OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isajon Sulton. Meni ham turtib qo‘y,erta uyg‘onsang... (hikoya)

Dunyoda bir o‘rgimchak bor edi.
Tong elas-elas otib, qizg‘imtir quyoshning ilk iliq nurlari olamga yoyilib, shudring ostidagi turli-tuman o‘tlarning hidlari sezilar-sezilmas tarala boshlagani ondan u yangi to‘r to‘qishga tushardi. To‘ri havoyi, yumshoq, nozik edi. O‘rgimchak o‘z vujudining qaerida, qay tarzda to‘r hosil bo‘layotganidan bexabar bo‘lsa-da, unga to‘rni hosil qilish jarayonining o‘ziyoq lazzat baxsh etar edi go‘yo. G‘oyat inja ipakka o‘xshab ketadigan to‘rning yuzasi yopishqoq, yiltiroq bo‘lib, ilk uchini bir yaproqqa mahkamlab, tebrana-tebrana to‘qiy boshlar edi u.
Avvaliga uzun o‘q ipini tizib olardi. Keyin u o‘qdan boshqa tomonlarga yangi o‘qlar tortar, markazdan turli taraflarga cho‘zilib ketgan iplar hosil bo‘lgach esa, oralarini bir-biriga tutashtirib, katakchalar hosil qilishga tushardi. Katakchalarning kengligi aniq edi, qaerda va qay tarzda katakcha yasash lozimligini bilar edi u.
Shu tariqa, bir katakdan ikkinchisiga o‘ta-o‘ta, ajib bir mohirlik va qunt bilan shu g‘alati ishida davom etar edi.
U to‘qiy boshlagan to‘r g‘oyat nozik gilamchaga-da o‘xshab ketardi. Har bandi gilamning bir boylami, har ipi bir ipak qatimi kabi tovlanuvchanu yiltiroq edi.
Bu – rangi och sariq, boshchasi va oyoq uchlari qizg‘ish-qoramtir mitti o‘rgimchak edi. Shunisi qiziqki, u o‘lja ovlash uchun to‘r qurmasdi – oddiy, chiroyli, san’atkorona to‘rini to‘qir edi, xolos.
To‘rning uchlari o‘n bitta edi. O‘rgimchak ba’zan kichikroq – to‘qqizta yoki yettita uchli gilam ham to‘qirdi. Doimo tippa-tik joylashtirardi to‘rini. Lekin to‘r boylangan yaproqlar goho vaziyatini o‘zgartirar, shunda to‘rning holati ham o‘zgarar, bundan o‘rgimchak aziyat chekardi. Shakli buzilgan to‘r uning zavqini qondirolmas, shu sababli qaytadan yangi to‘r to‘qiy boshlardi.
Quyosh havolab ketib, tevarakni birday qizdira boshlaganida u so‘nggi bandni ham boylab bo‘ldi. So‘ng to‘rining o‘rtasiga ildam bordi-da, hamma bandlar birlashgan joyda tek qotdi. Shu yerdan har tomonga cho‘zilib ketgan iplar va oralari kengayib boruvchi katakchalar aniq ko‘rinib turardi. Bu juda chiroyli manzara bo‘lib, shu kichik “hududcha”ning hamma tomonini enlab-cho‘zilib ketgan to‘rning qoq markazida turib, o‘z san’atidan zavqlanish o‘rgimchakka xush yoqdi.
U tin olib, to‘r markazida turib qoldi.
Bir ozdan keyin shabada yana esdi.
To‘r, boylangan yaproqlari bilan birgalikda, chayqaldi.
Bahoriy yel ohista esar, atrofdagi turli-tuman islarni olib kelar edi. U islarni o‘rgimchak sezarmidi-yo‘qmi, noma’lum.
Shuningdek, yel o‘z qanotida turli-tuman ovozlarni ham olib keldi. Bu elas-elas shovqin ichida o‘tlarning shitirlashidan tortib qo‘y-qo‘zilarning ma’rashi, kuchuklarning vovullashi, kimlarningdir g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozlari ham bor edi.
