OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isajon Sulton. Shamolli kecha (hikoya)

“Yetim bola, hoy bola,
 Singling qani, boy bola?..”
 R. Rahmatdan
 
Dang‘araning dashtida, shamolli kechada aka va singil buvilarinikiga ketib borishmoqda edi.
 Qorong‘i tusha boshlagan bo‘lsa-da, hali tevarakni enlab ulgurmagan edi.
 
 Qarama-qarshidan esayotgan shamol shiddati ostida och kulrang tusli notanish butalar yovvoyi is taratib yulqinar, ko‘tarilgan changu to‘zon isi ham tevarakni tutib ketgan edi. Yo‘l chetidagi oqish jiydalarning shoxlari uzilguday bo‘lib yulqinardi. Qamishlar sinib ketgan poyalarini tiklolmay shovullardi, havoda to‘zon va qamish popiltiriqlari chirpirak bo‘lib uchardi.
 
Aka oldinroqda, baquvvat bir tayoq tutgancha, yerni ura-ura odimlardi. U avvaliga singlisining qo‘lidan tutib oldi, biroq eski xazonlar va mayda-xas cho‘plar quyun chirpiragida ko‘ziga tiqilib qattiq achishtirganida qo‘lchasini qo‘yib yubordi. Hozir qizaloq akasining ortidan chopqillab borar, shamol guldor ko‘ylakchasiniyu ro‘molini yulqilardi. Pochasidan ingichka oyoqchalari ko‘rinib turardi, ikki o‘rim yovvoyi sochi kichkinagina guldor ro‘moli ostidan chiqib qolgan, akamdan qolib ketmay deb deyarli yugurib borayotgandi. Shamol ufurishlari ostida oldinga xiyol enkayib, ko‘ylagi goho yelkan kabi shishib qadam tashlayotgan akasi ko‘ziga hech narsadan qo‘rqmaydigan g‘oyat kuchli, yurakli botir bo‘lib ko‘rinar edi.
 
Shamol esa goh yer betiga tushib, goh yuksaklarga ko‘tarilib g‘uvillab esardi.
 
Shamol bu makonlarda to‘satdan qo‘zg‘aladi. Tog‘ oralarida yetilib, o‘ngirlar orasidan o‘kirib-vahshat solib chiqib keladi. Qishloqlarning naridan-beri ohaklangan devorlaridagi changlarni uchirib, tomlarning qumlarini sochib, ko‘cha tuprog‘ini to‘zg‘atib-to‘zg‘itib esaveradi. Makkapoyalarni ag‘anatadi, kir o‘ralarda hushtak chaladi, suvlarni chayqatadi, tepalarda g‘uvillaydi, pastga tushganida chelaklarniyu cho‘pchavatlarni ag‘anatib yumalatib yuboradi. Dala-dashtdagi yumron inlarini qum bilan ko‘madi, ovsarroq qushlar qurgan uyalarni tamomila buzib tashlaganida jajji polaponchalari chirqillagancha yerga qulab tushib, vahshiy hayvonlarga yem bo‘lishadi.
 
– Aka, sekinroq!
 – Tez-tez yur dedim!
 – Aka, jon aka, sekinroq yur, yetolmayapman axir!
 
