OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jo‘ra Fozil. Oq olma (hikoya)

O’tgan asrning 50-yillarida qishloqda hosilotlarning obro‘-e’tibori juda baland edi. Ular ham kolxoz raislariga o‘xshab, ot minib, qo‘llarida qamchi o‘ynatib yurishardi. Keyinchalik, 60-yillarga kelib, negadir “hosilot” so‘zi ham, hosilotning o‘zi ham oradan chiqdi. Qishloq ahli endi “agronom” so‘zini tez-tez takrorlay boshladi. Aksariyat bu so‘z “hosilot” o‘rnida ishlatilayotganini bilishsa-da, uning haqiqiy ma’nosini bilmasdi. Qishloq o‘qituvchisi otam va pedagogika institutining talabasi bo‘lgan akam qo‘ni-qo‘shnilarning bu haqdagi savollariga amal-taqal bilan javob qilishardi.
O’shanda 5-sinfda o‘qirdim, “agronom” deganda juda sirli, kam deganda mashinada yuradigan kishi ko‘z o‘ngimda gavdalanardi.
Tez orada qishlog‘imizga ko‘chib kelib, bizning tashqari hovlimizda oilasi bilan yashay boshlagan “agronom” hamqishloqlarimizning hafsalasini pir qildi.
Agronomning familiyasi Qo‘ziev, ismini hech kim bilmasdi. Hamma unga “o‘rtoq Qo‘ziev” deb murojaat qilardi. U men taxmin qilganimdek mashinada emas, o‘sha paytlar endigina rasm bo‘la boshlagan qop-qora “IJ-49” mototsiklida yurardi.
Qishloq yigitlari uning yap-yangi mototsikliga suqlanib boqishardi. Men mototsiklni qabul qilishim mumkin edi-yu, lekin agronom qurmag‘urning shakl-shamoili ham tasavvur qilganimday emasdi-da. Hamma orziqib kutayotgan agronom barvasta, qoraqosh, jingalak sochli yigit bo‘lsa kerak, deb taxmin qilardim.
Qo‘ziev esa past bo‘yli, miqti, hali o‘ttizga kirmagan esa-da, tepakal. Ustboshi ham juda unchalik emas. Boz ustiga, onam negadir “kelinchak” deb atay boshlagan yigirma besh-yigirma olti yoshlardagi xotini ham qushburun, xunukkina.
Mening nazarimda, sho‘rlik agronomning obro‘sini sal-pal ko‘targan omil – uning Baxtiyor ismli bir yashar o‘g‘ilchasi edi. Baxtiyor oq yuzli, sochlari jingalak, chiroyli bolakay. Uni ota-onasi o‘lib, akasi qaramog‘ida qolgan yetim qiz – Sayyora ko‘tarib yurardi. Sayyora qishloqqa ko‘chib kelgach, bizning sinfda o‘qiy boshladi. U qora duxoba nimcha, qizil baxmal do‘ppi kiyib, qo‘ng‘ir-qora sochlarini mayda o‘rib yuradi. Ko‘hlikkina, faqat, yonoqlari, burni atroflariga sepkil toshgan. Sepkillari o‘ziga yarashadi. Qo‘zievlar xonadonining barcha yumushlarini shu qizcha bajaradi, lekin nuqul yangasidan ta’na-dashnom eshitadi.
Qiz yoshiga yarashmagan hazin qo‘shiqlarni xirgoyi qilib yuradi, ko‘zlari juda g‘amgin. Ota-onadan juda erta ajrab, tog‘alari qo‘lida o‘sgan onam, uning ahvolini yaxshi tushunardilar, chamasi, ba’zan “uf” tortib, “etimning kuni qursin-a”, deb qo‘yardilar. Bunday deyishlarining yana bir sababi, Qo‘zievlar tashqari hovlimizda yashay boshlaganlaridan beri, boyaqish Sayyoraning boshi g‘alvadan chiqmasdi.
Hamqishloqlarimizning e’tibori, mehmondo‘stligidan taltayib ketgan Qo‘ziev tun yarmidan oqqanda mast bo‘lib keladi. Xotinining chaquvi bilan, ro‘zg‘or yumushlaridan qo‘li bo‘shamaydigan singlisini ayamay do‘pposlaydi. Kunda, kunora bu ahvol takrorlanadi. Yetim bechora biznikiga qochib chiqadi, onamning tizzalariga bosh qo‘ygancha, yig‘lay-yig‘lay uxlab qoladi.
