OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ismoil Shomurodov. Kultepada kechgan hangomalar (qissa)

1

O‘rolboy traktorchining nashavandlikka mubtalo bo‘lib, qorni yorilishiga aslida O‘roq dallol sababchi edi. Birovning baxti, birovning ko‘zini chiqaribdi deyishganday, bundan ancha daromad ham qilgan u. Nasha emas, albatta, temir-tersak sotgan... Aniqrog‘i, bu ishda vositachilik qilgan.
Nashavandlik bilan temir-tersakning qanday aloqasi bor?
Bor ekan! Judayam yaqin. Axir O‘rol traktorchi bu jabhaga traktori bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri devor buzib kirib borgan edi-da. 
Hammasi bir boshdan...
Qishloqdagi yagona jinoyatchi Nurmon – "Shilliqqurt" beshinchi marta qamalib chiqqach, tinch hayot boshini tutmoqchi bo‘ldi, halol yashashni niyat qildi. Biroq tutdim deb o‘ylagani aslida bosh emas, boshqa narsa ekanini keyin angladi... Qolaversa, uning "halol yashash" tushunchasi jamoa qarashlari bilan ayro ekan.
Umumiy hisobda o‘n besh yil qamoqda o‘tirgan emasmi, “u yoq” joniga tekkan. Endi avvalgi shijoati ham qolmagan, ilgarilari ko‘zini yumib bajaradigan arzimas jinoyatlarda ham qo‘lga tushib, tayoq yeb, ur kaltak-sur kaltak bo‘lib yuribdi. Normat podachining har yili qo‘sha-qo‘sha tug‘adigan qanjig‘i – Reksga o‘xshab undayam obro‘ qolmadi. 
Bir paytlar – ilk bor "o‘tirib" chiqqanida butun qishloq ko‘rgani keluvdi, to‘ylarning to‘ri, taomning zo‘ri uniki edi. Endi qishloqdoshlari duch kelsa teskari o‘girilib ketishadi. Reks esa ilk bolalaganda Normatning hovlisidan 48-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilarining, zotdor kuchuk boqib olish dardidagi tog‘a-yu, pochchalarning bir oygacha oyog‘i uzilmagan. Keyin-keyin Reks aslida xashaki qanjiqligi bilinib, kuchukvachchalarini uyiga eltib bersang ham birov olmaydigan bo‘lgan.
Shilliqqurt dastlab bundan ko‘p ranjidi (Reksning bolalari dala to‘ldirib, uysiz qolganidan emas, o‘zi obro‘sizlanganidan) va uchragan kimsaga aytib yurdiki: "Butun dunyoda qonundagi o‘g‘rilarni hurmat qilishadi. Mana, Al Kappon, qanday mashhur... Okeanning nariyog‘ida u bo‘lsa, buyog‘ida biz... Ha, endi ikki qo‘chqorning boshi bir qozonda qaynamaydi, deganlari chin-da. Biroq mana shu Xudo urgan Kultepada bizni mensishmaydi... Qishloq... g‘irt qishloq... ha-yu, hayt, deb katta shaharga ketib qolay deyman-u, yana ko‘ngil bo‘lmaydi. Hamma obro‘mandlar shaharga ketaversa, qishloqni kim ko‘taradi?"
Albatta, uning o‘zini "biz" deb gapirishi tez barham topdi, ko‘cha-ko‘yda yosh yalangdan dakki eshitib, kaltak yeb, o‘zi "siz"lashga arzimay qolganini bilib, buni bas qildi.
Yuk og‘ir bo‘lsa eshakni, eshak og‘ir bo‘lsa, yukni keltirish to‘g‘risidagi qoidaga muvofiq Shilliqqurt qishloq odatlariga bo‘ysundi. Shu o‘rinda uni yuk emas, eshakka mengzash o‘rinliroq bo‘ladi. Har holda jonli maxluqot, har holda boshi bor... Eshakning, albatta.
Halol yashay boshlaganini nishonlab, qamoqdan qaytganiga shukrona uchun qo‘ni-qo‘shni, oqsoqollar va mahalla faollarining maslahati bilan bir-ikki cholni chaqirib, qon chiqarmoqni niyat qildi. Bu safar butun irim-sirimi bilan... "U yoq"dan uchinchi marta qaytganida Mashrab luchchakning burnini yorib, qon chiqaruvdi. Lekin bu hisobga o‘tmadi. To‘rtinchi marta qo‘lga tushib, yana qamaldi. O‘sha xatodan xulosa qilib, tadbir uchun jonliq ma’qulligini tushundi (har holda ariza ko‘tarib u-bu joyga yugurmaydi). Jonliqsiz xudoyi xudoyimi? Shu maqsadda qo‘shnilarning tovug‘iga "tushib", kaltaklandi-yu, bu ishga (xayr-ehsonga, albatta, o‘g‘rilikka emas-ku) uquvsizligini tushundi. 
Gap xudoyida emas, chamasi. Keyin ham ishi yurishmay, ko‘p shalloq yedi. Bir safar ko‘chada turgan velosipedni minib, "kataysa" qilmoqchi bo‘lgani uchun, keyingi daf’a dalada yurgan yovvoyi echkini ushlab kelayotganida (qaydan bilsin, ko‘p yil "o‘tirgan", tog‘dan yovvoyi echkilar uloqib kelgandir, deb o‘ylabdi-da, qo‘shnisi O‘roq dallolniki ekanini keyin, qo‘lga tushib bildi), bir marta esa shunchaki – do‘stona suhbat uchun kaltaklandi. Eski sinfdoshi – Nor polvonga qamoqning gaplari bilan muomala qilmoqchi bo‘luvdi, u tushunmay, mushtlab qoldi. Bu ur-surdan yagona xulosaga keldi: ozodlikdagi odamlar vahshiylashibdi. Muomalani tushunmaydi.
Aslida har qanday kasbda ham vaqt va tajriba muhim. Borgan sari mahorat charxlanadi. Unda negadir bunday bo‘lmadi (Reksning tug‘ruq tajribasidagi kabi). Shuni o‘ylab, Shilliqqurt jinoyatchilik ham sportga yaqinroq soha ekan, degan to‘xtamga bordi. Biroq ich-ichidan o‘zini keksa fohishaday his qilyapti. Odamlar yetti mahalla naridan aylanib o‘tadi. Birov davraga qo‘shmaydi. Kasbi kasodga uchragan...
Shularni o‘ylab, halol kun kechirmoqni niyat qilgan edi. Lekin aytishga oson. Shuncha yil davlat berganini yeb o‘rganib qolgan...
Ayni bahor! 
Otasidan qolgan eski kulbasi qarovsiz, xarobaga aylangan. Devorlar yomg‘iru qordan uvalangan, loy tom necha yillardan buyon suvalmaydi (shiferni esa to‘rtinchi marta qamoqdan qaytganda sotib yegan). Chim bosgan. Uy ichi zax, og‘ilni eslatadi.
Nurmon ishni tomorqani chopib, biror ekin ekishdan boshlamoqchi. Qo‘shnisidan kapcha so‘rab chiqdi. Dallol echkisiga tajovuz qilganidan buyon arazlashib yuruvdi... Shilliqqurt esa xafagarchilik, uyat, andishani bilmaydi. Holbuki, shu echki mojarosida uning o‘zi ko‘proq jabr ko‘rgan. Burni singan. Dallolni va uning baqiroq echkisini birov hatto chertmagan ham.
Shunga qaramay, Shilliqqurt ming yillik qadrdoni yoniga borganday tirjaydi.
– Kapchangizni berib turing. 
– Nima tashvish? – deb so‘radi g‘ijinib O‘roq.
Uning xavotiri kapchadan – bu nobop qo‘shni birortaga sotib, pulini ishlatib qo‘yishi mumkin. Biladi-da. O‘ziyam temir-tersak olaman, deb necha-necha bolalarni aldab, bobo-momolarining obdastayu, dastsho‘ylarigacha muzqaymoqqa almashtirgan. Bu-ku bola emas, muzqaymoqqa uchmaydi, lekin kapchani bir-ikki yutim nosga alishib yuborishi mumkin. 
– Tomorqani bellab, dehqonchilik qilmoqchi edim, – dedi Nurmon oriq, zahil barmoqlarini o‘ynatib.
O‘roq dallol bularning "dehqonchiligi"niyam, jargoniniyam biladi. Shu bois qiziqsinib so‘radi.
– Ko‘knorimi?!
– Bilasizmi?! – Shilliqqurt ham ajablandi.
– Nimani?
– Yetishtirishni-da?
– Bilmayman...
– Unda... men ham bilmadim, – dedi Nurmonning hafsalasi qaytib. – Biror daromadliroq narsa ekarman... Ko‘knorni qo‘yishmas, deb o‘ylayman... Men yana ikki yil uchastkavoy nazoratida bo‘laman... Qamoqda bunaqa dehqonchilikka qo‘l urganlar ko‘p edi. Shundan bilamanki, kechirishmaydi... Uyni sozlash, moshin olish kerak... Oxirgi marta qamalar paytimda tamaki pul edi, ikki toy tamaki sotaman, deb qo‘lga tushuvdim.
– Tamaki sotganni qamashmaydi, – aniqlik kiritdi qo‘shni. 
– Birovniki edi... – Shilliqqurt jimib qoldi. Qanchalar faxrlanmasin, o‘g‘rilik qilganini tan olgisi kelmaydi. – Shundan eksammi, deb turibman.
– Nima? Tamakimi? Esing joyidami? Hozir unga itam qaramayapti-ku... 
– Nega? – hayron bo‘ldi Shilliqqurt. – Ana bir pachka sigaret necha pul turadi.
– Qanday tushuntirsam ekan... Buyam Tirkash alkashning ishiga o‘xshab ketadi. Bir shisha aroq qancha turadi? Uncha qimmat emas, lekin uni ichgan Tirkash yuz barobarga qimmatroq g‘alvani boshlamasa, kayfi tarqamaydi... Hozir yegulik pul bo‘lgan... Kartoshka ek.
O‘roq dallol o‘yda qolgan. Ko‘ngli aytyapti – bunga kapcha bersa qaytmaydi. Nimadir bahona topish kerak. Aksiga olganday bu matoh ana, ko‘z o‘ngida qadalib turibdi. 
– Qiziq gaplarni aytasiz-ku! Uyda yegulik bo‘lsa, qornim to‘yib yurmasmidi... Kartishkam bo‘lsa, qovurib yemasmidim... Kapchani beravering-chi, oldin yerni yumshatib qo‘yay, keyin bir gap bo‘lar.
Qo‘shni o‘ylandi, bahona qidirdi. O‘zim ishlataman desa, gapini isbotlash, buni shubhalantirmaslik uchun kechgacha tomorqada kuymalanish kerak. Axir ko‘zi tushadi-ku. Televizorda esa serial berayotuvdi. Nurmonning zahil, suyaklari bo‘rtiq yuziga bir qur nazar solib, bu odam kapchani ko‘tara olishiga ham shubhalandi.
– Senga bir yaxshi maslahat, – dedi Dallol gap topib, – u yoqqa ketganingga ancha yil bo‘ldi, zamondan bexabarsan, hozir hech kim kapcha bilan yer bellamaydi. O‘rolning traktori bor, shunga aytib haydattiradi.
– Yo‘g‘-e, – Nurmon sarosimalanib qolganday bo‘ldi. Eshitganlari unga xo‘b yoqdi. O‘ziyam tomorqaga qarab, buni qachon chopib chiqaman, qo‘shni kapchasini bermasa yaxshi bo‘lardi, degan o‘yda bu yoqqa chiqqandi. 
Nurmon o‘z-o‘zicha g‘udrangan ko‘yi O‘rolnikiga jo‘nadi.