Minglar ortda qolib ketgan, u yog‘i Dashtqishloq. Dashtqishloqda bolalarning buvisi yashaydi. Bu ikkovlon shu bugun buvinikida yotib qolish uchun yo‘lga chiqishgan.
Bularning onasi yo‘q, bir necha yil avval kasal bo‘lib olamdan o‘tib ketgan. Baland bo‘yli, kelishimli, yoqimli ayol edi. Bolalariga juda mehribon, bolalar ham uni juda yaxshi ko‘rishardi. Qip-qizil, singib pishgan nonlar yopardi... Azbaroyi ayolining hurmati, ota anchagacha uylanmay yurdi, har kuni ertalab sahar chiqib ketib, shom qorayganida gandiraklay-gandiraklay kirib kelardiyu bolalarini quchoqlab, ko‘zlaridan sariq yoshlari oqqancha bir nimalarni g‘o‘ldiray-g‘o‘ldiray axiyri uxlab qolardi. Bir necha oy shu alfozda kechdi, shunda buvilari jonga ora kirdi, qarovsiz qolgan bolalarni o‘z uyiga bot-bot opketadigan bo‘ldi. Nihoyat, ota to‘ng‘illay-to‘ng‘illay, birovlarning qistovi bilan Chomochdan bir beva ayolga uylandi. Bu beva xastahol, ozg‘in, ko‘p javraydigan bir xotin edi. Yil o‘tmay ingichka, rangi siniqqan, ozib-to‘zgan bir bola tug‘di.
Aka-singil u chaqaloqdan begonasirashadi, yozg‘irishadi. Shu sabab, hovlining ishlarini saranjomlagach, ko‘pincha buvilarinikiga yotgani ketib qolishadi. Buvining uyi oddiy, kichkina, ammo osoyishtalikka to‘la. Havosi sarin, yoqimli. Kichkina tokchada behi choy damlangan turadi. Sandal ustida qurutlar, turshaklar, vassalarga behi, olma, anor, uzum boshlari osilgan. Vassalarning soni to‘qson to‘qqizta. Yana, jiyda isiyam kepturadi.
Bugun shamol qo‘zg‘almasidan avval bolalar uy ishlarini bajarib ulgurishdi. Ota dalada, bola mol-holga qarab, o‘tinlarni g‘amladi, qizaloq esa katta qozonda suv isitib, tandirdagi kuldan qo‘shib kir yuvdi, dorga qatorlashtirib osdi, xonalarni supirib-sidirib, eski sholchalarni tashqariga opchiqib qoqdi. O‘gay uka nimagadir tinmay chirillab yig‘lagani-yig‘lagan. O‘gay ona esa chaqalog‘ining boshidan kelolmaydi, dumba yog‘ini dokaga o‘rab shimdiradi, bola chiqarib tashlab yana chirillaydi.
Shamol ana o‘sha mahalda qo‘zg‘ala boshladi. Uning zo‘rayishi o‘ziga xos: avvaliga ekinzorlaru daraxtlarni silkitib-silkitib goh-goh shiddat urib turdi, paydar-pay esib, tandirning kullarini to‘zg‘itdi, kir o‘ralarning zangor suvlarini chayqatdi. Aka-singil ertalabdanoq buvinikiga ketamiz deb ahd qilib qo‘yishgan, chunki chaqaloqni qarg‘ab javranayotgan kuyinchak bu ayol jonlariga tekkan. Yumushlar bitgunicha vaqt ham kech bo‘ldi, tog‘u tosh tepasida qoramtir bulutlar to‘planib, ko‘kni enlab kela boshladi. Birpasda to‘zonlar uchdi, ko‘chaning tuprog‘ini to‘zg‘itib derazalarga olib kelib urdi.
Mana shu mahalda ikkovlon qo‘l ushlashib uydan chiqishdi-da, buvinikiga yo‘l olishdi.
 
* * *
 
 ...Havo bulut bo‘lgani uchun shom ertaroq qo‘ndi. So‘qmoq yo‘lning bir tomonida yovvoyi daraxtzor, bir tomonda to‘qay boshlandi.
Shamol yanada kuchliroq esaverdi.
U osmondagi bulutlarni ham shitob bilan surib borardi. Bulutlar to‘da-to‘da bo‘lib uyilar, goh oralari ochilib, bo‘zrang oyning bir cheti ham ko‘rinardi. Balki bir ozdan keyin yomg‘iru jala quyib yuborar? Goh bulut oralaridan oy mo‘ralaganida tevarak yorishar, shunda shamolning qilmishlari yanada yaqqolroq ko‘zga tashlanar, atrof egilib-bukilayogan dov-daraxt, shox-shabba tovushlariga to‘lib ketgan edi.
– Aka, qo‘rqib ketyapman!
– Qo‘rqma, nimadan qo‘rqasan?
– Aka, sen qo‘rqmaysan-a?
– Yo‘q, men hech narsadan qo‘rqmayman! 
 