Ocharchilik yillari besh farzandni tuproqqa topshirgan onam uning ko‘z yoshlarini artadilar, o‘zlarining ko‘z yoshlari esa quyilib kelaveradi...
Nihoyat, juda sipo, uncha-munchada birovning ishiga aralashishni o‘zlariga ep ko‘rmaydigan otamning ham toqatlari toq bo‘ldi.
O’shanda yarim tunda mast akasidan kaltak yeb, yuz-ko‘zlari ko‘kargan Sayyora yana biznikiga qochib chiqdi.
– Muallimjon, – faryod chekdi u otamning oyoqlariga osilib, – meni qutqaring! Men yetimni qutqaring, bo‘lmasa, akam o‘ldirib qo‘yadilar!
Otam urush yillari och-yupun bolalarga dars berib, bir burda nonlarini bo‘lishib yeb, ularning ko‘z yoshlarini ko‘p ko‘rgan bo‘lsalar-da, baribir bunga ko‘nikolmasdilar. Sayyorani o‘rnidan turg‘azib, boshini siladilar.
– Yig‘lama, qizim, ertaga o‘zim akangning ta’zirini beraman. 
Keyin onamga yuzlandilar: 
– Buning qornini to‘yg‘az, bechora tuz totmaganga o‘xshaydi.
Otamning ovozlari titrab ketdi.
– Muallimjon, – yana uvvos tortdi Sayyora, – hech nima kerak emas, meni akamdan qutqarsangiz bo‘ldi!
– Oh, boshginang toshdan bo‘lgur, nima gunoh qiluvdingki, gumroh akang seni bunchalar qattiq do‘pposladi?
– Baxtiyorjonni ko‘tarib, suvga chiqqandim, sirpanib yiqildim. Ikkalamiz ham ariqqa tushib ketishimizga sal qoldi. Yangam ko‘rib turgan ekanlar, akamga yomonladilar. Baxtiyorjon suvda oqib ketsa, nima bo‘lardi, dedilar...
Shu paytgacha jim o‘tirgan onam gapga aralashdilar:
– Dadasi, o‘zingiz Qo‘ziev bilan gaplashing. U axir, qizni mayib qilib qo‘yadi-ku!
– Bo‘ldi, gap tamom! Ertaga gaplashamiz!
Ertasiga otam haqiqatan ham Qo‘ziev bilan “gaplashdilar”.
U tong saharlab “pat-pat”ini o‘t oldirib, dalaga qochib qolmoqchi edi, darvoza yonida otamga duch keldi. Asta salomlashib, o‘tayotganida, otam rasmiy tarzda “O’rtoq Qo‘ziev, siz bilan gaplashib olishim kerak” dedilar.
– Domla, uzr, shoshib turibman. Hozir tuman firqa qo‘mitasidan vakillar kelishi kerak, – dedi agronom.
– E, ayni muddao ekan-ku! – dedilar otam jonlanib. – Siz bilan vakillar ishtirokida gaplashsak, juda soz bo‘lardi-da!
Qo‘ziev gapning bunday tus olishini kutmagan ekan, shekilli, talmovsirab qoldi.
– Siz o‘qituvchi bo‘lsangiz, vakillarga nima ishingiz bor? – dedi u hadiksirab.
Otam quvlik, g‘irromlikdan juda yiroq odam edilar, shu bois gapning po‘stkallasini aytib qo‘yaqoldilar.
– Vakillar “agronom” deb bizga kimni yuborganlarini bilib qo‘ysalar, yaxshi bo‘lardi!
Qo‘zievning ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketdi.
– Xo‘sh-xo‘sh, qani, ayting-chi, kimni yuborishibdi? – otamga xezlandi agronom.
Otam pinaklarini ham buzmay, dona-dona qilib shunday dedilar:
– Kimni bo‘lardi? Paxta dalasiga qadam bosmaydigan, ertayu kech araq ichib, norasida singlisini o‘lasi qilib do‘pposlaydigan, firqa a’zosi degan nomga mutlaqo noloyiq bir odamni-da!
Nohaqlik va zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz bo‘lgan otam mo‘ljalga bexato urgan edilar. Ko‘zlari qonga to‘lib, xezlanib turgan araqxo‘r agronom ildiziga o‘roq tekkan makkajo‘xoridek shalvirab qoldi.
