OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isajon Sulton. Otamga nimadir bo‘ldi... (hikoya)

Men judayam kichkina bolaman. Bo‘yim endigina otamning tizzasiga yetgan.

Otam juda quvvatli, kaftlari ulkan-ulkan. Yo‘g‘on barmoqlaridan tutib, otamga boshimni burib qarayman.

Mevalar pishsa, yelkasiga chiqib olaman, daraxtning ho‘v uchidagilargayam qo‘lim yetadigan bo‘pqoladi.

Tungi yulduzlar bodroqday sochilgan. Otamning yelkasiga chiqib olsamu o‘zim yana picha o‘ssam, ularniyam to‘plab olaveraman.

Xudo yulduzlarning ortida. U juda mehribon, yer yuzini o‘sha joylardan turib kuzatadi.

U otamgayam, onamgayam mehribon. Shu tufayli bizni ularga farzand qilib bergan.

Otam ham mehribon. Lekin, olislarga ishlagani ketmoqchi.

“Otam ketmasin” deyman onamga.

Onam aytadiki, ketmasa bo‘lmaydi-da, toyim. Senlarni boqib qatta qilish kerak, shuncha tashvishni qanday eplasin?

Otam o‘sha olisdagi o‘lkalar haqida hikoya qilib beradi. Yo‘l yurarmish, yo‘l yursayam mo‘l yurarmish. U yoqlarda rosa qorlar yog‘ar ekan. Oq ayiqlar bo‘kirib yurarmish... Odamlari muzdan kulba qurib yashar emishlar.

Ayiqlari yoqqan qorlari tufayli oq bo‘lsa, unda devlariyam oqdir? Oq dev degani o‘sha yoqlarda yashasa-chi? Muz ba’zan och-ko‘kish tusda bo‘ladi, balki ko‘k dev ham bordir?

Bir necha kundirki, xayolimda shu o‘ylar. Uyimizga kimlardir kelishadi, maslahatlashishadi, keyin otam onam bilan uzoq-uzoq gaplashadi, men quloq solib yotaman. Pechkada o‘tin chirsillaydi, ba’zan nam novda vishillagan ovoz chiqaradi, shunda xivichdan otilib chiqayotgan ingichka bug‘ oqimi ko‘z oldimga keladi. Ko‘pincha uzum novdasi shunaqa sas chiqaradi, boshqa o‘tinlar gurillamaydi, ammo yonganidagi tovushi har xil bo‘ladi. O‘sha turfa tovushlargayam quloq solib yotaveramanu uxlab qolaman.

Tush ko‘raman.

Sigirimizning biri och, biri to‘qmish. Och sigirimiz to‘q sigirimizni yer emish.

Yerimiz tap-taqir, bittagina boshoq o‘sib chiqqanmish, xolos.

Uyimizdan otlar chiqib ketishayotganmish, hammasi baland bo‘yli, yollari hilpiragan, ammo egarlari bo‘m-bo‘sh otlar...


* * *

Nihoyat, otamning ketar kuni bo‘ldi. Yerlarni qirov bosdi. Qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ yig‘ildi. Yerqozonda ovqat pishirdik. Men eski o‘tinlarning issig‘ida isinib o‘tirdim. Yog‘lari qalqib-qalqib sho‘rva pishdi, kishilar non botirib, maqtab-maqtab yeyishdi, keyin duo qilib ketishdi.

Onam katta xaltaga non, talqon, tutmayiz soldi. Otam ayvonda o‘tirar edi.

- Ota, - dedim. - Bo‘ynoqni bostirmaga boylab qo‘yaylik, qachonki oldidagi suv aynib qolsa, kuchuk yer tishlab irillayversa, sizga bir nima bo‘lganini shundan bilib olamiz. Keyin o‘zim borib sizni qutqarib kelaman.

