OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jamila Ergasheva. Qaytar dunyo (hikoya)

Shivalab turgan yomg‘ir birdan tezlashib ketdi. Bozor battar qiy-chuvga to‘ldi. Kim moliga, kim joniga panoh istab, shoshilardi. Avval o‘ydim-chuqur yerlar, so‘ng butun bozor sahni suvga to‘ldi. Yomg‘ir esa sekinlashay demaydi. Bu paytda Ultonboy bekorchilikdan bozor aylanib yurgan edi. Garchi uning asrashga arzigulik biron narsasi bo‘lmasa ham, izdihomning o‘zi ikki yelkasidan siqib, bozor darvozasidan tashqariga chiqarib qo‘ydi. Odamlar duch kelgan mashinaga o‘tirib, manzillari tomon shoshardi. Qatorlashib yotadigan kira mashinalar bir zumda siyraklashib qoldi. Uning esa shoshadigan joyi yo‘q. Qorni och edi. Ichki kiyimlari ham namiqqan shekilli, eti junjikayotganini his qildi. Ammo bu hamisha zax hidi kelib turadigan, huvillab yotgan uyiga oshiqish uchun sabab bo‘la olmadi: avval ovqatlanib olishi kerak!..
U bozor qarshisidagi oynavand oshxonaga kirdi. Yaqin o‘rtadagi arzon va gavjum bu oshxona uning doimiy qo‘nalg‘asi, ayni paytda yomg‘ir qamchisidan qochib, to‘rt tomonga yugurayotgan odamlarni kuzatish uchun juda qulay joy edi.
Bozordan chiqayotgan odamlar orasida baland bo‘yli yoshgina yigitning bilagidan ikki qo‘llab ushlab olgan o‘rta yoshlardagi juvon diqqatini tortdi. Yigit bir qo‘lida ikkita katta yelimxaltani ko‘tarib, ikkinchi qo‘li bilan onasini ushlab olgan, ular nimadandir zavqlanib kular, osmondan chelaklab quyilayotgan yomg‘ir, atrofdagi ola-tasir ularning hangomalariga halal bermayotganday. Ayolning kulgisi tashqaridagi shuncha shovqin-surondan o‘tib, oynavand oshxonaning bir burchagida o‘tirgan Ultonboyning quloqlari ostida jaranglardi.
Yigit oshxona tomonda turgan oppoq mashinaning avval o‘ng tomonidagi eshigini ochib, onasini o‘tqizdi, orqa o‘rindiqqa qo‘lidagi yelim xaltalarni qo‘ydi, so‘ng o‘zi oldingi o‘rindiqqa o‘tib, mashinani o‘t oldirdi.
Ular Ultonboy hamisha yo‘lga chiqsa — izlaydigan, uzoq ko‘rmasa — sog‘inadigan, mabodo ko‘rib qolsa — qochgani joy topolmay qoladigan eng yaqinlari, ayni paytda yuz ko‘rmas g‘animlari edi. Yo‘q, g‘anim desa, unchalik to‘g‘ri bo‘lmas, ular Ulton bilan hech ishlari yo‘q, faqat yo‘llari kesishmasligi kerak.
Bir safar... O‘g‘li o‘n sakkiz yoshga to‘lgan kun edi. Shahar chetidagi xilvat yo‘l bo‘yida, qandaydir jarangdor shior yozilgan betondevol soyasida mashina kutib turgandi. Katta yo‘ldan “shuv” etib, yap-yangi mashina o‘tib ketdi. Haydovchining yonida o‘tirgan ayol “yalt” etib unga qaradi. Aniq ko‘rdi: ayolning ko‘zlari nafratdan qisilib ketdi.
