OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isajon Sulton. Suvdagi kosa (hikoya)

…Shamol parpiragi, aylan tinmasdan!
Olis-olislardagi begona diyorlardan esuvchi to‘lqinlar seni ham men kabi aylantirsin!
...Bolaligimdan beri dengizga, dengiz bo‘yida yashovchi kishilarga havas qilardim. O‘kirib-pishqirgan, tevarakni qarsillagan kuchli sadolarga to‘ldirib mavj urgan to‘lqinlarni, dengiz uzra shitob bilan to‘planuvchi bulutlarniyu ularning oralarida yetilib, to‘ppa-to‘g‘ri suvga sanchiluvchi chaqmoqlarni juda ko‘rgim kelardi. Mana, dengiz bo‘yidaman. Qudratini, dolg‘alarini his qilish uchun sherigim ikkovimiz sohildagi qayiqlardan mo‘‘jazroq bittasini tanlab oldik. Men shamol yo‘nalishini bilib turish uchun suv o‘tmas qog‘ozdan shamol parpiragi yasab, qayiqning uchiga o‘rnatib qo‘ydim. U mavjli dengiz shamolida pirillab aylana ketdi.
Tush mahali qayiqqa o‘tirib, ummon sari suzdik.
Kulrang to‘lqinlar qayiq yog‘ochiga zalvorli uriladi. Qayiq ko‘hna, yog‘ochlari qorayinqiragan. Uning ostida minglab quloch chuqurlik borligini tasavvur qilsam etim jimirlab ketadi, shu kulrang-oqimtir sath ustidagi yong‘oq po‘chog‘iday qayiq uzra qanchalar haqir va bechora ahvolda ekanimizdan qo‘rqaman. Yodimga shu so‘zlar tushadi:
“Bizlar suv ustida turgan kosaga o‘xshaymiz. Kosaning suv ustida oqishi o‘z ixtiyori bilan emas, balki suvning irodasi va hukmi iladir. Bu – shundoqdir. Ba’zilar suv ustida ekanliklarini biladilar, ba’zilar bilmaydilar. Agar sen suvning kosani qanday kezdirganini va bundagi latofatu go‘zallikni ko‘rsayding, unga bu umumiy sifatni berishga jasorating yetmasdi...”[1]
Dengizning naryog‘i ummonga qo‘shilib ketishini bilaman. Ummon bahaybat nahanglari va men bilmaydigan behisob jonzotlari bilan to‘lqinlanmoqda. Qaydadir bahaybat baliqlar yoxud ulkan sakkizoyoqlar bamaylixotir suzib yurgan bo‘lsa ajabmas. Tubsiz chuqurliklarning suv yuzasiga chiqsa terisi palaxsa-palaxsa bo‘lib ko‘chib, o‘z-o‘zidan yorilib ketadigan ko‘r baliqlari mangu qorong‘ilik ichra suzayotgani xayolimga keladi, abadiy zulmatlarda qanday yashashlari aqlimga sig‘maydi.
Dengiz tinim bilmaydi, shovullab-chayqaladi. Sokin paytidagi shovqini ham shamollar shovqinidan baland bo‘ladi. Har kuni ko‘rinishini o‘zgartirib, to‘lishib borayotgan oy bois uning suvlari harakatga keladi. Ya’ni ertalablari ko‘tariladi, pishqirib-ko‘pirayotgan moviy sho‘r mavjlar huv anavi ko‘z yetib turgan oq qoyalargacha birin-ketin bostirib keladi, qoyatoshlar suv ostida qolib ketadi. Kechqurun esa qaytadi, sohilning oqish qumlog‘i yana ochilib qoladi, har yer-har yerda, chuqurchalarda oqim bilan qaytib ketolmay qolgan mayda kumush baliqlar tipirchilaydi. Ancha-muncha kishilar qumloqda atay chuqurchalar qazishgan, hozir o‘sha tutqun baliqlarni tutish bilan ovora.
Sohil ortda qolib ketmoqda. Qayiq bir maromda lopillaydi. Goh-goh suv ostida kattakon soya paydo bo‘ladi. Bahaybat bir baliq bo‘lsa kerak, qayiq ostida goh ko‘rinib, goh ko‘rinmay suzib bormoqda. Qayig‘imizdan ham kattaroq nahang bo‘lsa-ya deb hayiqaman, odam isini sezib ergashib kelyapti, dumi bilan bir ursa ag‘darilib ketsak-chi deb qo‘rqaman.