Otam kuldi, katta kafti bilan boshimni siladi, quchoqladi:

- Mayli, aytganingdek bo‘laqolsin, ammo kuchuk sho‘rlikni qiynab nima qilasan? - dedi. - Kechqurunlari boylab qo‘yaqol, kunduzlari o‘ynasin.

Men ko‘ndim.

Bo‘ynoqni chaqirdim, dumini likillatib keldi. Bu - yaxshi kuchuk, ovqat so‘ramaydi, dasturxon qoqqanimizda o‘sha yerda o‘ralashib uvoqlarni terib yeydi. Begona birovni uyimizga yaqinlashtirmaydi. Opam maktabga jo‘nasa, ortidan oborib tashlab keladi, o‘qishidan chiqishiga ham borib kutib turadi.

Men Bo‘ynoqning aqlli ekanini bilaman.

Otam to‘g‘ri aytdi. Kunduzi zanjirlab qo‘ysam, opamni kim maktabga oboradi?

Bo‘ynoqni bostirmaga boyladim, oldiga eski chatnoq kosada suv qo‘ydim. “Shu suvga endi o‘zing qarab turgin” deb tayinladim.

Kech tusha boshlagach, gurillab qo‘shnimizning eski arobasi keldi. Otam xayr-xo‘shlashib arobaga mindi, u ortidan ko‘k tutun chiqarib jo‘nab ketdi.

Qo‘limni silkitib turaverdim, ammo otam ortiga qayrilib qaramadi.

Shu tariqa, uyimiz huvillab qoldi.

* * *

Ertasiga yana qirovlar tushdi. Indiniga ham. Har kuni tushaverdi.

O‘sha kundan boshlab uyimiz issiq bo‘lmay qoldi. Otam borligida haroratli bo‘lardi. To‘niga o‘ranib choy ichib, televizor ko‘rib o‘tirar, goh tizzasiga urib, baqirib-baqirib kular ham edi. Men bag‘riga kirib olardim. Goho turib pechkadagi olovga o‘tin tashlab qo‘yardi. Qutidagi nonlarni pechka ustiga qo‘yib ilitsa, isi hammayoqni tutib ketardi.

Otam ketgach, kuchukka mehrim oshdi. Oldidagi suvini har kuni yangilayman, non beraman. Behi ham bergan edim, yegisi kelmadi. Atay suviga diqqat bilan qarayman: top-toza, tiniq bo‘ladi. Xursand bo‘lamanu to‘kib tashlab, ariqdan boshqa suv opkelib solaman.

Otam o‘sha olislarga yetib bordimikin, deb o‘ylayman.

U yoqlarni juda sovuq deyishadi. Otam bir mahallar yoshligida o‘sha yoqlarda askar bo‘lgan ekan. Ikki-uchta po‘stinni ustma-ust kiyib yurardik, deganlari esimda. Otam ketgan tomonlarda dev bo‘lmasa kerak. Dev unaqa sovuq joylarda yashay olmaydi, chunki po‘stini yo‘q. U yoqlarda oq ayiqlar bilan uzun shoxli bug‘ular yasharmish.

Ha, u yoqlarda dev nima qilsin? Dev o‘zimizni tomonlarda bo‘ladi. Ishlamaydi, bahaybat gavdasini lo‘killatib, qorni ochganida g‘oridan chiqib keladi, tevarakdagi qishloqlarning odamlarini qo‘rqitib, qornini to‘yg‘izadi. Devning kiyimi ham yo‘q, beliga lungi boylab, yalangoyoq yuradi. Xotini ham, bolalari ham bo‘lmaydi. Buning ustiga anchayin ahmoq, yeb-ichishdan boshqa dardi yo‘q, Bo‘ynoqchalik ham foydasi tegmaydi. Qora kunimga yarab qolar deb odam g‘amlashiyam mumkin. Ochqaganida chetan ichiga qamab qo‘yilgan odamlardan birontasini yegani enkayib keladi, shunda odamlar “Men oriq, u semiz” deb har tomonga qochishadi.

