OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ilhom Zoyir. Anketa (hajviya)

Hotam Xurramov yaxshi xodim bo‘lgani bilan sal to‘qimtabiat odam. Aytishlariga qaraganda, shu yerda ishlayotganlariga qirq yildan oshibdi. 
Kecha Hurramovni Egam Rabiyevich chaqiribdilar. «Siz shu sohaning pirlaridansiz — suyagingiz shu yerda qotgan. Xo‘p desayiz, sizni mukofotga tavsiya etmoqchimiz. Bir-ikkita joy bilan gaplashdim, ular ham sizni ma’qullashdi, — debdi Egam Rabiyevich uch qavatli baqbaqasini qashib. — Hozir shundoq chiqing-da, adlkadr Hamroxonga uchrashing, u sizga anketa to‘ldiradi... Yana bir gap — paka buni birov bilmasin...» 
Hotam Xurramov shoshib qolibdi.
— Mani hurmat qilibsiz, sizni Xudo hurmat qilsin. «Paka» deyapsiz, keyin og‘izga tushsa sizga gap tegib yurmasin. Yaxshisi, mestkom raisi Qodirqulni...
— Qodirqul! Qodirqulingizni qo‘ying, yaqinda Chimyonda o‘ynab keldi. U hali yosh, mukofot olishga ulguradi. Gal hozircha sizniki!
— Bug‘oltirimiz Umriyaxon-chi? Sakkizta bolasi bor,ishga mendan bir yil oldin kegan...
— Qanaqasiz o‘zi, Hotam aka! Birov beraman desa, noz qilasiz-a! Nima, mas’uliyatidan qo‘rqayapsizmi yo?..
Xullas, Egam Rabiyevich Xurramovning ko‘nglini tog‘ qilib, kadrlar bo‘limiga chiqarib yuboribdi. U lapanglagancha Hamroxonning oldiga borsa, Hamroxon tog‘day ko‘ngilni «talqon» qilibdi-qo‘yibdi. O‘rtalaridan nima gap o‘tgan, hech kim bilmaydi. 
Hamroxon jig‘ibiyron — xonama-xona kirib, nuqul: «Men ortiqcha savol berganim yo‘q. Anketada borini so‘radim, xolos. Otam tengi odamning gapiga qaranglar — men ersirab qolgan emishman!» deya javrayotganmish. Hamma hayron: Hotam Xurramov Hamroxonga nega bunday degan?..
Bu jumboq Egam Rabiyevichning «sir»ini fosh qildi. Ya’ni Xurramovning mukofotga tavsiya etilayotganini ko‘pchilik bildi. Tabiiyki, gap Egam Rabiyevichning ham qulog‘iga borib yetdi va tushdan keyin Xurramov bilan Hamroxonni xonasiga chaqiribdi.
— Men sizga nima degan edim? — Boshliq birinchi bo‘lib Xurramovni zug‘umga olgan. — Paka hech kim bilmasin, degandim-ku? — Xurramov boshini qimirlatib qo‘yibdi. — Boshqalar nima deb o‘ylaydi endi! Boshliq bizlardan gap yashirarkan, deyishmaydimi? — So‘ng Hamroxonni o‘rnidan turg‘izibdi. — Ha, singlim, sizga nima dard tegdi? Og‘zingizga mahkam edingiz-ku!
— Men haliyam og‘zimga mahkam, — debdi Hamroxon to‘lib turgan o‘pkasini bo‘shatib. — Kap-katta odam menga tuhmat qilib o‘tiribdilar. 
— Qanaqa tuhmat? 
— Men... haligi... ersiragan emishman.
— Nima, nima! — Egam Rabiyevich o‘rnidan sakrab turibdi. — Kim o‘ylab topdi buni? Qaysi bir xotinbozdan chiqdi bu gap? 
— Mana bu kishidan, — Hamroxon boshi bilan Hotam Xurramovni ko‘rsatibdi. 
— Bu nima gap! — Egam Rabiyevich boshini changallabdi. — Men sizni madaniyatli, xotin-qizlarni hurmat qiladigan olijanob kishi deb yursam, hali bunaqa salbiy xususiyatlaringiz ham bormidi? Singlimizni nega bunaqa deb haqorat qildingiz? Ersiraganini qayoqdan bilasiz? 
— Gap birinchi undan chiqdi, — debdi hali birorta ham savolga javob bermagan Xurramov Hamroxonni ko‘rsatib. — Menga «erkakmisiz?» dedi. Hamiyatimga tegdi-da! «Erkak, erkak emasligimni ko‘rmayapsanmi! Ersirab qolgan, banda!» dedim jahl ustida. Sizgayam birov lo‘p etib shunday desin qani, nima deyarkansiz!
Hotam Xurramovning bu gapi «meni o‘rnimga o‘zingni qo‘yib ko‘r-chi», degan ma’no beradi-da. Shu bois Egam Rabiyevich noqulay ahvolda qolibdi. 
— Shu rostmi? Shu gap sizning og‘zingizdan chiqdimi, Hamroxon?.. 
— Rost, — debdi Hamroxon yer chizib. — Lekin, men...
— O‘zizdan o‘tkanakan-da, singlim, — Egam Rabiyevich tik turgani esiga tushib, qayta o‘tiribdi. — Erkak kishiga unaqa demaydilar, singlim. Tem bole, ayol to‘yes, hali qiz bolasiz... Har qanday erkak yomon xayolga borishi mumkin-da... Siz bo‘sayiz, Hotam akani benovat qilib o‘tiribsiz...
Hamroxonning xo‘rligi kelib tursa-da, ko‘zyoshiga zo‘r berishdan foyda yo‘qligini anglab yetibdi.
— Egam aka, men bu gapni ichimdan chiqarib aytmadim, — debdi Hamroxon dadil-dadil. — Anketada shunaqa savol bor. Shunga asoslanib...
Egam Rabiyevichning yuziga bilinar-bilinmas kulgi yoyilibdi. U ustki labini bir-ikki bor so‘rib, debdi:
— Anketada shunaqa savol bor ekanmi?
— Bor! — debdi Hamroxon yutinib. — «Jinsi: erkak, ayol», degan joy bor-da, Egam aka. Men ichimdan to‘qiganim yo‘q-ku! 
— Gap buyoqda deng, — debdi Egam Rabiyevich kulib yubormaslik uchun og‘zining ikki chetini bosh va ko‘rsatkich barmog‘i bilan tutib. — Savolni boshqacha qo‘ymabsiz-da, sizam. Kimsiz, desa... E, bunisiyam xunuk eshitilarkan. O‘zi erkaklardan kimligini so‘rash shartmikan! Erkak — erkak-da! Shu joyini o‘zingiz to‘ldirib qo‘ymabsiz-da, Hamroxon. Hotam akaning erkakligini bilasiz-ku, yuz-ko‘zi aytib turibdi. 
Egam Rabiyevich ikkalasini murosaga keltirib chiqarib yuboribdi.
Aytgancha, mojaroga sabab bo‘lgan «Anketa» to‘ldirilib tegishli joyga yuborilgan. Hozircha natijasi noma’lum bo‘lsa-da, lekin bir gap ma’lum: mukofotni olgan kuni «erkakchasiga yuvamiz» deyaptilar Hotam Xurramov.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.