Dengiz ko‘rmay o‘sgan bolalarmiz, shu bois u biroz begona ko‘rinyapti. Haqiqatan ham, biz bilib-tanib o‘sgan narsalardan bu yerda asar yo‘q. Qaerdan ham bo‘lsin? Uzoqda, sohilda o‘ynab yurgan yosh bolalar ko‘zga tashlanadi, o‘shalar dengizni yaxshi bilishsa kerak. Ha, mayda-chuyda jonzotlarining fe’lu tutumlarigacha bilishadi. Mabodo men o‘sgan joylarga borib qolishsa, o‘zlarini begonaday tutishsa ajabmas. Dengizi bo‘lmagan yurtlarda yashashni istashmasa ham kerak. Bu yerning kishilari uylarini sohilga yaqin qurishgan, poydevori juda baland, toshu xarsangdan tiklangan. Ertalablari ayvonga chiqib, dengizdan quruqlikka esgan salqin shamolda rohatlanib nonushta qilishadi. Oqshomlari esa shamol quruqlikdan dengiz ichkarisiga qarab esadi. U – suvning shamoli, ko‘tarilganida o‘z shamolini hosil qiladi, qaytishida ham shu.
Suvning ko‘tarilishi – odamni hayiqtiradigan manzara. O‘z-o‘zidan junbishga kelayotgan to‘lqinlarga qarab ulkan bir qudratni his etasiz. Bir nimaga qasd qilgan kabi, shahd bilan bostirib kela boshlaydi suv. Qoramtir mavjlar tobora kuchliroq to‘lqinlanadi. Shularning bari osmondagi oyning ishimi, deb hayron bo‘laman. Saharlab ingichka oy o‘rog‘i nozik-nozik nur taratib turgan edi. Nega tongda suv quruqlik tomon intiladiyu nega oqshom iziga qaytadi? Oyning nima aloqasi bor bunga?
To‘lqinlar qayiqqa chilp-chilp uriladi. Ust-boshimiz allaqachon ho‘l bo‘lgan, yog‘ochlar namiqqan. Bu qanaqa yog‘och o‘zi? Bizda terak, tol, qayrag‘och, yong‘oq o‘sadi. Sarvmikin? Sarv tikka o‘sadi, yog‘ochi bo‘sh bo‘ladi. Demak, sarv emas. Chunki qayiq uchun yengil, quruq, namiqmaydigan yog‘och lozim. O‘zimizning teraklar juda bop, lekin bu yerda terak yo‘q ekan, shamshod, qarag‘ay, archa o‘sar ekan. Keyin, oqqayin juda ko‘p. Uning barglari ingichka, shabada esmasa ham shitirlayveradi.
Sohil tobora olislashmoqda. Endi odamlarni ilg‘ash qiyin, uylar jimitday bo‘lib ko‘rinadi.
Qayiq ostidagi bahaybat sharpa hanuz ilgarilaydi. Ufq bo‘m-bo‘sh. Bir necha kun mana shunday suzaversak, narigi sohildagi yurtlar namoyon bo‘larmikin? Yer yuzi keng, o‘sha jannatmonand sohillarda ham insonlar yashaydilar-ku? Dehqoni, bog‘boni bormikin ularning ham? Bolalari daraxtlar orasidan noxos potirlab uchgan qushdan qo‘rqib chirillab yig‘lasa, onasi chopib kelib yupatar? Bolalar dunyoning har yerida bir xil emasmi? Kattalar-chi? Yo‘q, kattalar o‘zgacha. Kattalar turli-turli, bola esa hamma yerda ham bola. Albatta dehqoniyu bog‘boni bordir! Bizning yurtdagilarga o‘xshab ketishsa ham ajabmas. Biroq, ekinlari qanaqa ekan? Bizda mevalarning ta’mi juda shirin. Sovuq o‘lkalardan keladigan mevalardan begonalik ta’mi ufurib turadi... U yurtlarning odamlarining kiyadigan kiyimlari ham, yaxshi ko‘radigan ranglari ham o‘zgacha. Bizning odamlar rango-ranglikni yaxshi ko‘rishadi. Kishining rang didi o‘z diyorining ranglariga qarab shakllansa kerak? U yurtlarning odamlarining tuslari, qiyofalari, gapirishlari, hatto ko‘zlariyu nigohlari ham o‘zgacha bo‘lsa ajabmas.