Otam u yoqlarda nima qilar ekan? Qo‘llari sovqotib daraxt kesar? Har qancha urinsam ham tasavvurim u manzaralarni jonlantirolmaydi. Unda-bunda eshitganlarim birlashib, tushunarsiz manzaralar hosil qiladi. O‘rmonlari bepoyon emish. Yuz yil yursang ham tugamasmish. Qiziq, otam nima uchun ularga uy qurib berar ekan, o‘zlari qurolmaydimi? Yo‘q, bizlarnikiday uy qurishni bilishmasmish, o‘shan-chun muzni o‘yib, ichiga kirib yashasharmish. Otam ularga uy qurishni o‘rgatib, keyin qaytib kelsa bo‘lmasmikin?

Bo‘ynoq har oqshom dumini likillatib oldimga keladi. Otam ketganidan beri u bilan o‘ynamayman. Menga hayron bo‘lib qaraydi, o‘ynagisi keladi-da. Aytdim-ku rosa aqlli deb. Bostirmaga oborsam, yerda yotgan zanjirini tishlab ko‘tarib, boshini tiqmoqchi bo‘ladi. Biladi-da ertalabgacha tutqunda yotishini. Keyin oldidagi suviga qarayman – yo‘q, aynimabdi. Suyunib, sakrab-sakrab chopaman.


* * *
Oradan kunlar o‘tdi.

Bir kecha Bo‘ynoq duyoni buzguday bo‘lib g‘ingshib chiqdi.

Osmonda oy suzar edi. Mayda taram bulutlarni yoritib, sovuq samoda tanho suzaverdi.

Bo‘ynoq sira tinchimadi.

Yugurib borib, sahar yorug‘ida qarasam, yaloqdagi suv aynib qolibdi!

Endi nima qildim? Otamga bir nima bo‘ldimi?

Bo‘ynoqni bo‘shatsam, yer timdalab g‘ingshiyverdi. Otamni izini iskab tomorqalarni aylanib qur chopib chiqar, darvoza oldiga borib ko‘chaga, dala-tuzga mo‘ralar, qaytib kelib, shimimdan tishlab tortqilayverardi sho‘rlik.

Uyga kirsam, kosadagi suv ham aynib qolibdi.

- Aka, - dedim. - Otamga nimadir bo‘ldi.

- Yo‘g‘-e, - dedi akam. – Esing joyidami?

- Yo‘q, aka. Otamga rostdan ham bir nima bo‘ldi, chunki Bo‘ynoqning oldidagi suv aynib qoldi.

- Bo‘lmag‘ur gapni qo‘ysang-chi.

- Aka, e’tibor bersang-chi. Uydagi bor tartib otam tufayli edi. O‘zi uzoqda bo‘lsayam begona qushlar ekinga kelmas edi. Endi esa, ko‘ryapsanmi, juxorilarni yovvoyi qushlar bosdi. Menimcha, otamga bir nima bo‘ldi.

Razm soldingmi, bir kechada etakdagi burgan bilan sho‘ra o‘sib ketdi. Mevali daraxtlarga qaradingmi? Behi meva solgan joyida bujmayib qoldi. Shaftoli mevalarini to‘kib yubordi. Uzumlar chiridi. Aka, uyimizdan bir nima ketib qoldi. Chunki, otamga nimadir bo‘ldi!

Axir, razm solsang-chi! Opam siniq oynaga qarab, siniq taroq bilan soch taraydigan odat chiqardi. Jon aka, sen kuchlisan, otamning o‘rnidasan, o‘rtoqlaring bilan chiqib ketib qosh qorayganda qaytguncha ro‘zg‘orga qarasang-chi. Axir, otamga bir nima bo‘ldi!

Qo‘shni suvni o‘ziga burib oldi, makkalarimiz suv icholmay rangi ketdi. Kecha kelayotsam, eshigimizni tagiga kimdir po‘choq tashlab o‘tibdi. Uyning suvog‘i sho‘rlashib ko‘chib tushdi, birov sidirib-to‘plab, suvab qo‘ymadi. O‘sha yerdan ham sho‘ralar o‘sib chiqdi.

