OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jamila Ergasheva. Qaytish azobi (hikoya)

Bir shirin tush ko‘rayotgan edi. Erining iddaoli nuqishidan uyg‘onib ketdi:
— Ha-a?!
— Telefonga...
Butun a’zoyi badani sirqirayotganidan, bir amallab to‘shakdan uzildi. Qaniydi hech kim indamasa... Hech zarurat bo‘lmasa... Bir kecha-kunduz to‘yi-ib uxlasang!
Yelkasini qiyshaytirib xonadan chiqib ketayotgan eriga qarab g‘ijindi: «Hech bo‘lmasa, mana shu so‘loqmonni ko‘rmasang ekan...»
Afsuski, uni qo‘yishmaydi: U juda suluv.
O’zi ham «Meni tinch qo‘yinglar» deb aytolmaydi: Ro‘zg‘or tebratish kerak.
Erining bo‘lsa, boradigan yeri yo‘q. Ko‘zga chiqqan chipqonday yelkasini qiyshaytirib yuraveradi...
Bolalari televizor ko‘rib o‘tirishgan ekan, gapni qisqa qildi:
—Ha, ha, mayli, hozir yetib boraman. 
Telefon go‘shagini joyiga qo‘yayotib, xonada o‘tirganlar uchun ma’lumot bergan bo‘ldi: 
— Qizlar osh qilishayotgan ekan, «kel» deyishdi.
Eri «yarim tunda oshga balo bormi?» demasa ham, birrovgina televizor o‘lgurdan nigohini olib, salgina norozi ko‘z bilan qarab qo‘ysa ham mayli edi.
Bu hatto shuni ham eplay olmaydi. Qizi ham otasining o‘zi! Shuncha kishining ko‘z o‘ngida onasining tani savdoga kirayapti, otasi bir yog‘li luqma ilinjida tomoshabin bo‘lib turibdi. O’n oltiga kirgan qiz ham hech narsani ko‘rmaydiyam, eshitmaydiyam. Fohishalik yo‘liga kirib ketgan bechora ayol haqidagi filmni o‘ninchimi, yigirmanchimi marta ko‘zlari yoshga to‘lib ko‘rayapti.
Kichkina o‘g‘li otasining yonidan turib kelib,etagiga yopishdi:
— Menam boraman!..
Faqat...
Shavkat bezovta tomoq qirdi. O’g‘li o‘tirgan tomonga qarashga uning yuzi bo‘lmadi.
Allaqachon uyqusi uchib ketgan bo‘lsa-da, uzoq yuvindi. Muzdek suv qaerga tegsa, o‘sha yerda og‘riq pasaygandek bo‘lar edi. Qaniydi, ko‘krak qafasini yorib, yuragini chiqarsa-yu, obdon yuvsa...
Amal-taqal qilib kiyindi, pardoz-andoz qilgan bo‘ldi. Onaboshi pardozsiz borishlarini xush ko‘rmaydi. So‘lg‘in yuzlariga upa ustidan qizil surtayotib, malollanadi: «Koshki, o‘sha erkaklarni ularning pardoz-andozi qiziqtirsa...»
Ko‘p o‘tmay u kinoaktrisalardek go‘zal va mag‘rur ayolga aylandi. Toshoynadagi aksiga qarab turib, suyunish o‘rniga, alami oshdi: «Buzoqning yugurgani somonxonagacha. Sening kibru havong onaboshining ostonasigacha!»
Keyin... istasa-istamasa yaltoqlanishi, yoqsa-yoqmasa, aroq, ter hidi anqib turgan allakimlarning oldida jilpanglashi, iloji bo‘lsa, onaboshidan ham yashiriqcha besh-o‘n so‘m pul undirishi lozim.
«Meniyam obketasiz» deb g‘ingshib turgan Sardorni onasi umidini butkul uzdirib eshikka yo‘nalgach, izillab yig‘lay boshladi:
— Menam boraman.
O’zi to‘lib turgan edi. Bolasining xarxashasi, erining bamaylixotir kino ko‘rib o‘tirishi, yana... umuman hamma-hammasi uni vulqonga aylantirib yubordi.
— Hey! Manavini olsang, o‘lasanmi?!
Eri chiqib, poygakda yig‘layotgan Sardorni ko‘tarib oldi.