Yoqimli epkin ichra to‘r markazida chayqalayotgan o‘rgimchak quyosh qattiq qizdirganida o‘q iplarning biridan o‘rmalab borib yaproq ostiga kirib jon saqlashi ham mumkin edi. Biroq quyoshning tikkaga kelishiga ancha bor, quyosh nurlari ham to‘r kabi nozik, bu ham o‘rgimchakka xush yoqmoqda edi.
Badiiy asar ham to‘r kabi to‘qiladi, der edi murabbiylarimiz. Xayolotni o‘shanday o‘rab-chirmab oladigan asarlar haqida o‘ylaganimda, birdaniga juda ko‘p ismlar yodga keldi. Ular orasidan bir nechtasini tanlab-saralab olib, adiblarning voqea-manzaralarni tavsif etishdagi mahorati haqida so‘zlash kamlik qiladiganday, shu bois sanoqli kitoblar ustida emas, inson tafakkurida bir umr iz qoldirishi mumkin bo‘lgan turfa asarlar haqida mulohaza yuritish ma’qulday tuyuldi.
O‘ylab qarasam, olti-etti yoshlargacha kitob o‘qish aytarli qiziqarli mashg‘ulot bo‘lmagan ekan. Balki kitobga ehtiyoj sezmagandirmiz. Har holda, tevarak-atrof uyg‘otayotgan tasavvurlarning o‘zi yetarli edi. Hozir to‘la ishonch bilan ayta olamanki, bola tasavvuri manaman degan yozuvchi xayolotidan ustun va kuchli, shu sabab ham tevaragida ota-onasiyu bir-ikki o‘rtog‘idan boshqa yaqini bo‘lmagan bola uchun kitob uncha qiziq emas, ustiga ustak, kitob o‘qish cho‘chitar ham edi. Odam bolasi nadomatlarga va hatto xastaliklarga yetaklovchi juda ko‘p gunohlarini so‘z vositasida sodir etadi, ammo tazarrusi ham so‘z bilan bo‘ladi. Endigina o‘sa boshlagan niholday tasavvurga o‘zga va yot fikrlar xuddi tajovuzdek ko‘ringan, so‘zning tafakkurda biron bir ma’no hosil etish jarayoni hali toza ruhga og‘ir kelgan bo‘lishi mumkin. “Balog‘atga yetmagan bolalar farishtadirlar”, degan gap bor-ku. Shu sabab, hayotining bolalik pallasida kimdir kitob o‘qigan bo‘lsa-da, eslolmasligi tabiiy. Chunki bolalar bu davrda tabiat va ota-ona “kitob”ini o‘qib ulg‘ayadi. Haqiqiy kitob o‘qish, fikrga, tasavvurga, tashbehga chanqoqlik o‘smirlik chog‘ida balog‘at bo‘ronlari bilan birga yopirilib keladi. Bizlarda ham shu hol ro‘y berdi. O‘smirlik va yigitlik davrida uchqur xayol shiddat-la har narsani o‘ziga singdirib olar, yana va yana talab qilaverar edi. Tevarak bilimlarga va taassurotlarga to‘la bo‘lsa-da, ruh aql va tasavvurdan tashqaridagi yana nimalargadir intilardi. Bola tasavvuri bilan o‘zimiz ko‘nikkan-bilgan manzaralar ortidagi ko‘nikilmagan-bilinmagan manzaralarni izlar edik. Kutubxonalarda kitob ko‘p, qay biri duch kelsa o‘qiyverar, lekin tobora kuch yig‘ib borayotgan tasavvurni hatto fantastik va sarguzasht asarlar ham qondirolmasdi. Yozuvchilar o‘z quvvai xayolotiga tayanib ming bir manzara va hodisalarni sodir qilar edi-yu, biroq ruh yana nimalarnidir izlayverardi. Bolalar adabiyoti degan dunyoning mag‘zini juda qisqa vaqt ichida chaqib ulgurgan va allaqachon undan o‘zib ketgan idrokimiz yanada zalvorliroq ma’nolarni xohlar edi. Bu izlanishni tafakkurning o‘sish va singdirish davri deb nomladim, o‘zimcha.