Men dalalar bag‘rida o‘sganman. Dengiz sohiliga kelib sezib qoldim – aslida, daraxtlarimiz unchalik baland emas ekan. Qishloqdagi eng baland daraxt – terak, u hamma xonadonlar tomorqasining etagida bor. Dengiz yoqasidagi tippa-tik sarvlaru shamshodlarni ko‘rsangiz, havasingiz keladi. Bu daraxtlar mening yurtimda o‘sarmikin? Yo‘q, diyorimning iqlimiga bardosh berolmasa kerak. Yurtimning shamollariga sarvu shamshod chidarmidi? O‘zim tug‘ilib-o‘sgan hovlimdagi daraxtlar ko‘z oldimga keladi: bari kunchiqar tomonga egilib qolgan, bu men aytgan shiddatli shamollarning ishi.
Suv chilp-chilp uriladi.
Qiziq, suvning o‘rtasidamizu quyosh qattiq qizdirmoqda. Birdaniga diyorimning o‘sha bo‘z tuproqlari naqadar aziz va suyimli ekanini payqab qolaman. Ichimdagi ulkan sog‘inch to‘g‘oni ochilib ketganday bo‘ladi, po‘rtana urib yuragimni to‘ldiradi, yurtimni ich-ichimdan sog‘inganimni his qilaman.
Mabodo qaytolmasdan qolib ketsak-chi? Bir necha kun suv ustida qalqa-qalqa, quyosh jaziramasi ostida suvsizliqdan jon taslim qilsak-chi? Jasadimning shu suv tublariga g‘arq bo‘lishini istamasligimni ham sezib qolaman. Suv – boshqa bir dunyo! Uning tublarida shamollar oqimlarga aylanib oqadilar. Quruqlik va suv dunyosi uchun faqat Tangri taolo, quyosh va oy bir, xolos. Qolgan hamma narsa tubdan farqlanadi.
Suv qayiq chetiga chilp-chilp uriladi, chanqoq kuchayib boryapti.
Begona! Begona! Bu suv begona! Bu osmon begona! Bunda uchayotgan qushlar ham xudoyimning maxluqlaridirlar, ammo ular ham begona. Shunda yurtim qushlarining... mening ona tilimda sayrashlarini payqab qolaman. Ajabo, qushlar mening tilimda so‘z aytadilar! Yurtimning daraxtlari tilimni tushunishadi! Ularning qiyofalari o‘z kishilarimizga mos ekanini anglayman. Tomorqada kuymalanib yurgan otam, tandirga o‘t yoqayotgan onam, chirqillagan chumchuqlar, g‘uv-g‘uvlagan musichalar, makkajuxori orasidan jo‘jalarini ergashtirib chiqqan tovuqlaru qo‘radagi qo‘ylar... hammasi bir butun, yaxlit manzaraga aylanib ko‘z oldimda turib qoladi.
Suv dunyosini anglamaganim bois ham unga so‘zim o‘tmaydi. O‘z maskanimda butun tevarakka hukmimni o‘tkaza olardim. Dov-daraxt men istagan shaklda o‘sar, tuproq men istagan shaklda hosil berar, butun atrof menga bo‘ysunib-xizmat qilib turar edi. Har jonzotu hodisaning nima uchun yaratilganini bilardim, shu sabab o‘zimning ehtiyojimga bo‘ysundira olardim. Dolg‘alanayotgan bu makonda hukmimni o‘tkaza oladigan bitta narsa bor – u ham bo‘lsa mana shu qayiq, xolos.
...Dengiz to‘lqinlanadi, shovullaydi.
Mana shu bepoyon suv, uning hududlari tugagan yerlardagi g‘alati yurtlar... kishilar... o‘ziga chorlaydi, jalb etadi, jozibasini ko‘z-ko‘z qiladi. Ajab, deyman, hammaga ham o‘z makoni shunaqa aziz tuyularmikin? Yurtimning tabiati yurtdoshlarim bilan birlashib ketganini ilg‘ayman. Odamlar tabiatga o‘xshab qolishadimi yoxud tabiat odamlargami?
Suv qayiqqa bosim bilan urilib, chayqatadi. Ostimizdagi qora sharpa ko‘zga ko‘rinib-ko‘rinmay hanuz suzadi. Oq chag‘alaylar to‘shlarini suvga urib-urib uchadilar.
O‘z xayollari bilan band sherigim to‘satdan vahimaga tushadi:
– Ortga qaytishimiz kerak! Adashib ochiq ummonga ketib qolmaylik tag‘in!