2

Umar chinoq tuman gazetida ishlaydi. Shundan o‘zini qishloqning old ziyolisi sanaydi. Lekin keyingi paytlar omadi yurishmagandan yurishmayapti.
Bugun ham ishga bormadi. Mana, ikki haftadan buyon qishloqdan chiqmaydi. Muharrirdan ranjigan. “Sen chalasavodni ishdan haydab, o‘rningga biror harf taniydiganni olaman", deb dag‘dag‘a qilgandi u. 
Hamma o‘pka-gina kichkina bir anglashilmovchilikdan boshlandi. Gazetada mahalliy shoirning "Mulla Xoliy yurma endi siqilib", degan misrasida xato ketgan. Arzimas! Qaysidir harfning bir cheti uchgan, birov payqashi dushvor. Injiq shoirning o‘zi "odamlarning kulgisidan keyin siqilib ketdim", deb janjal qilib kelganidan keyingina muharrir ham xatoga e’tibor bergan ekan. Shu arzimas xatoni deb Umarning oylik maoshini qirqqan edi, araz o‘shandan. Adolatsizlik bo‘lgan-da! Yarim millimetrlik dumchaga yuz ming so‘m! Oylik to‘lashda o‘lchov boshqacha bo‘ladi – hisoblab chiqdi, o‘rtacha bitta harfga ikki so‘mdan to‘larkan. O‘sha ikki so‘mlik harfning yarim millimetri "uchib" ketsa yuz ming so‘m jarima soladimi? Qani adolat?!
Endi o‘ziga kelib, arazi aridi. Boshliqdan ranjish mumkin emasligi, nafaqat maoshdan, balki butkul ishdan ayrilib qolish mumkinligini o‘ylab, yuziga biror nima tutib, muharrir yoniga bosh egib bormoqchi. Axir shusiz ham joyida zo‘rg‘a ilashib turgan bo‘lsa... Muharrir yalinib kelar, deb kutgandi, adashibdi. Orada usiz ikkita son chiqib ketdi, hech kimdan darak yo‘q.
Ijodkorning oldiga nima ko‘tarib borish mumkin? Albatta, bir-ikki qog‘ozlik maqola-da. Zora eski ginalar unutilsa. Aslida yuziga ikki shisha aroq tutib kelganda xo‘p ish bo‘lardi-ku, Nosir nosfurush bu matohni plastik kartochkaga sotmaydi. Bunda esa naqd pul yo‘q.
Hozir Chori sorining uyiga kelib turibdi. Maoshgacha ozroq qarz olsa ish jo‘nashib ketadi. Biroq...
– Ha, – dedi Chori sori uni darvozada qarshi olarkan. – So‘fi ketini yuvmasdan nima qilib yuribsan?
Bu odam kayfiyati yaxshi bo‘lganda so‘fini eslamaydi. Uning ayrim a’zolarini-ku inchunin. Umar chinoq tushundi – bundan yordam kutish foydasiz.
– Siz haqingizda gazetaga maqola qilmoqchi edim, – dedi shoshib, – ko‘pni ko‘rgan, tajribali odamsiz, sizlarni ko‘taradigan vaqt keldi. Qachongacha pana-pastqamda yurasiz?
– Gazetada?! – Chorining kapalagi uchdi. – "Urishgan", bir safar yaxshilab "urishgan". Murodning hozir Toshkentda ishlaydigan bolasi qattiq tanqid qilgan. Shu sabab bo‘lganmi, raislikdan olib tashlashgan. O‘shandan beri gazetani ko‘rsam ko‘nglim ayniydi... Hozir ham senga qarab, yaxshi narsalarni o‘ylayotganim yo‘q.
– Bilyappan... Lekin bizning gazetada faqat yaxshi gap bo‘ladi. Tanqid bilan g‘alamislikni bilmaymiz. Ana, oldingi sonda bir artisni yomonlamoqchi edik, ming aylantirib yozsak ham maqtov chiqaverdi.
Chori aka olaydi. Hali ostonasini hatlab biror jurnalist kelmagan. To‘g‘ri, buni jurnalist deb bo‘lmaydi, lekin, tan olish kerak, o‘ziyam Maykl Jekson emas. "Shu akamga shu checham ham bo‘laveradi", degan gap o‘tdi ko‘nglidan.
– Xo‘sh, – dedi salmoqlanib. – Nimamni maqtamoqchisan?
Umar shoshdi. Nimasini maqtash mumkin buning? Qanday gap aytsa, hech ikkilanmay qarz berib yuboradi?
– Masalan... hobbingizni maqtasa bo‘ladi... Kuchuk boqasiz-ku, to‘g‘rimi?
 "O‘zingizga o‘xshagan", degan gapni aytib yuborishdan shu joyda arang tiyildi. Albatta, iti va Chorining sariqligi uchun Umar aybdor emas, lekin haqiqat yo‘q-da dunyoda, mabodo Xudo urib, og‘zidan chiqib ketsa, hammasiga o‘zi gunohkor bo‘ladi.
– Reksmi? – dedi Chori avvaliga sevinganday. – Reks zo‘r kuchuk... Qishloqning oldi... O‘zimizning gap-ku, shu Suvonning uli Quvondan ko‘ra aqlliroq... Tunov kun qo‘y boqib yursam, so‘rrayib oldimdan o‘tib ketdi. Qo‘ylarni qaytarib yubor, desam, unamadi. Reksga bir og‘iz aytuvdim, chopqillab bajarib keldi, og‘rinmadiyam. 
Shu yerga kelganda Chori bir oz o‘yga cho‘mdi, so‘ng hayajon bilan davom etdi:
– O‘ylasam, shu jonivor bolalarimdan ham aqlliroq ekan. Biror marta ularga o‘xshab "hammasiga menmi" demaydi-ya... Hech qachon ko‘zimga tik qaramaydi. Qancha so‘k, qancha urish, boshini egib turaveradi. Yoki dumini qisib nari ketadi... Bolalarga shunaqa qilay-chi... Shular dumini qisadimi? Eh-hey, o‘zimni yeb qo‘yguday chaqchayadi... Reks boshqa-da... Ana fahm, ana farosat, ana tarbiya!
Shu yerga kelganda Chori "Odobnoma"dan dars beradigan Salim malimday ko‘zlarini nim yumib, boshini sarak-sarak qildi. 
Biroq bu qilig‘i uzoqqa bormadi, birdan boshining ma’nili silkinishi to‘xtadi, so‘ng ko‘zlari yarq etib ochildi, unda qandaydir ayyorlikka o‘xshash bir nima yiltillab turardi. 
– Shoshma, – dedi xezlanib Chori, – bu bilan nima demoqchisan? Men oltmish yil yashab, shu olti yoshlik Rekschalik hurmatga loyiq bo‘lmadimmi? Reksni maqtash uchun keldingmi bu yerga? Biz endi gazetga bir tiyinga qimmat sariq ko‘ppakning orqasidan chiqamizmi? O‘zimizning maqtasa bo‘ladigan ishimiz yo‘qmi?
Umar shataloq otib qochishni o‘yladi, lekin shashtidan qaytdi. Pul ololmasligiga-ku ko‘zi yetdi, lekin material so‘rab yana kimning oldiga boradi? Bu gazetasi qurg‘ur yapaloqday bo‘lsayam, ro‘zg‘oridan yomon – to‘latib bo‘lmaydi.
– Qanday farqi bor? – dedi Umar har ehtimolga qarshi o‘zini bir oz ortga tortib. – Siz nima-yu, Reks nima?
– Ie, sen meni kuchukka tenglayapsanmi? 
– O‘sha kuchukni shunchalar bilimdon qilib tarbiyalagansiz-ki, odam adashadi, – dedi Umar shoshib. U yana qanday xushomad qilishni bilmay kalovlandi. – O‘zingiz ham tan olib turibsiz-ku aqlliligini.
Shu gapdan Chorining shashti pasaydi.
– Reksga til tekkizma, – dedi nihoyat gap topgan bo‘lib, yumshab, – biz tarbiya berishni bilamiz!
– O‘zi aslida hayot yo‘lingizni maqola qilmoqchi edim, sermazmun, sermahsul va g‘oyatda boy hayot yo‘lingizni... – gapini to‘g‘riladi Umar.
Keyingi so‘zlar Chori akaga moydek yoqdi. O‘qiydi, eshitadi, bunaqa gaplar faqat gazetada, radioda, televizorda ishlatiladi. Mana uning o‘zigayam nasib etib turibdi-ya?!
– Mana bu yerga cho‘k-chi, – buyruq berdi muxbirga darvoza yonidagi katta xarsangga imo qilib. – Bir boshdan aytib beraman.
Ular shu yerdagi, usti silliqlanib, oqarib qolgan toshga o‘tirishdi.
– Nimani aytay? – so‘radi mezbon. 
– O‘qishdan boshlang, – dedi baqrayib muxbir.
– Birinchi sinfdanmi?
– Institutdan boshlayqoling, – qisqaroq va qiziqarliroq bo‘ladi.
O‘qish zo‘r bo‘lgan, besh yil o‘qiganman... Kirish imtihonida ikkita uch, ikkita to‘rt olganman. Bitirishda ham zo‘r topshirganman. Ikki uch, ikki to‘rtga... Shunday qilib, diplom qo‘lga tekkan.
– Shoshmang, – Umar hayron. – Kirishdayam shu baho, bitirishdayam shu, besh yil nima ish qildingiz?
– O‘qidim, – dedi mezbon.
– Baho o‘zgarmabdi-ku?!
Chori sori unga olayib boqdi. Lekin gazetda chiqish istagi alangalanib, yana muloyim tortdi, og‘rinibroq boshqa mavzuga o‘tdi.
– O‘qishni qo‘y, mayli, tushunmas ekansan, biladiganingni yoz. Mana, yaqinda zo‘r ish qildik. O‘rolga aytib, qishloqning atrofini yong‘inga, selga qarshi chegara bilan o‘radik. Ana endi, sel kelsayam, o‘t ketsayam lip etib, qishloqni aylanib o‘taveradi.
– O‘tib ketadi, – hayron bo‘ldi Umar. – Kuni kecha tepa qishloqdan tushgan oqova selga aylanib G‘oyib akaning hovlisini bosib ketibdi-ku!
– Qo‘ysang-chi, – dedi Chori. – G‘oyib ig‘vo suv yo‘qligidan uch oydan buyon g‘usul qilolmaydi-ku, uyini sel bosarmidi?.. Buning ustiga qishloqda gap yotmaydi? Narigi chekkasidan ikki og‘iz gapni qo‘yib yuborib, berigi tomoniga kelib tursang, ikki soatdan keyin ming og‘iz bo‘lib yetib keladi... Ig‘voning uyini suv bossa eshitardim.
– Mana eshitib turibsiz-ku, – Umar ohista so‘zladi.
Chorining ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushdi: G‘oyib ig‘vo shunaqa narsalarni kutib yuradi-ku! Xat-qalam qilib, tumangami, undan yuqoriroqqami yugurib qolmasa go‘rgaydi.
– Axir men bu ishlar bajarildi deb tumanga hisobot berib yuborganman, – dedi Chori tumshayib. – Nahotki O‘rol uch shisha aroqni olib, ishni bajarmagan?

3

Armiyaga bir yuz oltmish sakkiz santimetrlik bo‘y bilan ketib, shu bilan qaytgan, hozir sal-pal cho‘kkan, tepakal O‘rol qorong‘i uyga kirib, serial ko‘ryapti. Yonida uch kun burun Chori sori "Qishloq atrofini haydaysan", deb xizmat haqiga berib ketgan uch shisha aroqning so‘nggi, yarimlab qolgandi.
Uyam qiziq, bo‘lmasa aytdi, "traktor aroq emas, solyarkada yuradi" deb. Ko‘nmadi. "Bir amallaysan", emish. Mana, uch kundan beri yolg‘iz o‘zi yuz-yuz qilib, amallayapti.
Nurmon baqirib kirganida O‘rolning kayfiyati buzildi. Qanday ahmoq shu mahalda birovning eshigiga boradi-ya?! Tashqariga chiqqisi kelmay yotgan joyida ovoz berdi:
– Qo‘rqmay kiravering, it yo‘q.
– It bo‘lganda durustroq edi, kelishsa bo‘lardi, – to‘ng‘illadi Nurmon va eshikdan bosh suqdi. – Puf-fff, namuncha sassiq? 
– Ie... – O‘rol dovdiradi, buni ko‘rmaganiga o‘n yil bo‘ldiyov, peshvoz chiqar ekan, quchoqlashib ko‘rishishniyam, ko‘rishmaslikniyam bilmadi. – Keling!
Nihoyat O‘rol qo‘l uzatib ko‘rishdi. Shunisi ma’qulroq. Aft-angoridan o‘pka kasalga o‘xshaydi, yuqmasin.
– Uy, deyman, sasib ketibdi-ku, a? 
Nurmon nopisandlik bilan gapirdi. Uning azaldan qo‘rs ekanligini O‘rol yaxshi biladi, lekin bunchalar og‘ir botar darajada deb o‘ylamovdi. 
– Ozroq aroq ichuvdim, – dedi O‘rol aybdorday.
– Molning isi kelyapti, – battar dag‘al gapirdi Nurmon.
– Ha, umi... Otam og‘ilini buzib, yog‘ochidan shu uyni solib bergan, shunga sal hid bo‘lishi mumkin... Lekin biz o‘rganib ketganmiz, sezilmaydi.
– Jo‘ra, men ish bilan keldim, o‘tirishga emas. Traktoring bor ekan, shuni qo‘shsang, bizning tomorqani haydab bersang, ekin-tikin qilmoqchiydim.
O‘rolning og‘zi lang ochildi. Bu nima deyapti? Qanaqa ekin-tikin? Bir umr qamoqda o‘tirgan odam dehqonchilikning fahmiga borarmidi? 
"Bilamiz sening dehqonchiligingni, – dedi ichida. – Ko‘knor ekmoqchi bo‘lsang kerak-da. Sen o‘ylagan andilardan emasman..."
– Aka, bilasiz, kolxoz yo‘qolib ketganiga necha yil bo‘ldi... – dedi ovoz chiqarib. – Kolxozdan qishloqqa Raim rais meros qolgan bo‘lsa, menga shu traktor... Hozir u o‘zimniki, yoqilg‘i yo‘q. Necha kundan buyon zang bosib yotibdi. Tunov kuni Temir fermer ham yigirma gektar yerimni haydab ber, deb iltimos qilib keldi. Ko‘nmadim, gektariga yigirma mingdan to‘lamoqchi bo‘ldi... Bu dunyoda pul bilan bitmaydigan ishlar ham bor-da.
Shilliqqurtning hafsalasi qaytdi. O‘zicha g‘udrandi: 
– Gektariga yigirma ming?! Mening tomorqamni haydash uchun qancha pul kerak bo‘ladi?.. Hozir...
Nurmon boshini osmonga qaratib, nimalarnidir pichirlab sanadi.
– Ikki ming so‘mmi, ikki yuz ming so‘mmi?.. Bilmadim... Otam rahmatli "hovlimiz o‘n sotix" derdi. – Shilliqqurt O‘rolga boqdi. – Bir gektar kattami, o‘n sotix?
– Bularni bir-biri bilan solishtirib bo‘lmaydi, – dedi aqllilik bilan O‘rol. – Mana, sizningcha, bir kilo tosh og‘irmi, bir kilo paxta?
– Tosh-da, – tirjaydi Nurmon Shilliqqurt. – Shuniyam bilmaysanmi?
– Shundaylikka shunday, – ma’qulladi O‘rol, – lekin bularni bir biriga solishtirish kerak emas... Odamni adashtiradi.
– Mayli-da, – dedi Shilliqqurt. – Baribir toza ish qilishning hech imkoni yo‘q ekan-da, a? Bu ahvolda halol odam nashaga pulni qaydan topadi, shuni tushunasanmi, o‘zi?
O‘rol og‘zini lang ochib turaverdi. U o‘ylagandiki, giyohvand moddalar yetishtirish bilan shug‘ullanish qonunga xilof, hatto bu haqda gap qo‘zg‘agan zahoti odamni darhol qamoqqa olishadi. Biroq ne ajabki, ularning yonida na Rajabboy melisa va na yaqindagina Akademiyani tugallab kelgan yosh leytenant paydo bo‘ldi. Atrof boz-boyagi, bobomning tayog‘i – suv quyganday jim-jit. Yoni-beriga o‘g‘rincha qaradi, hech nima va hech kim yo‘q! Nahotki?! 
– Mening uyimda bunaqa gapni gapirmang, g‘alvaga toqatim yo‘q, – go‘yo ogohlantirdi O‘rol.
– Tushunmadim, halollik to‘g‘risida gapirish mumkin emasmi? – deb Nurmon Shilliqqurt tumshaydi. – Zamon o‘zgarib ketibdi-da, a?
O‘rol nimani nazarda tutayotganini tushuntirmoqchi bo‘ldi-ku, lekin ko‘p vaqt ketishini o‘ylab shashtidan qaytdi. Ichkarida serialning eng qaynoq nuqtasi boshlagan, piyolaga quyilgan so‘nggi tomchi aroqning spirti ham havoga singib bormoqda. Tezroq qaytmasa quruq suv qoladi. Bu so‘tak esa ostonada turibdi: na ketadi, na ichkariga kiradi. 
– Serial zo‘r bo‘lyapti, ko‘rmayapsizmi?
– Televizor yo‘q... – Nurmon Shilliqurt xona ichkarisiga olazarak boqdi. – Bolalar qani?
– Dalaga haydadim, o‘t yulib kelishadi... o‘zimman. Nima edi?
Nurmon nimanidir o‘yladimi, o‘z-o‘zidan mezbonni chekkaga surib ichkariga kirdi.
– Kirsak kiraylik-chi, gugurting bormi?
– Aroq qolmovdi, – dedi ikkilanib O‘rol. 
– Gugurt deyman... Meniki o‘zim bilan...
O‘rol ikki ko‘zi televizorda, tokchadagi chiroq yonidan gugurtni olib, mehmonga uzatdi-da tomoshada davom etdi.
Nurmon eski kostyumi cho‘ntagidan yaltiroq oqish-kulrang qog‘oz chiqardi, so‘ng shu yerda dumalab yotgan nos solingan shisha og‘ziga bosib, undan cho‘michchaga o‘xshash matoh yasab, yoniga qo‘ydi. Ko‘ylagi cho‘ntagini kovlab, plastmassa trubkacha va to‘rtburchak qilib o‘ralgan, dorixonalarda sotiladigan qo‘lbola antigrippin dorisiga o‘xshash, kichik oq qog‘oz oldi. Ochib, ichidagi mayda tuzsifat, sarg‘ishtob narsani boyagi "cho‘michcha"ga soldi va ostidan gugurt chaqib, ohista qizdirdi. 
– Manavini ushla, – dedi u ikki ko‘zi televizorga termulgan O‘rolni turtib.
O‘rol "cho‘michcha"ni olib, anqayib qoldi. Ostidan yoqilgan olovdan "tuz" tutayotgan edi. Shilliqqurt trubkachadan chiqayotgan tutunni ichiga tortib, nafas olmay turdi, so‘ng havo chiqardi. Ko‘zlari o‘ynab, uy egasiga qaradi:
– Havasing kelyaptimi?
– Yo‘q.
– O‘larsan... Mayli, manavini ushla, tutunni bekorga ketkazmay, ichingga tort... Tez bo‘l, buning bir grammi o‘nta aroqdan qimmat... Tozasidan... Daryo ortidan eski tanishlar jo‘natgan.
O‘rol rad qilmoqchi edi, mehmonning qat’iy gapi o‘rin qoldirmadi. Noiloj trubkani olib, tutunni ichiga tortgan edi, o‘pkasiga yugurib, o‘qchib yo‘taldi.
– Namuncha achchiq... 
– Safar jo‘raning ichida bir sutkadan ortiq bo‘lib chiqqan... Achchiq bo‘lmay, asal bo‘lishi kerakmi?
– Ichida? Nima deganingiz... Jargon gapmi bu?
– Jargon-pargonni bilmayman, ichida olib o‘tgan-da. Suv bilan yutgan.
– Yutgan bo‘lsa, ichidan chiqarib bo‘lmaydi-ku?!
– Voy, qishloqi, shuniyam bilmaysanmi! – Nurmon ko‘zini suzib, labini maymunning og‘ziday cho‘zib, bekorga havoga singib borayotgan tutunni ichiga tortmoqchi bo‘ldi. – Shu bo‘lishingga dunyoga keldim, odam bo‘ldim, deb yuribsan-da. Essiz... Boshqatdan boshlaymiz...
– Bo‘ldi, kerakmas, – tomog‘i qichib borayotgan O‘rol rad etdi. – Hammasini tushundim... Ishtaham qaytdi.
– Hali menga rahmat deysan... Sekin, sovuq suvni sipqirganday tort, tutun tovongacha tushib borsin... Ichkarida ozroq ushlab tur, hamma kayfi shunda.
 – Ko‘nglim ayniyapti, kerakmas...
Oradan ozroq vaqt o‘tib, O‘rol o‘zini va atrofni anglamay qoldi – hayot o‘zgarmoqda, o‘zini kosmonavtday his qildi, bir pasda Nyutonning butun olam tortishish qonuni buzilganday bo‘ldi. "Bekorga bu yaramas Shilliqqurtni "qonunbuzar" deyishmas ekan, – degan o‘y o‘tdi ko‘nglidan. – Fizik o‘n yildan beri o‘qitayotgan butun olam tortishish qonuniniyam bir deganda buzib yubordi-ku!"
– Yer qimirlayapti, uy buziladiyov, o‘zim osmonga uchib ketaman... – xavotir bilan yonidagi, allaqachon devorga orqasi bilan suyanib, boshi xom oshkadiday osilgan Shilliqqurtga qaradi.
– Vahima qilma, tutib qolaman... Og‘ilning to‘rtta balorini ushlab qololmasam, nima qilib shuncha yil o‘tirib chiqdim.
O‘rol gapga e’tibor bermadi, atrofda g‘alati voqealar bo‘lmoqda, hayot tez o‘zgarmoqda. Xona vertolyot parragiday aylandi, so‘ng pufakday shishdiki, ichiga butun qishloq jo bo‘larlik, o‘rnidan turib, ko‘chaga qochib chiqmoqchi bo‘ldi, biroq erindi, xona eshigi hozir Xo‘ja to‘pning uzumzoridan bir chaqirim uzoqda. 
"Endi xonaga ertagi kartishka eksam bo‘ladi, – deb o‘yladi u. – Xudoga shukur, yer mo‘l. Fermerlarga yer so‘rab yalinmayman!"
– O‘rol, tur, traktorni qo‘sh, bizning tomorqani haydaymiz, – tilga kirdi Nurmon.
– Ertaga, – dedi O‘rol. – Bugun charchadim, eshikni ko‘ryapsizmi, qayga qochib ketdi. Yetib borgancha kech bo‘ladi. Ertaga keling, Shilliqqurt aka.
– Bunaqa nomardlik qilma, ikki kunlikni chakib qo‘yding-ku, "ertaga" deysan.
– Bo‘lmasa ulov topib keling, minib olmasam, oyog‘imda jon yo‘q.
Shilliqqurt ko‘chaga chiqdi, atrofga alang-jalang boqdi. Uzoqdan bir eshak, arqonini sudrab, no‘xtasini siltab, shataloq otib yugurib kelib, ariq labidan ajriq kemiraverdi. Nurmon poylab borib, arqonidan ushlab, xona tomon sudradi. Eshak ancha bama’ni ekan, eshikdan o‘tishda tixirlik qildi, Nurmon zo‘rg‘a tortib kirdi.
O‘rol Shilliqqurt bilan kelayotgan allambalo maxluqni ko‘rib, qochmoqchi edi, oyog‘ida hamon jon yo‘q, holsizlanib o‘tirib qoldi.
– Bu nima?! 
– Eshak...
– Shu eshakmi?! – negadir O‘rolning ich-ichidan kulgi kelaverdi. – He-he-he, eshak... Eshakmish... Shu eshak bo‘lsa, men ho‘kiz ekanman-da...
– Siz nima desangiz – shu... 
– Bu... bu... – O‘rol o‘zini to‘satdan uy to‘riga, ko‘rpachaga taklif qilishlarining sababini tushunmay, ko‘zlari jo‘layib turgan joniqorga barmoq nuqtab, nima deyishini bilmadi. – Bu... Dinozavr... Bu, ajdar!
O‘rol qiqirlab kuldi.
– Ajdar bo‘lsa, ajdar-da. O‘ziyam menga o‘xshab qish bo‘yi ovqat yemaganmi, teri bilan qovurg‘asi qolibdi, uchib ketaman deyapti, qanoti yo‘q, xolos. Min, ketdik!
Shilliqqurt eshakni turtib, uy sohibiga yaqinlashtirdi. Biroq mezbon birdan cho‘chib o‘zini ortga tashladi.
– Minmayman, – dedi ko‘zlari olayib. – Qo‘rqaman...
U shunday deb Shilliqqurtga boqdi. Uni ilk bor ko‘rib turganday bir seskanib oldi.
– Shilliqqurt aka, bu yerda nima qilyapsiz?
Mehmonning toqati toq bo‘lmoqda. Biroq uy sohibi negadir tirjaydi, so‘ng bir maromda kuldi. Kulgi orasida tizzasiga shapatlay-shapatlay, qiyqirib gapirdi:
– Shu ismni otangiz qo‘yganmi?! Shilliqqurt!! Ve-hey!!! Chiroyliligini!!!
– Enam qo‘ygan!
Nurmonning jahli chiqdi, eshakni itarib yuborib, O‘rolning qo‘ltig‘idan olib, tashqariga sudradi.
Toza havoda O‘rol bir oz o‘ziga keldi, baribir, traktori turgan ko‘cha qochib borayotgan edi. Yetishlari qiyin bo‘ldi. 
Bora-bora O‘rol qorni temir bochkaday bo‘lib borayotganini his qildi. Bo‘m-bo‘sh, og‘zi katta, armiyada cho‘chqalarga yuvindi tashiydigan bochkaday, biroq bo‘sh. Ko‘ngilda uni to‘ldirish istagi uyg‘ondi.
– Non-pon bormi, – dedi u Shilliqqurtni turtib. – Qornim och.
– Uyda yeymiz, traktorni qo‘sh, tezroq boraylik, yer kutyapti.
Shilliqqurt ancha hushyor, eski nashavand emasmi, uncha-munchasi ta’sir qilmaydi. Niyati manavi ovsar o‘ziga kelguncha, traktorni hovlisiga olib borish, keyin bir gap bo‘lar.