Mashina qanday tezlik bilan uning yonidan o‘tib ketgan bo‘lsa, shunday shitob bilan iziga qaytib, Ultonning qarshisida to‘xtadi. U nima qilarini bilmay qoldi, qochay desa, ortida turgan yakkadevoldan boshqa biron panoh yo‘q. Turaverayin desa, izidan onasi “Shoshma bolam, o‘zingni qo‘lga ol”, deb yugurgilab kelayotgan yigitning vajohati ot hurkar darajada qo‘rqinchli edi. Ularning har uchchalasi bu uchrashuvni o‘n sakkiz yil kutgan edilar, ammo u shunday bir holatda yuz berishi mumkinligini hech kim xayoliga keltirmagan edi. Yigit mashinasidan tushib, uning qarshisiga keldi, bir zum hech narsa demay, ko‘zlariga tikildi, nigohlari juda qahrli edi. Vujudi titrab turgan bo‘lsa-da, noilojlikdan kulimsiradi.
— Meni taniyapsizmi?
— Ha...
— Men kimman?
— Hasansan.
— Bilar ekansiz-u?! Men nega sizni bilmayman?! Nega?! —uning qo‘llari musht bo‘lib tugildi. O‘rtada qaltirab turgan onasi unga yopishdi: “Bolam, o‘zingni bos. Nima bo‘lganda ham u sening otang, dilini og‘ritib, gunohga botma”. U onasining yelkalaridan tutdi: — Qo‘rqmang, ona, uni chertish niyatim yo‘q, faqat so‘rayapman: nega men uni bilmayman?!
 — Vaqti keladi, hammasini tushuntirib beraman... — chaynaldi Ultonboy. Yigit bosh chayqadi.
— Nimani tushuntirasiz, onang yomon edi, tashlab ketishga majbur bo‘ldim, deysizmi? Onang yomon edi, seni izlab kela olmadim, deysizmi?
— Bo‘ldi, ketdik, bolam, — onasi tinmay uni ortga tortqilardi.
 —Ha, bo‘ldi, — og‘ir nafas oldi o‘g‘il. – Ammo bir narsani aytib qo‘yay, siz nafratga ham arzimaysiz, shuni unutmang.
Mashina eshigi “qars” etib yopildi. Ultonboy shitob bilan qo‘zg‘alib, bir zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan mashina tomonga qaray olmadi, sillasi qurib, devolga suyangan ko‘yi yerga o‘tirib qoldi.
Bu uchrashuvni Ultonboy necha yil kutgandi, undagi har so‘z, har holatni ipga marjon tizganday tizib, tizaverib, rejalab, tunlarni tonglarga uladi. Ammo... Hammasi kutilmagan joyda, bir zumda sodir bo‘ldi. Ulton shu damgacha ham yolg‘iz edi, ammo xayolida bir kun kelib, uni tushunib, suyanch bo‘ladigan o‘g‘li, umidi bor edi. Endi hech narsasi qolmadi.
Ha, undan ham o‘tgan. Shu paytgacha o‘g‘lini biron marta bo‘lsin izlamadi. “Onasi qo‘ymaydi”, degan vaj o‘rinsiz ekanini go‘dak ham biladi. Uchrashgisi, bag‘riga bosgisi kelardi. Faqat shuncha yil davomida xarajatlaridan besh-olti so‘m ajratib, o‘g‘lining yo‘lini to‘sib, “Hoy bola, men sening otangman, nima bo‘lgan bo‘lsa, bo‘ldi, endi meni mehringdan benasib qilma. Ma, ishlatarsan” deb, qo‘liga berishga hafsala qilmadi. Aslida, o‘g‘liga aytmoqchi, tushuntirmoqchi bo‘lganlarini o‘zi ham yaxshi tushunmasdi. Bilgani, uning momosi bilan Nodiraning momosi opa-singil bo‘lishgan, Nodiraning momosi to‘y kechasi sevgan yigiti bilan qochib ketgan.
— Men hech narsani bilmayman, kelinni topib kelasan, elni to‘yga aytib qo‘yganman, — turib olgan kuyovning otasi.
Shu yerda qarindoshlardan biri manzirat qilgan:
— Unday bo‘lsa... Kelinning opasi bor.
Hamma oldin bir-biriga, so‘ng qudalarning og‘ziga qaragan.
— Yo‘q, bo‘lmaydi, — rad qilgan qizning otasi.
— Nega?
— Aybi bor... Sag‘al bukriroq, — tushuntirgan ota hamon boshini yerdan ko‘tarmay.