Shu mahal qizgina oyog‘i allaqanday ildizga ilashib yiqilib tushdi. “Voy o‘lay”, deb hadik va qo‘rquv aralash o‘sha zahoti akasiga qaradi. Aka ortiga qaramay ketib bormoqda. Ozg‘in yelkasinigina ko‘radi qizaloq, ensasidagi sochi shamolda yulqinadi. Qizgina apil-tapil o‘rnidan turib, ko‘ylagini ikki qo‘li bilan tutgancha yana akasining ortidan chopdi. Akasi hammadan kuchli, qo‘rqmas yigit. Ana, qo‘lida tayog‘i, shamolda yulqina-yulqina adl ketib borayotir.
 
Bu qizginani Nozik deydilar. Ikki yuzi bo‘g‘riqqan, qo‘lchalariyu barmoqchalari qadoqli, kaftlari qavargan, lekin qiyiqqa moyil qora ko‘zchalari kulib-kulib turadigan yoqimtoy qizaloq u. Nozik ismini buvisi qo‘ygan. Onasi esa uni Nazokat deb chaqirardi. Xolalari uni Latofat deydilar. Dugonalari Nozi desalar, ammalari Go‘zal deydilar... Qizginaning yoqimtoyligi rahmatli onasiga tortgan.
 
Yana, o‘ziga o‘xshagan jamalaksoch qizaloqlar bilan to‘ptosh o‘ynardi, goho lattadan qo‘g‘irchoq yasab, bolasini ovutardi. “Voy jonim bolajonim, ochqab ketdingmi?” deb o‘zicha mehribonchilik ko‘rsatganida, akasi uni masxara qilib kular edi. Qizginalar kichkina cho‘plarni bir-biriga boylab, bir bo‘lak matoni kiyim qilib kiydirib “mehmon-mehmon” ham o‘ynashardi. Sumalak mahali tortina-tortina, katta xotinlarning “bo‘l ha bo‘l, uyalmaygina qol” deyishlari ostida ulkan kapgirni qozonga botirib, necha tosh chiqishiniyam ko‘rardi, besh-oltita tosh chiqib qolsa uyalganidan qochib ham ketar edi.
 
Lekin hozir u sarosimada, goh mitti qo‘lchalarini yozib, goh shamol yulqilayotgan ko‘ylagini tutib, akasining ortidan chopib-chopqillab bormoqda.
 
Aka do‘q urgani bilan, o‘zi qo‘rquvdan dir-dir titrayotganini singilga sezdirmadi. Poyonsiz dashtda, shamolli kechada mana shunday borishyaptiyu kishilar orasida og‘izdan og‘izga o‘tib yuradigan hamma vahimali narsalar hozir shamol qa’ridan chiqib keladiganday tuyulmoqda edi. Pastak notanish butalar ostida yovuz jinlar bo‘lishi mumkin, ular shunaqa shamolli kechalarda yolg‘iz qolib ketgan kishilarni poylab izg‘ishadi. Shovullayotgan qoramtir daraxtlarning ustidan qilich ko‘targan qora kishi tushib kelishiyam mumkin. Ho‘v anavi xaroba - kimsasiz eski machit ichida dev kutib turgan bo‘lsa-chi? Ha, allaqanday kishilar yo‘l ustida hoziru nozir, bu suronda birov qichqirsayam eshitilmaydi, hammayoqni tabiatning nolalari tutib ketgan mahalda o‘shanaqa kishilar yo‘llarda, daraxtlar ostidayu ustida mana shunaqa bemahalda yo‘lga chiqqan kishilarni adashtirib ketishadi. Adashganlarning ba’zilari qishloqqa sira qaytishmaydi, ularni keyinchalik ham birov ko‘rmaydi, goho kimdir qandaydir tasodif sabab qaytib kelsa ham esdan og‘ib, og‘iz-burni qiyshayib qolgan bo‘ladi.
 
Shunday mahallarda vahimalar girdobida adashib ketganlarning nimalarni ko‘rishganiniyu nimadan buncha qattiq qo‘rqishganiniyam birov bilmaydi. O‘zlari esa, aytib berisholmaydi.
 
* * *
 
...Oy bulutlar ostiga yana kirib ketdi. To‘lqin-to‘lqin bulutlar ko‘k yuzini tamomila qoplab oldi.
– Aka!
– Yursangchi tez-tez, “aka”lamasdan!
– Aka!..
– E, nima deysan?
– Akajon!..
 