— Yur, o‘g‘lim, men senga konfet beraman.
«O’g‘lim» emish, uning kimdan ilashganini men bilmayman-u!..
Onaboshi uning kayfiyati yo‘qligini darrov sezdi:
— Ha?
Bu uning «Senga nima bo‘ldi, qizginam?» deb hol so‘ragani emas. «Bu yerga yomon kayfiyat bilan kelishga nima haqqing bor?» degani edi.
Boshqa payt bo‘lganda bu tahdiddan so‘ng, qo‘lidan kelsa-kelmasa, o‘zini tutib olishga harakat qilar edi.
Bu safar... qandaydir hammasiga birdan qo‘l siltagisi kelayotgan edi.
— O’zim!..
Onaboshi unga yeb qo‘yguday bo‘lib bir qaradi-da, so‘ng deraza tomon ishora qildi.
U shundan keyingina deraza yonida ko‘zlari hayratdan kata-katta ochilgan yigitni ko‘rib qoldi. Yigit ko‘rkam va nihoyatda yosh edi, ko‘ngli qanchalar beg‘uborligini qarashlari aytib turardi.
«Bir kamim ona suti og‘zidan ketmagan go‘daklarning ko‘nglini olish edi!»
Eshikdan qanday kibru havo bilan kirgan bo‘lsa, shunday holatda bosh irg‘ib salomlashgan bo‘ldi va onasidan arazlagan qizchadek tumtayib kiraverishdagi eski orom kursiga cho‘kdi.
Onaboshi uning chimirilgan qiyofasiga qarab, imo-ishora bilan yumshata olmasligini anglab yetdi shekilli, oshkora tahdidga o‘tdi:
— Qaerga kelganing esingdan chiqdimi, deyman?
— Xavotirlanmang, hammasi esimda. Ishga keldim. Pul topish uchun, erimni, bolalarimni boqish uchun!..
— Jinni!
Endi onaboshining ham chinakamiga jahli chiqqan, unga ham, mijozdan tushadigan uch-to‘rt so‘m ulushga ham qo‘l siltab, ikkovini ham ko‘chaga haydab yuborgisi keldi. Yana o‘zini bosdi. Tars-turs yurib, oshxonaga o‘tib ketdi.
Rutubat hidi anqib turgan xonada yolg‘iz qolishdi. Hamon deraza yonida ko‘zlari jovdirab turgan go‘dak va u.
U qoshlarini chimirgancha bir muddat yerga tikilib o‘tirdi, so‘ng o‘zidan biron imdod bo‘lmasa, bu yigit tong otguncha ham shu tahlit turaverishini o‘ylab, o‘rnidan turdi-da, amr qildi: 
— Yuring!
Ular zo‘rg‘a qo‘shkarovat sig‘ib turgan yotoqxonaga o‘tishdi.
Umrida derazasi ochib, havosi almashtirilmaydigan xona nihoyatda dim, bunda har bir jihoz kishini o‘zidan itarib, ko‘ngilni xit qilib turardi.
U sumkachasini karovat yonboshidagi o‘rindiqqa qo‘ydida, yopiq turgan darpardalarni yanada zichlab yopdi. So‘ng ko‘ylagining ustidan yelkasiga tashlab olgan jempirini yechdi. Endi... ko‘ylagini yechsa kifoya...
Har nima bo‘lganda ham shu safar ostonada anqayib turgan begona yigitning oldida o‘zicha yechinaverishdan tortindi.
«Ammo, bu yigit nima uchun kelgan o‘zi bu yerga?»
Shahd bilan ikki qadam tashladi-da, yigitning oldiga o‘tib, zarda bilan yelkasini tutdi:
— Ilmagini yeching!
U shu holatda ancha turib qoldi.
Kutganiday na yelkalarida, na bellarida yigitning qo‘llarini his etmadi.
Unga alam qildi:
«Nima, ustimdan kulayaptimi bu tirrancha?»
Shu topda yigitni qog‘ozday mayda-mayda qilib, derazadan pastga otib yuborgisi kelib ketdi.
Shu istak bilan ortiga burilib, jiqqa yoshga to‘lib turgan kata-katta ko‘zlarni ko‘rdi.
— Kerak emas...
