OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isajon Sulton. Ona yurt (hikoya)

Bu hikoya – odamlar, voqealar, hodisalar haqida emas.Bu hikoyaning qahramoni – qishloq. Ha, aynan qishloq.

U nozlanadi, chappar uradi, bag‘rida borini muhayyo qiladi, goho to‘rsayib-xo‘mrayadi, xullas, bir tirik jonzot nimaiki qila olsa, barini u ham qiladi.

Avvallari uning o‘z fe’l-atvori, injiqliklari borligini bilmas ekanman, endi o‘ylasam, bir jonlidan sira kam emas – yaslangan bog‘u rog‘lari, o‘ynab oqqan ravon suvlari, bepoyon dalalariyu sinchli uylari bilan allaqachon tilga kirib, menga bir nimalarni so‘zlab ham ulguribdi.

* * *

Bir mahallar uning bag‘ri qaynoq, quyoshi jazirama, suvi kumush, o‘zi g‘oyat saxiy edi. Yozning issiq, dim kechalarida bedazorlar, ekin yerlari, tut shoxlariyu chang bosgan uzumzorlar uzra yengil shom qo‘nganida, uylardan chiqayotgan elas-elas shovur musiqasini xotiramga yozib olgan ekanman. Ayvonimizda simga osig‘liq eski radio bo‘lar edi, ota ishdan kelgan, singillar so‘riga qizil yo‘lli dasturxonni yozib bo‘lishgan, qaydandir piyozdog‘ isi, bolalar qiy-chuvi kelar, ajoyib bir ohang taralardi:

Barnolar ichra barno, Ra’no,
Gulmisan, gulyormisan?
Hamma gullardan a’lo, Ra’no...

Shu shom mahali oppoq gullagan o‘rik oqarib ko‘zni quvontirsa, isini shabada atrofga yoysa, daladan qaytayotgan chopiqchilarning qiyqirishlari, sigir ma’rashiyu paqir darangi ham eshitilar, chunki ko‘pchilik kuniga ikki mahal sigir sog‘ardi. Havoda sut isi ham anqib ketardi, sigir chelakni tepib ag‘dargan bo‘lsa kerak...

Tomga tirab qo‘yilgan eski shoti, bir chetda yotgan arava gupchagi, qishloq chetidagi yovvoyi qamishu qovg‘alar orasida beozor jonzotlar quvnab o‘ynab yurishganday tuyulishi, bularning bari oy nuri elangan kechalarda xonadonlarga kirib kelib beozor mo‘ralashi qiziq. Odamlar daraxtlarga, hayvonlarga gapirishgani undan ham ajoyib. Sut to‘la paqirni tepib ag‘dargan sigirni xuddi odamday koyigan, shivalab ezib yoqqan yomg‘irlarga, shamollarga, jaziramalarga so‘zlagan kishilar bo‘lar edi. Yomg‘irlari yoqimli, to‘nka ko‘chirar shamollari ham o‘ynab-quvnab esganday, hatto qishda qalin yoqqan qorlari ham iliqday taassurot qoldiribdi.

U mahallar ko‘chalar hozirgiday tekis va ravon emas, kuzu qishda loy-botqoq bo‘lib yotardi. Bahor bo‘tanalarida daraxt gullari oqib kelgani, dahanaga to‘planib, girdoblarda chir-chir aylanganlari – hammasi yodimga muhrlangan.

Qishloqning yana bir ajoyiboti shunda ediki, qayga o‘ynab ketsak ham u yerda bir tanish kishi chiqar edi. Dalalar adog‘ida bepoyon bog‘lar bo‘lardi, mevalarining ta’mi hozir benihoya shirin tuyuladi. Hali pishib ulgurmagan xom mevalarining suvini oqiza-oqiza yer ekanmiz, bog‘ qorovuli yo ishchisi kelib qolsa uni tanirdik, yoki u bizni tanib olib “Hoy Falonchining bolasi, otangga aytaman”deb po‘pisa qilardi. Bir kuni yosh bolalar o‘ynab boshqa qishloqqa borib qolganimizda u yerdagi begonaliklarni ko‘rib hayron bo‘lganimiz ham esimda. Boshqa qishloqda bironta tanish kishini uchratmadik, odamlari ham bizni tanishmadi, qaytanga “Kimning bolasisan? Bu yerlarda nima qilib yuribsan?” deya koyib berishdi, qadrdon qishlog‘imizga qaytganimizda o‘zimiz bilgan tuprog‘i upaday ko‘chalar, issiqda hansiragan ekinzor dalalarga yetib olib suyunganlarimiz ham esimda. Endi bilsam, o‘zining qadrini yosh ongimga o‘sha tarz ro‘para qilgan ekan.