4

Umar chinoq shu kun yana ishdan qolishga rozi bo‘ldi. Baribir quruq qo‘l bilan borganda muharrir uning shakkokligini kechirmaydi. Chori rais ikkalasi qishloq chetidagi selga va yong‘inga qarshi ariqni ko‘rgani ketmoqda.
Rais G‘oyib ig‘vogardan xavotirda, boshini xam qilib boryapti. To‘g‘risi, tumanga qilinmagan ishni "bajarildi", deb axborot yuborib o‘rgangan. Shu odati bir kun pand berishi mumkin. Hoynahoy G‘oyib ustidan yozganga o‘xshaydi...
O‘rol traktorchiga bekor ishongan ekan. Uch shisha aroq bilan aldadim, deb o‘ylovdi. Mana, kim-kimni aldagani endi ma’lum bo‘lmoqda. 
Chori rais Umarga o‘xshagan muxbirlardan qo‘rqmaydi. E-he, u oqsoqol bo‘lganidan beri mahallaga qancha tekshiruvchilar kelib ketdi, aybini topolgani yo‘q. Topgandayam, yo yig‘lab beradi, yoki "ishdan bo‘shayman, charchadim", deb noliydi. Tekshiruvchining rahmi kelib, uyalib bir so‘z demay qaytadi. Lekin yozish-chizish bo‘lsa yomon-da.
Bu yog‘i saylov ham yaqinlashib qolgan, Rayim anchadan buyon uning o‘rniga ko‘z olaytiryapti...
Uf-f, ana, qishloq atrofi tep-tekis. O‘rol bir qadam ham shudgor qilmagan. Normatning eshagi o‘n kuncha burun bo‘shalib, toqqa qochgan, shuning ipidan qolgan iz ham hamon cho‘zilib yotibdi.
– Mana, men nima devdim, – xitob qildi Umar xursand. – Hech balo yo‘q. Endi yuring, G‘oyib akaning oldiga boramiz.
Chori rais o‘z ixtiyori bilan boshini arqonga suqmoqchi emas. Nima qilishini bilmay turganda shu tomonga O‘rol tar-tarning ayoli, oriq bir eshakni sudrab kelayotganiga ko‘zi tushdi. Quvondi. O‘zi bo‘lmasa, xotinini urishib xumordan chiqadi.
– Biz tomon kelyapti, – dedi Umar. – Bir gapi borga o‘xshaydi.
Ayol halloslab yetib keldi, eshakning ham bo‘yni cho‘zilib qolgan. No‘xtalangan iyagini cho‘zib turibdi.
– Rais bova, – murojaat qildi u qo‘lidagi arqonni siltab, eshakni yaqinroq tortar ekan. – Erim yo‘q.
Chori unga sinchiklab razm soldi, so‘ng eshakka boqdi. 
– Shunga nima? – Yolg‘onchi ering, uch shisha aroqni ichib, bir go‘rda dumalab yotgandir.
– Erim yo‘qolib qopti, – hiqillab gapida davom etdi ayol. – Aroqni oldin ichuvdi... Qaysi uying kuygur uch shisha tashlab ketgan ekan. Uch kun og‘zi sasib yurdi.
– Qayga yo‘qoladi? – Uni biz ham qidirayotuvdik...
– Biz dashtga ketuvdik, yarim shisha arog‘ini quchoqlab, kino ko‘rgani uyda qoluvdi, kelsak yo‘q, – kuyindi ayol.
– Shunga shunchami, – Chori raisning jahli chiqdi. – G‘oyib ig‘voning qizi beshinchi erini tashlab, kim bilandir qochganiga olti oy bo‘lyapti, shikoyatgo‘y bo‘lishiga qaramay G‘oyib bir og‘iz ham bu haqda bizga gapirmadi... Ana, Norqul. Sigiri ikki kun yo‘qolib ketsayam "g‘iq" degani yo‘q... Ering shulardan ortiq bo‘p ketdimi?
– Yo‘q, ungamas, – uyaldi ayol. – Biz kelsak erimning o‘rnida uyda manavi turibdi. Televizor yoniq... Dasturxonda bitta bo‘sh shisha... Hammayoq tezak... 
Chori rais va Umar unga savol alomati bilan boqqan edi, ayol gapiga aniqlik kiritdi:
– Eshakning tezagi...
– Yo‘g‘-e! – deya bosh chayqadi Chori, – otam rahmatli "shuni ichma, eshak bo‘p qolasan", deb ko‘p aytardi, qulog‘imga olmasdim. Rost chiqdi... Lekin aroqqa duo soldirganim yo‘q. Mendan ko‘rma. Xohlagan takdirimdayam, hozir unaqa, odamni eshakka aylantiradigan mullalar yo‘q. Mulla Ma’murning kenjasi bo‘lsa "korelni vord qilib beraman", deb maqtanib yuribdi. Nimaligini bilmayman-ku, lekin qo‘lidan kelmasa kerak. Otasiyam bir narsani yolchitmagan. 
– Erim eshakka aylanib qolibdi, demoqchimisiz? – Umar ham hayratini bildirdi, maqola uchun g‘aroyib mavzu topganidan xursand. – Nahotki?!
– Hech narsa demoqchimasman, lekin erimning o‘rnida eshak televizor tomosha qilib turibdi...
– Tavba, rostdan ham Xudo bormi deyman! – eski ateist Chori hayratlanishda davom etdi. – Ering avvaldan esh-shak edi, bir iltimos qilganimga o‘zini tovoqqa soldi... Yaxshi bo‘pti, o‘z holiga qaytibdi. Bu ish uchun uch shisha aroqqa roziman.
Shu joyda eshak hangrab berdi, hamma cho‘chib tushdi. 
– Senga buyam kam, – dedi Chori unga boqib. – Ko‘p dodlama! Aroqni nima qilding?
– Nima deyapsiz, rais bova, esingiz joyidami? Erim boshqa!
– Bo‘lmasa nega buni sudrab yuribsan? – so‘radi Chori jahl bilan.
Umarga suhbatning bunday ketishi yoqmadi. U yolg‘on bo‘lsa ham bu ikkovi O‘rolning eshakka aylanganiga ishonishini istayotuvdi. Axir zo‘r maqola chiqadi, bunaqasini hatto internetda ham topib bo‘lmaydi. Xotini bilan mahalla raisi bir insonning eshakka aylanib qolganini gapirib tursa! Bundan ortiq sensatsiya bo‘ladimi?! Bunaqa sensatsiya uchun shundan ortiq ishonchli manba topib bo‘ladimi?! Shundayin ishonchli dalillar bilan bitilgan maqolaga shubha bildirgan muharrirni ishdan haydab, o‘quvchining qulog‘ini kesish kerak emasmi?! 
– Balki rostdan ham eshakka aylangandir, – o‘tga kerosin sepmoqchi bo‘ldi korrektor. – Nima dedingiz, Chori aka? Ilgaritdan bor narsa bu, odamning maxluqqa aylanishi... Bir rivoyatda bolakay ko‘ldan suv ichib, echkiga aylanadi. Bir multfilmda qiz kechasi troll bo‘p qoladi... Ha, endi bizda trollar yo‘q, eshak bo‘lsa, marhamat, oppa oson. Eshak dehqonchilik-da... Ko‘p demoqchiman... – baqrayib turgan Chori raisga izoh beradi. – O‘g‘lingizni hisobga qo‘shayotganim yo‘q, olaymang... – So‘ng ayolga yuzlandi. – Men entomologlikka o‘qiganman, jonivorlar haqida bilimim yetarli, domlamiz aytardiki, juda zarur bo‘p qolsa, bir turning ikkinchisiga aylanishiga fan yo‘l beradi.
– Ey, qo‘ysangiz-chi, bo‘lmagan gapni, – dedi ayol. – Nimaga faningiz erimga kelganda shunday qiladi? Boshqalarga bo‘lsa, indamaydi... O‘rgildim sizning ko‘ngilchan faningizdan... Kimdir erimni o‘g‘irlab, o‘rniga manavini tashlab ketgan. Bu bilan nima demoqchi o‘zi... Rais bova, oldingizga kelayotuvdim, endi nima qilay?
Ayolning gapi Umarga yoqmadi. Shundayin mistik voqea oddiy oilaviy mashmashaga aylanmoqda, axir. Endi buni ortga qaytarish imkoni yo‘qqa o‘xshaydi. Ayol o‘qimishli chiqib qoldi. Hech kim o‘ylamaydi, O‘rol traktorchining xotini shunaqa narsalarga tushunadi deb.
– "Boshma bosh" bo‘pti-da emasam, – masxara qildi u. – Yutqazmabsiz, yanga. Buniyam boqsa, traktor haydashni o‘rganolmasayam, suv-puv tashib turadi. Lekin O‘rol akayam traktorni yolchitib haydagani yo‘q. Bir kun soz bo‘lsa, bir hafta buzuq. A, nima dedingiz, Chori aka?
Rais esa o‘yga cho‘mgan. Unga ko‘plar turli masalalarda yordam so‘rab keladi, lekin bunaqasiga ilk duch kelishi, nima deyishniyam bilmaydi. Shu eshak sening ering, deyin desa rasmiy odam, to‘g‘ri kelmaydi. Bu senning ering emas desa, O‘rolni topish kerak!
– Eringni kim o‘g‘irlaydi? – dedi nihoyat. – Mast bo‘lib, ko‘chaga chiqib ketgandir?
– Serial paytida uydan traktor bilan ham sudrab chiqarib bo‘lmasdi, – ayol kuyindi, – ey, esim qursin... Yana bir gap, bir oydan beri joyidan jilmagan traktor ham yo‘q.
– Ha, endi tushunarli, – gapga suqildi Umar. – Eshakni traktorning o‘rniga tashlab ketishgan... Eringizga buni almashtirishmasdi. Ko‘ziga qarang, ancha aqlli ekan...
Chori aka "sen jim tur", deganday olaydi.
– Xat-pat qoldirmabdimi? – dedi ayolga boqib.
– Xat yozishni bilmaydi, – dedi ayol. – O‘zi maktabdayam yolchitib o‘qimagan. Menga "yaxshi ko‘raman"ning o‘rniga "yaxshi xo‘raman" deb yozgan. Buning ustiga hozir hammayoq lotincha bo‘lsa... Lekin "xo‘ra"ligi xato bo‘lsayam to‘g‘ri ekan, buni to‘ydan keyin bildim.
– Hozir kimni gapirdingiz? – tirjaydi Umar. – Eshak haqidami yo eringiz haqida?
Ayol unga yeb qo‘yguday olaydi.
– Yozishni bilmagani durust. Bundaylar qancha kam bo‘lsa, shuncha yaxshi, – gapga suqildi Chori rais. – Bitta G‘oyib ig‘vogardan qanday qutulishni bilmay turibmiz... Buyam unga shogird tushaman deb kuydirardi.
U negadir Umar muxbirga olayib boqdi.

