OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isajon Sulton. Do‘st (hikoya)

Senu men tengdosh edik, do‘st.
 
O‘tloqlarda o‘ynar edik.
 
O‘shanda... rosa chopar edik-da. Oyog‘imiz ostida quyun o‘ralashardi. Qirda shamoldan o‘zib ketardik. To‘kilgan o‘rik gullari chopishimizdan paydo bo‘lgan shiddatlarda yerdan ko‘tarilib, uchib-uchib yana yerga qayta qo‘nardi.
 
Dunyo biz uchun mana shu kichkina makondan iborat edi, xolos. Qaylardandir qushlar saf-saf uchib kelishardi. Qaydan uchib kelayotganlarini bilmas edik. Buncha ko‘p qush qayga borib qo‘nadi, uniyam bilmasdik. Bilganimiz – mana shu o‘tloq-dala, mute’ hasharotlar, aqlsiz qushlar va qaynoq yoz edi, xolos.
 
Horib-charchab uyga qaytardik. Uzum zangiga osib qo‘yilgan chiroq sariq nur taratardi. So‘rida otam-onamiz bir nimalarni gurunglashib o‘tirishardi. Kichkina singlim katta chelakda suv tashirdi... Etakroqqa bir uyum beda to‘kib qo‘yilgan, undan boshni aylantiradigan islar anqirdi.
 
Keyin o‘sha yoqimli charchoqni his qilgancha, osmondagi yulduzlarga termilib uzundan-uzun xayollar surar edik. Tungi shabada daraxt barglarini shitirlatib yelib o‘tganida, qay bir qushning oromi buzilib havoga ko‘tarilganida... ariqdagi suvning jildirashiyu chirildoqlar ovozi birdaniga kuchliroq tarala boshlaganida... oy nuri olachalpoq yoritgan shu makonlardan ajina yoki devlar tovushsiz chiqib kelishidan qo‘rqardik, esingdami?
 
Ajabki, ajina chiqib kelsa... nima qilgan bo‘lardi bizlarni? Hozir bu savolga javob topolmayman, o‘ylasam kulgim keladi.
 
Eslaysanmi, sira charchamas edik. Sen ham men kabi novdadekkina, chaqqonu ildam, g‘ayrating ichingga sig‘magan bola eding-da. Birga borib o‘t o‘rardik, suv tashirdik, birga qo‘shnining behisidan yashirincha o‘g‘irlab yer edik. Makkajuxori poyalarini shimir edik, shaftoli po‘kagi shirin bo‘lardi. Daraxtlarning ostidagi zax yerlarda qo‘ziqorinlar o‘sardi, ularni xivchin bilan ura-ura, boshini tanidan judo qilib o‘tib ketardik.
 
Doim soching o‘sib ketaverardi. Juda tez o‘sarmidi soching? Qachon qarama, paxmoq bo‘lib yotardi. Ota-onamizdan “soch-tirnoqlaring o‘sib ketibdi-ku, olmaysanmi” deb ko‘p dakki eshitardik.
 
Narsalarning ahamiyati yo‘q edi biz uchun. “Senlarni boqishim kerak”, der edi otam. Onam ro‘zg‘or ishidan bo‘shamasdi. Ular biz kabi ildam emas edilar. Bahaybat, kuch-quvvatga to‘la, ammo chaqqonlikda bizga yetadigani yo‘q edi. Bizga nima u tashvishlar? Ikkalamizning o‘z hududlarimiz boriydi, bepoyon, sirlarga to‘la, jozibali hududlar. Apil-tapil bir burda nonni chaynab, ariqdan bir hovuch suv ichib ketaverardik-da. Otam ish buyurar edi, u yumushlar ko‘pincha zahmatli, ezuvchi bo‘lar, masalan, tomorqadagi makkalarni o‘rib qo‘yishimni buyurib o‘zi yumushiga ketar edi. Makkaning poyasi qo‘lni tilib yuborsa, onam jonholatda kelib ko‘ylagini etagini yirtib o‘rab bog‘lab qo‘yardi. Arzimagan tilinishga onamning jon kuydirishidan kulgim qistardi, kattalarning ba’zi tutumlari shunaqa kulgili tuyulardi men uchun.
 
