OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isajon Sulton. Atomlar va molekulalar muzeyida (hikoya)

– Bugun sizlar bilan atomlar olamiga sayohat qilamiz, – dedi sochlari oqargan, butun umrini ilmu fan rivojiga bag‘ishlagan keksa Professor talabalarga.
Shu bugun iste’dodli bolalar san’at litseyining boshlang‘ich bosqich talabalari yadro tadqiqotlari markazidagi ilm tarixi muzeyiga kelishgan, oralarida bo‘lg‘usi rassomlar, shoirlar, yozuvchilar bor edi. Kim bilsin, balki kun kelib, mana shu qobiliyat kurtaklari inson ruhiyatining jilvalarini butun olamga tarannum etadigan va tarixda qoladigan mashhur mutafakkirlarga aylanarlar?
– Muzeyimizning siz ko‘rishingizga mo‘ljallangan qismi yettita xonadan iborat, – dedi Professor, ularni keng zaldan baland eshik ro‘parasiga boshlarkan. – Mana bu yerda maxsus ko‘zoynaklar bor, marhamat qilib taqib oling, ular sizga mikroolam sirlarini ko‘rishingizga va inson tafakkurining tarixiga sayohat qilishingizga yordam beradi.
Birinchi xonaning eshigi ochildi.

* * *
Xona keng, o‘rtasi oqish nur bilan xira yoritilgan, biroq devorlari tegradagi qorong‘ilik qa’rida ko‘rinmay ketgan edi. Tepada ham, to‘rt tomonda ham rangli sharlar aylanib turardi.
– Bular – molekulalar, – dedi Professor, tantanavor ohangda. – Qarang, xuddi yer shariga o‘xshaydi. Bu ulkan sharlar aslida molekulaning million marta kattalashtirilgan ko‘rinishidir. Ichiga joylashtirilgan magnit tufayli bir-biri bilan tortishish xususiyatiga ega bo‘lgani bois ham havoda muallaq turishipti.
Iste’dodli bolalar hayrat bilan aylanuvchi ulkan sharlarga boqishdi.
– Chapdagisi – suvning molekulasi, – dedi Professor. – O‘rtadagi ulkan shar – kislorod atomi, ko‘rib turganingizdek, ikki yoniga jipslashib olgan vodorod atomlari undan ikki baravar kichik. Ya’ni, bitta kislorod atomining og‘irligiga ikkita vodorod atomi teng keladi, shu sabab ham ular o‘zaro muvozanatda. Mana shu birlik butun dunyodagi ummon va dengizlardagi, osmon va yerlardagi barcha suvlarning asosidir. Mana shu uchovlon shu tarz birlashmasaydi, yer yuzida suv bo‘lmas edi, bilib olinglar. Mazkur ixtiro bundan ming yil avval yashab o‘tgan Epikur va Genon ismli olimlarga tegishli. Modda tuzilishining asosida nimadir bo‘lishi kerak, degan o‘y ularga sira tinchlik bermagan edi. Ko‘rishning sira iloji bo‘lmagan mana shu bog‘liqlikni, ya’ni atomni ular tafakkur ko‘zi bilan ko‘ra olishgan va aql quvvati bilan kashf etishgan.
– Endi sizlarga boshka bir mo‘‘jizani ko‘rsataman, – dedi Professor. – O‘ngda ko‘rib turganingiz ikkita jips atom – havodir.
Iste’dodli o‘g‘il-qizlar angrayib sharlarga qarab turishardi.
– Butun yer yuzini oltmish kilometrga qadar qalinlikda enlagan, bizlar nafas oladigan, shamollarga aylanib yer yuzida esadigan havo aslida mana shu, – dedi Professor. – Bular ham shu tarzda, ya’ni o‘zaro qo‘l ushlashgan holda mavjuddirlar. Ba’zan chaqmoq chaqnaganida yoki momaqaldiroq gumburlaganida uchta ham bo‘lib olishadi, uni fan ozon deb ataydi. Marhamat! – u sal naridagi uchta birlashgan sharga ishora kildi. – Mana shu ozon gazining modeli bo‘ladi. Endi biroz oldinga yuramiz.
Sal narida esa boshka turdagi va o‘lchamdagi turli sharlar bor edi.
– Bular – dunyodagi mavjud boshqa moddalarning tuzilishini namoyon qilmoqda, - dedi Professor. – Mana bunisi – azot gazining molekulasi, bunisi – karbonat, anavinisi – o‘limtik oqish rangdagisi va eng kattasi – atom bombasi yasaladigan uran moddasining molekulasi. Ko‘rib turganingizdek, u juda og‘ir, bag‘rida olamni buzib, g‘orat qilib tashlaydigan bemisl quvvatni jamlagani uchun ham yaqinlashish xavfli.
– Xuddi sayyoralarga o‘xshaydi-ya, – dedi bir talaba qiz.
– To‘g‘ri, dunyoning tamaliga tomon chuqurlashib boraversangiz, u yerda Koinotning va mitti zarralar olamining bir-biriga juda o‘xshashligini ko‘rasiz, – dedi Professor. – O‘zaro tutashib ketgan o‘nlab va hatto yuzlab atomlardan iborat molekulalar ham bor, fan ularni makromolekula deb ataydi, lekin ular haqda sizga batafsil ma’lumot berishning keragi yo‘q deb o‘ylayman. Xullas, olamdagi hamma narsaning birlamchi tuzilishi mana shunday shaklda bo‘ladi, mana shu atomlarning birlashish tartibiga qarab moddaning xususiyatlari yuzaga keladi, – deb yakun yasadi u izohlariga. – Bundan keyingi xonalarimizda bizlar atomlarning va undan ham kichik zarralarning qa’riga kirib boramiz. Keyingi xonamizga marhamat.

