OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jo‘ra Fozil. Yo’lbarsdaraning so’nggi sultoni (hikoya)

Amudaryo mast tuyaga o‘xshab pishqirganicha, qirg‘oqlariga asabiy bosh urar, sohildan o‘pirilib tushayotgan tog‘dek tuproq uyumlarini bir zumda yamlab yutardi. 
Tikka kelgan saraton quyoshi ayovsiz qizdirar, bo‘tana to‘lqinlar yelkasida ildizi bilan qo‘porilgan dov-daraxtlar oqib kelar, bu ayovsiz to‘fon uzra zor qaqshayotgan qirg‘ovullar polaponlarini saqlab qolish uchun suvga to‘sh urib uchishar, ularning ayanchli nolasiga toqat qilish qiyin edi. Daryo o‘zi "shox tashlagan" joyidagi to‘qayzorni domiga tortib ulgurgan, suv yuzasida son-sanoqsiz qush uyalari suzib yurar, sohilda g‘aflat uyqusida qolgan jonivorlar ham och to‘lqinlar qo‘lida o‘yinchoqqa aylanishgandi.
Tik qirg‘oqda turib, daryodagi qiyomat-qoyimni tomosha qilayotgan yo‘l-yo‘l jonivor o‘sha, jahonga mashhur Amudaryo yo‘lbarslari sulolasining so‘nggi vakili edi.
Erta tongda, hali daryo sathi ko‘tarilmay, u Yo‘lbarsdarani tark etgandi. Qandaydir ichki bir tuyg‘u uni shunga majbur etdi. Daryo allanechuk notinch, bezovta, g‘ayritabiiy bir guvillash samoni to‘ldirgan, to‘qay shovullashi qo‘rqinchli edi.
Yo‘lbarsdara sultoni o‘zi uchun qadrdon go‘shani sira tark etgisi kelmas, lekin unga Olloh tomonidan ato etilgan ichki bir sezgirlik bo‘yniga sirtmoq solib, tik qirg‘oq tomonga sudrardi.
Ha, u endi to‘qayzorlarga sig‘may qolgandi. U yolg‘iz edi, bu yolg‘izlik tobora ezar, dunyodan umid uzishga majbur etardi. O’zi tug‘ilib o‘sgan maskanga sig‘may qolgani uchun u odamzotni ayblashga ming karra haqli edi-yu lekin bunday qilolmasdi. Chunki Olloh unga ayblash qobiliyatini bermagan, bu "qobiliyat" to‘lig‘icha uni sarson-sargardonlikka mahkum etayotganlar ixtiyorida edi. Va ular "tabiat muhofazasi" deya bong urib, qop-qop safsatalar sotib, yer yuzidagi jamiki jonzotlarga qiron keltirishda davom etardilar.
Amu sohilidagi betakror to‘qayzorlarning bir qismi suv toshqini qurboniga aylangan bo‘lsa, aksariyati odamlar qo‘li bilan gumdon qilindi.
Inson yangi yerlarni o‘zlashtirish shiori ostida ming yillik bokira to‘qaylarga o‘t qo‘ydi, sohildagi jamiki jonzotlar qirildi, sarson-sargardon bo‘ldi. Sohilning ko‘rki hisoblanmish Amudaryo yo‘lbarslari ham sekin-asta qirilib, "Qizil kitob" sahifalaridan joy oldilar.
Suv toshqinigacha odamlar qo‘lidan zo‘rg‘a omon qolgan Yo‘lbarsdara to‘qayzori so‘nggi yo‘lbarsning so‘nggi ilinji, u qo‘nim topib, baholi qudrat umrbasar etgan so‘nggi manzil edi. So‘nggi manzil avvalgiday to‘kin-sochin bo‘lmasada, har qalay, amallab qorin to‘ydirish mumkin edi. To‘g‘ri, bir-yarim quyonlar, tobora kamayib borayotgan xongullar bilan tirikchilik qilish mushkul. Lekin, o‘z qadrdon go‘shasiga nima yetsin? So‘lim sohil, toza havo, muzdek suv...
Bular hali choshgohgacha bor narsalar edi. Endi esa hammasini daryo to‘lqinlari yutib yubordi. Sal imillasa, yo‘lbarsning o‘zi ham nahanglarga yem bo‘lardi.
Amudaryo nahanglari... Ular naqadar ochofat ekanini u juda yaxshi biladi.