Ko‘zlari chaqnab, kulib-kulib turadigan yoqimtoy bola eding-da, do‘st.
 
Har doimo men bilan birga ekaningdan, seni qachon taniganimni eslolmayman. Ikkalamining ham ismimiz bir xil edi. Otam yoki onam ismimizni aytib chaqirsa, baravariga yugurib borardik. Men xayollarga, o‘y-fikrlarga beriluvchanroq edim, har narsaning tubiga yetgim kelaverardi. Sening tevarakka qiziqishing zo‘r edi, orom beradigan narsalarni yaxshi ko‘rarding. Olmurutning mazasi shirin bo‘lishini sen aytganding, u maza menga ham ma’qul keluvdi.
 
Yana, uyquni yaxshi ko‘rarding. Uxlamasang, ertasiga ko‘zlaring kirtayib, so‘linqirab qolarding. Men esa uxlashni yoqtirmasdim. Shu sabab, goho sen uxlagan mahallaring xayolan qaylargadir sayrlar qilardim.
 
U - makonsiz, zamonsiz hududlar edi. O‘sha hududlarda goho dunyodan o‘tib ketgan bobomni, o‘zim tanimaydigan kimlarnidir uchratar ham edim. Gohida esa... uchar edim, do‘st! Shunda seni ko‘rmas edim, nainki seni, o‘zimni ham ko‘rmas edim. Go‘yo eshituvchi va ko‘ruvchi jismsiz bir shaffof narsa edimu makonlar va zamonlar uzra uchib ketardim. U makonlar qayda edi? Qanaqa zamonlar edi ular? Goho g‘alati maxluqlar paydo bo‘lib quvlashardi. Goh esa eng qo‘rqadiganim holat yuz berar - otamning yoki onamning o‘lib qolganini ko‘rardim. Qattiq iztirob ichida qaylardadir kimlargadir bir nimalar deb yalinib-yolvorib yurardimu... uyg‘onib o‘zimga kelgach, buning tush ekani aqlimga yetib kelar edi.
 
Sendan so‘rasam, yelka qisarding. Tush nima ekanini bilmasding ham. Men ko‘rgan u hududlardanu makonlardan bexabar eding.
 
Men-chi? U makonlardan xabar topganim bilan, istaganim bilan qaytib bora olarmidim? Qizig‘i shundaki, ko‘rganim o‘sha yerlarda hech ochqamas, chanqamas, uyqum ham kelmas, doim tiyrak... ammo ko‘rganlarim haqiqiy emasligini, tuman kabi shuurni o‘rab oluvchi xayolotday bir narsa ekanini ruhim tanamga qaytib kirgach anglab, goho sevinardim, goho qayg‘urardim.
 
Sen esa o‘sha-o‘sha... ko‘zlari chaqnab-chaqnab turgan chaqqon va yoqimtoy, sho‘x va sadoqatli bolakay... doim yonimda eding.
 
Eh-he, qanaqa yo‘llardan o‘tmadik sen bilan birga... Kuzning yaydoq dalalarida, yomg‘irlar ostida paxta terganlarimiz esingdami? Qo‘llaring ko‘karib-qizarib ketgan, ingichka oyoqlaringdagi etigingga suv o‘tgan, dir-dir titraganlaring, keyin ikkovimiz gulxan yoqqanlarimiz-chi? Ajabki, men sovuqqayam, issiqqayam parvo qilmasdimu sen sovqotib qolaverarding-da. Bulduruqlar qoplab olgan dalalarda ushuk urgani-chi? Gupillab yog‘ayotgan qorlaru bahoriy jalalarda, yoz saratonlarida mehnat qilganlarimizni-chi, eslaysanmi? Ha, u mehnatlar sengayam, mengayam juda erish tuyulardi, ota buyurgani uchun bo‘yin tovlay-tovlay ado etardik. O‘tin yorardik, qor ustiga payraxalar sochilardi, yig‘ib olib uyga opkirib olov yoqardik, qorda qorayib ko‘rinayotgan ariqdan suv tashirdik... qo‘llaring yana sovqotib-qizarib ketardi, ichkariga kirganimizda dir-dir titrab pechka yoniga qunishib o‘tirib olarding, do‘st. Shunda esimda qolgani - yana tirnoqlaring o‘sib ketgan ekan. Yana shuki, ingichka bo‘y-bastingga nomutanosib barmoqlaring va qadoqli katta kafting esimda qolgan.
 