5

Ikkovlon traktor soyasida qancha o‘tirgani noma’lum, birinchi bo‘lib Nurmon gap boshladi:
– Bo‘ldi, O‘rol, tur, traktiringni tirillat, borib hovli haydaymiz.
O‘rol ko‘zini ochib, yoniga boqdi.
– Haliyam shu yerdamisiz? – Bir yildan beri o‘tiribsizmi?
– O‘tiribman, o‘tiribman, – tur, tirillat!
– Yoqilg‘i yo‘q, solyarka quyish kerak, – dedi O‘rol.
– Quy, – Shilliqqurtni muammo qiziqtirmadi.
– Solyarka yo‘q, olish uchun pul kerak.
– Hozir borib, Ramazon akadan qarzga olamiz... Hosilni bozorga solsak, uzilishib ketarmiz.
Nurmon amallab O‘rolni o‘rnidan turg‘izdi.
– O‘zingiz borib keling, oyog‘imda jon yo‘q, – dedi O‘rol.
– Shu qishloqning odamlari menga biror narsani qarzga berganida, sarson bo‘lib, yer haydab, nimadir ekib yurmagan bo‘lardim, – dedi Nurmon.
Ikkalasi dovdirab yo‘lga tushdi.
Ramazonning uyi yonida, kichik o‘tirg‘ich ustida bir yelim idish sarg‘ish-qo‘ng‘irtob suyuqligi bilan yaltillab turibdi. Buni ko‘rib, Shilliqqurtning fe’li buzildi. Atrofga olazarak boqdi. O‘rolni turtdi.
– Ovozingni chiqarma, – pul to‘lab nima qilamiz, ana bir baklashka solyarka, sekin gum qilamiz.
– Kerak emas, – dedi O‘rol. – Foydasi yo‘q.
– Foydasi bor-da... Men bir umr shunday yashaganman... Ikki ming so‘m cho‘ntakda qoladi... Yo talantimga ishonmaysanmi, shunday o‘maramanki, hech kim hech baloni payqamaydi. Tuyani yutsam dumini ko‘rsatmayman... Sen meni bilmasakansan. O‘n besh yil bekorga o‘tirganim yo‘q.
– Albatta, bekorga emas, eplay olmaganingizdan o‘tirgansiz...
Bu gap Shilliqqurtning izzat-nafsiga tegdi:
– Nega eplolmaskanman? Hozir ko‘rasan, baklashka ko‘z ochib yumguningcha gum bo‘ladi.
– Bir baklashka bilan traktorim Chori raisning hovlisigayam yetib bormaydi. 
– Nima bo‘lsayam-da, buni qo‘ynimga yashiraman, yana bir baklashka sotib olamiz, kakraz hovligacha yetadi.
– Muammo boshqa joyda, – dedi bamaylixotir O‘rol. – Bu solyarka emas.
– Benzinmi? – Shilliqqurt baklashkaga sinchiklab razm soldi. – O‘xshamayapti... Juda quyuqday, rangi ham qo‘ng‘irtob.
– Kecha Ramazon Nosir nosfurushning suv aralashtirib, nos qo‘shgan pivosidan o‘larday ichgan, bu shundan...
– Bunga Ramazon bilan pivoning nima aloqasi bor? – tushunmadi Shilliqqurt. – Yoki qolgan pivoni olib chiqib qo‘yganmi? Demak, o‘g‘irlasak, baribir zarar qilmaskanmiz... Ichib olsak, "Altay" traktoringni itarib ketsak ham bo‘ladi.
– Bu o‘g‘irlaydigan narsa emas... Nimaligini aytolmayman, – dedi O‘rol. – Ramazon aka qilib yurgan ishini aytishga til bormaydi... 
Shilliqqurt hech vaqoni tushunmaganday angraydi. 
– Odamlar bunchalar shum bo‘lmasa... Menga o‘xshagan bechoralarga non yo‘q ekan-da endi...
Shu payt darvozadan Ramazonning boshi ko‘rindi. Zahil tus, qoqsuyak Nurmonga ko‘zi tushib, ta’bi tirriq bo‘ldi.
– Solyarka kerak, – dedi Shilliqqurt. – Yer haydamoqchiman...
– Solyarka yo‘q, – dedi Ramazon aka. – Sen hali yer haydaydigan bo‘ldingmi? O‘zingni haydamasimdan burun, bu yerdan tuyog‘ingni shiqillatib qol-chi.
Shilliqqurt O‘rolni turtdi.
– Yo‘q demang, – dedi O‘rol. – Rostdan ham bu kishining hovlisini haydaymiz... Ikki baklashka solyarka qarz berib turing. Ertaga o‘zim hovlingizni haydab beraman.
Ramazon aka hushyor tortdi. O‘rol doimiy mijozi, unga o‘zining ham ishi tushadi. Bir so‘z demay, ortga qaytib, qo‘lida ikki baklashka solyarka bilan chiqdi.
– Ammo, manavi qilgan ishingiz yaxshimas, – dedi Shilliqqurt "reklama"ni ko‘rsatib. – Hech bo‘lmasa o‘g‘lingiznikini qo‘ysangiz bo‘lmaydimi, har holda tozaroq, uyatsizroq edi. Bu nima sharmandagarchilik?
– O‘g‘ilcha bizday bo‘lgancha, eh-hey, qancha qovun pishig‘i bor, – dedi maqtanib Ramazon aka va mag‘rur nigohini idishga qadadi. – Buni yarim qilish uchun ortidan ikki kun yalinib yurish kerak...
Shilliqqurt esa buning nimasi maqtangulik ekanini tushunmadi.

6

Chori rais eshak, O‘rol va traktor mojarosiga aralashishni istamadi. Uyiga qaytmoqchi bo‘ldi.
– Mening masalamni hal qilib bermaysizmi? – so‘radi ayol.
– Qanaqa masala, – Chori hayron. – Ering bir-ikki musht urganda yordam berardim, eshak tepsayam, mayli, aralashardim, lekin hech nima bo‘lmagan-ku! Ering yo‘qolgan bo‘lsa, ana Rajabboy melisaga bor! Agar rostdan ham O‘rol eshak bo‘p qolgan deb o‘ylasang, mana Umar, aytasan, maqola yozadi, gazetaga chiqib, sen ham, ering ham, eshak ham mashhur bo‘p ketasanlar. 
– Ey, nima deysiz? Artis bo‘ppanmi, gazetga chiqib?.. Men o‘laman desam, siz kulaman, deysiz, – juvonga gap yoqmadi.
– Unda, eringni eshakbozorga solib, pulla, menga uch shisha aroqning pulini qaytarasan... Bungayam ko‘ngling bo‘lmasa, mulla Ma’murga borsang duo bilan uni odamga aylantirib beradi. Shu bilan hamma xursand, hamma rozi.
Umar ortga lallayib qaytishni istamayotgan edi. Ayolni tezladi:
– Bizga farqi yo‘q, artis topmasak eshakniyam chiqaraveramiz... "Erim eshakka aylandi", deb bir og‘iz aytsangiz bas, ertaga gazetada chiqarib yuboraman. Yozaveraymi?
Ayolning jahli chiqdi, qo‘l siltadi, mavzuning nishoni boshqa tomonga ko‘chganini payqagani hamonoq, oyog‘ini qo‘liga olib, qishloq tomon ketib borayotgan Chori akaning ortidan baqirdi:
– Hech bo‘lmasa, bu kimning eshagiligini aytib keting. Buni nima qilay?
– Uyingga eltib boylab qo‘y, egasining o‘zi boradi, – dedi Chori rais yo‘lida davom etib. – Juda bo‘lmasa eringga almashtirib olasan.
Ayol eshakni sudrab ortga qaytdi, Umar esa joyida o‘ylanib qolaverdi. Omad qushi boshga qo‘ndim deganda, uchib ketdi. Uchgandayam tezak qilib, so‘ng uchdi. Shunday ajoyib, maqola qilsa bo‘ladigan material bo‘layotuvdi-da. Bunaqasi muxbirning umrida bir marta yo uchraydi, yoki yo‘q. Muharrir ham o‘n besh kunlik arazini bir o‘qishda unutib yuborardi...
Umar qishloq xo‘jalik kollejini bitirgan, oliy ma’lumoti bo‘lmasa, gazeta chiqarishni tushunmasa-da, muharrirning kayfiyatini nima bilan ko‘tarish mumkinligini biladi. Entomolog-da! Ikki shisha aroq bo‘lsa bas! Juda bo‘lmasa, shov-shuvli maqola kerak!
Umar shu holicha bu yerda ko‘p qolmadi. Boya Chori sori aytgan gapni eslab, kallasiga g‘aroyib fikr keldi – demak-ki, maqola qilishga arzigulik voqea yo‘q ekan, uni yaratsa ham bo‘ladi. O‘zi chekkada turgan holda, albatta... Mana, masalan, Do‘lan do‘xtir qishloqda hech kimning tishi og‘rimay qo‘ysa, ishsiz zeriksa, ko‘chada uchragan odamni ushlab, "tishing qurtlabdi", deb sug‘urib tashlayveradi. Juman Jomov esa, mijozsiz qolsa, qishloq ko‘chasiga mix sochib chiqadi. Vulkanizatsiya yuritishning o‘zi bo‘ladimi?
Buyam shunga o‘xshash bir gap-da.
G‘oya oddiy va dohiyona – Umar yo‘lida uchragan odamga O‘rol traktorchining eshakka aylanganini aytib, qishloqning bu tomonidan gap qo‘yib yuboradi, o‘zi narigi chekkaga borib kutadi. Oradan ikki soat o‘tib, Chori raisning tamoyili to‘g‘ri chiqsa, u yoqqa shundayin mish-mishlar yetib boradiki, bemalol olib, maqola qilaveradi. Buyam ov taktikasiga o‘xshash gap. Bir tomondan yordamchilar o‘ljani cho‘chitadi, narigi yoqda esa haqiqiy ovchi, miltig‘ini o‘qlab ularni kutib oladi.
Umar shularni o‘ylab, o‘ziga-o‘zi qoyil qoldi. Keyingi paytlar ancha-muncha aqlli bo‘lib borayotganini o‘ziyam sezyapti, har narsani kengroq, aqlliroq va ilmiyroq o‘ylamoqda.
To‘g‘ri, odamlardan mish-mish kutib o‘tirmay, maqolani to‘g‘ridan to‘g‘ri yozib yuboraversa ham bo‘ladi, lekin "yosh muxbir"ning bunga haddi sig‘maydi. Muharrir ishga borgan vaqtida "Maqola yozadigan bo‘lsang, faqat haqiqatni yoz, xalqdan eshit, ulardan olib yoz", deb o‘git bergan.
Boshlig‘ining gapiga amal qilib, xalqdan olib maqola bitishni rejalashtirgan edi. Biroq, xalqda nima bor? Hech vaqo yo‘q! Xalqning nimaga aqli yetadi? Hech nimaga! Shunday bo‘lgach, bu tomondan ozroq ko‘maklashib, turtki berib yubormasa bo‘lmaydi. Xalq ko‘makka muhtoj!
Qarshisidan kollejning uchinchi kursida o‘qiydigan Quvon chiqdi. Umar uni to‘xtatib, gapni uzoqdan boshladi.
– Hech zamonda odamning eshakka aylanganini eshitganmisan? 
Quvon muxbirning gapiga tushunmaganday yelka uchirdi.
– Mana, masalan, O‘rol traktorchi eshakka aylanib, aroq ichib, serial tomosha qilishi mumkinmi? – mavzuni yaqinlashtirdi Umar.
– Mumkin emas, – dedi Quvon taajjublangan tarzda. – Tuyog‘i bilan piyolani qanday ko‘taradi?
– Serial tomosha qilishiga nima deysan? – o‘smoqchiladi Umar.
– Bilmadim... menimcha buning uchun odam bo‘lish shart emas.
– To‘g‘ri... Lekin O‘rol eshakka aylanib qolibdi-da.
– E, bo‘lishi mumkin emas...
– Nima, seni aldaymanmi? Gazetda redaktor o‘rinbosari bo‘la turib, yolg‘on gapiramanmi? – Umar atrofga olazarak boqib qo‘ydi. – Ana, xotini zor qaqshab sudrab yuribdi. Chori raisning oldiga yetaklab kelibdi, "qaytadan odam qiling", deb. 
– Rostmi? – angraydi Quvon.
– Rost, rost... 
– Qiziq ekan-ku, bunda mahallaning qo‘lidan nima ish keladi? Bitta o‘psa, odamga aylanadi qo‘yadi, o‘zim kitobda o‘qiganman.
Umar angraydi. Topilma o‘zi o‘ylaganidan-da qimmatliroq, chamasi. Bu bandai g‘ofilda birovning gapiga shubha-gumon bilan qarash degan o‘y yo‘q ekan, nafaqat ishondi, balki o‘zi ham afsonaga qo‘shilib ketdi!
– Buni qaerdan bilasan? O‘qiganman dedingmi?
– Ha, adabiyot degan kitobdan, adashmasam... – Quvon shunday dediyu, lekin gapiga o‘ziyam ishonmadi, shu yoshga kirib "Alifbe"dan boshqa kitob o‘qimagani yodiga tushdi-da. – Balki muallimimiz aytgandir... Balki multfilmda ko‘rgandirman... Ishqilib bilaman.
– Adabiyot kitobida bo‘lsa rost, – Umar o‘rtada gumon paydo bo‘lishidan manfaatdor emas. – Kap-katta yozuvchilar yolg‘on yozmaydi... Ana, bittasi "Quyosh qoraymas" deb yozgan... Yana bittasi "Quyosh baribir chiqaveradi" degan. Boshqasi "Soyalar choshgohda yo‘qoladi" degan... Shularning barisi rost-da, axir... Endi... bizday jurnalistlarga chiroyli chiqishi uchun haqiqatga sal-pal qo‘shimcha qo‘shishga ruxsat bor.
– Lekin eshakni o‘pishning o‘zi bo‘lmaydi, tishlab olishi mumkin, – suhbatdosh so‘zlaridan ruhlanib, fikrini davom ettirdi Quvon. – Endi esladim, muallimimiz qurbaqani o‘pib odam qilishganini aytuvdi.
Umar seskandi.
– Lekin buni senga yaqin olganimdan gapirdim, bu sir. Unga-bunga aytib yurma, – Umar so‘z ta’sirini ochish va uning yoyilishini tezlatish uchun tayin qildi. – Xotini xohlasa o‘pib, odam qilib olar, xohlamasa to‘qimlab, umrining qolgan qisminiyam ustiga minib o‘tkazar, o‘zi biladi-da. 
Umar uyiga jo‘nadi. 