– Yo‘g‘-e! Qayiq suzmay, joyida turibdi-ku.
– Oqim, – deydi u, suvni ko‘rsatib. – Suv qayta boshlaganida kamida yuz chaqirimga dengiz ichkarisiga olib ketadi, tushunyapsanmi?
Ie? To‘g‘ri aytyapti-ku? Darhaqiqat, kechga yaqin suv qayta boshlaydi shunda rostdan ham u oqimga qarshi borolmaymiz va ochiq ummonga ketib qolamiz. Sherigim to‘satdan eshkaklarni oladi.
– Sohilga qarab suzishimiz kerak, – deydi u xavotir ichra. – Oqim opketib qolsa qaytolmaymiz, axir.
Sohil-ku, allaqachon ko‘rinmay ketgan. To‘satdan bu yerda Vaqt yo‘qligini ilg‘ab qolaman. Go‘yo asrlarning avvaliga, hali dunyo faqat suvdan iborat bo‘lgan paytlarga qaytgandaymiz. Bu qaysi asr? Dunyoni qachon suv bosgan edi? Nuh alayhissalom zamonida dunyoda quruqlik qolmagan edi, deydilar. Go‘yo o‘sha zamonlarga borib qolgandaymiz. Go‘yo dunyoda ikkovlon qolganmiz, bizdan boshqa hech kim yo‘q!
Ha, dunyoni suv bosgan, suv ustida ikki mo‘min banda... suv ostida gungu soqov baliqlar... begona tillarda chug‘urlab uchayotgan qushlar... soya kabi suzayotgan sharpa... balki, yunusbaliqdir?..
Sherigimdagi xavotir menga ham ko‘chib o‘tadi. Avvaliga sekinroq, keyin esa jon-jahdimiz bilan eshkak esha boshlaymiz.
Mabodo dengizda po‘rtana boshlansa-chi? Hozircha havoda bo‘ron alomatlari sezilmaydi. Harchand diqqat bilan boqmayin, o‘zgarishlarning alomatini ilg‘ayolmayman. Ob-havo o‘zgarishining ishoratlarini men o‘z vatanimda ilg‘ab olardim, bu yerning ishoratlari ham bo‘lak. Diyorimda chivinlar to‘dalashsa, qaldirg‘och yer bag‘irlab uchsa, musicha uyasidan chiqmay qo‘ysa, demakki, havoda namlik ko‘paygan bo‘ladi, yomg‘ir yog‘adi. Qushlar patlarini tozalay boshlasalar, kun issiq keladi... Shafaq ol tusda tovlansa, ertaga kun ochiq bo‘ladi... Bu yerdagi qichqirib uchayotgan oppoq qushlar menga hech nimaning ishoratini bermayotirlar. Lekin, dengizning po‘rtanasi yomon bo‘ladi, boshlanib qolsa nima qilamiz? Cho‘lu dashtda qolib ketsam hayiqmayman, chunki – o‘zim bilib yurgan yerlar. Ochqasam, qaysi o‘tning ildizi ozuqa bo‘lishini, chanqasam qaysi o‘tda shirin suv bo‘lishini bilaman. Bu yerda-chi? Har taraf suv bo‘lsa-da, ichishga yaramaydi. Tavba! Uchqur xayol darrov yechim topadi: suv qaynatilsa sho‘ri ketadi, tomchilarini yig‘ib olib ichsa bo‘ladi. Yoki yomg‘irning suvi chuchuk bo‘ladi, uni bir amallab to‘plasak... Qayiq ustida olov yoqib bo‘larmikin?
To‘lqinlar kattalashmoqda. Oralaridagi chuqurlari kengayibdi. Shovullab to‘lqinlanmoqda dengiz.
 
* * *
To‘satdan sherigim eshkak eshishni bas qiladi. Shahd bilan qo‘limni tutadi, qayiq lopillab ketadi.
– To‘xta, – deydi u vahimaga tushib. – Biz adashib, teskari tomonga ketyapmiz.
– Yo‘g‘-e, quyoshga qarab mo‘ljal olsang-chi. Agar to‘g‘ri suzayotgan bo‘lsak, unda quyosh chap tomonimizga botishi kerak.
– Oqimga qara, – deydi u.
Haqiqatan, ilg‘anmas bepoyon oqimlar ochiq dengiz tomon oqayotganday, qaytayotgan suv bizni teskariga oqizib ketayotganday tuyuladi.