Quvonchlaring ham oddiy, jo‘n, mayda-chuyda narsalarga quvongansan. Shirin anor uzib yeganimizda rohatlanganlaringni eslayman. Kichkina, mayda lazzatlarga ham suyunib ketaverishingni-chi?
 
* * *
 
Oradan yillar o‘tdi. Ikkimiz ham ulg‘aydik.
 
Kunlar yeldayin o‘tar, «bolam yigit bo‘ldi» deb quvonardi buvim. Men quyundan tez, shamolday yelar edim, chaqqonligim o‘zimning zavqimni keltirardi – zero o‘n besh-o‘n olti yoshida shunday bo‘lmagan o‘smir bormi dunyoda? Chaman-chaman gullagan bog‘lar xam, o‘zanlaridan to‘ppa-to‘g‘ri yuragimga qarab oqqan soylaru suvlar ham - hammasi ichimga sig‘mas edi.
 
Bir qichqirsam osmonu ko‘k, bir musht ursam, yer titrab ketardi*.
 
Yuksaklar najib va o‘ziga chorlaguvchi edi. Yuksaklarda parvoz qilib yurarkan, goh tanish, goh notanish kishilarga ro‘baro‘ kelardim, tanishlar ham, notanishlar ham men kutmagan so‘zlarni aytardilar. Ko‘pincha u yerlarda seni ko‘rmas edim – har holda, o‘zingning zaminiy uyqung aro tosh qotib uxlayotgan, mening qiynashlarim va majburlashlarim so‘ngida biroz tin olish navbati yetganidan shukrlar qilib salgina bo‘lsa-da orom olayotgan bo‘lsang ne ajab?
 
Hozir yuragimni o‘rtayotgan yana bir nadomatimni ham aytib olay: yuksaklarda ekanimda... u yerlarda sening keraging yo‘q ekanini sezar, his qilar va hatto menga xalaqit berayotganingni ham o‘ylar edim.
 
* * *
 
Bir kuni sen kasal bo‘lib qolding. Bunga ham men sababchi bo‘ldim.
 
Ishq otashi yoqqan edi dilimni. O‘sha kecha sovuq edi – sen yupqa kiyingan, dir-dir titrarding. Muzday yomg‘ir quyar edi. Ikkalamiz ham shiltayu shalabbo bo‘lib, oromimni o‘g‘irlagan bir oy yuzlining kelishini uzoq kutdik.
 
Sen menga uch-to‘rt marotaba “ketaylik, judayam sovqotdim... bu ahvolda holim yomon bo‘lib qoladi” deb yalinding, lekin men qaysarligu o‘jarlik bilan ahdimda qattiq turib oldim. U mahal quloqqa gap kirarmidi? Olam muhabbat bilan tirik, muhabbatsiz hayot hayotmi deb yurgan, sevgi bilan muhabbatning farqini anglamagan paytlarim edi-ku? Oy yuzli baribir kelmadi, bu orada yomg‘ir tindi, bulutlar tarqab, fazoda boshqa – sovuq, hissiz oy ko‘rindi, bulutlar tarqagani uchun havo yanada sovib ketdi. Ruhim tushib, axiyri qaytishga qaror qilganimda tishlaring takirlab, harakatlaring beo‘xshov bo‘lib qolganini, zo‘rg‘a qadam tashlayotganingni sezdim. Shundayam seni rosa malomat qilganim esimda.
 
Bir amallab uyimizga yetib keldik. Uy ichi har holda issiqroq edi – senga kaynoq choy damlashingni buyurdim, sho‘rlik, tishlaring hanuz takirlaganicha buyrug‘imni bajarding, birgalashib choy ichdik,  u-bu tanovul qildik, sal issiq o‘tganday bo‘ldi. Iliqlik uyqu keltirdi, uxlab qoldik... Uyqu aro meni chaqirayotganingni eshitdim.
Tashvishlanib uyg‘ondim. Qarasam, isitmada alanga bo‘lib yonar eding. Nima qilishimni bilmay boshim qotdi, icharga na dori-darmon bor, na men bir nima bilaman. “Sabr qil, tong otsin”, dedim unga. Amrimga bo‘ysunding. Ana shu holda tong otishini kuta-kuta yana ko‘zim ilindi.
 