7

O‘rol qo‘y ko‘rmagan bo‘lsa-da, qiy ko‘rgan – bakiga ikki baklashka solyarka quyilgan traktor Nurmonning hovlisiga arang yetib, o‘chdi.
Avval "Altay" traktorini tarillatib, darvoza tomondan kelishdi, biroq bu uy necha yillar burun qurilgan, u paytda hech kim hovliga "Altay" olib kelib, yer haydamagan, o‘z tomorqasini o‘zi bellagan. Traktor darvozadan sig‘masligi ma’lum bo‘ldi. 
– Sen nima deb o‘ylaysan? – so‘radi Nurmon. – Darvozani buzib o‘tganimiz durustmi, devorni?
– Hayronman, – dedi O‘rol ko‘zlari qizarib. – Shokir shopir aytadiki, "qachon o‘lishimni bilaman, lekin traktor qayga burilishini bilmayman..." Men ham bilmayapman... Devordan o‘tsak bo‘ladi... Bizning traktor uchun bu hech narsa emas. Darvozani esa o‘z holiga qo‘yamiz. 
O‘rol ko‘chani o‘yib, traktorini burdi. Ortida osilgan plug esa siltanib, chekkadagi tut daraxtini sindirdi. Traktor ilkis siltanib, paxsani tekislab o‘tdi va hovli o‘rtasiga borib to‘xtadi, ovozi o‘chib, atrofga suv quyganday bo‘ldi.
– Bor ekansan-ku, – dedi qulog‘ini qashlab Shilliqqurt. – Kar bo‘lay dedim... Buningni yer haydashga kelganda O‘roq dallolga o‘xshab ovozi chiqmay qolarkan... Uyam bir ish qilishdan burun ikki soat xotini bilan urishadi, keyin nafasini chiqarmay ishlaydi... Bo‘lmasa sen mana shu turishda, ovozini chiqarmay hovlini haydayver. Men borib, biror yegulik tayyorlayman.
– Nimani haydayman, – dedi O‘rol. – Solyarka tamom bo‘ldi.
Nurmon unga olayib qaradi. 
– Bo‘lishi mumkin emas, men bolaligimda moped minardim. Bir shisha benzin yarim yilga yetardi. Yana bir oy bakning og‘zidan hidlab, kayf qilib yurardim... Hazillashma.
– Men bolaligimda velosiped minganman, – dedi O‘rol. – Unga umuman benzin quymasdim, lekin shuni pesh qilib, traktorni sudrab, yer haydamayman-ku. 
Shilliqqurt indamadi. Kabinadan tushib, uyi tomonga yurdi. O‘rol unga ergashdi.
Traktor hovli o‘rtasida, plugini osiltirib turardi. 
– Endi nima qilamiz? – dedi O‘rol tevarakka alanglab.
Uning xavotiri traktoridan. Kayfi tarqab, qilgan ishini o‘ylab, o‘yiga yetolmayapti. Esida bor edi, qarzga solyarka oldi, bu yoqqa kelishdi. Hammasi yodi-da. Lekin shu ishlarni qaysi aqli bilan qildi – tushunmayapti. Shu paytga qadar hech qachon puli naqd bo‘lmagan ishga ostona hatlab chiqmagan. Hozir esa... Bu ko‘ngilchanlik, bu bag‘rikenglik, bu saxiylik qay go‘rdan yopishdi? Nahotki buning hammasi o‘sha – tuzga o‘xshab ketadigan sassiq tutaydigan narsadan bo‘lsa? Shu tutun uni shunchalar o‘zgartirib yubordimi? 
Endi hushi joyiga qaytib, o‘zini yomon ko‘rib ketdi. Axir traktorni olib ketish uchun yana shuncha solyarka qarz olish kerak. Xotini o‘la qolsa pul bermas.
– Nurmon aka, – dedi O‘rol. – Yana ozroq solyarka topib kelmasangiz bo‘lmaydi... Hech bo‘lmasa o‘n litr. 
– O‘n litr! Qaydan topaman?! – Shilliqqurtning kapalagi uchdi. Boya uch litrni qancha mashmasha bilan olishgani hali yodida-ku! – O‘zi tutatishga zo‘rg‘a pul topyapman-ku!
O‘rolning rangi oqarib, atrofga olazarak boqdi. Yana hech kim ko‘rinmadi, birov Nurmonning qo‘liga kishan solmadi.
– O‘zi bekorga o‘sha tutuningizdan tortgan ekanman... Shuni hidladim-u, ko‘nglim yumshab, bu yoqqa qanday kelib qo‘yganimni bilmay qoldim.
Nurmon qarovsiz uy ayvoni chekkasiga o‘tirdi.
– Hozir yana bir qo‘r olov qilamiz, qarabsanki traktoring otday yurib ketadi.
U shunday deb yonidan boyagi qog‘ozni olib, avaylab ochdi.
– Yoki senga ukol yoqadimi? Boshga tezroq boradi...
O‘rolning kapalagi uchdi:
– Ukolni yoqtirmayman. Bolaligimda besh kun pentsillin olganman, shundan beri ignani ko‘rsam oyog‘im qaltiraydi... 
– Unda yigit bo‘ladigan vaqting kelibdi... 
– Lekin shu ishni bekor qilyapsiz, yonilg‘isiz otimiz joyidan bir santimetr ham qimirlamaydi, – O‘rolning afti bujmaydi.
Nurmon yonida turgan obdastadan labi uchgan sopol piyolaga ozroq suv quydi. Suv ariqdan olingan ekanmi, loyqa. Ustidan avaylab haligi sarg‘ishtob, tuzsimon narsadan to‘kdi.
– Shundan ukol yasaymiz, – dedi Shilliqqurt va o‘rnidan turib, xonaga kirib, bir qo‘lida bir marta ishlatiladigan shprits va sigareta filtrini olib chiqdi.
– Dunyodagi eng betayin narsa – bir martalik shprits, – dedi uning ignasi uchiga sigareta filtrini qo‘ndirar ekan. – Besh-olti marta sanchar-sanchmasingdan ishdan chiqadi.
O‘rol unga olayib, nima qilayotganini tushunmadi.
– Ukol yasayapman, – dedi nigohidan savolini anglagan Nurmon.
– Shu loyqa suvdan-a?
– Manavi nimaga kerak? O‘z oti bilan filtr, tozalab beradi, – dedi Nurmon. – Hozir bitta-bitta "urib" olamiz ish yurishib ketadi... Dunyoda bu hal qilmaydigan ish yo‘q.
– Tilla baliqcha bo‘ptimiki, aytganingizni bajaradigan. Baribir solyarka topib berolmaydi, – to‘ng‘illab gapirdi O‘rol.
– Solyarka topmaydi, to‘g‘ri, – dedi Shilliqqurt. – Tilla baliqcha ham emas. Lekin muammoni hal qiladi. Bunisi aniq.
O‘rol hamsuhbatining gapiga ishonmadi. Buni Shilliqqurtning o‘ziyam sezdi.
– Bir umr hamma muammolarimni shu hal qilib bergan, – dedi maqtanib.
– Masalan nimani? – so‘radi O‘rol. 
– Masalan... – Nurmon o‘ylandi, topolmadi. – Hammasini-da, qay birini aytaman?
– Bo‘lmagan gap, – dedi O‘rol. – Sizga, hovlingizga boqib, tug‘ilganingizdan beri birorta muammongiz hal bo‘lganiga ishonish qiyin.
Bundan Nurmonning jahli chiqdi. Gapiga shu jinqarcha ishonmayotgani unga yoqmadi.
– Mana, masalan, bir hovuch tutun bilan sening shunday katta traktoring shu yergacha tarillab keldi... Bu hisobmasmi?
– Traktor mening iltimosim va solyarkaning kuchi bilan keldi, – dedi O‘rol kerilib.
– Shoshma, – dedi Nurmon. – Hozir manavi ukoldan urib olaylik, keyin bahslashamiz... Zo‘r kelsa ikkalamiz traktoringni sudrab, hovlini haydaymiz. Mana ko‘rasan... Lekin bu safar ham qornim ochqadi, deb kuydirma. Uyda, ana, yarim xalta kepakdan boshqa hech balo yo‘q.

8

– Eshitdingmi, anavi Quvon novcha tentak bo‘p qopti, – dedi Navfal ariq labiga, ajriq ustiga o‘tirar ekan.
Umar qishloq chetidagi suvi qurib, qatqaloq bosgan ariq yonidagi toshga o‘tirib, chang ko‘cha bo‘ylab dalaga o‘tib ketayotgan bitta-yarimtaga umidvor boqayotgan edi, axir qishloqning narigi tomonidan qo‘yib yuborilgan ma’lumot g‘ildirab chiqmaydi-ku, oyog‘i yo‘q, kimningdir og‘zida keladi. Iqtidorli jurnalist sifatida Umar buni yaxshi biladi.
Biroq shunga qaramay, u yoqdan mish-mishlar oqimi G‘oyib ig‘vogarning uyini bosgan oqova suvday otilmayapti. Barcha hissiz va mudrab boradi. Peshingi uyqudan keyin ularning birov eshakka aylangan-aylanmagani bilan necha pullik ishi bor?
Nihoyat, mana, Navfal yaltirab qolgan boshini silab, uning yonida shu gapni aytib turibdi.
– Nega tentak bo‘ladi? – Umar o‘zini hayron ko‘rsatdi.
– Gapiga qara, O‘rol eshakka aylanib qolgan emish, xotini bir marta o‘psa, qayta odam bo‘larmish... Shuyam gapmi? Shu O‘rolni o‘pish emas, to‘rt kun och qo‘yib, xalacho‘p bilan savalasang ham odam bo‘lmaydi.
– Bo‘lsa bordir, – mujmal gapirdi Umar.
– Sen qolganini eshitmading, – davom etdi Navfal. – Emishki, u borib, O‘rolning xotiniga shu gaplarni aytsa, eshakni atay "endi bu yog‘iga to‘qimlab minaman", deb o‘pmaganmish.
Umar shoshib, qo‘liga uydan tayyorlab kelgan daftar qalamini olib, allambalolarni yozishga kirishdi.
– Nima qilyapsan? – so‘radi Navfal.
– Zo‘r mavzu ekan, maqola yozaman, – dedi Umar. – Gazetda bosib chiqamiz.
– Lo‘lidan botir chiqsa, kapasiga o‘t qo‘yarkan... – Navfal ranjidi. – Ishga kirdim deb qishloqning bor esi oqqan, jinnilarini topib, gazetga yozasanmi endi. Sendan ko‘ra G‘oyib akayam yaxshi, yozsa birov biladi, birov bilmaydi.
– Jinnilar haqida emas, odamning eshakka aylangani to‘g‘risida tayyorlayman... Qiziq-ku!
– Bu safsataga kim ishonadi? Bo‘ladigan narsani yoz, mana men kecha yarim soatda hovlini sug‘orib bo‘ldim... Ilgari hech shunaqa bo‘lganmi? Yarim soatda o‘n ikki sotixlik hovlini sug‘orish! 
Umar e’tiborsiz, uni Navfalning shaxsiy rekordi qiziqtirmadi.
– Quvon yana nima dedi? 
– Hech nima!
Chang ko‘cha bo‘ylab, hali peshingi uyqudan to‘liq uyg‘onmagan O‘roq dallol o‘tib qoldi. Yelkasida ketmon, ust-boshi chang.
– Yo‘l po‘stak? – savol tashladi Navfal.
O‘roq bularga boqib, ko‘zlarini kattaroq ochdi. Negadir jahli chiqdi.
– Uyalmaysanmi? – dedi zarda bilan Navfalga. – Kuppa kunduzi...
– Nimadan uyalishim kerak, g‘arlik qilyapmanmi, o‘g‘rilik qilyapmanmi? – Navfal tushunmadi.
– Boshingga qara, – dedi O‘roq. – Biror narsa kiyib olsang bo‘lmaydimi? Ko‘chadan xotin-xalaj o‘tadi, o‘tirishing bu...
Navfal kal boshini siladi:
– Kallang qursin, – dedi. – Fikring toza emas, nimaga qarasang kallangdagi shum narsalarni ko‘rasan... Boshingda bundayin bo‘lmag‘ur xayollar bilan qayga ketyapsan?
– Dalaga, yer chopishga, – dedi O‘roq. – Sotishga temir yo‘q... Xotin ko‘chaga haydadi.
– Ota-bovang yer chopib go‘r qilmagan, sen yolchitarmiding. Undan ko‘ra, ke, bir oz dam ol, – dedi Navfal.
– Ish ko‘p, – dedi O‘roq, biroq harakatidan dalaga borgisi kelmayotgani bilindi, joyida tek turib qolgan. – Bizda O‘rolning traktori bo‘lsa ekan, birpasda haydab tashlasak. Yoki yigirma litr solyarka bo‘lsaydi, O‘rolni yollardik.
– Endi yollolmaysan, – dedi Navfal. – Quvon uni eshakka aylanib qolibdi, degan gap tarqatib yuribdi.
– Qaytanga endi oson bo‘pti, bir bog‘ beda bilan hamma ishni qildirish, qorniga tepish va xohlagancha so‘kish mumkin, – hazil qildi Umar.
– To‘g‘ri, – dedi O‘roq horg‘in. – U eshak bo‘lgani aniq.
Umar ortiga birov igna sanchganday sapchidi. Bu nima deyapti? Mana yana bitta anqov guvoh! Shartta tilidan yozib oladi, tamom, ikki kishining gapi haqiqat o‘rnida o‘taveradi.
– O‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingizmi? – so‘radi u.
– Ko‘rdim, ko‘rdim, – dedi O‘roq. – Ahmoq, traktori bilan tuppa tuzuk devorni bosib, ezg‘ilab ketdi.
– O‘-ho‘, traktor bilan! – xursand bo‘ldi Umar. – Yaxshi... Lekin u kabinaga qanday sig‘ibdi? Axir eshak bo‘lsa!
O‘roq Umarga sinchiklab razm soldi.
– Nosir nosfurush yana vino sotyaptimi? – dedi va ikki odim yaqinlashdi. – Yoki nos qo‘shilgan pivoga shuncha mast bo‘ldingmi?
U sinchiklab razm solib, muxbirning kayfi joyidaligini tushundi. Lekin hushi to‘g‘risida bunday deyolmaydi.
– Rostdanam eshak deb o‘ylayapsanmi? – hayron bo‘lib so‘radi. 
– Shunaqa dedingiz-ku, – o‘tga o‘tin qalamoqchi bo‘ldi Umar.
– Bu shunchaki gap-da... Mana, Navfalni yigitligida, hali sochi jingalak paytlarda hamma ho‘kiz derdi. To‘g‘rimi?! Lekin hech kim unga omoch bog‘lab, yer haydagani yo‘q, tem bolee, qushxonaga topshirvormagan... Yoki, masalan G‘oyib akaning qizini yoshligida odamlar echki derdi, lekin hech kim uloq talab qilib, har kun sog‘ayotgani yo‘q-ku!..
– O‘rol Shilliqqurtga qo‘shildimi, endi ularning oldi-da har qanday eshak ham noma’qul yeb qoladi. Ana, ikkalasiyam uyda yotibdi, mastmi, nasmi, bilib bo‘lmaydi, – dedi O‘roq. 