Mazkur pallaga yetib kelishimizda, avvalo, bir tomondan Xudoyberdi To‘xtaboevning “Sariq devni minib”iyu Anvar Obidjonning “Alamazon”i, Erkin Vohidovning haroratli she’rlari, boshqa tomondan esa, begonaday tuyulgan dunyo bolalar adabiyotining (Pamela Traversning “Meri Poppins”, Astrid Lindgrenning “Tomda yashovchi Karlson”, Jek Londonning turli hikoyalari va hatto norveg sayyohi Tur Xeyerdalning “Kon-Tikida safar” yodnomasi va janubiy qutbga ilk bor qadam qo‘ygan sayohatchi Rual Amundsen xotiralarigacha – hamma-hammasining) katta ta’siri bor, albatta. (“Begona” deyishimdan murod – bola zehnidagi juda kuchli, ammo idrok etilmagan milliy vatanparvarlik tuyg‘usiga e’tibor qaratishdir. Ba’zi tengdoshlarimiz chet el bolalar adabiyotiga mansub asarlarni, “ismlari begona ekan” deb o‘qimagani bor gap.)
Inson bolasining izlanishlar dunyosi shu qadar rang-barang va turli-tuman ekani aqlni shoshirar, boshqa tomondan esa, she’riyat dunyosi o‘zining iztiroblari, g‘amlariyu g‘ussalari, shodliklariyu jilvalari bilan rom etardi.
Lekin baribir, shu ko‘rilganu o‘qilgan asarlardan yanayam boshqacharoq, kuchliroq, bir siltanish bilan fikr to‘siqlarini chilparchin qilib yuboradigan va odamni rom aylab, ichiga olib kirib ketadigan olam – qoshu qaboq orasidagi g‘oyat muhim va haybatli bir sezgi, his, manzara, tashbeh, o‘y izlanar edi yaxlit fikrlovchi borliqda. Ijtimoiyot bong urar, tashviqiy asarlar yozilar, lekin miyaning fikrlovchi g‘o‘ddalari ustidan yengilgina sidirilib o‘tib ketaverar, hayot yengil-elpilikka to‘lib-toshib ketganday tuyulgan bir mahalda... jiddiy adabiyotni izlar edik. Ana shu pallada dunyo adabiyoti bilan yuzma-yuz kelgandagi ikkilanish va hayratlarga ham to‘xtalish kerak deb o‘ylayman.
Oliy dargohda ta’lim olar ekanmiz, dunyoning “uchinchi (ya’ni basirat) ko‘zi” ochilib ketgan kishilari deya ta’riflangan yozuvchilari asarlari o‘sha chanqoqni qondira oladiganday tuyulganidan so‘ylay. Kishi tasavvurini bittagina qalb ustida chirpirak qilib aylantirgan Dostoevskiydan Tolstoygacha, Kamyudan Kerkegorgacha, Nitsshedan Shopengauergacha... Dahshatli va zalvorli o‘ylar bilan o‘sha fikr va tuyg‘u tashnaligini qondirish mumkinligini his qilishning ilk hayratli onlari o‘tgach, u asarlar mavzusi begonaday tuyula boshlagani, botiniy istak bu olamni qabul qilolmagani, fikr tarziga mahliyo bo‘lgan holda ulardagi qiyofalar begonaligini ilg‘aganidan bino bo‘lgan arosatlar davri... Dunyo – begonadir, deb bong urar edi Kamyu. Ochun – anglanmagan g‘alati bilimlarga to‘la, der edi Borxes. Olam – balchiqdan iborat, der edi Dostoevskiy. Insonning javhari – ilohiydir, derdi Yung. Hayot – mayllardan iborat va inson – hayvoniydir, der edi Freyd... “Tafakkurga qo‘shilib imon ham o‘lmoqda, qayta boshdan fikrlab boqing”, demoqda edi Aytmatov. Salvador Dali istak va iztiroblar suratini chizar, Ieronim Bosx qiyomat manzaralari bilan qo‘rqitar, Ryunoske Akutagava “O‘rgimchak uyasining tolasi” hikoyasida adolatning beshafqat tasviri bilan odamni hayiqtirar edi... Adabiyot – ulkan hodisa, u ilon kabi sehrlab domiga torta boshlaydi, der edi Kamyu. Bu nuqtai nazarlar aro daf’atan ona adabiyot, ona tasavvurlar mayda, havoyi tuyula boshlagan edi. Sababini bilolmasdik. Nega unaqa fikrlay olmaymiz, degan g‘alati ishtibohlar uyg‘ongan edi yurak tubida.