* * *
Bir-biriga tutashgan keyingi ikki xona ham birinchisi kabi, devorlari qorong‘i bo‘lgani uchun ko‘rinmas, o‘rtasi yorug‘ edi. U yerda Quyosh sistemasi kabi modellar bor edi, o‘rtada turgan kichkina bir dona yoki g‘uj-g‘uj sharlar atrofida undan ham kichik turli-tuman sharchalar aylanmoqda edi.
– Endi siz go‘yo molekulaning asosi deb bilganimiz atomning ichiga kirdingiz, – dedi professor. – U atom yadrosidan va uni o‘rab turgan elektron bulutidan iboratdir. Atom yadrosi musbat zaryadlangan protonlardan va neytral neytronlardan, uni o‘rab turgan bulut esa manfiy zaryadlangan elektronlardan iborat. Bu yerda moddaning elektr xususiyatining asosini ko‘ra olasiz. Agar yadrodagi proton soni elektron soniga teng bo‘lsa, u holda atom neytral bo‘ladi. Bizlar bu yerda kutilmaganda atom ichidagi elektromagnit hodisasiga duch keldik, e’tibor berdingizmi? Qarang, qanday mukammal bir tizim. O‘tgan ming yil davomida insoniyat dunyoning tamali atom bilan nihoya topdi deb o‘ylab keldi. Lekin, narsalarning xususiyatlari undan ham narida yana nimalardir borligidan dalolat berib turardi. Nihoyat, Rezerford degan olim atomning ichiga kirib bordi, u atomning markazida proton turishini, tegrasida elektronlar aylanishini – ya’ni, mana shu siz ko‘rib turgan manzarada namoyon bo‘lgan haqiqatni isbotladi.

* * *
– Ha, yanayam nariga, yanayam ichkariga... – deb o‘zicha bir nimalarni xayol qilganicha davom etdi Professor, to‘rtinchi xonaga kirib borisharkan. – Endi bizlar protonning bag‘ridamiz. Atomning markazi deb hisoblangan bu narsa fanda kvark deb ataladigan zarralardan tashkil topgan. Uning atrofida aylanuvchi elektronlar esa bo‘linish xususiyatiga ega emas deb hisoblanadi. Bu kashfiyotlar qatorida Rezerford yana bir ulkan bir kashfiyot qildiki, fan hali uning tamaliga yetib borolgan emas. Gap shundaki, Rezerford elektronning aksi – pozitronni topishga muvaffaq bo‘ldi, ortidan antivodorod va antiazot ham topildi. Bu masalaga keyin to‘xtalamiz, hozir esa protonning yana bir xususiyatiga diqqat qaratsak. Protonning ichiga kirsak, uning ham bo‘linib ketishidan tashqari, turli-tuman boshqa shakllar olayotganini kuzata olamiz. Ularning nomini fan izotoplar deb ataydi. Bitta turga mansub o‘simliklarning yoki bitta oilaga mansub hayvonlarning yuzlab xili bo‘lganiday, bir moddaning ham o‘nlab-yuzlab izotoplari bor. Hoir siz atrofingizda ana shunday izotoplarni ko‘rib turibsiz.
– Xonalar nimagadir keng qilib qurilibdi, shakllar orasida esa juda katta bo‘shliqlar bor, – dedi ko‘zlari katta-katta bir o‘spirin.
– Zarralararo masofani taxminan ifodalash uchun shunday qildik, – deb javob berdi Professor. – Beshinchi xonaga marhamat, do‘stlar.