9

Ertalab Nurmon allaqanday ovozdan ko‘z ochdi. Atrofga boqdi. Ayvonda, olacha ustida dumalab yotibdi ekan. Yonida O‘rol, o‘ng qo‘lini boshiga yostiq qilib, pishillab uxlayapti. Dastlab o‘zi qaerda, bu yonida nima qilyapti – tushunmadi. Sal o‘ylab, kechagi voqealar yodiga tushdi. Shoshib yon cho‘ntagini kovlab, qog‘ozchasini ochdi. Ozgina kukun qolibdi. Boshini changalladi. O‘rolga boqib, "tekinxo‘r" deb qo‘ydi. So‘ng hovli o‘rtasida turgan traktorga ko‘zi tushib, ko‘ngli taskin topdi. Ko‘cha tomonda esa ovoz hamon kelmoqda. O‘rnidan turib darvozaga chiqdi.
Kecha traktor tekislab o‘tgan devor yonida Temir fermer jonsarak turibdi.
– Shill... ey, Nurmon, O‘rolning traktori senikida ekan. O‘zini topolmayapmiz... – dedi fermer unga ko‘zi tushishi bilan.
– O‘zi ana, uyimda yotibdi, o‘rnidan turolmaydi...
– Yer haydayotuvdik. Bitta forsunka ishdan chiqqan. Shunikini so‘ramoqchi edik. Hokim keladigan, traktor buzilib turganini ko‘rsa, boshimni yulib oladi.
– Iloji yo‘q, – dedi Shilliqqurt. – Hokim-ku, kulmaydi, lekin bizning uchastkayam haydalishi kerak.
– Bir ilojini qil, – yalindi Temir. 
– Meniki emas, qandaysiga beraman? – hayron bo‘ldi Nurmon.
Qo‘shnining uyida gap-so‘z bo‘layotganini eshitib, devordan O‘roq dallol bo‘yladi. 
– Ha, baxay-baxay. Ijaraga berish kerak, birovda bor, lekin bekor turgan narsani boshqaga berib turish savob bo‘ladi... Faqat haqini olib. Oxirat ham, tijorat ham zarar ko‘rmasin.
Bu gapdan Nurmon hayron bo‘ldi, Temirning esa yuziga qizillik yugurdi, jahli chiqdimi, sevindimi, anglash mushkul.
– Bozor sharoiti shuni taqozo qiladi, – dedi O‘roq va Temirga yuzlandi. – O‘n ming so‘m bering, besh mingi g‘oya egasiga, ya’ni menga, besh mingi esa Nurmonga.
– O‘rol uyg‘ongancha keltirib berasiz... – dedi Nurmon Temirga, pulning daragi uni shoshirgan, bu esa roziligini bildirar edi.
Unga O‘rolning tekinxo‘rligi alam qilmoqda edi.
– Bo‘pti, bo‘pti... Hokim bova ketishi bilan keltirib beraman.
Fermerning o‘zga chorasi yo‘q, rozi bo‘ldi. Ko‘chaning o‘zida ikki qo‘shni pulni bo‘lishib oldi. Bir ishsiz shuncha daromad qilgan O‘roq joyida qolaverdi. Bular ikkisi hovliga yurdi.
Shilliqqurt traktor forsunkasi qayda joylashgapini bilmaydi, baxtga qarshi Temir fermer ham bunaqa matohni ko‘rmagan. Ikkalasi traktorga termildi. 
– Biz moped minib yurgan paytda forsunka degan gaplar bo‘lmasdi, – dedi Nurmon, – zamonning tezligini qarang...
– Mening "Tiko"mda ham yo‘q ekan bunaqa narsa, – dedi Temir. – Emasam shu moshin chiqqaniga hali o‘n yil bo‘lgani yo‘q.
– Zamon tez-da, juda tez... Bugungi gap ertaga to‘g‘ri kelmayapti...
Nurmon shunday degancha O‘rolni uyg‘otgani ketdi. Biroq u qulog‘iga gap kiradigan ahvolda emas.
Temir O‘roqni chaqirdi:
– Yo‘q yerdan besh ming so‘m ishlab, u yoqda nima qilyapsan, baqqa ke, buning forsunkasini bilasanmi?
– Bilaman-ku, lekin mening ishim odamlarni kelishtirib qo‘yish, xolos, – dedi O‘roq ularga yaqinlashar ekan. – Unda bir Nor polvon traktorini metallomga pullaganda mijoz topib berganman, shunda hamma zapchastlarini bilib olganman... Anavi eshak qani?
– O‘rolmi? – Shilliqqurt gap kim haqidaligini darrov payqadi. – Ana, ayvonda yotibdi, o‘rnidan turolmaydi, nuqul ovqat so‘raydi. Boya ozroq kepak kapaladi.
– Shunga o‘n ming so‘mmi, – dedi hayron bo‘lib Temir qo‘liga forsunkani olgach. – Tag-tugi bilan bo‘lsa ham mayli edi... Ijarasiga shuncha pul... Sen, Shill... Nurmon, O‘roq ikkoving meni aldading...
– Xohlamasangiz katta ko‘cha, – dedi Nurmon. – O‘zingiz iltimos qilib keldingiz...
Temir forsunkani olib ketdi. O‘roq ortidan tirjayib qolaverdi. 
– Yaxshi biznes ekan, – dedi nihoyat tamshanib. – O‘rol bilan kelishib, traktorining zapchastlarini ijaraga berib, pul ishlab olsa bo‘larkan. Shunday kichik temirga qancha pul! Sezyapsanmi, zanjirini ijaraga bersak qancha bo‘p ketadi?
Shilliqqurt ham xayol qilib, kapalagi uchdi.
– Agar... mabodo... Men mijoz topib kelishim mumkin, Xudoga shukur, tajriba bor. Nor polvonning traktorini ikki kunda temir-taqaga bo‘lib, sotib berganman, – dedi dallol. – Faqat tushumning ellik foizi menga, elligi senga.
Nurmon o‘ylandi.
– O‘rol-chi?
– Uni hamma eshak bo‘p ketgan, deb yuribdi. Pulning nima keragi bor unga?
– Uyda yotibdi-da, odamday bo‘p, – dedi Nurmon. – Haqini bermasak bo‘lmas... Yaxshisi, kelisha qolaylik. Sizga ellik, menga ellik, O‘rolga ellik...
– Bunaqasi ketmaydi, – dedi O‘roq. – Yigirma yildan beri dallollik qilaman, uchta ellik foiz bo‘lishini eshitmaganman.
– Xasislik qilmang, – dedi Nurmon. – Yo‘q joydan kep turgan pul, beravermaysizmi? Yoningizdan to‘layapsizmi? Insof ham kerak-da odamga.
O‘roq noiloj bosh irg‘adi.

10

Umar o‘ylagani chiqmaganidan xafa. Taktika ish bermadi. Ha, undan katta strateg chiqmas ekan. Biroq osonlikcha taslim bo‘ladiganlardan emas. Boshlagan ishini oxirigacha yetkazib qo‘yish kerak. Shilliqqurtning uyiga bormoqchi, O‘rolning o‘zi bilan shaxsan gaplashadi. Balki yangi g‘oya chiqib qolar.
O‘roq to‘g‘ri aytibdi – hovli o‘rtasida traktor turibdi, devor buzilgan, atrof esa jim-jit, jon zoti borga o‘xshamaydi.
Umar baqirdi:
– Shilliqqurt aka, hov Shilliqqurt aka!
Uychadan birovning boshi ko‘rinishi bilan Umarning ko‘zi yarq etib ochilganday bo‘ldi, xatosini angladi – axir manavi jinoyatchiga ota-onasi shunaqa sovuq va xunuk ism qo‘ymagandir? Oti boshqacha bo‘lgandir?! U esini taniganidan beri bu odam qamoqdan beri kelmaydi, otini eshitmagan, hamma orqavorotdan Shilliqqurt deydi-da.
U ongining puchmoq-puchmoqlarida bekinib yotgan xotiralarini-da titkilab o‘yladi. Biroq ular issiqda qolgan qo‘ylar kabi harakatsiz edi, biror ismni topolmadi. Qaytanga o‘z nomini ham yo‘qotib qo‘ydi-ku!
– Nima deysan? – o‘shqirdi yaqinlashib kelayotgan rangi sovuq Shilliqqurt.
– Ey, aka, bormisiz? – dedi baland ovozda Umar. – Sizni ko‘ray, deb keluvdim... omonmisiz?
Yurakda xavotir, yuzda tirjayish bilan quchoq ochib, Shilliqqurtga peshvoz boraverdi. Nurmon esa ilk bor qamoqdan qaytgan, omonlik kunlarni yodga olib, to‘lqinlandi, ko‘ziga nam oldi. O‘shanda mana shu hovliga odam sig‘may ketuvdi, otasi rahmatlik shoshib shaftoliga bog‘langan sovliqni so‘yib yuborgan. Ha, zo‘r davrlar bo‘lgan, ilk "o‘tirishi"ning o‘sha sovliqdan boshqa hech kimga zarari tegmagan. Ikkinchi martasida otasining o‘zi bandalikni bajo keltirib yubordi... Keyingisiga onasi... Mana, yosh bo‘lsayam, oqibatni tushunadiganlar bor ekan bu qishloqda. Odam shuncha yil qamoqda "o‘tirib" keldi, bular esa hol so‘rashgayam yaramadi.
– Kel, – dedi Nurmon quchoqlashib ko‘rishgach. – Ahvollaring yaxshimi? Choy ich derdim-ku, dasturxon yo‘q, non yo‘q, ozroq kepak bor, uniyam bir mehmonim kapalab bo‘ldiyov...
– Yo‘q, rahmat, qornim to‘q, – dedi Umar seskanib. – Shu... Shu...
Uning badaniga yana titroq kirdi, negadir "sh"ni aytdi deguncha tizzasi qaltirayapti. To‘g‘ri, manavi qarshisidagi rang-ro‘yi zahil, qoqsuyak odamga urishsa kuchi yetsa kerak, lekin qo‘rqinchli-da. Ko‘zlari olaygani yomon. Buning ustiga, kepak taklif qilayotgani nimasi?! Yo shunaqa jargon bormi? Bu "kepagi" nima bo‘lsa ekan?
– Men O‘rol akani so‘rab keluvdim, – dedi nihoyat Umar. – Chori aka, "borib so‘rab, bilib kel-chi, O‘rol shunikidamikin" dedi. Odamlar u kishi eshak bo‘p qolganini gap qilib yuribdi...
Nurmon nima deyarini bilmay, bir pas angraydi. Dastlab, "bu bola chekib olganmi", degan o‘y keldi kallasiga. So‘ng boya O‘roq dallol ham shunga o‘xshash gap aytgani yodiga tushib, uning ko‘ziga qarab, fikridan qaytdi.
– Eshak bo‘lsa, menikiga kelarmidi? – so‘radi.
– Yo‘q, eshak kakraz uyida turibdi, O‘rol aka yo‘q. Yanga Rajabboy melisaga shikoyat qilgani bormoqchi.
Melisani eshitib, Nurmonning kapalagi uchdi, axir chektirib, mast qilib, uyida yotqizib qo‘yibdi-ku. Rajabboy kelsa, hammasini birpasda aniqlaydi. 
– Yo‘q, – dedi shoshib. – O‘rol menikida nima qiladi? Traktorini shu yerga qo‘ydi-yu, o‘zi qaygadir ketdi.
Umarga nima, yo‘q bo‘lsa yo‘q-da, indamay burilib, jo‘namoqchi bo‘ldi.
– Chekasanmi? – ortidan so‘radi Nurmon.
– Nosmi? – dedi o‘girilib Umar. 
– Zamonaviy bo‘lish kerak, qishloqdayam madaniyatni ko‘tarish vaqti kelgan, – dedi Nurmon tantanavor ruhda. – Sigaret tutatadigan yoshdasan-ku, nos deysan. Ma, manavini ol, yo‘lda chekib ketarsan.
Nurmon qulog‘iga qistirilgan sigaretni unga uzatdi. Cho‘ntagidan gugurt ham chiqardi va chaqdi.
Umar yettinchi sinfdan buyon qo‘shni bolalarga qo‘shilib, nos chekib yuradi, biroq sigaretgacha yetib kelolmagan, ancha qimmat. Hozir imkoniyat tug‘ilganda foydalanmoqchi bo‘ldi. Shart o‘girilib, sigaretni oldi va gugurtdagi olovga tutdi.
Oradan o‘n daqiqa o‘tar-o‘tmas Umar qishloq ko‘chasi bo‘ylab ketib bormoqda edi. Boshida esa g‘alati-g‘alati o‘ylar, hayotdan xursand, kulgisi keladi. O‘zicha qo‘shiq aytmoqchi bo‘lib, bir satrini esga oluvdi, kulgidan o‘zini to‘xtatolmadi. Ilgari e’tibor bermagan ekan, buncha kulgili bo‘lmasa.
Shu ketishda ko‘chada Chori akaga duch keldi.
– Ha, Chori aka, – dedi u ovozini baland qo‘yib, so‘ng bu odamning ismi qiziq ekanini anglab, qiyqirib yubordi. – Otangizga rahmat, shu ismni o‘zlari qo‘yganmi?
Chori bu jinqarchadan kutmagan edi, taxtaday qotdi. Unga hech kim ochiqdan ochiq bunday demagan. Achchiq-achchiq gapirmoqchi edi-ku, biroq cho‘chidi. O‘yladiki, bu bola shunchalar mard bo‘lib gapiryaptimi, bir balosi bor. Shu ketishda yo hokimga yordamchi bo‘lgan, yoki bunga qarshi katta dalil to‘plagan.
– Ha, Umar, tinchlikmi, xursandsan? Qisir sigiring egiz tug‘dimi? – dedi yaltoqlanib.
– Meni aldamoqchi bo‘ldingiz-a? – Umar tirjayib ko‘rsatkich barmog‘ini silkitdi. – Shunday katta muxbirni, bosh muharrir o‘rinbosarini...
– Tunov kun ko‘rrektirmi, karrektirmi deyotuvding-ku, lavoziming oshdimi? – Chori rais baribir ehtiyotkorlikni unutmadi.
– Oshdi, – dedi maqtanib Umar. – Yaqinda muharrir ham bo‘laman... Lekin gap bunda emas, gap shundaki, siz meni aldamoqchi bo‘ldingiz... O‘rol esa eshakka aylandi... Men bularni roman qilaman. Katta roman... Xuddi "Mikrobdan chayon"day mashhur bo‘ladi.
– O‘rol haliyam topilmadimi? – qiziqdi rais.
Unga romanchilikning qizig‘i yo‘q.
– Bir eshak bilan namuncha qiziqmasangiz? – Umar hoholab kuldi.
– Xotiniga achinaman-da, – dedi Chori nima deyishni bilmay. 
U suhbatdoshiga sinchiklab razm soldi. Umarning muomalasi yoqmayapti, ochiq e’tiroz bildirishga esa cho‘chiyapti. G‘oyib ig‘vogar bir-ikki shikoyat xati yozib, ancha-muncha sarson qilgandan buyon ikki so‘zni to‘qishtirib, nimadir qoralay olgan, qog‘ozga oshnolardan cho‘chiydi.
– Uni qo‘ying, gap nimadaligini siz bilasiz, men bilaman, manavilar, – u o‘girilib, yo‘l chetidagi qator uylarga ishora qildi. – Baloniyam bilmaydi. Yaxshisi manavi sigaretdan cheking, boshqacha ekan. Shilliqqurt berdi.
Umar unga qo‘lidagi tutab turgan sigaretani uzatdi. Chori ishqiboz emas, biroq rad qilolmadi, korrektorning qarashlari o‘ktam edi. 
Sigaretni bir-ikki tortib, Chorining ko‘zlari olaydi.
– Haqiqatan boshqacha-ku, – dedi va qo‘llarini havolatib yubordi. – Ie, ushla, ko‘zimdan yulduzchalar uchib, oyog‘imning ostidan yer qochib ketyapti.
 