– Unday emasdir, – deymanu ro‘molchamni olib suvga tashlayman. Ro‘molcha qayiq bilan bab-baravar to‘lqinlanib turadi, keyin qanaqadir qiziquvchan baliq uni suv ostiga tortib ketadi.
Nima qildik? Chanqoq tobora zo‘rayadi, suvdan bir qultum olaman-da, og‘zimda uzoqroq tutib turaman, keyin maydalab tomog‘imdan o‘tkazaman. Haqiqatan ham suvning qaytishi bizni ichkariga olib ketgani rostga o‘xshaydi, aksiga olib, mo‘ljal oladigan hech nimamiz yo‘q, quyoshga qarab yo‘l topishniyam bilmaymiz. To‘rt taraf ummon, faqat ummon.
Qat’iyat bilan eshkak eshishda davom etaman, shunda sherigim eshkagini ko‘tarib, tahdid qiladi:
– Gapimga kirsang kir, bo‘lmasa shu bilan boshingga urib suvga kiritvoraman!
Senga nima bo‘ldi, do‘st? Har doim fikrimiz bir joydan chiqmasmidi? Nega ikkilanyapsan? Axir, yanglish yo‘nalishni tanlayapsan, u yoqqa suzsak halokat kutib turibdi bizni! Nega tushunmayapsan?
– Shoshmasang-chi, o‘ylab ko‘rsang-chi, – deyman yolvorgudek bo‘lib. – Axir, adashyapsan-ku? Eslab ko‘r, faqat quyoshga qarabgina to‘g‘ri yo‘nalishni topa olamiz, hademay botib ketsa-chi? Qorong‘ilikda dengizda qopketsak-chi? Esla, esla – bu tomonga suza boshlaganimizda quyosh qay tomonimizda edi?
– Tikkada edi, – deydi u xo‘mrayib, ikkilanib. – Aniq eslayman, qoq tikkaga kelgan edi!
– Yurtimizda bo‘lganimizda hech ikkilanmay topardik yo‘lni, – deyman afsuslanib. – Diyorimizda doimo kunbotardan shamol esardi, shu sabab daraxtlar shamol yo‘nalishida kunchikarga qarab egilgan bo‘lardi. Hech bo‘lmasa o‘shanga qarab yo‘l topsa bo‘lardi. Bu yerda imkoni yo‘q.
– Bilmadim, – deb to‘ng‘illaydi sherigim. – Lekin oqim bizni olib ketayotganini aniq bilaman. Sohil men aytgan tomonda, o‘sha yoqqa qarab eshkak eshamiz!
To‘xta, do‘st. Shoshmasang-chi...
Samoni kulrang bulutlar qoplab kelmokda. Ufq ummon bilan qo‘shilib ketgani uchun chegarasini ilg‘ab bo‘lmaydi. Hali zamon quyosh ham bulutlar ortida qolib ketadi, o‘shanda mo‘ljal oladigan hech nima qolmaydi.
To‘lqinlar kuchaymoqda. Shu yupqa taxtaning ostida besh-olti ming quloch suv qatlami borligini tasavvur qilsang, vahm bosadi.
“Uni arqonlar bilan boylab tashlasam-chi,” degan o‘y keladi xayolimga, lekin arqon kayda? Yana bir yo‘li bor – suvga itarib yuborsam-chi?
Yer ostidan qarasam, u ham menga ana shunday qarab turgan bo‘ladi. Nahotki uning ham aqliga shu o‘y keldi? U ham meni suvga itarib yuborishni ko‘zladi?
Shoshmay eshkakni qo‘limga olaman. U ham shunday qiladi. Eshkak og‘ir, zalvorli, suvi tomchilaydi.
Dunyoni suv bosgan, suv ustida ikki mo‘min-musulmon, shular ham bir-biriga yovlashib turipti... suv ostida gungu soqov baliqlar... begona tillarda chug‘urlab uchayotgan qushlar... soya kabi suzayotgan bahaybat baliq...
– Kelishib olaylik, – deyman murosaga chaqirib. – Bir-birimizni suvga g‘arq qilib yuborganimizdan foyda yo‘q-ku? Qayiqni bitta eshkak bilan eshib baribir sohilga yetib borolmaysan, qara, ichgani suvimiz ham qolmadi.
– Ochiq dengizga chiqib ketib bo‘ldik, – deydi u ruhsiz, eshkagini tushirib. – Qarasang-chi?
– Nimaga qaray?