* * *
– Bilib oling, mana shu yerdan boshlab ko‘radigan hamma narsangiz tabiatda o‘z holicha mavjud bo‘lmaydigan moddalardir, – dedi olim. – Ularni inson majburlash orqali ixtiro qilgan. Yadro bombasining asosiy unsuri bo‘lmin og‘ir suv nimaligini bilasizmi?
– Yo‘q, – deyishdi talabalar.
– Tabiatda suv ikki vodorod va bir kislorod molekulasidan tarkib topganini ilk boshda ko‘rdingiz. Sal avval esa vodorod protonining o‘zgarishlari bois izotoplar deb ataladigan shakllar paydo bo‘lishini ham bilib oldingiz. Og‘ir suv deganimiz vodorodning deyteriy deb ataladigan izotopining ikki molekulasi bilan bitta kisloroddan iborat. Mana shu g‘alati modda ishtirokida insoniyat boshiga keladigan ulkan balo – yadro reaktsiyasi bunyodga keladi. Bu ko‘rayotganingiz oddiy narsa emas, chunki hozir siz oddiygina molekulyar o‘zgarishning naqadar halokatli ekaniga shohid bo‘lib turibsiz. Bu yerni aylansangiz, o‘ta lahshatli va qo‘rqinchli g‘orat qilish kuchiga ega bo‘lgan g‘ayrioddiy moddalarni ko‘rasiz. Deyteriy yer yuzida tabiiy holda juda kam uchraydi, nima sababdandir Shimoliy Qutbga yaqin hududlarda ko‘proq paydo bo‘ladi. Hozir sizlarga moddalarning elektron qobiqlaridagi elektronlar sonining o‘zgarishi nimalarga olib kelishi haqida juda qiziqarli ma’ruza qilsam ham bo‘ladi, lekin sizlarni bundan ham mudhishroq boshqa kashfiyotlar kutmoqda, yuraqolinglar.

* * *
– Bu eng g‘aroyib xona, – dedi olim, oltinchi xona eshigini ochib, ilgarilarkan. – Dunyoda mavjud bo‘lgan barcha zarralarning aksi, ya’ni antizarralar mavjudligi yigirmanchi asrga kelib kashf qilindi. Masalan, protonning aksi – neytrino, fotonning aksi – kvark, ters zarralarning hammasi fan tilida “anti” deb nomlana boshlandi. O‘tgan asrdayoq ba’zi istedodli olimlar antivodorod va antiazot kabi moddalarni hosil qilishga muyassar bo‘ldilar. Bu tadqiqotlar yangi eraning boshlanishidan dalolat berib yuzaga chiqdi. Demak, tabiatda mavjud zarralarning aksi mavjud ekan, u holda qaylardadir fazo qo‘ynida antiolam, antidunyo ham mavjud deb taxmin qilishga asos bor degan taxminlar paydo bo‘ldi. Chunki, men sizga hozirgina xabarini bergan antizarralar antidunyodagina mavjud bo‘la oladi. Ulardan birontasi bizning dunyomizda yashay olmaydi. Bu esa, dunyomizdan tashqarida, dunyomizga xos bo‘lmagan yana qandaydir qonuniyatlar borligidan xabar bermoqda. Bugungi kunda yer yuzining yuzlab olimlari ana shu antidunyo alomatlarini izlab topish va o‘rganish bilan bandlar.
Antiolam moddalarining yana bir xususiyati bor, u fan tilida annigilyatsiya deb ataladi. Zarra va antizarra bir-birini muhaqqaq topadi va misli ko‘rilmagan tezlikda bir-biriga intiladi. Ana o‘shanda ikkalovi ham tamomila yo‘q bo‘lib, g‘oyatda ulkan energiyaga aylanib ketadi. Ilmiy tajribalarda olingan hamma antizarralar haddan tashqari qisqa yashagan, sizlar u qisqalikni tasavvur ham qila olmaysiz. Masalan, neytrino soniyaning o‘n milliondan bir ulushicha hayot kechirgan va boshqa shaklga aylanib ketgan.
Tasavvur qilyapsizmi, kimdir antimodda olishga va uni saqlab turishga muvaffaq bo‘lsa yoki fazoning qay bir hududlarida mavjud deya taxmin qilinayotgan antidunyo bir kun kelib dunyomiz bilan uchrashsa?