– Ibi, domlajon, sizga nima bo‘ldi, – dedi u endi yaltoqlanishga o‘tib. Men qachon araq ichibman? Kimni do‘pposlabman? Unday demang-e, axir, ota- onamdan yodgor yolg‘izgina singlimni do‘pposlab, devona bo‘libmanmi? Bu gaplarni vakillar eshitsa, sharmanda bo‘laman-ku!
Qo‘ziev mototsiklni bir chekkaga qo‘yib, otamning atroflarida girdikapalak bo‘lganicha tinmay bidillar, yuz-ko‘zlari, tepakal boshi qizarib ketgan, bu uyatdanmi, kecha ichilgan araq zarbidanmi, bilish mushkul edi.
Otam unga bir muddat tikilib turdilar-da, keyin qo‘llarini jahl bilan siltab, ichkari hovliga kirib ketdilar.
Qo‘ziev darvoza yonida biroz serrayib turdi. So‘ngra menga ko‘zi tushib, mutelarcha tirjaydi. U endi, aftidan, otam vakillar huzuriga bormasliklariga umid qilardi. Mototsiklni darvozadan olib chiqar ekan, ming‘irladi:
– E, bu yog‘i kiziq bo‘ldi-ku! Men axir, Sayyorani tergasam, odam bo‘lsin, po‘zg‘op ishlarini o‘rgansin, deyman-da... A-nima, deding, polvon? – Qo‘ziev yana menga yolborgannamo nigoh tashladi.
Ko‘zlarimni yashirishga majbur bo‘ldim. Basharasi araqdan bujmaygan bu ayanch kimsaning ochiq-oydin yolg‘oni meni benihoya tahqirlardi. Axir, uzzu kun qo‘li kosov, sochi supurgi bo‘lib, po‘zg‘op yumushidan bo‘shamaydigan bechora qiz buning evaziga kechasi akasidan kaltak yesa-yu, bu zo‘ravon kaltakni “singlisini tergash, uning foydasi” deb o‘tirsa? Eh, siz kattalar!.. Nahot, beshinchi sinf o‘quvchisi yolg‘on bilan rostni ajratolmaydi, deb o‘ylasangiz? Axir, bechora Sayyora kaltak zarbidan yuz-ko‘zlari shishib, ko‘karib, bizning uyda bekinib o‘tiribdi-ku!
Qo‘zievga hech nima demay, men ham ichkari hovliga kirdim. Agronom biroz taraddudlanib turgach, “pat-pat”ini o‘t oldirdi-yu, jo‘nab ketdi. Hoynahoy, u dalaga emas, bosh og‘rig‘ini bosish uchun, qishloq magazini qorovulxonasiga ravona bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas.
Otamning po‘pisalari kor qilib, Qo‘zievlar xonadonida ancha vaqt tinchlik hukm surdi.
Agronom huda-behuda araq ichishni bas qildi. Sayyoraning yangasi ham xiyla insofga keldi. Lekin qizning xirgoyilari hamon mahzun, g‘amgin edi. Uning ko‘zlari ich-ichiga botib ketgan, otasi va onasining qabrlari qolib ketgan Zarafshon sohilidagi Zarqishloqni qo‘msab, yum-yum yig‘lardi: 
 
Zarqishlog‘im – zar qishloq, 
Olma-anor mo‘l qishloq.
Zarqishlog‘im – zo‘r qishloq, 
O’zim senga zor, qishloq...
 
Qizcha ba’zi-ba’zida sho‘x qo‘shiqlarni ham aytib qolar, shunda onam bilan uning xonishlarini jon qulog‘imiz bilan tinglardik. Onamning diydalari namlanardi.
Bu orada yoz o‘tib ketib, kuz keldi. Sunbulaning salqin tonglarida bir muddat maktabga qatnaganimizdan so‘ng, paxtaga “safarbar” etildik.
Bir burda qotgan nonni bo‘z etakka o‘rab olgan Sayyora men bilan olis dalalarda paxta terardi. Tabiatan mehnatsevar, tirishqoq qiz hammamizdan ko‘p paxta terar, buning evaziga olgan bir-ikki so‘m pulni ham bir tiyin qoldirmay yangasiga eltib berardi. Bir gal havasi ketib, o‘zi va Baxtiyorjonga deb, magazindan yarim so‘mga teshikkulcha xarid qilgan ekan, yangasidan baloga qoldi. Xayriyat, Qo‘ziev uyda yo‘q edi va bu kichik mojaro onamning yordamlarida imi-jimida bartaraf etildi.