— E-e! Bukriroq emish, qora qozonini qaynatib, eshigini ochib o‘tirsa bo‘ldi-da. Falonchining kelini kuyovni tashlab qochib ketibdi, degandan ko‘ra yaxshi-ku. To‘yni kelinsiz nima deymiz, xudoyi deymizmi? A, Abdumo‘minboy?
Abdumo‘minboy — kuyovning otasi, hech narsa demagan. Uning o‘rniga ham haligi kishi buyruq bergan:
— Bo‘ldi, qizni tayyorlanglar!
— Yo‘q, unday qilmanglar, iltimos, — yalinishga tushgan ota, — katta qizim juda qisinchoq, ko‘ngli yarim. Teng-to‘shidan kam bo‘lib, shuncha qiynalgani yetar, ortiqcha xo‘rlikni ko‘tara olmaydi. Abdumo‘minboy, xo‘p deng, qilgan xarajatlaringizni sekin-asta uzaman.
Abdumo‘minboy qudasining yuziga bir zum tikilib turib, miyasiga kelgan yovuz bir o‘y qarorini qat’iylashtirgan.
— Yo‘q, shu qizingni berasan, bukri joyini o‘zimiz to‘g‘rilab olamiz!
Bukrini go‘r to‘g‘rilarmish, deganlari rost bo‘lsa kerak, sho‘rlik kelinning kirmagani bir go‘r bo‘ldi. U yegan tepkilarni egri zarang tayoq yesa, alifdek bo‘lar edi. Bir umr o‘limini kutib yashadi, tezroq o‘lsa-yu, uni shu azoblarga giriftor qilib, o‘zi ham kun ko‘rmay, birinchi farzandini tug‘ayotib o‘lib ketgan singlisining yoqasidan tutsa! “O‘zing o‘lib ketar ekansan, meni o‘tga tashlab nima qilarding?”, desa.
To‘ydan oldin bir kun singlisi gap topib keldi:
— Chuchuk, u dunyoda opa-singillar yuz ko‘rishmas ekan.
— Nega?
— Sababi, bu dunyoda er talashib, yuz ko‘rmas bo‘lgan opa-singillar ko‘p ekan. U dunyoda bir-birimizning yuzimizni ko‘rolmas ekanmiz, bu dunyoda bir-birimizning qadrimizga yetib yuraylik.
Shunday degan odam opasini yonayotgan o‘tga tashlab ketdi. Bunday qilgandan ko‘ra erini tortib olgani yaxshi emasmidi?
Undan bir o‘g‘il qoldi. Ota qizining qilig‘idan qancha orlangan bo‘lsa ham, qizi o‘tib ketgach, kuyovini kechirdi. To‘y-ma’rakalarida nevarasini aytuvsiz qoldirmadi.
Nodira ana shu nevara o‘g‘ilning qizi. Chuchuk momo nevara qizini uzatayotganda, Nodira bobosinikiga mehmonga kelgan edi. Uni ham to‘yga olib borishdi. To‘yga kelgan qizlar ichida ham xushro‘y, ham begona bo‘lgani uchun darrov ko‘zga tashlandi.
— Bu qiz kim, — deb so‘rovchilar ko‘p bo‘ldi.
Hatto Chuchuk momoning choli ham qiziqdi. Kim ekanligini bilgach, qozonning boshida o‘tirgan kenja nevarasini olib kelib, qizni ko‘rsatdi:
— Sen shu qizga uylanasan.
Dunyobexabar qiz dugonalarining davrasida nimalarnidir zavq bilan so‘zlab turardi. Unga qarab yigitning ko‘zlari yonib ketdi:
— Bo‘pti, bobo!
— Faqat bir kechaga! — ko‘zlari pirpirab ketgan nevarasining yelkasiga qo‘lini qo‘ydi. — Mening orim uchun shu ishni qilishing kerak. Keyin oldingisidan o‘n bora katta to‘y qilib, bundan ham go‘zal, bundan ham yosh qiz olib beraman. Mashina seniki, mol-holimni senga qoldiraman.