U yuz bergan holatni idrok qilib ulgurmasdan yigit yon cho‘ntagidan taxi buzilmagan bir dasta pul chiqarib, uning qo‘llariga tutdi:
— Uzr... — bir zum tin olib, so‘ng qo‘shimcha qildi. — Kiyining, men sizni kuzatib qo‘yaman.
Shahar ko‘chalari osudalik qo‘yniga cho‘mgan. Yulduzlar g‘ujg‘on o‘ynagan osmon yo‘l boshida yer bilan tutashib ketganday, ketaversang halizamon osmonga chiqib oladiganday bo‘lasan.
Suhbatlari ham tundek qaro, tundek sokin kechdi. Uncha-muncha odamning oldida sir bermaydigan kap-katta ayol shu bir parcha bolaga to‘kildi:
— Bolalarning biri poyabzalim teshildi, deb g‘ingshiydi, biri shimim yirtildi, deb yig‘laydi. «Nima qilsak ekan-a?» deya bosh qotirmaydi. Men «Biron nima qilsangiz-chi?» desam: «Nima qilay? El qatori ishlab kelayapman. Bir kamim o‘g‘irlik qilib, qamalib ketishmi?» deydi. Olgan maoshini hisoblasang, o‘zining ust-boshiyu, tomog‘idan ortmaydi. Ishonsangiz, ba’zan uyda nonga pul qolmaydi, qo‘shnidan bir non qarz olib chiqsam, bolalar bilan birga o‘tirib yeydi. Erni, bolalarni qo‘shnining noni bilan boqib bo‘ladimi, keyin manavi yerga kelaman-da, bir dunyo pul topib boraman. Birdaniga uy to‘lib qoladi. Oziq-ovqat, kiyim-bosh. Bular pulni qaerdan topding, demasayam, shu yo‘l bilan topilgan nonni yeyishdan ozgina tortinsa ekan...
— Nega ajrashmaysiz?
— Qaniydi ketsa! Er emas, odam o‘rnida ham ko‘rmay qo‘yganimga ko‘p bo‘ldi. O’zining ham er ekanligi esidan chiqib ketgan bo‘lsa kerak. Bugungiday yarim tunda qo‘ng‘iroqlar bo‘ladi. Kim, qaerga chaqirayotganini yaxshi biladi. Bila turib, uxlab yotgan joyimdan chaqirib keladi. Tentak desang, qoshiqni qulog‘igamas, og‘ziga olib boradi, kechqurun uyni topib keladi. Sog‘ desang...
— O’sha uydan sizni olib chiqib ketsam nima deysiz?
— Qanday qilib?
— Sizga uylanib!
U turgan joyida qotib qoldi. Barmoqlaridan ohistagina tutib, kulimsirab turgan yigitga hayron boqdi! «Bu ustidan kulayaptimi? Yo‘q, hech masxara qilayotganga o‘xshamaydi. Nega unda bunday gap qilayapti?»
— Siz?.. Menga?
— Ha, sizga?
— Axir men sizdan kamida o‘n besh yosh katta bo‘lsam, qolaversa, meni topib olgan joyingiz.
— Siz o‘zingizdan yigirma yosh kichik ayollardan ham suluvsiz. Sizni topib olgan joyni esa ikkalamiz ham xotiradan butkul o‘chirib tashlaymiz.
— Qo‘ying-e!
— Men mutlaqo jiddiy gapirayapman. O’tgan yil xotinim vafot qildi. Yaqinda yil berdik. Uyga uning o‘rniga kimnidir olib kirish vahmidan qo‘rqib, haligi joyga borgan edim... Balki xudo sizni uchratishim uchun meni o‘sha joyga boshlab borgandir. Ishonsangiz, men umrimda bironta ayolga shu qadar mahliyo bo‘lmaganman. Sizni ko‘rib, tilim tanglayimga yopishib qoldi. Onaboshiga aytgan gaplaringizni eshitib, muzlab qoldim. O’sha deraza yonida turib qasam ichdim, «agar rozi bo‘lsa, uylanib boshidan yulduzlar sochaman» dedim.
U bir zum oyoqlari ostidagi yerni yo‘qotib qo‘ydi. Yer emas, sochlari, yelkalariga siypanib-siypanib tushayotgan yulduzlarga to‘la osmon yotar edi poyida yastanib!..