– Ko‘nglingizni keng qiling, kelin, – dedilar onam Qo‘zievning xotiniga. – Yetim bechora bittagina teshikkulcha yeb, qolganini Baxtiyorjoningizga olib kelibdi. Boz ustiga, o‘sha yarim so‘mni o‘zi ishlab topgan-ku!
Har qalay, o‘sha tunda janjal qayta alanga olmadi. Biz zolim yanga murosaga keldi, deb o‘yladik.
Sayyora hovlimizda yashay boshlaganidan buyon yangi kiyim kiyganini eslay olmayman. Qo‘ziev xotiniga har xil kiyimlar, taqinchoqlar olib berar, lekin singlisining mudom yamoq chit ko‘ylak, yirtiq kalish kiyib yurishi bilan sira ishi yo‘q edi. Boyaqish qizchaning boshiga tang‘igani ro‘moli ham yo‘q, onam unga rahmlari kelib, chit durrachalar tikib berardilar.
Teshikkulcha mojarosidan so‘ng, Sayyora olgan pullarini bir tiyin ham qoldirmay, yangasiga eltib beradigan bo‘ldi. Hiyla badnafs yangasi bo‘lsa, do‘kondan go‘sht xarid qilib, hamma dalaga ketgan mahalda tansiq taomlar pishirib yer, bu ovqatlardan sho‘ring qurg‘ur Sayyoraga bir qoshiq ham tegmasdi.
Kuzakning issiq choshgohlaridan birida Uchtut atalmish keng paykalda paxta terardik. Bir vaqt, kajavali yashil mototsiklda cho‘t qo‘ltiqlagan hisobchilar kelib qolib, besh kunlik paxta pulini tarqata boshlashdi.
Sayyora olti so‘m pul oldi, menga esa uch so‘m tegdi. Tushlikka qarab, dala shiyponi juda gavjumlashib qoldi. Bu yerga ko‘chma savdo do‘koni kelgan ekan. Hammamiz o‘sha yoqqa yugurdik. Lekin Sayyora bizga qo‘shilmadi. U bir chekkada mung‘ayib o‘tirganicha, qo‘lidagi bir so‘mliklarni qayta-qayta sanar va yana nimchasi cho‘ntagiga yashirib qo‘yardi.
Oxiri qizcha chidayolmadi, sekin yurib, ko‘chma do‘kon peshtaxtasiga yaqinlashdi.
U uzoq vaqt, aylantirib ko‘rib, tanlab qirmizi rang durracha xarid qildi. Sotuvchiga ikki so‘mu qirq tiyin to‘ladi. U pul sanar ekan, ko‘zlari olazarak, qo‘llari qaltirardi. Qiz bechora xaridining oqibatini o‘ylar, lekin chiroyli qirmizi durracha uning ixtiyorini tamoman olgandi.
Sayyora do‘kondan uzoqlashdi-yu, durrachani darhol peshonasiga dol tang‘ib, menga jilmaydi.
– Yaxshilab qara-chi, yarashibdimi?
– Ha, juda yarashibdi! – dedim uning ko‘nglini ko‘tarib.
Sayyoraning sepkilli yonoqlari yashnab ketdi. U, ehtimol, umrida birinchi marta yangi durracha bog‘lagan edi.
O’sha oqshom Qo‘zievlar xonadoni tomondan dam Baxtiyorjonning xarxashasi eshitilar, dam Sayyoraning shodon xirgoyisi quloqqa chalinardi:
 
Dugona, dugona, dey-o, attorga tegma dey-o,
Attorning noni qursin, o‘lchab beradi, dey-o...
Oqqina olma pishibdi, tagginasiga tushibdi,
Esizgina dugonam, Buxoroga tushibdi...
 
Yana onam ikkimiz qizchaning qo‘ng‘iroqdek tovushiga mahliyo bo‘lib tinglay boshladik.
Qishloq sunbula oqshomining barqutdek muloyim qo‘yniga g‘apq bo‘lgan, kuz ohanglari samoni to‘ldirgan edi.
... Tun yarmidan oqqanda darvoza tomonda “pat-pat” tovushi eshitildi, so‘ngra tashqi hovli supasida gandiraklagan Qo‘ziev ko‘rindi.
