yodgora bilan onasi o‘sha kuni qishloqqa qaytishdi. O‘qish boshlanib, institutga qaytgan Yodgora onasi berganini aytib, Shuhratga yana bir o‘ram pul tutqazdi. 
— Onam bu pulni tog‘amdan qarz olibdi, dalasida ishlab uzadi. Kam bo‘lsa, akang aytsin, yana berib yuboraman dedi.
Yodgoraning gapini eshitib, Shuhratning yuragini bir nur yoritib yuborgandek bo‘ldi. Shu kunlarda pulga ehtiyoji bo‘lgani uchun uni tezda oldi-yu, qizdan uzoqlashdi. 
Yodgoraning onasi yilda ikki marotaba qizini ko‘rish uchun shaharga borar, har tashrifida sumkadagi yeguliklardan Shuhratning uyiga ham tashlab qaytardi. Avvaliga qarindoshining bu iltifotlaridan xijolat tortgan Shuhrat keyinchalik ko‘nikdi. Biroq hech qachon Yodgorani o‘z bilimi bilan o‘qishga kirganini aytolmadi. Bugun qarindoshining bevasini ko‘rganida o‘sha alamli o‘y yuragini qiymalab yuborgudek bo‘ldi. 
Kechqurungi mehmondorchilikka Shuhrat borishni istamadi, Oydin bilan kelini ketishdi. Borgudek bo‘lsa, Yodgoraning yuziga qarashni, yetim bo‘lishiga qaramay, unga qilgan nohaqligini o‘ylab, ich-etini g‘ujg‘on o‘ylar kemirardi. Shuhrat televizorga tikilib, xayolga beriluvdi hamki darvoza taqqilab, erkak kishining ovozi eshitildi.
— Kelavering,  — deya ovoz berdi Shuhrat va o‘rnidan turib, darvozaga yaqinlashdi.
— Shuhrat aka, yaxshimisiz? — deya quchoqlashib so‘rashdi erkak.
Shuhrat qorong‘ida erkakning kimligini taniyolmadi. Oldinma keyin ichkariga kirishgach, uning biroz to‘lishgan yuzi, ko‘zlari kimnidir eslatib yubordi.
— Aka, men Odilman, qo‘shningiz. Boya yangamlarni ko‘ruvdim, mehmondorchilikka ketishayotgan ekan. Sizni yolg‘iz qoldirishganini eshitib, zerikib qolmang deb chiqaverdim.
— Yaxshi qilibsiz-da, — dedi Shuhrat oldidagi choydan mehmonga uzatib.
Choy ichib, gaplashib o‘tirishdi. 
— Qishloqqa kelmaganingizgayam ancha yil bo‘lib ketdi-yov. O‘sha yili meni uyim yonib ketganida keluvdingiz chog‘i, — dedi erkak choydan ho‘plab.
Shuhratning yuragi shuvillab ketdi. Qarshisidagi erkakni tanigan bo‘lsayam, u bilan bog‘liq nimanidir eslayolmay turgandi. Hozir uning gapidan o‘zini yo‘qotib qo‘yayozdi.
— Esimga tushdi, sizni uyingiz... — deya tutildi Shuhrat.
— Ha, o‘sha yili uyim yonib ketuvdi.  Bu yoqda falokat bosib, oyog‘im singandi. To‘rt bolam, xotinim bilan uysiz ko‘chada qoluvdik. Xotinimga ota-onangnikiga ket, bolalarni sarson qilma desam, “shu ahvolingizda tashlab ketamanmi” deb unamaydi. Sizni qishloqqa kelganingizni eshitib, sevinib ketganman. Shaharda yashaydi, puli ko‘p, yordam beradi deb o‘ylagan bo‘lsam kerak-da. Esingizda bo‘lsa, o‘g‘lim orqali hovlimga chaqirtirib, yordam so‘raganman. Aksiga olib, sizdayam o‘shanda pul yo‘q ekan. Yoz, kuzda hovlidagi so‘rida yashaganmiz. Xayriyat, qishloqdoshlar, qirindosh-urug‘ bor, qishga yetmay, bir xona bo‘lsayam, uy ko‘tarib berishdi. Bahorda oyog‘im sog‘ayib ketdi, loydan g‘isht qo‘yib, to‘rt xonali uy soldim. E, dunyo qiziq ekan, birda unday, birda bunday yashab umring o‘tib ketaverarkan...
Shuhrat erkakning gaplariga javob qaytarmadi. Faqat bosh irg‘ab, ma’qullab qo‘ya qoldi. Biroz o‘tib, Oydin bilan ovsini kirib kelishdi. Qo‘shni ketishga chog‘lanib, ertaga ularni uyiga mehmon qilishini aytdi.
— Mayli, — dedi Shuhrat ichidan zil ketib.
O‘rniga yotgan Shuhratning allamahalgacha ko‘ziga uyqu kelmadi. O‘shanda og‘ir ahvolda qolgan qishloqdoshiga pul yo‘q deb, ikki haftadan keyin ikki xonali uyini sotib, to‘rt xonali olgani esiga tushib, yuragini siqardi. Shu ikki kun mobaynida qishloqda u butun umrini ko‘rgandek bo‘ldi. Bo‘ynidagi qarzlari, qilgan olchoqliklari, nomardliklari... Shularni o‘ylarkan, Shuhrat dard uni yengib, umri poyoniga yetayotgan bir paytda endi xatolarini to‘g‘rilashni, qishloqdoshlarining yuziga pok vijdon bilan tik qarashni istardi.
Tong otishi bilan Shuhrat shaharga qaytishini aytib, yo‘lga otlandi. Oydin ham eridagi bu o‘zgarishdan hayron bo‘lib, unga ergashdi. Aka-opalari Shuhratning ketganini payqamay qolishdi.
— Nega buncha tiqilinch qildingiz? Qishloqda biron-yarim oy qolasizmi deb o‘ylovdim, — dedi Oydin yo‘lda ketisharkan.
— Ertagayoq do‘xtirning oldiga borishimiz kerak, —dedi Shuhrat mashina oynasidan atrofga qarab.
Oydin eriga xavotir bilan tikildi. Uning to‘satdan do‘xtirning oldiga borishini aytishi, sog‘ligining yomonlashganini bildirgandek ayolning yuragi uvishib ketdi. Xotining xavotirli savollariga Shuhrat javob bermay, ko‘zlarini yumdi. U bugun inson umrining mazmuni nima ekanligini anglagandek bo‘ldi.
Oydin tuni bilan uxlamay, eriga ko‘z-quloq bo‘ldi. Shuhrat o‘zini xotirjam tutayotgan, sog‘ligidan ishkoyat qilmayotgan bo‘lsa-da, uning kechagi gaplaridan tashvishlanib, uxlashga yuragi bo‘lmadi.     
Ertalab shifokor xonasiga kirgan Shuhrat uni so‘roqqa tuta ketdi:
— Do‘xtir, to‘g‘risini ayting, men yana qancha yashayman? Hech bo‘lmasa, bir yil yashashim mumkinmi? Aytgan dorilaringizni ichaman, barchasiga amal qilaman. Faqat yana yashashim kerak. Hali qiladigan ishlarim bor ekan... — deya javdiradi Shuhrat.
Shifokor ham, Oydin ham uning gaplarini eshitib, bir-birlariga ma’noli qarab olishdi. Shuhrat esa qishloqdoshlari oldidagi qarzlarini uzish, yana ko‘plab odamlarga yaxshilik qilish uchun yashashi kerakligini o‘ylab, do‘xtirga termilardi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.