Odamlar qishloq bilan uyg‘unlashib ketganini ham aytaymi? Kuchukchasini zambilga solib ko‘tarib ketayotgan, qum o‘ynab o‘tirgan yoki daraxt shoxlariga chiqib osmonga qarab qichqirayotgan bolachalar, keng guldor ko‘ylak kiyib olgan juvonlar, jamalaksoch qizchalar, mo‘ylovi endi sabza ura boshlagan, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salom berishni o‘rganib olgan, to‘y-marosimlarda beminnat dastyorlik qiladigan novdaday-novdaday o‘spirinlar... bularning bari qishloqqa yarashig‘li bezak bo‘lib, o‘sha umumiy manzaraga ajoyib bir naqsh bo‘lib tushibdi.

U mahallarning oldi kishilari-chi? Ko‘chalarni to‘ldirib-to‘ldirib, baland ovozda gaplashib turishmasmidi?

* * *

O‘zining qadrini menga rosmanasiga ko‘rsatib qo‘yganida, endigina aqli to‘lishayotgan yigitcha edim.

Bilasizmi, kimnidir sog‘insangiz, xayolingizda u boshqacha bir tarzda namoyon bo‘la boshlaydi. Qiyofasi o‘zgarib qoladi, ko‘nikilgan chizgilar quyuqlashib-yorug‘lashganday tuyuladi, sog‘ingan kishingizning kulishlari, gapirishlari shu qadar suyimli va aziz bo‘lib jonlanadiki, aqlingiz shoshadi. Diydorlashganingizda to‘yib-to‘yib termilib olasiz, keyin sal vaqt o‘tib sog‘inch tashnaligi bosilgach, u siymo xiralashib, yana odatiy qiyofaga aylanadi.

U ham xayolimda ana shunaqa jonlana boshladi.

Gapiradigan bo‘lib jonlanganiga nima dey?

Yo‘q, odamga o‘xshab lison ila gapirmas edi. Turish-turmushi, vaziyati, ko‘rinishining o‘zi ongimga bir nimalarni so‘zlardi.

Qalbimning ich-ichidan sadolanardi-da.

Tushunyapsizmi? Har jihatdan to‘kin, hech nimadan kamchiligi yo‘q bir hayot ichidamanu lekin u yo‘q edi, uning yo‘qligi mana shu to‘kinlik lazzatini ketkizar, yurak o‘sha aziz, qadrdon makonni qo‘msayverardi.

O‘sha ilonizi yo‘llar, oralarida shamol o‘ynagan qamishlar, bog‘lar, daraxt shoxlariga tirmashgan bolakaylar...

* * *

Bu orada, yeru osmon oralig‘ida umr o‘tgani sayin, u qurg‘ur o‘zining qadrini yana ko‘rsatdi.

U goh otam, goh onam, goh sevgili dildor, goh do‘st, goh qavmu qarindosh qiyofalariga kira boshladi. Ana shunaqa tovlanishlari bilan yil o‘tgani sayin meni o‘ziga maftun etib, chorlayverdi.

Ey voh, otam juda mehnatkash, kamsuqum kishi edi. Bahorlarda bizlarni yoniga olib yer chopar, mehnat qilar, hosil yetishtirar... o‘shanda uzum shirasiga yopishib olgan asalarilar yuz-qo‘limni chaqib olganigacha esimda. Hatto o‘sha chaqishlari ham hozir beozor tuyulganiga, zavqimni keltirganiga ne deyin? Otam goho bizlarni yoniga o‘tirg‘izvolib, hayotning notekisliklariyu mushkulotlari haqida nasihatlar qilar edi, qarasam, qishloq ham o‘z tilida o‘shanday nasihatlar qila boshlabdi.

Mehnatdan charchagan ota kabi bir dam horg‘in yonboshlagan, bo‘yi cho‘zilib, kuchga to‘lib kelayotgan o‘g‘illariga bir dam ko‘ngli ko‘tarilib boqqan bo‘lsa ne tong?

Bir borsam, labida men o‘ynagan hovuz yoqasidagi bog‘, shoxlari quyuq tollar, zovur ustiga qurilgan, yog‘och ustiga taxtayu qamish to‘shalib, ustidan tuproq bostirilgan ko‘prik ham, u yerdagi yovvoyi behilar ham yo‘q. Hammayoq saranjom-sarishta, chiroyli, tartibli, ammo men ko‘rgan manzaralar yo‘q-da!

Axir, ular ham allaqancha voqealarga guvoh edilar-ku?

U ko‘prikning qachon qurilganini bilmayman. Ammo nima uchun ongimda manzaralar hosil bo‘lmoqda? Oq yaxtak kiyib olgan kishilarning zovur ustiga xoda tashlab qamish bosishlarini, ketmonni gupillatib urib, ko‘prikka chim bostirishlarini ko‘rayotganim ajab.