Uzoq yili u jufti bilan xongulning totli go‘shtiga to‘yib olgach, sohilda erinibgina sayr etardi.
Mayin shabada esar, daryo sokin edi. Birdan suv shalopladi va ulkan nahang uning juftiga og‘iz solib, to‘lqinlar qa’riga sho‘ng‘idi. U turgan yerida qotib qoldi. 
Juftidan ayrilgan bechora yo‘lbars qumloq sohilda sar-sari kezib, loyqa to‘lqinlarga tikilar, bir vaqtlar vahshatli chaqnab turadigan ko‘zlaridan mildir-mildir yosh oqardi.
U faqat juftidan emas, balki serviqor, mag‘rur avlod-ajdodlarining barchasidan bir yo‘la ajralganini anglamoqda, o‘zi ham "halokat" deb atalmish tubsiz jarlik tomon tobora yaqinlashib borardi. U endi bir vaqtlar na’rasidan sohil larzaga kelgan sultonga sira o‘xshamasdi. U o‘zining xos mulozimlari — qoraquloqlarni eslardi. Ular ham qirilib bitdi. Bir qarashda mushukka o‘xshab ketadigan bu jonivorlar Amudaryo yo‘lbarslarining beminnat dastyorlari edi.
To‘qay sultoni o‘z mulkining qaysi go‘shasiga bormasin, qoraquloq uning kelishidan sal oldin o‘sha yerda hoziru nozir bo‘lar, qattiq ayuhannos solib, chor-atrofdagi jonzotlarni hukmdor tashrifidan ogoh etardi.
Yo‘lbarslar va qoraquloqlar o‘zaro og‘iz-burun o‘pishmasalarda, bir-birlarini to‘ldirib turishardi. Yo‘lbars bor yerda qoraquloq bo‘lishini, qoraquloq kelgan yerga albatta yo‘lbars ham kelishini odamlar ham, jonzotlar ham yaxshi bilishardi.
Sohil ranglar xilma-xilligidan jilolanar, suvga bosh eggan qoratol, turang‘alar shamolda asta-sekin chayqalar, yo‘lbars esa juftining o‘ziga tanish, qadrdon hidini izlab, qirg‘oq, to‘qayning eng olis go‘shalariga borib kelardi.
Suv yuzasidan esayotgan namchil shamol uning dumog‘iga baliq va qirg‘ovullar, o‘t-o‘lanlar hidini olib kelardi.
Alamzada jonivor faqat o‘sha tanish bo‘yni emas, balki juftining qotilini ham izlar, vujudi intiqom o‘ti bilan yonardi.
Tunu kun oqib yotgan daryo o‘z bag‘rida yana qanday sir-sinoatlarni yashirganini bilolmagan yo‘lbars hamon telba to‘lqinlardan ko‘z uzmasdi.
Nihoyat, kunlarning birida, oftob botar mahali unga omad kulib boqqandek bo‘ldi. G’aflat bosgan nahang qirg‘oqqa yaqinlashib keldi. Ko‘zlarini yog‘ tutgan qotil qamishlar orasida pusib yotgan yo‘lbarsni ko‘rolmas, shu topda o‘zi ham mahkum ekanini bilmasdi.
Hamlaga shaylangan yo‘lbars sohilga yaqinlashayotgan nahang aynan o‘sha qotil ekanini qanday anglagani yolg‘iz Ollohgagina ma’lum.
Kamon tarang tortilgan, yo‘lbars uchishga shaylangan o‘qdek bo‘lib turardi. 
Botayotgan quyosh nurlari daryo yuzini alvon rangga bo‘yagan, og‘zini katta ochayotgan nahang o‘lja izlardi.
Qamishlar bilinar-bilinmas shitirladi va xuddi shu asnoda yo‘lbars bir sapchib suvga tushdi-da, nahangning semiz tanasidan "g‘archcha" tishlab, qumloq sohilga sudrab chiqdi.
Yo‘lbars nahangni burda-burda qilib tashladi. Uning bahaybat qornidan juftining iriy boshlagan yo‘l-yo‘l tanasi chiqdi.
Yo‘lbars ko‘ngli juda behuzur bo‘lib, nahang murdasidan nari ketdi.
Endi uning ko‘zlarida ilojsizlik yoshlari emas, yana o‘sha to‘qay sultoniga xos viqor, qahr uchqunlari porlardi...