– Chag‘alaylar... – deydi u, xomush.
Darhaqiqat, atrofimizda chag‘alaylar ko‘rinmay qolibdi. Ko‘rinmasa nima, balki kaytib ketishgandir? Keyin aqlimga yetib keladi: chag‘alaylar sohildan uzoqqa ketishmaydi, chunki uyalari, poloponlari sohilda, qoyalar ustida bo‘ladi...
– Ey Xudo, – deb yuboraman, eshkagim qo‘limdan tushib ketadi. – Balki havo aynigani uchun uchib ketishgandir? Yomg‘ir yog‘sa, qanotlari ho‘l bo‘lib og‘irlashadi, uchishga qiynaladi, a?
– Ular dengiz qushlari, patlari yomg‘irdayu to‘lqinlarda namiqmaydi, – deydi sherigim. – Endi tamom bo‘ldik, do‘st.
Qayiqning ikki chetiga o‘tirib qolamiz. Aqlim zo‘r berib yo‘l izlaydi. Atrofimda begona kushlar uchadi. Ularni tanimayman, balki ochiq dengiz qushlaridir? Dengiz suvlariga qo‘nib dam oladigan, hatto uxlaydigan qushlar haqida eshitganman-ku?
Qayiq ostida o‘sha bahaybat sharpa hanuz suzadi.
Ertalabgacha kutsak-chi? Ertalab yana suv ko‘tarila boshlaganida, oqim yana qaytib sohilga olib bormasmikin?
Yo‘q, olib bormaydi!
Unda... shamol qay tarafdan esmokda?
To‘xta!
Shamol dedimmi?
Sakrab turib ketaman, qayiq yana lopillaydi.
– Shamol! – deyman hayajonlanib. – Yo‘lni topdim! Shamol!
– Shamolni nima aloqasi bor? – deydi sherigim ajablanib.
– Bu yerning shamoli ertalab dengizdan quruqlikka, kechqurun quruqlikdan dengizga qarab esadi! – quvonchimdan joyimda turolmay qolaman. – Tushunyapsanmi? Hozir shamol ortimizdan esmokda, demak, sen ko‘rsatgan tomon – sohil emas, ochiq dengiz. Sohil ortda, men ko‘rsatgan tomonda, endi tushundingmi?
– Nega gap uqmas bo‘lib olding? – deydi sherigim hanuz jahlidan tushmay. – Ochiq dengizda shamol istagan tomonidan esadi. Balki bu suv qaytishining shamoli emasdir? Po‘rtana shamolidir?
O‘zim ham ikkilanib qolaman. Agar po‘rtana shamoli bo‘lib chiqsa, u holda shubhasiz halokat sari suzgan bo‘lamiz. Undan ko‘ra hech harakat qilmasdan, bugun erta baliqchi kemalarning yaqin oradan o‘tib qolishidan umid qilganimiz yaxshiroq emasmi?
To‘lqinlar kuchayib shiddatlanmoqda, shamol darhaqiqat paydar-pay, har tomondan esmoqda.
 
* * *
Mana… shom qo‘na boshladi.
Shom... diyorimda bildirmay, oqshomgi shudringlarning yiltirovchi marvarid donalari bilan bab-baravar qo‘nguvchi edi. Shom dog‘ bo‘lgan yog‘ning va turli chechaklarning islarini taratib, tevarakni qo‘y-qo‘zilarning ba’rashigayu turfa qushlarning sayrashiga to‘ldirib qo‘nardi. Bu yerda ham shom qo‘ndi, ammo kimsasiz hududlarga sho‘r suv va baliq hidi anqidi. Shafaqlar suvning oynaday sathida palaxsa-palaxsa akslarni hosil qildi, to‘lqinlarning rangi o‘zgarib, qoramtir tusga kira boshladi, undagi shafaq esa to‘q-qizil bo‘lib yallig‘landi.
Ochiq dengizlarning shamoli ko‘pirib-toshayotgan bahaybat to‘lqinlarni hosil qilmoqda.
Seni tanimayman, dengiz shamoli. Ammo sen – po‘rtanalar hosil qiluvchi qasirg‘a shamoli emasdirsan? Saharlari suv ko‘tarilishi bilan birga paydo bo‘ladigan va oqshomlari suv bila birga qaytadigan oy shamoli bo‘lib chiqishingni juda-juda istayman. Yerdan g‘oyat olisda, fazo qo‘ynida jim suzayotgan ulkan sayyora bilan mana shu suvu shamol o‘rtasida nima bog‘liqlik bo‘lishi mumkin, bilmayman. Lekin sening esishing yuragimga umid baxsh etmoqda.