Shamol battar shiddat urardi. Shunda daraxtlarning ko‘lankalariga jon kirganday bo‘ldi. Bir buta o‘rnidan ilkis qo‘zg‘alib yo‘l ustiga tashlandi. Yum-yumaloq kattakon bir narsa shundoq yonginasidan yumalab o‘tib qamishlar orasiga kirib ketdi. Akaning esiga buvisining ertaklaridagi dahshatlar keldi, go‘yo bu allaqaysi jodugarning kesilgan boshi-yu “Hap sanimi!” deya kimnidir yaniy-yaniy yumalab borib chuqurga tushib ketganday! Daraxtlar shoxlarini cho‘zib, yolg‘izoyoq yo‘lga yaqinlashib kela boshlashdi. Akaning yuzlari muzlab ketdi, Aksiga olib uzoqlarda chiroq ham ko‘rinmaydi. Chunki qishloqdagi chiroqlar shamolda o‘chib qoladi. O‘t chiqib ketmasin deb sham ham yoqmaydilar. Qo‘y-ko‘zilarning ba’rashlariniyu kuchuklarning vovullashlarini shamol uchirib ketadi.
 
– Aka, akajon!..
 
Yigitcha yo‘qdan bino bo‘lgan qo‘rquvini yengishga urinardiyu shu shamol ostida chayqala-chayqala, tizzalari dir-dir qaltirab qadam tashlar edi. Jonholatda yugurib qochgisi kelardi. Lekin, qayoqqa? Buvining qishlog‘igacha ancha bor, tevarak yulqinayotgan, shitirlayotgan, ingranayotgan daraxtlaru butalarga to‘la. To‘qayzorda vahshiy hayvonlar ham bo‘lishi mumkin. U tayog‘ini yanada mahkam qisimlab oldi. Ozgina yurishsa, buvining qishlog‘iga yetib olishadi. Dashtu dalalar uzra g‘uvillayotgan bu shamol hozir, shu pallada qo‘rqinchli xolos. Ertaga tong otsa, sira qo‘rqinchli bo‘lmay qoladi. Hozir o‘tayotgan yerlaridan ertaga kunduzi o‘tsa, hamma narsa tinchlanib-sokinlashgan bo‘ladi. Lekin, hozir nega bu qadar qo‘rquv uyg‘otayotir? Qorong‘i bo‘lgani uchunmi? Ha, qorong‘ida narsalarning ko‘rinishlari o‘zgarib ketadi, vahima kuchayadi. Aslida yo‘lga chiqishmasa bo‘lar ekan. Nimagayam chiqishdi? O‘gay onaning yonida, chaqaloqning big‘illashiyu otaning to‘ng‘illashi ostida bo‘lsayam tinchgina uxlagani yaxshimasmidi? Yaxshisi ayvonda, ko‘rpaga burkanib olib shamol ovoziga quloq solib uxlayverardi. Shamolda teraklarning qarsillab sinishini eshitib yotish mazza... Bu dashtdan ham qarsillayotgan ovozlar kelmoqda, balki qanaqadir daraxtlarning shoxlari sinayotgandir? Butalar mustahkam, bari yer bag‘irlab qolgan, qayishqoq, dashtning butalari shamolga moslashib ketishgan.
 
Hech bo‘lmasa oy bulutlar ostiga kirib ketmay tursaydi. Lekin oy chiqsa, vahima yana kuchayadi. Oy yog‘dusida dashtda nimalardir harakatlanayotganday tuyuladi. Yurak yana shuvillab ketadi. Tezroq, tezroq yurib buvinikiga yetib olish kerak. Adashtiruvchilar balki rostdan ham bordir? Nega bo‘lmasa kap-katta odamlar ham ularni gapirib yurishadi?
 
Yigitcha shu tarz qadamini ildamlatib, deyarli yugurib bormoqda edi. Qamishlar orasida bir nimalar qattiq shitirlar edi. Balki u yerda ham qanaqadir vahshiy hayvonlar qulay payt poylab yugurib borishayotgandir? Tezroq buvinikiga yetib olishsaydi...
 