Shabada qattiqroq esdi-da, to‘satdan to‘r bandlarini novdalardan uzib olib, to‘r egasi bilan qo‘shib havoda aylantira-aylantira uchirib ketdi.
O‘rgimchak mana shu uchishni kutayotgan edi. Unga bu uchish juda yoqdi. Shu tariqa o‘tlar, ariqlaru maysalar, butalaru yashil maydonlar uzra havolana-havolana uchaverdi u.
Shu mahal o‘zining sayyod emasligini, shamol qayoqqa uchirsa o‘sha yoqqa uchib ketaveradigan sayd ekanini anglab qoldi. Va o‘zi to‘qigan hafif ipga mahkam yopishganicha shamol qaerga uchirib olib ketishini kuta boshladi. Bu parvozdan entikar, ozod-ozod uchishning hayajonlari uni mast qilgan edi.
Bahorning o‘ynoqi shabadasi u to‘qigan ijodni band-bandidan uzib, tamomila o‘z ixtiyoriga oldi. Uzilgani hamonoq bu chiroyli gilamning shakli buzilib, boshqa ko‘rinishga kirdi. Mitti va harir uchar gilamni eslatuvchi to‘rga mahkam yopishgancha u endi iliq havolarda mavjlana-mavjlana uchar, bu parvoz g‘oyat fayzli va zavqiyob edi.
Jo‘nroq qilib aytsam, mana shu sanab o‘tilgan va shoshilish esga kelmagan yana boshqa falsafalaru obrazlarning barini navqiron ruh o‘ziga singdirib bo‘lgan, endi voqealarga Buendia, Merso, Freyd bo‘lib qaray olayotgan va taxminan o‘sha qahramonlarga yaqin fikr ham yuritayotgan edi. Biroq bu holatimiz tafakkur rivojiga aytarli hech narsa bermadi, olam hanuz savollarga to‘laligicha qolmoqda, ijod mohiyati u yoqda tursin, yashash ma’nosini ham ochib bera olmayotgan edi. Xo‘p, inson hayoti hayvoniy nafsni qondirishdan iborat deyildi, keyin-chi? Inson bu olamga begona deyildi, keyin-chi? Adolatsiz jamiyat odam bolasini jinoyatga majburlaydi deyildi, keyin-chi? Eng ajabtovuri Alber Kamyu – uning “Kaligula”si edi Rimning telba imperatori savdoyi falsafasi bilan aqllarni lol qoldirsa-da, biroq yashash va umr mohiyati haqida hech bilim bermas, mantiqiy fikrlashning rang-barangligini ifoda etar edi, xolos. Chaqaloqning tug‘ilishi nurli va sirli hodisa sanalsa, o‘sib-ulg‘ayishi va qartayib o‘lishi odamni vahimaga soladigan, sochlarini tikkaytirib yuboradigan cho‘ng mohiyatga ishora qilib tursa-da, butun insoniyat taqdirini qo‘yaturaylik, hatto oddiy talaba hayotining mohiyatini ham ochib berolmayotgani qiziq edi. Boshqacharoq aytsam, bir injuning turli qirralarini ko‘rsatgani bilan, hayotga yaraydigan va azaliy savollarga javob topishga yordam beradigan jo‘yaliroq fikr uyg‘otolmas edi.