Shukrki, tong otganida isitmang tushgan, lekin majoling yo‘q edi. Har holda menda ham insof uyg‘ondi – bugun biror joyga boramiz yoxud u-bu qilamiz deb seni majburlamadim. Biroz yotsang o‘zingga kelarsan, dedim.
Aytganimday, o‘zingga kelding. Qilar ishimiz juda ko‘p edi. Darslarga qatnashishimiz, badantarbiyaga borishimiz, anavi malakning ko‘nglini olishimiz... xullas bir dunyo vazifamiz boriydi.
 
* * *
 
Sendagiday sadoqat do‘stlik haqida lof uradiganlarning yetti uxlab tushlariga kirmagan. Men seni tinimsiz ezar, qiynar, gaplaringga quloq solmas, it oldiga bir bo‘lak suyak tashlagan kabi goho marhamat ham qilar, yana o‘zim bilgan tomonlarga surgalab ketaverar edim. Seni qiynash orqali yuksak rutbalarga ko‘tarilishimni bilganmidim, ajabo? Turli noqulayliklar ichiga ham tiqar, har doimo quloq qoqmay bajararding, goho joning qiynoqlarda qolganida qichqirar, masalan, olovga kirish kerak bo‘lganida “Voh, kuydim” deb qichqirar eding, ba’zan bila turib yana kirishga zo‘rlar edim, shu holingda men uchun yana olovga albatta kirarding – sadoqating shunchalar edi sening.
 
Kechalari uyg‘otar edim – uyquga to‘ymadim-ku, yana ozgina orom olay deb yalinarding ko‘zlaringni ishqalab... “Yo‘q” deb qat’iy turib olardim. Shular natijasida ozib-to‘zib ketding, holingga qarab bo‘lmas darajaga kelding. Shunda tevaragimdagi kishilarga razm solib, sening ular kabi ko‘rkam, kelishgan, baquvvat emasligingdan norozi bo‘ldim.
 
Ajabo, sen ham mendan norozimiding? Yo‘q, norozi ekaningni sira sezmaganman.
 
Kunlar-oylar o‘tgani sayin men o‘z maqsadlarimga yaqinlasha borardim, o‘yimda faqat yuksak rutbalar edi. Ichimda yana bir o‘y g‘imirlar ham edi: ozib-to‘zgan bo‘lsin, majoli qolmasa qolmasin... bir kuni baribir ayrilamiz, men yuksaklarga ko‘tarilaman, ajoyib izzatlar ko‘raman, sen esa mana shu majolsizligu zaifliklaring ichida qolib ketaver... baribir bizlar vaqtinchalik do‘stmiz... baribir bir kuni ayrilamiz... baribir bir kuni sen meni emas, men seni tark etib ketaman, der edim. Bu tuyg‘ularimga kin va xudbinlik aralashganiniyam bilardim. Ammo o‘zimni o‘zim alday olmayman-ku: ich-ichimda xudbinligimni tan olar va shaytoniy bu tan olishdan goho mamnun ham bo‘lar edim.
 
Rostini aytmasam bo‘lmaydi: o‘zimni alday olmagach, Xudoni aldarmidim? Ko‘p jihatlarda mendan ustun eding. Masalan, Xudo dedik, unga mendan ko‘ra itoatliroq eding. Tangrimning aytganlarini tamomila ado etarding – faqatgina Tangrimning buyruqlariga kelganda menga bo‘ysunmay qo‘yarding – avval U, keyin sen derding. Xudo haqqi, shak keltirish bo‘lsayam aytay, hali o‘zing ham shunga amin bo‘lasan: qoshimda Xudoning payg‘ambarini ham tan olmas eding. Avval Xudo, keyin sen, keyin uning payg‘ambari der eding. Ey gumroh, men imon keltirganlardanman, Xudo bir, rasuli barhaq deganman, deb uni goho ibodatlarga ham yo‘llasam-da, meni Tangrimdan keyin qo‘yishi yuragimga xush yoqardi – azbaroyi Payg‘ambardan qo‘rqqanimdan shunaqa derdim-da.
Sen mo‘min eding. Buni ham endigina anglab yotmoqdaman. Hozir o‘ylab qarasam, e’tibor berib-bermaganim chog‘larda ham u o‘z ibodatlaringni og‘ishmay bajargan ekan, hammasini qo‘lingdan kelganicha ado etgan ekansan.
Bir tomondan umr o‘tishiyu boshqa tomondan mening qilmishlarim tufayli  keyingi payt xastaliklarga ko‘proq mubtalo bo‘la boshlading.
 