11

O‘rolni uyg‘otish qiyin bo‘ldi. Nihoyat Nurmon turtavergach, ko‘zini ochdi.
– Tur, – dedi u mehmonni qo‘lidan tortib. – Juda obro‘ying katta ekan-ku. Necha odam so‘rab keldi. Hammasiga yo‘q, deb yubordim.
– Mening emas, traktorning obro‘yi zo‘r, shusiz itgayam keragim yo‘q, – dedi inqillab O‘rol va o‘rnidan turishga harakat qildi, bo‘lmadi, holsiz kir-chir ko‘rpachaga cho‘zildi. – Yo kechagi tutun bilan ukol bo‘lmas ekan yoki Chori rais aldab, yomon aroqni tashlab ketgan, hammayog‘im og‘riyapti. Qornim yorilguday...
– Qirq yoshdan oshgandan keyin ertalab hech yering og‘rimay uyg‘onsang, demak o‘lgan bo‘lasan... – deya aqllilik qildi Nurmon. – Mijozning ko‘richagi o‘rniga buyragini kesib, besh yilga qamalib kelgan bir tanish do‘xtir shunday devdi... 
– Hali qirqqa yetganim yo‘q, – dedi O‘rol.
– Shu ketishingda yetishing ham gumon, – dedi Nurmon. – Sen yeganni sigirga bergandayam, damlab o‘lardi.
Ko‘chadan O‘roqning ovozi eshitildi. Nurmon chiqdi.
– Klient olib keldim, – dedi u shoshib yonidagi po‘rim kishiga ishora qilib. – Traktorning radiatori kerak ekan... O‘ttiz ming bermoqchi.
Pulning daragini eshitib, Nurmon shoshdi, ularni ichkariga taklif qildi. O‘roq qo‘lida asboblar bilan kelibdi, darrov ishga undadi.
– Ijaragami? – so‘radi Nurmon.
– Qanaqa ijara? – tushunmadi Po‘rim. 
– Qo‘yavering, o‘zimizning gap, – dedi O‘roq va Shilliqqurtga "jim tur", deganday qarash qildi.
Ichkaridan O‘rolning ovozi eshitildi. Nurmon uning yoniga ketdi.
– Tashqarida nima gap? – o‘rnidan turolmay inqillab, boshini changallab so‘radi O‘rol. – Birov traktorga teginyaptimi?
– Pul ishlayapmiz, – dedi Nurmon. – Radiatoringni ijaraga beryapmiz. 
O‘rolning ko‘zi kosasidan chiqquday bo‘ldi. Bolaxonador qilib so‘kindi. Unga Nurmonning "o‘ttiz ming so‘m, teng yarmi senga tegadi!" – degan gapi ham kor qilmadi. Tekinxo‘rlarning bu qilig‘i yoqmadi, biroq o‘rnidan turolmadi, boshi yorilguday og‘rimoqda, a’zoi badani maydalab tashlanganday, qorni xaltaday osilgan.
– Boring, ayting, traktorga teginmasin... Biror narsasi yo‘qolsa, mendan xafa bo‘lmang!
Nurmon puldan ko‘ra traktorini yaxshiroq ko‘radigan bu odamni tushunmay, tashqariga chiqdi.
– Qiziq gapiradi-ku, – hayron bo‘ldi O‘roq dallol. – Nor polvonning tog‘da dumalab ketgan traktorini metallomga sotib berganimda xursand bo‘lgan. Bu noshukur nega baqiradi? Kelishuvni buzib bo‘lmaydi. Bor, uni tinchlantir. Bo‘lmasa biznesni rasvo qiladi.
Nurmon tushundi: O‘rol ularga baribir pul qilishga yo‘l bermaydi. O‘zining bir parcha temirini biznesdan afzal biladi! Shunday ekan, uni vaqtincha tinchlantirish lozim.
 "Dardingga davo bor", deb kechagi kukunning qolganini dud qilib berdi, O‘rol hidlab, yana joyiga cho‘zildi, ko‘ngli yana ovqat talab qilayotgan edi. Nurmon qo‘shninikidan ikkita ko‘pkan non olib keldi. U old-orqasiga qaramay, yamlashga kirishdi. Traktori ham yodidan ko‘tarilgan edi.
O‘roqning esa ishtahasi ochilgan. Peshindan keyin butun boshli KamAZ va to‘rt barzangini boshlab keldi. Ular bu ishning hadisini olgan ekanmi, bir soat ichida "Altay" traktorini "echintirib", quruq zanjiri va suyagini qoldirdi.
Ular ketgach, ikki hamkasbning qo‘llariga jaraq-jaraq pul tushdi, lekin negadir har doimgiday pul bilan birga xasislik ham bo‘y ko‘rsatdi – Nurmon ham, O‘roq ham bularni O‘rol bilan bo‘lishishni istamadi.
– Unga bermasak ham bo‘ladi, – dedi O‘roq. – Oziga ko‘nmaydi, ko‘pi esa bizda yo‘q.
– To‘g‘ri, – gapni ma’qulladi Nurmon. – Biz ikkalamiz shuncha ishladik, ter to‘kdik, u bo‘lsa kayf qilib, xonada yotdi, endi pulga ega chiqadimi? Bunaqasi ketmaydi. Ishlamagan tishlamaydi...
– Lekin ertaga o‘ziga kelsa, haqini talab qilishi mumkin.
Nurmon qo‘lidagi bir tutam pulni mahkam siqdi.
– Nega?! Axir buni biz halol topdik-ku! Nimaga u burnini suqadi?
– Traktor uniki-da, – dedi O‘roq. – Kolxozdan meros qolgan.
Nurmon o‘ylanib, tushunmadi. Traktor kolxozniki...
– Kolxoz hozir yo‘q deyishayotuvdi-ku!?
– Lekin O‘rol bor-da!
– Unda nima qilish kerak?
– Bilmasam, – O‘roq yelka qisdi va hovli o‘rtasida cho‘zilib yotgan ikki zanjir bilan traktor ramasiga boqdi. – Balki traktoringni shu holda haydab keluvding, dermiz.
Bu fikr Nurmonga yoqmadi. E’tirozini hech qanday transport vositasi (velosiped va Nosir nosfurushning "Zaporoj"idan tashqari) motorsiz yurmasligi bilan isbotlamoqchi bo‘ldi. O‘roq miyasining eng kichik hujayrasidan tortib har ikkala yarimsharigacha dallollikka baxshida bo‘lib ketgan ongini qitiqlab ham aqlliroq g‘oya topolmagach, qo‘lini ko‘tarishga majbur bo‘ldi. Nurmon esa muammoning oson yechimini topdi:
– Yana ozroq kayf qildiramiz, keyin bu yerga piyoda kelgansan, traktoringni ko‘rganimiz yo‘q deymiz, qutulamiz.
– Ishonarmikin? – shubha bildirdi O‘roq.
– Hozir unga "sen dinozavrning to‘ng‘ich o‘g‘lisan", desangiz ham shubhalanmaydi. Faqat, anavi hovlidagi qolgan temir-taqani ham yo‘qotish kerak. Dalil bo‘lmasligi kerak, dalil!
– Bunisi oson, eski mijozlar bor, kilolab metallomga oladi, – xursand bo‘ldi O‘roq.
Kechga yaqin, hovli o‘rtasidagi zanjir ham, qolgan temir-taqalar ham ko‘tara savdo bo‘lib, yuk mashinasiga ortilib, olib ketilganda, haydalishi va ekin ekilishi lozim bo‘lgan tuproqda uzun izdan o‘zga hech vaqo qolmaganida O‘rol o‘ziga keldi, boshini ko‘tarib, yarim soat anqayib, nihoyat qayda yotganini aniqlab, burab og‘riyotgan qornini changallab, uyiga ketmoqchi bo‘ldi. Biroq o‘rnidan turolmadi. 
– Ha, – dedi uning inqillagan ovozini eshitib, xonaga kirgan Shilliqqurt. – Nima bo‘lyapti?
– Qornim yorilib ketguday... boshimga ham birov bolg‘a bilan urayotganga o‘xshaydi, – shikoyat qildi O‘rol. – Uyga ketmasam bo‘lmaydi.
– Bu ahvolingda qanday borasan, oyoqqa turolmayapsan-ku!
– Traktorda ketaman, – dedi O‘rol. – Ozgina solyarka topib bersangiz bas. Yerni ertaga haydaymiz.
– Qaysi traktor bilan? – Nurmon o‘zini hayron ko‘rsatdi. – Hech qanaqa traktor yo‘q.
O‘rol dastlab tushunmadi, so‘ng jahli chiqdi. Shilliqqurt zo‘r berib, ikkalasi piyoda kelganini uqtirdi.
– Nahotki piyoda keldik? – nihoyat O‘rol tirisha-tirisha, o‘shanda bu yoqqa qanday kelganini eslolmay, aftini bujmaytirib so‘radi. – Ikkalamiz devorni buzib o‘tmadikmi? Yoki tushimda bo‘ldimi?
– Tushda emas, rostdan buzganmiz, lekin traktor bilan emas. Oyoq bilan tepib, devorni ag‘darib, shu yerga keldik. Endi kayfchilik ekan-da, bilmasdan qilib qo‘yding, tushunaman, xafa emasman... O‘zingga kelsang, ikki-uch kun kelib, paxsa urib, tiklab berarsan. 
O‘rol o‘yga cho‘mdi.

12

Umarning ilhomi kelgandan keldi. Chori raisni kuzatib, uyiga yetib kelguncha, zo‘rg‘a chidadi. Unda bir, turshak yeb, ustidan suv ichganda qorni ko‘p bezovta qilgan, o‘shandayam mana shunday – uyga tezroq borish orzusida bo‘lgan. Hozir ham bu istak har nedan ustun. Lekin bu safar bora solib, burchakka chopishni emas, enasi bahorda yig‘ishtirib qo‘ygan eski sandalga yetib olishni orzu qilyapti. U ijodini o‘sha sandalda qiladi. Albatta, shu paytgacha yozganlari o‘sha jihozdan nariroqqa ketolmagan, lekin bugun boshqacha.
Ilhom parilari boshi atrofida shunchalar tez aylanmoqdaki, ular aytayotgan so‘zlarni tushirish uchun qog‘oz yo‘q. Shoshib, kuyib-yonib yozmoqda. Nafaqat qog‘oz yo‘q, balki ruchkaning siyohi ham tamom bo‘lgan, baribir yozyapti. Bunaqa ilhom yuz yilda bir kelishi mumkin, axir.
Sandal ustidagi katta patnisni qirtishlab tashladiyamki, ilhom parilari tark etmayapti. 
U shu holda o‘tirganda ko‘chadan Chori raisning ovozi eshitildi. Chopib chiqmoqchi edi-ku, ijodini qizg‘andi. Har daqiqa g‘animat, aqli ishlab turganda quyilib kelayotgan har bir so‘z, har bir gapni qog‘ozga, yo‘g‘-e, patnisga tushirib qolish kerak. 
Chori akani Umarning otasi kutib oldi va to‘satdan tashrif buyurgan hurmatli mehmonni o‘g‘lining yoniga boshlab keldi. Farzandi biror aqlli ish bilan bandligiga ishongan ota, uning ahvolini ko‘rib, dong qotdi. U siyohi tugagan ruchka bilan patnis bo‘yog‘ini qirtishlamoqda. Bu patnisni ko‘p yillar burun, atay Toshkentdan olib kelgan. Sandalining ustiga quyib-qo‘yganday mos keladi. Ustida dasturxon tekis turadi.
– Nima qilyapsan, ovsar? – urishib berdi o‘g‘lini. 
– She’r yozyapman, – dedi Umar ortiga o‘girilmay, ishini davom ettirib. – Bit qaramay ochimga, yallo etar sochimda, shampun unga kayf bo‘lar, ko‘p pullarim hayf bo‘lar. 
Ota mehmonning yonida uyaldi. Jahli chiqdi.
– Shumi she’r? Shu she’r bo‘lsa, men ho‘kiz ekanim...
Umar otasiga o‘girilib, sinchiklab razm soldi. Qiroat bilan gapirdi:
– Suv ostida g‘ovvosmi, otam ho‘kiz-novvosmi, she’r keladi quyilib, men zo‘r shoir – shovvozman.
– She’r yozayotganing yo‘q, – jahli chiqib, do‘qida davom etdi otasi. – Momongdan qolgan patnisni rasvo qilyapsan... Sandalga o‘tirvolganing nimasi, yoz chillasida?
– Qoching, ota, – dedi Umar va qiroat bilan she’r o‘qidi. – "Sovplast"ga aldanib, bulbul bo‘lar andalib, she’riyatni gullatar, bul momomning sandali... Qarang qanday quyma satrlar... She’riyatni tushunmasangiz nima qilasiz burningizni suqib. Siznikisiz ham adabiyotda ortiqcha burunlar ko‘p.
– Ha, – dedi shu yerda turgan Chori rais kesatib. – U yerda sen bilan momongning sandali, yana G‘oyib ig‘vogar yetishmayapti.
Umar noiloj o‘rnidan turdi. Ilhom qataloq chaqqan sigir kabi shataloq otib qochgan edi.
– Ijod zo‘r ketayotgan edi, – dedi entikib. – Hali bunaqasi bo‘lmagan, shu ketishda "Qutlug‘ xon"dan ham zo‘r roman yozvorardim.
– Chingizxon haqidagi kitobmi? – Chori rais fursat kelganida maqtanmoqchi bo‘ldi. – Bolaligimda o‘qiganman, uncha zo‘r emas... Lekin sen adabiyotingni yig‘ishtir, boya sigaret deb menga nima beruvding? 
– Sigaret, – dedi Umar. 
– Boshim yorilib ketguday bo‘lyapti, ichimga ilon kirib olganday, nimadir qimirlayapti... Oyoq-qo‘lim qaltiraydi, o‘lib qoladiganga o‘xshayman. Bir paytlar ko‘richakni olish uchun narkoz berishuvdi, o‘shanda shunga o‘xshash bir gap bo‘luvdi... Tushunmayman.
Umar yelka qisdi va birdan o‘zining ham boshiga nimadir bo‘lganini his qildi. Ko‘ngli aynidi. Birdan ko‘ngli va miyasi bo‘shab qoldi. Anqayib, boya yozyapman deb o‘ylagan – sandalga boqdi, ruchkaning uchi bilan qirtishlangan patnisga ko‘zi tushib, hech baloni tushunmadi. Nega bunday qilganini o‘ziyam bilmadi.
– Mengayam bir gap bo‘lgan, – dedi o‘ylanib. – Hammasi shu sigaretdan. Mulla Ma’murga kuf-suf qilib, bizga chektirib yuborgan.
Bu gapdan Chori raisning kapalagi uchdi, bir narsa topganday ko‘zlari chaqnadi.
– Vo! – dedi hovliqib. – Masala bu yoqda-ku! Nega kallamga shu fikr kelmadi? Sen ikkala yaramas kelishib, meni bir balo qilmoqchi bo‘lgansanlar.
– Men nima. – dedi Umar. – O‘zim ham sizga o‘xshab jabrlanuvchi bo‘p o‘tiribman-ku!
– Mullaga o‘qitgani rost, – shashtidan biroz tushib davom etdi Chori aka. – O‘sha palakat xizmat ko‘rsatgan mullayam anqov, jinni qilib qo‘yadigan duolarini o‘qib, dam solgan bo‘lsa-ku, mayli, lekin o‘ldiradiganini aytgan bo‘lsa-chi? Ikkalamiz ham qo‘shilishib ketib qolmaylik... 
– Buni o‘zimizning mulla qilmagan, – dedi Umar. – U odamning duosi bizga ta’sir qilmaydi.
– To‘g‘ri, – darrov fikridan qaytdi Chori aka. – Ha, endi "Siyosiy iqtisod" fakultetini bitirgan mullaning duosi qayga borardi? U yerda faqat ateizmni o‘qigan-da! Lekin o‘sha sigaretga kimdir dam solgani rost... Chekkandan biluvdim... Nosir nosfurushdan so‘rab chekayotganlarimga o‘xshamasdi! Bekorga Nosirni "yaramas tekinligi uchun shuncha paytdan beri menga tovuqning tezagini quritib, chektirgan ekan", deb ichimda rosa so‘kibman.
– Nimaga tovuqning tezagi? – hayron bo‘ldi Umarning otasi.
– U nos tamakini tolqon qilish uchun tegirmonga solganda ozroq shundan aralashtirib yuborarkan, ta’mi o‘tkirroq bo‘larmish, nosning ta’sirini oshirarmish. Aslida tekinligi uchun shunday qilsa kerak.
Umarning otasi eski noskashlardan, ko‘ngli buzilib, chekkaga tufladi.
– O‘lib qolmasimizdan burun duoning oldini olish kerak, – dedi Chori aka gapini davom ettirib. – Yur, Shilliqqurtnikiga! Aybini bo‘yniga qo‘yib, qaysi mullaga o‘qitganini bilib, oldiga borib, duosini kesadigan biror duomi, duoibadmi qilishini so‘raymiz.
– Duoibad emas, antivirus... – dedi Umar bilimdonlik qilib. – Zamonaviy tilda shunaqa narsa bor. A’zayimxonlar haqida maqola yozganimizda, duoga dosh bermay, kompyuterimiz buzilgan, muharrir antivirus opkelib, o‘nglab olgan... Duoni shu kessa kerak...
Umar va Chori rais shahd bilan yo‘lga chiqdi.