Yana aytaymi, aka? Etakdagi bobom ekkan nok qurib qolganini sezmadingmi? Yuz yildan beri bir xilda meva solardi, shu bir-ikki kun ichida barglarini to‘kib yubordi, pastda, yerga yaqin shoxida bittagina novdasi qoldi, xolos.

Onam non yopsa, nonlari oqib-qiyshayib ketyapti-ku? Ovqat qilsa tuzi sho‘r-ku? Tuz-namagini totganida ko‘zini yoshi oqib qozonga tushganini necha marta ko‘rdim-ku? Ovqatlarni ta’mi ham o‘zgarib qoldi, yesam, lazzati yo‘q. Har narsadan ta’m ketib qoldi. Kir yuvsa ko‘pirmayapti-ku? Hovli supursa yana xas bosib, yovvoyi o‘tlar o‘syapti. Makkalar pishmadi-ku? O‘tlar qurib qoldi-ku?

Imorat ham cho‘kdi, payqayapsanmi?

Aka, yana tush ko‘rdim, tushimda sigirimizning biri och, biri to‘qmish. Och sigirimiz to‘q sigirimizni yer emish.

Dalamiz tap-taqir, bittagina boshoq o‘sib chiqqanmish, xolos.

Uyimizdan otlar chiqib ketishayotganmish, hammasi baland-baland, yollari hilpiragan, ammo egarlari bo‘m-bo‘sh otlar.

Qara, axir, ukam tandir boshiga borib, og‘ziga boshini tiqib otamni chaqiryapti, xavotirlanmayapsanmi?

Bo‘ynog‘im, nimaga bo‘yningni yerga ishqab menga javdiraysan? Qo‘limdan bir nima kelarmidi? Nimaga meni tortqilab qaylargadir undaysan, ingranib uvillaysan?

Ey Xudo, bu ahvolga biror chora bormi?

* * *

Bu – olti yoshga kirib-kirmagan, ota oilasini sensiragani bois hammani sensirab gapiradigan, faqat otasinigina sizlaydigan bolakay edi. Sensirasa kishilar achchiqlanishmasdi, qaytanga jilmayib qo‘yishardi.

Endi xayolan otasiga gapirardi.

“Endi kelaqoling, jon ota”, der edi.

“Kelmasangiz sira bo‘lmaydi.

Ketganingizga qancha bo‘ldi-yu!

Onam bilan yerlarni chopib ekin ekmoqchi bo‘ldik, bir suv kelsa, bir kelmadi, hammayoqni o‘t bosdi, ammo ekin bitmadi. Sizsiz baraka ketib qoldi.

Akam borib suv ochib kelar bo‘ldi, uch-to‘rt kun urindi, birov suv bermadi. Kap-katta kishilar bolani haqini yeb qo‘yishdi. Siz bo‘lganingizda ular hayiqar edilar.

Dov-daraxt meva solmay qo‘ydi. Har yoqni sho‘r bosdi.

Sigirlarimiz ozib ketdi, qaraydigan odam topilmadi.

Ota, akam ham, onam ham bilishmaydi, ammo men bilib turibman-ku. Siz kelsangiz, daraxtlarimiz dunyoni mevasini tugadi, bozorga opchiqib sotaveramiz-sotaveramiz, axiyri boyib ketamiz.

Siz kelsangiz, yerimiz mo‘l-ko‘l hosil beradi, ularni qoplab bosib qo‘yamiz. Sigirimiz olamjahon sut-qaymoq beradi. Uy ham qaddini ko‘taradi, ko‘kragini kerib savlat to‘kib turadi. Egam keldi deb suyunadi-da.

Siz uyda bo‘lsangiz, u qasr bo‘pketadi. Uyam boshqa uylarga maqtanadi, qara, egamni savlatini ko‘r, deya.