Muammo yog‘dudami, injudami?
Shunday bo‘lsa-da, u asarlar fikr hududini kengaytirishga xizmat qilganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bu yog‘duli toshlar yorug‘ida o‘z o‘qib-bilgan adabiyotimizga nazar tashlaganimizda, ba’zan jo‘nroq va odmiroq manzaralarni ko‘rib, o‘smirlik va yoshlik shiddati aro shuurimizda sezilar-sezilmas ishtibohlar uyg‘ona boshlagan edi. Nimagadir milliy adabiyotimizda odamiylik, mehr-oqibat, ayniqsa, yaxshilik va yomonlikning g‘oyat qaltis ziddiyati sodda va oddiy ifoda qilinganiga aql shoshar edi. Masalan, ikki qo‘shni o‘rtasidagi munosabatlar qalamga olingan bir hikoyaning xulosasi o‘laroq, bu qo‘shnilarning biri yaxshiyu boshqasi yomon bo‘lib chiqar, bir odam ikki o‘g‘lini uylantirsa, kelinlarning ham biri insofli, ikkinchisi johil ekani boshdanoq ayon bo‘lardi-qolardi va hokazo.
Xudbin fikrlaru xulosalarni bir chetga qo‘yaturaylik-da, nekbin qarab ko‘rsak, ichimizdagi tashna ruhni nega qondirolmadi deb o‘ylaganimiz yuzlab asarlardagi mohiyatni endi anglayotgandayman. Har holda, o‘smirlikdan talabalikkacha va undan rasmona fikrlovchi kishi bo‘lib yetisha boshlaganimiz o‘n-o‘n besh yil ichida anglab yetish dushvor, ammo his qilish mumkin bo‘lgan bir qattol fojia allaqachon ro‘y berib bo‘lgan, shu sabab o‘zbekchilik ruhi asarlarga ko‘chgan va sahifalar qatida jon saqlamoqda edi. “Meni ham turtib qo‘y, erta uyg‘onsang [1] ”, der edi do‘stiga hali juda yosh bir shoir. Shom qo‘ngan payt non yopgan bir ayol o‘sha nondan ikkitasini qo‘shnisiga chiqargani tasvirlangan eng oddiy, eng g‘arib hikoyada ham milliylikning bir qirrasi nihon edi. Har jihatdan hurlik, ozodlikka intilayotgan olam ichra, hatto eng g‘aribona bitilgan muhabbat voqeasida ham, o‘zbekning yigit-qizi obrazi orqali milliy odobning bir qirrasi yengil ifodalab o‘tib ketilgan edi. Vaholanki, shu bilan yonma-yon o‘z g‘oyasi yo‘lida otasini o‘ldirgan yigit haqidagi asar ham targ‘ib qilinardi. Millatimning eng nochor hikoyasida ham ota dasturxon boshiga kelib o‘tirmaguncha taomga qo‘l urilmas edi. “Uvoqni isrof qilma, u qushlarning rizqi” degan o‘git mushtdayligimizdan qulog‘imizga quyilgan, ulg‘aygach esa o‘sha o‘gitni olis Daniya qirolligida yashab o‘tgan adib Andersen asarlarida ham ko‘rib hayron qolgan edik. Biroq ular biz ulg‘ayayotgan davrning emas, ortda qolgan yuz yillikning adiblari-ku? Ha, ziddiyatlar g‘oyat kuchli edi. Mustabid tuzumning bahaybat tashviqot dastgohi onglarni qayta ishlab, mahsulot holida o‘ramlab chiqarib tashlayotgan, ozod o‘lkalarning daho-yu iste’dodlari esa “dunyo – bema’nidir” degan xulosaga kelgan, turli mintaqalarda keskin ziddiyatlar, po‘rtanalar, qalqishlar ro‘y berayotgan bir davrda yopirilib kelayotgan texnologik kelajak qarshisida