* * *
 
...Nihoyat, qishloqning daraxtzorlari qorayib ko‘rindi. Shamol yanada avjiga chiqqan, daraxtlarning qurigan shoxlari bu yerda ham qarsillab sinardi. Chapdagi zovurning do‘nglari ustida bo‘g‘iq hushtak chala boshladi. Qishloqda ovozlar o‘zgacha, dashtdagi kabi yovvoyi, hurkituvchi emas. Bu yerda ham nimalardir taraqlayapti, kimningdir eshigi shamolda ochilib-yopilib g‘iyqillayapti, kuchuk vovullashi eshitilyapti.
Tuprog‘i to‘zg‘ib yotgan ko‘chadan deyarli chopib borar edi yigitcha. Hech qaerda chiroq yo‘q, ho‘v naridagi ba’zi uylarning kichkina derazalarida sham alangasi lipillamoqda. U uydagi kishilar balki hozir bamaylixotir gurunglashib o‘tirishgandir? Yigitchaning yuragi qiniga sig‘may ura ketdi, ich-ichidan g‘alati, yovvoyi sevinch ko‘tarilib keldi. U qah-qah otib kulib yubordi, nafasi tiqilib-tiqilib kulardi u... Nihoyat, buvining eski uyiga ham yetib keldi. Ichkari tomonidan zulfini ilingan eshik ham shamolda taqirlamoqda edi, yelkasi bilan qattiq urgan edi, ochilib ketdi.
 
– Buvi-i! Buvi-i! – deb ovoz berdi u.
– Voy xayriyat-ey! Voy xudoga shukur-ey! – saldan keyin shamolning uvillashlari aro odam tovushi kelishini ishonib-ishonqiramay kutib o‘tirgan buvi kalishini apil-tapil kiyasola, chiqib keldi. – Eson-omon yetib kelvoldilaringmi, bolajonlarim, qo‘rqib ketmadilaringmi?
– Yo‘g‘-e, nima deyapsiz, shamoldanam qo‘rqamanmi? – dedi yigitcha kekkayib. Yuragidagi yovvoyi quvonch va xotirjamlik endi unda o‘smirona g‘urur uyg‘otdi. Qo‘rquvi chekingan, boyagi vahimalari kulgiliyu bema’ni tuyula boshladi.
– Voy, buving cho‘ri, botirimdan o‘rgilay! – dedi buvi.
 
So‘ng, chiqayotgan joyida to‘satdan to‘xtab, sarosimalanib so‘radi:
– Hoy o‘lgur, singling qani?
 
Yigitchaning yuzidagi baxtiyorlik ifodasi birdaniga g‘oyib bo‘ldi, go‘yo u ifodani ham shamol uchirib ketganday bo‘ldi. U hangu mang bo‘lib ortiga alangladi.
 
Singil yo‘q edi! 
 
– Yigit bo‘lmay o‘l, Nozik qani?
 
Nariroqda, egilib-bukilayotgan daraxtlar ostida ham, hozir oy xira yoritib turgan tuproq yo‘lda ham qizaloq ko‘rinmas edi.
 
Boyagina “aka-aka”lab chopqillab ortidan kelayotgan edi-ku? Kichkina guldor ro‘moli ostidan ikki o‘rim yovvoyi sochi tikkayib chiqib turgan edi-ku? Pochalaridan ingichka oyoqchalari ko‘rina-ko‘rina, goh tevarakka “voy o‘lmasam” deya alanglab-alanglab, goh akasining kuchu qudratidan bolalarcha mag‘rurlanib-faxrlanib, ko‘ylakchasini shamol yulqilay-yulqilay chopib-chopib kelayotgandi-ku? Qani qizaloq? Qay yerda qolib ketdi u?
Ko‘chalar, bog‘lar, yulqinib-silkinayotgan bu makonlar bo‘m-bo‘sh, faqatgina shamol – odam yashamaydigan uzoq tog‘larning yolg‘iz qoyalari orasidan chiqib kelgan mana shu vahshiy shamolgina butun olam uzra yoyilib-sochilib shiddat urmoqda edi, xolos.
 
* * *
 
Dang‘araning shamoli – bahaybat tog‘ oralaridan ko‘zga ko‘rinmas benihoya ulkan maxluq singari chiqib kelgan shu shamol o‘kirib-pishqirib rosa esdi!
 