Kelaqoling, otajon. Yelkangizga minib olay, ko‘kdagi yulduzlarga qo‘lim yetadigan bo‘lsin, istaganimni bodroqday qilib uzib olaveray. Yulduz nimasi, Oyga ham qo‘lim yetar bo‘lsin.

Uka, kecha tandir oldiga borib otamni chaqirding-a? Bekor qilding, tandirga bosh tiqib chaqirsang, otam eshitmaydi. Etakda katta tol bor, o‘shani kavagiga og‘zingni tutib “Otajon”desang keladi.

Yur, ukajon, o‘sha tolni oldiga. Ikkalamiz birin-ketin chaqiramiz.

Otam yaxshi ko‘radigan tol u. Kavagida shamol o‘tiradi, biz chaqirsak, sasimizni uzoqlarga olib ketadi. To otamning qulog‘iga yetmaguncha uchaveradi. Shamol tandirga kirgani qo‘rqadi, chunki unga olov yoqiladi-da...

Yuraqol, birgalashib chaqirsak, otam albatta eshitadi...

* * *

Yana kun o‘tdi.

Ertalab ona barvaqt turdi. Borib mol-holga o‘t soldi, nonushta tayyorladi. Keyin bolalarimni uyg‘ota qolay deb ichkari uyga kirib ovoz berdi.

Qarasa, o‘rtanchasi joyida yo‘q.

“Voy o‘lay, - dedi. - Hoy, ukang qani?”

“Bilmadim” dedi kattasi, ko‘zlarini ishqalab.

Hovliga chiqib alanglab atrofga qaradi, nigohi har tarafni tentirab kezib chiqdi. Bola ko‘rinmas, bostirma ostidagi zanjir bo‘m-bo‘sh, kuchuk ham yo‘q edi.

“Voy, o‘libgina qo‘yaqolay, - dedi o‘takasi yorilguday bo‘lib. - Hoy bolam, qaydasan?”

Birov sas bermas edi.

“Jon bolam, qaylardasan?”

* * *

U mahalda ota, qora sovuqlarda tirishib mehnat qila-qila, nihoyat, madori qurib, qattiq isitmalab yotib qolgan edi.

Isitma olgan odam o‘zini ustida yuzlab zil-zambil toshlar borday his qiladi. Suyaklari qaqshab og‘riydi. Qaraydigan odam yo‘q, sheriklari uni qoldirib, ishga ketishgan. Rosa bo‘ralab qor yoqqan edi, shu isitma aro derazaga qor zarralarining shitirlab urilishigacha eshitib turibdi.

Bir mahal g‘uvillab shamol esaverdi. Derazaning ko‘zi singan, o‘rniga qalin suvqog‘oz tutib qo‘yilgan edi, o‘sha yerdan kirib keldi. Tolbarglarining to‘kilgan saslarini olib kelib qulog‘iga urdi, makkapoyalar shitirini, mol-qo‘ylarning ba’rashini, o‘sha saslar aro kichkinasining ovozini ham olib keldi u.

“Otajo-o-n” degan zaif, ingichka, yolvorish to‘la sas!

Ovozda ham ko‘z yoshlari bo‘lar ekan-da? U sas to‘la ko‘z yoshi edi.

Ko‘z yoshining isi ham bo‘lar ekan-da? U is bolasiningho‘l sochidan keladigan isga o‘xshardi.

Turay deydiyu turolmaydi, sira madori yo‘q.

Bir mahal qarasa, eshik ochilib o‘rtanchasi kirib kelyapti. Shu sovuqda, yupqa ko‘ylakda! Qo‘lidagi do‘ppisida bir nimalar bor. Yonida esa Bo‘ynoq.

- Ota, turing, ketdik uyga, - deyapti xo‘mrayib.

- Iya, sen nima qilib yuribsan bu yoqlarda?

- Ota, Bo‘ynoqni oldidagi suv aynib qoldi, - deyapti. - Zanjirdan bo‘shatdimu ortidan kelaverdim.