olam kishilari o‘z ruhiga tayanch va taskin bo‘la oladigan nimanidir xuddi o‘smir kabi talpinib izlar ekan, savollar yanada ko‘payardi. Vaholanki, inson har yerda ham inson edi – dunyoning qaeriga bormang, bir yigit-qizning o‘rtasida sevgi-muhabbat kurtak yozar, qovushgan juftlar farzand istagida orzumand yashar, dunyoga kelgan chaqaloqning atak-chechagiga qarab sevinish dunyoning har yerida birday zavqiyob va taskinli ekan, katta yoshli kishilar orasida ziddiyatlarning paydo bo‘lishi aqlni shoshirardi... Millatimning qahramonlari – ezgin, o‘ksik, kamtar, ammo olijanob oddiy kishilar o‘sha dovdirashlarga hayrat va sodda nigoh bilan boqib turar edi... xuddi o‘zimiz ham o‘smirona tafakkur yuksalishi davrida bilgisiz hayratlar ichra termilganimizday. Yana o‘sha hodisa takror ro‘y bermoqda edi – ijtimoiy asarlar miyaning g‘o‘ddalari ustidan sidirilib o‘tar, singmas, ammo milliy ruhiyatning birgina jilvasi pinhon asarlarni kishilar talashib o‘qirdi. Bularning barini – Xudoyim ato etgan o‘smirona sof va och, ammo allaqachon kengayishga ulgurgan tasavvurlarni aql sarhisob qilmoqda va o‘zicha xulosalamoqda edi.
“Meni ham turtib qo‘y, erta uyg‘onsang...” demoqda edik bir-birimizga.
“Tun shamoli esayotgan ko‘chalar asabimni tinchlantirdi, me’damdagi og‘riq pasaydi... Ichimda tazarru istagi paydo bo‘ldi. Lekin mening tavbam nafaqat o‘zim uchun, balki oilam uchun ham fojiali yakunlanishi mumkin edi. Bundan tashqari, o‘sha istagimning samimiyligiga ham shubham bor edi. Qaniydi, asablarim har bir sog‘lom kishiniki kabi bo‘lsa... Lekin, buning uchun Madridgami, Rio-de-Janeyrogami, Samarqandgami jo‘nashim kerak...”, deb yozadi buyuk yapon yozuvchisi, Nobel mukofoti sohibi Ryunoske Akutagava umr shomida yozgan hikoyalaridan birida. U G‘oya izlagan edi! Butun umri bo‘yi haqiqatan ham ichidagi tashna istakni qondirish uchun turli-tuman usullarni qo‘llab, turli ruh vaziyatlarini tahlil qilib ko‘rgach... dunyoning ikki ulkan beshigi – yo Andalusiyaga, yo Samarqandga ketsam... taskin topa olarmikinman, demoqda edi.
Sabab? Samarqandda tafakkur, g‘oya va Akutagava umr bo‘yi izlagan savollarga Javob bor edi!
Dunyoning tersligini ko‘ringki, o‘sha kezlarda Samarqand, keyinroq biz o‘smir yoshimizda his qilganimiz mubham fojiaga yuz tuta boshlagan, tafakkur yog‘dusi zulmat qa’rida so‘nayotgan, adib borish va taskin topishni orzulagan ulug‘ va azim shahar mustamlaka botqog‘iga bota boshlagan edi...
Tafakkur qilish uchun xomashyoning ko‘pligidan aql shoshishini ko‘ryapsizmi? Dunyoning ulkan adiblari Yo‘lni taxmin qilgan va ko‘rsatgan, tafakkuri yo‘l izlayotgan sanoqsiz kishilar selday bo‘lib u taxminlar sari oqa boshlagan edi.
Vaholanki, xasta Akutagava izlagan yo‘l bizga bolalikdanoq tanish edi!
