OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ilhom Zoyir. Xo‘rak (hajviya)

Molingni yo‘qotsang — xo‘p-xo‘p, o‘g‘irlatsang alamini hech narsa bosolmaydi. To‘g‘ri, yo‘qotding nimayu o‘g‘irlatding nima, ikki o‘n besh — bir o‘ttiz, deyish ham mumkin. Lekin aslida bu — bir o‘ttizni ikkiga bo‘lishday og‘ir...
Bu gapning mag‘ziga yetaman desangiz, mana, bizning Oychechak yanganing diydiyosini tinglang bas — tushunasiz qo‘yasiz! Bu borada yanga mullomiz shunday suhbat berib qoldiki, yuz-ko‘zi uchun gapirib bo‘lgunicha tilimni tishlab jim turdim, ammo keyin kuchim yetganicha kuldim. Axir, birov dardini aytsa kulib yuborolmaysiz-ku...
Bundan bir oy burun, pista sotib sochim oqargan shu bozorda, mingta qorako‘zning ko‘z o‘ngida bir to‘rva pistamni o‘g‘irlatdim. Quyliq bozoridan ko‘tarib kelganman-a! Maydalab sotsam, bir haftalik ro‘zg‘or bo‘lardi. Endi ayting, bu ko‘rgulikka chidash mumkinmi? Yo‘qotsam, aslo kuyinmasdim, “sadqai-sar”, deb ketaverardim, alam ham qilmasdi.
Hamma dardning davosi vaqt ekan. Men ham vaqtdan malham izladim, lekin tuzalish o‘rniga, dardim besh battar og‘irlashdi. O‘g‘rilarga nisbatan nafratim kuchayib, ulardan qasos olish istagi paydo bo‘ldi menda. Qanday qasos olsam, yurakdagi alam o‘ti bosiladi va bu sharmandalikni unutaman?
O‘ylab-o‘ylab, yo‘lini topdim. Yap-yangigina bozor xaltamga ataylab qiyqim-siyqim, qog‘ozu uvada latta-puttalarni solib bozorga bordim. Pistachilar rastasiga kirib, xaltani ko‘pning e’tiborini tortadigan joyga qo‘yib qo‘ydim-da, o‘zim har doimgiday “kep qoling”lab o‘tiraverdim pinak buzmay, pistamni sotib. Goh-goh xalta turgan tomonga ko‘z qirimni tashlayman. Xalta yangi emasmi, qurg‘ur, turibdi kaklikning makiyoniday bo‘lib. Maqsadni bilasiz, xaltaga yaqinlashgan o‘g‘rini qo‘lga tushirish. Ammo surunkasiga bir hafta shu hiylani ishlatsam-u, birorta o‘g‘rini tutolmasam, deng.
Nahotki, maqsadimni sezishgan bo‘lishsa? Ishonmayman. Bu haqda hech kimga og‘iz ochmaganman. Hayronman, “chaynab” berilganini yeyishmasa-ya! Demak, vijdoni uyg‘onib, tekin narsadan hazar qiladigan bo‘lishibdi-da bu o‘g‘ri qurg‘urlar. Yoki mening o‘sha molimni olgach, hojatini chiqarib, o‘zini o‘nglab olgan bo‘lsa, kasbini o‘zgartirgandir. Yo‘q, bo‘lishi mumkin emas. Tarki odat amri mahol, deyishgan mashoyixlar. Qolaversa, odam bolasi yomon narsani yuqtirishga moyilroq keladi. Ehtimol, qulay vaziyatni poylayotgandir? O‘g‘rining bir poylagani — egasining ming poylagani. Hushyorlikni qo‘ldan qo‘ymasligim kerak.
Shu niyat bilan kunni kech qilib, uyga qaytdim. Ahvolimni ko‘rgan o‘g‘lim:
— Qo‘ysangiz-chi, oyi, dedi, — hozirgilar mayda-chuydani pisand qilishmaydi, katta-katta yeb o‘rgangan. Sizning mayda falsafangiz eskirdi, nahotki buni tan olgingiz yo‘q? Yangilik eskilikni siqib chiqaradi. Buni tushunmog‘ingiz kerak! Har qaysi sohada bo‘lganidek, o‘g‘rilikda ham qarashlar, g‘oyalar o‘zgardi.