Muyulishdan chiqqan ikki o‘smir bolani ko‘rib, yana yerga qaytdi. Tanidi, Shavkatning o‘rtoqlari edi ular. Bolalar unga qaray-qaray, yo‘lning narigi betiga o‘tib ketdi.
Uning kayfiyati tushib ketdi. O’g‘lining o‘z o‘rtoqlariga qo‘shilmay qo‘yganiga ko‘p bo‘ldi. Ko‘chaga faqat maktabga borib kelish uchun chiqadi. Boshqa payt uyda g‘imirsigani-g‘imirsigan...
Uning bo‘g‘ziga ko‘z yoshlari tiqildi.
— Xayr, omon bo‘ling, — o‘zini har qancha bardam tutishga harakat qilmasin, ovozi titrab ketdi.
— Sizga nima bo‘ldi?
— O’zim...
— Siz yaxshilab o‘ylab ko‘ring, lekin hech qachon o‘zingizni bunchalar oyoqosti qilmang.
U indamay burilib ketdi.
O’sha kecha uxlay olmadi.
Ertasi kuni ham...
Bu behalovatlikni xursandchilik ham deb bo‘lmas edi. 
O’ziga o‘zi sig‘may ketayotgan edi. O’ylab-o‘ylab, yo o‘zimni poezdning tagiga tashlashim kerak, yo hayotimni boshqa yo‘lga solishim kerak, degan fikrga keldi.
Dunyodan-ku, allaqachon to‘ygan, izida yig‘lab, sarson bo‘lib qoladigan bolalari bo‘lmasa, hech ikkilanmay qo‘l siltab ketaverardi.
Bir kuni temir yo‘l yoqasiga ham bordi. Yiqilsa, relsga...
Bo‘yni to‘g‘ri kelishi uchun relsdan bir yarim metr berida turdi. O’qdek uchib o‘tayotgan vagonlarning shamoli ta’sir qildimi, boshi aylanib, ko‘zlari tindi. Yana bir daqiqa shu holatda tursa, hech qanday mardona shahdsiz ham, poezdning oyoqlari ostiga yuztuban yiqilishi aniq edi. Ammo...
Shu choq kutilmaganda:
— Onajon!..— deb chinqirgan ovozni eshitdi. Ovoz Sardorning ovoziga o‘xshadi.
U bir amallab hushini yig‘ib ortiga burildi.
Yo‘lning narigi betida aynan Sardor tengi bola daydi itdan qo‘rqib, onasining oyoqlariga yopishib yig‘lar edi...
Uyga kelib, masalani ko‘ndalang qo‘ydi:
— Yo siz keting, yo men ketay!
Erining rangi uchib ketdi.
— Nega? — bir amallab jur’at topib savol berdi eri.
— Sizni ko‘rgani ko‘zim yo‘q. Iltimos, meni qiynamang.
Er yana ancha vaqt jim qoldi. So‘ng emrandi:
— Axir mendan nima ayb o‘tdi? Erta ketding, kech kelding, qayoqda eding demasam! Ichmasam, yurmasam, urmasam, so‘kmasam.
Erining yalinchoq qiyofasiga qarab g‘ijindi:
— Qaniydi, siz ham odamlarning erlariga o‘xshab... E-e, qo‘ying, sadqai gap sizga, — qo‘l siltadi. — Gapni ko‘paytirmang, keting. Agar bolalar kerak bo‘lsa, marhamat, siz bilan qaysi biri ketishni xohlasa, ketsin. Lekin bilaman, siz ularni eplay olmaysiz. Shuning uchun sizga betashvish, beg‘alva yo‘l — istagan paytda ko‘rishib turish. Ko‘rishib turaverasiz, qarshiligim yo‘q. Faqat mening ko‘zimga ko‘rinmasangiz bo‘ldi.
Er yig‘lab yubordi:
— Gulandom! Guli! Axir men seni yaxshi ko‘raman, nahot shuni ham yuz-xotir qilmasang? Axir odamlar it ham saqlaydi-ku, iting bo‘lay, ostonangdan bir parcha yer bersang kifoya...