Bobosi bir zumda bir dunyo narsa va’da qilib tashlagan bo‘lsa-da, yigit shumshayib qoldi.
— Hukumat hozir molga ruxsat berib turibdi. Tilloga ruxsat bersin, men seni tilloga ko‘mib tashlayman.
— E-e, u qiz hali menga tegadimi-yo‘qmi? Olib bermasdan “hayda”, deysiz, — yigit qo‘l siltab ortiga burildi.
— Tegmayam ko‘rsinchi, — bobo uning yelkasiga qoqdi.
To‘y o‘tib, g‘ala-g‘ovur tinchigach, bobosining yoniga katta akasi qo‘shildi. Ultonboy bu akasining yuzidan sira o‘tolmas edi. Chuchuk momo sakkiz farzandini tepki-tayoqning tagida tuqqan bo‘lsa-da, biron bolasi o‘ziga o‘xshash bukri bo‘lib tug‘ilmadi. Nevaralardan ham faqat shu Jo‘rasi... Eng odobli, eng tirishqoq, bilimdon nevara! Maktabda a’lochi o‘quvchi bo‘lsa ham, tengdoshlari “bukri” deb hech kun bermasdi. Ultonboy akasini qanday xo‘rlashganlarini juda ko‘p marta ko‘rgan, ich-ichidan ezilgan edi. Aka hozir katta bir xo‘jalikning raisi, dunyosi mo‘l, qo‘lini qayoqqa uzatsa yetadi. Har yili qaddi-qomatini to‘g‘rilataman, deb olis yurtlarga borib, dunyo-dunyo pul sarflab keladi. Lekin yildan yilga semirib, boshi bilan yelkasini tutashtirib turgan bukri ham ko‘tarilib borayotganga o‘xshar, unga sari negadir o‘zining ham diydasi qotib, gapirganda suhbatdoshini masxara qilayotganday miyig‘idan kulib turadigan odat chiqargandi.
— Shu qizni bir kunga olasan, — dedi aka ham. — Bostirmaning tagida turgan mashina seniki.
O‘shanda o‘zi ham ko‘rmagan momosining muhabbati uchun qurbon bo‘layotgan begunoh qizdan ko‘ra, bostirma tagida turgan mashina qiziqroq ko‘ringan edi unga: “E-e, bunisi bo‘lmasa, boshqasi! Tanlaganingni olib beramiz, deyishayapti-ku!” Ammo, to‘yning ertasi kuni... bobosi bilan akasiga bergan va’dasining ustidan chiqa olmadi. Bobo bilan aka erta tongdan kelin bilan kuyovning eshigi ko‘rinib turadigan supaga o‘tirib olib, zich yopilgan eshikning zarb bilan ochilishi, ichkaridan shovqin-suron eshitilishini kutib o‘tirishardi. Bir mahal eshik ohistagina ochilib, boshiga katta oq ro‘mol tashlab olgan kelin chiqib keldi. Qaynotabobosi bilan qaynog‘asiga salom berib, uxlab qolganidan xijolatlanib, shoshib hovliga suv sepa ketdi. Kuyov kun yoyilgandan keyin ham tashqariga chiqmadi. “Choyga chiqarkansiz”, deb kirgan jiyaniga “Boshim og‘riyapti”, deb javob qaytardi.
Akasining qahri keldi: “E-e! O‘lik!”.
Uch kundan so‘ng mashinaning kalitini olib qo‘yishdi.
Ultonboy ikki o‘t o‘rtasida qoldi: bostirma tagida gijinglagan “tulpor”, go‘shangada suluv kelinchak. Bu qiz suluvgina emas, shabnamdek musaffo va ma’suma edi.
Bobo nevara kelinning salomiga alik ham olmay qo‘ydi. Kelin qurg‘ur bir zamonlar devol suyatib ketgan momosining quyib qo‘yganday o‘zginasi edi. Egovlagani bukri kampir bo‘ldi: “Ketsin, ko‘rgani ko‘zim yo‘q shu kelinni. Ketsin, gap tamom”. Ha, badnom qilisha olmadi, hech bo‘lmasa, ketsin. Dili yaralansin, ozgina bo‘lsa-da, azoblansin. Uning uyida, ko‘z o‘ngida yurmasin!