Bir kuni qattiq kasal bo‘lding. Shunda ham oxirigacha chidashingni bilardim, turli narsalarni yegizdim, og‘ir ishlarni qildiraverdim. Kuchli eding, mening unday kuchim yo‘q edi – mening istaklarim tufayli aytganlarimning hammasini bajo keltirarding. Og‘ir bir nimani ko‘tarish kerak edi, “xech narsa qilmaydi, bir marta ko‘tarsang ko‘taribsan-da”, dedim kin va qahr bilan. Indamay bo‘yin egding, keyin esa “do‘st, biqinim og‘riyapti”, deding zorlanib. Ovqat tutdim, “buni yeya olmayman-ku” dedi. “Yeysan” dedim! O‘shanda xato qilgan ekanman, biqin og‘riganda buni yeb bo‘lmas ekan – shundayam aytganimni qildingu yotib qolding. Shukrki ko‘p yotmading, sal o‘zingga kelgach, yana oyog‘ing olti, qo‘ling yetti bo‘lib xizmatimni qila boshlading.
Hayronman – hamma narsada menga bo‘ysunar, qulday eding. “Sening aqling ko‘proq, do‘st. Yetti uxlab tushimga kirmaydigan bilimlarning egasisan, nima desang ham qilaveraman, bularning aqlga ravoligini albatta sen yaxshiroq bilasan”, der eding.
 
Bir kuni men senga ichkilik ham ichirib ko‘rdim.
 
Bekor qiynabman sen bechorani: ahvoling juda kulgili edi. O‘zingcha tirjayar, yayrar, og‘ib-og‘ib ketar, loy qaydayu quruq qayda - bilmas holga kelgan eding. Sening kayfiyating menga ham ko‘chdi – telbalar kabi ma’nosiz qo‘shiq aytar, kular, yig‘lar edik birgalashib. Yana amallab uyimizga qaytik, ertasiga boshing qattiq og‘ridi, xamr zahar hosil ilishini, o‘sha zahar bois bosh og‘rishini bilardim, kechgacha chida, ketadi, dedim. Seni bunday gunohga boshlaganimdan o‘zim xijolat edim. Shundan keyin sen ichkilikning yoqib qolganini bir-ikki marta aytib ko‘rding, yana istayapman deding. Koyib berdim, arzimagan rohat uchun jondan kechasanmi, ahmoq deya. Haromligini bilaturib ichasanmi, oxiri azob-ku buning deganimdan keyin bu haqda boshqa so‘z ochmading.
 
* * *
 
Yillar o‘tdi.
 
Bir kuni sening qartaya boshlaganingni sezdim.
 
Shuncha yillar davomida menga sadoqat bilan Kahf iti kabi yetovimda yurgan do‘st, endi avvalgiday chaqqon, epchil bo‘lmay qolding. Yuzlaringga qaraganimda ajinlaring ko‘payganini, sochlaring oqarganini ko‘rdim. Nigohing avvalgiday chaqnamasdi, yurishingdan shiddat ketgan edi. Gavdang ham cho‘kkanday, ranging za’far tusga kirganday tuyuldi menga.
 
“Nahotki?” deb so‘radim sendan.
 
Indamading. Taqdirga bo‘yin egganingni bildirding.
 
Shunda ichimda yana o‘sha kinli tuyg‘u bosh ko‘tardi – to‘g‘ri, sadoqatingga ta’rif yo‘q, ammo kelajagimda hech qanaqa nafing tegmasligi ham bor gap. Chunki, taqdiring shu – men erishadigan yuksaklarga baribir yetib borolmaysan, qismating mana shu tuproqlar ustiga sochilib ketgan. Men hali fazoviy yuksaklarga erishaman, u yerda bunday zaminiy do‘stga joy yo‘q! Har kim o‘z joyida qolgani ma’qul... Baribir bir kuni ayrilaman sendan, deb o‘yladim.
 