— Yo‘q, — o‘rnidan turdi u. O’zi bo‘limligina, bo‘ychan ayol edi. Oyoqlariga yiqilib ho‘ngrab yig‘layotgan erkakning oldida qaddi tog‘dek yuksalib ketganday bo‘ldi. «Ostona ham hayf unga!» — Yo‘q! Eshitayapsanmi, yo‘q! Sen bilan bir havodan nafas olishni ham istamayman.
Sardorini olib onasinikiga ketib qoldi.
U yerdan Burgutali topgan yangi uyga...
— Siz faqat xafa bo‘lmang, — uzr so‘radi u. — Ota-onamga hech tushuntira olmadim. Bo‘lmasa, to‘y-tantana bilan uylanmoqchi edim.
To‘y-ku shart emas. Ammo ota-onangiz qarshi bo‘lsa...
— Men ulardan ham, sizdan ham kecholmayman. Bir kun kelib, bizni tushunishadi va kechirishadi. Bu aniq! Ammo kechirishguncha...
Yo‘g‘onlar cho‘zilib, ingichkalar uzilib ketishini ikkalasi ham yaxshi bilishar edi.
Otaning qo‘li uzun edi, bir harb bilan ikkalasini ham ishdan bo‘shattirib yubordi.
Burgutali otasining ustidan kulgan bo‘ldi:
— Qorni ochsa, go‘sht yegan yalog‘iga qaytib keladi deb o‘ylayapti sodda otam. Axir men odamman-ku, nahot bitta qorin g‘ami meni yo‘limdan qaytarsa?
Gulandom o‘zicha xijolat tortib, tasalli bergan bo‘ldi:
— Anavi bolalarning g‘ing-shingiga uzoq dosh berolmaydi. Ketsa, uyga ko‘chib o‘tamiz. Harqalay, ozmi-ko‘pmi sharoit bor. U uyni men o‘n besh yil navbatda turib olganman. Ish ham topilib qolar.
Haqiqatan ko‘p o‘tmay, qiz «xushxabar» olib keldi:
— Ona, otam ketdi. Onangga ayt, kelib yashayversin, men boshqa kelmayman, dedi.
Uncha-muncha odam o‘zidan o‘n ikki yosh katta fohishaning uyiga borib, eriman deb yashashdan or qilar edi.
Burgutalining ahdi shu qadar qat’iymidi yo Gulandomni shunchalar yaxshi ko‘rib qoldimi, yo o‘tgan ikki oy ichida ancha muncha beti qotdimi, hech ikkilanmay Gulandomning uyiga bordi.
Uy bir etak bola bilan «nima olib keldinglar» deb kutib oldi. Yaxshiyam, yerto‘lada quritilgan non, qora kun uchun asrab qo‘yilgan achchiq-chuchuk, murabbo berkitilgan bankalar bor ekan.
Unda-munda Gulandomning onasi go‘sht, yog‘ yuborib turdi.
Burgutali o‘zini har qancha o‘ktam tutishga urinmasin, qo‘ni-qo‘shnilarning qiziqsinib, achingannamo qarashlari, atay eshittirib tashlanadigan luqmalar, ro‘zg‘oridagi taqchillik uni bukib qo‘ydi.
Otasining gaplari bot-bot yodiga tushadigan bo‘lib qoldi:
— O’g‘lim, hayot sen bilan biz o‘ylagandan ko‘ra ming marta murakkabroq. Oqimga qarshi suzgan odam g‘arq bo‘ladi.
Oqim bo‘ylab suzsa. Hech jon koyitish shart emas, otasining o‘zi uni yelkalariga o‘tirg‘izib, manzilga eltib qo‘yadi.
Bu yoqda Gulandom! Har oqshom bolalarini uyga qoldirib...
O’tgan ikki-uch oy ichida bolalarga ham ancha mehri tushib qolgan edi.
Bolalar o‘rtoqlarining yonida bo‘ynini qisib yurishlari ko‘z oldiga kelsa, xayolan chiqib olgani — keng-mo‘l yelkalardan ohistagina tushib, yana hansiragancha o‘zini oqimga qarshi quloch otishga chog‘lar edi.
Yo‘q, Gulandomni tashlab ketishi mumkin emas. Bu dunyoga kelib, bitta arzirli savob ish qilgan bo‘lsa, uyam shu ayolni botqoqdan tortib olgani bo‘ladi. Shuniyam chala yarim qilib, tashlab ketsa.