O‘g‘limni tinglab, bu tirmizak bunday gaplarni qayoqdan bila qoldi, deya o‘ylanib qoldim. E, yo‘q, bunga e’tibor bermaslik kerak, maqsaddan chalg‘iydi kishi.
Men o‘z maqsadim sari intilaverdim. Axir, mol achchig‘i jon achchig‘i, degan gap bor.
Shunday kunlarning birida endi qizim tanbeh berdi desangiz:
— Oyijon, nimaga erishdingiz? Vaqtingizga achinmaysizmi? O‘g‘rini tutdingiz ham deylik, nima qilasiz, milisaga topshirasizmi?
— Yo‘q, uyaltiraman. Uyat o‘limdan qattiq!
Qizim qah-qah otib kuldi va:
— Uyati bo‘lsa o‘g‘ri bo‘ladimi, oyijon? — dedi.
 Ammo bu gaplar ham menga kor qilmadi? Baribir maqsadimga yetaman. Irodam mustahkam, ko‘p qiyinchiliklarni ko‘rganman, bu bolalar nimani ko‘ribdi?
Yana ishga sho‘ng‘idim. Biroq bir xil, mantiqsiz ish bilan shug‘ullanish zerikarli ekan. Zerikish esa uyquni chaqiradi. Bir kuni poylab turib, ko‘zim ilinibdi deng. Bilmayman, qancha vaqt uxlabman. Ko‘zimni ochsam, mening xaltam turgan bozor burchagini bir necha milisa qurshab olishgan. «O‘g‘ri to‘rga tushibdi-da!» deb jon holatda xaltaga qaradim. Xaltam joyida. Milisalarning boshlig‘i bo‘lsa kerak, chorpahil, ikki beti qip-qizil birovi davrani kengroq olib, xaltaga hech kimni yaqinlashgani qo‘ymayapti. Ajabo, bular ishni buzdi-ku!
— Nima gap, o‘g‘lim? — deya ulardan biriga yaqinlashsam, meni chetga surib:
— Nari turing, bomba! — dedi.
— Qanaqa bomba?
— Yaqinlashmang!
 — Qiziq bo‘ldi-yu, — deya po‘ng‘illadim, — o‘z xaltamga yaqinlashtirmaysanmi?
— Shu xalta sizniki ekanligini tasdiqlovchi guvoh bormi?
— Qanaqa guvoh? Xaltaning ichida nima borligini aytib berishim mumkin!
— Folbinmisiz?
— Xaltani shu yerga atayin qo‘yganman.
— Atayin? Qanday maqsadni ko‘zlagansiz? Qani, gapiring tezroq!
— Hoy, sekinroq, xaltaning egasi ekanligimni sezib qolishmasin.
— Qiziq! Bir meniki, deysiz, bir menikiligini bilmasin, deysiz? — dedi milisa yigit ajablanib. Men esa unga engash degandek imo qildim. U engashib qulog‘ini tutdi.
— Xalta bir oydan beri shu yerda turibdi, — dedim past ovozda. Nozir ham shivirlab:
— Nima uchun? — deb so‘radi.
— Bu xalta emas, o‘g‘riga qo‘yilgan xo‘rak.
— E-ha... Nechtasi ilindi?
— Hozircha yo‘q, lekin albatta ilinishi kerak!
— Unda ovingiz o‘ngidan kelsin!
— Qanaqasiga o‘ngidan keladi endi? Endi hech kim bu xaltaga yaqinlashmaydi, bolam... — dedim. Afsuslanganimdan maqsadimni bilmaganlar ajablanganini yashirishmadi.
Tartib posbonlari kulib-kulib nari ketishdi. Men ham bu ishni yig‘ishtirdim.
Oradan bir necha oy o‘tkazib, bozorda eski tanishimni uchratib qoldim. Uning aytishicha, hozir egasiz xaltalarga hech kim tegmasmish. Sababi, odamlarning nazdida, har bir egasiz xaltani allaqanday bir shum kampir kuzatib turarmish.
Oychechak yanga gapini tugatarkan, xaridor kelib qoldi, tabiiyki, gapi bo‘lindi. Men ham ortimga burildim va u kishining qilgan ishini xayolan tasavvur qilib, kulib o‘z yo‘limga ketdim.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 19-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.