...Hademay ummon uzra tamomila qorong‘ilik cho‘madi.
Diyorimda qorong‘ilik ham chiroyli cho‘kardi. U ko‘zga ilg‘anmas parda singari mayin-mayin, toklarning ishkomlariniyu daraxtlarni, tomlarni, tuproqko‘chalarni, orasta ekin dalalarini enlab-avaylab, ohista tushib kelardi. Ba’zi hovlilarda olma yoki behi shoxiga osig‘liq sariq chiroq ostida kechki ovqat mahali oiladagilarning gangir-gungir gaplashib o‘tirishganini ko‘rsa bo‘lardi. Qo‘ni-qo‘shni bir-birlariga kechga pishirgan taomlaridan chiqarardilar. Keyin qozon-o‘choq boshida taraq-turuq eshitilar, idish-tovoq yuvilib-saranjomlanar edi. Bedazorlar isi, sut isi, yangi kesilgan tut bargining isi hovlidagi rayhonlar bo‘yiga qorishib tevarakka taralardi.
Bepoyon bu ummon uzra dolg‘ali tun cho‘kmoqda. Lekin bu tun ham menga begona. Po‘rtana shamoli, seni tanimadim, nimalar deb o‘kira boshlaganingni anglamadim. Qayiq uchidagi parpirak uzilib ketgudek bo‘lib aylanmoqda.
Ey shamol parpiragi, aylan pirillab!
Notanish bu makonlarning suronli dolg‘alari seni ham men kabi yulqilab aylantirsin!
Qayig‘imiz suv ustida turgan kosaga o‘xshamaydimi? Kosaning suv ustida oqishi o‘z ixtiyori bilan emas, balki suvning irodasi va hukmi iladir, dedilar. Ha, bu shundoqdir... Bir ozdan so‘ng suv kosani shunday oqiza boshlaydiki, buni ko‘rgan boshqa kosalar qochishga tushadilar...
Kosa... qayiq... Tavba, bular orasida nima bog‘liqlik bor?
Ey ummon, guvillab yuksaklarga intilayotgan va qarsillab yiqilayotgan to‘lqinlaring bag‘rida hozircha jonimizni saqlab turgan bo‘lsang-da, lekin sen ham tamomila begona tuyulmoqdasan. Ajabo, deyman qayiq chetiga mahkam yopishganimcha. Tangrim butun yer yuzini odam bolasiga qo‘nimgoh qilib bermadimi? Unda ne sababdan men sizni sezmayapman? Ne sababdan menga o‘z tilingizda so‘ylamayapsiz? Yoki so‘ylayapsizu men anglamayapmanmi?
Nimalar deb hayqirmoqdasan, po‘rtana shamoli? Nimalar deb olamni buzmoqdasan, qasirg‘a?
Men diyorimda tevarak, osmon, yer, quyosh, shafaq, yomg‘ir, shamol, maysalar, tun, tong, tog‘laru bog‘lar... hammasi bilan bir butun edim, ular bilan birlashib ketgan edim. Bu yerda esa... suv ustidagi yog‘och kosaman, xolos.
Tun tamomila enlab-bosib kelmoqda. Zimiston qorong‘ilik cho‘kadi, endi zulmat bag‘ridan faqat turfa notanish ovozlar keladi, qo‘llarim, ust-boshim, sochlarim sho‘r suvdan shalabbo bo‘lgan, ikkimiz ham qayiqqa mahkam yopishib jon saqlaymiz. Ko‘klarning bag‘rini tilib chaqmoqlar chaqadi, momaqaldiroq ovozi bilan dengiz suvining qasirg‘alari qo‘shilib ketadi, to‘satdan sharros yomg‘ir quya boshlaydi, bunaqa yomg‘irni ham hayotimda ilk bora ko‘rmoqdaman. Qayiq tubida to‘plana boshlagan yomg‘ir suvida oyoqlarim sovqotadi, esimga qayiq ostida suzgan ulkan sharpa keladi: qorong‘ida ko‘rinmasa-da, balki haliyam suzayotgandir?