Bir ish topila qolsa edi, hammasi o‘riniga tushib ketardi.
Axir, shuncha elu xalq otasiga suyanmasdan, yoki buzuqlik bilan shug‘ullanmasdan ham ishlab, halol rizq bilan bola-chaqa qilib yuribdi-ku! Nahotki bular shuni eplay olishmasa?
Nihoyat, ish ham topildi. Bir do‘stining ikki qavatli xususiy oshxonasiga ta’minotchi bo‘lib ishga o‘tdi.
— Yaxshigina maoshi bor. Yeyish-ichishimizga qarashadi. Agar, xo‘p desangiz, siz uyda o‘tirib, pishiriqlar pishirib berib turasiz.
— Mayli, — uning ko‘z oldiga pishiriqlardan yulib-yulqib qolinadigan tuxum, yog‘, un, shakarlar uyumi kelib ketdi.
U pishiriq tayyorlashni azaldan juda yaxshi ko‘rardi. Ammo hech qachon kun bo‘yi issiq oshxonadan chiqmay, bir xil pishiriq tayyorlab ko‘rmagan edi. Ayniqsa, bergan masallig‘ini har qancha eplab, pishiriqlarga ko‘milib, o‘zi ham terlab-pishib o‘zicha bor mahoratini ishga solmasa, ko‘ngildagidek bir narsa chiqarish amri mahol edi.
O’sha kuni onasi ayttirib yuborgan ekan. Kun bo‘yi tayyorlaydigan pishiriqni tushgacha tayyorladi-da, o‘g‘lidan oshxonaga berib yuborib, o‘zi onasinikiga ketdi. U yerda bir pas o‘tirib, aloqa uyiga o‘tdi. Anchadan beri telefonlari ishlamay yotgan edi, qarzlarini to‘ladi. Yo‘lda bir maktabdosh dugonasini ko‘rib, oyoq ustida bir pas maqtandi.
Ostonada erining poyafzalini ko‘rib, yuragi «shuv» etib ketdi.
U eshikdan kirishi bilan ichkaridan o‘qdek uchib Burgutali chiqdi:
— Qaerda yuribsiz? — nima bo‘lganda ham unga topib ism qo‘yishgan edi. Nigohi o‘ljasini qoyalarga urib, majaqlab yeydigan yovqur jonzotning qarashlaridek o‘tli, beshafqat edi.
U beixtiyor hisob bera boshladi:
— Onamnikiga borgan edim.
— U yerdan chiqib ketganingizga ikki soat bo‘ldi.
— Pochtaga kirdim, telefonga pul to‘lash uchun. So‘ng bir dugonamni uchratib qolib...
— Yolg‘on!..
Nimadir «qars» etdi. Uning hushi boshidan uchib ketdi. Ko‘zlaridan o‘t chiqqanday bo‘ldi. Bir zum muvozanatni yo‘qotdi.
— Seni yana o‘sha islovatxonaning yonida ko‘rishibdi-ku, iflos!
«Ha-ya, dugonasini uchratgan joy...»
Umirida birinchi marta erkak kishidan shapaloq yeyishi edi. Unga alam qilib ketdi. Axir o‘sha iflos joy uyga keladigan yo‘lining ustida bo‘lsa, bu nima qilsin?
Bo‘rining yesayam, yemasayam og‘zi qon ekan-da.
Tomirlarida gupirgan qon miyasiga tepdi: «Ie, bu so‘tak o‘ziga nega buncha erk beradi? Agar osmon uning mulki bo‘lsa, boshi ustidan yig‘ishtirib olsa-olsin, ammo uni bu taxlit xo‘rlamasin!»
Ko‘ngliga kelganlarni aytish uchun lab juftlab, qarshisida uni ayblab turgan beshafqat odamning ko‘zlarida unga nihoyatda aziz bo‘lgan bir mehrni ko‘rib qoldi: qing‘ir yo‘ldan qaytara olmagan bolasini urib qo‘ygan darg‘azab onaning ko‘zlaridagina bo‘ladigan azob, alam qorishiq jonsarak bir mehrni. Uning ko‘zlariga yosh qalqdi.
Erining shapaloq tushirgan qo‘llarini olib, labiga bosdi:
— Rahmat sizga!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.