Aka ham bobo taraf: “Agar shuning momosi er tanlamaganda, men bukri bo‘lib tug‘ilmasdim”, deydi.
Nodiraning boshqorong‘iligi og‘ir o‘tdi. Homilasi egiz ekan. Yosh qiz butunlay o‘zini yo‘qotib qo‘ydi, na o‘ziga, na ikki o‘t orasida hardamxayol bo‘lib yurgan eriga qaray oldi. Er unga yordam berish o‘rniga chaqaloqlarning shovqinidan qochib, yarim tungacha akasinikida televizor ko‘rib o‘tiradigan bo‘ldi. Ukasidagi o‘zgarishni ko‘rib, qahrlanib yurgan aka ham yumshadi, qo‘liga pul berdi. Mashinaning kalitini berdi.
Husani isitmalab yotganda, u bir opaxonining to‘yini qizitib yurgan edi. Kechki payt kasalxonaga kelib, yig‘lab o‘tirgan xotiniga qarab, g‘ijini keldi:
— O‘tirishingni qara. Bugun sen qatori tuqqan Robiyani ko‘rdim, erga tegmagan qizday bo‘lib yuribdi. Sen bo‘lsa, na o‘zingni eplaysan, na bolani.
Bolani saqlab qolisholmadi. Nodiraning javobi berildi: “Bolaga qaray olmay, o‘ldirdi”.
Endi yoti-ib, o‘ylandi. Juda beshafqat, ahmoq bo‘lgan ekanda o‘ziyam.
Nodira ketgach, ikki oydan so‘ng xo‘jalikdan kamomad chiqib, akasi qamalib ketdi. Hamma narsa uni tezroq olib chiqishga sarflandi. Mashina, mol-hol, boboning yashirib yurgan tillolari... Bu xarajatlarning nechog‘li nafi tegdi-tegmadi, aka o‘n bir yil o‘tirdi. Qaytib kelganida bobo ham, momo ham, hatto otasi ham o‘tib ketgan, qattiq asabiy zo‘riqish tufaylimi, barcha tishlari to‘kilib ketgan qoqsuyak onasi bolalari bilan xotiniga qora bo‘lib o‘tirgan edi.
Butun gavdasida faqat bukrisi cho‘nqayib qolgan akaning yodiga bir zamonlar bergan va’dalarini solishning foydasi yo‘q. Juda jizzaki bo‘lib qolgan. Har narsa uchun xotini bilan ukasini urishadi, janjalga bahona izlaydi. Ikkinchi o‘g‘lini uylantirayotganda ukasiga “Sen oshxonaga o‘t, bu xonalarga kelin tushiraman”, dedi. Ikki ukasi uylanib, o‘zi hamon xotinsiz yurgani alamli edi, “Men hech qaerga chiqmayman”, deb turib oldi. Aka-uka oldin gap talashdi, so‘ng yoqalashdi, keyin sudlashdi: uy, hovli, tomorqa ikkiga bo‘lindi. O‘rtada “hay-hay”lab turuvchi onasi ham bo‘lmadi. Ultonboy hovlining bir chetidagi ikki xonali uyda ishsiz, bir qoshiq yovg‘onsiz, yolg‘iz qolib ketdi. Kunduzlari shahar chetidagi rassomchilik ustaxonasiga borib, ularga biron buyurtma tushgan bo‘lsa, yordamlashar, evaziga biroz choychaqali bo‘lib qaytardi. Albatta, bu bilan ro‘zg‘or qilib bo‘lmasdi, kunduzi ko‘cha-ko‘yda biron kosa issiq ovqat yesa, kechqurun qo‘ltig‘iga bitta non qistirib qaytar, bu non kechki taom va nonushta o‘rniga o‘tardi. Agar biron sabab bo‘lib, ko‘chaga chiqa olmay qolsa, shu kun och qolardi.