* * *

Daryo hamon pishqirar, Yo‘lbarsdara to‘qayidan endi nom-nishon ham qolmagandi.
Yo‘lbars o‘zining so‘nggi soatlari yaqinlashayotganini tobora aniq his etardi. U sohildan xiyla uzoqlashib ketgan, Qizilqumning tandirday qizigan barxanlari aro sarson-sargardon edi.
Yo‘lbars jazirama sahroda nimjon va nochor mushuk holatiga tushib qolgandi. U qaynoq qumlar orasida qanday ov qilishni, suv topishni bilmasdi.
Yo‘lbars yo‘lda uchragan bir-yarim quyonlarni quvib yetolmadi, holdan toygan edi. Yumronqoziq va yana allaqanday g‘imirlagan jonzotlarni yegisi kelmadi. U axir, sulton edi, sultonligicha qolmoqchi bo‘ldi.
Shu taxlit sahroda bir-necha kun och-nahor, suvsiz tentiradi. Nihoyat, kunlarning birida, oftob Mag‘rib tomon og‘a boshlagach, baliq sirtiga monand barxan tepasiga zo‘r-bazo‘r emaklab chiqdi.
Shu ko‘yi ko‘zlarini yumganicha qancha yotganini bilmaydi. Bir mahal, quyosh tafti pasaygandek bo‘lib, issiq shamol esdi.
U o‘ylashga qodir emasdi, lekin ko‘nglidan qandaydir ayqash-uyqash fikrlar kechgandek bo‘ldi. Jufti Amudaryo nahangining qurboni edi, o‘zi esa cheksiz-chegarasiz qum ummonida yo‘qlik, yo‘qsizlik nahangiga yem bo‘layapti...
U qovoqlarini zo‘r-bazo‘r ochib, ufqqa tikildi, quyoshning so‘nggi nurlari aro sim-sim oqib yotgan daryo nuqradek yarqirab, ko‘zlarini qamashtirdi.
Yo‘lbarsdaraning so‘nggi sultoni so‘nggi kuchlari tanasini tark etayotganini sezib, yana ko‘zlarini yumdi. Lekin mo‘‘jizani qarangki, ko‘zlari yumuq bo‘lsada, daryoni, to‘qayni aniq-ravshan ko‘rmoqda edi!
Daryo avval och-ko‘k, so‘ngra qirmizi tus oldi. So‘lim sohil hamon uning ko‘z o‘ngida jilvalanardi. Yo‘lbars og‘ir bir kuchanish bilan o‘rnidan qo‘zg‘almoqchi edi, bo‘lmadi, boshi "shilq" etib qaynoq qumga tushdi. Uning to‘qayga qaragan, to‘qayga intilgan ko‘zlari endi manguga yumilgan edi...

* * *

To‘qaybegi toshqin oqibatida o‘z makonidan ajrab, sahroda sarson yurgan yo‘lbarsning hamma qiliqlarini bilar, izini ham yaxshi tanirdi. U yo‘lbarsning izini olib, barxan tepasiga chiqqanida jonivorning tanasi soviy boshlagan edi.
To‘qaybegi chuqur xo‘rsinib, issiq qumga cho‘kkaladi, yo‘lbarsning yo‘l-yo‘l tanasi, yumuq ko‘zlariga uzoq tikildi, yana xo‘rsindi.
— Eh, jonivor, to‘qayning ko‘rki eding-a. Endi esa Yo‘lbarsdaraning ham, sening ham faqat noming qoldi...
Nachora, sendan ajoyib bir tulum yasaymiz, avlodlar Yo‘lbarsdaraning so‘nggi sultonini ko‘rib qo‘ysinlar, Amudaryoning ana shunday yo‘lbarslari bo‘lganini bilib qo‘ysinlar!...
1989 yil.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.