Shu turishda u hozir Qirqlar, Minglar, Aravon, Jilva, Chomoch, Soylar, Nayman, Begovot kabi yuzlab qishloqlar ustida to‘zon va qum sochib vahshat solib, chunon o‘kirib-o‘kirib o‘tdi-ki!
 
Daraxt oralarini aylanib-aylanib esishida nola ohanglari ham borga o‘xshardi. Kuch va qudratini insonlarning omonat makonlari uzra namoyon qila-qila, goh bo‘zlay-bo‘zlay, goh nolon-nolon, goho esa isyon ila qichqira-qichqira, shiddati pasayganida esa ingrana-ingrana esaverdi.
 
Uning esishida boshqa ma’nolar ham borga o‘xshardi.
“Yetim bola” deb ovoz chiqardi u tomorqalar ustida.
Ayqash-uyqash bo‘lib sinib ketgan juxorizorlar uzra esa “Hoy bola” deb dag‘dag‘a qildi!
Va qahqaha urib, sho‘rlik akaning sochlarini uzib olguday bo‘lib yulqilayverdi:
“Yetim bola, toy bola,
Singling qayda, boy bola?..”
 
* * *
 
Bu - hayotda juda ko‘p voqealarni ko‘raverib diydasi qotib ketgan kampir edi. Lekin hozir sarosimaga tushib, vahima va qo‘rquv ila yigitchaning sochlaridan tortib, mushtlari bilan boshiga ura-ura yig‘lay-yig‘lay nido qilardi:
 
– Erkak bo‘lmay o‘l, top singlingni, qirilib ketgur! Bor, qayt izingga, topolmasang o‘sha yoqlarda o‘lib ket!
 
Ha, butun bu bepoyon kengliklarni birday enlab, quturib-vahshat solib esardi shamol.
 
Yigitcha bir tomondan or-nomus titrog‘i, bir tomondan yana o‘sha vahimalarga ro‘para kelishning qaltirog‘i ila ortiga o‘girildi.
 
Sal narida qishloq uylari tugab, yana kimsasiz dasht, g‘alati oqish butalar, goh yakkam-dukkam, goh qalin, ayqashib ketgan qamishlar, yulg‘unlar, to‘rong‘illar to‘la yaydoq dasht boshlanib ketgan, battar quturib esar edi Dang‘araning tentak shamoli.
 
Bu yigitcha, onasining yolg‘iz yodgori, o‘sha qo‘rqinchlar bilan yana yuzma-yuz kelishi kerak edi.
 
Yuzma-yuz kelishi nimasi, orasida sanqib, mitti va yoqimtoy singilni izlashi kerak edi. Daraxtlar ustidan tushib keladigan qilich ko‘targan qora kishi, butalar tagida olov yoqib o‘tirgan odamchalar, nima uchun kimsasiz makonlarda kezib yurishlarini birov bilmaydigan g‘alati kishilar, qamishzorlar ichra qulay payt poylab yugurgilab borayotgan vahshiy hayvonlar izg‘igan dasht aro... nozik-nihol singilchasini topishi kerak edi!
 
Vahshiy shamol endi uning yuz-ko‘zlariga, boshiga tuproq sochar, sochlaridan yulqilab qiynar edi. Uning shiddatida kampirning yog‘och eshigi taraqlab yopildi, yopildiyu yana qaytib lang ochilib ketdi.
 
Yigitcha yana ortiga qarab yo‘lga chiqdi.
 
Kim bilsin... ichidagi shiddatli qo‘rquvlarni yengib u makonlarda izg‘igani taqdirda ham, toparmikin singlisini? Bu taloto‘p va suron ichra nafis-nihol o‘n bir yashar qizaloq qaysi puchmoqlarda ekan hozir? Yeru ko‘kni enlab-buzib esayotgan va jonliyu jonsizni harakatga keltirib quturayotgan bu yovvoyi shamol ostida, qay buta yoki daraxt tubida, qay chuqurda akasini kutib dir-dir titrayotgan ekan?
 
Mabodo topgan taqdirda ham... qay ahvolda toparkin?
 
Topa olarmikin?

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.