Sen bunday o‘ylarimni xayolinggayam keltirmas, menga ro‘y-rost, ishonch ila boqib turarding.
 
Shundan so‘ng tez-tez kasallana boshlading. Nigohing ham avvalgiday ziyrak emas, quvvating ozaygan, zo‘rg‘a yurarding. Shundayam istaklarimga ro‘y-rost bo‘yin egar, hamma buyruqlarimni avvalgiday ado etishga urinarding – sadoqating shunchalar samimiy edi, ammo kuching-madoring yetmayotganini o‘zing ham, men ham bilib turardik. Ko‘pincha to‘shakda mixlanib yotarding, shunda noroziligim ortardi: axir, boshqalarning ham sen kabi do‘stlari bor-ku! Ularning holiga razm sol! Mening boshimga Xudo seni bitibdi, to‘g‘ri, sendan boshqa do‘stim yo‘q, do‘stni ham Tangri belgilaydi... afsus, bunchalar tez yiqilasan, bunchalar tez kuchdan qolasan, shunchalar tez so‘nasan... deb o‘ylamabman, do‘st?!
 
Kizig‘i shundaki, men soppa-sog‘ edim. Goho xastalanib tursam-da, xastaliklarim senikiga mutlaqo o‘xshamasdi. Mening kasalliklarim iztiroblar, qayg‘ular, g‘am-g‘ussalardan, afsuslar, armonlar va pushaymonliklardan bino bo‘lar edi. Seni dunyoviy kasallik isitmasi qaltiratsa, meni o‘y-xayollar va g‘ussayu armonlarning isitmasi titratardi. Kasallik Tangrimizdandir desam bas, lom-mim demay bo‘ysunarding, do‘st.
 
* * *
 
Azaldan bilganim va hayiqqanim voqealar yuz bormoqda edi.
 
Sen juda qartayib qolding.
 
Ko‘zlaringning tegralarida ajinlar paydo bo‘la boshlaganida, sochlaringga oq oralaganida ko‘pam e’tibor bermagan edim. “Kun kelib hamma ham keksayadi, hammaning ham umri o‘tib bormoqda-ku” deb o‘ylab qo‘ya qolgan edim.
 
O‘sha mahallarda... to‘satdan o‘zimning qarimayotganimni idrok qildim!
 
Ha, tobora bilimim oshib, zehnim o‘tkirlashib borar, juda ko‘p narsalarni bilardim, bu bilganlarim orasida hayotimda kerak bo‘ladimi-yo‘qmi, gumonlilari ham ko‘p edi. Masalan, ummon tublarida yashaydigan, suv yuzasiga chiqsa, terisi palaxsa-palaxsa bo‘lib ko‘chib tushadigan bir baliqni bilardim. Qaynoq suvlarda kun kechiradigan yoxud zaharlarni yeb rizqlanadigan jonzotlarniyam bilardim... kerakmas bilimlarim ko‘p bo‘lsa-da, ular menga sira ortiqchalik qilmas, zakovatim shu qadar kengligidan, yana bemisl bilimlarni egallab olishim mumkinligidan o‘zim hayratlanardim.
 
Ha, men ham o‘zgarmoqdaydim, ammo o‘zgarishim yaxshi tomonga esa, do‘stimning o‘zgarishi ters tarafga edi.
Ham taqdirning bitigi, ham mening injiqliklarim tufayli ancha xarob holga kelib qolgan eding. Ko‘p zorlanarding, o‘zimcha har narsaga majburlab ham ko‘rardim, zorlana-zorlana istagimni ado etardingu birdaniga ikki bukchayib qolarding. Suyaklaring og‘riyotganini aytarding, kuch-quvvating oldingiday emasligini aytib, uzr so‘rar edi. Sen juda rostgo‘y do‘st eding – hech qachon meni aldamagansan. Senday do‘st dunyoda boshqa yo‘q edi –ko‘klarning irodasi bilan mening peshonamga bitilgan yolg‘iz do‘st eding!
 