Bolalarga xos idrok etilmagan vatanparvarlik haqida so‘z yuritganimizday, u yo‘l ham qoshu qabog‘imiz orasida bo‘lsa-da, anglab yetilmagan edi. Oradan yuz yilga yaqin vaqt o‘tgach, yapon mutafakkiri borishni orzulagan ikki shaharning birida – Rio-de-Janeyroda tug‘ilib voyaga yetgan yana bir mashhur adib – hozir oltmish besh yoshni qoralagan Paulo Koelo umrining shomida “Najot – Sharqdadir”, degan to‘xtamga keldi. Bizlar ulg‘aydik, yoshlikning asov shiddatlari susaydi, tamkin va hikmat istar aql to‘lishdi. Talaba ekanimizda, “Insoniyat tarixi Bodlerning bir misra she’riga arzimaydi”, degan gap ko‘p tilga olinar edi. U bir misraning qaysi she’rdan ekani noma’lum. Ulug‘ bobomiz hazrat Alisher Navoiy esa sokin o‘ychanlik ila aytadilar:
Tuxm yerga kirib chechak bo‘ldi,
Qurt jondin kechib ipak bo‘ldi.
Lola tuxmicha g‘ayrating yo‘qmu,
Ipak qurticha himmating yo‘qmu?
Shu tariqa, insoniyatning butun tarixi ulug‘larimizning bitta misrasidagi hikmat ila xulosalanganini sezib qolamiz. “Bodlerning bir misrasiga arzimaydi” degan iddaoga qarama-qarshi o‘laroq, hazrat misrasida iddao sezilmaydi. Dunyo yasanib bezak taqdi, gullar ochildi. Sen ham dunyo dalasida shunday ochilding. Daraxt meva tugdi, gul ifor taratdi. Sanog‘i yo‘q shu turfaliklar ichida hatto yer tubida o‘rmalab yuradigan, yemishi tut bargidan boshqa narsa bo‘lmagan ko‘r qurt ham jonidan kechib ipak bo‘ldi, xo‘sh, sen nima qilding?!
Inson hayoti yoki ma’naviyatida chuqur iz qoldirgan kitoblar haqida yaxlit fikr aytish shu sababdan ham qiyin. Asarlar o‘qilib, vazifasini ado etib bo‘ldi. Kitoblar eskirib, titildi. Shundan keyin xotirada to‘satdan... kitob qolmaganini, balki uning yaratuvchisi bilan u bunyod etgan ma’no qolganini sezish mumkin. Jismlar g‘oyib bo‘ladi, adib ismi muqovaga, fikri esa sahifalarga aylanganiday.
Yana shuni aytgan bo‘lardimki, har bir ijodkorning adabiy umrida hech bo‘lmasa bitta yarq etgan misra yoki obraz albatta topiladi. Iste’dodning quvvatiga qarab, bunday misralar ko‘p yoki kam bo‘lishi mumkin. Umuman, asarning yaratilishi – g‘alati hodisa. Badiiy asar o‘quvchini boshqa dunyoga yetaklab kiradi, olamning mazmun-mohiyatini ko‘rsatib beradi, deganlari – jo‘n gaplar. Chunki asardagi so‘z, misra, tashbeh, holat, manzara turli kishilar ongida ularning bilimi va hassosiyatiga yarashagina ma’no hosil qiladi. Endi... Qodiriyning “Jinlar bazmi” hikoyasidagi musiqaning sira musiqa emasligini, Oybekning na’matagi oddiy buta emasligini yaxshi bilamiz. Fikr nurida ko‘p qirrali injuning boshqa jilvalarini ko‘ra boshlaymiz.
Tafakkur shamollari tepamizdan, yon-verimizdan haybat solib esib o‘tayotir. Sochlarimizdan yulqilab, ko‘zlarimizga qum misol tiqilib achishtirmoqda. Shamolda har narsa o‘z holicha tovush chiqara boshlaydi. Bu shamollar zabtida har birimiz o‘zimizcha ovoz chiqargan bo‘lsak, ne tong! Turli falsafiy oqimlarning g‘oyalarini aks ettirgan turfa qahramonlarning bari hozir aqlning uzoqroq bir burchagiga supurilib, o‘sha yerdan g‘aribona, muztar boqib turganday.