* * *

Mana, bahor ham keldi.

Gulto‘kar shamoli bot-bot shiddat urmoqda.

Rostini aytsam, kechalari shamol esganida haliyam tashqariga chiqib ketaman. Ammo yurtimning shamollarini topolmayman. Yomg‘irlar yoqqanida ham chiqib olaman, yuzimni tutsam – tafti boshqa. O‘zimning yomg‘irlarimni shunaqangi sog‘inaman-ki! Hatto tuprog‘i ham boshqa tuyuladi, o‘z tuprog‘im mayinroq, iliqroq, taftliroqday, bunda o‘sadigan o‘tlar zaifroq, rangparroq, o‘z yurtimning tuprog‘i hayotbaxshu jonliroqday, hatto havosi ham mayinroqday tuyuladi.

“Ey shamol, taqir ko‘chalardan esa-esa, xas-cho‘plarni tozalab, uyib ketmasmiding, yana bir bora esaqolsang-chi”, degim keladi.

“Yomg‘irlar, yana bir sharros qo‘ysangiz-chi, gullarni to‘kishingizni-yu suvlarda pufakchalar hosil qilishingizni shu on yana bir ko‘rsaydim!

Bulutlar, uyur-uyur surilib kelsangiz-chi, o‘sha kelishlaringiz ila o‘zga havolarni, bepoyon dashtu tuzning yovvoyi islarini olib kelardingiz-ku, axir?!”

Shunda bilsam, men uning jamolini izlar, qo‘msar ekanman. Razm solsam, u judayam chiroyli ekan!

So‘lim va suluv vodiy aro bir tomoni tog‘lar, bir tomoni dashtu dala uzra yaslangan, gul-chechak taqqan bir nozli suluvday ekan. Mening umrim o‘tgani sayin uning yosharib boraverganiga nima deyin? Hozir hatto kaltak olib mevasini qoqqanim daraxtlarigacha achinaman, o‘shanda ozor berganmikinman, deyman. Tandirlarigacha sog‘inaman, ichida qip-qizil g‘o‘zapoya cho‘g‘i lang‘illagan, uchburchak somsalari, jizza solingan nonlariyu qizarib-bo‘rsillab pishgan patirlarigacha ko‘rgim keladi. Bosib qo‘yilgan g‘o‘zapoya uyumi orasidan bo‘y cho‘zib, bir kechada oppoq gullagan bodom ko‘z oldimda jonlanadi. Kechalari ko‘kda uchgan turnalar o‘zimni shunda qoldirib, xayolimni o‘sha yoqlarga olib ketadi: turnalar qatorida, tepadan turib egilib-buralib oqqan suvlarini, tig‘iz yashil bog‘larini,tuproq yo‘llariniyu shamol supurib ketgan ko‘chalarini ko‘rganday bo‘laveraman.

O‘sha oralarda ingichka, uzun bo‘yli bir o‘smir menga qarab turganga o‘xshaydi.

Yaqinlashib tanib qolaman: u o‘zim bo‘lib chiqadi. Menga o‘ychan boqadi, “Kelsang-chi yonimga” desam, bosh chayqaydi. O‘zgarib ham turadi, goh bolalik o‘rtoqlarimga, goh xolamga, ammamga, qavmu qarindoshlarimga, qo‘shnilarimga, hamyurtlarimga aylanadi.

Meni koyiydi, arazlaydi, ko‘zida yoshi silqiydi, xafa bo‘lib “Nima qilib qo‘yding... o‘zingni?” deb so‘raydi onamning tovushi bilan.

“Mana shu bodom novdasiday gul ochgan chog‘ingda bag‘rimdan uzilib ketgan eding, sog‘indim-ku seni?” deydi xolam kabi.

“Yo‘llarimni oyoq ostingga to‘shay, daraxtlarimni egay, shamolimu yomg‘irim sog‘inch qo‘shiqlarini kuylasinlar desam, bag‘rimda yo‘qsan-ku?” deb chorlaydi meni.

“Seni bilganlarning ko‘pi dunyodan o‘tib ketishdi, ma’rakalarda ko‘rinmading-ku” deb xafa bo‘ladi.

Bir qarasam, sahar eshigimni qoqib kelibdi: yomg‘ir ostida diydirab turibdi. Kirmaysanmi uyga desam, bosh chayqaydi: “Yuraqol... seni olib ketgani keldim. Ammang o‘tib qoldi...”

Bir qarasam, onam bo‘lib tuproq yo‘ldan ortimdan ergashib kelayotir, “Ketma, bolam!” deya...

“Xolang qarib qoldi... o‘zim ham... ketma!..”