Do‘ppisining ichida bir hovuch yiltiroq narsalar ko‘rinadi.

- Ota, uyda ekaningizda yelkangizga chiqib yulduzlarni terib olib, bostirmaga yashirib qo‘ygan edim, o‘shalarni olib keldim, - deyapti.

- Tursangiz-chi axir, jon ota, - deydi.

- Ota, sizsiz qiynalib qoldik.

Gapiradi - o‘ksinadi. Gapiradi - termiladi. Gapiradi - ko‘zining yoshi duv-duv oqadi.

 - Hozir turaman, bolam, - deydiyu turolmaydi. - Hozir, bolam...

- Yo‘q, turmasangiz bo‘lmaydi, - deydi o‘rtanchasi.

- Yuring biz bilan, ota, - deya eshikka qarab yo‘naladi.

“Ey Xudo”, dedi ota shunda. “Eson-omon oyoqqa turib olsam, o‘sha zahoti uyimga ketaman!

Bu yerlarni yelkamni chuquri ko‘rsin!

Menga nima bor edi begona yurtlarda, birovlarga mo‘ltirab non topib?

Men nodon, bolalarimni o‘zimga intizor qilib qo‘yibman-ku?

Ularga orzu-havas qilgan narsalarimdan ham ko‘ra, o‘zim kerak ekanman-ku?

Yetti avlodim umri bo‘yi tuproqdan rizqini chiqarib bola-chaqasini boqqan, ota-buvam “Yer yetti pushtingga yetadi”, degan edi. Nima qilib yuribman yerimdan, elimdan, jigarlarimdan ayrilib?”


* * *

Bu mahalda bolakay bilan Bo‘ynoq qishloqdan chiqib olishgan, taqir aro ketmoqda edilar.

- Bo‘ynoq, - derdi bolakay, kuchukka. - Sen yo‘lni bilasan. Otamning izini iskab-iskab topib boraverasan.

Otam juda olisda, ammo yaxshilab yugursak, albatta yetib olamiz.

Tevarakda chiyabo‘rilarning ulishi eshitilyapti, yuragim orqaga tortib ketyapti. Lekin yonimda sen borsan-ku, ulardan qo‘rqmasligingni bilaman.

Bo‘ynog‘im, suv bekorga aynimadi. Yaxshiyam aynibdi, agar qonga aylanib qolganida uyimiz kuyardi.

Qara, yulduzlarni jivirlashini... Ularning ortida Xudo bor. U juda mehribon, o‘sha joylardan turib yer yuzini kuzatadi. Hozir otamni izlab chiqqanimni ham ko‘rib turibdi, yo‘limizni ko‘rsatsayam ajabmas...

Shu tariqa, kecha qorong‘isida deyarli yugurib borardi bolakay, itini ergashtirib, uzoqlarga, otasi ketgan olis-olislarga...

* * *

Topib bora olarmikin? Yoki qishloqning oldi erkaklari izlab chiqishib, ortidan kelib qaytarib olib ketisharmikin? Bundan xabarimiz yo‘q.

Ajabmaski, ota ham qadrdonlari sari yo‘lga chiqqan bo‘lsa... Bir avlodning kattasiyu kichigi shu tariqa bir-birining diydoriga to‘yishlarini tilashdan o‘zga tilagimiz yo‘q.

Axir, yaqinlarning hasrati og‘ir bo‘ladi. Jigar uqubati undan ham og‘ir emasmi? Ikkovini tong g‘ira-shirasida kuzatib qolar ekanmiz, bizning ham bir iltijomiz bor, u iltijomiz shundaydir:

“Ey Parvardigor, hech kimni yaqinlari va sevganlari dardiga duchor qilmagin. Bizlarni sevganlarimiz bilan imtihon qilmagin. Yaqinlarimizdan, ulug‘larimizdan ayirmagin, safimizni but, rizqimizni keng aylagin!”

Boshqa nima ham deya olardik?

2014

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.