Endilikda... “dunyoga begonaligi” bois behuda qatl etilgan Mersodan to Buendiagacha bir vaqtlar o‘zgacha fikr yuritishi bilan bizni hayratga solgan turli-tuman g‘alati obrazlarga boshqacha qarashimiz ham bor gap.
Sababi, bizlar ham Alisher Navoiyning yoxud boshqa aziz va jonajon salaflarimizning bor-yo‘g‘i birgina misrasidagi hayotbaxsh ma’noni anglab qolgan bo‘lsak, ne ajab? Egotsentrizm va imonsizlik talvasalari aro har turli shakkokona taxminini asar qilib aqllarga ro‘para etgan turli adiblardan farqli o‘laroq, bizning iste’dodlarimiz insonning dunyodagi o‘rniyu vazifasi haqida ochiq-yaqqol va sog‘lom o‘gitlar bera olgan, Yo‘lning nima ekanini allaqachon ko‘rsatib ulgurganidan bir sevinsam, bir hayratga tushaman.
Durdonalar esa jilvasini qo‘ymaydi. “Xokko‘zaning dalasidan anqiyotgan yangi sog‘ilgan sut va beda isi” to‘satdan dimoqqa urilganday bo‘ladi. Tong saharda yangi kesilgan va dastalangan tut barglarining isini ham tuyganday bo‘lamiz. Fikr g‘avvosi tafakkur teranliklariga sho‘ng‘ib, qay durni olib chiqishini bilmay hayratga tushadi. Ha, marvarid donalari ko‘p qirrali, har qirrasi o‘zgacha jilvalanadi. “Devoni lug‘otit-turk”dan to tengdosh-ruhdosh adiblarimizning asarlarigacha – bari, barchasini ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylashimiz kerakligini tushunganday bo‘lamiz. “Meni ham turtib qo‘y, erta uyg‘onsang”, deydi uyquga ketayotgan ikki o‘smirdan biri sherigiga. U ikki o‘smir fikr g‘orining zulmati ichra balki oradan bir necha asr o‘tgachgina uyg‘onishi mumkinligini xayoliga ham keltirmay uyquga cho‘madi.. .
Haqiqatan ham, har kishi o‘zi uchun yo‘l kashf etadi. Alvon bulutlar tomonga uzanib ketgan, ikki cheti, urug‘larini sochib yuborgan va kuchli islar taratayotgan, maysalarga to‘la tafakkur so‘qmog‘idan shu tariqa quyosh botayotgan taraflarga ravona bo‘lmoqdamiz. Va bir qur alanglaganimizda ko‘ramizki, o‘zimiz bilan olib ketayotganimiz – faqat ma’nolar ekan, xolos.
Saldan keyin daydi shamol u san’at asarini yana qaygadir eltadi. Bo‘y cho‘zgan daraxtzoru ekinzorlar uzra shom qo‘na boshlaydi. To‘rning iplari qay bir yashil buta yoki og‘ochning shoxchalariga ilashib qoladi. O‘rgimchak ip ilashib qolgan yaproqqa juda sekinlik bilan, o‘rmalab chiqib boradi. O‘sha yerda bir ozgina tin oladi.
So‘ng yaproq ostiga joylashib olib, sabru toqat bilan yana tong otishini kuta boshlaydi.
Tun o‘tib, to‘q ko‘k tusli osmon asta-sekin yorishib, qaylardandir yelib kelayotgan olovrang nurlarning shafaqi ko‘rina boshlaganida... o‘sha qunt va tirishqoqlik ila nozik va hafif ajoyib san’atini – to‘rini qaytadan to‘qishga tushadi...
Yodingizda bo‘lsa, nomi tilga olingan buyuk yapon adibi dunyoga mashhur hikoyasini “Jannatda tong mahali edi” deb boshlagan edi.
Kim bilsin, ne-ne og‘ir gunohlarni sodir etgan osiy banda – Kandata bosishga jur’at etolmagan va insoniyatga hukmi adolatning inja tasvirini hadya etgan o‘rgimchak balki mana shudir!

«Tafakkur» jurnali, 3-son, 2012.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.