Vido oni yaqinlashayotganini tez-tez kasallanishingdan ham bilsa bo‘lardi. Ko‘zlaringning nuri ketgan, tobora ajinlarga burkanib borar, gavdang kichrayib, ezilgan, lekin hali-hanuz istaklarimga bo‘ysunar va ado etar... biroq, bir kunmas-bir kun bularning bari to‘satdan barham topishiga aqlim yetar edi.
 
Barham topsa... unda nima bo‘ladi, deb o‘ylar edim qo‘rquv ichra.
 
Nihoyat, tamomila kuchdan qolding. Endi uzzukun bir yerda yotar, o‘zingni o‘zing eplayolmas holga kelgan eding. Boshingda o‘tirib, yana avvalgidek chopib-chopqillab yurishlarimizni orzular edimu u orzularning endi sira amalga oshmasligini ham bilardim. Anorni yaxshi ko‘rarding, ammo yeyolmas holga kelgan eding. Yaqinlashib kelayotgan ulkan bir xastalik changalida chuqur-chuqur nafas olar, qiynalar, shundayam horg‘in, xira nigohingni mendan uzmas, so‘nggi so‘zing ham “mendan rozimisan, do‘st?” degan kalom bo‘lishiga aqlim yetib turar edi.
 
* * *
 
Na iloj, endi ayrilamiz, do‘st!
 
Esimni taniganimdan, bolaligimdan beri misli ko‘rilmagan bir sadoqat bilan doim xizmatimda bo‘lding.
 
Sen kabi bir do‘st yana bormi, do‘st?
 
Esingdami, qirda shamollardan o‘zib chopganlarimiz? Eslaysanmi?
 
Sendagiday sadoqat yana kimda bor, do‘st? Hayotda shuncha yil yashadim, do‘stlarning ko‘pini ko‘rdim, bari o‘zlarining istaklari yo‘lida badar ketdilar... faqat sen har doim yonimda bo‘lding, do‘st!
 
Men seni juda qiynadim, har yo‘singa soldim – meni deb o‘tga-suvga qirding, istagimga har doim bo‘ysunding, lekin men sening istagingga bo‘ysunmadim, do‘st. Mana shu holga tushishingga sababchi ham menman – ey sadoqatli do‘st, sadoqatsiz do‘stingman.
 
Meni haliyam do‘st deb bilasanmi, do‘st? Bunchalar fidokorliklaring evaziga bironta fidoyilik kilmadim, o‘zimni deb seni xarob ayladim, do‘st. Sen uchun juda oz narsa kildim, sen men uchun o‘zingni, borlig‘ingni sarf etding.
 
Endi ayrilamiz, do‘st!
 
Endi men o‘zim orzulagan martabalarim tomon ketaman. Sening umring esa juda oz qoldi – juda yaqin orada seni tuproqqa topshiradilar. Sen tuproqlarning ostida qolasan, do‘st. Men esa ketaman o‘z yuksakliklarimga – u yerlarda sening keraging bo‘lmaydi menga.
 
Endi sen bilmagan bir sirni ochayin. Men azal edim. Sen bilan tanishmasimdan minglab yillar avval bino bo‘lgan edim. Ya’ni, ikkimiz ikki yondan dunyoga keldik, bir-birimizni tanidik. Sen ham meni taniding va amrimga itoatkorona bo‘yin egding!
 
Ikkovlon bir vujud ichra mavjud bo‘ldik, do‘st.
 
Men ham sen kabi, dunyoga boshqa bir yo‘sinda keldim, kimligingni ilg‘ab olish uchun juda oz vaqt kerak bo‘ldi menga. Harchand jon-jahding bilan xizmatimda bo‘lishga urinmagin, menga vaqtinchalik kerak eding, xolos. Shu orada umring bitdi, vujuding xarob bo‘lib qartaydi, a’zolaring birin-ketin xizmatdan to‘xtamoqda... bu taqdir qoshida qaltiramoqdasan, titramoqdasan... sham kabi so‘nmoqdasan.
 
Lekin... agar sening istaklaringga bo‘ysunsam, yuksaklarga emas, yerlarning tubiga ketardim! Sen men uchun bir pillapoya bo‘lding, do‘st. Senga oyoq qo‘yib, o‘zimning rutbalarim sari ketdim, do‘st.
 
Abadiyan alvido, ey do‘st!
 
* * *
 
Haliyam do‘stimmisan, ey do‘st?..
  
2011

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.