Bugun daromad uncha yaxshi bo‘lmadi. Oyog‘iga poyabzal, ustiga kiyim-bosh olmoqchi edi. Qo‘lidagi arzimas pulni g‘ijimlab, bozor aylanib yurganda yomg‘ir quyib yubordi. Buyoqda Nodira! Yana yangi mashina olishibdi-da... Shanba kuni kelin tushiradi, deyishayotgan edi...
Ovqat bemaza ekanmi yoki tobi qochibroq turgani uchun yegisi kelmadimi, uyda hech narsa yo‘qligi, yemay turib ketsa, och qolishini o‘ylab, o‘zini zo‘rlab-zo‘rlab yedi. Yomg‘ir to‘xtagach, yo‘lovchi mashinaga o‘tirib, uyiga ketdi. Boshi lo‘qillab og‘rib turgan edi, kechga borib isitmasi ko‘tarildi, uch kun to‘shak bilan bitta bo‘lib yotdi. Xonasining derazasidan akasining oshxonasi ko‘rinib turardi. O‘zlari qo‘l uchida kun ko‘rishsa ham, yangasi bilan kelin oshxonadan chiqishmaydi. O‘ziyam yanga bebaho ayol-da, bir hovuch narsadan ham mazali yegulik tayyorlay oladigan sehrgarning o‘zginasi. Yotganining uchinchi kuni bolalaridan bir lagan xonim kiritib yuboribdi. Yupqagina qilib yoyilgan xamirning ichida turp, ko‘kat, piyozdan boshqa narsa yo‘q, ammo biram mazali, biram mazali ediki, uni yeb, ko‘kragi biroz ko‘tarildi. Essiz, akasiga qarab, go‘zaldan go‘zalroq qiz tanlab yurguncha, uylansa bo‘lar ekan. Onasi sho‘rlikning ham ko‘zi orqasida ketdi. Qorni to‘ygan bo‘lsa-da, ko‘ngli yana to‘rt bo‘lakkina xonim istadi. Shu xohish barobarida o‘g‘lining to‘yi yodiga tushdi. “Darvoqe, bugun yakshanba. To‘y!”. Ajriqqa ag‘anagan itday u yoqqa ag‘anadi, bu yoqqa ag‘anadi, ko‘nglidagi to‘yga borish istagini yenga olmadi. Tuzukroq haq berishganda, biron to‘yona olib borsa, yaxshi bo‘lardi. Ha, mayli, Nodira uning to‘yonasiga zormi? Katta bir firmaning boshqaruvchisi. Dasturxonlarni to‘ldirib tashlagandir...
O‘rnidan turib, qo‘shni ko‘chada yashovchi xolasinikiga o‘tdi. O‘g‘illaridan birontasining kiyim-boshini olib turmoqchi edi. Aksiga olib ularning uyida ham hech kim yo‘q ekan. Uyga qaytib boray desa, ancha yo‘l, uch kunlik isitma sillasini quritgan. “E-e, nima bo‘lsa, bo‘lar” deb, shaharga jo‘nab yubordi. Ammo o‘g‘lining ko‘chasiga burilishi bilan bor jur’atidan ayrildi. Mashinadan tushib, ko‘cha boshidagi keksa tutning soyasiga o‘tdi. Bu yerdan Nodiraning hovlisi aniq-tiniq ko‘rinib turardi. Asalarining uyasiday birov kirib, birov chiqib yotgan darvozaga qarab uzoq turib qoldi. Biron xudojo‘y tanish chiqib qolib, “E, falonchiboy, bu yerda nima qilib turibsiz, yuring to‘yga, ota-bola shunday kunda topishmasanglar, qachon topishasizlar?” deb, yetaklab ketishini orzuladi! Tanishlar o‘tdi, ammo hech kim “Yur, o‘g‘lingning oldiga olib boray”, demadi. Shu topda u o‘g‘lini ham ko‘p o‘ylayotgani yo‘q edi. Noz-ne’matlarga to‘la dasturxonga qo‘yiladigan bir kosa issiqqina yog‘li sho‘rva ko‘z o‘ngidan ketmasdi...

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.