Oradan bir choynak choy qaynagunchalik vaqt o‘tgach, Sayyoraning ayanchli nolasi quloqqa chalindi.
Men hech nima gunoh qilganim yo‘q, akajon! Faqat, paxta pulimga bittagina durracha...
So‘ngra uning ovozini yangasining chinqiroq tovushi bosib ketdi.
– Hech nima qilmagan emish! Juvonmarg bo‘lgur, yetimcha! Siz buning ashulalariga quloq tutib ko‘ring! Men uyalib, yerga kirgim keladi! “Esizgina, dugonam, Buxoroga tushibdi” emish.
Bu kishi Buxoroga kelin bo‘lmoqchi, aftidan!.. Kelin bo‘lmay, qirchiningdan qiyilgur!..
Men Qo‘ziev yana Sayyorani do‘pposlasa kerak, deb yuragimni hovuchlab turardim.
Yo‘q, xayriyatki, Qo‘zievlar xonadonida to‘s-to‘polon bo‘lmadi. Aftidan, agronom qattiq mast, birovni do‘pposlashga madori yo‘q edi. Xotini ham Sayyorani qarg‘ay-qarg‘ay, jimib qoldi.
Shu tahlikali oqshomdan so‘ng Sayyora butunlay o‘zgarib ketdi. U hamon g‘ayrat bilan paxta terib, uy yumushlarini bajarishda qo‘li-qo‘liga tegmasa-da, endi sira qo‘shiq aytmay qo‘ygandi.
Kunlardan birining oqshom mahali, ko‘kda Oy ko‘ringanda paxtazordan qaytar ekanmiz, Sayyora menga shivirlagannamo so‘z qotdi.
– Jamoljon, sen Zarqishloqni ko‘rmagansan-a?
– Yo‘q, ko‘rmaganman. Nima edi?
– Hech nima. O’zim, shundoq so‘radim-da. Lekin Zarqishloq juda zo‘r qishloq. Bu yerdan yetmish chaqirim olisda. Zarafshon sohilida joylashgan. Hamma yoq olmazor, shaftolizor... U yerda tog‘alarim yashaydi... Otam va onamning qabrlari ham o‘sha yerda... – qizning ovozi titrar, bu titroq anduh, nadomatga to‘la edi. Tomog‘imga achchiq bir nima tiqilar, Sayyoraga nima deyishimni bilmasdim.
Endigina ko‘tarilayotgan Oyning xira nuri atrofini sal-pal yoritar, changi osmonga o‘rlayotgan qishloq yo‘li terimchiyu ko‘makchi, o‘quvchilar bilan to‘la, g‘ala-g‘ovur avjida, bizning mahzun suhbatimizga hech kim e’tibor bermasdi. Lekin men suhbatdoshimning yuragi alamdan tilka-pora bo‘layotganini sezib turardim. Sezib turardim-u, uni qanday yupatishni bilmasdim.
Sekin-asta, chang yutganimizcha qishloq tomon odimlar ekanmiz, Sayyora chuqur “uf” tortib, shunday dedi:
– Kun kelib, men agar Zarqishloqqa ketib qolsam, yangamning so‘zlariga ishonma. Yomon qiz emasligimni o‘zing bilasan-ku! Shunday emasmi?
– Shunday, – dedim o‘zimni zo‘rg‘a qo‘lga olib.
Qizning ovozi rozi-rizolik, mahkumlik ohanglari bilan to‘la, bu yuragimni yorib yuborgudek edi.
 
* * *

Sunbula oxirlayozgan salqin saharlarning birida qishloq bo‘ylab dahshatli xabar tarqadi. Akasining uyidan qochib, Zarqishloqqa bormoqchi bo‘lgan Sayyoraning pajmurda jasadini Zarafshon qishloq yaqinida sohilga chiqarib tashlabdi...
Men bu xabar dahshatidan dong qotdim, onam o‘ksib, ko‘z yoshi qildilar.
Qo‘zievlar xonadoniga hech kim yaqinlashmas, ular ham gung-soqovdek jim edilar.
Nima qilishni bilmasdim. “Yomon qiz emasligimni o‘zing bilasan-ku!” degan iltijolari quloqlarim ostida qayta-qayta aks sado berar, ko‘z yoshlarimni tiya olmasdim.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.