OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jo‘ra Fozil. Kuyov (hajviya)

Nihoyat, Jamolboyni uylantiradigan bo‘lishdi.
Jamol deganimiz allaqachon yigirma beshni urib qo‘ygan bo‘lishiga qaramay, hamon bo‘ydoq, so‘ppayganicha qishloqdagi to‘y-ma’rakalardan qolmaydigan bir yigit. Kim nima ish buyursa, yo‘q demay bajarib ketaveradi. Kiyimlarini ivitib suv tashish, o‘tin yorish, o‘choq qazish, choy qaynatish kabi ishlar uning zimmasiga yuklanadi. Bog‘ qorovulining boshi og‘rib qolsa, aroq olib kelishga ham Jamol boradi.
Daladagi yumushlarni aytmaysizmi. Brigada boshlig‘i, hisobchi-ku, mayli, kichikroq bo‘lsa ham rahbar odamlar, ammo xotin-qiz tushmagurlar ham uni olib kel, buni topib kel, deb bechorani tinch qo‘yishmaydi. Jamol bundan xafa bo‘lmaydi, bir zum boshini qashlab turadi-da, ishga kirishib ketaveradi. Faqat, bitta qusuri bor — gapga chechan emas. Ayniqsa, yosh juvonlarning tagdor qochirimlariga javob qaytara olmay, kulgiga qoladi.
Bir kuni Jamol egatlarga suvni mildiratib tarab bo‘lgach, shiypon yoniga kelsa, uch-to‘rt kishi traktorning bir joylarini kavlab yotishibdi. Biror yordamim kerakdir, degan xayolda oldilariga yaqinlashib:
— Ha, tinchlikmi? — deb so‘radi-yu qo‘lga tushdi.
— Kel, Jamolboy, — dedi traktorchi jonlanib. — Yordam bermasang bo‘lmaydi.
— Nima bo‘libdi? — hayron bo‘lib so‘radi Jamol.
— Uchquni tugab qolibdi, bir soatdan beri o‘t oldirolmayapman.
— Ie, traktorning ham uchquni tugar ekan-da?
— Tugaganda qandoq, jon uka, mana bu chelakni qo‘lingga olgin-da, g‘izillab borib bazadan uchqun olib kel. Xudo xohlasa, to‘yingda o‘zim g‘alvirda suv tashiyman.
Jamol bazaga borib, qidira-qidira mudir Islom akani topadi. Traktorchining iltimosini aytadi. Mudir unga bir zum tikilib turadi-da, boshini sarak-sarak qilib deydi:
— Menga qara, uka, to‘ying bo‘lyapti, uylansang ota bo‘ladigan yigitsan. Qaysi ahmoq uchqunni chelakka solib beradi, kallang bormi o‘zi?
Mayli, bu gaplar o‘z yo‘liga, ammo Jamolboyning uylanayotgani haqidagi xabar bir zumda butun qishloqqa yoyildi. Salomat buvi boshliq ayollar ko‘rpa qavishdi. Xumor yanga boshliq kelinchaklar kelinni ko‘ndirishdi. Uncha-muncha yigitni oyog‘ining uchida ko‘rsatadigan Zuhra Xumor yangaga shunday deganmish:
— Er qilaman deb ko‘zim uchib turgani yo‘q edi-ya, ha mayli, o‘zingiz kepsiz, sazangiz o‘lmasin. Ammo... Jamol o‘lgurning tili bormi o‘zi, kesilmaganmi?
Shu paytgacha birorta yigitning sovchisini ostonasiga ham yo‘latmagan qizning bu javobidan Xumor yanganing chiroyi ochilib ketdi.
— Baxting ochildi, Jamolboy, qiz bola degani biroz chars bo‘ladi, endi buyog‘iga bo‘shashma, yana chimildiqqa kirganingda, oyog‘ingni kelinga bostirib qo‘yib, bizni sharmanda qilma, — dedi sharaqlab kulib. — Eh, yigit bo‘lganimda bormi...
Qishloq bu gapdan o‘sha kunning o‘zidayoq xabar topdi. Xumor yanga ishtirokidagi biror bir voqea tafsiloti oshkor bo‘lmay qolmasdi-da.
To‘y taraddudi boshlandi. Ammo yanganing bir gapi Jamolboyga tinchlik bermasdi. To‘y kuni Zuhra uning oyog‘ini bosib olsa, nima bo‘lishi mumkin? Bu qanaqa odat o‘zi? Eh, bossa bosibdi-da, shunga shuncha g‘ammi...
To‘y kuni ham yetib keldi. Yangalar Jamolboyga tegishli maslahatlarni berib, asta chimildiqqa kirgizib yuborishdi. Qo‘rqqanga qo‘sha ko‘rinar deganlaridek, o‘zi shundoq ham hayajonini yashira olmay turgan kuyov bola chimildiqqa kirayotib, qalqib ketsa bo‘ladimi? Kelin bola oyog‘ini tappa bosdi! Xonani ayollarning qiy-chuvi bosib ketdi. Xumor yanganing ovozini hovlidagilar ham eshitdi:
— E, bola-chaqaning tagida qolgur, Jamolboy, men senga aytmabmidim...
Jamolboy nima bo‘lganini tushunmay, qalin ko‘rpacha ustiga yaxshilab joylashib olib, mum tishlaganday jim o‘tiraverdi. Kuyovdan sado chiqmagach, kelin tilga kirdi:
— Gapirib o‘tiring bundoq, odam zerikib ketdi...
— E, men nimani gapiray, gapirishni bilmasam, — deya chaynaldi Jamolboy.
— Unda bilganingizni gapiring.
— Bilganimnimi, ha, haligi... men bu yerda band bo‘lib, qo‘ylarga suv berishni unutibman...
Kelin piq etib kulib yubordi. Jamolboy yana bir nima demoqchi edi, go‘shanganing bir cheti ko‘tarilib, Xumor yanganing boshi ko‘rindi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.