OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ilhom Zoyir. Xabarnoma (hajviya)

Ishdan qaytayotib pochta qutisidagi allaqanday qog‘ozga ko‘zim tushdi. Olib qarasam — «Xabarnoma». Unda katta summa olishim bildirilgan edi. Suyunib ketdim. Negaki keyingi vaqtlarda qarzga botib, siqilib yurgan edim. To‘rtinchi qavatga qanday ko‘tarilganimni bilmayman. Eshikni ochgan xotinimga nuqul tirjayaman. 
— Namuncha, og‘zingiz qulog‘ingizda? — dedi xotinim taajjub bilan. 
— «Xabarnoma» kelibdi. Qara, qancha olarkanman! — dedim qog‘ozni qo‘liga tutqazib. 
Xotinim qog‘ozdagi summani ko‘rib, yal-yal yonib ketdi. 
— Qayerdan kelibdi?
— Ertaga pochtaga chiqqanda bilamiz-da!.. 
Kayfiyatim a’lo. Kechki ovqatni ham ishtaha bilan yedim. Xotin-ku, o‘zini qo‘yarga joy topolmaydi. 
— Bu puldan menga «lama» palto olib berasiz! — dedi pinjimga suqilib. — Arzonroq tilla zanjir ham. Qo‘shnilarning hammasida bor, bitta menda yo‘q. 
— Shoshma, bitta-bitta-da! — dedim o‘zimcha nimalarnidir cho‘tlab. — Birinchi navbatda issiq suv, sovuq suv, gaz haqini to‘lash kerak. Keyin o‘zimga bitta kostyum-shim olay. Besh yildan buyon bitta kostyum-shimdaman. Uyat emasmi? 
— Xasislik qilmang, pul hammasiga yetadi. Kommunal to‘lovlarni keyinga sursak hech nima qilmaydi. Ikki-uch yilligini to‘lamaganlar ham bor-ku. 
— Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin! — dedim qovog‘imni uyub. — Pulni ko‘rsang, darrov yo‘qotmasang ko‘ngling joyiga tushmaydi. «Pulni xotiningga berding nima, o‘tga tashlading nima?» deganlari rost-da. 
Bundan xotin biroz pastga tushdi. «Mayli, tilla zanjir bo‘lmasayam, palto olib berarsiz!.. Qachongacha yupqa plashda yuraman?»
— Men rozi, — dedim iyib. — Ertaga pulni olaylik, yakshanbada «Ippodrom»ga boramiz... 
Xotin meni quchoqlab oldi. 
— Bo‘ldi, — dedim saxiyligim tutib, — palto, tilla zanjir, yana bir-ikkita yangi ko‘ylaklardan ham olib beraman, keyin bunaqa pul qo‘limizga tushadimi, yo‘qmi? Borida, kam-ko‘stingni butlab ol! 
— Nimaga tushmasakan! Katta pul kelishi tushimda ayon bo‘lgan edi-ku, — dedi xotin yaqinda ko‘rgan tushini yana bir bor eslatib. — Undan keyin har gal choyning ko‘pigini boshingizga surttirganim foyda berdi. Men bir nima bilamanki, gapiraman. Siz esa «irim»laringni qo‘y» deb, qaysarlik qilardingiz. Ana, foydasi bo‘larkanmi? 
— Ha, endi, — dedim talmovsirab, — yuzdan biri to‘g‘ri kelib qoladi-da... 
Ertalab dabdaba bilan eru xotin pochtaga chiqdik. Navbatimiz kelganda, kassir ayol bir pasportimga, bir «xabarnoma»ga qaradi. 
— Kechirasiz, — dedi u pasportimni qaytarib berarkan, — bu qo‘shningizga tegishli qog‘oz-ku, adashib sizning pochta qutingizga tushib qolgan ko‘rinadi. Malol kelmasa, qo‘shningizga berib qo‘ysangiz. 
Shunday jahlim chiqdiki, lotereyasiga bir nomer yetmagan kishiday ingrab yubordim. 
— Men pochtachi emasman! — dedim baqirib. 
Xotinning-ku, ahvoliga maymunlar yig‘ladi. Ikkalamiz jimgina uyga qaytib keldik. Hafsalamiz pir bo‘lib turganda, telefon jiringladi. Go‘shakni olsam, qaynonam. Xotin ko‘zimni shamg‘alat qilib, kechqurun onasiga «xushxabar»ni yetkazgan ekan, go‘shakni qiziga tutqazdim.
Oradan bir hafta o‘tdi. Birinchi aprel kuni ishdan qaytayotsam, qo‘shnimiznikida janjal. Nima gap ekan, deb qarasam, er-xotin urishishyapti. 
— To‘layapman deb. Aldab yurgan ekansan-da! — dedi er xotinining tumshug‘iga bir parcha qog‘ozni tirab. — Bir yillik kvartira haqi to‘lanmagan! Qani men bergan pullar?
Xotini bechora tirishib o‘zini oqlaydi. 
— To‘laganman! Hech qayerdan qarzimiz yo‘q! Birov «Birinchi aprel» qilib hazillashgan chiqar!.. 
— Qo‘yinglar, urishmanglar, eshitgan quloqqa yaxshimas, — dedim va qo‘shnining qo‘lidan qog‘ozni olib tirjaydim. — Afandilar! Qog‘ozdagi familiyaga qarabsizlar-u, uy nomeriga e’tibor bermabsizlar-da...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.