* * *
Yettinchi xona bo‘m-bo‘sh edi. Kirganlar hayron bo‘lib qolishdi.
– Hayron bo‘lmanglar, – dedi Professor, kulimsirab. – Siz fan hududlarining oxiriga yetib keldingiz. Bundan u yog‘i taxminlar va xayollar, ya’ni tafakkur olamidir. Shu yergacha kelganingiz bilan olamlar tugamasligi aniq, albatta. Marhamat qilib o‘tiringlar, endi sizlarga aytadigan ikki og‘iz muhim gapim bor.
Hammalari yumshoq kursilarga o‘tirishdi.
– Bolalarim, – dedi professor. – Mabodo shu ko‘rganlaringizdan birontasida qusur bo‘lsa, dunyoda mavjud bo‘la olarmidi?
– Yo‘q, – deyishdi iste’dodli bolalar, baravariga, ishonch bilan.
– Suv molekulasidagi ikki vodorod atomidan bittasi o‘z ishini bajarmay qo‘ysa, dunyoda suv bo‘larmidi?
– Yo‘q.
– Havo molekulasidan bittasi jipslashishni xohlamasa-chi?
– Yo‘q!
– Atom ichidagi sakkiz elektrondan biri qoidani buzsayu tashqariga o‘z holicha chiqib ketsa? Proton “menga nima” deb markazdan qochsa-chi?
– Yo‘q!
– Bolalarim, – dedi Professor, juda jiddiy ohangda. – Kun kelib katta bo‘lganingizda va turli-tuman ishlarning boshiga kelganingizda, hayotingizning xam xuddi mana shu tarzda tartiblanganini ko‘rasiz.
Ishlayotganingizda siz ham ana shu atomlar yoki elektronlar kabi bo‘lasiz. Biringizning nuqsonli ishingiz yoki dangasaligingiz siz ichida bo‘lgan tizimni buzadi.
Ishoningki, agar atomlar va molekulalar olamiga emas, inson vujudiga sayohat qilganimizda ham aynan shu holatni ko‘rgan bo‘lardingiz. Inson a’zolaridan birontasi ishlamasa, u inson yo betoblanadi, yoki halok bo‘ladi.
Vujudga yana ham chuqurroq kirsagu inson vujudining tamaliga – genlariga yetib borsak ham yana shu qonuniyatlarga duch kelamiz. Genlardan bittasining buzilishi inson irsiyatiga ta’sir qiladi, undan tarqaydigan barcha bolalar irsiy buzuqlik bilan tug‘iladi.
Sizning fikr olamingizga kirib borsak ham shu manzara namoyon. Fikrlar axlokdan va bilimdan hosil bo‘ladi. Axloqingizdagi va bilimingizdagi birgina nuqson butun dunyoqarashingizni va tasavvuringizni buzib yuboradi.
Bolalarim, dunyo ana shunday timsollar bilan to‘la. Har narsada qat’iy tartib va qoida bo‘lgani uchun ham butun olam barqaror muvozanatdadir.
Xudo xohlasa, har biringiz tevaragingizdagi ana shu timsollarni to‘laligicha ko‘rib, hikmatini anglab yeta oladigan bo‘lib yetishishingizdan umidvorman...