Ey to‘fon, ey dolg‘alar, ey to‘lqinlaru ularning bag‘irlaridagi besanoq jonzotlar, ey boshqa dunyolarning maxluqlari! Ochiq ummon sari adashib ketib borayotgan ikki mo‘minga balki o‘z tilingizda turli ishoralar qilgandirsiz? Chag‘alaylar hali qorong‘ilik tushmasidan, osmonini kulrang bulutlar enlab ketgan shu hadsiz-hududsiz olam sohiliga uchib ketish oldidan bezovtalanib chug‘urlashgandir? Dunyo zulmatga cho‘mganida, yer yuzini butkul enlagan suv uzra xas kabi qalqayotgan shu yog‘och parchasi ustidagi inson bolasining adashishlariga achinishgandir? Goh suv betiga chiqib, goh suv ostidan holimizga boqqan qilichbaliqlar, nayzaboshlar, yapaloqbaliqlar, dengiz yulduzlari, nahanglar bor ovozlari bilan xitob qilgandirlar-u, men anglamagandirman? Zulmatda hech mo‘ljal ololmayotgan bo‘lsam-da, dilimda birgina umid miltiramoqda: shoyad tutgan yo‘lim to‘g‘ri bo‘lib chiqsa? Shoyad oqim va shamol halokat sari emas, xaloskor sohil sari oqizayotgan bo‘lsa. Suv ustida ekanman, qalbimdagi hamma narsa g‘oyib bo‘lganini, faqat Tangrining qadar va qismatiga bo‘ysunishdan boshqa hech nima qolmaganini, ummon uzra hech narsaga aylanganimni his qilish dahshati mana shu zulmatning bo‘ronlaridan ham battarroq bo‘lib shuurimga yopirilib kelmoqda, to‘fonlarni hosil qilmoqda. Po‘rtanalar qayiq yog‘ochlarini qirsillatib egmoqda, ochiq oralaridan sho‘r suv kirmoqda, yomg‘ir suviga qo‘shilib qayiq tubida to‘planmoqda. Bag‘ridagi bor narsani otib yuborguday junbishga kelgan suvlarga olovli qilich kabi sanchilayotgan chaqmoq yorug‘i qayiqning narigi uchida men kabi taxtani changallab olgan do‘stimni ham goh-goh yoritmoqda. U xatarli to‘lqinlaru yashin yallig‘lari aro xaloskor sohil qorayib ko‘rinib qolarmikin degan ilinjda o‘zi mo‘ljal qilgan tarafiga, to‘fon qa’riga tikilgan.
Shamol parpiragi, aylan pirillab! Uni yulqib olib, dolg‘alar bag‘riga has kabi uchirib ketayotgan shamol, yanada kuchliroq esaver! To‘lqinlarni osmon qadar ko‘tar, po‘rtana! Aslida shu on barchamiz bir hukm shiddati ostida pirillab aylanmoqdamiz-ku! Seniyu chaqmoqlarni, to‘fonu po‘rtanalarni, suronu qasirg‘alarning sabab-natijalarini yaratgan, qutulishning yo‘lini ham albatta yaratib qo‘ygandir? “Kishi suvga tamomila g‘arq bo‘lganida, undan ko‘ringan har bir harakat va ish o‘ziniki bo‘lmay, suvga tegishlidir.”[2] Seni nima o‘ziga chorlayotir, bilmayman. Ammo tog‘day to‘lqinlarning sapchishlari aro xas kabi aylanayotgan qayiq ustidagi ikki jonni o‘z diyori – sevgilisi chorlamoqda. Diydor yo‘lidagi barcha xohishu istaklar uqubatli, yor esa hamisha diloromdir... Men butun insonligim bilan o‘sha diloromga tomir-tomirimdan bog‘langanimni, u bo‘lmasa o‘zimning mavjudiyatim ham shu to‘fonlarga qo‘shilib g‘arq bo‘lib ketishini sezaman. Bizni shu suv oqishiga solgan, meni yaxshilik ichida eslab-iltijo qilingiz, deb ogohlantirgan oliy murabbiyning o‘zi jonimni shu dolg‘alar qa’ridan chiqarib u sari yo‘llashini, chaqmog‘u qasirg‘alarga o‘sha diloromning qadru qiymatini anglashim uchun solganini, endi suv tamomila uning hukmi ila, u istagan tomonga oqiza boshlaganini... qo‘rquvlar, vahmlar va hayiqishlar ortidan diloromimning orombaxsh qiyofasi birdaniga ko‘rinib qolishini umidvorlik ila kutyapman, xolos.
2011
________________________________________
[1] Jaloliddin Rumiydan.
[2] Jaloliddin Rumiydan

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.