OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ilhom Zoyir. Qog‘oz puli (hajviya)

Ko‘pincha mendan nega kulgili hikoyalar bitmay qo‘yganim haqida so‘rashadi.
Bu qulog‘imga, “hajvchilar yozmasa hech kim kulmay qo‘yadi”, degandek eshitiladi. Go‘yo bizning kuldirishdan boshqa ishimiz yo‘qday.
Shaxsan men, biror kulgili hikoya yozadigan bo‘lsam, avval shu hikoyaga asos bo‘ladigan voqeani tanishlarimga so‘zlab beraman. So‘zlab turib ularning aft-angorlarini kuzataman. Hikoyam ularga ta’sir qilsa yoki kuldirsa, ana undan keyin uni qog‘ozga tushiraman. Shunday qilsam, behudaga qog‘oz isrof bo‘lmaydi. Bu mening yozish uslubim.
Saratonning sariq kunlari, ya’ni yozning chillasi edi. Vaqt yarim kechadan oqqan bir pallada uyg‘onib ketdim. Qaltirayapman, tishim tishimga tegmaydi.
“Qiziq, – deyman ajablanib, – yozning chillasida ham odam sovqotadimi?”
Soatga qarasam, kechki uchdan qirq besh minut o‘tgan. Ha-ha, o‘n besh minut kam to‘rt: na u yoqlik, na bu yoqlik. Demoqchimanki, na kechasi, na kunduzi. Bu paytda “Tez yordam”ga qo‘ng‘iroq qilishga iymanasan. O‘zingning ahvoling bu bo‘lsa, boz ustiga boshqalarning shirin uyqusini buzish noqulay-da. To‘g‘ri, bu ularning vazifasi, buning uchun ikki hissa maosh olishadi, buni tushunaman. Lekin baribir noqulay-da, odamni shirin uyqusidan uyg‘otsang, baribir ichida so‘kinadi. Qaltirab turganingda begona odamning so‘kinishi xush yoqadimi? Albatta, yo‘q!
Xo‘sh, unda nima qilish kerak? 
Ko‘rpaga o‘ranib yotish kerak!
Shunday ham qildim. Qaltiroq bosib, jiqqa terga botdim. Shunda alahsiradimmi yoki tush ko‘rdimmi, miyamga og‘riq kirib, qo‘l-oyoq mushaklarim zirqiray boshladi. Amallab tong orttirdim. Keyin soat sakkiz bo‘lishini kutdim. Chunki poliklinikada soat sakkizda ish boshlanadi.
Roppa-rosa soat sakkizda poliklinikaga bordim. To‘qqizinchi o‘ringa yozishdi. Na iloj, kuta boshladim. Navbatda turganlarning bari o‘zimga o‘xshagan beparvolik oqibatida yo shamollagan, yo biror joyi lat yegan. Imkon va imtiyozlarimiz teng, ya’ni hech kim navbatni buzolmaydi. Tanish-bilishchilikni-ku qo‘yavering, it egasini tanimaydi. Pul qistirishni xayolingizga keltirmang. Zo‘rlab bersangiz ham olishmaydi. Navbatda turganlarning gapini eshitib, hayron qoldim. Kimdir oldingi zamonni o‘ylab, do‘xtirga pora bermoqchi bo‘lgan ekan, boyoqishni “qaysi zamonda yashayapsan, uyat emasmi”, deb ko‘pchilikning o‘rtasida izza qilishibdi.
Buni eshitib xursand bo‘ldim. 
Ko‘z tegmasin, kishilarimizning qarashlari yaxshi tomonga o‘zgargan, pora degan so‘zni bilishmaydi, hatto uni qanday olishni ham esdan chiqarib yuborishgan. Uring, o‘ldiring, pora nima ekanligini eslay olishmaydi.
Shular haqida o‘ylab, vaqt o‘tganini bilmabman. To‘g‘ri-da, buning uchun ertadan kechgacha navbatda tursang alam qilmaydi, ketgan vaqtingga ham achinmaysan.
Shunday qilib, to‘qqizinchi bo‘lib navbatda turibman. Har eshik ochilib-yopilganda ichkaridan do‘xtirning yoqimli ovozi eshitiladi. Qabulga kirib-chiqqanlar avvallari oh-voh, dod-voy qilishardi, endi mamnun bo‘lib chiqishmoqda.
Navbatda mendan oldin turgan bemor ichkariga kirib, xayolimda uzoq qolib ketganday tuyuldi va sabrim chidamay, ichkariga mo‘ralagan edim, do‘xtir “kiravering” deganday im qoqdi.
Men ichkariga kirdim. Chiqib ketishi kerak bo‘lgan bemor, ya’ni mendan oldin kirgan kishining esiga bir nima tushgandek bo‘ldi va u cho‘ntagidan pul chiqarib, do‘xtirga cho‘zdi.
– Sizdan pora so‘ramadim, – deya tishlarini g‘ijirlatdi do‘xtir. – Qog‘ozning pulini tashlab ketsangiz bo‘ldi.
Bemor mening oldimda xijolat bo‘lib:
– Qog‘ozning bahosini aytsangiz, – dedi.
Do‘xtir “palon pul” dedi, bemor qizarib-bo‘zarib aytilgan summani stol ustiga qo‘ydi-da, apil-tapil xonadan chiqib ketdi.
Do‘xtir pulni cho‘ntagiga urarkan:
– Odamlarga ham hayronsan, oddiy yozuv qog‘ozining narxini bilishmaydi, – dedi-yu, so‘ng menga yuzlandi. – Xo‘sh, sizni nima bezovta qilyapti?
Nazarimda, cho‘ntagimda qog‘ozga yetadigan pul yo‘qdek tuyuldimi: “Qog‘ozning narxi bezovta qilyapti”, deb yuboribman...
Yo‘q, o‘lar joyda emasdim, har qalay, qog‘ozning pulini to‘lab chiqdim.
Aziz o‘quvchi! Sizga bu voqeani shunchaki gapirib berdim, hali qog‘ozga tushirganimcha yo‘q. Ayting-chi, qog‘oz mammosi dolzarb bo‘lib turgan bir paytda, ushbu voqeani qog‘ozga tushirish shartmi? Shart bo‘lmasa, mendan kulgili hikoya yozishni talab qilmang.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.