13

O‘rolning xotini eshakni daraxtga boylab, hovlining yumushi bilan band bo‘ldi.
Shu kuni na eri va na traktordan darak bo‘ldi. Anavi maxluqning egasi ham yo‘qlab kelmadi. Unda-bunda kim chindan, kim hazillashib O‘rolni eshakka aylanganini aytib yuribdi. 
Ertalab ko‘chaga chiqqanida O‘rolning o‘rniga qolgan jonivor hali ham no‘xtasini tortgancha o‘sha joyda turganiga ko‘zi tushdi. Boshi qotdi. Eri traktorni eshakka almashtirgan taqdirda ham o‘rtadagi farq uchun berilgan pulni kartada Mashrab luchchakka yutqazib, tongga yaqin uyga qaytib kelishi kerak edi. Biroq undan darak yo‘q. Qishloqning bir maslahatgo‘yi Chori aka bo‘lsa, uyam tayinli gap aytmadi. Qaytanga masxara qildi.
Juvon shularni o‘ylab turganda ko‘cha boshida qaynotasi – Doli bova ko‘rindi. Boboy yosh xotinga uylanib, ikki hafta xotindorlik qilib, qochirib yuborgandan buyon yolg‘iz. Bugun ertalab ko‘chaga chiqib, o‘g‘li eshakka aylangani haqidagi yarim yolg‘on, yarim chin gapni eshitib (yolg‘onligi – odam baribir eshakka aylanmasligini biladi, chinligi – O‘rolning fe’li o‘sha maxluqnikiga o‘xshab-o‘xshab ketardi gohida), shu tomonga kelmoqda.
Doli bova keliniga savol berishdan burun, ko‘cha chetidagi yelkalari yag‘ir eshakka sinchiklab razm soldi. 
– Shumi? – dedi orqasiga o‘girilmay. 
Kelini tasdiqladi. Boboy eshakni tekshirishda davom etdi.
Uni chekkadan kuzatayotgan kelini, "bu kishi biror o‘xshashlik qidiryapti, chamasi", degan xayolga bordi. Rostdan Doli bovaning eshakdan biror tanish belgi ko‘rish ilinji borga o‘xshaydi.
– Notanish, – dedi nihoyat chol keliniga yuzlanib.
– Ha, o‘g‘lingiz emas, – gapini ma’qulladi kelini. – Buning yelkasi ishdan yag‘ir bo‘p ketgan.
– Nima? – boboyning jahli chiqdi. – Kallang bormi? Nimaga "o‘g‘lingiz emas" deysan?
Juvon qaynotasini tushunmadi. Nega buncha jahl, nega buncha g‘azab?
– Men nima deppan, – gapirdi sekin, – "Shu sizning o‘g‘lingiz", deyishim kerakmidi? Biror tanish belgisini ko‘rdingizmi?
Cholning burun kataklari kattalashib, ko‘zlari o‘ynadi, qo‘lini bir-ikki havolatib, nimadir demoqqa og‘iz juftladi, g‘azabdan gapini topolmadi.
– Bova, biror nima bo‘ldimi?
– Ey, sen ovsar bo‘lganmisan? Nimaga tuppa-tuzuk eringni eshakka teng qilasan? Endi bildim, qishloq oralab yurgan sassiq gapning hammasi sendan chiqqan. Odam degan bolalarining otasi haqida shunday gap qiladimi? Eshakmi, kuchukmi, shu sening ering...
Shoshganda Doli bovaning qo‘li eshak tomonni ko‘rsatib yuborgan edi. To‘g‘ri-da, qayoqni ko‘rsatsin, O‘rol qay tomonga ketganini bilmasa. Biroq bundan juvonning kapalagi uchdi: 
– E, nima deyapsiz?! Bu u kishi emas!
Doli bova shoshdi, gapini tushuntirmoq uchun bir-ikki og‘iz juftlab, aqlli gap topolmadi.
– Nima deyapsan? O‘g‘limni eshakka teng qilyapsanmi? – dedi nihoyat o‘dag‘aylab.
– Nima deppan, – yig‘lamoqdan beri bo‘ldi juvon. – O‘g‘lingiz emas dedim-ku?
Chol keliniga shu gapi bilan erining sha’nini yerga urganini tushuntirolmay, qiynaldi. Azaldan gapga chechan emas.
– Shunday ham dema, – dedi zo‘rg‘a.
– O‘zingiz-ku, kela solib, eshakning belgisini qidirib ketgan. 
– Men kimniki ekan, deb qaradim. Notanish ekan... – chol nihoyat maqsadga ko‘chdi. – O‘rol qani?
– O‘g‘lingiz yo‘qolib qolgan. O‘rniga shu eshakni tashlab, qaygadir ketgan.
Chol voqea tafsilotini so‘radi, jim tinglagach, o‘z fikrini bayon qildi:
– Bir-ikkitasi Nurmon bilan qo‘shilib ketganini aytayotuvdi. Agar rost bo‘lsa hali ering eshakka aylanmaganiga pushaymon ham qilasan... Men unikiga borib, xabarlashib kelaman.
Chol Nurmonnikiga jo‘nadi. Yo‘lda unga Chori rais bilan Umar yo‘liqdi. Salom-alikdan keyin ma’lum bo‘ldiki, yo‘llari bir. 
– O‘rol o‘sha yaramasga qo‘shilgan bo‘lsa, endi o‘g‘ildan voz kechsangiz ham bo‘ladi, – dedi Chori rais. – U bilan ikki soat gaplashgan qaytib odam bo‘lmaydi... Mana, biz, bor-yo‘g‘i bir dona sigaretini chekib, na u yoqlik, na bu yoqlik bo‘p turibmiz. 
O‘rol Nurmonning uyi ayvonidagi ustunga suyanib, boshini osiltirib o‘tiribdi. Shilliqqurtning o‘zi narigi ustunga suyangan.
– O‘g‘lingizni uyiga olib bormoqchi edim, ko‘tarolmadim, – dedi Doli bovaga ko‘zi tushib, jahli chiqqanini sezgan Shilliqqurt. – O‘zi yurolmayapti. Nimagadir oyog‘i bo‘ysunmayapti, qorni kajavaday shishib ketgan.
– Tamom, – dedi Chori rais. – Bungayam duo yedirib, rasvo qipsan.
– Nimaga duo yediraman, non berdim, – dedi mezbon. – Ikki kunda sakkizta ko‘pkan non yedi.
– Sakkizta?! – Doli bovaning kapalagi uchdi. – Bultur Do‘lanning ho‘kizi to‘rtta non yeb, damlab o‘luvdi!
– Bu ho‘kiz emas-ku! – dedi Shilliqqurt. 
Doli bova bu fikrga qo‘shilishdan o‘zga chora topolmadi.
– Lekin, – gapini davom ettirdi Nurmon, – buningiz men non izlab chiqqanda ochlikka chidolmay, tovuq boqaman, deb olib kelib qo‘ygan kepakniyam kapalab qo‘yibdi.
Chol o‘g‘liga achinib boqdi:
– Qancha edi?
– Besh kilo... 
– Olti kilo! – deb yubordi, Umar va Shilliqqurtning yoqasiga yopishdi. – Bizning kepakni sen o‘g‘irlaganmiding, yaramas. Qamattirib yuboraman, sen o‘g‘rini!
Chori aka ularni ajratdi, Umarni tinchlantirishga urindi:
– O‘zingni bos, oldingi jinoyatlari oldida olti kilo kepak o‘g‘irlash bunga hech narsamas, savob ishday gap... 
Chol esa nima qilishini bilmay, Nurmonni koyidi:
– Kalla bormi o‘zi, hech zamonda kepak ham o‘g‘irlaysanmi? Un-pun olsang o‘larmiding, endi buni nima qilamiz?
– O‘zimam un bo‘lsa kerak, deb o‘ylovdim, – dedi Shilliqqurt bosh egib. – Kepakligini uyga kelib bildim.
– Buningizni do‘xtirga olib borish kerak, – dedi Chori aka O‘rolga ishora qilib. – Kepak ichaklariga tiqilib qolgan. Operatsiya qilmasa shuncha narsani o‘zi eplolmaydi, eshak bo‘lganda boshqa gap edi.
– "Afsus", dedi kimdir.
Chori aka cholning kapalagini uchirib, Umarni chekkaga surib, Shilliqqurtga o‘dag‘ayladi:
– Sen yaramas, odamlarga baho berguncha, bizni qanday duo bilan yo‘q qilmoqchi bo‘lganingni ayt!
Shilliqqurtga do‘q yoqmadi, dastlab o‘zidan nima istashayotganini tushunishga harakat qildi.
– Ie, – dedi nihoyat gap nimadaligini tushunib. – Nasha chekivolib, nimaga oldimga janjal qilib kelasiz?
Chori akaning kapalagi uchib, angraydi va shoshib, chekkaga tufladi. Og‘zida qolgan nasha yuqlaridan qutilmoqchi. Doli bova esa moxovdan cho‘chiganday, o‘zini undan chekkaga oldi. Umar chinoq ham bir odim ortga surildi.
– Nimaga menga bunday qaraysanlar? – Chori aka hayron. – Buning gapiga ishonmanglar, umrimda nasha chekkan odam emasman. Aroqniyam tashlaganimga o‘n yil bo‘ldi... Bu bizni duo bilan buzgan.
Shilliqqurt sigaretning sirini ochdi, Umarning xayoli uchdi.
– Nima, endi men ham nashavand bo‘lib qoldimmi?! Nashavandlar ichburma bo‘ladi, deb eshitganman.
Shunday deb negadir Umar joyida sakradi.
– Bo‘p qopsan, – dedi Doli bova. – Essiz shunday yigit, shunday shoir! Juda zamlasang G‘oyib ig‘vogarning o‘rniga qolarding... Endi bo‘lsa, – chol Shilliqqurtga ishora qildi. – Manavining ukasisan, xolos. Essiz...
Albatta, Umarni bunaqa istiqbol qoniqtirmaydi, tushkun kayfiyatda qoldi.
Chol engashib, o‘g‘liga qaradi. Uning ko‘zlari olayib, biri sharqqa, boshqasi g‘arbga qadalgan. 
– Ha, boboy, – dedi arang. – Nima qilib yuribsiz?
– Odamlar eshak bo‘p qopti, desa ishonmabman. Rost ekan, kepak yeyishga balo bormi?
O‘rol indamadi, qornini siladi, xolos.
– Traktor qani? – so‘radi chol o‘g‘li mastligiga ishongach.
– Uyda, – dedi O‘rol tar-tar. 
– Uyda eshakdan boshqa narsa yo‘q, – dedi chol.
– Traktor shu yerda-ku! – Umar tez o‘girilib, qo‘li bilan hovlini ko‘rsatdi. U yerda esa uzun cho‘zilib ikkita iz qolgan, xolos. Angraydi. – Rostdanam nashavand bo‘p qoppan. Izini ko‘ryappan, traktorni ko‘rmayappan! Boya, chekmasimdan burun shu yerda edi.
– U yerda hech balo yo‘q, – dedi chol. – Rostdanam nashavand bo‘p qopsan.
Shilliqqurt shoshdi. Nima deyishni bilmadi.
– Traktor bo‘lmagan, – dedi. – Ikkalamiz piyoda keluvdik.
Uning gapiga hech kim ishonmadi. Hammasi ayon-ku.
– Ijaraga olib ketishdi, – dedi nihoyat Shilliqqurt. U biladi, yolg‘on gap bilan uzoqqa ketib bo‘lmaydi. Demakki, qo‘lga tushdingmi, rostini aytgan durust, faqat o‘z foydangga og‘dirib. – Temir fermer kelib, "menga kerak, berib turinglar" dedi, berdik. Nima, odamlarga yaxshilik qilib bo‘lmaydimi?
Nurmon fermerni bekorga eslagan ekan, bo‘rining qulog‘iday uning semiz tanasi devor ortidan bo‘y ko‘rsatdi. U Nurmonni izlab kelibdi. Ayvonda to‘rt-besh kishini ko‘rib, shu tomon yurdi. Ko‘zi hovliga tushib, hayratini yashirolmadi.
– Traktor qani?.. Ha, yaramaslar, bo‘larkan-ku! Ana, forsunkasiz ham yurib ketibdi, bekorga meni o‘n ming so‘mga tushirishdi.
U kelib, ustunga g‘alati holda suyanib o‘tirgan O‘rolga forsunkani uzatdi:
– Mana, motoringni ol, – dedi. – Ijarani vaqtida qaytargan durust. Shunga tezgina olib keldim, emasam bo‘ynimga katta pul osib qo‘ymanglar.
Shilliqqurt unga olaydi:
– Kelardingiz, – dedi do‘qlaganday.
– Bu bir parcha temir, traktorning o‘zi qani? – so‘radi chol hech baloni tushunmay.
 – Sizni deb butun boshli traktor yo‘q bo‘lib ketdi, – cholning gapiga e’tibor bermay fermerga gapirdi Shilliqqurt.
– Qayga yo‘q bo‘ladi? – hayron so‘radi Temir.
– Forsunkasiz traktor traktormi? Tarqatib yubordik... – Nurmon shu gapni aytib, Doli bovaga o‘girilib boqdi. – Qo‘rqmang, o‘g‘lingizning ulushi turibdi.
– Ie, kalla bormi? Mana, opkeldim, yig‘ib olsalaring bo‘ladi.
– Endi kech... Ishga O‘roq dallol aralashgan.
O‘rol inqillab boshini arang ko‘tardi.

14

Shu kun O‘rolni kasalxonaga olib ketishdi, traktor muammosi bilan esa shug‘ullanadigan odam bo‘lmadi. Hamma o‘zi bilan bo‘lib qolgan. Doli bova o‘g‘lini joylab, operatsiya qildirib, o‘ziga kelgach, O‘roqning uyiga keldi. Traktor taqdiri bilan qiziqdi.
– Menga nima deysiz? – dedi dallol. – Bolaligimda texnikumda o‘qiganimda "tovar-pul-tovar" degan biznes qoidani o‘rgatishgan. Shu qoida bilan ishladim, hammasi halol, hammasi to‘g‘ri! Ana, to‘rtta echki oldim.
– Sening pul topar biznesing bilan nima ishim bor, o‘g‘limning traktori qani? – cholning g‘azabi qaynagan.
– Aytyappan-ku, tovar-pul-tovar... O‘zaro kelishib, maydalab sotishdi. Chakana savdo deyishadi buni. Men dallollik qildim, xolos. Ishonmasangiz ana, Nurmondan so‘rang. O‘g‘lingizning traktori, Shilliqqurtning firibgarligi uchun men javob bermayman.
– O‘rolning o‘zi rozi bo‘ldimi shunga? – chol hayron.
– Uni nima bilaman, biz Nurmon bilan kelishdik, – dedi O‘roq. 
– Traktor o‘g‘limniki-ku!
– Bunisini bilmayman, – dedi O‘roq bamaylixotir. – Balki Nurmon so‘ragandir, men o‘g‘lingizni ko‘rganim ham yo‘q. Nurmon "sotamiz, kelishganmiz" dedi, mijoz topib berdim. Men sotuvchi bilan xaridor o‘rtasidagi odamman... 
Chol bunga hech narsa deyolmadi, lekin yengidan tortib, Shilliqqurtning yoniga yetakladi. 
Hovli suv quygandek jim-jit. Ikkalasi ohista ayvonga o‘tdi, xonaga kirdi. Bir burchakda uzala tushib, Nurmon yotibdi. Qimirlamaydi, yonida ikki oydan buyon ishlatilayotgan bir martalik shprits.
– O‘lib qolibdi, – dedi uning ustiga engashib, u yoq-bu yog‘ini ushlab Doli bova. – Endi traktorni kimdan so‘raymiz?
O‘roq dallol esa yelka qisdi. 
– Sirniyam, traktorniyam o‘zi bilan go‘rga olib ketdi, – dedi g‘amgin ohangda, lekin negadir uning ko‘zlari chaqnayotgan edi. 
... Mashmashalar yakun topib, O‘rolning traktori nom-nishonsiz yo‘qolib, undan faqat ikkita chuqur izlar qolgan, Shilliqqurtning nomi unutilgan, traktorli boyvachchaning o‘zi qorni kesilib, kasalxonada inqillab yotgan paytda O‘roq xotiniga maqtandi:
– Ana ko‘rdingmi, qanchalar aqlliman... Esingdami, bundan bir hafta oldin Shilliqqurt kapchamizni so‘rab keluvdi, bermovdim. Xo‘p ish qilgan ekanim, o‘shandayam kallam ishlagan. Pokka kapchadan ajralib qoluvdik-a! O‘rolning shunday katta traktorini hazm qilib yuborgan Nurmonga bizning kapcha nima bo‘pdi...
– Traktorni hazm qilolmay o‘lib ketdi u sho‘rlik, – dedi xotini.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.