* * *
– Asosiy gapga endi yetib kelamiz, – dedi olim, ko‘zoynagini to‘g‘rilab, tashqariga chiqishgach. – Ayting-chi, siz ichkarida nimani ko‘rdingiz?
– Dunyoning asosini, – dedi ozg‘in, baland bo‘yli yigitcha.
– To‘g‘ri, dunyoni mahkam tutib turgan kuch-qudratning timsollarini ko‘rdingiz, – dedi olim. – Lekin ko‘rganlaringizning bari aqlga oiddir. Siz esa hislar va tuyg‘ular dunyosiga mansubsiz. Insonning his va tuyg‘ularini tarannum etishga maqsadlisiz. Ko‘rgan xonalarimizda inson his-tuyg‘ularini aks ettiradigan biron narsa yo‘q. Odamzot ilmu fan yo‘lidan shu tarz ilgarilab bormoqda. Aytingchi, ko‘rganlaringizdan nima tasavvurlar hosil bo‘ldi?
– Men qo‘rqdim, ustoz, – dedi bir qizgina. – O‘sha muvozanat birdaniga buzilib ketsa, ularni ushlab turgan kuch birdaniga qo‘yib yuborsa... nima bo‘lar ekan deb qo‘rqdim.
– Yadro halokatidan milliard marta ulkan halokat ro‘y berishi aniq, – dedi olim. – Qarang, barcha kashfiyotlar odamning jismoniy imkonlarini kengaytirish uchun xizmat qilmoqda. Odamzot endi suv yarata oladi, yangi moddalarni kashf etadi, havoda uchadi, suvda suzadi, fazoviy makonlarda harakatlanadi. Bu hududlarni ko‘rib aqlingiz shoshgandir? Lekin sizning fan hech qachon yeta olmaydigan boshqa bir xususiyatingiz bor, men ana shuni o‘zingizga aytib qo‘ymoqchiman, – dedi olim.
– Nima ekan u? – qiziqsinib so‘rashdi talabalar.
– Butun bu ko‘rgan narsalaringiz ruhingizni sira parchalay olmaydi, – dedi olim. – Bir kun kelib butun shu ko‘rgan qonuniyatlaringiz hammasi buzilib ketadi. Zarralarni ushlab turgan qudrat ularni qo‘yib yuboradi. Bari bir-biriga bog‘liqlikdan xalos bo‘ladi. Hamma narsa bo‘shliqqa aylanadi. Bironta qonuniyat qolmaydi. Ana o‘shanda siz fan aniqlay olmagan his qilish va tasavvur qobiliyatingiz bilan boqiy qolasiz. Fan shu damgacha aniqlay olmagan inja ruhingiz barcha hissiyotlaringizni, ko‘rgan barcha narsalaringizni esda tutadi va xulosalar chiqaradi. Siz ko‘zga ko‘rinmas ana shu qobiliyatingiz bois ham san’at yo‘lini tanlagansiz. Siz eng mudhish halokat ham yo‘q qilolmaydigan kashfiyotlarni, ya’ni ruhiy kashfiyotlarni yaratasiz. Hozirgina ko‘rganingiz mukammal va aqlni shoshiradigan zarralar dunyosidan tortib to fazo hududlarida jim va sokin aylanayotgan benihoya ulkan sayyoralargacha bo‘lgan ma’volar orasida faqat sizgina aqlu hissiyotga egasiz. Bu betimsol qudrat siznigina qo‘rqitadi, hayiqtiradi yoki sevinch va hayrat uyg‘otadi. Binobarin, ana shu qo‘rquv, hayiqish, sevinch va hayratlarning mahsulini butun insoniyatga hadya eta oladigan darajada iste’dod sohibisiz. Barcha erishgan zafarlari va muvaffaqiyatlari bilan ulug‘lanadigan dunyo fanlari mana shu sabab bois ham sizning qoshingizda ta’zim qiladi! Mana shu sababli ham qoshingizda bosh egishimga va yaratgan Parvardigorimdan, iste’dodingizni yuzaga chiqara olishingizda kuch-quvvat so‘rab ta’zim qilishimga ijozat bergaysiz!
Mana shunday deb, sochlari ilm xizmatida oqargan, yurtda daho deb tan olingan Professor yosh-yosh yigit-kizlarga oppoq sochli boshini egib ta’zim qildi.
O‘quvchilar bu gaplardan juda ta’sirlanib xayrlashishdi. Barchasining ko‘zlarida hayajon yolqinlanar edi.

* * *
Olim ortiga qaytganida, shogirdi qiziqsinib so‘radi:
– Ustoz, san’at bilan fan o‘zaro juda uzoq narsalar-ku? Nima uchun bu yerga san’at bolalarini olib keldingiz?
“Fanning ham ajoyib bir san’at ekanligini ko‘rmayapsizmi, o‘g‘lim”, – degisi keldi olimning, shogirdiga qarab turib. – Axir, bizlar yaratib bo‘lingan narsalarning xususiyatlarini o‘rganamiz. Uranning o‘zgara olishi azaldan belgilab qo‘yilgan esa-da, uni o‘zgartirgach buni biz amalga oshirdik deb jar solamiz. Qiladigan barcha ishlarimiz moddalarning ichiga azaldan joylab qo‘yilgan xususiyatlarni topishdan iborat. Bu yosh iste’dodlar esa yangi narsalarning yaratuvchilari ekanini ko‘rmayapsizmi?”
Lekin bu gaplarni shogirdiga aytmadi. Kun kelib o‘zi tushunib olar deb o‘yladi va ezgin ohangda dedi:
– Sababi... men ham bir mahallar san’at ahlidan bo‘lishni orzulagan edim...
Keyin xo‘rsindi:
– Bo‘lolmay qoldim, shu sabab ham olim bo‘lib ketdim, bolam...

2011

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.