Bir qarasam, amakimga aylanibdi, qo‘lida hassasi, yelkasida to‘ni, kaftini ko‘ziga soyabon qilib yo‘limga qarab turibdi: “Bolam, keksaydim, suyaklarim qaqshaydi... kelib bir ko‘rib ketsayding. Kim bilsin, diydor yana nasib qiladimi-yo‘qmi?”

“Qara, bolajon, uzumlarning barglari qip-qizil tus oldi, kuz uni qirmizi rangga bo‘yab qo‘ydi. Orasida husaynilari oltinday tovlanib turibdi. Ikkitasini senga ilinib, qush cho‘qimasin deya latta bilan o‘rab qo‘yganman, og‘zing tegib qolsin deb...”

Ana shunda... o‘sha qushlarim gur etib havoga ko‘tariladi, samoda aylanib charx uradi.

Qishloq esa yig‘laydi.

“Ulug‘larim dunyodan o‘tib ketishdi-ku, sen qaydasan?

Do‘stlaring ham kap-katta kishi bo‘lib qolishdi... ko‘chada ko‘rsam, chopib borib yelkasidan olib so‘rashaman, sen yo‘qligingda o‘shalar ham ko‘zimga o‘tday ko‘rinadi-da.

Hatto osmon ham seni so‘rayotganga o‘xshaydi. “Bir bolang bo‘lardi, quyoshda qoraygan, qoramag‘iz. Shaftoli shoxiga chiqib olib rosa qichqiradiganing... o‘sha qani?” deydi.

Yomg‘irlar izingni so‘rashadi, “suvlarni sochib o‘ynaydigan bolang qayda” deya.

Daraxtlar muztar-muztar turishadi, “mevalarimiz pishganida shoxlarimizni egib-egib yeydiganing yo‘g‘-a?” deb?

Shamollar sadolanishadi: “Esganimizda bizga qo‘shilib qichqirib chopadigan kichkinang nega ko‘rinmayapti?”

Tomga tirab qo‘yilgan eski shoti ham seni so‘rasa, men nima qilay?"

* * *

Jon olg‘uvchi u nozanin ana o‘shanday tarzda ming evrilib, ming o‘rgildi, har safar har xil qiyofada jonlanib, shunaqangi ko‘p narsalarni ongimga ro‘para qildi-ki!

Yo‘qsa, el qatori, oddiy bir qishloq-da, masalan, tog‘ yonbag‘irlarida undan yuz karra suluvroq boshqa qishloqlar ham bor, ammo o‘shaning jilvalari jonimni qiynasa nima qilay?

Kishilar ham allaqachon boshqa qiyofaga kirib olishibdi – hammasi ajoyib, benihoya yaxshi odamlarga aylanishibdi.

Modomiki, yaxshi kuningda quvnab, qiyin kuningda yukingni ko‘targan o‘sha kishilar qatorida emas ekanman, bir kuni shamolingga aylanib ustingdan yelib o‘tarman, munisim!

“O‘g‘ilginam shamol bo‘lib keldi” deb suyunarsan, o‘tloqlaringga qo‘ngan shudring misoli ko‘z yoshlaring aro.

Shamolga aylanganimda, o‘zimning uyur-uyur bulutlarimni ham surib kelarman, unumdor tuprog‘ing uzra hech bo‘lmasa yomg‘ir bo‘lib yog‘ay deb?

Yomg‘ir oldidan bir nafasga hamma yoq jimib qoladi. Bilaman, hozir ham shunday: qaqragan tandirlar, sarg‘aya boshlagan ekinlar, turli-tuman mevaliyu mevasiz daraxtlar, o‘tlar, qushlar... hammasi hayotbaxsh yomg‘ir yog‘saydi deb bir nafas jim qolishganday.

Ana shunda men ham yog‘a boshlarman tuproqlaring uzra, bag‘ringga tamomila singib ketish uchun!

Bir kuni shu qadrdon tuprog‘ing uzra bir o‘t, bir maysa bo‘lib unib chiqish uchun... azizim mening!

Ana o‘shanda... yana bir jonbaxsh qo‘shiq taralar, oq gullarga burkangan novdalarni egib-egib, gulkosalarni to‘kib-to‘kib, suvlar ustida kichkina pufakchalar hosil kilib-qilib yog‘uvchi yomg‘irning salqin epkinlari, turli-tuman gul-chechak islari aro, tuproqko‘chalar, baland teraklar, paxsaliyu somon suvoqli uylar uzra.

Axir, yoqimli u yomg‘ir allaqachon yog‘a boshladi-ku, sezmayapsizmi?

Barnolar ichra barno, Ra’no,
Gulmisan, gulyormisan,
Hamma gullardan a’lo, Ra’no...

2014

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.